Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“EL” XALQARO UYuShMASI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Toshkent ishbilarmonlar uchrashuvining oʻtkazilishi natijasida Oʻzbekiston bilan xorijiy jamoat va ishbilarmonlar doiralari, firmalar, banklar, korporatsiyalarning vakillari bilan, shu jumladan, vatandoshlar va ularning chet ellardagi milliy jamoat tashkilotlari bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun keng yoʻl ochildi.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazifalari Oʻzbekiston bilan chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar oʻrtasida maorif, madaniyat, sanʼat, adabiyot, turizm sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, qoʻshma korxonalar barpo etishdan iborat boʻlgan “El” xalqaro uyushmasini roʻyxatdan oʻtkazish haqida OʻzSSJ Adliya vazirligining 1991-yil 17-iyuldagi 21-son qarori maʼqullansin.
2. Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasi va OʻzSSJ Savdo vazirligi uyushmani joylashtirish va unga bozor fondidan avtomashinalar (“GAZ-24” va “VAZ-21063”) hamda mebel ajratishda yordam bersinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 31-iyul,
201-son