Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
RESPUBLIKA SOLIQ ORGANLARI TIZIMINI YANADA MODERNIZATSIYA QILISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Qayd etilsinki, mustaqillik yillarida mamlakatda bozor tamoyillariga javob beradigan soliq tizimi shakllandi, Oʻzbekiston Respublikasining yangi Soliq kodeksi qabul qilindi, soliqlarni boshqarishning zamonaviy metodlari va mexanizmlari joriy etildi, soliq organlarining yaxlit tizimi yaratildi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda toʻplangan va chet el tajribasining tanqidiy tahlili respublika soliq organlari tizimini yanada modernizatsiya qilishning zarurligidan dalolat beradi.
Soliq organlarining funksiyalari, vakolatlari va tuzilmasi zamonaviy talablarga javob bermaydi, ular fiskal-moliya organlari tuzilmasida, eng avvalo, soliq qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish, Davlat budjetining daromad qismini barqaror shakllantirishning belgilangan topshiriqlarini bajarish masalalarida hali yetakchi oʻrinni egallagani yoʻq.
Ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda ishlarni tashkil etishning zamonaviy shakl va metodlaridan zarur darajada foydalanilmayapti, soliq qonunchiligi buzilishlarining oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha axborot-tahliliy ishlar sust olib borilmoqda.
Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish ishlari aniq-puxta muvofiqlashtirilmayapti, bozorlar hududlaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatiga turli tekshiruvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan noqonuniy aralashish holatlari mavjud. Shu bilan bir qatorda, bozorlarda soliq qonunchiligini buzish, turli yigʻimlarni undirish, aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlar va kontrafakt mahsulotlarning noqonuniy muomalada boʻlishi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oshirilgan narxlarda qayta sotish, olingan naqd tushumni toʻliq inkassatsiya qilmaslik hollari davom etmoqda.
Mamlakatimizda toʻplangan va chet el tajribasini hisobga olgan holda soliq organlari tizimini yanada modernizatsiya qilish, nazorat qiluvchi organlar funksiyalaridagi bir-birini takrorlashlarni bartaraf etish, respublika fiskal-moliya organlari tuzilmasida soliq organlarining, eng avvalo, qabul qilingan soliq qonunchiligini va Davlat budjetining daromad qismini shakllantirish boʻyicha belgilangan topshiriqlarni bajarish masalalaridagi vakolatlarini kengaytirish va rolini oshirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining asosiy vazifalari va funksiyalari etib belgilansin:
davlat soliq siyosatini amalga oshirish va soliq qonunchiligiga, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishiga, ularning toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishiga rioya qilinishi yuzasidan taʼsirchan nazoratni taʼminlash;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga toʻliq miqdorda tushishini taʼminlash;
soliq toʻlovchilar va soliqqa tortish obyektlarini oʻz vaqtida va ishonchli hisobga olinishini taʼminlash, soliq maʼmuriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tahlilning avtomatlashtirilgan ilgʻor usullarini keng joriy etish yordamida ularni toʻliq qamrab olish mexanizmlarini takomillashtirish;
soliqqa tortish bazasini kengaytirishning tahlili va taʼsirchan chora-tadbirlarini, shu jumladan, mintaqalarning soliq salohiyati va makroiqtisodiy koʻrsatkichlar dinamikasini tizimli tahlil qilish yordamida ishlab chiqish, soliq yigʻiluvchanligini oshirish choralarini koʻrish, soliq nazoratining zamonaviy metodlarini joriy etish, soliq sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish;
pul mablagʻlarining noqonuniy muomalada boʻlishi manbalarini bartaraf etish, aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan naqd tushumning oʻz vaqtida va toʻliq topshirilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlash;
soliq toʻlovchilarga kontaktsiz elektron xizmat koʻrsatishga toʻliq oʻtish yoʻli orqali soliq toʻlovchilar bilan ishlashni takomillashtirish, ularga soliq majburiyatlarini bajarishda har tomonlama yordam berish, aholi va tadbirkorlik subyektlarining huquqiy madaniyatini oshirish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar, yuridik va jismoniy shaxslar faoliyatini ragʻbatlantirish boʻyicha qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, ularga zarur imtiyozlar va preferensiyalar berish yuzasidan takliflar kiritish;
bozorlar va savdo komplekslarining moliya-xoʻjalik faoliyatini, ular tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish hamda ularning hududlarida aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha surishtiruvlar oʻtkazgan holda, jinoiy ishlarni huquqni muhofaza qilish organlariga topshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
moliya organlari, manfaatdor vazirliklar va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan soliqqa tortish masalalarida, shu jumladan, respublika va mahalliy budjetlarning daromadlarini koʻpaytirishning qoʻshimcha rezervlarini aniqlash yordamida hamkorlik qilish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish masalalarida respublika nazorat organlari faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlash, bu ishni amalga oshirishda bir-birini takrorlashga va suiisteʼmolchiliklarga yoʻl qoʻymaslik;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan valyuta va eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda qonun hujjatlariga rioya etilishini oʻz vakolatlari doirasida nazorat qilib borish;
kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, soliq organlarini yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan malakali xodimlar bilan toʻldirish, korrupsiya va ishga rasmiyatchilik bilan munosabatda boʻlish holatlariga qatʼiy barham berish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek, xodimlar orasida huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash hamda ularga xizmatlarini oʻtash uchun munosib sharoitlar yaratish.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi PQ-3376-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2017-y., 07/17/3376/0211-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-avgustdagi PQ-3168-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 31-son, 773-modda)
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq bozorlar, savdo komplekslari, ularga tutash avtomobil toʻxtash joylari, shuningdek ular hududida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqi faqat davlat soliq xizmati organlariga beriladi.
Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat soliq xizmati organlari jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlari asosida nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga binoan bozorlar, savdo komplekslari va ularga tutash avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida bir martalik yigʻimlar, ijara haqi toʻlovi topshirilishi va hisobi toʻliq yuritilishini, savdo va xizmatlar koʻrsatish qoidalariga rioya qilinishini, ushbu bandning toʻrtinchi xatboshida koʻrsatilgan holatlardan mustasno tarzda, qisqa muddatli tekshiruvlar oʻtkazish huquqiga egadirlar.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-apreldagi PF-5027-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 18-son, 310-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat soliq xizmati organlari tomonidan bozorlarda, savdo komplekslari va ularga tutash avtomobil toʻxtash joylarida faoliyat koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini naqd pul mablagʻlari yoki plastik kartochkalar boʻyicha toʻlov shakliga qarab narxlarni sunʼiy ravishda oshirish yoki pasaytirish, nazorat-kassa mashinalaridan, hisob-kitob terminallaridan foydalanish, shuningdek, belgilangan tartibda chek va talonlarni berish, naqd tushumni oʻz vaqtida va toʻla hajmda inkassatsiya qilish masalalari yuzasidan oʻtkaziladigan tekshiruvlar, oʻrnatilgan tartibga muvofiq, nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining maxsus ruxsatnomasini talab etadigan soliq tekshiruvi hisoblanmaydi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-apreldagi PF-5027-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 18-son, 310-modda)
bozorlar va savdo komplekslarida sanitariya norma va qoidalariga, shuningdek standartlarga, yongʻin xavfsizligi normalari va qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya xizmati organlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatiga yuklanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, tegishli vazirliklar va idoralar oʻz xodimlari va mutaxassislarining bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solish boʻyicha qonun hujjatlari talablari bajarilishini taʼminlash uchun davlat soliq xizmati organlari tomonidan tashkil etiladigan guruhlar tarkibida qatnashishini taʼminlasinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-avgustdagi PQ-3168-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 31-son, 773-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-avgustdagi PQ-3168-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 31-son, 773-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
ikki hafta muddatda yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
bir oy muddatda Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boʻlimlari joylashtirilishini tashkil etsin, ularni moddiy-texnik baza va yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlasin;
bir oy muddatda, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi boʻlinmalarining xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga tegishli qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritsin;
bir oy muddatda davlat soliq xizmati organlari xodimlarining yangi kiyim-bosh formasi namunasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, uning 2010-yil 1-iyuldan boshlab joriy etilishini nazarda tutsin.
7. 2010-yil 1-apreldan boshlab davlat soliq xizmati organlari xodimlarining lavozim maoshlariga ularning funksional vazifalarini bajarishi, bilim darajasi, soliq toʻlovchilar bilan ish olib borish boʻyicha kasbiy qobiliyatlari har yili test sinovidan oʻtkazilishi asosida belgilanadigan maxsus ragʻbatlantiruvchi ustamalar joriy etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi test sinovidan oʻtkazish natijalari boʻyicha berilgan toifalarga qarab lavozim maoshlariga 10 foizdan 30 foizgacha miqdorda Maxsus ragʻbatlantiruvchi ustamalarni qoʻllash tartibini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va sinovdan oʻtkazilgandan keyin belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari lavozim maoshlariga maxsus ragʻbatlantiruvchi ustamalar toʻlash, shuningdek yangi namunadagi kiyim-bosh formasi qiymatini qisman qoplash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish manbai etib belgilansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 8-yanvar,
PQ-1257-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 1-2-son, 4-modda; 2013-y., 4-son, 44-modda; 2017-y., 18-son, 310-modda, 31-son, 773-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2017-y., 07/17/3376/0211-son; 01.12.2017-y., 06/17/5269/0340-son; 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son; 24.02.2021-y., 06/21/6176/0156-son; 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)