Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASIDA TOShKENT ShAHRI MADANIYATI KUNLARINI OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqlarining qardoshlarcha doʻstligini yanada mustahkamlash, milliy madaniyatlarining bir-birini oʻzaro boyitishi jarayonini chuqurlashtirish, Toshkent shahri madaniyati va sanʼati yutuqlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasida keng targʻib qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashining Qoraqalpogʻistonda Toshkent shahri madaniyati kunlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanib, 1993-yil noyabr oyining ikkinchi yarmida oʻtkazilsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasida Toshkent shahri madaniyati kunlari ishtirokchilarining soni 150 kishidan iborat qilib belgilansin.
3. Toshkent shahar hokimligi (A. Fozilbekov)ga Qoraqalpogʻiston Respublikasida Toshkent shahri madaniyati kunlarini oʻtkazish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni koʻrish topshirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi va “Sharq” nashriyot-matbaa konserni zarur bosma materiallarni chop etishni taʼminlasinlar.
5. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, Oʻrta Osiyo Temir yoʻl boshqarmasi madaniyat kunlari qatnashchilarining Qoraqalpogʻiston Respublikasiga borishi va kelishi bilan bogʻliq masalalarni chop etsinlar.
6. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Davlat teleradiokompaniyasi, gazetalar tahririyatlariga Toshkent shahri madaniyati kunlarini tayyorlash va oʻtkazish jarayonini keng yoritish tavsiya etilsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasida Toshkent shahri madaniyati kunlarini oʻtkazish munosabati bilan sarflangan mablagʻlar taqdim etilgan sarf-xarajatlar roʻyxatiga binoan Toshkent shahri mahalliy budjeti va Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti hisobidan qoplansin.
8. Mazkur qarorni bajarish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M. Qoraboyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi R. Yoʻldoshev va Toshkent shahar hokimi A. Fozilbekov oʻrtoqlar zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 8-oktabr,
489-son