Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2009-yil 3-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2009-yil 4-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2009-yil 4-dekabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 22-iyulda qabul qilingan “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi OʻRQ-163-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 7, 354-modda; 2009-yil, № 9, 330-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 3-moddaning oʻn toʻrtinchi xatboshisi “ochiq aksiyadorlik jamiyatlari” degan soʻzlardan keyin “va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarda tashkil etilgan tijorat banklari” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) 4-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Obligatsiyalar yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar uchun chiqariladi”;
3) 49-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qimmatli qogʻozlar bozorida quyidagilar taqiqlanadi:
emitentga yoki qimmatli qogʻozlarga taalluqli axborotni oshkor qilmasdan qimmatli qogʻozlarni emissiya qilish;
chiqarilishi ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan yoki toʻxtatib qoʻyilgan qimmatli qogʻozlarni joylashtirish, ularning muomalasi, ularni reklama qilish va taklif etish;
qimmatli qogʻozlar egasining oʻz depo hisobvaragʻida boʻlgan qimmatli qogʻozlarning qiymati toʻliq toʻlanguniga qadar ularga doir bitimlar tuzishi;
qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish;
ustav fondi shakllantirilguniga qadar (tijorat banklarining ustav fondini shakllantirish hollari bundan mustasno), shuningdek uni toʻldirish yoki emitentning moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq zararlarning oʻrnini qoplash uchun korporativ obligatsiyalar chiqarish;
obligatsiyalarning chiqarilishi roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin obligatsiyalar chiqarish toʻgʻrisidagi qarorning shu qaror bilan belgilangan obligatsiyalarga doir huquqlar hajmiga taalluqli qismiga emitent tomonidan oʻzgartishlar kiritish;
qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining majburiyatlari boʻyicha mijozning qimmatli qogʻozlari va pul mablagʻlarini undirish;
emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni ommaviy joylashtirishda va (yoki) ularning muomalasida bir investorga boshqasiga nisbatan afzallik belgilash, quyidagi hollar bundan mustasno:
a) davlat qimmatli qogʻozlarini emissiya qilish;
b) aksiyadorlik jamiyatining aksiyadorlariga oʻzlariga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda qimmatli qogʻozlarni olishda belgilangan tartibda imtiyozli huquq berish;
v) Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan qimmatli qogʻozlarni olishga qonun hujjatlari bilan cheklovlar joriy etish.
Korporativ obligatsiyalarni faqat tijorat banklari, shuningdek quyidagi shartlarga rioya etgan holda ochiq aksiyadorlik jamiyatlari:
auditorlik tashkilotining xulosasi bilan tasdiqlangan oʻz kapitalining obligatsiyalar chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadagi miqdori doirasida;
keyingi uch yil mobaynida rentabellik, toʻlovga qobiliyatlilik, moliyaviy barqarorlik va likvidlikning auditorlik tashkiloti xulosalari bilan tasdiqlangan ijobiy koʻrsatkichlariga ega boʻlsa, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mustaqil reyting bahosini olgan boʻlsa;
investorlarga tegishli mablagʻlarning emitentlar tomonidan toʻlanishi boʻyicha toʻlov agentlari vazifasini bajaruvchi tijorat banklari ishtirokida chiqarishi mumkin.
Korporativ obligatsiyalar ularning egalariga ochiq aksiyadorlik jamiyatini va boshqa tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilgan tijorat bankini boshqarishda ishtirok etish huquqini bermaydi.
Yuridik yoki jismoniy shaxs yoxud oʻzaro kelishuv bilan bogʻlangan yoki bir-birining mol-mulkini nazorat qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar guruhi tomonidan bir yoki bir necha bitim natijasida bank aksiyalarining 5 foizdan ortigʻini olish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki xabardor qilinishini, 20 foizdan ortigʻini olish esa, oldindan uning roziligini olishni talab qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining oldindan roziligini olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
Emitent oʻzi chiqargan aksiyalar boʻyicha ularni qayta sotib olish sharti bilan bitimlar tuzishga, shuningdek oʻzi chiqargan aksiyalarni ishonchli boshqaruvga topshirishga haqli emas”.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-dekabr,
OʻRQ-232-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 50-51-son, 531-modda)