Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
MONOPOLIYAGA QARShI IShLARNI TARTIBGA SOLISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh TIZIMINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Monopoliyaga qarshi ishlarni tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish, raqobat muhitini izchil rivojlantirish, tabiiy monopoliyalar korxonalari faoliyatini nazorat qilishni kuchaytirish va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan narxlarning asossiz oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish ishlarini faollashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi etib qayta tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining asosiy vazifalari hamda faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
monopoliyaga qarshi samarali siyosatni amalga oshirish, monopolistik faoliyatni cheklash toʻgʻrisidagi va tabiiy monopoliyalar haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
respublikada raqobat muhitini rivojlantirish, tovarlar (xizmatlar, ishlar) bozorlarida, birinchi navbatda ichki isteʼmol bozorida va reklama sohasida noinsof raqobatga chek qoʻyish, mahalliy davlat boshqaruvi va davlat hokimiyati organlari tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslik uchun huquqiy maydonni yanada takomillashtirish, jamoat tuzilmalari bilan chambarchas muvofiqlashtirilgan holda isteʼmolchilarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
iqtisodiy nochor korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holati va raqobatbardoshligini chuqur tahlil qilish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tarkibiy oʻzgartirish va ularning bankrotligi sohasidagi funksiyalarni amalga oshirish, tarkibiy oʻzgartirish, sanatsiya va bankrotlik masalalarini koʻrib chiqishda davlat manfaatlarini ifodalash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga quyidagi huquqlar berilsin:
oʻz vakolatlari doirasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga va ularning mansabdor shaxslariga monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari, tabiiy monopoliyalar haqidagi, bankrotlik toʻgʻrisidagi, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi, reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishlarini toʻxtatish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish hamda berilgan yozma koʻrsatmalarning bajarilishini nazorat qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
daʼvo va ariza bilan sudga murojaat qilish, shuningdek, monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari, tabiiy monopoliyalar, bankrotlik, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hamda reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining qoʻllanishi va buzilishi bilan bogʻliq ishlarni sudda koʻrib chiqishda qatnashish;
Keyingi tahrirga qarang.
xoʻjalik yurituvchi subyektlarga va ularning mansabdor shaxslariga, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mansabdor shaxslariga qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda va tartibda jarimalar solish;
isteʼmolchilarning oʻz huquqlari kamsitilganligi toʻgʻrisidagi ariza va shikoyatlari yuzasidan korxonalar va tashkilotlarni (ularning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatidan tashqari) Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika kengashi bilan kelishgan holda tekshirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va tadbirkorlik subyektlarining Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalari uyushmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
kichik biznes va tadbirkorlik korxonalarini modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlashda, ushbu maqsadlar uchun xorijiy investitsiyalar va kredit resurslarini keng jalb etishda koʻmaklashish;
marketing tadqiqotlarini tashkil etish, kichik korxonalar tomonidan ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshli boʻlgan mahsulotlarning yangi turlari ishlab chiqarilishini oʻzlashtirishda hamda ularni jahon va mintaqa bozorlariga kiritishda koʻmaklashish;
uyushma tarkibiga kiradigan korxonalar va tashkilotlarga axborot xizmatlari koʻrsatish, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari uchun kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda uning hududiy boʻlinmalari taqdim etiladigan daʼvolar yuzasidan sudlarda koʻriladigan ishlar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 2005-yil 30-apreldagi PF-3602-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 26-fevral,
PF-4191-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 9-son, 66-modda; 2012-y., 21-son, 226-modda, 46-47-son, 521-modda)