Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“TEMIR YOʻLLARNI MODERNIZATSIYA QILISH” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Temir yoʻl transportida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, temir yoʻllarning ustuvor uchastkalarini modernizatsiya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Osiyo taraqqiyot banki Direktorlar kengashi “Temir yoʻllarni modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga 25 yil muddatga, shu jumladan besh yillik imtiyozli davrga oʻzgaruvchi foiz stavkasi boʻyicha 70 mln AQSH dollari miqdorida qarz berilishini maʼqullaganligi;
Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkilotining xalqaro rivojlantirish jamgʻarmasi (OPEK jamgʻarmasi) boshqaruvi “Temir yoʻllarni modernizatsiya qilish” loyihasini mablagʻ bilan taʼminlashni qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga yillik stavkasi 1,75 foiz boʻlgan 5 mln AQSH dollari miqdorida qarz berilishini maʼqullaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Qarzni qaytarish muddati — 20 yil, besh yillik imtiyozli davr ham shu jumlaga kiradi.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Osiyo taraqqiyot banki va OPEK jamgʻarmasining qarzlarini qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimlarga muvofiq hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Osiyo rivojlanish banki va OPEK jamgʻarmasi oʻrtasida tuzilgan loyiha bitimlari asosida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga qayta kreditlaydi;
qarzlarning asosiy qismini, qarzlar boʻyicha foizlar va vositachilik haqini, shuningdek moliyalashni tashkil etish xarajatlarini toʻlash “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Qarzlarni qaytarish jadvali 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Osiyo taraqqiyot banki va OPEK jamgʻarmasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qarz bitimlarini imzolashga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi oʻrtasidagi qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni imzolashga;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Osiyo taraqqiyot banki va OPEK jamgʻarmasi oʻrtasidagi loyiha bitimlarini imzolashga vakil qilinsin.
5. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi huzurida faoliyat koʻrsatuvchi Loyihani amalga oshirish guruhining shtatdagi xodimlari soni, yordamchi xodimlarni hisobga olgan holda, 6 nafarga koʻpaytirilsin. Guruh zimmasiga loyihalarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash va Osiyo taraqqiyot banki hamda OPEK jamgʻarmasi kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish yuzasidan javobgarlik yuklansin.
Loyihani amalga oshirish guruhini mablagʻ bilan taʼminlash, shu jumladan uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining loyihani amalga oshirishdagi ulushi hisobiga amalga oshirilsin.
6. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining loyihani amalga oshirishdagi oʻz ulushi hisobiga Kichik va oʻrta biznes jamgʻarmasi (Jamgʻarma)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Kompaniyaning boʻshab qoladigan xodimlari uchun ish bilan taʼminlashning muqobil turlarini tashkil qilish hamda temir yoʻl sektorida kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda Jamgʻarma toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
7. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Qarz bitimiga va Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi koʻrsatib oʻtilgan loyiha mablagʻlari hisobiga sotib olinadigan tovarlar va xizmatlar uchun bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadi (bojxona rasmiylashtirishi uchun yigʻimlar bundan mustasno).
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, Osiyo taraqqiyot banki va OPEK jamgʻarmasi oʻrtasidagi qarz bitimlari yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga vizalar, zarurat boʻlganda koʻp martalik vizalar berilishini hamda ularni vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazishni, ularni davlat bojlari va yigʻimlari toʻlashdan ozod qilgan holda taʼminlasinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va A.N. Isayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 20-mart,
136-son