Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZKEYSAGROLIZING” OʻZBEKISTON—AMERIKA QOʻSHMA LIZING KOMPANIYASINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Respublika iqtisodiyotining agrar sektoriga lizing boʻyicha yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikasi yetkazib berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston banklar uyushmasining “Keys Kredit Xoldingz Limited” (AQSH) kompaniyasi bilan birgalikda ustav fondi 5,0 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan “OʻzKeysagrolizing” lizing kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
“Keys Kredit Xoldingz Limited” kompaniyasining 2550 ming AQSH dollari miqdoridagi ulushi (51 foiz) pul badali sifatida qoʻshiladi;
Oʻzbekiston banklar uyushmasining 2450 ming AQSH dollari miqdoridagi ulushi (49 foiz) pul badali sifatida qoʻshiladi;
Oʻzbekiston banklar uyushmasi ustav fondidagi oʻz ulushining bir qismini xalqaro moliya tashkilotlariga berishi mumkin.
3. Qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalar yetkazib berish va ularni lizingga berish sxemasi ilovaga muvofiq, shuningdek “OʻzKeysagrolizing” qoʻshma lizing kompaniyasi faoliyatining quyidagi asosiy yoʻnalishlari maʼqullansin:
mulkchilikning barcha shakllaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga lizing boʻyicha zamonaviy yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikasi yetkazib berishni oʻrtacha muddatlarga mablagʻ bilan taʼminlash;
respublikaga traktorlar, kombaynlar va mexanizatsiyalash vositalari yetkazib berish va ularni “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminot-tuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasining mashina-traktor parklariga va qishloq xoʻjaligi korxonalariga lizing shartlarida berish;
fermer (dehqon) xoʻjaliklariga, shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarga va tomorqa egalariga kichik mexanizatsiya vositalarini lizing boʻyicha berish;
xorijiy bozorlarni marketing asosida tadqiq qilish, jahon standartlariga muvofiq keluvchi eng yangi qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini va asbob-uskunalarni tanlab olish va ularni respublikaga yetkazib berish.
4. “OʻzKeysagrolizing” qoʻshma lizing kompaniyasiga:
zarur boʻlganda lizing boʻyicha olingan texnikaning lizing oluvchilar bilan kelishilgan jadallashtirilgan amortizatsiya normalarini belgilashga;
lizing toʻlovlarini qoplash uchun lizing oluvchilar bilan kompensatsiya bitishuvlarini amalga oshirishga;
lizing oluvchilardan, shu jumladan, davlat mulki shaklidagi xoʻjaliklardan mol-mulkni, kontraktlar yuzasidan huquqlarni va mahsulotni garov sifatida qabul qilishga;
lizing oluvchilar lizing toʻlovlari boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan hollarda ulardan kompensatsiya bitishuvlari natijasida, shuningdek garov sifatida olingan mahsulotni va mol-mulkni ichki va tashqi bozorlarda belgilangan tartibda sotishga;
joriy davrda koʻrilgan zararlarni zarar koʻrilgan paytdan boshlab 5 yil mobaynida keyingi yillarga koʻchirishga;
milliy valyutani ayirboshlash kursining oʻzgarishi natijasida olingan daromadni, oldingi yillarning koʻchirilgan zararlari summasini, shuningdek qarzlarni va ular boʻyicha foizlarni toʻlash summasini qoʻshmasdan soliq solinadigan bazani shakllantirishga ruxsat etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Qishloq xoʻjaligi korxonalarining lizing boʻyicha toʻlovlarini kamaytirish maqsadida “OʻzKeysagrolizing” qoʻshma lizing kompaniyasi:
birinchi foyda olingan paytdan boshlab besh yilga foydadan olinadigan soliqdan;
respublika yoʻl jamgʻarmasiga ajratmalardan, ekologiya soligʻidan;
xorijiy qatnashchilar daromadlari chet elga oʻtkazilganda ulardan olinadigan soliqdan;
lizingga berish uchun yetkazib berilgan qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalar, shuningdek lizing toʻlovlari va lizing kompaniyasiga koʻrsatiladigan xizmatlar uchun belgilangan qoʻshilgan qiymat soligʻidan;
lizing kompaniyasi tomonidan lizing boʻyicha berish uchun xarid qilingan respublikaga olib kelinayotgan texnika, asbob-uskunalar va jihozlar uchun belgilangan boj poshlinalari va yigʻimlardan;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan xodimlar uchun pensiya jamgʻarmasiga, ish bilan taʼminlash jamgʻarmasiga va ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasiga mablagʻ ajratishdan ozod qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “OʻzKeysagrolizing” qoʻshma lizing kompaniyasiga chet el investitsiyalari ishtirokidagi ishlab chiqarish korxonalari uchun qoʻllanilayotgan mehnatga haq toʻlashga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarni tartibga solish tartibi tatbiq etilsin.
7. Toshkent shahar hokimligiga “OʻzKeysagrolizing” lizing kompaniyasini mahalliy soliqlar va yigʻimlardan ozod qilish tavsiya etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklariga tuzilgan shartnomalarga muvofiq belgilangan lizing toʻlovlari summalarini lizing oluvchilar schyotlaridan ogohlantirmasdan undirib olish tavsiya etilsin.
9. Davlat mulki qoʻmitasi “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi hamda davlat mulki ulushiga ega boʻlgan boshqa lizing oluvchilar “OʻzKeysagrolizing” qoʻshma lizing kompaniyasiga lizing toʻlovlarini taʼminlash uchun mol-mulkni garovga qoʻyishiga belgilangan tartibda ruxsat bersin.
10. Pul-kredit siyosati boʻyicha respublika komissiyasi “OʻzKeysagrolizing” qoʻshma lizing kompaniyasiga qishloq xoʻjaligi texnikasi va ehtiyot qismlar xarid qilish, jalb qilingan mablagʻlarni toʻlash, xorijiy firmalar tomonidan koʻrsatilgan boshqaruv xizmatlariga haq toʻlash va dividendlar toʻlash uchun zarur boʻlgan miqdorlardagi mablagʻlar oʻz vaqtida belgilangan tartibda erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiya qilinishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston banklar uyushmasiga bir oy muddatda lizing toʻgʻrisida vaqtinchalik nizomni ishlab chiqish hamda respublikada lizingni rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifni ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish tavsiya etilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Q.Gʻ. Obidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 27-fevral,
111-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 27-fevraldagi 111-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Oʻzkeysagrolizing” qoʻshma lizing kompaniyasi tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalar yetkazib berish va ularni lizingga berish sxemasi