Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
CHAKANA NARXLAR ISLOHOTI MUNOSABATI BILAN TALABALAR VA OʻQUVCHI YOSHLAR UCHUN IMTIYOZLI UMUMIY OVQATLANISHNI JORIY ETISH HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Chakana narxlar islohoti natijasida umumiy ovqatlanish qiymatining ancha oshganligi tufayli talabalar va oʻquvchi yoshlarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston SSJ hududida 1991-yil 8-apreldan boshlab oliy oʻquv yurtlari talabalarining, davlat taʼminotida boʻlmagan oʻrta maxsus oʻquv yurtlari va hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilarining oshxonalarida kunlik tushki ovqat qiymatidan 1 soʻm 50 tiyin chegirish yoʻli bilan bir martalik ovqatlanishning imtiyozli tartibi joriy etilsin.
2. Oʻzbekiston SSJ Moliya vazirligi, Oʻzbekiston SSJ Savdo vazirligi, Oʻzbekbirlashuv, Oʻzbekiston SSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston SSJ Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston SSJ davlat banki uch kun muddatda jumhuriyat oʻquv yurtlarining talabalari va oʻquvchilariga imtiyozli tushki ovqat berish tartibini va taomlarning toʻla hamda imtiyozli qiymati oʻrtasidagi tafovutni qoplash shartlarini ishlab chiqsinlar. Tijorat savdosidan olinayotgan daromadlar berilayotgan imtiyozlar xarajatini qoplashning asosiy manbai deb hisoblansin.
3. Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qoʻmitalari, Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston SSJ Savdo vazirligi, Oʻzbekbirlashuv jumhuriyat oʻquv yurtlari talabalari va oʻquvchilariga kompleks taomlar tarzida imtiyozli ovqatlar berish uchun talabalar oshxonalariga zarur mahsulotlar ajratilishini taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston SSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston SSJ Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston SSJ Savdo vazirligi, Oʻzbekbirlashuv mazkur qarorni bajarish yuzasidan mukammal chora-tadbirlar koʻrsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishi yuzasidan masʼuliyat Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari — ijtimoiy rivojlanish, fan va madaniyat kompleksining rahbari oʻrtoq E.S.Samandarov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 4-aprel,
87-son