Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
ELEKTRON HUJJAT AYLANISHI TOʻGʻRISIDA
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi elektron hujjat aylanishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Elektron hujjat aylanishi sohasidagi davlat siyosati
Elektron hujjat aylanishi sohasidagi davlat siyosati elektron hujjat aylanishi keng qoʻllanilishini taʼminlashga, elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, elektron hujjatdan foydalanish standartlari, normalari va qoidalarini ishlab chiqishga qaratilgan.
4-modda. Elektron hujjat aylanishi
Elektron hujjat aylanishi elektron hujjatlarni axborot tizimi orqali joʻnatish va qabul qilib olish jarayonlari yigʻindisidan iborat boʻladi.
Elektron hujjat aylanishidan bitimlar tuzish (shu jumladan shartnomalar tuzish), hisob-kitoblarni, rasmiy va norasmiy yozishmalarni amalga oshirish hamda boshqa axborotni uzatishda foydalanish mumkin.
5-modda. Elektron hujjat
Elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega boʻlgan axborot elektron hujjatdir.
Elektron hujjat texnika vositalaridan va axborot tizimlari xizmatlaridan hamda axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda yaratiladi, ishlov beriladi va saqlanadi.
Elektron hujjat elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining mazkur hujjatni idrok etish imkoniyatini inobatga olgan holda yaratilishi kerak.
6-modda. Elektron hujjatning rekvizitlari
Elektron hujjatning majburiy rekvizitlari quyidagilardan iborat:
elektron raqamli imzo;
elektron hujjatni joʻnatuvchi yuridik shaxsning nomi yoki elektron hujjatni joʻnatuvchi jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
elektron hujjatni joʻnatuvchining pochta va elektron manzili;
hujjat yaratilgan sana.
Qonun hujjatlarida yoki elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining kelishuvi bilan elektron hujjatning boshqa rekvizitlari ham belgilanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Elektron hujjatning yuridik kuchi
Elektron hujjat qogʻoz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega boʻladi.
8-modda. Elektron hujjatning asl nusxasi
Elektron hujjatning bir xil har qaysi aynan nusxasi, basharti u belgilangan tartibda haqiqiy deb tasdiqlangan boʻlsa, asl nusxadir.
9-modda. Elektron hujjatning qogʻoz nusxasi
Elektron hujjatning qogʻoz nusxasi boʻlishi mumkin.
Elektron hujjatning qogʻoz nusxasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi va saqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Elektron hujjat aylanishining ishtirokchilari
Elektron hujjatni joʻnatuvchi va elektron hujjatni qabul qilib oluvchi elektron hujjat aylanishining ishtirokchilaridir.
Elektron hujjat aylanishida axborot vositachilari ham ishtirok etishlari mumkin.
11-modda. Elektron hujjatni joʻnatuvchi
Elektron hujjat rekvizitlarida nomi koʻrsatilgan hamda elektron hujjatni qabul qilib oluvchiga elektron hujjatni joʻnatayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs elektron hujjatni joʻnatuvchidir.
12-modda. Elektron hujjatni qabul qilib oluvchi
Elektron hujjatni joʻnatuvchi tomonidan elektron hujjat qaysi yuridik yoki jismoniy shaxsga yoʻllangan boʻlsa, shu shaxs elektron hujjatni qabul qilib oluvchidir.
13-modda. Axborot vositachisi
Elektron hujjat aylanishi bilan bogʻliq xizmatlarni shartnoma asosida koʻrsatuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs axborot vositachisidir.
Axborot vositachisi, agar elektron hujjat aylanishining ishtirokchilari bilan tuzilgan shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron hujjatlar mazmunini yoki ulardan foydalanish tartibini oʻzgartirishga haqli emas.
14-modda. Elektron hujjatni joʻnatish
Elektron hujjat, agar u bevosita elektron hujjatni joʻnatuvchi yoki uning axborot vositachisi tomonidan joʻnatilgan boʻlsa, joʻnatilgan deb hisoblanadi.
Agar qonun hujjatlarida yoki taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron hujjatni joʻnatuvchi tomonidan uning bekor qilinishi mumkin boʻlmagan joʻnatilish vaqti elektron hujjatni joʻnatish vaqti deb hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Elektron hujjatni qabul qilib olish
Agar qonun hujjatlarida yoki taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa:
Keyingi tahrirga qarang.
elektron hujjatni qabul qilib oluvchi tomonidan koʻrsatilgan axborot tizimi orqali elektron manzil boʻyicha elektron hujjat kelib tushgan vaqt elektron hujjat qabul qilib olingan vaqt deb hisoblanadi;
elektron hujjat, agar elektron hujjatning qabul qilib olinishini taʼminlagan axborot tizimi hatto boshqa yerda joylashgan boʻlsa ham, elektron hujjatni qabul qilib oluvchi turgan joyda qabul qilib olingan deb hisoblanadi.
16-modda. Elektron hujjatlarni saqlash
Elektron hujjatlar elektron hujjat aylanishi ishtirokchilari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Elektron hujjatlarni saqlash chogʻida ulardan erkin foydalanish va ularning qogʻoz nusxalarini taqdim etish imkoniyati taʼminlanishi lozim.
Elektron hujjatni saqlash muddati, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shunga oʻxshash maqsadga moʻljallangan qogʻoz hujjat uchun belgilangan muddatdan kam boʻlmasligi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Elektron hujjat aylanishida elektron hujjatlarni muhofaza qilish
Elektron hujjat aylanishida elektron hujjatlarni muhofaza qilish elektron hujjat aylanishining ishtirokchilariga yoki boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Nizolarni hal etish
Elektron hujjat aylanishi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 29-aprel,
611-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 20-son, 230-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)