Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AVTOMOTOTRANSPORT VOSITALARI BILAN BOGʻLIQ BITIMLARNI RASMIYLAShTIRISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
Lizing xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish, shuningdek lizing oluvchilar uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-martdagi 38-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 3-son, 17-modda) bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 3-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3. Avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlar notariuslar tomonidan notarial tartibda tasdiqlanishi kerak. Avtomototransport vositalarini:
ixtisoslashtirilgan savdo korxonalari (avtomototransportni ishlab chiqaruvchi korxonalar, ularning vakillari va vositachi (distribyutorlik) tashkilotlar);
lizing shartnomalari boʻyicha lizing xizmatlari koʻrsatadigan tashkilotlar (yengil avtotransport vositalari lizingidan tashqari);
yuridik shaxslar bilan lizing shartnomalari boʻyicha mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yengil avtotransport vositalarini kamida 2,0 mlrd soʻm miqdorida ustav kapitaliga ega boʻlgan kredit tashkilotlari va asosiy faoliyat turi lizing hisoblangan tashkilotlar;
Davlat mulki qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti hududiy boshqarmalarining sud ijrochilari tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan belgilangan tartibda kimoshdi savdolarida sotish hollari bundan mustasno.
“Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq avtomototransport vositalaridan foydalanish va ularni tasarruf etish huquqiga ishonchnomalar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalari konsullari tomonidan ham tasdiqlanadi”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 29-mart,
57-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 13-son, 98-modda)