Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
KLINIK-DIAGNOSTIKA LABORATORIYALARIDA ISHLASHDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 7-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2059]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi 267-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Klinik-diagnostika laboratoriyalarida ishlashda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 28-dekabr,
81-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 28-dekabrdagi 81-B-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Klinik diagnostika laboratoriyalarida ishlashda mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq klinik diagnostika laboratoriyalarida mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar sogʻliqni saqlash muassasalarining klinik diagnostika laboratoriyalariga (keyingi oʻrinlarda laboratoriyalar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar talablari laboratoriyalarni loyihalash, qurish va qayta qurishda, ularni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Laboratoriyalarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan tashkilotlar tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Laboratoriyalarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi hamda quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
baxtsiz hodisalarning oʻz vaqtida va toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq laboratoriyalarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish uning rahbarlaridan birining zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Laboratoriyalarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish
8. Barcha xodimlar, shu jumladan rahbarlar oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari hamda bilimlari sinovdan oʻtkazilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi va ishlovchilar hamda ish joylarini shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash laboratoriya rahbariyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Kasbiy tanlov
11. Laboratoriyalarga ishga qabul qilishda kasbiy tanlov talab qilinadigan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
12. Laboratoriya ish beruvchisi kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha kasbiy tanlovni tashkillashtirishi hamda amalga oshirishi zarur.
13. Laboratoriyalarga tegishli kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni qabul qilish man etiladi.
4-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
14. Ishlovchilarni zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish tegishli standartlar va meʼyorlar talablariga mos jamoaviy va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
15. Jamoaviy himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, tebranma, elektr toki urishi, statik tok va uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
16. Jamoaviy himoya vositalari (ventilyatsiya, aspiratsiya, yerga ulash, mahalliy soʻrgʻichlar va boshqalar) zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillari xonadagi barcha ishlovchilarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va laboratoriyalarni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
17. Jamoaviy himoya vositalari zararli va xavfli omillarni ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda shaxsiy himoya vositalari qoʻllanilishi lozim. Bunday hollarda shaxsiy himoya vositalarisiz kishilarning ishtiroki va ishlar amalga oshirilishi taqiqlanadi.
18. Shaxsiy himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularning qoʻllanilishi, himoya xususiyatlari, amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi hamda ulardan foydalanishga oʻrgatilishi lozim.
19. Laboratoriya maʼmuriyati yoki ish beruvchi quyidagilarni taʼminlashi shart:
amaldagi meʼyorlar boʻyicha mazkur ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan barcha shaxsiy himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasini;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishni;
qoʻllanilayotgan himoya vositalarining samaradorligi va sozligini tekshirishni;
shaxsiy himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni degazatsiya va dezinfeksiya qilishni (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
20. Ish beruvchi xodimlarni Sogʻliqni saqlash va tibbiyot ishlab chiqarishlari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlariga (roʻyxat raqami 1998, 2009-yil 25-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 35-son, 391-modda) muvofiq bepul kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibdagi himoyalanish vositalari bilan taʼminlashi shart.
21. Ish vaqtida xodimlar ularga berilgan maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalaridan foydalanishlari shart.
22. Maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini ishlatish muddati xodimlarga berilgan kundan boshlab hisoblanadi.
23. Ish beruvchi xodimlarga bogʻliq boʻlmagan holda, belgilangan ishlatish muddati tugamasdan ilgari yaroqsiz holga kelgan maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini almashtirishi yoki taʼmirlashi shart.
5-§. Xodimlar salomatligini nazorat qilish
24. Xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni maʼmuriyat ishga qoʻymaslikka haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
6-§. Sanitariya va gigiyena
27. Laboratoriya xonalari ish hududidagi harorat, nisbiy namlik, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
28. Noqulay omillar taʼsiriga qarshi himoya tadbirlarini tuzishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash talablari”ga muvofiq tashkil qilish lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Laboratoriya xonalari tabiiy va sunʼiy yorugʻliligi darajasi QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yorugʻlik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
7-§. Laboratoriya xonalariga qoʻyiladigan talablar
30. Laboratoriyalar qurilish meʼyorlari va qoidalari, sanitariya va yongʻin xavfsizligi meʼyorlari talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Laboratoriyalarning joylashishi, xonalari tarkibi va umumiy maydonlari oʻrnatilgan tartibda SHNQ 3.01.04-04 talablariga binoan foydalanishga qabul qilinishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Laboratoriyalarni yertoʻla va yarim yertoʻlalarda joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Laboratoriyada ikkita kirish joyi boʻlishi zarur (xodimlar va bemorlar uchun).
33. Laboratoriyalar QMQ 2.08.02-89 talablariga binoan vodoprovod, issiq suv, kanalizatsiya, markaziy isitish tizimi va gaz bilan (agar mavjud hudud tabiiy gaz bilan taʼminlangan boʻlsa) taʼminlanishi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
34. Vodoprovod va kanalizatsiya boʻlmagan hududlarda laboratoriyalar uchun mahalliy vodoprovod, kanalizatsiya va zararsizlantiruvchi uskunalari boʻlgan tozalash inshootlari qurilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Laboratoriyaga gaz tarmogʻi kiritilgan joyda umumiy gaz murvati oʻrnatiladi, ish kuni oxirida bu gaz murvati yordamida laboratoriyadagi gaz umumiy ravishda oʻchiriladi.
36. Gaz taʼminotida vaqtinchalik uzilish roʻy berganda, laboratoriyadagi barcha gaz asboblarining murvatlarini yopish zarur.
37. Laboratoriyalar xonalari soʻruvchi-tortuvchi shamollatish qurilmasi bilan jihozlangan boʻlishi zarur. Bu shamollatish uskunalarining shovqini xodimlarning ishlashlariga xalal bermaydigan qilib oʻrnatilishi kerak. Xonalarni shamollatish uskunalari ish boshlanishidan oldin ishga tushirilishi lozim.
38. Laboratoriyalarning xonalarida shamollatish uskunalaridan tashqari, derazalarida framugalar va fortochkalari boʻlishi kerak (bakteriologik laboratoriyalarning maxsus bokslaridan tashqari). Yilning issiq davrida ishchi xonalarning derazalariga pashshalarga qarshi toʻrpardalar tutilishi lozim.
39. Bioximiyaviy, serologik, gormonal tekshiruvlar oʻtkaziladigan xonalar, shuningdek siydik va axlat tekshiruvi uchun moʻljallangan xonalar mexanik ishlaydigan shamollatish uskunalari bilan jihozlanishi zarur.
40. Havoni tortuvchi shkaflarning toʻsiqlari ishlayotgan paytda yopiq boʻlishi kerak. Bu toʻsiqlarni faqatgina uskunada ishlaganda ochish mumkin.
8-§. Elektr xavfsizligi va elektr uskunalar
41. Laboratoriyalarda elektr uskunalari va jihozlarini Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 27-son, 317-modda) hamda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 33-son, 379-modda) talablariga muvofiq joylashtirish va oʻrnatish zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Elektr uskunalari va jihozlari bilan ishlovchi xodimlar elektr xavfsizligi boʻyicha II guruhga ega boʻlishlari lozim. Ushbu xodimlar yiliga bir marta elektr xavfsizligi boʻyicha oʻqitilib (qayta oʻqitilib), bilimlari sinovdan oʻtkazilishi lozim.
III. Ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Zaharli moddalar, kislotalar va ishqorlar bilan ishlashda va ularni saqlashda
43. Zaharli moddalar alohida xonada, temir seyflarda yoki temir shkaflarda, qulflangan va muhrlangan holda saqlanishi lozim. Xonada vodoprovod, kanalizatsiya, shamollatish uskunasi va havo tortuvchi uskuna oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Zaharli moddalar saqlanuvchi xonaning derazalarida temir panjaralar oʻrnatilgan, eshiklari temir bilan qoplangan boʻlishi kerak. Ish hajmi kichik boʻlgan laboratoriyalar uchun moddiy narsalar saqlanuvchi xonada temir shkaf oʻrnatilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
44. Ish tugagandan keyin zaharli moddalar temir shkafda saqlanishi lozim.
45. Zaharli moddalar saqlanuvchi shkaflar va xonaning kalitlari, shuningdek muhr va tamgʻalar, bu moddalarni saqlash uchun tayinlangan javobgar shaxsda saqlanishi zarur.
46. Laboratoriyada zaharli moddalarning saqlanishi va ishlatilishiga hamda bu borada hujjatlarning yuritilishiga javobgar — laboratoriya mudiri (mudir yoʻqligida mudir vazifasini bajaruvchi xodim) hisoblanadi.
47. Laboratoriyaga zaharli moddalar keltirilganda, javobgar shaxs shaxsan ularni va biriktirilgan hujjatlarni qabul qilib olishi zarur.
48. Zaharli moddalar saqlanuvchi xonaga muassasa boʻyicha chiqarilgan buyruqqa asosan bunday moddalar bilan ishlashi mumkin boʻlgan shaxslar kirishi mumkin.
49. Zaharli moddalar alohida raqamlangan, tikilgan va muassasa rahbari tomonidan imzolangan jurnallarda nomma-nom va miqdoriy hisob-kitob qilinishi shart.
50. Zaharli moddalar laboratoriya tekshiruvlari uchun faqatgina laboratoriya mudiri tomonidan (yoki boshqa javobgar shaxs tomonidan) imzolangan talabnomaga muassasa rahbarining yozma ruxsati bilan beriladi. Talabnomada moddalarni qabul qiluvchi shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatilishi zarur. Bunda har bir zaharli moddaning ustiga quyidagilar yozilgan yorliqlar yopishtirib qoʻyilishi shart:
zaharli moddaning nomi;
“Zahar” yozuvi va bosh chanoq suyagi bilan suyaklarning tasviri;
“Ehtiyotlik bilan foydalanilsin!” degan yozuv.
51. Zaharli moddalar bilan faqatgina maxsus oʻqitilgan xodimlar ishlashlari mumkin.
52. Zaharli va kuchli taʼsir koʻrsatuvchi moddalarni maydalash, qadoqlash va tortish ishlari havo tortuvchi shkaflarda, maxsus ajratilgan idishlarda va uskunalarda (tarozilar, voronkalar, hovoncha, silindrlar va h.k.) olib borilishi kerak.
53. Zaharli moddalarni faqatgina tubi dumaloq kolbalarda qizdirish mumkin. Kolbalarni ochiq alangada qizdirish man etiladi.
54. Zaharli moddalar bilan rezinali qoʻlqoplarda, himoyalovchi koʻzoynaklarda, zarur boʻlganda esa gazlarga qarshi niqoblarda ishlash lozim.
55. Idishlar zaharli moddalar bilan, konsentrlangan kislotalar va ishqorlar bilan toʻldirilganda sifonlardan yoki rezinali noksimon soʻrgʻich oʻrnatilgan pipetkalardan foydalanish zarur.
56. Ish tugaganidan soʻng qoʻllar yaxshilab yuvilishi, zarur xollarda tishlar ham tozalanib, ogʻiz chayilishi kerak.
57. Kislotalarning konsentrlangan eritmalari qopqogʻi mahkam berkitiluvchi maxsus shisha idishlarda saqlanishi lozim.
58. Kuchli taʼsir koʻrsatuvchi va zaharli moddalar bilan maxsus laboratoriya kiyimlari va sochiqlar ifloslanganda, ularni darhol almashtirib, neytrallash va yuvish uchun topshirish zarur.
59. Ishqorlar boʻgʻzi katta, zargʻaldoq rangli shisha idishlarda saqlanishi, bu idishlarning ogʻzi poʻkak tiqin bilan yopilib, ustidan parafin quyilgan boʻlishi kerak.
60. Uchuvchi moddalar solingan bikslar, bankalar faqat bevosita qoʻllaniladigan vaqtda ochilishi kerak.
61. Konsentrlangan kislotalar va ishqorlar solingan idishlarni ochish va ulardan eritmalar tayyorlash faqat mexanik havo tortuvchi shkafda oʻtkazilishi zarur.
62. Ishqorlarni idishdan shpatel bilan olish kerak.
63. Ishqorlardan eritma tayyorlanganda tortilgan ishqorni boʻgʻzi katta idishga solib, zarur hajmda suv quyib, yaxshilab eritiladi. Ishqorning katta boʻlaklari maxsus joyda maydalanadi. Bunda ishqorning usti qalin mato yoki boshqa material bilan yopilishi kerak.
64. Kuchli kislotalar suyultirilganida, ularning sachrab ketmasligi uchun kislota suvga qoʻshiladi, suvni kislotaga quyish mumkin emas.
65. Kislotali, ishqorli va boshqa oʻyuvchi moddalar solingan katta idishlar tashilganida, ularni maxsus qutilarda yoki savatlarda ikki kishi koʻtarishi kerak, ularni shuningdek maxsus aravada ham tashish mumkin.
66. Kislotalar, ishqorlar va boshqa xavfli moddalarni tashishdan oldin ularning idishlari butunligini tekshirish lozim.
67. Kislotalar, ishqorlar va boshqa xavfli moddalarni katta idishlarda quyish uchun maxsus sifonlardan foydalanish zarur.
68. Kislotalar, ishqorlar va boshqa xavfli moddalar eritmalarini pipetkaga ogʻiz bilan tortish mumkin emas. Buning uchun naycha oʻrnatilgan rezinali noksimon soʻrgʻichlardan foydalanish kerak.
69. Eritmalar qaynatilganida, ular sovimagunicha idishni (kolba, probirka) yopish mumkin emas.
70. Probirkadagi eritmani qizdirganda, uning ogʻzini oʻzidan va boshqalardan chetga qaratib ushlash kerak.
71. Stolga zaharli boʻlmagan moddalar toʻkilganida, stol usti rezina qoʻlqop kiyilgan holda latta bilan artiladi, keyin latta yaxshilab suvda yuviladi, stol usti va qoʻlqoplar ham suv bilan yuviladi.
72. Ishqor toʻkilganida, unga qum yoki qirindilar sepiladi, keyin ularni yigʻib olib, u yerga koʻp marta suyultirilgan xlorid yoki uksus kislotasi quyiladi, shundan soʻng latta bilan kislotani artib olib, stol va qoʻlqoplar suv bilan yuviladi.
73. Kislota toʻkilganida, unga qum sepiladi (qirindi sepish mumkin emas), keyin qumni belkurak bilan olib tashlab, soda sepiladi. Soʻngra sodani olib tashlab, bu yerni koʻp marta suv bilan yuvish lozim.
74. Konsentrlangan kislota va ishqorlarni neytrallash uchun moʻljallangan eritmalar ish kuni mobaynida ish joyida javonda turishi kerak.
75. Yonuvchi va portlovchi moddalar qalin devorli idishlarda saqlanishi lozim.
76. Yonuvchi suyuqliklar asbest solingan temir qutilarda saqlanishi lozim. Bu temir qutilar isitish tizimlaridan va yoʻlaklardan uzoqda joylashtirilishi zarur. Qutidan foydalanish qulay boʻlishi lozim. Bu reaktivlar mahkam yopilgan boʻlishi kerak. Zarur boʻlsa, ularni parafin quyib, mahkamlash mumkin.
77. Reaktivlarni yopishda tiqinlardan foydalanilganida, ularning xossalarini hisobga olish zarur.
Rezinali tiqinlar spirt, benzol, atseton, efir taʼsirida shishib ketadi. Galogenlar taʼsirida (brom, yod) rezina tiqinlar noziklashib, parchalanib ketadi. Bunday reaktivlarni shisha qopqoqlar bilan yopish kerak.
Ishqorlarni shisha qopqoqlar bilan yopib boʻlmaydi, chunki ular ishqor bilan hoʻllanib, karbonat angidrid taʼsirida qopqoq bilan shisha idish boʻgʻzi orasida karbonatlar hosil qiladi,natijada shisha qopqoq yopishib qoladi.
78. Reaktiv yorugʻlikka sezuvchan boʻlsa (masalan, bromli kumush, kumush nitrat, vodorod perekisi, giposulfit va boshqalar), ular zargʻaldoq rangli shisha idishlarda saqlanadi. Shisha idish rangsiz boʻlsa, uni qora rangli qogʻozga oʻrab, qorongʻi qutida saqlash lozim.
79. Past haroratlarda qaynaydigan, yonuvchan moddalarni (atseton, efir va boshqalar) qizdirish va haydash uchun tubi dumaloq issiqqa chidamli kolbalardan foydalanish zarur, qizdirish uchun foydalaniladigan hammomlar shu moddaning qaynash haroratiga asosan suv yoki moy bilan toʻldiriladi. Oson yonuvchan modda solingan kolbani asta-sekin isitmasdan turib, qaynoq suvga solish mumkin emas.
80. Oson yonuvchan moddalar va yonuvchan eritmalar bilan havo tortuvchi shkaflarda ishlash zarur, bunda shkafning eshiklari yopilgan boʻlishi hamda shamollatish uskunasi ishlab turishi lozim, shuningdek gaz va elektr uskunalar oʻchirilgan boʻlishi kerak.
81. Eritma haydalayotganida, toʻsatdan yigʻuvchi kolbaga toshib oʻtib ketmasligi uchun haydalayotgan eritma solingan kolbaga shisha naychalar yoki pemza boʻlaklari solib qoʻyilishi kerak.
82. Yonuvchan eritmalarni haydashdan oldin sovutgich suvga ulanadi va sovuq suv yuboriladi, shundan keyin haydovchi kolba qizdiriladi. Yigʻuvchi kolba qum solingan patnisga qoʻyiladi. Haydash jarayonini qarovsiz qoldirish mumkin emas.
2-§. Idishlarni yuvishda
83. Laboratoriyada foydalaniladigan idishlar ishlatilib boʻlingandan keyin darhol yuvilishi zarur.
84. Shisha idishlar turli usullar bilan yuviladi. Dastlab, ularni shisha idishlarni yuvishda qoʻllaniluvchi moslama bilan ichidagi narsalari mexanik tozalanib, soʻngra ular kimyoviy usul bilan tozalanadi. Idishdagi modda reaksiyaga kirishmasa, sovunli eritmaga soda yoki uch natriy fosfat qoʻshilib tozalanadi. Yuvuvchi eritma issiq boʻlishi kerak.
85. Xromli eritma bilan idishlarni yuvganda sachrashning oldini olish uchun, ularni suv bilan chayib tashlash lozim.
Pipetkalarni yuvish uchun xromli eritmani rezinali noksimon soʻrgʻich yordamida tortish zarur.
Ayrim hollarda moy va smola ishlatilgan idishlarni oddiy konsentrlangan kislota yoki ishqorlar bilan oson yuvish mumkin.
86. Kislotalar va ishqorlar bilan ishlaganda xavfsizlik qoidalari qanday boʻlsa, shunday qoidalarga idishlarni yuvganda ham amal qilish lozim.
87. Idishlarni yuvib boʻlgandan keyin, yuvuvchi eritmalar aralashganda xavfli birikmalar hosil qilishi mumkinligi sababli, ularni koʻp miqdor suv bilan chayish lozim.
88. Idishni yuvganda qoʻllarni issiq suv va oʻyuvchi moddalar eritmalaridan himoya qilish uchun rezinali qoʻlqoplar kiyish zarur.
89. Kuchli taʼsir koʻrsatuvchi, zaharli, portlovchi va yonuvchan moddalar va eritmalar ishchi xonalarga faqat shu kungi ish jarayoni uchun yetarli miqdorda keltirilishi lozim.
90. Ish joyida yonuvchan xavfli moddalarning faqat shu vaqtda oʻtkazilayotgan tekshiruv uchun zaruriy miqdori boʻlishi kerak.
91. Tez yonuvchan, portlovchi moddalarning kislotalar va ishqorlar bilan birga saqlanishi qatʼiyan man qilinadi.
92. Ishlatilgan yonuvchan eritmalar maxsus germetik yopiluvchi idishga yigʻiladi va regeneratsiya yoki yoʻqotilish uchun joʻnatiladi. Ularni kanalizatsiyaga oqizish mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
93. Ishlatilgan kislota va ishqorlar alohida maxsus idishlarga yigʻiladi. Kichik hajmdagi ishqor moddalarni koʻp marta suyultirib, kanalizatsiyaga oqizish mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
94. Uchuvchan va keskin noxush hidli moddalarni toʻkish uchun havo tortuvchi shkafda vodoprovod suvi keltirilgan alohida kanalizatsiya tarmogʻi oʻrnatilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
95. Laboratoriya uskunalari va jihozlaridan foydalanilganda, ularni ishlab chiqargan tashkilot tomonidan uskunaga berilgan texnik-yorligʻidagi qoidalarga (tavsiyanomalarga) qatʼiy rioya qilish lozim.
96. Laboratoriyalarda nosoz elektr uskunalarda va jihozlarda ishlash qatʼiyan man qilinadi.
97. Sentrifugalardan foydalanilganda quyidagilarni amalga oshirish lozim:
turli ogʻirlikda material solingan probirkalar va idishlarni sentrifugada qarama-qarshi qoʻygan holda sentrifugalash man etiladi, bunda ularni juft-juft qilib ogʻirliklarini tenglashtirish hamda qarama-qarshi oʻrnatishni;
sentrifugani tokka ulashdan oldin uning qopqogʻi mahkam burab yopilganligini tekshirishni;
sentrifuga oʻchirilganidan keyin rotor batamom toʻxtamaguncha qopqoqni ochmaslikni va rotorni qoʻl bilan toʻxtatmaslikni;
ish tugagandan keyin sentrifugani ichki qismini koʻzdan kechirib, artishni.
98. Termostatda ishlaganda quyidagilar man etiladi:
termostatga tez yonuvchan moddalarni qoʻyish;
nazorat qiluvchi moslamalarning saqlovchi qopqoqlarini elektr jihozlar ustasi nazoratisiz yechish;
termostatni tokdan oʻchirmagan holda tozalash.
99. Refrijeratorlardan (muzlatgichlardan) foydalanilganda ularni mutaxassis nazoratisiz joyidan siljitish va qayta oʻrnatish mumkin emas.
100. Elektr va mufel isitgichlarni va boshqa isitish uskunalarini asbest yoki boshqa issiqlik yutuvchi qoplamalar ustiga oʻrnatish lozim. Ularga kislotalar, ishqor va tuzlar tushishiga yoʻl qoʻymasdan toza holda saqlash kerak.
101. Elektr toki taʼminoti toʻxtab qolganda, barcha elektr uskunalar oʻchirib qoʻyilishi lozim.
102. Mikroskopik yoki aniq tekshiruvlar uchun moʻljallangan stollar deraza oldida joylashtirilishi kerak.
103. Laboratoriya stollarining ustki qismlari suv oʻtkazmaydigan, kislotalarga va ishqorlarga nisbatan chidamli, shuningdek yonmaydigan materiallardan yasalgan boʻlishi zarur.
104. Har bir analitik tarozilar oldida mahalliy yorituvchi chiroqlar oʻrnatilishi kerak.
105. Siqilgan gaz ballonlarida saqlovchi qopqoqlar boʻlishi kerak.
106. Ballonlarni toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlari ostida, isitish uskunalari yonida hamda elektr simlariga tegib turgan holda saqlash mumkin emas.
107. Laboratoriyada quyidagilar man qilinadi:
yonib turgan gaz uskunalarini va boshqa isitish uskunalarini qarovsiz qoldirish, ularning yonida paxta, doka, spirt va boshqa yonuvchan moddalarni saqlash;
yonib turgan gaz va elektr uskunalari oldida bexosdan toʻkilib ketgan yonuvchan moddalarni yigʻishtirish;
laboratoriyada gaz hidi kelayotgan boʻlsa, elektr toki yoki gazni yoqish;
nosoz spirt alangali moslamadan foydalanish;
xavfli moddalarni ekstraksiya qilish, qayta haydash va maydalash boʻyicha ishlarni shamollatish uskunasini ishlatmasdan yoki u nosoz holda boʻlganida oʻtkazish;
tortuvchi shkafda ishlaganda boshni ichkariga kiritish;
nomaʼlum moddalarni hidlash yoki totib koʻrish;
biron eritma quyilgan yoki qaynatilayotgan idishning ogʻziga yaqin egilib qarash;
zaharli yoki kuchli taʼsir qiluvchi eritmalarni ish stollarida va javonlarda saqlash;
yorligʻi yoʻq reaktivlarni saqlash yoki qoʻllash;
nomaʼlum moddalarni saqlash;
ovqatlanish, oziq-ovqatlarni saqlash va chekish;
ish joyida shaxsiy kiyimlarni saqlash, maxsus laboratoriya kiyimlarini uyga olib ketish;
tegishli boʻlgan maxsus, sanitariya kiyimini kiymasdan ishlash;
vazifasi va lavozim yoʻriqnomasidan tashqari ishlar bilan shugʻullanish;
isitish uskunalarida biron narsalarni quritish;
yoʻlaklar va koridorlarni, shuningdek yongʻinga qarshi inventarlar oʻrnatilgan joylarni besaranjom tutish.
V. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Oldingi tahrirga qarang.
108. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmagan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(108-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Oldingi tahrirga qarang.
109. Ishlarni bajarish bilan bogʻliq holda xodimlarning salomatligiga yetkazilgan zararlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
(109-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VI. Yakuniy qoida
110. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 25-dekabr
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 25-dekabr
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 25-dekabr
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2009-yil 25-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 1-2-son, 8-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2025-y., 10/25/3668/0748-son; 30.03.2026-y., 10/26/3798/0288-son)