Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT ShAHRI, SERGELI TUMANIDA JOYLAShGAN QURILIShI TUGALLANMAGAN TROLLEYBUSLAR TAʼMIRLASh ZAVODINI OChIQ AKSIYADORLIK-TIJORAT “ALOQABANK”KA SOTISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2007—2010-yillarda xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 20-iyuldagi PQ-672-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan Ochiq aksiyadorlik-tijorat “Aloqabank”ning “Oʻzkommunxizmat” agentligi balansida boʻlgan Toshkent shahri, Sergeli tumanida joylashgan qurilishi tugallanmagan trolleybuslar taʼmirlash zavodini (keyingi oʻrinlarda – zavod deb yuritiladi) bir yil mobaynida qoʻshimcha 4 mlrd. soʻm miqdorida investitsiya kiritish majburiyati bilan “nol” xarid qiymatida Ochiq aksiyadorlik-tijorat “Aloqabank”ka sotish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
zavodni Ochiq aksiyadorlik-tijorat “Aloqabank”ka “nol” xarid qiymatida, 4 mlrd. soʻm miqdoridagi investitsiyani bir yil mobaynida kiritish, zavod negizida zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat koʻrsatuvchi meva-sabzavot mahsulotlari saqlash obyektini qurish va ishga tushirish majburiyatlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma tuzish orqali sotsin;
Ochiq aksiyadorlik-tijorat “Aloqabank” tomonidan olingan investitsiya majburiyati toʻliq bajarilganidan soʻng, mulkiy huquqni tasdiqlovchi davlat orderini belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
3. Ochiq aksiyadorlik-tijorat “Aloqabank”:
4 mlrd. soʻm miqdoridagi investitsiyani bir yil mobaynida kiritish, zavod negizida zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat koʻrsatuvchi meva-sabzavot mahsulotlari saqlash obyektini qurish va ishga tushirishni taʼminlasin;
ishga tushirilgan zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat koʻrsatuvchi meva-sabzavot mahsulotlari saqlash obyektini lizing asosida ixtisoslashgan meva-sabzavot mahsulotlari saqlash va qadoqlash korxonasiga berilishini taʼminlasin.
4. Ochiq aksiyadorlik-tijorat “Aloqabank”ka istisno tariqasida:
qabul qilingan investitsiya majburiyatlarini bajarishda tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridi tender savdolarisiz eng yaxshi tanlov takliflarini tanlab olish asosida amalga oshirishga;
qurilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari saqlash korxonasini qisqa muddatlarda bitkazib, ishga tushirish zarurligini inobatga olgan holda 2011-yil 1-aprelgacha loyihalash va qurish ishlarini bir vaqtning oʻzida olib borishga ruxsat etilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 19-martdagi 81-sonli qarori tahririda)
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 21-oktabr,
276-son