OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
NAQD PUL TUShUMI KELIB TUShIShINING XRONOMETRAJINI OʻTKAZISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 21-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1788-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 6-martdagi 2019-13, 300-V-5-sonli “Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1788-5, 03.04.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil, 52-son, (II)) 71-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, 9-son, 232-modda) va “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, 12-son, 247-modda) qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 10-martdagi 2008-16-son, 300-V-son qarori (roʻyxat raqami 1788, 2008-yil 9-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 14-15-son, 112-modda) bilan tasdiqlangan Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 15-iyun,
2010-22-son
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2010-yil 15-iyun,
18/13-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 15-iyundagi 2010-22, 18/13-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 5-bandning ikkinchi jumlasi chiqarib tashlansin.
2. 13-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“13. Davlat soliq xizmati organi masʼul xodimi oʻtkazilayotgan xronometraj tadbiri jarayonida fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasi bilan jihozlanganligini koʻzdan kechiradi”.
3. 15-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“15. Xronometraj oʻtkazilayotgan soliq toʻlovchining xaridor (isteʼmolchi)lar bilan hisob-kitob qilishda fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasi va hisob-kitob terminallaridan toʻliq foydalanishi yoki kvitansiyalar, cheklar va boshqa unga tenglashtirilgan hujjatlarning toʻliq toʻldirilishi yuzasidan kuzatuv oʻtkazilib, kunlik tushumlar qayd qilib boriladi”.
4. 16-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Xronometraj oʻtkazilayotgan soliq toʻlovchining ishi yakunida davlat soliq xizmati organining masʼul xodimi amaldagi kunlik naqd pul tushumlari boʻyicha ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq maʼlumotnomani tayyorlaydi va ushbu Nizomning 2-ilovasida keltirilgan shakldagi jadvalni toʻldiradi hamda ularning koʻchirma nusxalarini xronometraj oʻtkazilayotgan soliq toʻlovchiga taqdim etadi. Davlat soliq xizmati organining masʼul xodimi oʻtkazilgan xronometraj natijalarini ushbu Nizomning 3-ilovasida keltirilgan shakldagi kitobga kiritadi”.
6. IV-boʻlim oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
7. 1-ilovadagi “Inkassatsiya shartnomasi” satri chiqarib tashlansin.
8. 2-ilovadagi “Naqd pul tushumi boʻyicha oylik belgilangan topshiriq (ming soʻm)” ustuni chiqarib tashlansin.
9. 3-ilovadagi “Tekshirish oʻtkazish uchun davlat soliq xizmati organi boshligʻiga kiritilgan bildirishnoma sanasi” ustuni chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 250-modda)