Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOKSNI RIVOJLANTIRISHNI QOʻLLAB-QUVVATLASH JAMGʻARMASINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Respublikada boksning ommaviyligini yanada rivojlantirish va omma orasiga yoyish, uning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini oshirish, shuningdek, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasining Oʻzbekiston Boks federatsiyasi huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
sport klublari, korxonalar va oʻquv muassasalarida boks bilan shugʻullanish uchun ularning moddiy-texnika bazalarini mustahkamlashga yordam koʻrsatish;
mamlakatning jismoniy tarbiya-sport tashkilotlariga boks boʻyicha hududiy, mintaqaviy va respublika musobaqalarini oʻtkazishda koʻmaklashish;
yetakchi va yosh istiqbolli sportchilarni tayyorlash va ularni xalqaro musobaqalarda qatnashishlari uchun moddiy jihatdan taʼminlash;
bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining boks boʻlimiga qabul qilish uchun isteʼdodli bolalarni aniq maqsadni koʻzlab izlash va tanlash.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Jamgʻarma yuridik shaxs huquqiga ega, barcha yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy fuqarolar, tashkilotlar, firmalar va uyushmalar uchun ochiq boʻlgan, oʻzini oʻzi boshqaradigan, oʻzini-oʻzi mablagʻ bilan taʼminlaydigan nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi.
Quyidagilar Jamgʻarma mol-mulkining shakllantirish manbalari hisoblanadi:
muassislardan, qatnashchilardan bir yoʻla va muntazam ravishda tushadigan tushumlar;
koʻngilli mulkiy badallar va xayr-ehsonlar;
Jamgʻarma taʼsis etilgan korxonalar daromadi (foydasi)dan dividendlar va boshqa ajratmalar;
qonun hujjatlari taqiqlamagan boshqa tushumlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tuzilmasiga ilovaga muvofiq rozilik berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Ustavini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
6. Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga Vazirlar Mahkamasi zaxira fondidan 5 mln soʻm ajratilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining hududiy boʻlimlarini tashkil etishda jamgʻarmaga koʻmaklashsinlar.
7. Boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Jamgʻarma moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashayotgan xoʻjalik hisobidagi sport klublari olib kelinayotgan sport anjomlari va jihozlar uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish uchun yigʻimlar bundan mustasno) 3 yil muddatga ozod etilsin.
8. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini joylashtirish uchun bino ajratish masalasini 1999-yil 1-iyulgacha hal qilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 1-iyun,
279-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 1-iyundagi 279-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi
TUZILMASI