Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
TABIIY TOSHDAN BUYUMLAR (PLITALAR, BLOKLAR) ISHLAB CHIQARISHDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 18-dekabrda 2056-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi 267-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Tabiiy toshdan buyumlar (plitalar, bloklar) ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 12-noyabr,
68-B-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2009-yil 12-noyabrdagi 68-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Tabiiy toshdan buyumlar (plitalar, bloklar) ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq tabiiy toshdan buyumlar (plitalar, bloklar) ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar tabiiy toshdan buyumlar (plitalar, bloklar) ishlab chiqarish tashkilotlariga (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga muvofiq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
maʼmuriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni oʻz vaqtida, toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 va undan ortiqni tashkil qiluvchi tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan shaxslar orasida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil qilinadi. Xodimlar soni 50 dan kam boʻlgan tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish funksiyalarini bajarish tashkilot rahbarlaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati vazifalariga tashkilotda mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi boʻyicha barcha ishlarni muvofiqlashtirish va ushbu ishlar oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish kiradi.
9. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarini oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
ishchi va xizmatchilar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
10. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlariga kiritilmagan ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
12. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish
13. Tashkilotlarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari, bilimlari sinovdan oʻtkazilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Bevosita ishlab chiqarishda ishlarni tashkillashtirish va bajarish bilan bogʻliq ishchilar, rahbarlar, muhandis-texnik xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
15. Tashkilot oʻta xavfli sharoitda bajariladigan kasblar va ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatda aniq texnologik jarayon, ishlab chiqarish uskunasi, ishlatiladigan xom ashyo va ishlarni amalga oshirish xususiyatlari bilan bogʻliq xavflar hisobga olinishi lozim. Roʻyxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar, elektr uskunalarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar hamda amaldagi tarmoq roʻyxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
16. Oʻta xavfli ishlarga faqat maxsus oʻqitilgan, ushbu ishlarni bajarish huquqini beruvchi hujjatga ega boʻlgan xodimlar qoʻyiladi.
17. Barcha xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishi va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini oʻzlashtirib olishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Oʻta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda masʼul xodim qoʻl qoʻyib rasmiylashtirilgan maxsus naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
19. Tashkilot (sex) rahbariyati oʻta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga toʻla javobgardirlar.
4-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
20. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, ishchilarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
21. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining xavfli hamda zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻirligi ish joylarini mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiya qilish orqali tasdiqlanishi lozim.
22. Har bitta tashkilot yoki alohida ishlab chiqarish xavfli va zararli mehnat sharoitlarga ega boʻlgan kasblar, ish oʻrinlari va hududlarining Sanitariya qoidalari va meʼyorlariga muvofiq zararlilik va xavflilik sinfi koʻrsatilgan roʻyxatiga hamda ishlab chiqarish omillarining zararlilik va xavflilik koʻrsatkichlari, mehnat jarayonining ogʻirlik koʻrsatkichlari boʻyicha mehnat sharoitlarining amaldagi gigiyenik tasnifiga ega boʻlishi lozim.
23. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoxud yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda roʻyxatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
24. Tashkilotlarda zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsirini kamaytirish yoki ularni bartaraf etish uchun jamoa va yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanilishi lozim.
25. Jamoaviy himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, tebranma, elektr toki urishi, statik elektr, uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
26. Yakka tartibdagi himoya vositalari quyidagi turlarga boʻlinadi:
maxsus kiyim-kechak;
maxsus poyabzal;
maxsus bosh kiyimi;
nafas aʼzolarining himoya vositalari;
qoʻlni himoyalash vositalari;
bosh uchun himoya vositalari;
yuzni himoyalash vositalari;
eshitish aʼzolarini himoya qilish vositalari;
koʻzni himoya qilish vositalari.
27. Tashkilot maʼmuriyati xodimlarni belgilangan meʼyorlarga muvofiq, kerakli yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlashi, ulardan foydalanish muddatlariga hamda saqlash, yuvish, tozalash va taʼmirlash boʻyicha zaruriy shartlariga rioya qilinishini taʼminlagan holda yakka tartibdagi himoya vositalarini berish hisobini yuritishi shart.
6-§. Kasbiy tanlov
28. Tashkilotlarda kasbiga koʻra tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
29. Tashkilot mutaxassislari, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi lozim.
30. Bosim ostida ishlovchi uskunalar va xavfi yuqori boʻlgan boshqa ishlarda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtgan va tegishli guvohnomaga ega boʻlishi shart.
31. Xavfli ishlarga tegishli kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni qabul qilish man etiladi.
32. “Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay ishlar roʻyxati”ga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) muvofiq 18 yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
33. “Ayollar mehnatidan foydalanish qisman yoki toʻliq taqiqlangan noqulay mehnat sharoitiga ega ishlar roʻyxati”ga (roʻyxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega boʻlgan ishlarga qabul qilinmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
34. Tashkilot rahbariyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlashga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Tibbiy koʻriklar tashkilotning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Tashkilot rahbariyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
38. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va tavsiyalarning bajarilishi uchun javobgarlik tashkilotning maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
39. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy komissiyalar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda, tashkilot rahbariyati ushbu xodimni ishga qoʻyishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
8-§. Tashkilot maydonlariga boʻlgan xavfsizlik talablari
40. Tashkilot maydonlari va binolarni joylashuvi SanMvaQ II-89-80 “Sanoat tashkilotlarini bosh plani”ga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Tashkilotda transport vositalarini va piyodalarni tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish, hamda ish uchastkalari va sexlarning koʻrinarli joylariga osib qoʻyilishi kerak.
42. Tashkilotda avtoyoʻllar yoki piyoda yoʻlkalari bilan tutashgan ichki tashkilot temir yoʻllari uchrashgan joylarda avtoyoʻllar va piyodalar uchun oʻtish yoʻllari boʻlishi lozim.
43. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
44. Tashkilot maydonidagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangani boʻlishi kerak.
45. Yilning yoz vaqtida yoʻlkalar va oʻtish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan boʻlishi kerak.
46. Tashkilotlarda harakatlanuvchi temir yoʻl sostavlarini intensiv harakatlanishiga oʻtish joylari avtomatik signal bilan taʼminlanishi lozim.
9-§. Bino va inshootlarga boʻlgan xavfsizlik talablari
47. Ishlab chiqarish va yordamchi xonalarni (harorati, nisbiy namligi, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar) mikroiqlimi GOST 12.1.005-88 talabiga javob berishi kerak.
48. Hoʻl jarayonlardagi xonalarda, hamda issiq oʻtkazuvchi pollarda (betonli, gʻishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlovchi ishchi joylarida yogʻoch toʻshamalar va panjaralar yotqizilgan boʻlishi kerak.
Pol toʻshamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalanishni taʼminlashi kerak.
49. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari SanMvaQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
50. Yordamchi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talabiga mos kelishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
51. Binoga transport vositalarini kirish joylari darvozalar va signal asbob-uskunalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
52. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar mustahkam oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
53. Avtomobil transportini binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan avtomobillar eni miqdoridan oshiq boʻlishi kerak.
54. Darvozalar balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan oshiq boʻlishi kerak.
55. Barcha tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish va holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan boʻlishi kerak.
56. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam boʻlmagan holda tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim. Koʻrik xulosalari, ulardan topilgan nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar va muddati koʻrsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
57. Xodimlar uchun xavf tugʻdiruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Halokatni bartaraf etilguncha ishlab chiqarish jarayonlari xavfli hududlarda toʻxtalishi lozim, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga koʻchirilishi kerak.
10-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
58. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talabini qoniqtirishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
59. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi lozim.
60. Oʻtish joylarida (galereyalarda, zinalar maydonchalarida va shunga oʻxshash) joylashgan isitish jihozlari (quvurlar, registrlar va shunga oʻxshashlar), ruxsat etilgan oʻtish yoʻlkalarini enini kamaytirmasligi kerak.
61. Ishchi joylariga ochiq darvoza, eshik yoki texnologik teshikdan keluvchi havo harorati yilning sovuq davrida yengil jismoniy ishda 21° S, oʻrta ogʻir ishda 17° S, ogʻir ishda 16° S dan past boʻlmasligi kerak.
62. Xodimlarni isinishi uchun xonalarda havo harorati 22° S dan kam boʻlmasligi kerak.
63. Binolarda joylashgan ishchi maydonlaridan, xodimlarni isinish xonalarigacha boʻlgan masofa 75 m, tashkilot maydonidagi ishchi joylaridan 150 m dan koʻp boʻlmasligi kerak.
11-§. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
64. Suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
65. Tashkilotni ishlab chiqarish oqova suvlari, tashqi kanalizatsiyaga yetib kelguncha zararli moddalardan tozalanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
66. Tozalangandan soʻng suvda zararli moddalarni tarkibi sanoat tashkilotlarini loyihalashtirish sanitar normalari oʻrnatgan, chegaralangan ruxsat etilgan konsentratsiyasidan oshib ketishi kerak emas.
67. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda baklarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
68. Issiq va qoliplash sexlarida, bugʻlantirish kameralari boʻlinmalarida va qozonxonalardagi ishchilar smenada, tarkibida 0,5% gacha tuz boʻlgan, bir kishiga 4-5 l hisobida gazli suv bilan taʼminlanishlari kerak.
69. Ish joyidan suv ichish qurilmasigacha boʻlgan masofa 75 m dan oshmasligi kerak.
70. Ichimlik suvni harorati 8° S dan 20° S gacha boʻlishi kerak.
71. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq va kanalizatsiyalangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
72. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi yoʻq boʻlganda Davlat sanitar nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmaslikka va ishlab chiqarish kanalizatsiyasiga dushxonalardan va yuz-qoʻl yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat oʻralariga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
73. Tashkilot maydonida, ishlab chiqarish va yordamchi binolar va xonalarda tabiiy va sunʼiy yoritishlar QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
74. Avariya yoritish tarmoqlariga birorta elektr energiya isteʼmolchilarini ulash taqiqlanadi. Avariya yoritishlarni sozligi kamida chorakda bir marta tekshirishi lozim.
75. Yorugʻ tushuvchi oynalarni yilda ikki martadan kam boʻlmagan holda tozalash lozim.
76. Yorugʻlik tushadigan deraza va eshiklarni begona predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) toʻsib qoʻyishga ruxsat etilmaydi.
77. Sunʼiy yoritishda ikki tizim ishlatiladi: umumiy va birlashgan (umumiy mahalliy bilan birgalikda). Birgina mahalliy yoritishni qoʻllash taqiqlanadi.
78. Uchastkalarda va xonalarda portlash boʻyicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yigʻilib qolish ehtimoli boʻlsa, elektr yoritish tizimi portlashdan holi holda bajarilishi kerak.
79. Yuqori xavfli xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Oʻta xavfli xonalarda, xonalardan tashqari, hamda uskunalar va inshoatlar (bunkerlar, silososlar, quduqlar, bugʻlantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ni ichki sirtini yoritish uchun koʻchma elektr yoritqichlarni kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak. Barcha koʻchma yoritqichlar himoyalanish darajasi 1R54 dan kam boʻlmagan va metall himoyalanish toʻri hamda shisha qalpoq bilan uskunalangan boʻlishi kerak.
13-§. Mehnat va dam olish yuzasidan talablar
80. Tashkilotlarda xodimlarning ish vaqti, dam olish vaqti, shuningdek qisqartirilgan ish vaqti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining cheklangan muddati”ning talablari inobatga olingan holda, tashkilotlarning ichki mehnat qoidalari asosida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Texnologik hujjatlarda hisobga olinishi lozim boʻlgan xavfsizlik talablari
81. Tabiiy toshga ishlov berish texnologik jarayonlari GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq boʻlishi lozim.
82. Texnologik jarayonlar xavfsizligini taʼminlash uchun quyidagi choralar nazarda tutiladi:
a) texnologik jarayon tanlaganda, zararli ishlab chiqarish omillari eng kam ifodalangan texnologik jarayonlarni qoʻllash;
b) zararli ishlab chiqarish omillari boʻlganda kompleks mexanizatsiya, avtomatizatsiya, texnologik jarayonlarni va operatsiyalarni masofadan boshqarishni qoʻllash;
v) himoya vositalarini qoʻllash;
g) texnologik uskuna qayta jihozlaganda, tayyorlanganda, yigʻilganda va foydalanilganda xavfsizlik choralari nazarda tutilishi va ish xonasi havosiga zararli chiqindilarni chiqishini kamaytirish yoki ularni oldini olish choralari nazarda tutilishi kerak;
d) ish xonalari havosida zararli chiqindilarni toʻliq kamaytirishning iloji boʻlmasa, xonalar va uchastkalarning ish hududlarida mumkin qadar uning tarqalishini kamaytirish maqsadida, zararli moddalar ajralib chiqadigan joydan havoni soʻrish.
83. Toshga urib ishlov berish ishlari alohida xonalarda yoki alohida boʻlgan ish joylarida balandligi 2 m dan kam boʻlmagan ovoz yutuvchi ekran bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
84. Ogʻirligi 20 kg dan ortiq boʻlgan plitalarga ishlov berish texnologik jarayonlarida bitta operatsiyadan ikkinchisiga oʻtkazilishi mexanizatsiya vositalari (arava, rolgangda) yordamida bajarilishi lozim.
85. Toshga arralash va silliqlash-pardozlash dastgohlarida ishlov berilganida sovutish suyuqliklarini berib turish lozim. Agarda sovutish suyuqligini berish toʻxtab qolsa jihozlarni avtomatik toʻxtashi nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
86. Toshlarga ishlov berish texnologik jarayonlaridagi oqova suvlar kanalizatsiya tizimiga tashlanishidan oldin zararli ishlab chiqarish chiqindilaridan tozalanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
87. Texnologik jarayonlar tashkil qilinganida va olib borilganida quyidagilar talab qilinadi:
a) ishlab chiqarish xonalarining ish hududidagi meteorologik sharoitlar va havosidagi chang miqdori GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablar”ga mos kelishi;
b) ish joylarida tovush bosimi miqdori oktava polosasida, tovush darajasi va ekvivalent tovush darajasi GOST 12.1.003-83 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari”ga mos kelishi.
2-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
88. Ishlab chiqarish jarayonlari yongʻin va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari” talablariga va ushbu Qoidalarga muvofiq taʼminlanishi lozim
89. Ishlab chiqarishda oʻrganilmagan yongʻin va portlash xavfi va toksik xususiyatlariga ega boʻlgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarish jarayonida qoʻllash taqiqlanadi.
90. Texnologik obyektlarning portlash xavfliligi holati yuzasidan belgilangan tartibda nazorat oʻrnatilishi lozim.
91. Texnologik jarayonlar joylashtirilgan binolar va xonalarning portlash jihatidan xavflilik toifalari loyiha tashkiloti tomonidan TLTM 24-86 “Texnologik loyihalashtirish tarmoq meʼyorlari”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
92. Texnologik jarayonlarni amalga oshirishda yongʻinlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir boʻlishi hamda atrof muhit ishlab chiqarish chiqindilari (oqova suvlari, ventilyatsiya chiqindilari va shu kabi) bilan ifloslanish ehtimolini istisno etadigan sharoitlar taʼminlanishi lozim.
93. Barcha ishlab chiqarish sexlari, xom ashyo va tayyor mahsulot omborxonalari, maʼmuriy va boshqa yordamchi binolar hamda inshootlar dastlabki yongʻinni oʻchirish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
94. Ventilyatsiya tizimi yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan boʻlishi lozim.
95. Har bir sex, uchastka, omborda mavjud meʼyorlar asosida, hududiy yongʻin xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqilishi va koʻrinadigan joyga osib qoʻyilishi lozim.
96. Tashkilotlarda barcha ishlab chiqarish, yordamchi va maishiy xonalarda yongʻin xavfsizligiga javobgar shaxs tashkilot rahbariyatining buyrugʻiga asosan tayinlanishi lozim.
97. Tashkilotlarda yongʻin xavfsizligi idoralari tomonidan belgilangan meʼyorlarda yongʻinga qarshi kurashish uchun oʻt oʻchirish vositalari boʻlishi lozim.
98. Xodimlar bilan yongʻin xavfsizligi texminimumi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishi va ularga tegishli yoʻl-yoʻriqlar berilishi lozim.
99. Bino va yongʻin suv manbai yoʻlaklari, xamda yongʻin vositalari va uskunalariga boradigan yoʻlaklar doimo boʻsh boʻlishi kerak. Binolar oraligʻidagi yongʻinga qarshi masofa uzilmalarida materiallar, uskunalar, boʻsh idishlarni taxlash va avtomobil toʻxtov joyi uchun ishlatishga ruxsat etilmaydi.
3-§. Xodimlar himoyasini va ishlab chiqarish uskunalarini avtomatik oʻchishini taʼminlovchi texnologik jarayonlarni nazorat qilish va boshqarish tizimlari
100. Uskuna va avtomatlashtirilgan liniyalar, ularning ishga tushganligi haqida ogohlantiruvchi yoritish va tovush signallari tizimi bilan taʼminlanadi. Signal elementlari ( qoʻngʻiroq, sirena, lampa) mexanik shikastlanishdan himoyalangan boʻlishi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar ish hududida signalni eshitishi va koʻrishini taʼminlab joylashtirilishi lozim.
101. Elektr tokidan shikastlanishning oldini olish uchun ishlab chiqarish uskunasi quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) xavf manbai boʻlgan ishlab chiqarish uskunasi tok uzatuvchi qismi mustahkam qotirilgan, izolyatsiyalangan, toʻsilgan yoki odamlar uchun oʻtib boʻlmas joyda oʻrnatilgan boʻlishi lozim;
b) elektr uskunaning ochiq boʻlgan tok uzatuvchi qismi eshigi yopiluvchi korpus (shkaf, blok) yoki odamlar uchun oʻtishi mumkin boʻlgan joyda joylashganda yopiq himoya yopqichi (kojuxi) boʻlishi lozim;
v) ishlab chiqarish uskunasining metall qismi izolyatsiya shikastlanishi natijasida elektr kuchlanishining xavfli koʻrsatkichi 10-15 mA. taʼsirida boʻlsa, yerga sim orqali ulangan boʻlishi lozim;
g) ishlab chiqarish uskunasi elektr zanjiri sxemasida barcha elektr zanjirni taʼminlash tarmogʻidan oʻchirish markaziy moslamasi nazarda tutilishi lozim.
102. Yechiladigan himoya va toʻsiq moslamalari faqat konstruksiya yoki texnologik sabablar boʻyicha ularni statsionar oʻrnatish imkoni boʻlmaganidagina qoʻllaniladi.
103. Taʼmirlash va sozlash ishlarini bajarish, hamda texnologik jarayonni va mexanizm ishini kuzatish uchun toʻsiqlarda yopiluvchi oyna yoki lyuklar nazarda tutilishi mumkin. Kuzatish oynasi va lyuklarining tuzilmasi (konstruksiyasi) xizmat koʻrsatuvchi xodimning kuzatish qulayligi va xavfsizligini taʼminlashi kerak.
4-§. Boshlangʻich materiallar, yarim va tayyor mahsulotlar hamda ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va transportda tashish
104. Ishlov beriluvchi materiallar va yarim mahsulotlar hajm oʻlchamlari ishlovni bajaruvchi uskuna pasporti koʻrsatkichlariga muvofiq boʻlishi lozim.
105. Omborlar va yuk saqlash uchun maydonchalar, qurilma va uskunalari, ularning qurilishi sanitariya va yongʻinga qarshi meʼyorlar va qoidalar hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan texnologik loyiha meʼyorlari talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
106. Yuklash-tushirish ishlari va yuklarni joylashtirish Yuk ortish va tushirish ishlaridagi yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
107. Ombor va yuk saqlash uchun maydonchalarda barcha yuklash, tushirish va ogʻir mehnat kategoriyasiga tegishli yukni harakatlantirish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
108. Yuk saqlash uchun maydonchalar sathi tekis boʻlib, chuqurchalarsiz va 5º dan oshmaydigan nishabi boʻlishi kerak. Yuk saqlash uchun maydonchalar qoplamasi unga keluvchi yoʻllar qoplamasiga teng boʻlishi lozim. Yilning qish oylarida yuk saqlash uchun maydonchalar doimo qor va muzdan tozalanib, qum, kul yoki shlak sepilishi kerak.
109. Ombor yoki yuk saqlash uchun maydonchalar hududiga kiraverishda harakat yoʻnalishi, yuklash-tushirish joyi yoki transport vositalarining toʻxtab turish joyini koʻrsatuvchi chizma osilgan boʻlishi kerak.
110. Tashkilotga qoplarda kelib tushgan abraziv va pardozlash materiallari yopiq xonalarda saqlanishi lozim.
111. Yashik va qoplardagi yuklar omborda agʻnamaydigan qilib ustma-ust taxlangan boʻlishi lozim. Qoʻlda ustma-ust taxlanish balandligi 3 m dan oshmasligi, yuk koʻtarish mexanizmi yordamida taxlanganda — 6 m dan oshmasligi lozim. Yirtilgan va nosoz idishdagi yukni ustma-ust taxlash taqiqlanadi.
112. Omborda ustma-ust taxlangan yoki yuk idishlari stellajlar oraligʻidagi yoʻlakning eni 1.5 m dan kam boʻlmasligi lozim. Omborda transport vositalari ishlatilganda, yoʻlakka qoʻshimcha qoʻllaniladigan transport vositalari oʻlchamlari kengligidagi yoʻl boʻlishi lozim.
113. Tabiiy toshning bloklari oraligʻi taxtali qistirmalar bilan shtabellarga taxlanishi va uning balandligi ikki qatordan oshmasligi lozim.
114. Vagonlardan tushirib taxlanayotgan va vagonga yuklashga tayyorlanayotgan materiallar va uskunalar, yuk bilan temir yoʻl izining relsigacha boʻlgan masofa 2 m dan yaqin, taxlangan yukning bandligi 1,2 m dan ortiq boʻlganda — 2,5 m dan kam boʻlmasligi kerak.
115. Boʻshagan idish va boshqa oʻrovchi materiallar doimo ombordan shu maqsadlar uchun ajratilgan joyga chiqarilishi lozim.
116. Har bir ombor uchun materiallarni saqlash va ishlarni xavfsiz olib borishi boʻyicha yoʻriqnoma tashkilot maʼmuriyati tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
IV. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
117. Barcha qoʻzgʻalmas uskunalar, agregat va dastgohlar ishlab chiqargan zavod koʻrsatmasiga binoan mustahkam asoslarga va poydevorlarga oʻrnatilishi lozim.
118. Barcha aylanuvchi va harakatlanuvchi qismlar (vallarning chiqib turgan uchlari, harakat uzatuvchi tasmalar va boshqalar) toʻsilgan boʻlishlari kerak.
119. Toʻsiqlar mustahkam, yengil, ishonchli ravishda mahkamlangan boʻlishi va uning qisib qoluvchi tirqishlari, kesib oluvchi va oʻtkir burchaklari boʻlmasligi kerak.
120. Ogʻirligi 5 kg dan ortiq boʻlgan toʻsiqlar ushlash uchun qulay dastaklarga ega boʻlishi kerak.
121. Oʻzidan changli havo chiqaruvchi ishlab chiqarish uskunalari zichlab berkitilishi va chang havoni soʻrish moslamalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
122. Yangi oʻrnatilgan yoki kapital sozlashdan chiqqan uskunalarni xavfsizlik texnikasi muhandisi ishtirokida dalolatnoma tuzilgandan keyin ishlatishga ruxsat berilishi lozim.
123. Mashinani sozlash, tozalash, moylash va kamchiliklarini bartaraf qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha ishlarni bajarish elektr taʼminotidan uzib qoʻyilgan, butunlay harakatdan toʻxtagan va ogohlantiruvchi belgi osib qoʻyilgan holatda bajarilishi lozim. Mashinani yurgazish belgini osib qoʻygan shaxs tomonidan amalga oshirilishi kerak.
124. Toʻsiqlarning va himoyalovchi moslamalarning hamda asboblarning sozligi sex (boʻlinma) rahbariyati tomonidan muntazam tekshirib turilishi kerak.
125. Montaj va demontaj vaqtida qoʻllanadigan tagliklar va koʻtarish mexanizmlari ish boshlashdan avval sinab koʻrilishi kerak.
126. Ishlab chiqarish uskunalaridan foydalanishda:
a) mexanizatsiyalash, avtomatlashtirish va masofadan boshqarishni qoʻllash;
v) ergonomik talablarni qoʻllash;
g) foydalanish, taʼmirlash, yigʻish, transportda tashish va saqlash boʻyicha xavfsizlik talablariga amal qilish lozim.
127. Ishlab chiqarish uskunasini tozalash ishlari maxsus asboblar yordamida (shyotka, qirgʻich, ilmoq va boshqalar) amalga oshirilishi lozim. Ishlab turgan uskunada tozalash va yigʻishtirish ishlarini bajarish taqiqlanadi.
128. Uskuna ishlab turgan vaqtda uning harakatlanuvchi qismlarini qoʻlda moylash taqiqlanadi.
129. Toshga ishlov beruvchi dastgohlarini ish joylarida kengligi 1,5 m dan kam boʻlmagan taxta toʻshamasi boʻlishi lozim. Taxta plankalar orasidagi oraliq masofasi 3 sm dan oshiq boʻlmasligi lozim.
130. Kesuvchi asboblarni almashtirish faqat yuritish yurgizuvchilarini elektr tizimidan oʻchirilganida amalga oshiriladi. Almashtirish paytida elektr tarqatuv qurilmasidan himoyalovchilar olinib, ishga tushirish qurilmasiga GOST 12.4.026-76 boʻyicha “Yoqilmasin — odamlar ishlamoqda” yozuvli taqiqlovchi xavfsizlik belgisi osilishi lozim.
2-§. Arralash dastgohlari
131. Arralash dastgohlariga uzatib beruvchi aravalarni harakatlanishi mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
132. Aravalarni rels yoʻllari boʻylab harakatlanish tezligi 15 m/min dan oshmasligi lozim.
133. Uzatib beruvchi aravalarni harakatlanishi ogohlantiruvchi ovozli signal bilan kuzatilishi lozim.
134. Uzatib beruvchi aravalarni yoʻnaltiruvchisining sathi arralovchi ramali dastgohning dastgoh aravachasining rels yoʻllari sathi bilan barobar boʻlishi lozim.
135. Uzatib beruvchi aravalarni tuzilmalarida dastgoh aravachasi oʻzidan-oʻzi gʻildirab ketishini oldini olish uchun toʻxtatish moslamasiga ega boʻlishi lozim.
136. Dastgoh aravachasiga oʻrnatilgan blok mustahkam qotirilgan boʻlishi lozim.
137. Bir nechta bloklarni joylashtirishda dastgoh aravachasida bir-biriga nisbatan surilib ketishi bartaraf etilgan boʻlishi lozim.
138. Bloklarni joylashtirishda bir-biriga sement qorishma (gips qipiq, beton va boshqa qorishmalar) bilan qotirilishi lozim.
139. Arralash dastgohining dastgoh aravachasi ish hududida aravacha tuzilmasida nazarda tutilgan moslamalar yordamida mustahkam qotirilgan boʻlishi lozim.
140. Dastgohdan dastgoh aravachasini gʻildiratib chiqarib olishdan oldin arralangan mahsulotlar dastgoh aravachasini tirgovichlariga taxta qistirgich bilan qotirilgan boʻlishi lozim.
141. Taʼminlovchi va borib-keluvchi arralovchi ramaning temir toʻrli yechiluvchi toʻsiqlari yurituvchini ishga tushirish qurilmasi bilan shunday blokirovka qilingan boʻlishi kerakki, toʻsiqlar yechilganida dastgoh avtomatik tarzda toʻxtashi lozim.
142. Ramali dastgohning boshqaruv pulti dastgohni toʻsiqlaridan tashqarida, xizmat koʻrsatish uchun qulay joyda joylashgan boʻlishi lozim.
143. Ramali dastgohni arralari jamlanmasini almashtirish arralash ramasi pastki holatida bajarilishi lozim.
144. Boshqaruv pultidan dastgohni harakatlanuvchi qismlari koʻrinib turishi lozim.
145. Arralash dastgohining olmaz-diskli kesuvchi qismi sozlanadigan yaxlit temir yopqich bilan toʻsilgan boʻlishi lozim. Nosoz olmaz-diskli kesuvchidan foydalanish taqiqlanadi.
3-§. Silliqlash-pardozlash dastgohlari va konveyer liniyalari
146. Plitalarni silliqlash-pardozlash dastgoh stollari ishlayotganlarni suv, abraziv va ishlov berilayotgan tosh qismlari sachrashidan himoyalovchi balandligi 0,25 m dan kam boʻlmagan bortlarga ega boʻlishi lozim.
147. Silliqlash-pardozlash konveyerlari silliqlovchi asbob aylanmayotganida yoki u va ishlov berilayotgan tosh singanida avtomatik tarzda toʻxtashini taʼminlovchi blokirovka qurilmasiga ega boʻlishi lozim.
148. Konveyerdan singan yoki hajmsiz plitalarni olinishi faqat dastgoh elektr tizimidan oʻchirilib, tegishli xavfsizlik choralari koʻrilganidan soʻng amalga oshiriladi.
4-§. Freza dastgohlari
149. Yigʻma frezalarni tuzilmasi ish paytida uning tishlarini tushib ketishi ehtimolini istisno etishi lozim.Tishi singan frezalarni qoʻllanishi taqiqlanadi.
150. Toshni gidravlik qisib turuvchi tizimda bosim tushib ketganida dastgoh avtomatik tarzda toʻxtashi lozim.
151. Qirrali freza dastgohlarini kesish hududi sovutish suyuqligisiz ishlaganida aspiratsiya tizimiga ulangan mahalliy soʻruvchi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
5-§. Urib ishlovchi dastgoh va asboblar
152. Tosh bloki sindirish joyida yogʻoch taklikka shunday yotqizilishi kerakki, yaʼni uning yassi tepa qismi gorizontal holatda boʻlishi lozim.
153. Shtabelda turgan bloklarni sindirilishi taqiqlanadi.
154. Pnevmatik qoʻl asbob bilan ishlaganda (perforator, chopuvchi va uruvchi bolgʻalar) tebranishni soʻndiruvchi qurilmalar (karetka, manipulyator va ushlagichlar) qoʻllanishi lozim.
155. Toshni urib ishlov berish ishlarida band boʻlgan ishchilar himoya koʻzoynaklari va shovqinga qarshi himoyalanish vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
6-§. Termo oqimli asboblar
156. Toshga termo oqimli asbob bilan ishlov berilishi, jihozlangan ochiq maydonlarda yoki ovozni izolyatsiya qiluvchi yonmaydigan material bilan toʻsilgan va yongʻinga qarshi vositalar bilan taʼminlangan kabinalarda (koʻpikli yongʻin oʻchiruvchi vosita, asbest namati, qumli yashik) amalga oshirilishi lozim.
157. Termo oqimli asboblardan foydalanish ishlab chiqaruvchi zavodning foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
158. Termo oqimli asboblarda yonilgʻi sifatida etil spirtini ishlatish taqiqlanadi.
159. Termo oqimli asboblardan foydalanishda xodimlar himoya koʻzoynaklari va shovqinga qarshi himoyalanish vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
160. Soʻndiruvchi barabanlarga bugʻ yetkazib beruvchi quvurlar normativ hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
7-§. Yopishgan plitalarni ishlab chiqarish
161. Yopishtirish aralashmasini komponentlarini maydalanishi (qotiruvchi, toʻldiruvchi) yopiq maydalash apparatlarida, yopishtirish arralashmasini tayyorlanishi esa — tiqinlari zichlangan arralashtirgichlarda bajarilishi lozim.
162. Termastatlar va quritish kameralarning tiqinlari zichlangan va issiqlikka izolyatsiyalangan boʻlishi lozim.
163. Plitalarni yopishtirishda stol yuzasi (yopishqoq aralashmani quyish) almashadigan qoplamaga ega boʻlishi lozim.
V. Taʼmirlash ishlarini bajarishda mehnat xavfsizligi talablari
1-§. Taʼmirlash ishlarini oʻtkazish tartibi va sharoiti
164. Taʼmirlash ishlarini tashkil etish va bajarish tashkilot kasaba qoʻmitasi bilan kelishilgan va bosh muhandis tasdiqlagan uskunani taʼmirlash rejasiga muvofiq boʻlishi lozim.
165. Tashkilot hududida ishlab chiqarishni (sex) yoki sexda qurilma, agregat, ayrim asbob-uskunalarni taʼmirlashga toʻxtatish uchun tashkilot (sex) boʻyicha buyruq (farmoyish) chiqarilishi lozim.
166. Tashkilot hududidagi uskuna, bino va inshootlarni taʼmirlash boʻyicha ishlarni pudrat uslubida bajarishda, buyurtmachi bosh pudratchi bilan birgalikda taʼmirlash ishlarini bajarish vaqtida ishlovchilarning xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlovchi tadbirlar ishlab chiqishi va tasdiqlashi lozim.
167. Buyruq bilan tasdiqlangan bosh pudratchi va ishlab turgan tashkilot masʼul vakillari ishni boshlashdan oldin naryad-ruxsatnomani rasmiylashtirishi lozim. Bosh pudratchi ish beruvchisiga barcha pudratchi tashkilotlar xavfsiz sharoitlarda ish bajarishi va ularning ishini muvofiqlashtirishni taʼminlashi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda masʼuliyat yuklatiladi. Taʼmirlash ishlari muddati naryad-ruxsatnomada koʻrsatiladi.
168. Buyruqda pudratchilardan bevosita ish rahbari, shuningdek koʻrsatilgan ishlarga uskunalar va obyektni toʻliq tayyorlash, ishlarni xavfsiz amalga oshirish va pudratchilar yoki buyurtmachining taʼmirlash xizmati bilan tezkor aloqalar uchun javobgar shaxslar hamda tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.
169. Barcha uskunalarda tashkilot bosh muhandisi tasdiqlagan jadval boʻyicha belgilangan muddatlarda rejali taʼmirlash ishlari oʻtkaziladi.
170. Taʼmirlash ishlarida band boʻlgan pudratchining barcha xodimlari taʼmirlash ishlari boshlanishidan oldin, ushbu sexda ishlarni xavfsiz olib borish uchun xodimlar xavfsizlik texnikasi boʻyicha kirish yoʻriqnomasidan oʻtkazilishi lozim. Yoʻriqnomadan oʻtkazish ishlari buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
171. Rejalashtirilgan ishlarni bajarishdan oldin mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomadan oʻtkazish ishlari pudratchi tashkilot tomonidan oʻtkazilishi lozim.
172. Pudratchi ishlayotgan hududda buyurtmachi tomonidan zararli va yonish xavfi boʻlgan moddalarni paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaydigan meʼyoriy sanitariya-gigiyenik sharoitlar yaratilishi kerak.
173. Asbob-uskuna va kommunikatsiyalarda taʼmirlash ishlarini amalga oshirishdan oldin, quyidagilar bajarilishi lozim:
elektr energiya taʼminotidan oʻchirish;
asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni texnologik muhit qoldiqlaridan, asbob-uskunani zararli, zaharli va yonuvchi gaz va mahsulotlardan boʻshatish;
taʼmirlanadigan asbob-uskuna, kommunikatsiya, quduq va oʻralardagi inert, yonuvchi, zaharli gazlar va kislorod miqdorini tegishli tahlillarini oʻtkazish yoʻli bilan tekshirish.
174. Tashkilot hududida qazish ishlarini bajarishda buyurtmachi pudratchiga naryad-ruxsatnoma bilan birga tegishli sex va xizmatlar bilan kelishilgan ruxsatnomani yozma tarzda topshirishi kerak.
175. Pudratchining ehtiyojlari uchun elektr energiyani ulash, shuningdek ish tugaganidan keyin uzish, sex boshligʻining ruxsati boʻyicha buyurtmachining bosh energetik xizmati tomonidan bajariladi.
176. Taʼmirlash ishlari tugallanganidan soʻng asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni qabul qilish dalolatnomasi ikki tomonlama imzolanib, ushbu asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni ishga tushirish haqida farmoyish chiqqandan soʻng, foydalanishga qabul qilinishi lozim.
2-§.Taʼmirlash ishlarini olib borishda xavfsizlik talablari
177. Taʼmirlash ishlarini boshlashdan oldin quyidagilar amalga oshirilishi zarur:
elektrdvigatel elektr taʼminoti tarmogʻidan uskunani harakatlantiruvchi va uni toʻldirib boʻshatuvchi qurilmasidan oʻchiriladi;
elektr taqsimoti qurilmasidan elektr saqlagichlar sugʻiriladi;
uskunadan harakatlantiruvchi elektr dvigatelni oʻchirishda, muftani uzish, harakatlantirish tasmalari, zanjirlarini yechish va boshqalar bajariladi;
harakatlantirish moslamasiga GOST 12.4.026-76 boʻyicha “Yoqilmasin — odamlar ishlamoqda” yozuvli taqiqlovchi xavfsizlik belgisi osiladi.
178. Texnika xavfsizligi boʻyicha yuqori talablar qoʻyilgan ishlarni bajarishda, elektrodvigatellarni elektr taqsimlash qurilmalaridan oʻchirish, uskunani harakatlantiruvchi elektrodvigateldan uzish, GOST 12.4.026-76 boʻyicha “Yoqilmasin — odamlar ishlamoqda” yozuvli taqiqlovchi xavfsizlik belgisi osish, masʼul rahbar va ish bajaruvchini shaxsan ishtirokida bajarilishi shart.
179. Xavfsizlik belgisini olish va uskunani yoqish, texnika xavfsizligi boʻyicha yuqori talablar qoʻyilgan ishlar uchun masʼul rahbar ruxsatidan soʻng bajarilishi lozim.
180. Mashinaning barcha harakatlanuvchi yoki xavf tugʻdiruvchi qismlari maxsus gʻiloflar bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
181. Balandlikdagi ishlarda faqat tayanch yoki rezinali qoplamalar bilan taʼminlangan soz narvonlardan foydalanish lozim.
182. Narvonni tirab qoʻyish bilan bogʻliq ishlar ikki ishchi bilan bajariladi, ulardan biri ishlovchining xavfsizligi uchun narvon asosida doimo boʻlishi lozim.
183. Koʻchiriluvchi narvon tekis sathga oʻrnatilib, asosi rezinaga kiygizilgan boʻlishi lozim. Tirab qoʻyiluvchi narvonni yerga oʻrnatish uchun asosi metall uchli boʻlishi lozim.
184. Tirab qoʻyiluvchi narvonlarni oʻzaro bogʻlab, shuningdek elektr qurilmalarga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashda temir narvonni qoʻllash taqiqlanadi.
185. Tirab qoʻyiluvchi narvondan foydalanishdan oldin va har yarim yilda, gorizontal tekislikga 75º burchak ostida oʻrnatilib, narvon oʻrtasi qadam pogʻonasiga qoʻyilgan 120 kg ogʻirlikdagi statik yuk koʻtarish sinovidan oʻtkazilishi lozim.
186. Tirab qoʻyiluvchi narvonni umumiy uzunligi, ishchini narvon tepa uchidan 1 m dan kam boʻlmagan masofada joylashgan pogʻonada turib, ish bajarish imkoniyatini taʼminlashi lozim.
187. Taʼmirlash ishlari yer sathi, maydoncha yopqichi yoki qoplamadan 5 m yuqori balandlikda bajarilganda, balandlikda ishlarni bajarishi uchun ruxsat berilgan xodim tomonidan bajarilishi lozim. Bunday ishlarni himoya kamari va muhofaza arqonidan foydalanmasdan bajarish taqiqlanadi.
188. Ogʻirligi 50 kg dan yuqori boʻlgan uskuna qismi va tarmogʻini yechish hamda oʻrnatish mexanizatsiyalangan uslubda bajarilishi lozim.
3-§.Uskuna va moslamani taʼmirlash va uni foydalanishga topshirish
189. Ishchilar bajariladigan ish xususiyatiga muvofiq soz asbob va moslamalar jamlamasi bilan taʼminlanishi lozim.
190. Asbob va moslamalar holati bir oyda bir martadan kam boʻlmagan davrda tekshirilishi lozim.
191. Texnik xizmat koʻrsatish, davriy va kapital taʼmir boʻyicha ishlarni bajarish tartibida, ishlab chiqaruvchi — zavod tasdiqlagan taʼmirlash va foydalanish hujjatida belgilangan zarur ish hajmini koʻrsatish lozim.
192. Texnologik uskuna taʼmirlangandan soʻng sinash va ishlatib koʻrishdan oʻtkazilishi zarur. Qism va agregatlarni ishlatib koʻrish avvalo 2 soat davomida “Boʻsh” harakatda, soʻng 10 soat davomida ish yuklovi ostida amalga oshirilishi lozim.
193. Ishlatib koʻrish uchun mexanizmlarni yoqishdan oldin, tarmoqlar toʻgʻri yigʻilgani, begona jismlar yoʻqligini koʻrish va ishonch hosil qilish, havo uzatish pnevmatik tizimi toʻgʻri ulanib, mustahkam qotirilganligiga ishonch hosil qilish lozim.
194. Sinov va ishlatib koʻrish davrida taʼmirlangan tarmoq va agregatlarini barcha nuqsonlari, elektrodvigatel va tarmoq podshipniklarini qizish darajasi hamda moy oqishi bartaraf qilinishi kerak.
195. Uskunani taʼmirdan soʻng foydalanishga yaroqliligi, qabul qiluvchi komissiyani dalolatnomasida qayd qilinishi lozim.
196. Uskuna yigʻilgandan yoki taʼmirlangandan soʻng foydalanish uchun yoqishdan oldin quyidagilarni bajarish zarur:
a) odamlarni xavfsiz joyga oʻtkazish;
b) mashina tashqarisi va ichidan begona buyumlarni olib tashlash;
v) himoya toʻsiqlari mavjudligi va mustahkamligini tekshirish;
g) harakatlanuvchi qismlarni moylash va sozlash;
d) himoya saqlovchi va nazorat oʻlchov asboblarini sozligini tekshirish;
e) uskuna yigʻilishini toʻgʻriligini tekshirishda, oʻzaro bogʻliq harakatlanuvchi mexanizmlarni toʻliq siklida uni harakatlanuvchi qismini aylantirish;
z) uskunani boʻsh harakatda va ish yuklovi ostida sinash.
VI. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
197. Tashkilotlarni (sexlarni) loyihalashtirishda, qurishda (montaj qilishda) mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
198. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(198-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VII. Yakuniy qoidalar
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi va “Oʻzqurilishmateriallari” Aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
2009-yil 23-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
2009-yil 23-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2009-yil 23-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2009-yil 23-oktabr
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshligʻi I. XOLMATOV
2009-yil 23-oktabr
“Oʻzqurilishmateriallari” AK Boshqaruv raisi E. AKRAMOV
2009-yil 23-oktabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 50-51-son, 550-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 29.05.2025-y., 10/25/3626/0480-son; 30.03.2026-y., 10/26/3798/0288-son)