Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA VAQTINCHA JOYLASHTIRILGAN QIRGʻIZISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARIGA INSONPARVARLIK YORDAMI KOʻRSATGAN RESPUBLIKA TASHKILOTLARIGA SOLIQ IMTIYOZLARI BERISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-iyundagi 402-f-son farmoyishiga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha joylashtirilgan Qirgʻiziston Respublikasi fuqarolariga insonparvarlik yordami koʻrsatgan respublika tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat zaxirasidan tovar-moddiy boyliklarni bepul ajratish bilan bir qatorda 2010-yilning iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha joylashtirilgan Qirgʻiziston Respublikasi fuqarolariga respublika tashkilotlari tomonidan bepul tovarlar berish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va ixtiyoriy xayriyalar tarzida 10,0 mlrd soʻm miqdorida insonparvarlik yordami koʻrsatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, 2010-yilning iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha joylashtirilgan Qirgʻiziston Respublikasi fuqarolariga insonparvarlik yordami koʻrsatgan respublika tashkilotlari foyda soligʻi va yagona soliq toʻlovi boʻyicha soliq solinadigan bazani ular tomonidan insonparvarlik yordami sifatida berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar va ixtiyoriy xayriyalar qiymatiga kamaytirishga haqlidir.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
Andijon, Fargʻona Namangan viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda koʻrsatib oʻtilgan soliq imtiyozini olish huquqiga ega boʻlgan tashkilotlar roʻyxatini, shuningdek ularning soliq solinadigan bazasini kamaytirish miqdorlarini aniqlashtirsin;
berilayotgan soliq imtiyozi toʻgʻri qoʻllanilishi yuzasidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 7-iyul,
140-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 26-27-son, 214-modda)