OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PARVOZLAR XAVFSIZLIGINI NAZORAT QILISh DAVLAT INSPEKSIYASI BOShLIGʻINING
buyrugʻi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQARO VA EKSPERIMENTAL AVIATSIYASI AERODROMLARINI SERTIFIKATLASh QOIDALARI (OʻZR AQ-160)GA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 20-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1734-2
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni IKAO standartlari va tavsiyalarini inobatga olgan holda takomillashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2007-yil 10-sentabrdagi 138-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalariga (OʻzR AQ-160) (roʻyxat raqami 1734, 2007-yil 29-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 44-son, 448-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Boshliq T. OʻLJAYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 21-aprel,
35-son
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2010-yil 21-apreldagi 35-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalari (OʻzR AQ-160)ga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Parvozlar xavfsizligini boshqarish tizimi — parvozlar xavfsizligi boshqaruviga tuzilmaviy yondashuv boʻlib, zarur boʻlgan tashkiliy tuzilmani, javobgarlik bosqichlarini, tamoyillari va tartiblarini oʻz ichiga oladi”.
2. Quyidagi mazmundagi 71-band bilan toʻldirilsin:
“71. Aerodromlarni sertifikatlashda aerodrom ekspluatanti tomonidan parvozlar xavfsizligi boshqarish tizimi ishlab chiqilib, unga quyidagilar kiritilishi lozim:
parvozlar xavfsizligi uchun xavf-xatarni aniqlash mezonlari;
maqbul darajada parvozlar xavfsizligini qoʻllab-quvvatlash uchun tegishli chora-tadbirlarni qabul qilish masalalari;
doimiy monitoring oʻtkazish va lozim darajada parvozlar xavfsizligiga muntazam baho berishni koʻrib chiqish masalalari;
parvozlar xavfsizligining umumiy darajasini doimiy oshirishning maqsadi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq mazkur tizim doirasida aerodrom ekspluatantining barcha tashkilotlarida parvozlar xavfsizligi masalalari boʻyicha javobgarlikni taqsimlash, shuningdek parvozlar xavfsizligi boʻyicha rahbariyatning toʻgʻridan-toʻgʻri javobgarligi aniq belgilanadi”.
3. Quyidagi mazmundagi 91-band bilan toʻldirilsin:
“91. Aerodrom ekspluatanti tomonidan aerodromning sertifikatlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot aeronavigatsiya maʼlumot xizmatiga berilishi lozim”.
4. 19-band quyidagi mazmundagi “g” kichik band bilan toʻldirilsin:
“g) aerodromga texnik xizmat koʻrsatish va foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan muhim ishlarni bajarish uchun tajribali va tegishli malakaga ega boʻlgan xodimlarni yetarliligi”.
5. 3-ilovaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1-qism. Parvozlarni aerodrom-texnik taʼminoti
a) aerodrom-texnik taʼminoti xizmati xodimlari toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar:
familiyasi, ismi, otasining ismi, egallagan lavozimi;
maʼlumoti (oʻquv yurti, diplom raqami, tugallangan vaqti, malakasi);
malaka oshirganligi (sana, oʻquv yurti);
b) aerodrom xizmatini tashkiliy tuzilmasining sxemasi;
v) aerodrom xizmati toʻgʻrisida nizom;
g) aerodromning sertifikatlash talablariga muvofiqligini tekshirish dalolatnomasi;
d) aerodrom ixtiyoridagi hududni tekshirish dalolatnomasi;
e) ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining sunʼiy qoplamalarning mustahkamligi toʻgʻrisidagi, parvozlar xavfsizligining ekvivalent darajasi taʼminlanganligi toʻgʻrisidagi xulosalar;
j) aerodrom klassi, qoplamalar mustahkamligi, qiyaliklar, qoplamalar holati, joylashgan oraliqlar, toʻsiqlarning muvofiqlik jadvallari;
z) aerodrom xizmati xodimlarining shtatlar jadvali;
i) xizmatga yuklangan barcha vazifa va topshiriqlarni hisobga olgan holda aerodrom xizmati xodimlarining zaruriy miqdorda borligini tasdiqlovchi hujjatlar;
k) aerodrom xizmati boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 20-son, 158-modda)