Oldingi tahrirga qarang.
(qarorning nomi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sud amaliyotida sud hujjatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash hamda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha tushuntirish berilishini taqozo etuvchi masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
(maqaddima O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 138-moddasiga muvofiq sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
Sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga to‘sqinlik qilish odil sudlov obro‘siga putur, davlat va jamoat manfaatlariga zarar yetkazadi, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari tiklanishiga qaratilgan faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksi (bundan buyon — JK) sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etilishiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq qator jinoyatlar, qaysiki voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (JK 122-moddasi), ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (JK 123-moddasi), mehnat qilish huquqini buzish (JK 148-moddasi birinchi qismi), sud hujjatini ijro etmaslik (JK 232-moddasi), sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashish (JK 2321-moddasi), band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish (JK 233-moddasi) uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi”;
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Jinoyat kodeksi 232, 2321-moddalarida dispozitsiyasida nazarda tutilgan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari deganda, qonuniy kuchga kirgan — fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning, iqtisodiy va ma’muriy sudlarning hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari;
jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning hukmlari, ajrimlari va qarorlarining mulkiy undirishga oid qismi, shuningdek, jarima tariqasidagi jazoni nazarda tutuvchi hukmlari, ajrimlari va qarorlari;
ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud qarorlarining mulkiy undirishga oid qismi;
ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega organlar (mansabdor shaxslar) chiqargan qarorlar;
O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi yoki xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan hollarda chet el sudlari va arbitrajlarining qarorlari;
o‘zboshimchalik bilan turar joyni egallab olgan yoki avariya holatida deb topilgan uylarda yashayotgan shaxslarni ma’muriy tartibda ko‘chirish to‘g‘risidagi prokurorlarning qarorlari;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Surishtiruv, tergov organlari va sudlar e’tibori shunga qaratilsinki, JK 232-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklovchi sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash uchun jinoiy javobgarlik nomulkiy xususiyatga ega bo‘lgan sud hujjatini, ya’ni muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklovchi hujjatni bajarishdan bo‘yin tovlaganda vujudga keladi. Mulkiy xususiyatga ega bo‘lgan sud hujjatini, ya’ni pul mablag‘larini yoki mol-mulkni undirish to‘g‘risidagi hujjatni bajarishdan bo‘yin tovlanganda, shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.
Shu bilan birga, jinoyat qonuni istisnolarni ham nazarda tutadi, qaysiki bunda nomulkiy xususiyatga ega bo‘lgan sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik jinoiy javobgarlikni emas, balki boshqa oqibatlarni vujudga keltiradi. Jumladan, axloq tuzatish ishlaridan bo‘yin tovlagan mahkumning javobgarligi uni jinoiy javobgarlikka tortish yo‘li bilan emas, balki axloq tuzatish ishlarining o‘talmagan muddatini ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirish orqali ta’minlanadi (JK 46-moddasi to‘rtinchi qismi).
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
4. Sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash uchun jinoiy javobgarlikka tortishning majburiy sharti bo‘lib, ma’muriy jazoga tortilganidan va jinoiy javobgarlik to‘g‘risida yozma tarzda ogohlantirilganidan so‘ng shaxs tomonidan sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash bo‘yicha harakat (harakatsizlik)ning davom ettirilishi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash deganda, shaxs tomonidan nomulkiy xususiyatga ega qonuniy kuchga kirgan sud hujjati talabini bajarishdan bo‘yin tovlash bo‘yicha qilingan har qanday harakat tushunilishi lozim. Biroq, jinoiy javobgarlikka tortish uchun ushbu harakat (harakatsizlik) shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK 1981-moddasi bo‘yicha ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgandan so‘ng davom ettirilgan bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonun 71-moddasi talabiga rioya etilishi, chunonchi shaxs ham ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lishi, ham shaxs kelgusida sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlagan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida davlat ijrochisi tomonidan yozma tarzda ogohlantirilgan bo‘lishi talab etiladi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
41. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, JK 2321-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasidagi quyidagi jinoyat tarkiblari nazarda tutilgan:
muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklovchi sud yoki boshqa organlar hujjatlarini ijro etilishiga to‘sqinlik qilishni ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin davom ettirish;
sud yoki boshqa organlar hujjatlarini ijro etilishi jarayonida davlat ijrochisiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazishni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin davom ettirish.
JK 2321-moddasi dispozitsiyasi mazmuniga ko‘ra, sud hujjati va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishiga to‘sqinlik qilganlik uchun shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun sud yoki boshqa organ hujjatining xususiyati ahamiyat kasb etmaydi.
Shu bois, sud hujjati va boshqa organlar hujjatlarini ijro etilishiga to‘sqinlik qilinganlik uchun jinoiy javobgarlik hujjatning mulkiy yoki nomulkiy xususiyatga ega bo‘lgan-bo‘lmaganligidan qat’iy nazar yuzaga keladi.
Shu bilan birga, ijro hujjatining ijro etilishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ham, davlat ijrochisiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganlik uchun ham shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun muqaddam unga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan bo‘lishi talab etiladi.
(41-band O‘zbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Jinoyat qonunchiligida shaxs davlat ijrochisi tomonidan ma’muriy jazoga tortilgandan qancha muddat o‘tgandan so‘ng sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi belgilanmagan.
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Biroq, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunda (bundan buyon — Qonun) sud hujjati talabini ixtiyoriy ravishda bajarish uchun besh kunlik muddat nazarda tutilgan. Shu bois, Qonun analogiyasini qo‘llab, jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi ogohlantirish muddati besh kundan oshmasligi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Shunga ko‘ra, shaxsni jinoiy javobgarlik haqida ogohlantirish to‘g‘risidagi xatda davlat ijrochisi o‘tkazib yuborilishi sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik keltirib chiqaradigan muddatni (5 kungacha) aniq ko‘rsatishi lozim.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Sudlarga tushuntirilsinki, Qonun ayrim toifadagi nomulkiy xususiyatga ega bo‘lgan sud hujjatlari bo‘yicha davlat ijrochisi tomonidan bir qator (masalan, uyga kiritishda, uydan chiqarishda, imoratni buzib tashlashda, yer uchastkasini olib qo‘yish va o‘tkazishda va h.k) ijro harakatlarini amalga oshirishni nazarda tutadi. Ushbu toifadagi sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik uchun shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi masalani hal etishda, ma’muriy jazo qo‘llanilgandan va ogohlantirish muddati o‘tgandan so‘ng shaxs tomonidan sud hujjati talablarini bajarilmasligi holatining o‘zi kifoya hisoblanadi va davlat ijrochisi tomonidan tegishli ijro harakatlarining amalga oshirilishi ahamiyat kasb etmaydi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
7. Shuni e’tiborga olish lozimki, jinoyat qonuni JK 232-moddasida nazarda tutilgan umumiy normadan istisnolarni ham nazarda tutadi, bunda sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash uchun jinoiy javobgarlik Jinoyat kodeksining maxsus normalari bo‘yicha (masalan, JK 122, 123-moddalari, 148-moddasi birinchi qismi) kelib chiqadi va qilmishni JK 232-moddasi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashish deganda, ijro hujjatining ijro etilishiga to‘sqinlik qilish yoki davlat ijrochisiga turli shaklda qonunga xilof ravishda qasddan ta’sir o‘tkazish tushunilib, sud hujjatlarini ijro etish organlari mansabdor shaxslarining faoliyatiga qarshilik ko‘rsatishga, shu jumladan, sud hujjati talabi bajarilishini qiyinlashtirishga hamda uni o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarish mumkin bo‘lmaydigan holatga keltirishga qaratilgan qilmish tushuniladi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashgan shaxsning harakatlarida boshqa, og‘irroq jinoyat belgisi bo‘lsa (masalan, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish, hujjatlarni qalbakilashtirish va h.k.), aybdorning harakatlari JK 2321-moddasi va Jinoyat kodeksining mazkur jinoyat uchun javobgarlik belgilovchi tegishli moddasi majmui bilan kvalifikatsiya qilinadi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Sud hujjatini ijro etmaslik (JK 232-moddasi) uchun jinoiy javobgarlik shaxs o‘n sakkiz yoshga to‘lganda yuzaga keladi.
(10-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
JK 232-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan jinoyat subyekti faqat bunday shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining sakkizinchi bo‘limida qo‘yilgan talablarga javob beradigan mansabdor shaxs hisoblanadi.
JK 232-moddasi ikkinchi qismi bilan, jumladan, sud hukmiga ko‘ra muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan shaxs bilan, bila turib, mehnat shartnomasi(kontrakt) tuzgan yoki bunday shartnoma(kontrakt)ni bekor qilmagan mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Surishtiruv, tergov organlari va sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlashdan farqli ravishda, mansabdor shaxsni sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish uchun mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lishi va kelgusida sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlagan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida davlat ijrochisi tomonidan yozma tarzda ogohlantirilgan bo‘lishi talab etiladi.
(10-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
11. Sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlashning subyekti sud hujjati bilan muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan o‘zini tiyish majburiyati yuklatilgan shaxslar (qarzdorlar) hisoblanadi
Agar, bunday majburiyat sud hujjati bilan yuridik shaxsga yuklatilgan bo‘lsa, sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik uchun sud hujjatining tegishli talabini bajarish, tashkil qilish yoxud amalga oshirilishini nazorat qilish mansab vazifalariga kirgan shaxslar (mansabdor shaxslar va yuridik shaxsning boshqa xodimlari) jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
Sud hujjatining ijro etilishiga to‘sqinlik qilishning subyekti nafaqat qarzdor hisoblangan shaxs, balki boshqa har qanday jismoniy (mansabdor) shaxs bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ish yurituvidagi sud hujjatining o‘z muddatida ijro etilishini ta’minlash chorasini ko‘rmayotgan davlat ijrochisi JK 232-moddasida nazarda tutilgan jinoyat subyekti hisoblanishi mumkin emas. Bunday hollarda, sud ijrochisining harakati (harakatsizligi) boshqaruv tartibiga qarshi jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilinishi mumkin.
(11-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
12. Sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash uzoqqa cho‘zilgan jinoyat hisoblanadi. U sud hujjatini bajarishdan qasddan bo‘yin tovlash fakti aniqlangan paytdan boshlanib, sud hujjati aybdor tomonidan sud hujjatida qayd etilgan sud farmoyishi amalda bajarilgan yoki jinoyat sodir etilishiga to‘siq bo‘lgan voqea boshlangan paytda tugaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etilishiga to‘sqinlik qilish uchun sudlanganlik qonun bo‘yicha sud hujjatini bajarish majburiyatidan ozod qilmasligi sababli, shaxs tomonidan shunga o‘xshash harakatlar sudlangandan keyin sodir etilgan hollarda, u umumiy asoslarda javobgarlikka tortiladi.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
13. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, JK 232, 2321-moddalarida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi formal hisoblanadi va shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etilishiga to‘sqinlik qilish fakti aniqlanishining o‘zi kifoya bo‘lib, bunda qandaydir zararli oqibat kelib chiqqan-chiqmaganligi, jumladan moddiy zarar borligi va uning miqdori ahamiyat kasb etmaydi.
(13-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Ayni paytda, tergov organlari va sudlar jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan keyin va sud maslahat xonasiga (alohida xonaga) kirgunga qadar sud farmoyishini ixtiyoriy ravishda bajargan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilish bo‘yicha qonunda berilgan imkoniyatlardan keng foydalanishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Quyidagilar shaxsni JK 122-moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish shartlari hisoblanadi:
moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlash haqida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i mavjudligi;
bunday shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun shaxsga nisbatan muqaddam ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan paytdan boshlab bir yil mobaynida takroran sodir etganligi (JK 122-moddasida nazarda tutilgan jinoyat uzoqqa cho‘zilgan jinoyat bo‘lib, sodir etish boshlangan vaqtdan tugallangan hisoblanadi);
JK 122-moddasining 1-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs sudlanganlik holati tugamasdan turib, ikki oydan ortiq muddat mobaynida voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlasa, uning qilmishi JK 122-moddasi 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Surishtiruv, tergov organlari va sudlarga tushuntirilsinki, shaxsni voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik, shuningdek ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish uchun qarzdorlikning umumiy muddati ketma-ketligidan qat’iy nazar ikki oydan ortiq bo‘lishi lozim.
Bunda, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash deb, shaxsning sud hujjatida belgilangan aliment miqdorini to‘liq hajmda to‘lamasligi holati ham tushunilishi lozim.
Qonunga ko‘ra, agar shaxs aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lasa, u jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi lozim.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar hukm chiqarayotganda sudlanuvchidan sud hukmi bilan aniqlangan aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorligi bilan bir qatorda, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lgan aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorligini ham hisobga olib undirishni belgilashlari shart.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
16. Shuni nazarda tutish lozimki, Oila kodeksining 140-moddasi mazmuniga ko‘ra, agar aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs muayyan davrda ishlamagan bo‘lsa, aliment bo‘yicha qarz qarz undirilayotgan paytdagi O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi.
Oila kodeksining 141-moddasi talablaridan kelib chiqib, sud hujjatida belgilangan miqdordagi aliment qarzlarini to‘lashdan to‘la yoki qisman ozod etishga faqat sud tartibida yo‘l qo‘yiladi.
Shu bois, aliment to‘lashdan to‘la yoki qisman ozod etish to‘g‘risida sud qarori mavjud bo‘lmagan taqdirda, shaxsning moddiy va oilaviy sharoiti og‘irligini vaj qilib, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlashi JK 122-moddasi bilan jinoiy javobgarlikni istisno qiluvchi holat sifatida qabul qilinmasligi lozim.
17. Sud hujjatining ijro etilishiga to‘sqinlik qilish alohida jinoyat tarkibini tashkil etganligi sababli, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlayotgan shaxsning sud hujjatini ijro etilishiga to‘sqinlik qilishi JK 122-moddasi bilan birga JK 232-moddasi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilinadi.
18. Sud hujjati ijrosi samarasi uning o‘z vaqtida ijroga qaratilishi bilan ham bog‘liqligini inobatga olgan holda, sudlar protsessual qonunda uni ijroga qaratish muddatlari va tartibiga, sud hujjatini ijro etish bilan bog‘liq masalalarni hal etishga nisbatan qo‘yilgan talablarga og‘ishmay rioya etishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash, sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etilishiga to‘sqinlik qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish vaqtida sudlar bunday jinoyatlar sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashlari va ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘rishlari zarur.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash, uning ijro etilishiga to‘sqinlik qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari, bu toifadagi ishlar bo‘yicha sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini chuqur tekshirishlari, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini o‘z vaqtida bartaraf etishlari lozim.