Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
DEHQON BOZORLARI VA SAVDO KOMPLEKSLARI FAOLIYATINI TASHKIL QILISHNI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Respublika dehqon (oziq-ovqat) bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari (savdo komplekslari) faoliyatini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmat turlari va hajmlarini kengaytirish, aholiga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, bozorlar va savdo komplekslarida pul oqimlari toʻliqroq hisobga olinishini taʼminlash, shuningdek, sifati past, qalbaki va kontrabanda mahsulotlari sotilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:
bir oy muddatda dehqon (oziq-ovqat) bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari (savdo komplekslari) pasportlarini tuzishni nihoyasiga yetkazib, ushbu pasportlarga ularning ixtisoslashuvi va ish tartibi, turgʻun savdo nuqtalari va savdo oʻrinlari miqdori va joylashuvi, ularning hududida mavjud boʻlgan infrastruktura obyektlari va koʻrsatilayotgan xizmat turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni albatta kiritsinlar;
2010-yilning 1-iyuniga qadar 100 ta va undan koʻproq turgʻun savdo nuqtalari va savdo oʻrinlari mavjud boʻlgan barcha bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarida davlat soliq xizmati organlarining xodimlari tomonidan yigʻimning toʻliqligini har kuni tekshirgan holda faqat bank tizimi orqali bir martalik yigʻim va ijara toʻlovlari undirilishining avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olinishini majburiy tartibda joriy qilsinlar;
2010-yilning 1-iyunigacha boʻlgan muddatda bozorlar hududida va ularga tutash hududlarda joylashgan barcha avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarining belgilangan tartibda bozorlar va savdo komplekslariga topshirilishini taʼminlasinlar, ularning nazorat-kassa mashinalari va toʻlov terminallari bilan jihozlanishini, shuningdek 300 ta va undan koʻproq turgʻun savdo nuqtalari va savdo oʻrinlariga ega boʻlgan bozorlar va savdo komplekslarida mashinalarning kirish va chiqish vaqtini qayd etib turadigan elektron hisoblagichlar majburiy oʻrnatilishini nazarda tutsinlar;
2010-yilning 1-iyuligacha boʻlgan muddatda davlat veterinariya xizmati va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarini jalb etgan holda har bir dehqon (oziq-ovqat) bozorida bozorga olib kelinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatining ekspress-analiz laboratoriyalarini tashkil qilib, tegishli sertifikat bersinlar va tegishli sertifikatga ega boʻlmagan mahsulotlarning sotilishini taqiqlasinlar;
2011-yilning 1-yanvariga qadar muddatda barcha ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlarini nazorat-kassa mashinalari va toʻlov terminallari bilan jihozlangan turgʻun savdo nuqtalaridan iborat boʻlgan savdo komplekslari etib qayta tashkil qilsinlar, isteʼmolda boʻlgan mol-mulk savdosi boʻyicha bozorlar bundan mustasno.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-oktabrdagi R-3296-son Farmoyishiga muvofiq tuzilgan ishchi komissiyasining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 2010-yilning 1-iyuliga qadar 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha savdo komplekslari, dehqon, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlarida aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiruvchi obyektlarni fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari bilan majburiy ravishda qoʻshimcha jihozlash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
bozorlardagi savdo oʻrinlari jismoniy shaxslarga faqat ularning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgani toʻgʻrisidagi guvohnomasi mavjud boʻlgan taqdirdagina beriladi, oʻzi yetishtirgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini, shuningdek isteʼmolda boʻlgan tovarlarni sotish hollari bundan mustasno;
sotib olingan tovarlar va xizmatlar uchun xaridorlarga beriladigan kassa cheklarida soliq toʻlovchining nomi va individual raqami (INN), xarid qilingan vaqti va sanasi, tovarning nomi, uning qiymati, kassa apparatining raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlishi kerak;
bozorlarning hududida yer uchastkalari ajratib berilishiga, shuningdek bozorga tegishli koʻchmas mulk obyektlarini jismoniy va yuridik shaxslarga mulk qilib topshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
hududiy moliya va soliq organlari bilan kelishilgan holda bozorlar va savdo komplekslarining maʼmuriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan har yili belgilanadigan minimal miqdorlardan past boʻlmagan miqdorda har yili tasdiqlasinlar;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bozorlar va savdo komplekslarining rahbarlari 2010-yilning 1-mayiga qadar muddatda bir martalik yigʻim, ijara toʻlovi miqdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek koʻrsatiladigan majburiy xizmatlar roʻyxati va qiymatini tasdiqlasinlar hamda bozorlar va savdo komplekslariga kiriladigan barcha joylarga osib qoʻysinlar.
5. Belgilansinki, 2010-yilning 1-iyulidan boshlab 2-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha tovarning olib kirilishi va bojxona toʻlovlari toʻlanishi faktini tasdiqlaydigan bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy oʻtgach tayyor import isteʼmol tovarlari sotuvga qoʻyilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tovarning olib kirilishi va bojxona toʻlovlari toʻlanishi faktini tasdiqlaydigan bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy oʻtgach tayyor import isteʼmol tovarlarining realizatsiya qilinishi savdo qoidalarini buzish (tovarlarni hujjatlarsiz realizatsiya qilish) deb hisoblansin va qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralari qoʻllanilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. 2010-yilning 1-oktabridan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy qilinsin:
aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiruvchi xoʻjalik subyektlari tomonidan qoʻllanadigan nazorat-kassa mashinalari yagona texnik talablarga mos kelishi va “Oʻzstandart” agentligi tomonidan belgilangan tartibda majburiy sertifikatsiyadan oʻtkazilishi lozim;
sertifikati boʻlmagan yoki belgilangan yagona texnik talablarga javob bermaydigan nazorat-kassa mashinalaridan foydalangan holda chek berish aybdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
7. Belgilab qoʻyilsinki, 2010-yilning 1-iyulidan boshlab chakana savdo korxonalari, mikrofirmalar va xizmat koʻrsatish sohasining kichik korxonalari qonun hujjatlariga muvofiq yagona soliq toʻlovlarini toʻlaydilar, ammo xuddi shunday faoliyat turini amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan qatʼiy belgilangan soliq miqdoridan kam boʻlmagan summani toʻlaydilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin va yagona soliq toʻlovini toʻlovchilar uni toʻlashning yangi tartibi toʻgʻrisida belgilangan tartibda xabardor qilinishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda bozorlar va savdo komplekslarining faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga qoʻshimchalar kiritish, shuningdek qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 26-aprel,
PQ-1326-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi PQ-1326-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Savdo komplekslari, dehqon, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlarida fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini majburiy ravishda qoʻllangan holda aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiruvchi qoʻshimcha obyektlar
ROʻYXATI
1. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarini realizatsiya qilish boʻyicha umumfoydalanadigan ixtisoslashtirilgan turgʻun pavilonlar.
2. Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash, shu jumladan bozorga tutash hududlarda vaqtincha saqlash joylari.
3. Aholidan toʻlovlarni, shu jumladan uy-joy-kommunal xizmatlar, telefon va uyali aloqa xizmatlari uchun toʻlovlarni qabul qilish punktlari.
4. Bozorlarning maʼmuriyati tomonidan bir martalik yigʻim va ijara toʻlovlarini qabul qilish punktlari.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi PQ-1326-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Tovarning olib kirilishi va bojxona toʻlovlari toʻlanishi faktini tasdiqlaydigan bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy oʻtgach savdoga qoʻyilgan va chakana savdoda realizatsiya qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydigan tayyor import isteʼmol tovarlari
ROʻYXATI
| |
Tovarlarning nomi |
| 1. | Tikuvchilik buyumlari |
| 2. | Ustki trikotaj |
| 3. | Ichki trikotaj |
| 4. | Sport trikotaji |
| 5. | Paypoqlar |
| 6. | Koʻrpa-toʻshak gʻiloflari (alohida-alohida va komplekt holda) |
| 7. | Tyul-gardin polotnosi va buyumlari |
| 8. | Pahmoq sochiqlar, choyshablar, xalatlar |
| 9. | Charm poyabzal |
| 10. | Televizorlar |
| 11. | Muzlatgichlar |
| 12. | Konditsionerlar |
| 13. | Elektr dazmollar |
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 17-son, 131-modda; 2012-y., 52-son, 587-modda; 2017-y., 23-son, 457-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2018-y., 07/18/4086/2354-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2021-y., 06/21/6314/0876-son)