Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ENERGETIKA VA ELEKTRLASHTIRISH VAZIRLIGINING TOSHKENT SHAHRIDA JOYLASHGAN MAGISTRAL ISSIQLIK TARMOQLARINI SHAHAR HOKIMLIGI IXTIYORIGA BERISH TOʻGʻRISIDA
Issiqlik tarmoqlaridan foydalanishni tartibga solish va ularni boshqarishni takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi va Toshkent shahar hokimining magistral issiqlik tarmoqlarini hokimlik ixtiyoriga berish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Energetika va elektrlashtirish vazirligi va Toshkent shahar hokimligi:
Moliya vazirligi va Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda komissiya tashkil etsinlar hamda koʻrsatib oʻtilgan issiqlik tarmoqlarini qabul qilib olish-berishni amalga oshirsinlar;
magistral issiqlik tarmoqlarini balansdan balansga qabul qilib olish-berish dalolatnomasini 15 kun muddatda tasdiqlasinlar.
2. Energetika va elektrlashtirish vazirligi magistral issiqlik tarmoqlarini 1996-yil 1-iyuldagi holati boʻyicha moddiy-texnika va odam resurslari, transport vositalari, mexanizmlar, boshqa texnika hamda vazirlik tomonidan 1996-yilda Toshkent shahri issiqlik tarmoqlarini rivojlantirish uchun nazarda tutilgan kapital mablagʻlar limitlari bilan “Toshissiqlikkommunenergiya” IB balansiga bersin.
3. “Toshissiqlikkommunenergiya” ishlab chiqarish birlashmasi va “Toshissiqliktarmoq” korxonasi negizida “Toshissiqlikenergiya” ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etilsin.
4. “Toshissiqlikenergiya” IB xodimlariga mehnatga haq toʻlash darajasi va sharoitlari, ijtimoiy kafolatlar va taʼminotlarning barcha turlari respublika Energetika va elektrlashtirish vazirligi tizimida amalda boʻlgan normativlar boʻyicha belgilansin.
5. Toshkent GRESdan bir quvurli issiqlik magistrali qurilishi boʻyicha buyurtmachi vazifasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi zimmasida qoldirilsin.
6. Respublika Energetika va elektrlashtirish vazirligi:
shartnomalar asosida “Toshissiqlikenergiya” IVga asbob-uskunalarni tuzatishda, sozlash ishlarini bajarishda va ehtiyot qismlar tayyorlashda yordam bersin,
“Toshissiqlikkommunenergiya”ning olingan issiqlik energiyasi uchun debitorlik qarzini “Toshissikliktarmoq” korxonasining 1996-yil ikkinchi yarim yili uchun xarajatlarini mablagʻ bilan taʼminlash summasiga kamaytirsin, ushbu summani soliq solinadigan bazaga qoʻshmasdan tannarxga kiritsin,
1997-yildan boshlab “Toshissiqlikenergiya” IV tomonidan berilgan issiqlik energiyasi uchun tarifni asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha kamaytirishni nazarda tutsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari Q.J. Haqqulov va R.R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 16-avgust,
288-son