Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
“Tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga budjetdan tashqari jamgʻarmalar va “Mikrokreditbank” kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 30-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1548-4]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2013-yil 14-oktabrdagi 273-V-5, 97-sonli “Tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga budjetdan tashqari jamgʻarmalar va Tadbirkorbank kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1548-5, 19.11.2013-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) hamda “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 5-6-son, 54-modda) qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligining 2005-yil 31-dekabrdagi 273-V, 111-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548, 2006-yil 21-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 8-son, 60-modda) bilan tasdiqlangan “Tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga budjetdan tashqari jamgʻarmalar va “Mikrokreditbank” kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2009-yil 21-noyabr,
33/2-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 21-noyabr,
112-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligining 2009-yil 21-noyabrdagi 33/2 va 112-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga budjetdan tashqari jamgʻarmalar va “Mikrokreditbank” kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 1-bandning sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“budjetdan tashqari jamgʻarmalar — Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi, Dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish jamgʻarmasi hamda sobiq “Biznes Fond”ga qarashli kredit liniyalarini AT “Mikrokreditbank”ga qaytarilishi natijasida shakllanadigan AT “Mikrokreditbank” (quyida — Mikrokreditbank) imtiyozli kredit resurslari”.
2. 39-band quyidagi tahrirdagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish Respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi qarori bilan belgilangan tumanlardagi loyihalarni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish jamgʻarmasi kredit liniyalari hisobidan beriladigan mikrokreditlar Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasining 50 foizi miqdorida ajratiladi”.
3. 45-band quyidagi tahrirdagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish jamgʻarmasi bilan bosh bank oʻrtasida tuziladigan bosh kelishuv Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish Respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Bunda ushbu jamgʻarma tomonidan ochilgan kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha Respublika muvofiqlashtiruvchi Kengashi qarori bilan belgilangan tumanlardagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi”.
4. Mazkur qoʻshimcha va oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston fermer xoʻjaliklari uyushmasi bilan kelishilgan.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
2009-yil 21-noyabr
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
2009-yil 21-noyabr,
Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
2009-yil 21-noyabr
Oʻzbekiston fermer xoʻjaliklari uyushmasi raisi v.b. T. BOZOROV
2009-yil 21-noyabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 585-modda)