Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“SOS — OʻZBEKISTON BOLALAR MAHALLALARI” UYUSHMASINING XAYRIYA FAOLIYATINI RAGʻBATLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
“SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining xayriya faoliyatini kengaytirishga koʻmaklashish, respublikaga kelayotgan, yetim bolalarni uygʻun rivojlantirishga va tarbiyalashga yoʻnaltirilayotgan begʻaraz mablagʻlardan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi uchun Oʻzbekiston Respublikasining budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga ajratmalar stavkasi, istisno tariqasida, ish haqi fondining 7 foizi miqdorida belgilansin, boʻshaydigan mablagʻlar yetim bolalar uchun xayriya faoliyatini kengaytirish hamda “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” va ular bilan bogʻliq loyihalarning moddiy bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga maqsadli yoʻnaltirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda normativ hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va D.M. Gʻulomova zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 26-iyun,
271-son