Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Hukumati oʻrtasida
Memorandum
BRITANIYA KENGAShINING OʻZBEKISTONDAGI FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1993-yil 15-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Hukumati oʻrtasida taʼlim, fan va madaniyat sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida Bitim (bundan keyin Bitim) tuzilganini va unda Britaniya Kengashi Birlashgan Qirollik Hukumatining mazkur Bitimni bajarish boʻyicha asosiy agenti etib tayinlanganini eʼtiborga olib,
Britaniya Kengashi mustaqil davlat tashkiloti hisoblanib, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Tashqi ishlar vazirligi oldida hisob berishini, Qirollik xartiyasiga muvofiq tuzilganini va Birlashgan Qirollikda xayriya tashkiloti sifatida roʻyxatga olinganini, uning maqsadi Birlashgan Qirollik va ingliz tili toʻgʻrisida maʼlumot tarqatishga hamda Birlashgan Qirollik boshqa mamlakatlar, jumladan Oʻzbekiston oʻrtasida madaniy, ilmiy-texnikaviy va boshqa oʻquv-taʼlim hamkorligini rivojlantirishga koʻmaklashishdan iborat boʻlganini inobatga olib,
Britaniya Kengashi vakolatxonasining Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga koʻmaklashishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishdilar:
1. Britaniya Kengashi vakolatxonasi Oʻzbekiston va Birlashgan Qirollik oʻrtasida madaniy munosabatlarni mustahkamlash maqsadida oʻz faoliyatini rivojlantirishga intiladi. Vakolatxonaning dasturi moliyalashtirish sharti bilan quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:
Oʻzbekiston va Birlashgan Qirollikning oʻquv, madaniy va ilmiy muassasalari oʻrtasida ikki tomonlama aloqalarga koʻmaklashish;
tilni oʻqitish metodikasi va ingliz tilini oʻqitish sohasida koʻmaklashish;
taʼlim, sanʼat, fan va kasbga tayyorlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Birlashgan Qirollikda taʼlim olishi uchun stipendiyalar berish yoki stipendiyalar berishga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va boshqa manfaatdor shaxslar uchun imtihonlar oʻtkazish.
2. Britaniya Kengashi vakolatxonasi Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq texnikaviy hamkorlik boʻyicha xorijiy davlatning hukumat tashkiloti vakolatxonasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiyadan oʻtadi.
Britaniya Kengashi vakolatxonasi rahbari va chet ellik xodimlar texnikaviy hamkorlik boʻyicha xorijiy davlatning hukumat tashkiloti vakolatxonasi boshligʻi va xodimlari sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiyadan oʻtadi.
3. Vakolatxona rahbari va chet ellik xodimlar hamda ularning oila aʼzolari quyidagilardan ozod etiladi:
— Respublika yoʻl jamgʻarmasiga toʻlanadigan majburiy toʻlovlar, shaxsiy daromad soligʻi va budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga toʻlanadigan sugʻurta badallaridan;
— quyidagi bojxona toʻlovlari toʻlashdan:
vakolatxona rahbari va chet ellik xodimlar mamlakatda vazifasini boshlagan vaqtda shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan maishiy xoʻjalikka moʻljallangan narsalar, jihozlar, kitoblar, mebel va ishda foydalanish maqsadida olib kiriladigan boshqa predmetlardan olinadigan, vakolatxona rahbari va chet el xodimlari bu tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekistonning tegishli organlari ruxsatisiz sotmaslik sharti bilan;
Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq, shaxsiy foydalanish uchun avtotransport vositalarini olib kirishda bojxona toʻlovlari toʻlashdan.
Ushbu bandda belgilangan imtiyozlar Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasiga ham tatbiq etiladi.
Agar Britaniya Kengashi vakolatxonasi Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini toʻxtatishga qaror qilsa, u oʻziga tegishli mulklarni olib chiqib ketishi mumkin.
4. Britaniya Kengashi vakolatxonasi oʻz faoliyati dasturini Bitimga va Britaniya Kengashi Nizomida koʻrsatilgan maqsadlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq belgilaydi.
5. Britaniya Kengashi vakolatxonasi notijorat asosida oʻz faoliyatini amalga oshiradi. Shu bilan bir vaqtda Britaniya Kengashi vakolatxonasi oʻz xarajatlarini qoplash uchun barcha ortiqcha daromadlarni Britaniya Kengashining Nizomida koʻrsatilgan maqsadlarni amalga oshirishga, xususan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Qirollik oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish sharti bilan barcha oʻquv dasturlariga toʻlov oʻrnatishi mumkin.
6. Britaniya Kengashi vakolatxonasi oʻz ixtiyoriga koʻra joylashish uchun bino tanlashi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Britaniya Kengashiga munosib binolar qidirishda yordam koʻrsatadi.
7. Britaniya Kengashi vakolatxonasi Britaniya Kengashi tomonidan belgilangan shartlarga koʻra va Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan roʻyxatdan oʻtkazish sharti bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan xodimlarni yollashi mumkin.
8. Britaniya Kengashi oʻz faoliyatini amalga oshirishi va xizmatlar koʻrsatishi davomida olgan daromadlari barcha soliqlardan, bojlardan, shuningdek boshqa budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga majburiy toʻlovlardan ozod etiladi, Britaniya Kengashining ish beruvchi maqomi bilan bogʻliq boʻlgan majburiy toʻlovlar bundan mustasno.
Britaniya Kengashi tomonidan Til markazi ochilsa, soliqqa tortish masalasi alohida kelishuv asosida tartibga solinadi.
Shu bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻchmas mulkka ega boʻlgan va mulk huquqi asosida yer uchastkasiga egalik qilish, foydalanish va ijaraga berish huquqi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tegishlicha mulk va yer soligʻi toʻlovchilari hisoblanadi.
9. Britaniya Kengashi vakolatxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi bilan oʻz xodimlarining soni, amalga oshiriladigan dastur va loyihalari, vaqti, joyi, tartibi va rejalashtiriladigan tadbirlarning kun tartibi (konferensiya, seminar, trening va boshqalar) toʻgʻrisida kelishib oladilar, shuningdek amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida yillik hisobot va vakolatxonaning faoliyati toʻgʻrisida soʻralgan boshqa maʼlumotlarni taqdim etadi.
10. Britaniya Kengashi vakolatxonasining faoliyatida qoidabuzarliklar aniqlanganda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Britaniya Kengashi vakolatxonasidan zarur hujjat va maʼlumotlarni soʻrashga, shuningdek ularga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida xabarnoma yuborishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi buzilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonunchiligiga va xalqaro-huquq normalariga muvofiq chora-tadbirlar koʻrishga haqli.
11. Ushbu Memorandum kuchga kirishi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Britaniya Kengashi oʻrtasida Oʻzbekistonda Britaniya Kengashining faoliyatini rivojlantirish toʻgʻrisida 1995-yil 12-dekabrdagi Memorandum oʻz kuchini yoʻqotadi.
Ushbu Memorandum imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri olti (6) oy oldin yozma ravishda ushbu Memorandumning faoliyatini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qilmaguniga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida 2009-yil 19-avgustda ikki nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 2-3-son)