Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQARO TINChLIK MADANIYATI YILIGA TAYYORGARLIK KOʻRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2000-yilni Xalqaro tinchlik madaniyati yili deb eʼlon qilganligini hamda YUNESKO Ijroiya kengashi oʻzining 1998-yil 6-noyabrda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan 155-sessiyasi yakunlovchi majlisida “Tinchlik madaniyati va YUNESKOning aʼzo davlatlardagi faoliyati” Deklaratsiyasini qabul qilganligini eʼtiborga olib, shuningdek Xalqaro tinchlik madaniyati yilini Toshkent Deklaratsiyasi ruhida nishonlash yuzasidan oʻtkaziladigan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
a) bir oy muddatda Xalqaro tinchlik madaniyati yiliga bagʻishlangan 1999-yilgi tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda jahondagi dinlarning eng nufuzli vakillari ishtirokida “Dinlar muloqoti” konferensiyasini oʻtkazishni nazarda tutsin;
b) quyidagilarga yoʻnaltirilgan tadbirlarni oʻz ichiga oluvchi 2000-yilgi “Tinchlik madaniyati” milliy dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
inson huquqlarini hurmat qilishni ragʻbatlantirish;
taʼlimni, kadrlar tayyorlashni hamda tinchlik va zoʻravonlik qilmaslik ruhidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish;
barqaror ijtimoiy rivojlanishni, hamma uchun ijtimoiy adolatni taʼminlash;
respublikada amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlarni chuqurlashtirish;
erkaklar va ayollar tengligini taʼminlash;
kommunikatsiyalarni hamda bilimlar va axborotlarning erkin ommalashtirilishini va ulardan birgalikda foydalanishni qoʻllab-quvvatlash;
barcha xalqlar va madaniyatlar oʻrtasidagi oʻzaro bir-birini tushunishga, sabr-bardoshlilikka va birdamlikka koʻmaklashish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari H.S. Karamatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 26-dekabr,
536-son