Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SOTIShDAN OLINADIGAN SOLIQNI HISOBLASh VA TOʻLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 5-yanvardagi 2-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotishdan olinadigan 5 foizli soliqni bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
SSJI Prezidentining “Sotishdan olinadigan soliqni joriy qilish toʻgʻrisida” 1990-yil 29-dekabrdagi Farmonini va SSJI Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 31-yanvardagi 17-son qarorini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sotishdan olinadigan soliqni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. OʻzSSJ Moliya vazirligi jumhuriyat budjetidagi muassasalar va tashkilotlarning sotishdan olinadigan soliq joriy qilinishi bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarini qoplash tartibini belgilasin.
3. Savdo tashkilotlarining rahbarlari sotishdan olinadigan soliqning joriy qilinganligi haqida xaridorlarni xabardor qilishni taʼminlasinlar hamda chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini xaridorlar bilan hisob-kitoblarni yengillashtiruvchi kassa apparatlari, zarur texnika vositalari bilan jihozlash boʻyicha konkret choralar koʻrsinlar.
4. Oʻzbekiston davlat banki sotishdan olinadigan soliqdan tushgan pullarni hisobga olishni tashkil qilish maqsadida jumhuriyat budjetining bajarilishi boʻyicha davlat banki hisoboti belgisi bilan tegishli hisoblarni ochsin.
Oʻzbekiston SSJ vitse-Prezidenti Sh. MIRSAIDOV
Toshkent sh.,
1991-yil 4-mart,
47-son
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 4-martdagi 47-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Sotishdan olinadigan soliqni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. SOLIQ TOʻLOVChILAR
1. Quyidagilar sotishdan olinadigan soliqni toʻlovchilar hisoblanadilar:
a) xoʻjalik hisobida turuvchi, mustaqil balansga ega hamda idoraviy tobeligidan va oʻzlariga asos boʻlgan mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, yuridik shaxslar hisoblanuvchi korxonalar, birlashmalar, tashkilotlar, kooperativlar, kichik korxonalar, kolxozlar va sovxozlar, bunga Oʻzbekiston SSJ hududida tuzilgan, bank muassasalarida hisob-kitob schyotiga ega boʻlgan, ishlab chiqarish texnika maqsadlaridagi mahsulotlarni va xalq isteʼmoli mollarini ishlab chiqaruvchi va sotuvchi, ishlarni bajaruvchi va xizmatlar koʻrsatuvchi sovet yuridik shaxslari va xorijiy yuridik shaxslar va fuqarolar ishtirokidagi birgalikdagi korxonalar, shuningdek, ularning filiallari (boʻlimlari, boshqa alohida boʻlinmalari) kiradi;
b) xoʻjalik hisobida turmaydigan, ammo tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqaradigan va sotadigan tashkilotlar, bunga budjetda turuvchi tashkilotlar ham kiradi;
v) Oʻzbekiston SSJ hududida ish yurituvchi xalqaro birlashmalar va hukumatga aloqasiz xalqaro tashkilotlar (birlashmalar), xoʻjalik faoliyatini amalga oshiruvchi xorijiy yuridik shaxslar, shuningdek, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) ishlab chiqaradigan va sotadigan, sovet korxonalari ishtirokida tuzilgan qoʻshma korxonalarning boshqa mamlakatlar hududidagi filiallari;
g) yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar.
Mazkur punktda koʻrsatilgan korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar bundan keyin korxonalar deb ataladi.
2. Tayyorlov, don qabul qilish, ulgurji va taʼminot-sotish tashkilotlari oʻzlari ishlab chiqargan tovarlar boʻyicha sotishdan olinadigan soliqni toʻlovchilar hisoblanadilar.
3. Chakana savdo korxonalari oʻzlari ishlab chiqargan tovarlar boʻyicha sotishdan olinadigan soliqni, shuningdek, xaridorlarga sotilgan tovar narxi bilan soliq hamda olingan tovarlar boʻyicha yetkazib beruvchilarga toʻlangan soliq oʻrtasidagi farqni toʻlaydilar.
Umumiy ovqatlanish korxonalari oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarni chakana savdo shoxobchalariga realizatsiya qilganlarida sotishdan olinadigan soliqni toʻlaydilar.
4. Gaz, neft mahsulotlari, elektr va issiqlik energiyasi tashuvchi (uzatuvchi) korxonalar sotishdan olinadigan soliqni toʻlashni xaridorlarga qoʻyilgan soliq summasi bilan mazkur mahsulotlar va energiya uchun yetkazib beruvchilarga ilgari toʻlangan soliq summasi oʻrtasidagi farq sifatida amalga oshiradilar.
5. Neftni sotishdan olinadigan soliq u belgilangan tartibda ajratilgan limitlar boʻyicha neft oladigan neftni qayta ishlash korxonalariga va boshqa isteʼmolchilarga yetkazib berilgan taqdirda toʻlanadi.
II. SOLIQ SOLISh OBYEKTI
6. Tovarlarni (shu jumladan, import tovarlarni) sotishdan, bajarilgan ishlar va pulli xizmatlardan (moliyaviy, bank va sugʻurta operatsiyalaridan tashqari) savdo soligʻi olinadi.
7. Sotishdan olinadigan soliqni hisoblash uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilish amaldagi narx belgilashga muvofiq (xarid, ulgurji, smeta, chakana narxlar, shuningdek, tariflar va baholar, shartnomaviy va erkin narxlar, tariflar va baholar) belgilangan narxlar, tariflar va baholar boʻyicha aniqlanadi.
Korxonalar mazkur narxlar boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishda ularning qiymatini sotishdan olinadigan soliq summasi miqdorida oshiradi, u hisob-kitob hujjatlarida alohida koʻrsatiladi. Oborot soligʻi solinadigan tovarlar boʻyicha realizatsiya qilish hajmi oborot soligʻi miqdorida kamaymaydi.
8. Sotishdan olinadigan soliq summasi miqdorida oshirilgan narxlar boʻyicha tovarlarni oluvchi tayyorlov, don qabul qilish, ulgurji va taʼminot sotish tashkilotlari (neft mahsulotlari bilan taʼminlash sistemasidan tashqari) ularni shu narxlar boʻyicha sotadilar.
9. Savdo korxonalari (bunga umumiy ovqatlanish korxonalari ham kiradi) tovarlarni yetkazib beruvchilarga hisobga olingan, shartnomaviy yoki erkin chakana narxlar boʻyicha (tegishli chegirishlarni chiqarib tashlab) ularning qiymatini toʻlaydilar. Ularga koʻrsatilgan narxlardan kelib chiqqan holda hisoblab chiqilgan sotishdan olingan soliq qoʻshiladi.
Chakana savdo shoxobchalarida aholiga tovarlarni sotish amaldagi narxlarga xarid qilingan buyum summasining 5 foizi miqdorida soliq solgan holda amalga oshiriladi.
Sotishdan olinadigan soliq summasining 0,5 tiyin va undan ortigʻi bir tiyingacha yaxlitlashtiriladi, 0,5 tiyingachasi esa chiqarib tashlanadi.
10. Xarid qilinadigan xomashyo, materiallar, yoqilgʻi, komplektlovchi va boshqa buyumlar uchun sotishdan olinadigan soliq ishlab chiqarish va muomala xarajatlariga kirmaydi.
Sotishdan olinadigan soliqni budjetga toʻlash xaridorlardan olingan soliq summasi bilan yetkazib beruvchilarga toʻlangan soliq summasi oʻrtasidagi farq sifatida amalga oshiriladi.
Sotishdan olinadigan soliq solinmaydigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishda yetkazib beruvchilarga ilgari toʻlangan soliq summasi sotish soligʻidan tushumlar hisobiga budjetdan qoplanadi.
Toʻlangan va olingan sotish soligʻi summasining hisobi alohida schyotda yuritiladi.
Sh. SOTIShDAN OLINADIGAN SOLIQ STAVKALARI VA UNI BUDJETGA OʻTKAZISh TARTIBI
11. Toʻlovchilar realizatsiya summasining 5 foizi miqdorida stavka boʻyicha sotishdan olinadigan soliq toʻlaydilar.
12. Sotishdan olinadigan soliq tushumlar summasining 90 foizi Oʻzbekiston jumhuriyati budjetiga va 10 foizi ittifoq budjetiga oʻtkaziladi.
Sotishdan olinadigan soliqni jumhuriyat va mahalliy budjetlar oʻrtasida taqsimlash tartibi jumhuriyat qonunlari bilan belgilanadi.
IV. SOTIShDAN OLINADIGAN SOLIQNI TOʻLASh TARTIBI VA MUDDATLARI
13. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun bankdagi hisob-kitob schyotiga mablagʻlarning kelib tushishi, naqd pul bilan hisob-kitob qilishda esa pulning kassaga kelib tushishi sotish vaqti hisoblanadi.
Soliq organlari bilan kelishuv boʻyicha sotish vaqtini belgilashning boshqacha tartibi qoʻllanilishi mumkin.
14. Sotishdan olinadigan soliq oʻtgan har bir oʻn kunlik uchun haqiqiy oborotdan kelib chiqqan holda quyidagi muddatlarda toʻlanadi:
joriy oyning 13 kuni — birinchi oʻn kunlik uchun;
joriy oyning 23 kuni — ikkinchi oʻn kunlik uchun;
keyingi oyning 3 kuni — hisobot oyining qolgan kunlari uchun.
15. Sotishdan olinadigan soliqni toʻlovchilar tegishli soliq organlariga SSJI Moliya vazirligi belgilaydigan forma boʻyicha sotishdan olinadigan soliq toʻlash yuzasidan hisob-kitoblarni taqdim etadilar.
V. TOʻLOVChILARNING MASʼULIYATI VA SOLIQ ORGANLARINING NAZORATI
16. Sotishdan olinadigan soliqni hisoblashning toʻgʻriligi va oʻz vaqtida toʻlanishi uchun masʼuliyat soliq toʻlovchilarga yuklatiladi.
17. Sotishdan olinadigan soliqni hisoblashning toʻgʻriligi va oʻz vaqtida toʻlanishi boʻyicha soliq organlarining nazorati Oʻzbekiston SSJning qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
VI. SOTIShDAN OLINADIGAN SOLIQ BOʻYIChA IMTIYOZLAR
18. Sotishdan olinadigan soliq quyidagilardan olinmaydi:
a) aholiga dori-darmonlarni va tibbiyot maqsadlaridagi buyumlarni, nogironlar va qariyalar uchun maxsus moʻljallangan tovarlarni sotishdan;
b) tovarlarni eksportga, maxsus mahsulotlarni, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni davlat fondiga sotishdan;
v) shahar yoʻlovchilar tashish transporti xizmatlari koʻrsatishdan (taksidan tashqari), shaharlar atrofida dengiz, daryo, temir yoʻl va avtomobil transportida yoʻlovchilarni tashish xizmatlari koʻrsatishdan;
g) bolalarni, bemorlar va qariyalarni parvarish qilish boʻyicha xizmatlardan, dafn etish byurolari, qabristonlar, krematoriylarning marosim xizmatlaridan;
d) teatr-tomosha, sport, madaniy maʼrifiy muassasalar va kino-teatrlar (kino-qurilmalar) oʻtkazadigan tadbirlarga biletlar sotishdan;
e) don va non-bulka mahsulotlarini sotish tushumlaridan;
j) umumiy foydalanishdagi yoʻllardan foydalanish va ularni remont qilish boʻyicha bajarilgan ishlar hajmi tushumlaridan;
z) aholiga vositachilik savdosi va kimoshdi savdosida tovarlar sotishdan.
19. Sotishdan olinadigan soliqni hisoblash va toʻlash tartibi haqidagi Nizomni qoʻllanish boʻyicha yoʻriqnoma OʻzSSJ Moliya vazirligi tomonidan nashr etiladi.