Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT TOʻQIMACHILIK VA YENGIL SANOAT INSTITUTINI JIHOZLASH UCHUN YAPONIYA HUKUMATINING BEGʻARAZ YORDAMIDAN SAMARALI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining oʻquv va moddiy-texnik bazasini takomillashtirish loyihasini amalga oshirish uchun Yaponiya Hukumati tomonidan begʻaraz berilayotgan 440 mln Yaponiya yeni miqdoridagi mablagʻdan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S.Karomatov Ayirboshlash notasi sifatidagi bitimni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil kilinsin.
2. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga Yaponiya tomoni bilan kelishgan holda loyihani samarali amalga oshirish uchun begʻaraz yordam mablagʻlarini olish va ularga xizmat koʻrsatishga doir barcha tartibotlarni rasmiylashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga yuqorida koʻrsatilgan begʻaraz yordamga hisob-kitob yuzasidan xizmat koʻrsatish yuklansin.
3. Begʻaraz yordam doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelinayotgan oʻquv va laboratoriya asbob-uskunalari, materiallar va koʻrsatiladigan xizmatlar bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi begʻaraz yordamga hisob-kitob xizmati koʻrsatish yuzasidan Yaponiya tomonining vositachilik haqini toʻlash uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining soʻmdagi mablagʻlari konvertatsiya qilinishini nazarda tutsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan loyihaning Yaponiyalik qatnashchilari davlat boji undirmasdan vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish uzaytirilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 9-noyabr,
440-son