Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XOʻJALIGI TEXNIKASI SAQLANIShINI YaXShILASh VA ULARDAN FOYDALANISh SAMARADORLIGINI OShIRISh YuZASIDAN KEChIKTIRIB BOʻLMAYDIGAN ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, respublikada qishloq xoʻjaligi korxonalarini va mashina-traktor parklarini yangi yuqori unumli texnika bilan taʼminlash chora-tadbirlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tekshirishlar mavjud texnika imkoniyatlaridan xoʻjasizlarcha foydalanilayotganligini, traktorlar va qishloq xoʻjaligi mashinalarini saqlash, ishlatish va ularga xizmat koʻrsatish qoidalari buzilayotganligini koʻrsatmoqda.
Koʻpgina xoʻjaliklarda mashina-traktor saroylarida tartib oʻrnatishga zarur eʼtibor berilmayapti, texnikani saqlash uchun bostirmalar va jihozlangan maydonchalar yetishmaydi. Mexanizatorlarni va mutaxassislarni mashina va mexanizmlarning saqlanishi va ulardan unumli foydalanilishi uchun moddiy ragʻbatlantirish choralari amalda qoʻllanilmayapti.
Mexanizator kadrlarni tayyorlash ishlari tizimsiz olib borilmoqda. Jizzax, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida birinchi klassli traktorchi-mashinistlar soni respublikadagi oʻrtacha 38 foizga nisbatan bor-yoʻgʻi 28-30 foizni tashkil etmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda unga qarashli “Boshdavtexnazorat” inspeksiyasi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi xoʻjaliklar rahbarlari va mutaxassislarining mashinalarni ishlatish, ularga texnika xizmati koʻrsatish va ularni saqlashni tashkil etishga boʻlgan masʼuliyatsizlarcha munosabatlariga murosasozlik qilmoqdalar, bu muhim ishdagi jiddiy kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrmayaptilar.
Qishloq xoʻjaligidagi mavjud texnikaning saqlanishida va ularni ishlatishda zarur tartib oʻrnatish, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish davlat-kooperativ qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari mavjud qishloq xoʻjaligi texnikasidan samarali foydalanish uchun talabchanlikni susaytirib yuborganliklari, bu ishda nazorat oʻrnatmaganliklari, mansabdor shaxslarning mashinalardan foydalanish va ularni ishlatish qoidalarini buzish kabi xatti-harakatlariga qatʼiy baho bermayotganligi qayd etilsin.
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish davlat-kooperativ qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari rahbarlaridan texnikani saqlashdagi, mavjud har bir traktor va har bir qishloq xoʻjaligi mashinasini avaylab saqlash va ulardan unumli foydalanishdagi kamchiliklarga barham berish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻrish talab qilinsin.
Prokuratura organlari tomonidan texnikani saqlash va ishlatish qoidalarini buzish hollari boʻyicha 44 ta, shu jumladan, Oq oltin, Zomin, Zarbdor, Toʻrtkoʻl, Namangan va boshqa bir qancha tumanlar qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlari ustidan jinoiy ish qoʻzgʻatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi (Tojiyev), Jizzax (Mirziyoyev), Qashqadaryo (Begmatov), Navoiy (Dilov), Surxondaryo (Noraliyev), Sirdaryo (Ismoilov) va Toshkent (Mirzaqulov) viloyatlari hokimlariga qishloq xoʻjaligi texnikasini saqlash va ishlatishdagi koʻplab xoʻjasizlik hollari mavjudligi, bu esa dehqonchilik va chorvachilik samaradorligiga salbiy taʼsir etayotganligi koʻrsatib oʻtilsin.
Ularga Boʻzatov (Jumanov A.), Forish (Eshboyev S.), Bahoriston (Tojiyev X.), Xatirchi (Safarov A.), Denov (Mengliyev T.) va Bekobod (Boʻriboyev) tumanlari hokimlarining mashina-traktor saroylarida tartib oʻrnatish ishlarini qoniqarsiz tashkil etganliklari uchun javobgarliklarini koʻrib chiqish topshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan texnika koʻrigi yakunlariga koʻra 14334 traktor, shu jumladan, 5168 haydov va 4511 chopiq traktorlari, 1584 gʻalla va sholi oʻrish-yigʻish kombaynlari, 5521 paxta terish mashinasi (traktorlarsiz), 8575 traktor tirkamasi, 7 mingdan ortiq ekish, tuproqqa ishlov berish va boshqa qishloq xoʻjaligi mashinalari bundan buyon foydalanish uchun yaroqsiz deb topilganligi va qishloq xoʻjaligi korxonalari va mashina-traktor parklari balansidan chiqarilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari xoʻjaliklar balansida qolgan texnikaning ish qobiliyatini tiklashni tashkil etsinlar, ulardan samarali foydalanilishini, hisobdan chiqarilgan mashinalarni qismlarga ajratishdan soʻng kirim qilingan uzel va agregatlar oqilona ishlatilishini, shuningdek texnikani ishdan tashqari davrda saqlash qoidalariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlasinlar.
Ushbu maqsadlarda:
ikki oy muddatda texnikadan foydalanish, uni tuzatish, unga texnika xizmati koʻrsatish va uni saqlash masalalari boʻyicha meʼyoriy-texnik hujjatlarni qayta koʻrib chiqsinlar, ularning davlat tilida nashr etilishini tashkil etsinlar, mashina-traktor saroyi toʻgʻrisidagi Nizomni, shuningdek “Qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan texnikani saqlash qoidalari” davlat tarmoq standartlarini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
ustaxonalar, texnika xizmati koʻrsatish joylari va neft mahsulotlari omborlarini tuzatish-texnologiya asbob-uskunalari bilan butlasinlar, zarur hollarda yetishmaydigan uskunalar, priborlar, asboblar va moslamalar tayyorlanishini tashkil etsinlar, barcha xoʻjaliklar va mashina-traktor parklarida texnikani tuzatish, unga texnika xizmati koʻrsatish va uni saqlash xizmatlarini tajribali mutaxassislar bilan mustahkamlasinlar;
mexanizatorlarni, tuzatish-xizmat koʻrsatish xodimlarini texnikani avaylab saqlaganligi va undan samarali foydalanganligi, yonilgʻi-moylash materiallarini tejab sarflaganligi uchun moddiy ragʻbatlantirish tartibini ishlab chiqsinlar va joriy etsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi bilan birgalikda texnikani ishlatish, tuzatish, unga xizmat koʻrsatish, avaylab saqlash va uni hisobdan chiqarish qoidalariga rioya qilinishi, malakali mexanizatorlar bilan butlanishi ustidan muntazam nazoratni taʼminlasinlar.
Mashinalarni texnik ishlatish va saqlash qoidalarini buzish hollari boʻyicha materiallar xoʻjaliklar va mashina-traktor parklari rahbarlarini javobgarlikka tortish yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatish uchun tergov organlariga oshirilsin.
6. “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi va “Oʻzmashsanoat” uyushmasi bilan birgalikda xoʻjaliklardagi mavjud texnikaning ish qobiliyatini tiklash uchun ehtiyot qismlar tayyorlash, shuningdek koʻchma yonilgʻi quyish va payvandlash agregatlari, neft xoʻjaligi asbob-uskunalari, sinov stendlari, diagnostika va oʻlchov priborlari ishlab chiqarish dasturini ikki oy muddatda ishlab chiqsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Qarorning bajarilishi toʻgʻrisida 1999-yilning 1 yarim yilligi yakunlari boʻyicha axborot berilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 29-mart,
139-son