Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
SHTAMPLASH ISHLAB CHIQARISHI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 24-noyabrda 2046-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Shtamplash ishlab chiqarishi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 28-oktabr,
63-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 28-oktabrdagi 63-B-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Shtamplash ishlab chiqarishi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq shtamplash ishlab chiqarishida mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I . Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar shtamplash ishlarini bajaradigan tashkilotlarga (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar shtamplash ishlarini bajaradigan tashkilotlar binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
maʼmuriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni oʻz vaqtida, toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha boʻlimni oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
ishchi va xizmatchilar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
8. Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasida mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozim joriy etiladi), 50 va undan ortiq transport vositalariga ega boʻlgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
11. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish
12. Tashkilotlarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari hamda bilimlari sinovdan oʻtkazilishi kerak.
13. Bevosita ishlab chiqarishda ishlarni tashkillashtirish va bajarish bilan bogʻliq xodimlar, rahbarlar, muhandis-texnik xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi va ishlovchilar hamda ish joylarini shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Shtamplash ishlarini bajarishda asosiy xavfli va zararli quyidagi omillar mavjud:
a) ish joyi hududi havosining changlanishi va gazlanishi (uglerod oksidi, azot oksidi va boshqalar);
b) shovqin, tebranish, issiqlik nurlanishi va noqulay mikroiqlim (yuqori harorat, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi).
16. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, ishchilarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
17. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining xavfli hamda zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻirligi ish joylarini mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiya qilish orqali tasdiqlanishi lozim.
18. Har bitta tashkilot yoki alohida ishlab chiqarish xavfli va zararli mehnat sharoitlarga ega boʻlgan kasblar, ish oʻrinlari va hududlarining Sanitariya qoidalari va meʼyorlariga muvofiq zararlilik va xavflilik sinfi koʻrsatilgan roʻyxatiga hamda ishlab chiqarish omillarining zararlilik va xavflilik koʻrsatkichlari, mehnat jarayonining ogʻirlik koʻrsatkichlari boʻyicha mehnat sharoitlarining amaldagi gigiyenik tasnifiga ega boʻlishi lozim.
19. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoxud yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda roʻyxatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
20. Tashkilot oʻta xavfli sharoitda bajariladigan kasblar va ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatda aniq texnologik jarayon, ishlab chiqarish uskunasi, ishlatiladigan xom ashyo va ishlarni amalga oshirish xususiyatlari bilan bogʻliq xavflar hisobga olinishi lozim. Roʻyxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar, elektr uskunalarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar hamda amaldagi tarmoq roʻyxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
21. Oʻta xavfli ishlarga faqat maxsus oʻqitilgan, ushbu ishlarni bajarish huquqini beruvchi hujjatga ega boʻlgan xodimlar qoʻyiladi.
22. Barcha xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishi va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini oʻzlashtirib olishi shart.
23. Oʻta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda masʼul xodim qoʻl qoʻyib rasmiylashtirilgan maxsus naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
24. Tashkilot (sex) rahbariyati oʻta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga toʻla javobgardirlar.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
25. Ishlovchilarni zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish tegishli standartlar va meʼyorlar talablariga mos jamoaviy va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
26. Jamoaviy himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, tebranma, elektr toki urishi, statik tok va uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
27. Jamoaviy himoya vositalari (ventilyatsiya, aspiratsiya, yerga ulash, mahalliy soʻrgʻichlar va boshqalar) zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillari xonadagi barcha ishlovchilarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
28. Jamoaviy himoya vositalari zararli va xavfli omillarni ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda shaxsiy himoya vositalari qoʻllanilishi lozim. Bunday hollarda shaxsiy himoya vositalarisiz kishilarning ishtiroki va ishlar amalga oshirilishi taqiqlanadi.
29. Mehnat sharoiti noqulay ishlarda band boʻlgan xodimlar belgilangan normalar boʻyicha:
sut (shunga teng boshqa oziq-ovqat mahsulotlari);
davolash-profilaktika oziq-ovqati;
gazli shoʻr suv (issiq sexlarda ishlovchilar uchun);
maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan bepul taʼminlanishi lozim.
30. Shaxsiy himoya vositalaridan foydalangan holda ishlovchilar, ularning qoʻllanilishi, himoya xususiyatlari, amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi hamda ulardan foydalanishga oʻrgatilishi lozim.
31. Tashkilot maʼmuriyati yoki ish beruvchi quyidagilarni taʼminlashi shart:
amaldagi meʼyorlar boʻyicha mazkur ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan barcha shaxsiy himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasini;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishni;
qoʻllanilayotgan himoya vositalarining samaradorligi va sozligini tekshirishni;
shaxsiy himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni degazatsiya va dezinfeksiya qilishni (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
32. Tashkilot maʼmuriyati, ishchi va xizmatchilarni maxsus kiyim, poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning meʼyorlariga muvofiq taʼminlashi shart.
6-§. Xodimlarning ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishiga ruxsat berish
33. Tashkilot xodimlari ishni bajarishning xavfsiz usullariga oʻqitilib, olingan bilimlari Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq sinovdan oʻtkazilgandan soʻng ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishga ruxsat etilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
34. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar mehnatidan foydalanishga hamda ularning yuk koʻtarishi va tashishiga normativ hujjatlar talablariga muvofiq ruxsat etilishi lozim.
35. “Ayollar mehnatidan foydalanish qisman yoki toʻliq taqiqlangan noqulay mehnat sharoitiga ega ishlar roʻyxati”ga (roʻyxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7-§. Xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish
36. Tashkilot maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va vakolatli sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Tashkilotlarda xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
38. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni maʼmuriyat ishga qoʻymaslikka haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
39. Sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan ishga oʻtkazishga muhtoj xodimlarni ish beruvchi, ularning roziligi bilan, tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yoki muddatini cheklamay, ana shunday ishlarga oʻtkazishi shart.
40. Tibbiy koʻriklar tashkilotning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Tashkilot maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilotning maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Tashkilot maydonlariga boʻlgan xavfsizlik talablari
44. Tashkilot maydonlari va binolarning joylashuvi SanMvaQ II-89-80 “Sanoat tashkilotlarining bosh plani” talablariga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Tashkilotda transport vositalarining va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi kerak.
46. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish hamda ish uchastkalari va sexlarining koʻrinarli joylariga osib qoʻyilishi kerak.
47. Tashkilotda avtoyoʻllar yoki piyoda yoʻlkalari bilan tutashgan ichki tashkilot temir yoʻllari uchrashgan joylarda avtoyoʻllar va piyodalar uchun oʻtish yoʻllari boʻlishi lozim.
48. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Tashkilot maydonida ishchilar uchun dam olish joylari boʻlishi lozim.
49. Tashkilot maydonidagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
50. Yilning yoz vaqtida yoʻlkalar va oʻtish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan boʻlishi kerak.
51. Tashkilotlarda harakatlanuvchi temir yoʻl sostavlarini intensiv harakatlanishiga oʻtish joylari avtomatik signal bilan taʼminlanishi lozim.
52. Tashkilot hududi SHNQ 2.01.02-04 “Binolar va inshootlarning yongʻinga qarshi xavfsizligi” talablariga mos keluvchi yongʻin oʻchirish vositalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
9-§. Bino va inshootlarga boʻlgan xavfsizlik talablari
53. Ishlab chiqarish va yordamchi xonalarni (harorati, nisbiy namligi, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar) mikroiqlimi GOST 12.1.005-88 talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
54. Ishlab chiqarish va yordamchi binolarda hojatxona, yuvinish xonasi, dush, ayollar shaxsiy gigiyenasi xonasi, yechinish xonasi, maxsus kiyimlarni quritish va changdan tozalash xonasi, ishchilar isinish xonasi, dam olish va ovqatlanish xonasi, yigʻishtirish inventari bilan birga navbatchi xodim xonasi, dam olish xonasi, soqolni olish, boshni quritish, maxsus kiyimlarni yuvish xonasi, sogʻliqni saqlash punkti va boshqalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
55. Hoʻl jarayonlardagi xonalarda, hamda issiq oʻtkazuvchi pollarda (betonli, gʻishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlovchi ishchi joylarida yogʻoch toʻshamalar va panjaralar yotqizilgan boʻlishi kerak.
56. Pol toʻshamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalanishni taʼminlashi kerak.
57. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari SanMvaQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talablariga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
58. Binoga transport vositalarining kirish joylari darvozalar va signal asbob-uskunalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
59. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar orqali mustahkam oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
60. Keng izli temir yoʻl transportining binoga kirishi uchun darvoza eng kamida 4,9 m, balandligi kamida 5,4 m boʻlishi kerak.
61. Avtomobil transportining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan avtomobillar eni miqdoridan oshiq boʻlishi kerak.
62. Darvozalar balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan oshiq boʻlishi kerak.
63. Binolarning oynalangan fonarlariga gorizontal metall toʻrlar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
64. Vertikal oynalangan fonarlar uchun toʻrlar eni 0,7 m dan kam boʻlmasligi kerak. Yopiq va gorizontal oynalanganda toʻrlarning eni, tavaqalarning oynalangan gorizontal proyeksiyasi miqdori boʻyicha hisoblab aniqlanadi.
65. Akkumulyator batareyalarini zaryadlash uchun xonalar oqib-tortish ventilyatsiyalari uskunalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
66. Akkumulyator batareyalarini zaryadlash xonalarining kirish eshiklariga GOST 12.4.026-76 “Ochiq olovdan foydalanish man etiladi”, “Chekish mumkin emas”, “Kirish taqiqlanadi” kabi muvofiq taqiqlovchi va ogohlantiruvchi xavfsizlik belgilari osilgan boʻlishi kerak.
67. Barcha tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish va holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan boʻlishi kerak.
68. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam boʻlmagan holda tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik koʻrigidan oʻtkazilishi lozim. Koʻrik xulosalari, ulardan topilgan nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar va muddati koʻrsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
69. Xodimlar uchun xavf tugʻdiruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Halokatni bartaraf etilguncha ishlab chiqarish jarayonlari xavfli hududlarda toʻxtalishi lozim, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga koʻchirilishi kerak.
10-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
70. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
71. Bino va inshootlarning ishlab chiqarish xonalarida havodagi zararli moddalar miqdori SanQvaM 0046-95 “Gigiyenik normativlar. Ish hududi havosida zararli moddalarning ruxsat etilgan eng koʻp miqdorlari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
72. Oʻtish joylarida (galereyalarda, zinalar maydonchalarida va shunga oʻxshash) joylashgan isitish jihozlari (quvurlar, registrlar va shunga oʻxshashlar), ruxsat etilgan oʻtish yoʻlkalarining enini kamaytirmasligi kerak.
73. Ishchi joylarida havo harorati yilning sovuq davrida yengil jismoniy ishlarda 21°C, oʻrta ogʻir ishlarda 17°C va ogʻir ishlarda 16°C dan past boʻlmasligi kerak.
74. Xodimlarning isinishi uchun xonalarda havo harorati 22°C dan kam boʻlmasligi kerak.
75. Binolarda joylashgan ishchi maydonlaridan, xodimlarni isinish xonalarigacha boʻlgan masofa 75 m tashkilot maydonidagi ishchi joylaridan 150 m dan koʻp boʻlmasligi kerak.
11-§. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
76. Suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarning ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talablariga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
77. Tashkilotning ishlab chiqarish oqova suvlari, tashqi kanalizatsiyaga yetib kelguncha zararli moddalardan tozalanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
78. Tozalangan suvda zararli moddalar tarkibi sanitar normalariga asosan chegaralangan konsentratsiyasidan oshib ketishi kerak emas.
79. Ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun beriladigan suvning sifati texnologik talablarga mos boʻlishi kerak.
80. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda baklarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
81. Ish joyidan suv ichish qurilmasigacha boʻlgan masofa 75 m. dan oshmasligi kerak.
82. Ichimlik suvining harorati 8°C dan 20°C gacha boʻlishi kerak.
83. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq va kanalizatsiyalangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
84. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi yoʻq boʻlganda Davlat sanitar nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmaslikka va ishlab chiqarish kanalizatsiyasiga dushxonalardan va yuz-qoʻl yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat oʻralariga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
85. Tashkilot maydonida, ishlab chiqarish va yordamchi binolar va xonalarda tabiiy va sunʼiy yoritishlar QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
86. Yoritish uskunalarini oʻrnatishda qandillarning turlari, lampalarning quvvati va ularning joylashishi tasdiqlangan loyihaga mos boʻlishi kerak.
87. Ishlab chiqarish sexlaridagi, xom ashyo omborlari va yuk tushirish-ortish maydonlaridagi texnologik uskunalar umumiyga qoʻshimcha ravishda koʻchma yoritish moslamalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
88. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya isteʼmolchilarini ulash taqiqlanadi. Avariya yoritishlarining sozligi kamida chorakda bir marta tekshirilishi lozim.
89. Yorugʻ tushuvchi oynalarni yilda ikki martadan kam boʻlmagan holda tozalash lozim.
90. Yorugʻlik tushadigan deraza va eshiklarni begona predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) bilan toʻsib qoʻyilishiga ruxsat etilmaydi.
91. Yuqori xavfli xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritgichlar ishlatilishi kerak.
13-§. Shovqin va titrashga boʻlgan talablar
92. Texnologik jarayonlarni ishlab chiqishda, uskunani loyihalash va modernizatsiya qilish davrida shovqinni kamaytirish uchun turli usul va vositalardan foydalanish, uskunaning shovqin tavsiflari va ish joyidagi shovqin darajasi texnik shartlarda oʻrnatilgan miqdorlardan oshib ketmasligi zarur.
93. Tovush darajasi 80 dBA dan oshiq boʻlgan hududlarga xavfsizlik belgisi oʻrnatilishi lozim. Bu hududlarda ishlayotganlarni shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlash zarur.
Har qanday oktava yoʻlida tovush bosimining darajasi 135 dBA dan koʻp boʻlgan hududlarda odamlarning boʻlishi ruxsat etilmaydi.
94. Tashkilotning ish joylarida shovqin darajasi ustidan nazorat oʻrnatilishi va kuchli shovqin sharoitlarida bexatar ishlash qoidalari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
Ish joylarida shovqin darajasini oʻlchash davlat sanitariya-epidemiologiya nazoratining markazlari bilan kelishilgan tarzda bajarilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
95. Uskuna foydalanish rejimida ishlayotgan paytda ish oʻrnida paydo boʻladigan titrash darajasi “Umumiy va mahalliy titrashning ish oʻrinlaridagi sanitariya meʼyorlari” SanQvaM 0122-01-2-sonli gigiyenik normativlarda oʻrnatilgan miqdorlardan koʻp boʻlmasligi kerak.
96. Titrash taʼsirini kamaytirish va asbob hamda dastalarning sovuq metall sirtiga bevosita qoʻl tegmasligi uchun ular titrashni yutuvchi va issiqlikni izolyatsiya qiluvchi materiallar (penoplast, rezina va hokazolar) bilan qoplanishi lozim.
97. Ishlov beriladigan mahsulot qoʻshimcha titrash paydo boʻlmasligi uchun mahkamlanishi kerak.
98. Ish joylariga tebranish uzata oladigan ishlab chiqarish uskunasi yasalishi va oʻrnatilishi paytida ularni titrashga qarshi izolyatsiya bilan taʼminlash choralari, shuningdek ish joylarida titrash chegaraviy ruxsat berilgan koʻrsatkichlardan oshib ketmasligi ham hisobga olinishi lozim.
99. Smena davomida titrash taʼsiri 180 daqiqa (3 soat)ni tashkil etsa, mahalliy titrashning meʼyoriy parametrlarini chegaraviy ruxsat berilgan miqdorlarida koʻrsatilgandan oshmasligi lozim.
100. Tashkilotda titraydigan pnevmoasboblarni taʼmirlash uchun maxsus uchastkalar tashkil qilinishi kerak.
101. Tashkilotda titrash xavfi boʻlgan kasbda ishlovchilar uchun mehnatning optimal rejimlari ishlab chiqilishi lozim.
102. Titrash xavfi boʻlgan kasbda ishlovchilar organizmining qarshiligini oshirish maqsadida yiliga ikki marta kuz va bahor fasllarida toʻrt hafta mobaynida vitamin profilaktikasini oʻtkazish zarur.
103. Titraydigan asboblar bilan bajariladigan ishlar havo harorati 16º C dan past boʻlmagan, namligi 40 — 60 % va havo harakati tezligi 0,3 m/sek dan koʻp boʻlmagan, isitiladigan xonalarda amalga oshirilishi lozim.
III. Ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
104. Muayyan uskunada ishlash paytida yoki alohida ish turlarini bajarish chogʻida texnologik hujjatlarda ishlarning bexatar usullari, xodimlarga qoʻyiladigan talablar, shuningdek shaxsiy himoya vositalari koʻrsatilishi lozim.
105. Ishlarni rejalashtirish, tashkil qilish va olib borishda quyidagilarni koʻzda tutish kerak:
a) ishlarni xavfsiz bajarilishini nazorat qilish va xavfsizlik talablari buzilishiga javobgarlik;
b) ishlab chiqarish uskunasini maqsadga muvofiq tanlash va joylashtirish, ish oʻrinlarini tashkil etish;
v) texnologik reglamentlar, mehnat rejimi, uskunaga xizmat koʻrsatish tartibiga rioya qilish;
g) oʻqitish va ish operatsiyalarini bajarishga ruxsat berishda kasbiy tanlov talablariga rioya qilish;
d) xodimning zararli moddalar bilan bevosita muloqotda boʻlmasligi va xavfli omillarni bartaraf etish;
e) ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va mexanizatsiyalashtirish, masofadan turib nazorat qilish va boshqarish qurilmalarini qoʻllash;
j) umumiy va shaxsiy himoya vositalarini qoʻllash;
z) mehnat va dam olishni maqsadga muvofiq tashkillashtirish.
106. Texnologik jarayonlarni ishlab chiqishda, asosiy va yordamchi ishlab chiqarish uskunalari yaratilishida quyidagilar:
a) ishlab chiqarish binolari, atmosfera va oqova suvlarga zararli hamda yoqimsiz hidli moddalar, issiqlik energiyasi ajralib chiqishi, shovqin, tebranish vujudga kelmasligi yoki juda oz miqdorda boʻlishi;
b) jismoniy zoʻriqish, diqqat-eʼtiborning susayishi va ishchilar toliqishini oldi olinishi taʼminlanishi zarur.
107. Uskunani asosan tugmali (knopkali) stansiya yordamida boshqarish zarur. Boshqarish tizimi oddiy, tugmalarning zarur soni minimal boʻlishi lozim.
108. Boshqarish tugmalari changdan himoyalangan va ularning nima uchun ishlatilishi toʻgʻrisidagi yozuvlar yoki shartli belgilar bilan koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Yozuv va koʻrsatkichlar zanglab va oʻchib ketishga chidamli boʻlishi lozim.
109. Tugmali qurilmaning konstruksiyasi va uning joylashgan oʻrni uskunani bexosdan (tasodifiy) ishga tushish imkoniyatiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
110. Boshqarish organlari ish chogʻida xizmat koʻrsatish uchun qulay boʻlishini va ish hududi yaxshi koʻrinishini taʼminlaydigan joylarga oʻrnatilishi kerak.
111. Texnologik jarayonlar xavfli ishlab chiqarish omillari paydo boʻlishini kamaytirishi, shuningdek ishchi hududga zararli moddalar ajralib chiqishini pasaytirish maqsadida doimiy ravishda takomillashtirilib borilishi lozim.
112. Texnologik jarayonlar buzilgan va avariya vaziyatlari vujudga kelgan hollarda ogohlantiruvchi signalizatsiya ishlab ketishi, avtomatik himoya qurilmasi esa tegishli uskunani oʻchirilishini taʼminlashi lozim.
113. Boshlangʻich materiallar tegishli sertifikatlarga ega boʻlishi va ushbu mahsulotga qoʻyiladigan talablarga javob berishi kerak.
114. Ish beruvchi jarohatlanishlarning oldini olishga qaratilgan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishi va xodimlarning kasbiy kasalliklar yoki ish qobiliyati pasayishi paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ish joylarini tegishli sanitariya-gigiyena talablariga mos sharoitlar bilan taʼminlashi shart.
115. Tashkilot hududi boʻylab transport vositalari va odamlarning harakatlanishi amaldagi yoʻl harakati qoidalariga asosan oʻrnatilgan yoʻl belgilari va ogohlantirish qurilmalari bilan tartibga solinishi lozim.
2-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
116. Ishlab chiqarish jarayonlarining yongʻin va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirish, tashkillashtirish va olib borish GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablari”ga, GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga va ushbu Qoidalarga muvofiq taʼminlanishi lozim.
117. Ishlab chiqarishda oʻrganilmagan yongʻin va portlash xavfi va toksik xususiyatlariga ega boʻlgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarish jarayonida qoʻllash taqiqlanadi.
118. Texnologik jarayonlarni amalga oshirishda yongʻinlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir boʻlishi hamda atrof muhit ishlab chiqarish chiqindilari (oqova suvlari, ventilyatsiya chiqindilari va shu kabi) bilan ifloslanish ehtimolini istisno etadigan sharoitlar taʼminlanishi lozim.
119. Barcha ishlab chiqarish sexlari, xom ashyo va tayyor mahsulot omborxonalari, maʼmuriy va boshqa yordamchi binolar hamda inshootlar dastlabki yongʻinni oʻchirish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
120. Har bir sex, uchastka, omborda mavjud meʼyorlar asosida, hududiy yongʻin xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqilishi va koʻrinadigan joyga osib qoʻyilishi lozim.
121. Tashkilotlarda barcha ishlab chiqarish, yordamchi va maishiy xonalarda yongʻin xavfsizligiga javobgar shaxs tashkilot maʼmuriyatining buyrugʻiga asosan tayinlanishi lozim.
122. Tashkilotlarda yongʻin xavfsizligi idoralari tomonidan belgilangan meʼyorlarda yongʻinga qarshi kurashish uchun oʻt oʻchirish vositalari boʻlishi lozim.
123. Xodimlar bilan yongʻin xavfsizligi texminimumi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishi va ularga tegishli yoʻl-yoʻriqlar berilishi lozim.
124. Bino va yongʻin suv manbai yoʻlaklari hamda yongʻin vositalari va uskunalariga boradigan yoʻlaklar doimo boʻsh boʻlishi kerak. Binolar oraligʻidagi yongʻinga qarshi masofa uzilmalarida materiallar, uskunalar, boʻsh idishlarni taxlash va avtomobil toʻxtash joyi uchun ishlatishga ruxsat etilmaydi.
3-§. Ishlab chiqarish uskunasini joylashtirish va ish oʻrinlarini tashkil etishga qoʻyiladigan talablar
125. Shtamplash ishlab chiqarishi uskunalarining joylashtirilishi texnologik jarayon uzluksizligini, ish paytida qulaylikni, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash xavfsizligini taʼminlashi kerak.
126. Sex va uchastkalarda yuk koʻtarish qurilmalarini joylashtirish va oʻrnatish GOST 12.2.065-81 “Yuk koʻtarish kranlari. Umumiy xavfsizlik talablari” va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan “Yuk koʻtarish kranlarini tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari” talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
127. Sex va uchastkalarda ishlab chiqarish elektr-uskunasini Isteʼmolchilarning elektr qurilmalardan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) va Isteʼmolchilarning elektr qurilmalardan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablariga muvofiq joylashtirish va oʻrnatish zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
128. Har bir ish oʻrni tashkilotda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ish oʻrinlarini tashkil etishni namunaviy loyihasi yoki ish oʻrinlarini tashkil etish loyihasiga binoan uskunalanishi kerak.
129. Ish oʻrinlari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari taʼsirining oldini oladigan yoki ularning taʼsir darajasini sanitariya meʼyorlarigacha kamaytiradigan vosita va qurilmalar bilan jihozlanishi lozim.
130. Uskunaning boshqaruv pulti va postlari xizmat koʻrsatish uchun qulay, xavfsiz, xizmat koʻrsatilayotgan texnik qurilma doimo yaxshi koʻrinadigan joylarda joylashgan boʻlishi kerak.
131. Asbob-uskuna yaqiniga oʻrnatilgan maxsus asboblar javoni, stollarda yoki uskunaning ichida, agar bu qulay, xavfsiz va uning konstruksiyasida koʻzda tutilgan boʻlsa, joylashgan boʻlishi kerak.
132. Uskunaga xizmat koʻrsatish uchun oʻrnatilgan ishchi maydonchalar va maydonchalarga koʻtarilish uchun moʻljallangan zinalar amaldagi davlat standartlari va qurilish meʼyorlari va qoidalariga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
133. Material, tanovar, mahsulot, moslama, shtamp, puanson va hokazolarni xavfsiz taxlash uchun ish joylarida javon, stellaj, stol, idish va boshqa moslamalar koʻzda tutilishi kerak.
134. Material, tanovar va detallarni stellajlarga taxlash ularning barqaror holatini va yuk koʻtarish qurilmalaridan foydalanish paytida qulay ilinishini taʼminlaydigan usulda amalga oshirilishi lozim.
135. Stellajlar oʻz oʻlchamlariga koʻra ularga taxlanayotgan buyumlarning eng katta gabarit oʻlchamlariga mos boʻlishi va eng katta yuklanishga sinalgan boʻlishi kerak.
136. Arralar bilan qirqish lozim boʻlgan tanovar va materiallarni taxlash uchun moʻljallangan maxsus stellajlarning balandligi 1,7 m dan koʻp boʻlmasligi lozim.
137. Stellajlar orasida, shuningdek stellajlar va bino yoki uskuna devori oʻrtasidagi oraliqlar kamida 1 m ni tashkil etishi zarur.
138. Ish joylaridagi tanovar va detallar shtabeli (uyumi) balandligi ularni barqaror oʻrnatish va ulardan detallarni qulay olish shartlariga bogʻliq holda belgilanishi, lekin 1 m dan koʻp boʻlmasligi kerak.
Shtabellar agʻanashi, shuningdek ulardan detal yoki tanovarlar tushib yoki sirgʻanib ketishiga yoʻl qoʻymaslik uchun maxsus moslamalar karkas, ustun, qistirma va hokazolar qoʻllanilishi zarur.
139. Chilangarlik verstaklari mustahkam, qoʻzgʻalmas va ishlash uchun qulay balandlikda boʻlishi lozim.
Verstak va stellajlarning yuzalari silliq boʻlishi, oʻyiq, yoriqlar va shunga oʻxshash nuqsonlar boʻlmasligi kerak.
Verstak va ish stollarida asbob va chizmalarni joylashtirish hamda saqlash uchun tokcha va quti boʻlishi kerak.
140. Ish joylarini, yoʻlak va yoʻllarni toʻsib qoʻyilishiga va ularga keraksiz buyumlarni uyub tashlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ish oʻrinlarida tayyor mahsulot va chiqindilar toʻplanishiga qarab oʻz vaqtida olib ketilishi lozim.
141. Toza artish materialining smena zaxirasini saqlash uchun, shuningdek ishlatilgan materialni taxlash uchun qulay joylarda maxsus yopiladigan temir yashiklar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
Ishlatilgan artish materialini yigʻish uchun moʻljallangan yashiklar toʻlishiga qarab, lekin smena mobaynida kamida bir marta tozalab turilishi lozim.
4-§. Boshlangʻich material, tanovar, yarim fabrikat, tayyor mahsulot va ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va tashishga boʻlgan talablar
142. Yuklarni (tanovar, yarim fabrikat, detal, material va boshqalar) tashish GOST 12.3.020-80 SSBT “Tashkilotlarda yuklarni tashish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Yuk ortish-tushirish ishlari GOST 12.3.009-76 SSBT “Yuk ortish-tushirish ishlari. Umumiy xavfsizlik talablari” va “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan meʼyoriy-texnik hujjatlar talablariga binoan amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
143. Stellaj va boshqa qurilmalarning konstruksiya va oʻlchamlari taxlanadigan buyumlarning shakli va oʻlchamlariga mos boʻlishi hamda kamida uch karra mustahkamlik zaxirasini taʼminlashi kerak.
144. Barcha stellaj, taglik, unifikatsiyalashgan idishlar, shuningdek barcha yuk koʻtarish mashina va mexanizmlarida eng koʻp ruxsat berilgan yuklanish koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
145. Ogʻirligi 50 kg dan ortiq boʻlgan yuklarni taxlash va tashish uchun ombor va omborxonalarni koʻtarish-tashish qurilmalari (telfer, tal, kran balka va boshqalar) bilan taʼminlash zarur.
146. Yuk koʻtarish kranlari va yordamchi moslamalarning tuzilishi, texnik jihatdan shahodatlab va foydalanish “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan “Yuk koʻtarish kranlarining tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari”, shuningdek GOST 12.2.065-81 SSBT “Yuk koʻtarish kranlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga javob berishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
147. Koʻprikli kran bilan uzun oʻlchamli polosa materialni tashish traverslar yordamida amalga oshirilishi lozim.
148. Ogʻirligi 20 kg dan ortiq ogʻir detallar ish oʻrniga koʻtarish-tashish qurilmalari bilan qoʻyilishi kerak.
149. Polosali materialdan kesib olingan oʻlchamli tanovarlar maxsus idishga bevosita tarnovlar, rolganglar va boshqa moslamalar yordamida berilishi zarur.
150. Polosali materialni ochish uchun uskunaga uzatish jarayoni mexanizatsiyalashgan (rolgang va boshqa moslamalar) boʻlishi kerak.
151. Oʻlchamlari katta boʻlmagan yuklarni tashish uchun moʻljallangan elektr-kar va avto-karlarning bortli koʻtarish platformalari boʻlishi lozim.
152. Asosiy yoʻllar boʻylab chambarakli transport vositalarining harakatlanish tezligi 5 km/soat dan oshmasligi kerak.
153. Oʻlchamli uzunlikdagi tanovar, yarim fabrikat, shtampovka va yordamchi materiallar ixtisoslashtirilgan, shtamplash ishlab chiqarishlari uchun moslashgan idishda saqlanishi va tashilishi kerak.
154. Shtamplar alohida joylashgan omborxonalarning stellajlarida saqlanishi kerak. Stellajlarning tokchalari shtampni panshaxali yuk koʻtarish mexanizmi yordamida taxlash ishlarini bajarishga va uni berilishiga imkon beruvchi qistirmalar bilan jihozlanishi kerak.
Yirik shtamplar polda bir qator qilib yoki balandligi 2 m. gacha boʻlgan shtabellar tarzda saqlanishi kerak.
155. Qirqim, gʻudur koʻrinishidagi titan va magniy qotishmalarining chiqindilari alohida idishga toʻplanishi va sex tashqarisida ajratilgan joylarda saqlanishi lozim.
156. Shtamplarni moylash uchun moʻljallangan yongʻin jihatdan xavfli qoʻshimcha materiallar, texnik moy va boshqa materiallar umumiy ishlab chiqarish binosidan ajratilgan omborxonada joylashgan boʻlishi kerak.
157. Moylash materiallarini oʻziga shimgan, foydalanilgan lattalar ishlab chiqarish chiqindilari qizdirilgan buyum, elektr-uskuna, qizdirish pechlaridan uzoqda joylashgan zich yopilgan metall idishga yigʻilishi va toʻplanishiga qarab tashkilot yongʻin xavfsizligi xizmatlari bilan kelishilgan holda ularni yondirish uchun joʻnatib turilishi kerak.
158. Detal, tanovar, chiqindi va boshqa materiallarni saqlash va tashish uchun ishlatiladigan ishlab chiqarish idishi foydalanishda qoʻyiladigan xavfsizlik talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Idishning sirtida eng koʻp ruxsat berilgan yuklanish toʻgʻrisida yozuv boʻlishi va idish vaqti-vaqti bilan tekshirilib turilishi kerak.
159. Titan va magniy qotishmalarining mayda qirindi va qipiqlari yopiladigan metall konteynerga solinishi va ajratilgan joyda saqlanishi kerak.
160. Dastlabki material, tanovar, yarim fabrikat, detal va chiqindilarni saqlanishi maxsus ajratilgan maydoncha va omborxonalarda shunday amalga oshirilishi kerakki, taxlash, ortish va tushirish jarayonlarini bajarish qulay va xavfsiz boʻlishi lozim.
161. Sortli va fasonli prokatlar archasimon va ustunli stellajlarda saqlanishi kerak.
Balandligi 12 yarusgacha boʻlgan bir va ikki yoqlama stellajlardan foydalanilgan hollarda prokat bogʻlamlarda saqlanishi kerak, elektr yuklagichlardan foydalanilgan paytda bogʻlamlarning taxlanish balandligi 4,5 m dan oshmasligi, yuk kranlaridan foydalanilganda esa, shtabellar 8,5 m dan baland boʻlmasligi lozim.
162. Oʻramli material toʻplami toʻrt qirrali yogʻoch taxta (brus) ustiga taxlanishi va mahkamlanishi lozim, taxlamning balandligi 4 m dan ortiq boʻlmasligi kerak.
163. Poʻlat rulon kengligi va diametriga qarab balandligi boʻyicha 2 va 3 qator qilib yon tomoni bilan maxsus metall tagliklarga oʻrnatilib saqlanishi lozim.
Taxlamning umumiy balandligi 2 m dan oshmasligi kerak. Rulonlar puxta bogʻlangan boʻlishi kerak.
164. Vazni 60 kg gacha boʻlgan doirasimon poʻlat lenta va rangli metallarning lentalari tokchali stellajlarda saqlanishi, vazni 60 kg dan koʻp boʻlsa — eni 2 va undan koʻp qatorli shtabellarda gorizontal holatda saqlanishi lozim. Shtabelga taxlash balandligi 2 m dan ortiq boʻlmasligi kerak.
165. Polosali material konstruksiyasi ularni bexatar tashish imkoniyati koʻzda tutilgan qurilmalarda saqlanishi lozim.
166. Almashinadigan yuk tutish organlari (ilgak, elektromagnit, greyfer va boshqalar) va olinadigan yuk tutish moslamalari (arqon, tros, kanat, zanjir, traversa, qisqich, tutqich, obkash va hokazolar) kerakli yuk koʻtaruvchanlikka moʻljallangan boʻlishi, eng katta ruxsat berilgan yuklanish koʻrsatilgan tamgʻa boʻlishi, vaqti-vaqti bilan tekshirilishi va sinovdan oʻtkazib turilishi lozim.
167. Materiallarni vertikallikka yaqin holatda saqlash uchun moʻljallangan piramida shaklidagi stellajlar, stellaj konstruksiyasi bilan puxta birlashgan tayanch yuzaga va materiallarni tasodifan tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan saqlovchi qurilmalarga ega boʻlishi lozim.
168. Moylangan ogʻir detallarni qoʻlda taxlanishi, olinishi va tashilishi faqat maxsus idishda, upakovka yoki oʻralgan holda amalga oshirilishi kerak.
169. Tanovar, detal va boshqa materiallarni ortish-tushirish ishlari bajariladigan joylar xavfsizlik belgilari bilan taʼminlanishi lozim.
IV. Ishlab chiqarish uskunasiga qoʻyiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
170. Ishlab chiqarish uskunasi oʻzining butun foydalanish davrida uskunaning texnik hujjatlarida koʻrsatib oʻtilgan xavfsizlik talablariga va mazkur Qoidalarning talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
171. Shtamlash ishlari uchun moʻljallangan uskunalarning normativ-texnik hujjat (pasport, foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma va boshqa)lari boʻlishi lozim.
172. Uskunaning normativ-texnik hujjatlarida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
a) uskunani tashish, montaj (demontaj), sozlash, foydalanish, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash vaqtida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha talablar;
b) uskuna ishlaganda vujudga keladigan xavfli va zararli ishlab chiqarish omil (shovqin, titrash, changlanish)larining chegaraviy ruxsat etilgan darajasi;
v) xizmat koʻrsatish qulayligi;
g) boshqarish va xizmat koʻrsatishdagi zoʻriqishi.
Dastgohlar konstruksiyasining xususiyatlari va ulardan foydalanish shart-sharoitlaridan kelib chiqadigan maxsus xavfsizlik talablari ham uskunaning normativ-texnik hujjatlarida koʻrsatilishi lozim.
173. Oʻrnatilgan uskunada inventar raqami boʻlishi kerak.
174. Asosiy va yordamchi uskunani tegishli texnik hisoblarga ega boʻlgan poydevor va asoslarga oʻrnatish, moslash va ishonchli tarzda mahkamlash kerak.
Maxsus, ogʻir va yuqori aniqlikka ega dastgohlarni oʻrnatish usullari tayyorlovchi zavod tomonidan koʻrsatilishi kerak.
175. Uskunani montaj qilish tayyorlovchi-zavod loyihasi va yoʻriqnomalariga mos holda bajarilishi kerak. Montaj qilish paytida loyihani ishlab chiqqan tashkilotning ruxsatisiz chizmalarga oʻzgartirish kiritish yoki undan chetga chiqishga ruxsat etilmaydi.
176. Uskuna va nazorat-oʻlchov asboblari montaj qilinishidan oldin konservatsiya holatidan chiqarilishi, komplekti toʻliqligini, nosozliklarni tekshirish uchun taftish qilinishi va normativ-texnik hujjatlarga muvofiqligi koʻrib chiqilishi lozim.
177. Yangi oʻrnatilgan uskuna mehnatni muhofaza qilish xizmati xodimining majburiy ishtirokida maxsus komissiya tomonidan foydalanishga qabul qilinishi va QMQ 3.01.04-97 “Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish. Umumiy qoidalar” hamda mazkur Qoidalarga va amaldagi davlat standartlariga muvofiqligi haqida dalolatnoma tuzilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
178. Ishlov berilayotgan detalning oʻlchamlari ishlov berish jarayonida nazorat qilinadigan dastgohlar avtomatik nazorat-oʻlchov asboblari, indikatorlar va boshqalar bilan jihozlanishi kerak.
179. Uskunaga oʻrnatilgan nazorat-oʻlchov asboblari davlat nazorat organlari tomonidan tekshirilishi va tamgʻa (plomba) qoʻyilishi lozim.
180. Asosiy va yordamchi uskuna, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan grafiklarda koʻzda tutilgan muddatlarda, davriy texnik koʻrik va taʼmirlashdan oʻtishi kerak.
181. Koʻzdan kechirish, tozalash va taʼmirlash uchun toʻxtatilgan uskuna texnologik quvur oʻtgazgich va elektr energiya taʼminotidan uzib qoʻyilishi kerak. Ishga tushirish qurilmalariga esa “Ishga tushirilmasin — odamlar ishlayapti” deb yozilgan ogohlantirish xavfsizlik belgisi osib qoʻyilishi lozim.
182. Uskunani elektr tarmoqqa ulash va ishga tushirish faqat hamma himoya va saqlash qurilmalari oʻz joyiga oʻrnatilgandan keyin sex (uchastka) rahbariyati ruxsati bilan amalga oshirilishi kerak.
183. Uskunani bexosdan yurgizib yuborishni yoki uning qismlari oʻz-oʻzidan harakat qilishini istisno qiluvchi texnik chora-tadbirlar koʻrilmasdan uskunani taʼmirlash, tozalash va moylash man etiladi.
184. Foydalanilayotgan barcha uskunalar soz holatda boʻlishi lozim. Uzoq vaqt ishlatilmagan va yaroqsiz uskuna elektr energiyasi taʼminotidan va texnologik quvur oʻtkazgichlardan (elektr kuchlanishi, siqilgan havo va hokazolar) uzib qoʻyilishi lozim.
185. Uskunadan foydalanish davrida atrof muhit harorati ishlatiladigan moylarning muzlash nuqtasidan past boʻlmasligi kerak.
186. Asosiy va yordamchi uskunalarning xodimlar xizmat koʻrsatadigan tashqi sirtlaridagi harorat + 45 º C dan koʻp boʻlmasligi kerak.
187. Dastgoh, himoya qurilmasi, boshqarish organi, dastgohning jihoz va moslamalari sirtlarida ishlovchini jarohatlashi mumkin boʻlgan oʻtkir qirralari boʻlmasligi kerak.
2-§. Toʻsuvchi qurilmalar
188. Dastgoh korpusidan tashqarida oʻrnatilgan va jarohatlanish xavfini tugʻdiradigan uskunaning harakatlanuvchi qismlari, jumladan tasmali, zanjirli, tishli uzatmalari xavfsizlik talablariga javob beruvchi, yetarlicha mustahkam boʻlgan (yaxlit, jalyuzli, teshikchali) toʻsuvchi qurilmalar (keyingi oʻrinlarda — toʻsiqlar) va zarur boʻlsa, ularni qulay hamda bexatar ochish yoki yechish, siljitish va oʻrnatish uchun moslamalar (dastak, fiksator, ilgak va hokazolar) bilan jihozlanishi lozim.
189. Uskunaning harakatlanuvchi qismlari 2,4 m dan balandlikda, noqulay yerda joylashgan boʻlsa va xavf-xatar tugʻdirmasa, masalan, aylanish tezligi 50 ayl/min. dan oshmaydigan silliq vallar yoki bajaradigan vazifasiga koʻra toʻsilmaydigan qismlarga toʻsiqlar oʻrnatilmasligiga ruxsat beriladi.
190. Pol sathidan 2,4 m dan balandlikda joylashgan uskunaning harakatlanuvchi qismlari yoki xizmat koʻrsatish maydonchalarida xavf-xatar roʻy berishi mumkin boʻlsa, masalan, ular buzilganda, toʻsilishi lozim.
191. Toʻsiqlar oʻz vazifasi va tez-tez qayta ishlatilishiga koʻra qoʻzgʻalmas, ochiladigan, koʻtarib qoʻyiladigan, yaxlit yoki alohida boʻlaklardan tayyorlangan boʻlishi mumkin. Mashina va mexanizmlarga xizmat koʻrsatish qulay boʻlishi uchun qoʻzgʻalmas yoki katta oʻlchamli toʻsiqlarda eshikcha yoki qopqoqlar koʻzda tutilishi kerak.
192. Toʻsiqlar uskuna konstruksiyasining uzviy qismi va texnika estetikasi talablariga muvofiq boʻlishi kerak..
Toʻsiqlarning himoya vazifasi ishlab chiqarish omillari (titrash, harorat va boshqalar) taʼsirida kamaymasligi kerak.
193. Toʻsiq, eshik va qopqoqlar ularni yopiq (ish) va ochiq holatda ishonchli tarzda tutib turuvchi moslamalar bilan taʼminlanishi kerak, zarur boʻlsa ularni ochish yoki yechish paytida yuritmani oʻchirish uchun u bilan blokirovkalanishi lozim.
194. Toʻsuvchi qurilmalar buzuq holatda boʻlsa yoki ular mavjud boʻlmasa uskunani yurgizish va ishlatish man etiladi.
Toʻsiqlarsiz yoki toʻsiqlar yaxshi mahkamlanmagan boʻlsa mexanizmlar yaqinida ishlash man etiladi.
195. Katta hududlarni toʻsish uchun, shuningdek toʻsilgan mexanizmlarga havo kelishi yoki doimiy kuzatuv zarur boʻlsa jalyuz yoki toʻrli toʻsiqlardan foydalanish mumkin.
196. Dastgohning ochiq harakatlanuvchi qismini, shu qism boʻylab korpus detali siljisa, dastgoh konstruksiyasi xususiyatlariga bogʻliq holda siljuvchi korpus detalining ikkala yoki bir tarafiga mahkamlangan qisqa shitlar bilan toʻsishga ruxsat etiladi.
197. Yigʻuv birliklarining statina gabaritlaridan eng koʻp chiqib turadigan tashqi toretslari, ular 150 mm/sek. tezlik bilan harakatlansa va zarba berib jarohat yetkaza olsa, qiyalik burchagi 45º boʻlgan oq-sariq rangli yoʻl-yoʻl chiziqlarga boʻyalishi kerak. Sariq chiziqning eni qora chiziqning enidan 1 — 1,5 baravar qalinroq boʻlishi kerak.
198. Dastgohlarning harakatlanuvchi qismlarini (shesternya, shkiv va hokazolar) berkituvchi va sozlash, tasmalarni almashtirish va hokazolarni vaqti-vaqti bilan bajarish talab qiluvchi hamda harakatlanganda xodimlarni jarohatlashi mumkin boʻlgan eshiklarning ichki tarafi sariq signal rangiga boʻyalishi kerak.
199. Agar yuqorida koʻrsatilgan dastgoh qismlari olinadigan himoya toʻsiqlari (qopqoq, kojuxlar) bilan berkitilsa, harakatlanuvchi qismlarning toʻsiq tarafidagi yuzasi toʻliq yoki qisman yoinki ularga tutashgan qoʻzgʻalmas detallarning toʻsiq yopib turadigan sirtlari ham sariq rangga boʻyalishi talab etiladi.
200. Toʻsiqlarning tashqi tomoniga ogohlantirish belgilari (uchi tepaga qaragan, sariq tusli, chetlari qora rangga hoshiyalangan teng tomonli uchburchak va uning oʻrtasida qora rangli undov belgisi boʻladi) oʻrnatiladi.
201. Toʻsiq ochiq (yoki olingan) vaqtda jarohatlanish xavfi boʻlsa, toʻsiqlarni ochgan (olgan)da dastgohni avtomatik tarzda oʻchiradigan blokirovka qurilmasi boʻlishi lozim.
Blokirovka qurilmalari dastgohni yoki ish siklini oʻchirish yoki yurgizish uchun qoʻllanilmasligi kerak.
202. Agar yuzalardan metall qirindi va boshqalar tushib tursa, ularni qizil yoki sariq rangga boʻyashga ruxsat etiladi.
203. Toʻsiqlar kerakli darajada mustahkam boʻlishi, oʻz-oʻzidan ochilib ketmaydigan qilib qotirilishi lozim.
204. Dastgohda ishlayotgan xodimni va dastgoh yaqinida turgan odamni ishlov berilayotgan jismdan uchib chiqishi mumkin boʻlgan qirindi va metall boʻlaklaridan muhofazalash uchun, ishlov berish hududiga yoki uning ishlab chiqarish jarayoni amalga oshiriladigan qismiga toʻsadigan himoya qurilma (ekran)lar oʻrnatish lozim.
205. Ishlov berish jarayonini kuzatib turish zarur boʻlsa, tigʻli asbob bilan ishlaydigan dastgohlarning toʻsiqlarida kerakli oʻlchamli va qalinligi 4 mm boʻlgan oyna yoki shunga oʻxshash, yaxshi sifatli shaffof material oʻrnatilgan kuzatish darchalari koʻzda tutilishi mumkin.
206. Ishlov berish hududini samarali toʻsilishini taʼminlaydigan boshqa himoya qurilmalari turlarini (masalan elastik materiallardan tayyorlangan, qirindi taʼsiriga chidamli darparda) qoʻllashga ruxsat etiladi.
207. Ishlov berish hududini berkitadigan va ishlanayotgan detal yoki asbobni oʻrnatish va olish, detalni oʻlchash, dastgohni qoʻshimcha sozlash uchun smena mobaynida bir necha marotaba olinadigan (ochiladigan) toʻsiqlarning ogʻirligi 6 kg. dan koʻp boʻlmasligi va asbob yordamisiz olinadigan (ochiladigan) qilib oʻrnatilishi lozim. Ochiladigan xildagi himoya qurilmalarini bir maromda harakatlantirish uchun 40 N (4 kgk)dan koʻp boʻlmagan kuch sarflanishi kerak.
208. Toʻsiqlar dastgohning texnologik imkoniyatlarini cheklamasligi va ishlash, yigʻishtirish, sozlash paytida noqulaylik yaratmasligi, uni ochganda ish joyidagi pol chiqindilar bilan ifloslanmasligi kerak.
Toʻsiqlarni ochish, yopish, yechib olish, harakatlantirish, oʻrnatish qulay boʻlishi uchun, zarur hollarda ular dastak, halqa (band)lar bilan jihozlanishi lozim.
209. Tanovar, mahsulot va hokazolarni koʻchirish uchun moʻljallangan transport qurilmalari tashilayotgan buyumlar tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan toʻsiqlar bilan jihozlanishi kerak.
3-§. Saqlovchi va blokirovkalovchi qurilmalar
210. Dastgohlarning detallari sinmasligi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga jarohat yetkazmasligi uchun dastgohlar ortiqcha yuklanishdan saqlovchi qurilmaga ega boʻlishi lozim.
211. Dastgoh (avtomatik liniya)larni sozlash paytida gidrostansiyaning zolotniklar holati qoʻlda almashlab ulanish chogʻida yigʻuv birliklari turtib harakatlanish oʻrniga butun yoʻl uzunligida siljisa, operator gidrostansiyadan uzoqlashmasdan dastgoh (liniya)ning boshqaruv pultidagi oʻchirish tugma (knopka)sidan foydalana olmaydigan hollar uchun gidrostansiyada gidro-yuritmani avariyaviy oʻchirish tugmasi oʻrnatilishi lozim.
212. Dastgohlar shpindel, kronshteyn, kallaklar, babka, koʻndalang moslama va boshqa yigʻuv birliklari oʻz-oʻzidan pastga tushib ketishini oldini oluvchi qurilmalarga ega boʻlish lozim.
213. Dastgohlar yigʻuv birliklari harakatlanishining oxirgi holatlari, yigʻuv birliklarining ruxsat berilgan chegaradan chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan qurilmalar bilan cheklanishi lozim.
214. Tanovarlar va list, polosali materiallar mexanizatsiyalashgan yoki avtomatlashgan usulda mahkamlanadigan dastgohlarda ishlov berish jarayoni faqat detal mahkamlanib boʻlgandan soʻng ishga tushishini taʼminlaydigan blokirovka qurilmasi boʻlishi lozim.
215. Ochiq ishlov berish hududli ish avtomatik rejimda bajarilganda jarohatlanish yuz bermasligi uchun blokirovka tuzilmasi boʻlishi, ular avtomatik ish sikli himoya qurilmasi faqat yopiq holatda boʻlgandagina ishga tushishini taʼminlashi lozim.
216. Agar gidravlik yoki pnevmatik yuritmalar mexanizmlar ishlashi (masalan, ogʻirlikni muvozanatlashni amalga oshiradigan) uchun moʻljallangan boʻlsa, moy (havo) bosimi ruxsat berilgan chegaradan pastga tushgan yoki shu mexanizmlarga moy (havo) kelmay qolgan hollarda avariya yoki jarohatlanish yuz berishiga yoʻl qoʻymaydigan qurilmalar koʻzda tutilishi kerak.
217. Dastgohni sozlash paytida saqlovchi blokirovka qurilmalarini oʻchirish imkoniyati koʻzda tutilishi kerak.
218. Masofadan turib yoki avtomatik tarzda ishga tushiriladigan uskunada: “Ehtiyot boʻl, avtomatik tarzda yurgiziladi!” yozuvli ogohlantirish belgisi boʻlishi kerak.
4-§. Boshqarish organlari
219. Uskunani boshqarish organlari va axborot aks ettirish vositalari ularning ish vazifasiga, ahamiyati va tez-tez qoʻllanishiga koʻra joylashtirilishi lozim. Uskunani boshqarish organlari uskunani oson boshqarilishini taʼminlashi, xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning ish oʻrnidan bemalol koʻrinishi lozim.
220. Uskunani eng kerakli va koʻp foydalaniladigan boshqarish organlari harakat maydonining optimal hududi va oson yetishish hududlari doirasida, ahamiyatsizroq va kamdan-kam ishlatiladigan organlar yetishish hududida joylashgan boʻlishi lozim.
Boshqarilayotgan uskunada oʻrnatilgan va tegishli ranglarga boʻyalgan “Yurgizish” va “Toʻxtatish” tugma (knopka)lari ikki donadan ortiq boʻlmasa, ularda yozuv yoki belgi boʻlmasligiga ruxsat etiladi.
221. “Yurgizish” tugmasining bosmasi qora rangda boʻlishi, tugmalar qurilmasi qopqogʻining ichiga kamida 3 mm ga kiritilgan yoki aylana halqaga ega boʻlishi kerak. “Toʻxtatish” tugmasining bosmasi qizil rangli, tugmalar qurilmasi qopqogʻidan yoki aylana halqadan 2-3 mm chiqib turishi va issiq, elektr toki oʻtkazmaydigan materialdan yasalgan boʻlishi kerak.
222. Avariya vaziyatlarida qoʻllaniladigan boshqarish organlarining sirtlari qizil rangga boʻyalishi lozim.
223. Dastgoh shoshilinch toʻxtatilishi uchun qulay joylarda, doimiy ish oʻrni hududida yoki tez-tez xizmat koʻrsatiladigan xavfli uzel yaqinida joylashgan qoʻziqorinsimon bosmali “Toʻxtatish” tugmasi bilan jihozlanishi kerak.
224. Agar odamlarga xavf soladigan uskuna qismi operator koʻrish doirasidan tashqarida, xavfli ish organlari hududida joylashgan boʻlsa, qoʻshimcha avariyaviy oʻchirish qurilmalari bilan jihozlanishi kerak. Avariyaviy oʻchirgich va tugmalar konstruksiyasi va joylashishi ulardan har xil ish vaziyatlarida foydalanish imkonini taʼminlashi lozim.
225. Yirik gabaritli yoki uzun oʻlchovli uskuna, unga xizmat koʻrsatish paytida operator harakatda boʻlsa, har 10 m da avariyaviy “Toʻxtatish” tugmasiga ega boʻlishi lozim. Uskuna tutashgan xonalarda joylashgan boʻlsa, har bir xonada avariyaviy “Toʻxtatish” tugmasi boʻlishi kerak.
226. Agar individual avariyaviy oʻchirish qurilmalariga ega boʻlgan bir nechta dastgohlar uzunligi 10 m dan ortiq avtomatik liniyaga birlashgan boʻlsa, bunday liniya qoʻshimcha ravishda umumiy avariyaviy oʻchirish qurilmasi bilan jihozlanishi kerak.
227. Agar dastgoh (avtomatik liniya)da bir nechta avariyaviy toʻxtatish tugmasi qoʻllanilsa, bu holda har biriga majburiy qaytarish qurilmasi oʻrnatilishi kerak.
Avariyaviy oʻchirish organi sifatida tros qoʻllanilgan holda, uning tarangligini sozlaydigan qurilma koʻzda tutilishi zarur.
228. Uskunani avariyaviy oʻchirish qurilmasi eng katta quvvatli dvigatelni nominal elektr kuchlanishdagi boshlangʻich yurgizish tokiga va boshqa hamma isteʼmolchilarning nominal toklari yigʻindisiga mos boʻlgan maksimal yuklanishga moʻljallangan boʻlishi lozim.
229. Uskunaning avariyaviy oʻchirish qurilmasi, ish paytida tanaffus yuz berganda avariya roʻy berishi yoki xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni jarohatlanishga olib kelishi mumkin boʻlgan qurilmalarni oʻchirmasligi lozim.
230. Uskunani avariyaviy oʻchirish qurilmasini boshlangʻich holatiga qaytarish qurilmasi uskunani ishga tushirib yubormasligi lozim. Agar ishlovchilarning xavfsizligini taʼminlash uchun harakatning orqaga qaytish yoʻnalishini yurgizish talab etilsa, bu harakat uskunani avariyaviy oʻchirish qurilmasi ishga tushganda boshlanishi kerak.
231. Ishga tushirish qurilmalarining konstruksiyasi va holati (tugma, richag va hokazo) uskunani tez, ishonchli tarzda yurgizilishi va oʻchirilishini taʼminlashi hamda ularning oʻz-oʻzidan ishlab ketishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
232. Qoʻl bilan boshqarish organlari (shu jumladan elektr boshqaruv pultlarida joylashgan) shunday yasalgan va joylashgan boʻlishi kerakki, ulardan foydalanish qulay boʻlishi, qoʻllarni qisib qolish yoki boshqa boshqarish organlari va dastgoh qismlariga tiqilib qolish hollariga olib kelmasligi hamda tasodifan boshqarish organlarini ishlatilishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
233. Limba, daraja (shkala), yozuv va belgilar aniq boʻlishi, oʻchmasligi, kamida 0,5 m masofadan yaxshi oʻqilishi kerak.
234. Uskunani bir nechta ishga tushirish joyi boʻlishi tavsiya etilmaydi.
Xizmat koʻrsatish fronti katta boʻlgan uskuna ikki va undan koʻproq ishga tushirish postlari bilan jihozlansa, ikki va undan ortiq ishchilar xizmat koʻrsatsa, shuningdek uskunaga xizmat koʻrsatish, uni sozlash va taʼmirlash chogʻida operatorga, ishga tushirish qurilmasi yaqinida turgan, koʻrinmaydigan operatsiyalar bajarilsa, bunday uskunalar avtomatik (ishga tushishdan oldin) tovush signalizatsiyasi bilan jihozlanishi lozim.
235. Bir nechta shaxslar xizmat koʻrsatadigan uskunaning boshqarish organlari, harakatlarning zaruriy ketma-ketligini taʼminlaydigan blokirovka qurilmasiga ega boʻlishi lozim.
236. Ish oʻrnidan toʻliq koʻrinmaydigan dastgoh (avtomatik liniya)lar toʻsatdan ishga tushirilganda ularning yaqinida turgan odamlarga jarohat yetkazishi mumkin boʻlsa, dastgoh (liniya)larning boshqarish pultidan yurgizish tugmasini bosganda avtomatik tarzda ishga tushadigan va kamida 15 sekund xabar berib turadigan ogohlantirish signalizatsiyasi bilan taʼminlanishi zarur. Signal oʻchgandan soʻng uskuna avtomatik ravishda ishga tushishi lozim.
237. Harakatlanuvchi qismlarni faqat kichik tezlikda ishlaganda yoki toʻliq toʻxtaganda almashlab-ulashga imkon beradigan boshqarish organlari ularni katta tezlikda ishlayotganda almashlab-ulashga yoʻl qoʻymaydigan blokirovka qurilmalariga ega boʻlishi lozim.
238. Blokirovka qurilmalarini qoʻllamaslikka texnik jihatdan asoslar boʻlgan hollarda boshqarish organlari yoniga ogohlantirish yozuvlari va belgilari oʻrnatilishi kerak.
239. Dastgohlarning dastak va boshqa boshqarish qurilmalari ularning oʻz-oʻzidan siljishiga yoʻl qoʻymaydigan fiksatorlar bilan taʼminlanishi kerak.
240. Detallarga ishlov berish jarayoni ularni dastgohga oʻrnatish va olish bilan bir vaqtning oʻzida bajariladigan dastgohlarda qoʻllaniladigan koʻp pozitsiyali moslamalar qisqichlarining dastak (richag)lari ish bajarilayotgan paytda uskunaning harakatlanayotgan qismi, asbob, ishlanayotgan detal, qirindilar va boshqalar jarohat yetkaza olmaydigan hududda joylashgan boʻlishi lozim.
241. Agar bitta boshqaruv organini turli holatlarga ketma-ket siljitish yoʻli bilan biror-bir yigʻuv birligining harakati ishga tushirilganda jarohat olish mumkin boʻlsa, dastgoh konstruksiyasi bunday harakatga yoʻl qoʻymasligi lozim.
242. Doimiy qoʻl bilan boshqarish paytida yigʻuv birliklar harakatlarini boshqaruvchi organlarning dastak va richag (maxovik)lariga beriladigan kuch kattaligi 40 N dan, asosiy yuritmaning friksion muftasi uchun harakat boshi va oxirida 80 N dan oshmasligi lozim.
Smena davomida besh martadan koʻp ishlatilmaydigan dastak va richag (maxovikcha)larga beriladigan kuch 150 N dan, 25-martadan koʻp ishlatilmaydigan boʻlsa 80 N dan oshmasligi lozim.
Turli xil vazifalarni bajaruvchi qisuvchi richag va dastaklarga qisish oxirida va ochish boshlanishida talab etiladigan keskin harakat kuchi 500 N dan oshmasligi kerak.
243. Dastgohlarning boshqarish dastaklaridagi ushlash qismi, ular oʻrta holatda joylashganda (stol, maxsus ustunchalar ustida joylashgan dastgohlar bundan mustasno), dastgohlar asosining pastki tekisligidan yoki boshqarish amalga oshirilayotgan maydonchalardan balandligi 0,5 m dan koʻproq va 1,7 m dan kamroq boʻlishi kerak.
Smena davomida sakkiz martadan koʻp ishlatilmaydigan dastaklar 0,3 m dan 1,85 m gacha oraliqdagi balandlikda joylashishi mumkin.
244. Elektr toki bilan boshqaruv pultlari tugmalarining pastki qatori kamida 0,6 m balandlikda, yuqori qatori esa dastgoh asosining pastki tekisligidan yoki xizmat koʻrsatish maydonchasidan 1,7 m dan koʻp boʻlmagan balandlikda joylashgan boʻlishi kerak.
245. Pastki tugmalar qatori 0,9 m dan pastroq balandlikda joylashgan boshqaruv pultining vertikal tekislikka nisbatan qiyaligi 30º dan kam boʻlmasligi lozim.
Tugmalar soni beshtadan koʻp boʻlmagan pultlarni har qanday balandlik uchun vertikal holatda oʻrnatish mumkin.
246. Massasi 10 tn gacha boʻlgan dastgohlarda tanovar, asbobni mahkamlaydigan va dastgoh yigʻuv birliklarini harakatlantiradigan mexanizmlarning olinadigan dastaklari uchun moʻljallangan maxovikchalar oʻqi va vint (val)lar uchi joylashgan balandlik 0,5 m dan kam boʻlmasligi va xizmat koʻrsatish maydonchasidan yoki dastgoh asosining pastki tekisligidan 1,5 m dan oshmasligi kerak.
Maxovikka beriladigan kuch kattaligi 40 N gacha boʻlsa, uning oʻqi 1,6 m gacha balandlikda joylashishiga ruxsat etiladi.
247. Detallarni koʻplab yoki seriyalab ishlab chiqarishga moʻljallangan dastgohlarda, faqat boshqa xil detalga ishlov berish uchun dastgohni sozlash paytida ishlatiladigan qoʻl boshqaruv organlarini dastgoh asosining pastki tekisligidan 2,5 m dan koʻp boʻlmagan balandlikda joylashtirish ruxsat etiladi.
248. Stol ustida joylashgan dastgoh va oʻtirilgan holatda xizmat koʻrsatiladigan dastgohlarning boshqarish organlarida ushlash qismlarining balandligi pol sathidan 0,5 m. dan koʻp va 1,4 m. dan kam boʻlishi kerak.
249. Oyoq tovonining toʻla yuzasi bilan harakatga keltiriladigan boshqaruv organlari pedallarining ish yuzasi gʻadir-budur boʻlishi, oʻlchamlari 200 x 80 mm dan kam boʻlmasligi, ustki uchi pol sathidan 100 mm dan baland boʻlmasligi va harakat yoʻli 45 — 70 mm oraliqda boʻlishi lozim.
Pedalga beriladigan kuch 25 N dan kam va 40 N dan koʻp boʻlmasligi lozim.
250. Oyoq uchi bilan (tovon polga tiralib turganda) harakatga keltiriladigan boshqaruv organi pedallarining ish yuzasi oʻlchovlari kamida 90 x 60 mm, harakatlanish yoʻli 25 — 40 mm oraliqda boʻlishi, pedalga beriladigan kuch 12 N dan kam va 30 N dan koʻp boʻlmasligi kerak.
251. Oʻlchov asboblarining (oʻlchash chizgʻichlaridan tashqari) koʻrsatkichlarini doimiy kuzatish talab qilinsa, ularni shunday oʻrnatish kerakki, har bir asbobning daraja (shkalasi)si quyidagi balandlikda boʻlsin:
a) tik turgan holatda ishlaganda — 1,0 m dan 1,8 m gacha;
b) oʻtirgan holda ishlaganda — 0,7 m dan 1,4 m gacha.
Aniq oʻlchov olish bajariladigan asboblar tegishli ravishda 1,2 — 1,6 m va 0,9 — 1,3 m oraliqdagi balandlikka oʻrnatilishi lozim.
Doimiy kuzatish talab qilmaydigan asboblar 0,3 — 2,5 m balandlikda oʻrnatilishi mumkin.
252. Dastgohlarning harakatlanuvchi elementlarida (masalan, stollarda) joylashgan almashlab-ulash yoʻlidagi tirgaklar holatini rostlash shu elementlar harakatlanish paytida amalga oshirilishi mumkin boʻlsa, tirgaklar holatini rostlash jarayonida xodimning qoʻl barmoqlari jarohatlanish imkoniga yoʻl qoʻymaydigan choralar koʻrilishi lozim.
253. Dastgohlarda tanovarni oʻrnatish, mahkamlash, toʻgʻrilash uchun va boshqa sabablar bilan asosiy harakatning qisqa muddatli qadamma-qadam yuritilishi zarur boʻlsa, dastgohlar ushbu yuritishni amalga oshiradigan qurilmalarga ega boʻlishi lozim.
254. Murakkab va xavfli uskunaning (temirchilik-presslash, avtomatik liniya va hokazo) boshqaruv organlari unda rostlash ishlarini oʻtkazish va begona shaxslar ishlashiga yoʻl qoʻymaslik uchun qulflar yoki plombalar bilan taʼminlangan eshikchalari yopiq boʻlishi lozim.
5-§. Tanovar va asboblarni tashish, oʻrnatish va mahkamlash qurilmalari
255. Texnik jihatdan zaruriyat boʻlganda, maxsus va ixtisoslashtirilgan dastgoh va avtomatik liniyalar, ularga tanovarlar rolgang yoki transportyor yordamida kelmasa, ogʻirligi 8 kg dan ortiq boʻlgan tanovarlarni, shuningdek ogʻirligi 20 kg dan koʻp boʻlgan asbob va moslamalarni ham oʻrnatish uchun individual koʻtarish qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
256. Koʻtarish qurilmasi yukni turli holatlarda, shuningdek, toʻsatdan energiya eltgichlar (elektr energiya, moy, havo) kelishi toʻxtaganda ham ushlab turishi lozim.
Vazni 25 kg dan koʻp boʻlgan tanovarlarni oʻrnatish uchun sex ichki koʻtarish vositalari qoʻllaniladi.
257. Dastgoh ishlab turgan paytda tanovarni oʻrnatish va olish ishlari bajariladigan hollarda va bunda xodim jarohat olish ehtimoli boʻlsa, ushbu jarayonlar, shuningdek qisish va boʻshatish ishlari ham mexanizatsiyalashtirilishi lozim.
258. Yaqqol zaharli xossalarga (berilliy, magniy qotishmalari, qoʻrgʻoshinli bronzalar va boshqalar) ega boʻlgan materiallarga ishlov beriladigan dastgohlarga tanovarlarni oʻrnatish va boʻshatish uchun, ular majburiy tartibda avtomatlashgan manipulyator yoki sanoat robotlari bilan jihozlanishi lozim.
259. Mayda detallarga ishlov berish paytida, ularni oʻrnatish va olish ishlari ishchining qoʻli harakatlanayotgan asbob va ishlanayotgan detallarga tegishi mumkinligi sababli xavf tugʻdirsa va uni toliqtirsa, mexanik qurilmalar (bunker, mexanik qoʻl va boshqalar) qoʻllanilishi kerak.
260. Avtomatlar bunkerlarining yuqori qirralari, ularga tanovarlar qoʻl bilan yuklansa, pol sathidan 1,3 m dan baland boʻlmasligi kerak. Bunker qirralari bundan balandroqda joylashgan boʻlsa, doimiy tag supacha yoki tegishli balandlikdagi maydonchalar koʻzda tutilishi kerak.
261. Tanovarlar mexanizatsiyalashgan yoki avtomatlashgan usulda mahkamlanadigan dastgohlarda ishlov berish siklining ishga tushirilishi tanovarlarning mahkamlash jarayoni tugashi bilan blokirovkalanishi lozim.
262. Avtomatik qisish qurilmalari xavfsiz qisish va boʻshatish jarayonlarini hamda energiya eltgichlar (qisilgan havo yoki moy) kelmay qolganda, ish sikli toʻliq tugashiga qadar tanovarni ishonchli tarzda ushlab turilishini yoki kesuvchi asbobni chetga olinishi va dastgohni toʻxtatilishini taʼminlashi zarur.
263. Qisuvchi va boshqa qurilmalarning pnevmoyuritmalarida, shuningdek texnologik jihozlarda ishlab boʻlgan havo xodimlarga qirindi va changni sachratib yuborish imkoniga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
264. Dastgohning elektr dvigateli yoki texnologik jihozning pnevmoyuritmalaridan chiqqan havo oqimi xizmat koʻrsatuvchi xodimlar doimiy yoki vaqtincha turish hududiga (pol sathi yoki xizmat koʻrsatish maydonchasidan balandligi 2 m gacha boʻlgan joylar) kelmasligi lozim.
265. Vazni 15 tn gacha boʻlgan dastgohlarda tanovar va asboblarni mahkamlash qurilmalarining vint gaykalarini burash, shuningdek dastgoh yigʻuv birliklarini siljitish uchun moʻljallangan, olinadigan, tez-tez ishlatiladigan dastaklar zarur mustahkamlikka ega boʻlishi va ogʻirligi 2,6 kg dan ortiq boʻlmasligi, vazni 15 tn dan koʻp boʻlgan dastgohlarda esa 4 kg dan ziyod boʻlmasligi kerak.
266. Olinadigan dastaklarning ish yuzasi va ular bilan tutashgan dastgohlarning yigʻuv birliklarini siljitish,tanovar va asboblarni mahkamlash qurilmalarining ish yuzalari qattiqligi 35 NRC dan kichik boʻlmasligi va ular aylanganda tutashgan yuzalar ezilib, dastaklar uzilishiga sabab boʻlmasligi uchun yetarli kontakt maydonchasiga ega boʻlishi lozim.
267. Qisuvchi moslamalarning richag (dastak)lariga qoʻyiladigan kuchning yoʻnalishi ishlov berilayotganda asbob, aylanayotganda tanovar yoki dastgohlar qismiga qaratilmagan boʻlishi kerak.
268. Dastgohga moslamalarni mahkamlash usuli ularni dastgoh va almashtiriluvchi sozlash moslamalariga ishonchli biriktirilishini taʼminlashi, moslamalarning va uning qismlarini foydalanish jarayonida oʻz-oʻzidan boʻshab ketishiga va siljishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
269. Moslamalarning harakatlanuvchi qismlarini vaqti-vaqti bilan moylab turish zarur boʻlsa, tegishli qurilmalar koʻzda tutilishi kerak.
270. Ochiq paz (T-simon, “qaldirgʻoch dumi” va boshqa)larga mahkamlanadigan aylanuvchi moslama va almashtiriluvchi qurilmalar, ularning markazdan qochma kuch taʼsirida tushib qolishiga yoʻl qoʻymaydigan saqlovchi qurilmalarga ega boʻlishi kerak.
271. Texnologik jihozlarning pnevmatik qurilmalari xizmat koʻrsatuvchi xodimlar doim yoki vaqtincha turadigan hududlarga havo chiqarmasligi kerak.
272. Moslamaning dastgoh gabaritlaridan chiqib turgan qismlari dastgoh ishiga xalaqit qilmasligi, boshqaruv organlariga oʻtishni cheklamasligi, jarohatlanish xavfini tugʻdirmasligi lozim.
273. Moslamalar konstruksiyasi tanovarlarni xavfsiz oʻrnatish va olinishini taʼminlashi, ularni oʻrnatish barmogʻi (palets)dan tushib ketish imkoniyatiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
274. Qisish qurilmalari yuritmasi mexanizatsiyalashgan (gidravlik, pnevmatik va hokazo) moslamalarda qisqich va tanovar orasidagi tirqish 5 mm. dan koʻp boʻlmasligi yoki qoʻlni qisib qolishiga yoʻl qoʻymaydigan boshqa chora-tadbirlar koʻrilishi kerak.
275. Moslamalarning tashqi qismlarida xavf tugʻdiruvchi oʻtkir burchaklar, qirra va boshqa notekis yuzalar, agar ularning mavjudligi ish bajarish vazifasidan kelib chiqmasa, boʻlmasligi kerak.
Chizmalarda koʻrsatilmagan yumaloqlash radiuslari va faska(yopiq)lar oʻlchamlari 1 mm dan kam boʻlmasligi kerak.
276. Uskunalarga mexanizatsiya vositalarisiz oʻrnatiladigan, vazni 15 kg gacha boʻlgan moslamalar, ularni oʻrnatish va olish paytida xavfsizlik va qulaylikni taʼminlaydigan tutqich, dastaklar yoki tashish uchun boshqa qurilmalarga ega boʻlishi lozim.
277. Vazni 15 kg dan koʻp boʻlgan moslama va asboblar mexanizatsiya vositalari yordamida oʻrnatilishi hamda ularni bogʻlash-ilish va yuk koʻtarish mexanizmlari yordamida tashish uchun jihozlarga (rimbolt, sapfa va hokazo) ega boʻlishi kerak.
6-§. Dastgohni moylash, sovutish, gidravlik va pnevmatik yuritmalar hamda qirindilarni olish
278. Dastgohlar markaziy moylash tizimi bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Agar markaziy tizimni qoʻllash maqsadga muvofiq boʻlmasa, dastgohdagi qoʻl bilan toʻldiriladigan maydonlar xavfli zonalardan tashqarida, xizmat koʻrsatish qulay boʻlgan joylarga oʻrnatilishi kerak.
Moy toʻldirilgan joylar dastgoh boʻyalgan rangdan keskin farq qiluvchi rangga boʻyalishi lozim.
279. Moy qoʻl bilan toʻldiriladigan joylar (shu jumladan shpritsdan foydalanib): maydonlar uchun 1,8 m dan balandda va rezervuarlar uchun 1,5 m dan balandda joylashmagan boʻlishi kerak. Ular bundan balandroq joylashganda doimiy zinapoyalar yoki narvonlar koʻzda tutilishi kerak.
280. Moylash qurilmalarining konstruksiyasi mufta va tormoz uskunalarining friksion yuzalariga moy tushishiga yoʻl qoʻymasligi lozim, konstruksiyasi moy vannasida ishlashi koʻzda tutilgan muftalar bundan mustasno.
281. Uskunaga oʻrnatilgan moy va texnologik jarayonda ishlatiladigan suyuqliklar atmosfera bilan tutashgan boʻlishi va ularga suv, qirindi va chang tushishiga yoʻl qoʻymaslik uchun qopqoqlar bilan zich yopilishi lozim.
282. Idishlar konstruksiyasi ularning turgʻunligini hamda ulardagi suyuqlik sathini nazorat qilib turishni va tozalash qulayligini taʼminlashi lozim.
283. Dastgohlar yaqinida oʻrnatilgan yoki stanina asoslarida joylashgan texnologik suyuqliklar uchun moʻljallangan rezervuarlarda suyuqliklarni xavfsiz va qulay toʻldirish va toʻkish uchun qurilmalar (teshiklar, ogʻizchalar) koʻzda tutilishi lozim.
284. Idishni bir oyda bir martadan koʻp toʻliq boʻshatish zarur boʻlsa, uning tagi poldan kamida 100 mm balandlikda (tagiga qoʻyilgan sigʻimlarga moylarni toʻkish qulay boʻlishi uchun) boʻlishi lozim.
285. Texnologik moylarni toʻplash va uning polga toʻkilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun dastgohlar podon, togʻora va hokazolar bilan jihozlanishi kerak.
286. Dastgoh yuzalaridan qirindilarni qoʻl bilan olib tashlash uchun ishlovchilar shchyotka-supirgich va ilgaklar bilan taʼminlanishi kerak.
287. Avtomatlar, ular smena davomida ishlaganda 20 kg dan koʻproq qirindilar paydo boʻlsa, qirindilarni olib tashlash uchun avtomatik tarzda ishlovchi transportyorlar bilan taʼminlanishi kerak.
288. Pol sathidan balandda oʻtkaziladigan gidravlik, pnevmatik, sovutish tizimlarining quvur oʻtkazgichlari, dastgoh va avtomatik liniyalarning elektr kommunikatsiyalari, dastgoh (liniya)ga xizmat koʻrsatish chogʻida odamlar oʻtishi zarur boʻlgan joylarda pol sathidan kamida 2,0 m balandlikda joylashtirilishi lozim.
289. Uskunaning 40 N dan katta bosimda ishlaydigan gidro tizimlarida uskuna tashqarisiga moylarni otilishiga va gidro tizimning germetikligi avariyaviy buzilish paytida ularni alangalanish manbaiga tushishiga yoʻl qoʻymaydigan toʻsiqlar boʻlishi lozim.
290. Moylash, gidro va pnevmo-tizimlari quvur oʻtkazgichlarining birikmalari germetik boʻlishi lozim.
291. Gidro-yuritma uchun foydalanish chogʻida zaharli va portlash xavfi boʻlgan aralashmalar hosil qilmaydigan suyuqliklar qoʻllanilishi kerak.
292. Gidravlik tizimda gidroakkumulyatordan foydalanish paytida ruxsat berilgan bosimdan oshib ketmaslik uchun saqlovchi qurilma oʻrnatilishi lozim.
293. Nasos-akkumulyator stansiyalar bosimning yuqori va quyi chegaralari haqida xabar beruvchi yorugʻlik va tovush signalizatsiyalari bilan jihozlanishi lozim.
294. Gidro-tizimdagi bosimni nazorat qilish uchun manometr oʻrnatilishi kerak.
295. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar muntazam boʻladigan hududlarda joylashgan katta bosimli quvur oʻtkazgichlar doimiy toʻsiqlar bilan berkitilishi va ularning holati muntazam tekshirilib turilishi lozim.
296. Pnevmatik, gidravlik va moylash tizimlarining quvur oʻtkazgichlari ogohlantirish ranglari va xavfsizlik belgilariga binoan farq qiluvchi ranglarga boʻyalishi kerak.
297. Yuk tutish vositalari yordamida ilish noqulay boʻlgan dastgohlar, yigʻuv birliklari, detallar, olinadigan moslama hamda ogʻirligi 25 kg dan koʻp boʻlgan asboblarda ularni tashish, montaj va demontaj qilish paytida yuk koʻtarish vositalari ishonarli tarzda tutib turishi va xavfsiz tashishi uchun qurilmalar (dastak, ilgak, teshik, boʻrtiq joylar, rim-bolt, rim-boltlar uchun rezbali teshiklar va hokazolar) koʻzda tutilishi lozim.
298. Qoʻl bilan ushlashga noqulay, ogʻirligi 15 kg dan kam boʻlgan, qoʻlda tashiladigan asbob-anjomlar, olinadigan moslamalar, asboblar ushlash uchun qurilmalar (masalan, dastaklar)ga ega boʻlishi kerak.
299. Uskunaning konstruksiyasi va uning qismlari (upakovkalash joyi) ularni upakovkalash idishiga va transport vositasiga ishonarli tarzda mahkamlanishini taʼminlashi lozim.
300. Uskunaning yigʻuv birliklari, ular ortish (tushirish), tashish va saqlash vaqtida oʻz-oʻzidan harakatlanishi mumkin boʻlsa hamda bu paytda xavfli vaziyatlar yuzaga kelsa, ularni muayyan holatda mahkamlash uchun qurilmalarga ega boʻlishlari kerak.
301. Uskuna va uning ogʻirligi 16 kg dan ortiq yigʻuv birliklarini bogʻlashilish uchun qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
302. Davriy xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlari paytida uskunaning yigʻuv birliklari ayrim detallarni montaj qilish, olish va oʻrnatish uchun umumiy foydalanishdagi yuk koʻtarish vositalarini, moslama va asboblarni ishlatib boʻlmasa, uni maxsus (xususiy) qurilma, moslama va asboblar bilan komplektlash zarur.
7-§. Chang, mayda qirindi va zararli ajralmalarni chiqarib tashlash qurilmalari
303. Dastgoh, avtomatik liniya va boshqa uskunalarda materiallarga ishlov berishda chang, mayda qirindi, sogʻliq uchun zararli aerozol, gazlar paydo boʻlsa tozalashni taʼminlaydigan, tarkibida chang-qirindi gaz qabul qilgich va soʻrish vosita (aspiratsiya uskuna)lari boʻlgan qurilmalar bilan jihozlanishi lozim.
304. Uskuna oʻchirilgandan soʻng aspiratsiya vositalari ish hududi havosida zararli va xavfli moddalar konsentratsiyasi chegaraviy ruxsat berilgan normalardan ortiq paydo boʻlishiga yoʻl qoʻyilmasligi uchun 5 — 10 sekund davomida ishlab turishi kerak.
305. Soʻrish qurilmalari havoni ish hududi havosiga qoʻyiladigan umumiy sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan darajada tozalab berishi lozim.
306. Quruq chang va aerozollarni chiqarib tashlaydigan mahalliy chiqarish tizimlari alohida-alohida boʻlishi kerak.
307. Dastgohlardan moy bugʻlari, quruq va nam changni chiqarib yuboradigan mahalliy chiqarish tizimlari havoni atmosferaga chiqarib yuborishdan oldin uni tozalaydigan qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
308. Soʻrish qurilmalaridagi toʻplagichlar konstruksiyasi unda ushlanib qolgan chang va aerozol kondensatlarini bexatar va qulay olib tashlanishini taʼminlashi kerak.
309. Aerozolini chiqarib yuborayotgan mahalliy chiqarish tizimining havo-oʻtkazgichlari drenaj qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
8-§. Xizmat koʻrsatish maydonchalari va zinalar
310. Dastgohga xizmat koʻrsatish yoki ishlov berish hududini kuzatish uchun xodimning pol sathidan 0,5 m va bundan balandroqda turishi talab etilsa, dastgoh zinapoya bilan jihozlangan xizmat koʻrsatish maydonchalari yoki sirpanmaydigan qoplamali galeriyalarga ega boʻlishi kerak.
311. Xizmat koʻrsatish maydonchalari, zinalar va ularning konstruksiya elementlari xavfsizlik talablariga javob berishi, butun perimetri boʻylab toʻsilgan boʻlishi kerak, pollar yoki toʻshamalar sirpanchiq boʻlmasligi va toʻshama ostida buyumlarning pastga tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan yaxlit toʻsiq boʻlishi lozim, pol ustiga oʻrnatilgan zinalarning tirgaklari pol sirtida sirpanmasligi kerak.
312. 0,5 m dan balandda joylashgan maydonchalar va ularga olib chiqadigan zinalarda, pastki qismining yon taraflariga balandligi 100 — 150 mm yaxlit qoplama oʻrnatilgan, balandligi 1 m dan kam boʻlmagan toʻsiq (panjara)lar boʻlishi kerak.
313. Zarur boʻlsa kirish joyida maydonchalar chetga olinadigan toʻsinlar yoki ichkariga ochiladigan eshikchalar bilan jihozlanishi mumkin.
314. Xizmat koʻrsatish maydonchalari va zinalarning eni 0,5 m dan kam boʻlmasligi kerak.
315. Zinapoyalar oraliq masofalarining balandligi qiyalik burchagiga bogʻliq boʻlib, 0,2-0,3 m ni tashkil etishi, zinalar eni 0,2 m dan kam boʻlmasligi lozim.
316. Zinalarning ikkala tarafida toʻsiq (panjara)lar boʻlishi lozim. Vertikal zinalarni qoʻllash tavsiya etilmaydi.
317. Xizmat koʻrsatish maydonchasi 10 m dan balandroqda joylashgan boʻlsa, bu holda har 5 m da dam olish maydonchalari oʻrnatilishi zarur.
318. Zina va maydonchalarning tutqichlari qoʻl bilan ushlash uchun qulay boʻlishi, oʻtkir qirralari, qirov va kiyim ilinishi mumkin boʻlgan chiqib turgan joylari boʻlmasligi lozim.
319. Gorizontal tekislikka qiyalik burchagi 75º va undan ortiq, balandligi 5 m va undan ortiq zinalar 3 m balandlikdan boshlab yoy shaklidagi toʻsiqlar bilan jihozlanishi, ushbu toʻsiqlar orasidagi masofa 0,8 m dan oshmasligi va bir-biriga birlashtirilgan boʻlishi lozim.
320. Pol sathidan 2,2 m balandlikda joylashgan maydonchalarning yon tomondagi sirtlari ogohlantirish ranglari va xavfsizlik belgilariga binoan sariq signal rangga boʻyalishi kerak.
321. Maydoncha sathidan tepadagi ustyopma orasidagi masofa 2 m dan kam boʻlmasligi kerak.
322. Xavfi yuqori boʻlgan uskunaga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan, uzunligi 3,0 m dan ortiq maydonchalarda qarama-qarshi taraflarda joylashgan kamida ikkita zinalar oʻrnatilishi kerak.
323. Zinalar, xizmat koʻrsatish maydonchalari va toʻsqich (panjara) ogohlantirish ranglari va xavfsizlik belgilariga binoan gruntlangan va signal ranglarga boʻyalgan boʻlishi kerak.
324. Doimiy xizmat koʻrsatish talab qilinadigan va 3,0 m dan koʻp boʻlmagan balandlikda joylashgan uskunaning uzellariga koʻtarilish uchun tirama narvondan yoki kerilma narvonlardan foydalanish ruxsat etiladi.
9-§. Elektr uskunalarga boʻlgan talablar
325. Qoʻllaniladigan elektr mashina, apparat, asbob va boshqa elektr-uskunalar, shuningdek elektr tarmoqlarning kuchlanishi sexlarning portlash, yongʻin va elektr xavfsizligi boʻyicha tasniflanishiga muvofiq boʻlishi lozim.
326. Elektr apparatura va tok oʻtuvchi qismlar ishonchli izolyatsiyalangan va dastgoh korpusiga yoki elektr shkafga berkitilgan va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning ularga tasodifan tegib ketishidan muhofazalangan boʻlishi kerak.
327. Uskunani tarmoqdan oʻchirish uchun boshqaruv elektr sxemalarida qulay va xavfsiz yerda joylashgan kirishdagi oʻchirish apparati (kirish oʻchirgichi) oʻrnatiladi.
328. Dastgohlarga oʻrnatilgan elektr uskunalarning umumiy quvvati 0,75 KVt dan ortiq boʻlmaganda, ularda kirish oʻchirgichi sifatida shtepselli ajratgichlardan foydalanishga ruxsat etiladi.
329. Boshqaruv stansiyalarining shkaflari yonmaydigan materiallardan yasalishi hamda montaj qilish, xizmat koʻrsatish uchun xavfsiz va qulay joylarda oʻrnatilishi kerak.
330. Boshqaruv stansiyalarining shkaflari shunday oʻrnatilishi kerakki, eshiklari ochiq shkaflar bilan uskuna, dastgoh (uning harakatlanuvchi qismlarini eng chekka holati) yoki qurilish konstruksiyalari orasidagi xavfsiz masofa 0,6 m dan kam boʻlmasin.
331. Boshqaruv stansiyalarining shkaflari maxsus kalit yordamida qulflanishi yoki kirish oʻchirgichi bilan shunday blokirovkalanishi kerakki, uning ulangan holatida eshikchalarni ochib boʻlmasin va eshikchalar ochiq paytda uskunani ishga tushirib boʻlmasin.
332. Kuchlanish 42 V dan ortiq boʻlgan elektroapparatura shkaflarining hamma eshikchalarida, shuningdek elektroapparaturani berkitadigan gʻiloflarda GOST 12.4.026-76 SSBT “Ogohlantirish ranglari va xavfsizlik belgilari” talablariga muvofiq ogohlantiruvchi xavfsizlik belgilar — “Yuqori kuchlanish!” yozilgan boʻlishi kerak.
333. Elektr uskuna moy, qirindi, changlar taʼsiridan va mexanik taʼsirdan muhofazalangan boʻlishi lozim.
334. Elektr-uskunalar uzilgan elektr-energiya qayta tiklangan paytda yuritma oʻz-oʻzidan ishlab ketishidan himoyalangan boʻlishi kerak.
335. Uskunaning boshqaruv pultlarida elektr yuritma zanjiriga kuchlanish uzatilayotganligi haqida yorugʻlik signalizatsiyasi boʻlishi kerak.
336. Elektr uskuna va oʻtkazgichlarning ochish, koʻzdan kechirish, taʼmirlash, sozlash ishlari faqat elektr texnik xodimlar tomonidan bajarilishiga ruxsat etiladi.
337. 42 V dan yuqori kuchlanish ostida qolishi mumkin boʻlgan uskunaning barcha metall qismlari (stanina, elektr dvigatel korpusi, shkaf, boshqaruv pultlari karkaslari va boshqalar), shuningdek elektrlashtirilgan moslamalar amaldagi “Elektr qurilmalarining tuzilish qoidalari”ga muvofiq nol simga ulanishi yoki yerga ulab himoyalash qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
338. Namlik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda, ochiq havoda, katta, yaxshi yerga ulangan metall sirtlar mavjud boʻlganda va boshqa noqulay sharoitlarda yerga ulash yoki nol simga ulash talablari 12 V va undan yuqori kuchlanishda ishlaydigan uskunalarga ham taalluqlidir.
339. Uskunaning yerga ulanadigan har bir elementi yerga ulash qurilmasiga alohida tarmoqlar vositasida ulanishi lozim. Ularni yerga ulash oʻtkazgichiga ketma-ket ulash man etiladi.
340. Yerga ulash oʻtkazgichining uskunaga ulangan joyiga istalgan uslubda chizilgan, ekspluatatsiya vaqtida oʻchmaydigan yerga ulash belgisi oʻrnatilishi kerak.
341. Detallarni biriktirish uchun ishlatiladigan vint, shpilka, gaykalardan yerga ulash oʻtkazgichlarini biriktirish maqsadida foydalanishga ruxsat berilmaydi.
342. Yerga ulash oʻtkazgichi sifatida oʻtkazgich simlarni oʻtkazish uchun qoʻllaniladigan kabellarning metall qobiqlari, egiluvchan metall yeng yoki poʻlat trubalardan foydalanishga ruxsat etilmaydi, lekin ularning oʻzi yerga ulangan boʻlishi lozim.
343. Yerga ulash oʻtkazgichi yerga tutashgan paytida undan oʻtayotgan elektr tokiga bardosh berishi lozim.
344. Uskunaning harakatlanuvchi yoki tez-tez demontaj qilinib turiladigan qismlari egiluvchan oʻtkazgichlar yoki sirpanadigan kontaktlar yordamida yerga ulanishi kerak.
345. Mahalliy yoritish chiroqlarini taʼmirlash uchun 42 V dan koʻp boʻlmagan kuchlanish ishlatilishi lozim.
346. Mahalliy yoritish chiroqlarning oʻzida (individual) ulab-uzgichlari boʻlishi kerak.
347. Shkaf, pult va elektroapparaturali tokchalarga oʻrnatilgan mahalliy yoritish kirish oʻchirgichigacha ulanishi lozim. Bu holda mahalliy yoritishda alohida ulab-uzgich boʻlishi kerak.
348. Elektr asbob, koʻchma elektr lampalar, pasaytiruvchi transformatorlar va tok chastotasini oʻzgartirgichlar qoʻllanilishi (berilishi)dan oldin korpusiga tutashish yoʻqligi, yerga ulash oʻtkazgichlarining sozligi va taʼminlash oʻtkazgichlarining izolyatsiya qoplamasi tekshirilishi lozim.
10-§. Mexanik va gidravlik presslarda shtamplash paytida xavfsizlik talablari
349. Mexanik presslarda ish faqat quyidagilar tekshirilgandan soʻng bajarilishi lozim:
a) shtampning ishga yaroqliligi va ularning oʻlchov tavsiflari pressning tavsiflariga mosligi (press va shtampning yopiq balandligi, shtamp rejasi va stol oʻlchamlari, press polzuni yoʻlining kattaligi va puansonning matritsaga kirish kattaligi, turtkich, marketli shpilka va qisish-turtib chiqarish vintlarining, press bosim kuchining shtampda qayd etilgan kuchga mosligi);
b) pressning aylanuvchi qismlarida toʻsiqlar, yerga ulash qurilmasi, elektr toki simlari mavjudligi va ishga yaroqliligi;
v) himoyalash, yoritish, shtamplararo boʻshliqni rostlash uzeli va unga kiradigan tormoz tizimlari, traversani pastga tushish va yuqoriga koʻtarilish kattaligini cheklovchi qurilma, saqlovchi qurilmalarning boshqarish tizimlarini sozligi;
g) pressning salt yurishdagi ishi.
350. Koordinatali presslarda ish faqat quyidagilar tekshirilgandan soʻng bajarilishi kerak:
a) buraluvchan disk ishi bilan pressning ishchi organi bajaradigan ilgarilama-qaytma harakatlarning bir xilligi (sinxronlik);
b) polzun yuqori “oʻlik” nuqtada boʻlgan paytda revolver kallagining mahkam ushlanib turishi;
v) press va shtamplarning sozlanishi texnologik hujjatlarga muvofiqligi.
351. Gidravlik presslarda ish faqat quyidagilar tekshirilgandan soʻng bajarilishi kerak:
a) boshqaruv tizimida pult va priborlarning ishga yaroqliligi, rezervuarda moy mavjudligi va sathi;
b) moyning sizib oqishi yoʻqligi va moy tozalash filtrining sozligi;
v) sovutish suvining mavjudligi va havo tarmogʻi bakining bosimi;
g) signal tablosidagi avariyaviy-ogohlantirish signalizatsiyasining ishlashi;
d) foto-himoya ishlashining sozligi;
e) bosim mavjudligi va uning beriladigan kuchga mosligi.
352. Texnologik jarayonni tayyorlash va amalga oshirish chogʻida texnologik hujjatlarning jihozlar oʻlchamlari va jihozlarni press stoliga joylashtirish boʻyicha, jihozning muayyan qismini boshqasiga (puanson, matritsa) nisbatan aniq oʻrnatilishi, ishchi bosim va hokazolarga doir talablariga rioya etilishni taʼminlash zarur.
353. Tanovarlarni uzatish va shtamplardan detallarni chiqarish yuqori darajada mexanizatsiyalashgan va avtomatlashtirilgan boʻlishi, ishchi qoʻli polzunning harakatlanish zonasiga kirishi butunlay istisno qilinishi lozim.
354. Alohida tanovarlarni shtamplash chogʻida materialni matritsaga qoʻlda uzatish va tayyor mahsulotni undan olish faqat eng zarur hollarda hamda quyidagi shartlardan biriga rioya etilganda ruxsat etiladi:
a) pressni ikki qoʻllab ishga tushirish qurilmasi qoʻllanilganda va xavfsizlikni taʼminlovchi boshqa vositalar mavjud boʻlganda;
b) yopiq xildagi shtamp ishlatilsa;
v) xodim qoʻlining ish zonasiga kirishiga zaruriyat boʻlmasa (tegishli oʻlchamli va shaklli tanovar, surilib yoki koʻtarib olinadigan matritsalar va hokazolar);
g) konstruksiyasi ishchining qoʻli xavfli zonaga tushib qolishini butunlay istisno qiluvchi maxsus, qulay boʻlgan qoʻl asbobini (pinset, qisqich va hokazolar) qoʻllanilishi.
355. Shtamplash paytida materialni matritsaga qoʻlda uzatish shtampda yoʻnaltiruvchi chizgʻich va tiraklar mavjud boʻlganda ruxsat etiladi. Uzun listlar uchun rolikli stollar qoʻllanishi kerak.
356. Shtamplash paytida, uni pressga qoʻlda uzatish xavfli zona qoʻzgʻalmas toʻsiq bilan jihozlanganda va yoʻnaltiruvchi chizgʻichli hamda rolikli yoki yoʻnaltiruvchi dastali stol mavjud boʻlganda ruxsat etiladi.
357. Alohida tanovarlarni matritsaga qoʻlda uzatish paytida pressning oʻz-oʻzidan harakatlanib ishlab ketishiga (uzluksiz ish) ruxsat etilmaydi.
358. Vaqti-vaqti bilan, ish davomida har 40 — 50 daqiqadan keyin jihoz va toʻsuvchi qurilmalarning ishonchli mahkamlanganligini tekshirib turish zarur.
359. Presslarda ikki va undan ortiq xodimlar ishlash chogʻida mashinist (operator) va shtamplovchi (shtamplovchilar)ning harakatlari oʻzaro qatʼiy mosligini taʼminlash lozim.
11-§. Shtamplash-presslash uskunasi uchun maxsus xavfsizlik talablari
360. Ishlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida, uskuna qaysi operatsiyalarga moʻljallangan boʻlsa, unda faqat shu operatsiyalarni bajarish zarur.
361. Press va boshqa uskunalarning stanina hamda tashqi chiqiq qismlarida oʻtkir burchak va qirovlar boʻlmasligi kerak.
362. Joylashgan balandligi pol va ish maydonchalari sathidan 2 m dan kam boʻlgan, tasodifan tegib ketilishi mumkin boʻlgan harakatlanuvchi va aylanuvchi qismlar (tashqi tishli, friksiyali, shatun-krivoshipli va tasmali uzatmalar, vallar va boshqalar) yaxlit yoki toʻrli toʻsiqlar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
363. Ishlab chiqarish uskuna va shtamplarining barcha boltli birikmalari oʻz-oʻzidan buralib chiqib ketishga qarshi moslamalarga (kontrgayka, prujinali shayba, cheka, shplint va hokazolar) ega boʻlishi lozim.
364. Gidravlik va ekssentrik presslar ortiqcha yuklanish yuz berganda ularning ishini toʻxtatib qoʻyadigan saqlovchi qurilmalarga ega boʻlishlari kerak.
365. Shatun-krivoshipli yoki polzuni ekssentrik yuritmali boʻlgan press uskunasi har bir ish yoʻlidan soʻng ishga tushirish moslamasini avtomatik ravishda oʻchirilishini va polzun (traversa)ning eng chekka (boshlangʻich) holatda toʻxtashini taʼminlaydigan ishga tushirish va tormozlash qurilmalariga ega boʻlishi lozim.
366. Ishga tushirish qurilmalari (ishga tushirish tugmasi, pedali, dastaki, boshqarish richagi va hokazolar)ni qoʻshish mufta va tormozlarning konstruksiya hamda tarkibi uskunaning tez va ishonchli yurgizilishi va oʻchirilishini taʼminlashi hamda uning ish yoʻli tasodifan yoki oʻz-oʻzidan boshlanib ketish imkoniyatiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
367. Gidravlik presslar sozlash va taʼmirlash ishlarini bajarish paytida traversa (baba)ni yuqorigi holatida ushlab turish uchun ishonchli ishlaydigan moslamalar bilan taʼminlanishi zarur.
368. Ishchi va salt shkivlarga ega boʻlgan barcha dastgoh va mashinalar, tasmani ishchi shkivga oʻz-oʻzidan oʻtishini bartaraf qiluvchi qulflovchi moslamalar bilan taʼminlangan, tasmalar uchun oʻtkazish mexanizmlariga ega boʻlishi lozim.
369. Avariyaviy ulab-uzgichlar va uskuna hamda boshqa qurilmalarni masofadan turib boshqarish tugmalarining konstruksiyasi va joylashishi har qanday ish vaziyatidan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi zarur.
370. Barcha ishga tushirish qurilmalari ularning vazifasi va qoʻllanilishini aks ettiruvchi yozuvlarga ega boʻlishi kerak.
12-§. Gidravlik presslar
371. Gidro-yuritma (multiplikator va boshqalar) tarmoqlari, ishchi gidravlik silindrlar, yukchi, gidravlik va pnevmatik akkumulyatorlar qurilmalari, shuningdek mexanik bosim detallari (traversa, shtamplar) va barcha moslamalar hamda ularning mahkamlash qurilmalari ishlatilayotgan gidravlik pressning quvvatiga mos boʻlishi va uni tuzilishi, qoʻllanilishiga doir texnik shartlar talablariga javob berishlari lozim.
372. Bosimni nazorat qilib turish uchun akkumulyator, quvur oʻtkazgich va har bir pressda manometrlar oʻrnatilishi kerak.
373. Presslardagi gidravlik zarbalarni soʻndirish uchun presslarga ulanadigan quvur oʻtkazgichlar saqlovchi klapan yoki boshqa qurilmalar bilan taʼminlanishi kerak.
374. Suyuqlikning toʻsatdan katta sarflanishi oqibatida akkumulyator yuklarining tez tushib ketishini oldini olish uchun akkumulyatordan gidravlik presslarga oʻtkazilgan quvur-oʻtkazgichdagi asosiy klapan suv kelishini avtomatik tarzda berkitib qoʻyadigan moslama bilan jihozlanishi lozim.
375. Akkumulyator yuklari tez tushib ketgan hollarda yukning poydevorga zarba yetkazmasligi uchun yuk ostiga zarbalarni yumshatuvchi qurilmalar (bufer, taxta toʻshama va hokazolar) oʻrnatilishi zarur.
376. Yukning belgilangan balandlikdan yuqoriroqqa koʻtarilishini oldini olish uchun akkumulyatorlar saqlovchi klapan yoki boshqa saqlovchi qurilmalar bilan taʼminlanishi kerak.
377. Saqlovchi klapanning yuki qulflanadigan gʻilof ichiga oʻrnatilishi kerak.
378. Nasos, liniya boʻylab berkituvchi klapangacha oʻrnatilgan saqlovchi klapanga, shuningdek oʻchirish uchun qurilmaga ega boʻlishi lozim.
379. Agar tarmoqda bir nechta nasos ishlayotgan boʻlsa, tarmoqdan har bir nasosning oʻzini alohida oʻchirib qoʻyadigan qurilma boʻlishi zarur.
380. Nasos boʻlinmasi bilan xizmat koʻrsatilayotgan presslar oʻrtasida ishga tushirish qurilmalari bilan blokirovka qilingan yorugʻlik va tovush signalizatsiyasi oʻrnatilishi kerak.
381. Bir nechta agregatlardan iborat boʻlgan press uskunalari uchun akkumlyator yuklarining holati har bir pressdagi ish oʻrnidan va nasosdan koʻrinib turishi yoki yukning holatini tegishli signalizatsiya vositasi xabardor qilishi lozim.
382. Gidravlik uskunalarning barcha eng yuqori nuqtalari havoni chiqarish uchun joʻmrak (kran)lar bilan, eng pastki nuqtalari esa ishchi suyuqlikni toʻkish uchun armaturalar bilan taʼminlanishi zarur.
13-§. Siljiydigan stolli gidropresslarda shtamplash paytida xavfsizlik talablari
383. Gidropresslarda ish bajarish faqat quyidagilar tekshirilgandan soʻng amalga oshirilishi lozim:
a) jihozning stolga toʻgʻri oʻrnatilganligi (texnologik hujjatlar talablariga muvofiq);
b) qolip-blokning balandligi, qolip-bloklar orasidagi va qolip-blokdan stolning tashqi konturigacha boʻlgan masofa;
v) qolip-bloklar orasidagi ochiq boʻshliq elastik material boʻlaklari bilan toʻldirilganligi.
Qolip-blok balandligini kattalashtirish, qolip-bloklar orasidagi va qolip-bloklardan stolning tashqi konturigacha boʻlgan minimal masofani kichraytirish va stol ustini qolip-bloklar bilan toʻldirib yuborishga ruxsat etilmaydi.
384. Ishchi stol ustidagi jihozning vaziyatini nazorat qilish ishchi stolning har bir yoʻlidan oldin va uning ishchi zonaga harakatlanish paytida amalga oshirilishi lozim.
385. Harakatchan stolning press ishchi zonasidagi ish holati ustidan boshqaruv pultida joylashgan signal lampasi va stolning yetaklagich hamda yoʻnaltirgichlaridagi boʻrtiq chiziq (riska)lar boʻyicha davriy nazorat taʼminlanishi lozim.
386. Texnologik jarayonga tayyorgarlik va uni olib borish chogʻida jihoz hamda detallarda statik elektr toki zaryadi boʻlmasligi zarur.
387. Shtamplash davrida texnologik jarayonning turini almashlab ulash qurilmasining holati qoʻllanilayotgan quyidagi shtamplash asboblari:
a) “elastik yostiqli presslash”;
b) “elastik diafragma orqali suyuqlik bilan presslash”larga muvofiqligi doimo nazorat qilinishi lozim.
388. Boshqarish tizimidagi bosim pressning pasport koʻrsatkichlarida keltirilgan ruxsat berilgan miqdordan kam boʻlmasligi kerak. Pressni yurgizish mumkin boʻlmagan, tizimdagi eng kichik bosim miqdori bosim koʻrsatkichi (manometr)da aks ettirilgan boʻlishi zarur.
389. Oʻta xavfli vaziyatlarda (bosimning berilgan koʻrsatkichdan oshib tezlik bilan kattalashib ketishi, stol va konteynerlarning tutashuvi yoʻqligida ish siklining boshlanishi, gidrotizim elementlarining buzilishi va hokazo) ish “Toʻxtatish” avariyaviy oʻchirish tugmasi bilan toʻxtatilishi kerak.
14-§. Shtamplash shtamplariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
390. Shtamp konstruksiyasi imkon boricha unda bir nechta operatsiyalar (ketma-ket va birlashib harakatlanish shtamplari) bajarilishini taʼminlashi kerak.
391. Shtamp konstruksiyasi undan foydalaniladigan butun muddat davomida xavfsizlikni saqlashi zarur.
392. Texnologik operatsiyalarning oʻziga xos jihatlariga koʻra xavfsiz shtamplar tayyorlab boʻlmasa, ular faqat xodimlarning xavfsizligini taʼminlovchi, ishonchli himoya qurilmalari bilan jihozlangan presslarda ishlatilishi lozim.
393. Polzun yoʻli kichik boʻlgan presslarda qoʻllaniladigan uncha katta boʻlmagan shtamplarda xodimning barmoqlari jarohat olishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ularning qoʻzgʻaluvchan va qoʻzgʻalmas qismlari orasida quyidagi xavfsizlik tirqishlari koʻzda tutilishi kerak:
a) 8 mm dan kam — yuqorigi harakatchan ajratgich va matritsa orasida, polzunning yuqori holatda turgan paytida qoʻzgʻalmas pastki ajratgich va puanson orasida;
b) 25 mm dan kam boʻlmagan — pastki ajratgich yoki qisqich va puanson — tutqich orasida, polzun pastki holatda turgan paytda vtulkalar (yoʻnaltiruvchi ustunchali shtamplarda) va ajratgich oraligʻida.
Agar tanlangan himoya vositasi xodimning barmoqlari jarohatlanishiga yoʻl qoʻymasa, xavfsizlik tirqishi 25 mm dan kamaytirilishi mumkin.
394. Ajraluvchi shtamplar, agar shtamplanadigan materiallar oʻlchamlari bunga yoʻl qoʻysa yopiq turda yasalishi lozim (bikrli yopiq ajratkich bilan, uning balandligi imkon boricha shunday boʻlishi kerakki, puanson eng chekka yuqori holatga yetganda uning chegaralaridan chiqmasligi lozim).
395. Shtamplarda ishlash ularning alohida qismlari (ishchi elementlari qattiq qotishmadan tayyorlangan shtamplar, prujinali shtamplar, kesish yoki tutashmagan kontur boʻylab qirqish, chiqindilarni qirqish uchun moʻljallangan shtamplar va hokazo) buzilishi oqibatida jarohatlanish xavfi bilan bogʻliq boʻlsa, bu shtamplar saqlovchi gʻiloflar bilan jihozlanishi kerak.
396. Shtamplar aniq yoʻnaltiruvchi ustunchalar, prizmalar, vtulkalar va hokazolar bilan yasalishi lozim. Universal bloklarga oʻrnatiladigan tez qayta sozlanadigan shtamplar bundan mustasnodir.
397. Yoʻnaltiruvchi ustunchali shtamp konstruksiyasi polzun koʻtarilayotgan paytda yoʻnaltiruvchi vtulkalar ustunchalardan chiqib ketishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
398. Shtamp konstruksiyasi, vint va gaykalarning oʻz-oʻzidan buralib chiqib ketish imkoniga, shuningdek ishlayotgan paytda matritsa va puansonlarning ular mahkamlangan joylardan uzilib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan, barcha detallarni puxta mahkamlash usullarini koʻzda tutishi lozim.
399. Suriladigan matritsa, kasseta va shiberlar bilan jihozlangan shtamplar ularning haddan ziyod surilishi yoki tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan ishonchli tiraklarga ega boʻlishi kerak.
400. Avtomatik yoki mexanizatsiyalashgan pedalli shtamplarda tayyor detal va chiqindilarni avtomatik olib qoʻyish (majburiy yoki tushirib yuborish) koʻzda tutilishi kerak.
15-§. Boshqa uskunalar
401. Elektr texnik qurilmalar, elektr tarmoqlar va elektr asboblarning tuzilishi va ulardan foydalanish amaldagi elektr qurilmalarining tuzilish isteʼmolchilarning elektr qurilmalardan texnik foydalanish qoidalari talablariga javob berishi lozim.
402. Elektr tokini oʻtkazuvchi ochiq qismlar, 3,5 m dan pastroq balandlikda joylashgan boʻlsa, toʻsilgan boʻlishi kerak.
403. Normal sharoitlarda yerga nisbatan elektr kuchlanish ostida boʻlmagan, lekin elektr tok oʻtkazuvchi qismlarining izolyatsiyasi shikastlanishi tufayli elektr kuchlanish taʼsiriga tushib qolishi mumkin boʻlgan elektr qurilmalarning metall konstruksiya qismlari, shuningdek tok oʻtkazuvchi qismlarni mahkamlash konstruksiyalari, uskunaning, yuk koʻtarish-tashish va boshqa qurilmalarning konstruksiyaviy qismlari, inshootlarning metall ustunlari va hokazolarni yerga ulab muhofazalash zarur.
404. Har bir elektr dvigatel va har bir elektr qizdirish pechi ishga tushirish va toʻxtatish qurilmalaridan tashqari sozlash, taʼmirlash paytida elektr kuchlanishni toʻliq oʻchirish uchun oʻchiruvchi moslamalar bilan jihozlanishi kerak.
405. Havo kompressor va havo oʻtkazgichlarining tuzilishi, ishlatilishi va ularga xizmat koʻrsatish belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi lozim.
406. Bugʻ oʻtkazgichning ishlab chiqarish uskunasiga ulangan joyida polda turib boshqariladigan berkituvchi ventil oʻrnatilishi lozim.
V. Taʼmirlash ishlarini bajarishda xavfsizlik talablari
407. Sex maʼmuriyati amaldagi normalarga asosan xodimlarni maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlashi lozim.
408. Nosoz uskunada ish bajarish taqiqlanadi. Uskuna taʼmirlash uchun toʻxtatilishdan oldin ifloslik, chang va ishlab chiqarishning boshqa chiqindilaridan puxtalik bilan tozalanishi kerak.
409. Tanovar va chiqindilar idish, stellaj va taxlamlarga oʻrnatilishi kerak.
Tirak (ustuncha)lar mavjud boʻlsa taxlamlar va stellajlarning balandligi 2 m dan ortiq boʻlmasligi zarur.
410. Stellajlarda koʻrinarli joyda ruxsat berilgan yuklanish miqdori koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
411. Ish joylarini, oʻtish yoʻlak va yoʻllarini toʻsib qoʻyish va keraksiz buyumlar taxlab qoʻyishga ruxsat etilmaydi.
412. Yoriqlari boʻlgan va zarba beruvchi yuzasi ezilgan zarbalovchi asbob va moslamalarda (shtamp, muhra, sandon va dastaki asbob) ish bajarishga ruxsat etilmaydi.
413. Presslarda shtamplarni almashtirish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim, buning uchun olinadigan moslamali kranlar, baland koʻtariluvchi platformali aravachalar, harakatlanuvchi stol-rolganglar va boshqalardan foydalanish mumkin.
414. Shtamplangan plitaning tayanch yuzalari polzun (baba)ning harakat yoʻnalishiga qatʼiy perpendikulyar boʻlishi zarur.
415. Shtamplar puxta mahkamlanishi kerak. Tayanch yuzalar bir-biriga qatʼiy ravishda parallel boʻlishi kerak. Koʻp qatlamli qistirmalardan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
416. Mahkamlovchi ponalar 50 mm dan koʻp chiqib turmasligi lozim.
417. Babadan shtokni xavfsiz urib chiqarish uchun mahkamlash konstruksiyasiga mos boʻlgan maxsus moslama qoʻllanilishi zarur.
418. Mahsulotdan zarra va qirovlar otilib chiqishini oldini olish uchun qizdirib shtamplash jarayonining oxirgi bosqichi yetarli yuqori haroratda bajarilishi kerak.
419. Presslarda metall (prokat)ni sovuq holatda sindirish paytida uchib chiqishi mumkin boʻlgan zarralardan ishchini muhofazalash uchun uskuna metall shchitlar bilan toʻsilishi lozim. Metallning sindirish joylari dastlab sal kesib (kertik qilib) qoʻyiladi.
420. Ishlab chiqarish uskunalarining yuqorida joylashgan qismlariga koʻzdan kechirish, moylash va taʼmirlash ishlarini bajarish uchun chiqish joylari qulay va xavfsiz boʻlishi hamda narvon va muqim maydonchalarda amalga oshirilishi lozim.
421. Uskuna ishlayotgan vaqtda moylash, artish, tozalash, qirqim, kuyindilarni yigʻishtirish va hokazolarni bajarish taqiqlanadi.
422. Shtamp, muhralarni oʻrnatish va sozlash, qattiq qisilib qolgan shtampovkalarni chiqarishdan avval toʻqmoq (molot) oʻchirilishi lozim.
423. Krivoshipli va ekssentrikli presslarda polzunning pastki holatida shtampning yuqori va pastki yarim boʻlaklarining eng koʻp chiqib turadigan qismlari (mahkamlovchi boltlar, ponalar va boshqalar) oʻrtasidagi oraliq masofa 35 mm ni tashkil etishi kerak.
424. Shtamplarni moylash shtampning harakatlanayotgan qismlari zonasiga qoʻlni kiritish zaruriyatini istisno qiluvchi maxsus moslamalar yordamida amalga oshirilishi lozim.
425. Qizdirib shtamplash shtamplarini moylash uchun imkon boricha yonmaydigan moylash materiallaridan foydalanish darkor.
426. Shtamplash paytida moylash materiallarining yonishi natijasida paydo boʻladigan zararli gazlarni chiqarib tashlash uchun shtamplash toʻqmoqlari va bolgʻalash presslari ish hududidan gazlarni chiqarib yuboruvchi chiqarish qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
427. Press va shtamplovchi toʻqmoqlar toʻsiqlar yoki xavfsiz ishlashni taʼminlaydigan moslamalarga (ikki qoʻllab boshqarish va hokazo) ega boʻlishi kerak.
428. Pressning boshqaruv mexanizmini (dastaki yoki pedalli) almashlab ulash tashkilot texnika xavfsizligi boʻlimi (byurosi) ruxsati bilan amalga oshirilishi kerak.
429. Ogʻirligi 20 kg dan ortiq boʻlgan uskuna qismlari va asboblarni olish va oʻrnatish ishlari mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
430. Gidravlik uskunalar uchun ishlatiladigan suv toza boʻlishi va unda choʻkmalar hosil qiladigan moddalar boʻlmasligi kerak.
431. Gidropress plunjeri qisilib qolgan holatlarda uni koʻprikli kran yordamida chiqarib olish taqiqlanadi.
432. Ish tugaganidan soʻng yoki ishda tanaffus paytida gidropress plunjerini pastga tushirilgan holatda qoldirish zarur.
433. Balandlikda taʼmirlash ishlari bajarilayotgan paytda yuqoridan har xil buyum va asboblar tushib ketmasligi uchun zarur chora-tadbirlar (toʻsiqlar, ogohlantirish belgilari va hokazolar) koʻrilishi lozim.
434. Uskuna qismlari stellajlarga yoki taxta tagliklarga oʻrnatilishi kerak. Maxovik va shesternyalar gorizontal holatda taxlanishi kerak.
Yechib olingan maxovik va shesternyalarni devor yoki uskunaga qiyalatib taxlab qoʻyish taqiqlanadi.
435. Uskunani taʼmirlash ishlari tugallangandan soʻng quvur oʻtkazgich va elektr simlarni qaytadan ulashdan avval ularning sozligi tekshirib chiqilishi lozim.
VI. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
436. Shtamplash ishlarini bajaradigan tashkilotlarni (ishlab chiqarish binolari, sexlarni) loyihalashtirishda, qurishda (montaj qilishda) mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
437. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
VII. Yakuniy qoida
Mazkur Qoidalar “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish Davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqarmasi raisi U. ROZUQULOV
2009-yil 2-oktabr
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
2009-yil 2-oktabr
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
2009-yil 2-oktabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2009-yil 2-oktabr
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshligʻi I. XOLMATOV
2009-yil 2-oktabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2009-yil 2-oktabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 48-son, 515-modda; 13.11.2019-y., 10/19/2046-1/4017-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 21.06.2023-y., 10/23/2046-2/0408-son; 21.07.2023-y., 10/23/2046-3/0501-son; 15.04.2025-y., 10/25/2046-4/0342-son)