Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish (II bosqich) uchun Yaponiya xorijiy iqtisodiy hamkorlik jamgʻarmasining imtiyozli kreditiga xizmat koʻrsatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish (II bosqich) loyihasini amalga oshirish uchun Yaponiya xorijiy iqtisodiy hamkorlik jamgʻarmasi tomonidan beriladigan 12692 mln iyen miqdoridagi imtiyozli kreditdan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari L.A. Axmetov imtiyozli kreditni olish uchun Kelishuv notasini imzolashga vakil qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish (II bosqich) uchun Yaponiya xorijiy iqtisodiy hamkorlik jamgʻarmasining imtiyozli krediti boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qarz oluvchi etib belgilansin.
3. Moliya vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmogʻini rivojlantirish (II bosqich) uchun Yaponiya xorijiy iqtisodiy hamkorlik jamgʻarmasining imtiyozli krediti boʻyicha Kredit bitimini imzolashga vakil qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish (II bosqich) uchun Yaponiya xorijiy iqtisodiy hamkorlik jamgʻarmasining imtiyozli krediti boʻyicha Kredit bitimini imzolash va unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirsinlar.
5. Quyidagilar:
Kredit bitimini bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan zarur boʻlgan hujjatlarni tuzish, imzolash va bajarish boʻyicha funksiyalar Moliya vazirligiga;
kreditga xizmat koʻrsatish boʻyicha moliya agenti funksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga;
Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish (II bosqich) loyihasi boʻyicha ijro etuvchi agent funksiyasi Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi, Adliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
Keyingi tahrirga qarang.
Yaponiya xorijiy iqtisodiy hamkorlik jamgʻarmasining imtiyozli kreditini olish uchun nazarda tutilgan barcha tartibotlarning Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda bajarilishini;
imzolangan Kelishuv notasi va Kredit bitimida nazarda tutilgan qoidalar va tartibotlarning soʻzsiz bajarilishini;
loyihani amalga oshirish boʻyicha ishlarning borishi toʻgʻrisidagi zarur axborotlar va maʼlumotlarni Yaponiya Hukumatiga va Yaponiya xorijiy iqtisodiy hamkorlik jamgʻarmasiga belgilangan tartibda taqdim etishni taʼminlasinlar.
7. Belgilansinki, Yaponiya xorijiy iqtisodiy hamkorlik jamgʻarmasi imtiyozli kreditiga xizmat koʻrsatish va uni uzish hamda undan foydalanganlik uchun foizlar bilan bogʻliq 1-ilovaga* muvofiq sarf-xarajatlar, shuningdek Kredit bitimi boʻyicha beriladigan qarz hajmidan oshadigan har qanday moliyaviy xarajatlar Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi tizimi korxonalarining oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan
Keyingi tahrirga qarang.
8. Quyidagilar:
Yaponiya xorijiy iqtisodiy hamkorlik jamgʻarmasi — Kredit bitimi boʻyicha barcha toʻlovlar, shuningdek unga qoʻshiladigan foizlar boʻyicha;
kontraktorlar yoki maslahatchilar sifatida ish koʻrayotgan xorijiy kompaniyalar — kredit mablagʻlar hisobiga tovarlar yetkazib berish yoki xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadga nisbatan;
kontraktorlar yoki maslahatchilar sifatida ish koʻrayotgan xorijiy kompaniyalar — Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmogʻini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish uchun talab qilinadigan ularning oʻz materiallari va asbob-uskunalarini import va qayta eksport qilishga nisbatan;
loyihani amalga oshiruvchi xorijiy xizmatchilar — kontraktorlar sifatida ish koʻruvchi kompaniyalardan oʻzlari oladigan daromadlarga nisbatan;
kredit mablagʻlari hisobiga Oʻzbekiston Respublikasiga kelib tushadigan asbob-uskunalar, materiallar va xizmatlarni import qiluvchi “Oʻzimpeksaloqa” AJ Oʻzbekiston Respublikasida undiriladigan barcha soliqlar, bojxona bojlari va yigʻimlaridan ozod etilsin.
9. Loyihani amalga oshirish doirasida tovarlar yetkazib beruvchilarni va xizmatlar koʻrsatuvchilarni tanlab olish boʻyicha tender komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi buyurtmanomalari boʻyicha loyihaning xorijiy qatnashchilariga, konsullik yigʻimlari undirmagan holda, koʻp martalik vizalar berishni taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish xorijiy qatnashchilarining, davlat boji undirmagan holda, vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini, koʻp martalik vizalarini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilganligini uzaytirishni taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 6-iyul,
331-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 6-iyuldagi 331-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Yaponiya xorijiy iqtisodiy hamkorlik jamgʻarmasi hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish (II bosqich) loyihasi boʻyicha tender komissiyasi
TARKIBI
| Axmetov L.A. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, komissiya raisi |
| Abdullayev F.S. | — | Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi bosh direktori, komissiya raisining oʻrinbosari |
|
Komissiya aʼzolari: | ||
| Axmetov Q.O. | — | Vazirlar Mahkamasining Xorijiy investitsiyalar boʻlimi boshligʻi |
| Zinin V.I. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| Shteynberg V.L. | — | Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari |
| Nigʻmanov Z.M. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash markazi loyihalarni ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi boshligʻi |
| Hasanov S.S. | — | Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining Investitsiya loyihalarini iqtisodiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi boshligʻi |
| Budagov V.G. | — | “Oʻzimpeksaloqa” AJ bosh direktori |
Keyingi tahrirga qarang.