Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
A-373 TOShKENT — OʻSh AVTOMOBIL YOʻLINI QAMChIQ VA REZAK DOVONI UChASTKALARIDA TUNNELLAR QURGAN HOLDA REKONSTRUKSIYA QILISh VA QURISh IShLARINI JADALLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Fargʻona vodiysi viloyatlarining respublikaning barcha mintaqalari bilan, shuningdek, boshqa davlatlar bilan yil boʻyi va kecha-kunduz avtotransport aloqasini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni 1996-1997-yillarda A-373 Toshkent—Oʻsh avtomobil yoʻli (116—195 km)ning togʻdagi uchastkasini Qamchiq va Rezak dovonlarida tunnellar qurgan holda rekonstruksiya qilsin va qursin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligining ixtisoslashtirilgan “Gidromaxsusqurilish” boshqarmasi tunnellar qurilishi boʻyicha bosh pudratchi etib belgilansin.
3. Tunnel uchastkalarini loyihalash Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligining “Gidroloyiha” aksionerlik jamiyatiga topshirilsin.
4. 1996-yilning oxiri — avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilishni, 1997-yilning 1 choragi — tunnel uchastkalarini loyihalash va tayyorgarlik koʻrish ishlarini nihoyasiga yetkazish muddatlari etib belgilansin.
Dovon uchastkasidagi 153—164 km) avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish va tunnel qurish ishlari 1997-yilda nihoyasiga yetkazilsin.
5. Yoʻlning tunnel uchastkalarini qurish va burgʻilash-portlatish ishlarini bajarish uchun “Oʻzbektransqurilish” davlat uyushmasi, “Oʻzmontajmaxsusqurilish” uyushmasi, “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni, “Oʻzsanoatxoʻjalikqurilish” davlat korporatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi, shuningdek, Qozogʻiston va Qirgʻiziston Respublikalarining ixtisoslashtirilgan tashkilotlari jalb etilsin.
6. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1997-yilda hamda keyingi yillarda kapital qurilish prognozlarini shakllantirishda tunnellar qurgan holda avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish uchun markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar ajratishni nazarda tutsinlar.
8. Mablagʻ bilan taʼminlovchi banklar bajarilgan ishlarga ishchi chizmalari, alohida smetalar va amalda bajarilgan ish hajmlari boʻyicha haq toʻlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi avtomobil yoʻli va tunnel qurilishi obyektlarini energiya bilan uzluksiz taʼminlasin, buning uchun 1996-yilda “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni buyurtmanomasi boʻyicha podstansiyali VL-35 KV elektr uzatish liniyasini qursin.
11. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi 1996-yilda “Oʻzavtoyoʻl” konserniga 4160 tonna portlovchi moddalarga kvota ajratishni nazarda tutsin.
12 “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni hamda ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga taqdim etilgan hisob-kitoblarga muvofiq zarur miqdorda benzin, dizel yonilgʻisi, bitum, dizel moyi va boshqa yonilgʻi-moylash materiallari ajratsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu obyektda ishlayotgan tashkilotlarga maxsus materiallarni tashish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma bersin, burgʻilash-portlatish va yoʻl qurish ishlarini amalga oshirish chogʻida harakat xavfsizligini taʼminlash uchun yoʻlning dovon qismini yetarlicha DAN xodimlari bilan butlasin.
14. Avtomobil yoʻli, tunnelni rekonstruksiya qilish va qurish davrida ushbu obyektlarda ishlayotgan xodimlarning barcha toifalari uchun lavozim maoshlari va tarif stavkalariga 30 foiz miqdorda ustama belgilansin.
15. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 12-sentabr,
314-son