Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasi bilan Ispaniyaning Sanoat, Turizm va Savdo vazirligi oʻrtasida
anglashuv Memorandumi
TURIZM SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi va Ispaniyaning Sanoat, Turizm va Savdo vazirligi, bundan keyin “imzo chekuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni oʻzaro teng huquqlilik asosida rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda. Turizm sohasidagi aloqalar
Imzo chekuvchi Tomonlar oʻz mamlakatlari iqtisodiyotini kuchaytirish va milliy madaniyatlarini oʻzaro tushunish jarayonini yaxshilash maqsadida ikki tomonlama turizm soqasidagi aloqalarni rivojlantirish va kengaytirishga alohida eʼtibor qaratadilar. Bu sohada amalga oshiriladigan barcha saʼy-harakatlar ikkala mamlakat qonunchiligi va amaldagi xalqaro bitimlari asosida bajarilishi lozim.
2-modda. Turizm sektorlari oʻrtasidagi hamkorlik
Imzo chekuvchi Tomonlar davlat va xususiy turizm sektorlari oʻrtasida hamkorlikni kuchaytiradilar va turizm sohasini rivojlantirish, marketing, rejalashtirish va dam olish maskanlarini yaxshilash maqsadida uyushtiriladigan oʻzaro mutaxassislar tashriflarini ragʻbatlantirish imkoniyatlarini oʻrganib chiqadilar.
3-modda. Maʼlumot almashish
Imzo chekuvchi Tomonlar turizm sanoatida sifat, doimiy rivojlanish va texnologik yangiliklarga oid oʻzaro maʼlumot va tajriba almashinuvini ragʻbatlantiradilar.
4-modda. Turizm sohasiga investitsiyalar jalb qilish
Imzo chekuvchi Tomonlar oʻz mamlakatlari xususiy sektorlari oʻrtasida turizm sohasiga investitsiyalar jalb qilishga qaratilgan hamkorlikni kuchaytiradilar.
Shu maqsadda imzo chekuvchi Tomonlar oʻz mamlakatlarida amalga oshirilayotgan turizm sohasini rivojlantirishga oid dasturlar hamda ushbu dasturlar bilan bogʻliq milliy va xalqaro fondlar va moliyaviy jarayonlar yuzasidan oʻzaro maʼlumot almashadilar.
5-modda. Texnik tomonlar va oʻzaro mutaxassislar tashriflari
Imzo chekuvchi Tomonlar oʻzaro mutaxassislar tashriflarini uyushtirish va oʻquv dasturlarini tashkillashtirish orqali oʻzaro texnik yordam berish imkoniyatlarini koʻrib chiqadilar.
Bundan tashqari, imzo chekuvchi Tomonlar oʻz mamlakatlarida mavjud turizmga oid grant dasturlari hamda bu sohada malaka oshirish boʻyicha oʻquv kurslari yuzasidan maʼlumot almashadilar. Bu kabi dasturlar va oʻquv kurslarida har ikki mamlakat vakillarining ishtirokini qoʻllab-quvvatlaydilar.
Shuningdek, imzo chekuvchi Tomonlar turizm sohasini rivojlantirish maqsadida turizmni jadallashtirish, atrof-muhitni saqlash, turizm sohasiga oid tashkiliy masalalarni hal etish va tarixiy obidalarni taʼmirlashga qaratilgan oʻzaro mutaxassislar tashrifini uyushtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqadilar.
6-modda. Turizmni targʻib qilish
Oʻz mamlakatlariga turistlarni jalb qilish maqsadida imzo chekuvchi Tomonlarning har biri ikkala mamlakatda oʻtkaziladigan koʻrgazmalar, kongress, savdo yarmarkalari, forumlar, seminarlar va boshqa targʻibot anjumanlarida oʻz vakillarining ishtirokini ragʻbatlantiradilar.
7-modda. Memorandumning boshqa kelishuvlarga taʼsiri
Ushbu Anglashuv Memorandumi boshqa xalqaro kelishuvlarning huquq va majburiyatlariga taʼsir koʻrsatmaydi.
8-modda. Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi
Ikki imzo chekuvchi Tomonlar roziligi bilan ushbu Anglashuv Memorandumiga qoʻshimcha hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan va mazkur Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda. Memorandumning kuchga kirishi, amal qilish muddati va muddati tugatilishi
Ushbu Anglashuv Memorandumi imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va imzo chekuvchi Tomonlarning biri Memorandumni vaqtliroq muddatda tugatish istagini bildirmasa, besh yil davomida amal qiladi. Agar imzo chekuvchi Tomonlarning biri Memorandum muddati tugashidan olti oy oldin uning faoliyatini bekor qilish toʻgʻrisidagi xabarnomani taqdim etmasa, ushbu Memorandum muddati oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzaytiriladi.
Toshkent shahrida 2009-yil 3-iyulda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va ispan tillarida tuzildi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 2-3-son)