Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
BANK PLASTIK KARTOChKALARIDAN FOYDALANGAN HOLDA HISOB-KITOB TIZIMINI RIVOJLANTIRIShNI RAGʻBATLANTIRISh BOʻYIChA QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Pul muomalasi tizimini takomillashtirish, naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirishni ragʻbatlantirish va bankdan tashqari naqd pul aylanmasini qisqartirish, aholining bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda toʻlovlarni amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda ilgʻor bank texnologiyalarini joriy etish asosida xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish maqsadida:
1. Respublikada plastik kartochkalarni va naqd pulsiz hisob-kitoblarni himoya qilishning samarali mexanizmi yaratilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin. Ushbu mexanizmga binoan:
har bir plastik kartochka egasi kartochka hisob raqamidagi pul mablagʻlarini tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi shaxsiy identifikatsiya raqami (PIN-kod)ga ega boʻlib, u notoʻgʻri terilgan taqdirda plastik kartochka avtomatik tarzda blokirovka qilinadi;
begona shaxslarning soxtalashtirishi va ruxsatsiz foydalanishiga yoʻl qoʻymaydigan mikrochipli modullar va maʼlumotlarni shifrlaydigan toʻrt pogʻonali tizimga ega plastik kartochkalar orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish borasida yagona “Oʻzkart” toʻlov tizimi faoliyat koʻrsatmoqda;
plastik kartochkalardan foydalangan holda mijozlar hisob raqamidan mablagʻ yechish va unga pul oʻtkazish Umumrespublika yagona protsessing markazi orqali amalga oshiriladi, bu mijozlar hamda sotuvchilarni turli qalloblik va aldovlardan himoya qilishni taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari plastik kartochkalar, hisob-kitob terminallari, bankomatlar va boshqa maxsus jihozlarni yuqori darajada himoya qilish boʻyicha belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan qatʼiy tizimli nazoratni taʼminlasin, plastik kartochkalardan foydalanish orqali naqd pulsiz toʻlovlarni amalga oshirishda soxtalashtirish hamda firibgarliklarni istisno etadigan qoʻshimcha chora-tadbirlarni koʻrsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oʻzbekiston banklar assotsiatsiyasi va tijorat banklari tomonidan ishlab chiqilgan 2010-2011-yillarga moʻljallangan bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda naqd pulsiz hisob-kitoblar boʻyicha maxsus jihozlar tarmogʻini qoʻshimcha kengaytirishga doir prognoz koʻrsatkichlar 1-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston banklar assotsiatsiyasi va tijorat banklarining aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiradigan va bank plastik kartochkalaridan toʻlovlar qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminallari bilan jihozlanishi shart boʻlgan chakana savdo hamda xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari roʻyxatini kengaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga (2-ilova*) rozilik berilsin.
*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari manfaatdor davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari bilan hamkorlikda 2011-yilning 1-yanvariga qadar mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq roʻyxatga kiritilgan chakana savdo va aholiga xizmat koʻrsatish obyektlarini bank plastik kartochkalaridan toʻlovlarni qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminallari bilan jihozlash choralarini koʻrsin.
Belgilab qoʻyilsinki, yuqoridagi roʻyxatga kiritilgan xoʻjalik subyektlarining toʻlov terminallari bilan jihozlash va ulardan foydalanishga oid talablarga rioya qilmasligi nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlash va ulardan foydalanish tartibini, savdo va xizmat koʻrsatish qoidalarini buzishga tenglashtiriladi hamda ularga qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik yuklanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiradigan va hisob-kitob terminallari bilan jihozlanishi shart boʻlgan chakana savdo hamda xizmat koʻrsatish obyektlarining qonunchilikka binoan bank plastik kartochkalaridan toʻlovlar qabul qilish talablariga soʻzsiz rioya qilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiradigan va hisob-kitob terminallari bilan jihozlanishi shart boʻlgan obyektlar faoliyati ustidan muntazam monitoring oʻtkazsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
Oʻzbekiston banklar assotsiatsiyasi bilan birgalikda tijorat banklarining soʻmli bank plastik kartochkalari orqali naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻlov tizimida mijozlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha tasdiqlangan yagona tariflarga rioya qilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatsin;
tijorat banklarining yagona tariflarga rioya qilmasligi boʻyicha aniqlangan holatlar yuzasidan ularni zudlik bilan bartaraf etish choralarini koʻrsin, shuningdek, tariflar oshishiga yoʻl qoʻygan tijorat banklariga nisbatan qonunchilikda koʻzda tutilgan sanksiyalarni qoʻllasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 3-avgustda qabul qilingan “Plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitob tizimini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-433-son qarorining 1-band ikkinchi xatboshi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 24-sentabrda qabul qilingan “Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 445-son qarorining 7-bandi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 12-iyulda qabul qilingan “Banklarning kapitallashuvini yanada oshirish va iqtisodiyotni modernizatsiyalashdagi investitsiya jarayonlarida ularning ishtirokini faollashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-670-son qarorining 7-bandida koʻzda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlariga amal qilish muddati 2012-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga* muvofiq oʻzgartishlar kiritilsin.
*3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R. S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F. M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 19-aprel,
PQ-1325-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 16-son, 124-modda; 2013-y., 20-son, 250-modda, 36-son, 477-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2019-y., 06/19/5870/4010-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)