Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
YaDRO POLIGONLARIDA VA BOShQA YaDROVIY-RADIATSIYA OBYEKTLARIDA HARBIY XIZMATNI OʻTAGAN PENSIYA YoShIDAGI ShAXSLARNI IJTIMOIY QOʻLLAB-QUVVATLASh TOʻGʻRISIDA
“Qariyalarni qadrlash yili” Davlat dasturiga muvofiq hamda yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida:
1. 2002-yilning 1-iyunidan boshlab, yadro poligonlarida va boshqa yadroviy- radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarga:
sanatoriy-kurort yoʻllanmalari, protez-ortopediya buyumlari (tishni protez qilishdan tashqari) va eshitish apparatlari, shifokorning retsepti boʻyicha dori-darmonlar bilan bepul taʼminlash;
uy-joy-kommunal xizmatlar (uylardan foydalanish sarf-xarajatlari va kommunal xizmatlar)ning haqini toʻlash chogʻida ellik foiz miqdorda chegirma belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar jumlasiga kiruvchi nogironlar uchun qoʻshimcha ravishda quyidagi imtiyoz turlari belgilansin:
Keyingi tahrirga qarang.
mehnat qobiliyatini vaqtincha yoʻqotganlik boʻyicha nafaqalarni ish stajidan qatʼi nazar toʻliq ish haqi miqdorida toʻlash;
yillik taʼtildan oʻzlari uchun qulay vaqtda foydalanish, shuningdek har yili ish haqi saqlangan holda kamida 12 ish kuni davomidagi qoʻshimcha taʼtil olish;
istiqomat joyida maʼmuriy tuman doirasidagi qishloq joylarda jamoat foydalanadigan avtomobil transportida (taksi bundan mustasno), shuningdek shahar atrofida qatnovchi temiryoʻl transportida va shahar atrofi yoʻnalishlaridagi avtobuslarda bepul yurish.
3. Yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar jumlasiga kiruvchi nogironlarga salomatlikni tiklash uchun quyidagi miqdorlarda yillik bir yoʻla moddiy yordam belgilansin:
1 va 2-guruh nogironlariga — eng oz ish haqining uch karra miqdorida;
Keyingi tahrirga qarang.
3-guruh nogironlariga — eng oz ish haqining ikki karra miqdorida.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. “Kommunal xizmat koʻrsatish sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning yangi bosqichi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 17-apreldagi PF-2832-son Farmoni bilan tasdiqlangan uy-joy-kommunal xizmatlarga haq toʻlash boʻyicha imtiyozlar beriladigan shaxslar toifalari roʻyxatining (3-ilova) 3-bandidagi “Shaxslar toifalari” grafasi “yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 30-may,
PF-3079-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 97-modda; 2003-y., 3-4-son, 56-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)