Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IXTISOSLASHTIRILGAN SUV SPORTINI RIVOJLANTIRISH RESPUBLIKA MARKAZINI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT VA SPORT ISHLARI VAZIRLIGI TASARRUFIGA BERISH TOʻGʻRISIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Olimpiya zaxirasi sport salohiyatini yanada rivojlantirish, sportning suv turlari boʻyicha respublika terma jamoalarini bosqichma-bosqich tayyorlashni zarur darajada tashkil etishni hamda jamoalarning 2012-yilda XXX yozgi Olimpiya va XIV Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli qatnashishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Moliya vazirligining:
Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish Respublika markazini Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufiga berish;
Toshkent shahar, Sobir Rahimov tumani, Universitet koʻchasida joylashgan Ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish Respublika markazining binolari va inshootlarini Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi balansidan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi balansiga bepul berish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi bilan birgalikda Ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish Respublika markazini, shuningdek uning binolari va inshootlarini belgilangan tartibda qabul qilish-topshirish yuzasidan zarur tadbirlarni amalga oshirsin;
bir oy muddatda Ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish Respublika markazining yangilangan ustavini tasdiqlasin va uning belgilangan tartibda qayta roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida Ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish Respublika markazi taʼminoti xarajatlarini moliyalashtirsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish Respublika markazining markazning barcha sport obyektlaridan sifatli va zamonaviy darajada foydalanishni taʼminlaydigan yangi shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 13-sentabrdagi 453-f-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2005-yil 5-apreldagi 96-son qaroriga quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 3-4-son, 20-modda):
2-ilovaga quyidagi mazmundagi 33-band qoʻshilsin:
“33. Ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish Respublika markazi”;
3-ilovaga mutasaddilik qilinadigan tashkilotlarning 3-blokiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish Respublika markazi”.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 22-fevral,
31-son