Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
TAYYORLASH-QOLIPLASH ISHLARIDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 29-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2010]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish qoidalari va normalarini qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Tayyorlash-qoliplash ishlarida mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-avgust,
54-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 27-avgustdagi 54-B-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Tayyorlash-qoliplash ishlarida mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 38-son, 441-modda) Qonuniga muvofiq tayyorlash-qoliplash ishlarida mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 2-iyuldagi 27/1-2019-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2010-2, 24.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 10/19/2010-2/3472-son)
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar tayyorlash-qoliplash ishlarini bajaradigan tashkilotlariga (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar tayyorlash-qoliplash ishlarini bajaradigan tashkilotlar binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
maʼmuriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni oʻz vaqtida, toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha boʻlimni oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
ishchi va xizmatchilar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish” toʻgʻrisidagi Qonunining 12-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq boʻlgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 2-iyuldagi 27/1-2019-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2010-2, 24.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 10/19/2010-2/3472-son)
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
11. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish
12. Tashkilotlarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari hamda bilimlari sinovdan oʻtkazilishi kerak.
13. Bevosita ishlab chiqarishda ishlarni tashkillashtirish va bajarish bilan bogʻliq xodimlar, rahbarlar, muhandis-texnik xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi va ishlovchilar hamda ish joylarini shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
15. Tayyorlash-qoliplash ishlarini bajarishda asosiy xavfli va zararli omillarga quyidagilar kiradi:
a) ish joyi hududi havosining changlanishi (silikat tarkibli va yogʻoch changi) va gazlanishi (uglerod oksidi, azot oksidi va boshqalar);
b) shovqin, tebranish, issiqlik nurlanishi va noqulay mikroiqlim (yuqori harorat, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi).
16. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, ishchilarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
17. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining xavfli hamda zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻirligi ish joylarini mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiya qilish orqali tasdiqlanishi lozim.
18. Har bitta tashkilot yoki alohida ishlab chiqarish xavfli va zararli mehnat sharoitlarga ega boʻlgan kasblar, ish oʻrinlari va hududlarining Sanitariya qoidalari va meʼyorlariga muvofiq zararlilik va xavflilik sinfi koʻrsatilgan roʻyxatiga hamda ishlab chiqarish omillarining zararlilik va xavflilik koʻrsatkichlari, mehnat jarayonining ogʻirlik koʻrsatkichlari boʻyicha mehnat sharoitlarining amaldagi gigiyenik tasnifiga ega boʻlishi lozim.
19. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoxud yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda roʻyxatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
20. Tashkilot oʻta xavfli sharoitda bajariladigan kasblar va ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatda aniq texnologik jarayon, ishlab chiqarish uskunasi, ishlatiladigan xom ashyo va ishlarni amalga oshirish xususiyatlari bilan bogʻliq xavflar hisobga olinishi lozim. Roʻyxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar, elektr uskunalarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar hamda amaldagi tarmoq roʻyxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
21. Oʻta xavfli ishlarga faqat maxsus oʻqitilgan, ushbu ishlarni bajarish huquqini beruvchi hujjatga ega boʻlgan xodimlar qoʻyiladi.
22. Barcha xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishi va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini oʻzlashtirib olishi shart.
23. Oʻta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda masʼul xodim qoʻl qoʻyib rasmiylashtirilgan maxsus naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
24. Tashkilot (sex) rahbariyati oʻta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga toʻla javobgardirlar.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
25. Ishlovchilarni zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish tegishli standartlar va meʼyorlar talablariga mos jamoaviy va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
26. Jamoaviy himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, tebranma, elektr toki urishi, statik tok va uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
27. Jamoaviy himoya vositalari (ventilyatsiya, aspiratsiya, yerga ulash, mahalliy soʻrgʻichlar va boshqalar) zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillari xonadagi barcha ishlovchilarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
28. Jamoaviy himoya vositalari zararli va xavfli omillarni ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda shaxsiy himoya vositalari qoʻllanilishi lozim. Bunday hollarda shaxsiy himoya vositalarisiz kishilarning ishtiroki va ishlar amalga oshirilishi taqiqlanadi.
29. Mehnat sharoiti noqulay ishlarda band boʻlgan xodimlar belgilangan normalar boʻyicha:
sut (shunga teng boshqa oziq-ovqat mahsulotlari);
davolash-profilaktika oziq-ovqati;
gazli shoʻr suv (issiq sexlarda ishlovchilar uchun);
maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan bepul taʼminlanishi lozim.
30. Shaxsiy himoya vositalaridan foydalangan holda ishlovchilar, ularning qoʻllanilishi, himoya xususiyatlari, amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi hamda ulardan foydalanishga oʻrgatilishi lozim.
31. Tashkilot maʼmuriyati yoki ish beruvchi quyidagilarni taʼminlashi shart:
amaldagi meʼyorlar boʻyicha mazkur ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan barcha shaxsiy himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasini;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishni;
qoʻllanilayotgan himoya vositalarining samaradorligi va sozligini tekshirishni;
shaxsiy himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni degazatsiya va dezinfeksiya qilishni (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
32. Tashkilot maʼmuriyati, ishchi va xizmatchilarni maxsus kiyim, poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning meʼyorlariga muvofiq taʼminlashi shart.
6-§. Xodimlarning ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishiga ruxsat berish
33. Tashkilot xodimlari ishni bajarishning xavfsiz usullariga oʻqitilib, olingan bilimlari Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq sinovdan oʻtkazilgandan soʻng ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishga ruxsat etilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
34. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar mehnatidan foydalanishga hamda ularning yuk koʻtarishi va tashishiga normativ hujjatlar talablariga muvofiq ruxsat etilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 2-iyuldagi 27/1-2019-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2010-2, 24.07.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 10/19/2010-2/3472-son)
7-§. Xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish
36. Tashkilot maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va vakolatli sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
37. Tashkilotlarda xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 2-iyuldagi 27/1-2019-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2010-2, 24.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 10/19/2010-2/3472-son)
38. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni maʼmuriyat ishga qoʻymaslikka haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
39. Sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan ishga oʻtkazishga muhtoj xodimlarni ish beruvchi, ularning roziligi bilan, tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yoki muddatini cheklamay, ana shunday ishlarga oʻtkazishi shart.
40. Tibbiy koʻriklar tashkilotning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Tashkilot maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilotning maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Tashkilot maydonlariga boʻlgan xavfsizlik talablari
44. Tashkilot maydonlari va binolarning joylashuvi SanMvaQ II-89-80 “Sanoat tashkilotlarini bosh plani”ga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Tashkilotda transport vositalarining va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi kerak.
46. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish hamda ish uchastkalari va sexlarining koʻrinarli joylariga osib qoʻyilishi kerak.
47. Tashkilotda avtoyoʻllar yoki piyoda yoʻlkalari bilan tutashgan ichki tashkilot temir yoʻllari uchrashgan joylarda avtoyoʻllar va piyodalar uchun oʻtish yoʻllari boʻlishi lozim.
48. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Tashkilot maydonida ishchilar uchun dam olish joylari boʻlishi lozim.
49. Sutkaning qorongʻu vaqtlarida hududlarning yoritilishi “Tabiiy va sunʼiy yoritish” QMQ 2.01.05-98 talabiga javob berishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
50. Tashkilot maydonidagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
51. Yilning yoz vaqtida yoʻlkalar va oʻtish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan boʻlishi kerak.
52. Tashkilotlarda harakatlanuvchi temir yoʻl sostavlarini intensiv harakatlanishiga oʻtish joylari avtomatik signal bilan taʼminlanishi lozim.
53. Tashkilot hududi SHNQ 2.01.02-04 “Binolar va inshootlarning yongʻinga qarshi xavfsizligi” talablariga mos keluvchi yongʻin oʻchirish vositalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
9-§. Bino va inshootlarga boʻlgan xavfsizlik talablari
54. Ishlab chiqarish va yordamchi xonalarni (harorati, nisbiy namligi, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar) mikroiqlimi GOST 12.1.005-88 talabiga muvofiq boʻlishi kerak.
55. Ishlab chiqarish va yordamchi binolarda hojatxona, yuvinish xonasi, dush, ayollar shaxsiy gigiyenasi xonasi, yechinish xonasi, maxsus kiyimlarni quritish va changdan tozalash xonasi, ishchilar isinish xonasi, dam olish va ovqatlanish xonasi, yigʻishtirish inventari bilan birga navbatchi xodim xonasi, dam olish xonasi, soqolni olish, boshni quritish, maxsus kiyimlarni yuvish xonasi, sogʻliqni saqlash punkti va boshqalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
56. Hoʻl jarayonlardagi xonalarda, hamda issiq oʻtkazuvchi pollarda (betonli, gʻishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlovchi ishchi joylarida yogʻoch toʻshamalar va panjaralar yotqizilgan boʻlishi kerak.
57. Pol toʻshamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalanishni taʼminlashi kerak.
58. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari SanMvaQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talablariga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
59. Binoga transport vositalarining kirish joylari darvozalar va signal asbob-uskunalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
60. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar orqali mustahkam oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
61. Keng izli temir yoʻl transportining binoga kirishi uchun darvoza eng kamida 4,9 m, balandligi kamida 5,4 m boʻlishi kerak.
62. Avtomobil transportining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan avtomobillar eni miqdoridan oshiq boʻlishi kerak.
63. Darvozalar balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan oshiq boʻlishi kerak.
64. Binolarning oynalangan fonarlariga gorizontal metall toʻrlar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
65. Vertikal oynalangan fonarlar uchun toʻrlar eni 0,7 m dan kam boʻlmasligi kerak. Yopiq va gorizontal oynalanganda toʻrlarning eni, tavaqalarning oynalangan gorizontal proyeksiyasi miqdori boʻyicha hisoblab aniqlanadi.
66. Akkumulyator batareyalarini zaryadlash uchun xonalar oqib-tortish ventilyatsiyalari uskunalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
67. Akkumulyator batareyalarini zaryadlash xonalarining kirish eshiklariga GOST 12.4.026-76 “Ochiq olovdan foydalanish man etiladi”, “Chekish mumkin emas”, “Kirish taqiqlanadi” kabi muvofiq taqiqlovchi va ogohlantiruvchi xavfsizlik belgilari osilgan boʻlishi kerak.
68. Barcha tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish va holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan boʻlishi kerak.
69. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam boʻlmagan holda tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim. Koʻrik xulosalari, ulardan topilgan nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar va muddati koʻrsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
70. Xodimlar uchun xavf tugʻdiruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Halokat bartaraf etilguncha ishlab chiqarish jarayonlari xavfli hududlarda toʻxtalishi lozim, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga koʻchirilishi kerak.
10-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
71. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talabiga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
72. Bino va inshootlarning ishlab chiqarish xonalarida havodagi zararli moddalar miqdori SanQvaM 0046-95 “Gigiyenik normativlar. Ish hududi havosida zararli moddalarning ruxsat etilgan eng koʻp miqdorlari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
73. Oʻtish joylarida (galereyalarda, zinalar maydonchalarida va shunga oʻxshash) joylashgan isitish jihozlari (quvurlar, registrlar va shunga oʻxshashlar), ruxsat etilgan oʻtish yoʻlkalarining enini kamaytirmasligi kerak.
74. Ishchi joylarida havo harorati yilning sovuq davrida yengil jismoniy ishlarda 21°S, oʻrta ogʻir ishlarda 17°S va ogʻir ishlarda 16°S dan past boʻlmasligi kerak.
75. Xodimlarning isinishi uchun xonalarda havo harorati 22°S dan kam boʻlmasligi kerak.
76. Binolarda joylashgan ishchi maydonlaridan, xodimlarni isinish xonalarigacha boʻlgan masofa 75 m, tashkilot maydonidagi ishchi joylaridan 150 m dan koʻp boʻlmasligi kerak.
11-§. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
77. Suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarning ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
78. Tashkilotning ishlab chiqarish oqova suvlari, tashqi kanalizatsiyaga yetib kelguncha zararli moddalardan tozalanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
79. Tozalangan suvda zararli moddalar tarkibi sanitar normalariga asosan chegaralangan konsentratsiyasidan oshib ketishi kerak emas.
80. Ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun beriladigan suvning sifati texnologik talablarga mos boʻlishi kerak.
81. Ichimlik suvdan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda baklarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
82. Ish joyidan suv ichish qurilmasigacha boʻlgan masofa 75 m dan oshmasligi kerak.
83. Ichimlik suvining harorati 8 dan 20°S gacha boʻlishi kerak.
84. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq va kanalizatsiyalangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
85. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi yoʻq boʻlganda Davlat sanitar nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmaslikka va ishlab chiqarish kanalizatsiyasiga dushxonalardan va yuz-qoʻl yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat oʻralariga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
86. Tashkilot maydonida, ishlab chiqarish va yordamchi binolar va xonalarda tabiiy va sunʼiy yoritishlar QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
87. Yoritish uskunalarini oʻrnatishda qandillarning turlari, lampalarning quvvati va ularning joylashishi tasdiqlangan loyihaga mos boʻlishi kerak.
88. Ishlab chiqarish sexlaridagi, xom ashyo omborlari va yuk tushirish-ortish maydonlaridagi texnologik uskunalar umumiyga qoʻshimcha ravishda koʻchma yoritish moslamalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
89. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya isteʼmolchilarini ulash taqiqlanadi. Avariya yoritishlarining sozligi kamida chorakda bir marta tekshirilishi lozim.
90. Yorugʻ tushuvchi oynalarni yilda ikki martadan kam boʻlmagan holda tozalash lozim.
91. Yorugʻlik tushadigan deraza va eshiklarni begona predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) bilan toʻsib qoʻyilishiga ruxsat etilmaydi.
92. Yuqori xavfli xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritgichlar ishlatilishi kerak. Oʻta xavfli xonalarda, xonalardan tashqari hamda uskunalar va inshootlar (bunkerlar, silososlar, quduqlar, bugʻlantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ni yoritish uchun koʻchma elektr yoritgichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak. Barcha koʻchma yoritgichlarni metall himoyalanish toʻri hamda shisha qalpogʻi boʻlishi kerak.
III. Ishlab chiqarish (texnoligik) jarayonlarga qoʻyiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
93. Muayyan uskunada ishlash paytida yoki alohida ish turlarini bajarish chogʻida texnologik hujjatlarda ishlarning bexatar usullari, xodimlarga qoʻyiladigan talablar, shuningdek shaxsiy himoya vositalari koʻrsatilishi lozim.
94. Ishlarni rejalashtirish, tashkil qilish va olib borishda quyidagilar koʻzda tutilishi kerak:
a) ishlarning xavfsiz bajarilishini nazorat qilish va xavfsizlik talablari buzilishiga javobgarlik;
b) ishlab chiqarish uskunasini maqsadga muvofiq tanlash va joylashtirish, ish oʻrinlarini tashkil etish;
v) texnologik reglamentlar, mehnat rejimi, uskunaga xizmat koʻrsatish tartibiga rioya qilish;
g) oʻqitish va ish operatsiyalarini bajarishga ruxsat berishda kasbiy moslik talablariga rioya qilish;
d) xodimning zararli moddalar bilan bevosita muloqotda boʻlmasligi va xavfli omillarni bartaraf etish;
e) ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va mexanizatsiyalashtirish, masofadan turib nazorat qilish va boshqarish qurilmalarini qoʻllash;
yo) umumiy va shaxsiy himoya vositalarini qoʻllash;
j) mehnat va dam olishni maqsadga muvofiq tashkillashtirish;
z) texnologik jarayonlarning uzluksizligini taʼminlaydigan uskuna ishlashining optimal rejimi.
95. Texnologik jarayonlarni ishlab chiqishda, asosiy va koʻmakchi ishlab chiqarish uskunalari yaratilishida quyidagilar:
a) ishlab chiqarish binolari, atmosfera va oqova suvlarga zararli hamda yoqimsiz hidli moddalar, issiqlik energiyasi ajralib chiqishi, shovqin, tebranish vujudga kelmasligi yoki juda oz miqdorda boʻlishini;
b) jismoniy zoʻriqish, diqqat-eʼtiborning susayishi va ishchilar toliqishining oldini olishni taʼminlashi zarur.
96. Uskunani asosan tugmali (knopkali) stansiya yordamida boshqarish zarur. Boshqarish tizimi oddiy, tugmalarning zarur soni minimal boʻlishi darkor.
97. Boshqarish tugmalari changdan himoyalangan va ularning nima uchun ishlatilishi yozuvlar yoki shartli belgilar bilan koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Yozuv va koʻrsatkichlarni zanglab va oʻchib ketishga chidamli, qavariq yoki xurushlash (travleniye) usulida aniq belgilar bilan tayyorlash lozim. Ular yorugʻlik nurini qaytarmasligi kerak.
98. Tugmali qurilmaning konstruksiyasi va uning joylashgan oʻrni uskunani bexosdan (tasodifiy) ishga tushish imkoniyatiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
99. “Toʻxtatish” tugmalari yaxshi koʻrinib turishi va tok oʻtkazmaydigan qizil rangli materialdan yasalishi kerak, ular xizmat koʻrsatuvchi xodimlar tez-tez boʻlib turadigan joylarda qaytadan takrorlanishi zarur.
100. “Toʻxtatish” tugmalari tugmalar qutisidan 3 — 5 mm ga chiqib turishi, “Ishga tushirish” tugmalari esa quti qopqogʻining sathidan 3 — 5 mm ichkariga kirgan boʻlishi lozim.
101. Boshqarish organlari ish chogʻida xizmat koʻrsatish qulay boʻlishini va ish hududi yaxshi koʻrinishini taʼminlaydigan joylarga oʻrnatilishi kerak.
102. Texnologik jarayonlar xavfli ishlab chiqarish omillari paydo boʻlishini kamaytirish, shuningdek ishchi hududga zararli moddalar (6-ilovaga qaralsin) ajralib chiqishini pasaytirish maqsadida doimiy ravishda takomillashtirilib borilishi lozim.
103. Texnologik jarayonlar buzilgan va avariya vaziyatlari vujudga kelgan hollarda ogohlantiruvchi signalizatsiya ishlab ketishi, avtomatik himoya qurilmasi esa tegishli uskuna oʻchirilishini taʼminlashi lozim.
104. Boshlangʻich materiallar tegishli sertifikatlar va ushbu mahsulotga qoʻyiladigan talablarga javob berishi kerak.
105. Ish beruvchi jarohatlanishlarning oldini olishga qaratilgan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishi va xodimlarning kasbiy kasalliklar yoki ish qobiliyati pasayishi paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ish joylarini tegishli sanitariya-gigiyena sharoitlari bilan taʼminlashi shart.
106. Ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish, ishlab chiqarish sanitariyasi boʻyicha amaldagi meʼyoriy huquqiy hujjatlar va ushbu Qoidalar talablariga muvofiq uskuna, ishlab chiqarish va maishiy binolar, shuningdek tashkilot hududining lozim boʻlgan texnik holatini taʼminlashi kerak.
107. Yongʻin profilaktikasi yonish uchun zarur boʻlgan sharoitlarga yoʻl qoʻymaslik shartiga asoslanadi. Yongʻin xavfsizligi quyidagi chora-tadbirlar bilan erishiladi:
a) yonmaydigan yoki qiyin yonadigan modda va materiallardan foydalanish;
b) yonuvchan moddalarning miqdorini kamaytirish.
108. Har bir ishlab chiqarish uchastkasida yongʻin xavfliligi darajasiga bogʻliq holda muqim yoki koʻchma yongʻinga qarshi post, shuningdek birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari bilan jihozlangan yongʻin shiti oʻrnatilishi lozim. Birlamchi yongʻin oʻchirish vositalarining minimal toʻplami tarkibi ikki dona oʻt oʻchirgich, suv toʻldirilgan bochka, qum solingan yashik, misrang, bolta, belkurak, ilgak, chelak va kigizlardan iborat boʻlishi kerak.
109. Tashkilotda yongʻin holati yoki avariya vaziyatida sexdan evakuatsiya qilish plan (sxema)lari ishlab chiqilishi va koʻrinarli joylarga osib qoʻyilishi kerak.
Zarur boʻlsa avariya, zararli yoki zaharli moddalar ajrab chiqish holatlarida xodimlarning xatti-harakatlari toʻgʻrisida yoʻriqnoma ishlab chiqilishi zarur.
110. Tashkilot hududi boʻylab transport vositalari va odamlarning harakatlanishi amaldagi “Yoʻl harakati qoidalari”ga asosan oʻrnatilgan yoʻl belgilari va ogohlantirish qurilmalari bilan tartibga solinishi lozim.
2-§. Ishlab chiqarish uskunasini joylashtirish va ish oʻrinlarini tashkil etishga qoʻyiladigan talablar
111. Tayyorlov-qoliplash ishlab chiqarishi uskunalarining joylashishi texnologik jarayon uzluksizligini, ish paytida qulaylikni, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash xavfsizligini taʼminlashi kerak.
112. Sex va uchastkalarda yuk koʻtarish qurilmalarini joylashtirish va oʻrnatish GOST 12.2.065-81 “Yuk koʻtarish kranlari. Umumiy xavfsizlik talablari” va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan “Yuk koʻtarish kranlarini tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari” talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
113. Sex va uchastkalarda ishlab chiqarish elektr-uskunasini amaldagi “Elektr qurilmalarining tuzilish qoidalari” va “Oʻzdavenergonazorat” tomonidan tasdiqlangan “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalardan texnik foydalanish qoidalari” (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul), “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalardan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalari”, (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablariga muvofiq joylashtirish va oʻrnatish zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
114. Har bir ish oʻrni tashkilotda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ish oʻrinlarini tashkil etishni namunaviy loyihasi yoki ish oʻrinlarini tashkil etish loyihasiga binoan uskunalanishi kerak.
115. Ish oʻrinlari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari (6-ilovada keltirilgan) taʼsirining oldini oladigan yoki ularning taʼsir darajasini sanitariya meʼyorlarigacha kamaytiradigan vosita va qurilmalar bilan jihozlanishi lozim.
116. Uskunaning boshqaruv pulti, postlari xizmat koʻrsatish uchun qulay, xavfsiz, xizmat koʻrsatilayotgan texnik qurilma doimo yaxshi koʻrinadigan joylarda joylashgan boʻlishi kerak.
117. Asbob-uskuna yaqiniga oʻrnatilgan maxsus asboblar javoni, stollarda yoki uskunaning ichida, agar bu qulay, xavfsiz va uning konstruksiyasida koʻzda tutilgan boʻlsa, joylashgan boʻlishi kerak.
118. Material, tanovar, mahsulot, moslama, shtamp, puanson va hokazolarni xavfsiz taxlash uchun ish joylarida javon, stellaj, stol, idish va boshqa moslamalar koʻzda tutilishi kerak.
119. Material, tanovar va detallarni stellajlarga taxlash ularning barqaror holatini va yuk koʻtarish qurilmalaridan foydalanish paytida qulay ilinishini taʼminlaydigan usulda amalga oshirilishi lozim.
120. Stellajlar oʻz oʻlchamlariga koʻra ularga taxlanayotgan buyumlarning eng katta gabarit oʻlchamlariga mos boʻlishi va eng katta yuklanishga sinalgan boʻlishi kerak.
121. Arralar bilan qirqish lozim boʻlgan tanovar va materiallarni taxlash uchun moʻljallangan maxsus stellajlarning balandligi 1,7 m dan koʻp boʻlmasligi lozim.
122. Stellajlar orasida, shuningdek stellajlar va bino yoki uskuna devori oʻrtasidagi oraliqlar kamida 1 m ni tashkil etishi zarur.
123. Ish joylaridagi tanovar va detallar shtabeli (uyumi) balandligi ularni barqaror oʻrnashtirish va ulardan detallarni qulay olish shartlariga bogʻliq holda belgilanishi, lekin 1 m dan koʻp boʻlmasligi kerak.
124. Chilangarlik verstaklari mustahkam, qoʻzgʻalmas va ishlash uchun qulay balandlikda boʻlishi lozim.
125. Ish joylarini, yoʻlak va yoʻllarni toʻsib qoʻyilishiga va ularga keraksiz buyumlarni uyub tashlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ish oʻrinlarida tayyor mahsulot va chiqindilar toʻplanishiga qarab oʻz vaqtida olib ketilishi lozim.
126. Toza artish materialining smena zaxirasini saqlash uchun, shuningdek ishlatilgan materialni taxlash uchun qulay joylarda maxsus yopiladigan temir yashiklar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
3-§. Boshlangʻich material, tanovar, yarim fabrikat, tayyor mahsulot va ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va tashishga doir talablar
127. Yuklarni (tanovar, yarim fabrikat, detal, material va boshqalar) tashish GOST 12.3.009-76 SSBT “Yuk ortish-tushirish ishlari. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.3.020-80 SSBT “Tashkilotlarda yuklarni tashish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuk ortish-tushirish ishlari GOST 12.3.009-76 SSBT “Yuk ortish-tushirish ishlari. Umumiy xavfsizlik talablari” va Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan meʼyoriy-texnik hujjatlar talablariga binoan amalga oshirilishi lozim.
(127-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 2-iyuldagi 27/1-2019-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2010-2, 24.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 10/19/2010-2/3472-son)
Keyingi tahrirga qarang.
128. Stellaj va boshqa qurilmalarning konstruksiya va oʻlchamlari taxlanadigan buyumlarning shakli va oʻlchamlariga mos boʻlishi hamda kamida uch karra mustahkamlik zaxirasini taʼminlashi kerak.
129. Barcha stellaj, taglik, unifikatsiyalashgan idishlar, shuningdek barcha yuk koʻtarish mashina va mexanizmlarida eng koʻp ruxsat berilgan yuklanish koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
130. Massasi 50 kg dan ortiq boʻlgan yuklarni taxlash va tashish uchun ombor va omborxonalarni koʻtarish-tashish qurilmalari (telfer, tal, kran balka va boshqalar) bilan taʼminlash zarur.
131. Yuk koʻtarish kranlari va yordamchi moslamalarning tuzilishi, texnik jihatdan shahodatlab va foydalanish “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan “Yuk koʻtarish kranlarining tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari”, shuningdek GOST 12.2.065-81 SSBT “Yuk koʻtarish kranlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga javob berishi kerak.
132. Koʻprikli kran bilan uzun oʻlchamli polosa materialni tashish traversalar yordamida amalga oshirilishi lozim.
133. Massasi 20 kg dan ortiq ogʻir detallar ish oʻrniga koʻtarish-tashish qurilmalari bilan qoʻyilishi kerak.
134. Polosali materialdan kesib olingan oʻlchamli tanovarlar maxsus idishga bevosita tarnovlar va boshqa moslamalar yordamida berilishi zarur.
135. Polosali materialni ochish uchun uskunaga uzatish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak.
136. Oʻlchamlari katta boʻlmagan yuklarni tashish uchun moʻljallangan elektr-kar va avto-karlarning bortli koʻtarish platformalari boʻlishi lozim.
137. Asosiy yoʻllar boʻylab transport vositalarining harakatlanish tezligi 5 km/soat dan oshmasligi kerak.
138. Oʻlchamli uzunlikdagi tanovar, yarim fabrikat, shtampovka va yordamchi materiallar ixtisoslashtirilgan, qoliplash ishlab chiqarishlari uchun moslashgan idishda saqlanishi va tashilishi kerak.
139. Qoliplash ishlarida alohida joylashgan omborxonalarning stellajlarida saqlanishi kerak.
140. Operatsiyalararo tashish uchun xizmat qiladigan xavfsizlik talablariga javob berishi lozim.
141. Qirqim, gʻudur koʻrinishidagi titan va magniy qotishmalarining chiqindilari alohida idishga toʻplanishi va sex tashqarisida ajratilgan joylarda saqlanishi lozim.
142. Qoliplarni moylash uchun moʻljallangan yongʻin jihatdan xavfli qoʻshimcha materiallar, texnik moy va boshqa materiallar umumiy ishlab chiqarish binosidan ajratilgan omborxonada joylashgan boʻlishi kerak.
143. Moylash materiallarini oʻziga shimgan, foydalanilgan latta-puttalar (vetosh) tusdagi ishlab chiqarish chiqindilari qizdirilgan buyum, elektr-uskuna, qizdirish pechlaridan uzoqda joylashgan zich yopilgan metall idishga yigʻilishi va toʻplanishiga qarab tashkilot yongʻin xavfsizligi xizmatlari bilan kelishilgan holda ularni yondirish uchun joʻnatib turilishi kerak.
144. Detal, tanovar, chiqindi va boshqa materiallarni saqlash va tashish uchun ishlatiladigan ishlab chiqarish idishi xavfsizlik talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
145. Titan va magniy qotishmalarining mayda qirindi va qipiqlari yopiladigan metall konteynerga solinishi va ajratilgan joyda saqlanishi kerak.
146. Dastlabki material, tanovar, yarim fabrikat, detal va chiqindilarni saqlanishi maxsus ajratilgan maydoncha va omborxonalarda shunday amalga oshirilishi kerakki, taxlash, ortish va tushirish jarayonlarini bajarish qulay va xavfsiz boʻlsin.
147. Sortli va fasonli prokat archasimon va ustunli stellajlarda saqlanishi kerak.
148. Listli material toʻplami toʻrt qirrali yogʻoch taxta (brus) ustiga taxlanishi va mahkamlanishi lozim, taxlamning balandligi 4 m dan ortiq boʻlmasligi kerak.
149. Keng rulonli poʻlat ushbu rulon diametriga bogʻliq holda balandligi boʻyicha ikki va uch qator qilib yon tomoni bilan maxsus metall tagliklarga oʻrnatilib saqlanishi lozim.
Taxlamning umumiy balandligi 2 m dan oshmasligi kerak. Rulonlar puxta bogʻlangan boʻlishi kerak.
150. Vazni 60 kg gacha boʻlgan doirasimon poʻlat lenta va rangli metallarning lentalari tokchali stellajlarda saqlanishi, vazni 60 kg dan koʻp boʻlsa — eni 2 va undan koʻp qatorli shtabellarda gorizontal holatda saqlanishi lozim.
Shtabelga taxlash balandligi 2 m dan ortiq boʻlmasligi kerak.
151. Polosali material konstruksiyasi ularni bexatar tashish imkoniyati koʻzda tutilgan qurilmalarda saqlanishi lozim.
152. Yuk koʻtarish uskunasini ekspluatatsiya qilish va yuklarni bogʻlash-ilish (stropovka) ishlari “Sanoatkontexnazorat” inspeksiyasi tasdiqlagan “Yuk koʻtarish kranlarining tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari”ga muvofiq bajarilishi kerak. Almashinadigan yuk tutish organlari (ilgak, elektromagnit, greyfer va boshqalar) va olinadigan yuk tutish moslamalari (arqon, tros, kanat, zanjir, traversa, qisqich, tutqich, obkash va hokazolar) kerakli yuk koʻtaruvchanlikka moʻljallangan boʻlishi, eng katta ruxsat berilgan yuklanish koʻrsatilgan tamgʻa boʻlishi, vaqti-vaqti bilan tekshirilishi va sinovdan oʻtkazib turilishi lozim.
153. Materiallarni vertikallikka yaqin holatda saqlash uchun moʻljallangan piramida shaklidagi stellajlar, stellaj konstruksiyasi bilan puxta birlashgan tayanch yuzaga va materiallarni tasodifan tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan saqlovchi qurilmalarga ega boʻlishi lozim.
154. Moylangan ogʻir detallarni qoʻlda taxlanishi, olinishi va tashilishi faqat maxsus idishda, upakovka yoki oʻralgan holda amalga oshirilishi kerak.
155. Tanovar, detal va boshqa materiallarni ortish-tushirish ishlari bajariladigan joylar xavfsizlik belgilari bilan jihozlanishi lozim.
IV. Ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
156. Ishlab chiqarish uskunasi oʻzining butun foydalanish davrida mazkur Qoidalarning xavfsizlik talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
157. Yangi texnologiya va materiallarni ishlatishga davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati organlari ruxsati boʻlganda yoʻl qoʻyiladi.
158. Tayyorlov-shtamlash ishlari uchun moʻljallangan uskunalarning normativ-texnik hujjat (pasport, foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma va boshqa)lari boʻlishi va ularning tarkibida xavfsizlik talablari boʻlishi lozim.
159. Uskunaning normativ-texnik hujjatlarida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
a) uskunani tashish, montaj (demontaj), sozlash, foydalanish, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash paytida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha talablar;
b) uskuna ishlaganda vujudga keladigan xavfli va zararli ishlab chiqarish omil (shovqin, titrash, changlanish)larining chegaraviy ruxsat berilgan darajasi;
v) xizmat koʻrsatish qulayligi;
g) boshqarish va xizmat koʻrsatishdagi zoʻriqish.
160. Dastgohlar konstruksiyasining xususiyatlari va ulardan foydalanish shart-sharoitlaridan kelib chiqadigan maxsus xavfsizlik talablari ham uskunaning normativ-texnik hujjatlarida koʻrsatilishi lozim.
161. Oʻrnatilgan uskunada ixtiyoriy usulda yozilgan inventar raqami boʻlishi kerak.
162. Asosiy va yordamchi uskunani tegishli texnik hisoblarga ega boʻlgan poydevor va asoslarga oʻrnatish, moslash va ishonchli tarzda mahkamlash kerak.
163. Uskunani montaj qilish tayyorlovchi-zavod loyihasi va yoʻriqnomalariga butkul mos holda bajarilishi kerak.
164. Uskuna va nazorat-oʻlchov asboblari montaj qilinishidan oldin konservatsiya holatidan chiqarilishi, komplekti toʻliqligini, nosozliklarni tekshirish uchun reviziya qilinishi va normativ-texnik hujjatlarga muvofiqligi koʻrib chiqilishi lozim.
165. Yangi oʻrnatilgan uskuna mehnatni muhofaza qilish xizmati xodimining majburiy ishtirokida maxsus komissiya tomonidan foydalanishga qabul qilinishi va QMQ 3.01.04-97 “Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish. Umumiy qoidalar” hamda mazkur Qoidalarga, amaldagi davlat standartlariga muvofiqligi haqida dalolatnoma tuzilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
166. Ishlov berilayotgan detalning oʻlchamlari ishlov berish jarayonida nazorat qilinadigan dastgohlar avtomatik nazorat-oʻlchov asboblari, indikatorlar va boshqalar bilan jihozlanishi kerak.
167. Uskunaga oʻrnatilgan nazorat-oʻlchov asboblari davlat nazorat organlari tomonidan tekshirilishi va tamgʻa (plomba) qoʻyilishi lozim.
168. Asosiy va yordamchi uskuna, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan grafiklarda koʻzda tutilgan muddatlarda, davriy texnik koʻrik va taʼmirlashdan oʻtishi kerak.
169. Koʻzdan kechirish, tozalash va taʼmirlash uchun toʻxtatilgan uskuna texnologik quvur oʻtgazgich va energiya elitgichlardan uzib qoʻyilishi kerak.
170. Uskunani koʻzdan kechirish, tozalash, taʼmirlash va demontaj qilish vaqtida uning elektr yuritmasi elektr tokidan uzib qoʻyilishi, yuritma tasmalari yechib olinishi, ishga tushirish qurilmalariga esa “Ishga tushirilmasin — odamlar ishlayapti!” deb yozilgan plakatlar osib qoʻyilishi lozim.
Uskunani elektr tarmoqqa ulash va ishga tushirish faqat hamma himoya va saqlash qurilmalari oʻz joyiga oʻrnatilgandan keyin sex (uchastka) rahbariyati ruxsati bilan amalga oshiriladi.
171. Uskunani xato ravishda yurgizib yuborishni yoki uning qismlari oʻz-oʻzidan harakat qilishini istisno qiluvchi texnik chora-tadbirlar koʻrilmasdan uskunani taʼmirlash, tozalash va moylash man etiladi.
172. Foydalanilayotgan barcha uskunalar soz holatda boʻlishi lozim.
173. Uskunadan foydalanish davrida atrof muhit harorati ishlatiladigan moylarning muzlash nuqtasidan past boʻlmasligi kerak.
174. Xizmat koʻrsatishda asosiy va yordamchi uskunalarning tashqi sirtlaridagi harorat +45oS dan koʻp boʻlmasligi kerak.
175. Dastgoh, himoya qurilmasi, boshqarish organi, dastgohning jihoz va moslamalari sirtlarida ishlovchini jarohatlashi mumkin boʻlgan oʻtkir qirralar va qirovlar boʻlmasligi kerak.
2-§. Toʻsuvchi qurilmalar
176. Dastgoh korpusidan tashqarida oʻrnatilgan va jarohatlanish xavfini tugʻdiradigan uskunaning harakatlanuvchi qismlari, jumladan tasmali, zanjirli, tishli uzatmalar xavfsizlik talablariga javob beruvchi, yetarlicha mustahkam boʻlgan (yaxlit, jalyuzli, teshikchali) toʻsuvchi qurilmalar (keyingi oʻrinlarda — toʻsiqlar) va zarur boʻlsa, ularni qulay hamda bexatar ochish yoki yechish, siljitish va oʻrnatish uchun moslamalar (dastak, fiksator, ilgak va hokazolar) bilan jihozlanishi lozim.
177. Uskunaning harakatlanuvchi qismlari 2,4 m dan ortiq balandlikda, noqulay yerda joylashgan boʻlsa va xavf-xatar tugʻdirmasa, masalan, aylanish tezligi 50 ayl/min dan oshmaydigan silliq vallar yoki bajaradigan vazifasiga koʻra toʻsilmaydigan qismlarga toʻsiqlar oʻrnatilmasligiga ruxsat beriladi.
178. Pol sathidan 2,4 m dan ortiq balandlikda joylashgan uskunaning harakatlanuvchi qismlari yoki xizmat koʻrsatish maydonchalarida xavf-xatar roʻy berishi mumkin boʻlsa, masalan, ular buzilganda, toʻsilishi lozim.
179. Toʻsiqlar oʻz vazifasi va tez-tez qayta ishlatilishiga koʻra qoʻzgʻalmas, ochiladigan, koʻtarib qoʻyiladigan, yaxlit yoki alohida boʻlaklardan tayyorlangan boʻlishi mumkin. Mashina va mexanizmlarga xizmat koʻrsatish qulay boʻlishi uchun qoʻzgʻalmas yoki katta oʻlchamli toʻsiqlarda eshikcha yoki qopqoqlar koʻzda tutilishi kerak.
180. Toʻsiqlar uskuna konstruksiyasining uzviy qismi va texnika estetikasi talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
181. Toʻsiq, eshik va qopqoqlar ularni yopiq (ish) va ochiq holatda ishonchli tarzda tutib turuvchi moslamalar bilan taʼminlanishi kerak, zarur boʻlsa ularni ochish yoki yechish paytida yuritmani oʻchirish uchun u bilan blokirovkalanishi lozim.
182. Toʻsuvchi qurilmalar buzuq holatda boʻlsa yoki ular mavjud boʻlmasa uskunani yurgizish va ishlatish man etiladi.
183. Katta hududlarni panalash uchun, shuningdek toʻsilgan mexanizmlarga havo kelishi yoki doimiy kuzatuv zarur boʻlsa jalyuz yoki toʻrli toʻsiqlardan foydalanish mumkin.
184. Agar toʻsiqlarda teshiklar boʻlsa yoki toʻrdan yasalgan boʻlsa, harakatlanuvchi detallar bilan toʻsiqlar sirtigacha boʻlgan masofa talablarga mos boʻlishi kerak.
185. Dastgohning ochiq harakatlanuvchi qismini, shu qism boʻylab korpus detali siljisa, dastgoh konstruksiyasi xususiyatlariga bogʻliq holda siljuvchi korpus detalining ikkala yoki bir tarafiga mahkamlangan qisqa shitlar bilan toʻsishga ruxsat etiladi.
186. Yigʻuv birliklarining statina gabaritlaridan eng koʻp chiqib turadigan tashqi toretslari, ular 150 mm/sek tezlik bilan harakatlansa va zarba berib jarohat yetkaza olsa, qiyalik burchagi 45o boʻlgan oq-sariq rangli yoʻl-yoʻl chiziqlarga boʻyalishi kerak.
187. Dastgohlarning harakatlanuvchi qismlarini (shesternya, shkiv va hokazolar) berkituvchi va sozlash, tasmalarni almashtirish va hokazolarni vaqti-vaqti bilan bajarish talab qiluvchi hamda harakatlanganda xodimlarni jarohatlashi mumkin boʻlgan eshiklarning ichki tarafi sariq signal rangiga boʻyalishi kerak.
188. Agar yuqorida koʻrsatilgan dastgoh qismlari olinadigan himoya toʻsiqlari (qopqoq, kojuxlar) bilan berkitilsa, harakatlanuvchi qismlarning toʻsiq tarafidagi yuzasi toʻliq yoki qisman yoinki ularga tutashgan qoʻzgʻalmas detallarning toʻsiq yopib turadigan sirtlari ham sariq rangga boʻyalishi talab etiladi.
189. Toʻsiqlarning tashqi tarafiga GOST 12.4.026-76 SSBT “Ogohlantirish ranglari va xavfsizlik belgilari”ga asosan ogohlantirish belgisi (uchi tepaga qaragan, sariq tusli, chetlari qora rangga hoshiyalangan teng tomonli uchburchak va uning oʻrtasida qora rangli undov belgisi boʻladi) oʻrnatiladi. Belgining tagida GOST 12.4.026-76 SSBT “Ogohlantirish ranglari va xavfsizlik belgilari”ga asosan “Dastgoh ishlayotganda ochilmasin!” izohli yozuv boʻladi.
190. Toʻsiq ochiq (yoki olingan) vaqtda jarohatlanish xavfi boʻlsa, toʻsiqlarni ochgan (olgan)da dastgohni avtomatik tarzda oʻchiradigan blokirovka qurilmasi boʻlishi lozim. Bu holda ham yuqorida koʻrsatib oʻtilgan yuzalarni sariq signal rangga boʻyash va tashqi tarafga xavfdan ogohlantirish belgisini oʻrnatish talabi oʻz kuchida qoladi.
191. Agar yuzalardan metall qirindi, MSS va boshqalar tushib tursa, ularni qizil yoki sariq rangga boʻyashga ruxsat etiladi.
192. Toʻsiqlar kerakli darajada mustahkam boʻlishi, oʻz-oʻzidan ochilib ketmaydigan qilib qotirilishi lozim.
193. Dastgohda ishlayotgan xodimni va dastgoh yaqinida turgan odamni uchib chiqishi mumkin boʻlgan qirindi va metall boʻlaklaridan muhofazalash uchun, ishlov berish hududini yoki uning ishlab chiqarish jarayoni amalga oshiriladigan qismini toʻsadigan himoya qurilma (ekran)lar oʻrnatish lozim.
194. Ishlov berish jarayonini kuzatib turish zarur boʻlsa, tigʻli asbob bilan ishlaydigan dastgohlarning toʻsiqlarida kerakli oʻlchamli va qalinligi 4 mm boʻlgan oyna yoki shunga oʻxshash, yaxshi sifatli shaffof material oʻrnatilgan kuzatish darchalari koʻzda tutilishi mumkin.
195. Ishlov berish hududini samarali toʻsilishini taʼminlaydigan boshqa himoya qurilmalari turlarini (masalan elastik materiallardan tayyorlangan, qirindi taʼsiriga chidamli darparda) qoʻllashga ruxsat etiladi.
196. Ishlov berish hududini berkitadigan va ishlanayotgan detal yoki asbobni oʻrnatish va olish, detalni oʻlchash, dastgohni qoʻshimcha sozlash uchun smena mobaynida bir necha marotaba olinadigan (ochiladigan) toʻsiqlarning ogʻirligi 6 kg dan koʻp boʻlmasligi va asbob yordamisiz olinadigan (ochiladigan) qilib oʻrnatilishi lozim.
197. Toʻsiqlar dastgohning texnologik imkoniyatlarini cheklamasligi va ishlash, yigʻishtirish, sozlash paytida noqulaylik yaratmasligi, uni ochganda ish joyidagi pol chiqindilar bilan ifloslanmasligi kerak.
198. Tanovar, mahsulot va hokazolarni koʻchirish uchun moʻljallangan transport qurilmalari tashilayotgan buyumlar tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan toʻsiqlar bilan jihozlanishi kerak.
3-§. Saqlovchi va blokirovkalovchi qurilmalar
199. Dastgohlarning detallari sinmasligi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga jarohat yetkazmasligi uchun dastgohlar ortiqcha yuklanishdan saqlovchi qurilmaga ega boʻlishi lozim.
200. Dastgoh (avtomatik liniya)larni sozlash paytida gidrostansiyaning zolotniklar holati qoʻlda almashlab ulanish chogʻida yigʻuv birliklari turtib harakatlanish oʻrniga butun yoʻl uzunligida siljisa, operator gidrostansiyadan uzoqlashmasdan dastgoh (liniya)ning boshqaruv pultidagi oʻchirish tugma (knopka)sidan foydalana olmaydigan hollar uchun gidrostansiyada gidro-yuritmani avariyaviy oʻchirish tugmasi oʻrnatilishi lozim.
201. Dastgohlar shpindel, kronshteyn, kallaklar, babka, koʻndalang moslama va boshqa yigʻuv birliklari oʻz-oʻzidan pastga tushib ketishini oldini oluvchi qurilmalarga ega boʻlish lozim.
202. Dastgohlar yigʻuv birliklari harakatlanishining oxirgi holatlari, yigʻuv birliklarining ruxsat berilgan chegaradan chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan qurilmalar bilan cheklanishi lozim.
203. Tanovarlar va list, polosali materiallar mexanizatsiyalashgan yoki avtomatlashgan usulda mahkamlanadigan dastgohlarda ishlov berish jarayoni faqat detal mahkamlanib boʻlgandan soʻng ishga tushishini taʼminlaydigan blokirovka qurilmasi boʻlishi lozim.
204. Ochiq ishlov berish hududli ish avtomatik rejimda bajarilganda jarohatlanish yuz bermasligi uchun blokirovka tuzilmasi boʻlishi, ular avtomatik ish sikli himoya qurilmasi faqat yopiq holatda boʻlgandagina ishga tushishini taʼminlashi lozim.
205. Agar gidravlik yoki pnevmatik yuritmalar mexanizmlar ishlashi (masalan, ogʻirlikni muvozanatlashni amalga oshiradigan) uchun moʻljallangan boʻlsa, moy (havo) bosimi ruxsat berilgan chegaradan pastga tushgan yoki shu mexanizmlarga moy (havo) kelmay qolgan hollarda avariya yoki jarohatlanish yuz berishiga yoʻl qoʻymaydigan qurilmalar koʻzda tutilishi kerak.
206. Dastgohni sozlash paytida saqlovchi blokirovka qurilmalarini oʻchirish imkoniyati koʻzda tutilishi kerak.
207. Masofadan turib yoki avtomatik tarzda ishga tushiriladigan uskunada “Ehtiyot boʻl, avtomatik tarzda yurgiziladi!” ogohlantirish belgi va yozuvlari boʻlishi kerak.
4-§. Boshqarish organlari
208. Uskunani boshqarish organlari va axborot aks ettirish vositalari ularning ish vazifasiga, ahamiyati va tez-tez qoʻllanishiga koʻra joylashtirilishi lozim.
209. Uskunani eng kerakli va koʻp foydalaniladigan boshqarish organlari harakat maydonining optimal hududi va oson yetishish hududlari doirasida, ahamiyatsizroq va kamdan-kam ishlatiladigan organlar — yetishish hududida joylashgan boʻlishi lozim.
210. “Yurgizish” tugmasining bosmasi qora rangda boʻlishi, tugmalar qurilmasi qopqogʻining ichiga kamida 3 mm ga kiritilgan yoki aylana halqaga ega boʻlishi kerak. “Toʻxtatish” tugmasining bosmasi qizil rangli, tugmalar qurilmasi qopqogʻidan yoki aylana halqadan 2-3 mm chiqib turishi va issiq, elektr toki oʻtkazmaydigan materialdan yasalgan boʻlishi kerak.
211. Avariya vaziyatlarida qoʻllaniladigan boshqarish organlarining sirtlari qizil rangga boʻyalishi lozim.
212. Uskuna shoshilinch toʻxtatilishi uchun qulay joylarda, doimiy ish oʻrni hududida yoki tez-tez xizmat koʻrsatiladigan xavfli uzel yaqinida joylashgan qoʻziqorinsimon bosmali “Toʻxtatish” tugmasi bilan jihozlanishi kerak.
213. Agar odamlarga xavf soladigan uskuna qismi operator koʻrish doirasidan tashqarida, xavfli ish organlari hududida joylashgan boʻlsa qoʻshimcha avariyaviy oʻchirish qurilmalari bilan jihozlanishi kerak. Avariyaviy oʻchirgich va tugmalar konstruksiyasi va joylashishi ulardan har xil ish vaziyatlaridan foydalanish imkonini taʼminlashi lozim.
214. Yirik gabaritli yoki uzun oʻlchovli uskuna, unga xizmat koʻrsatish paytida operator harakatda boʻlsa, har 10 m da avariyaviy “Toʻxtatish” tugmasiga ega boʻlishi lozim.
Uskuna tutashgan xonalarda joylashgan boʻlsa, har bir xonada avariyaviy “Toʻxtatish” tugmasi boʻlishi kerak.
215. Agar individual avariyaviy oʻchirish qurilmalariga ega boʻlgan bir nechta dastgohlar uzunligi 10 m dan ortiq avtomatik liniyaga birlashgan boʻlsa, bunday liniya qoʻshimcha ravishda umumiy avariyaviy oʻchirish qurilmasi bilan jihozlanishi kerak.
216. Agar dastgoh (avtomatik liniya)da bir nechta avariyaviy toʻxtatish tugmasi qoʻllanilsa, bu holda har biriga majburiy qaytarish qurilmasi oʻrnatilishi kerak.
217. Uskunani avariyaviy oʻchirish qurilmasi eng katta quvvatli dvigatelni nominal elektr kuchlanishdagi boshlangʻich yurgizish tokiga va boshqa hamma isteʼmolchilarning nominal toklari yigʻindisiga mos boʻlgan maksimal yuklanishga moʻljallangan boʻlishi lozim.
218. Uskunaning avariyaviy oʻchirish qurilmasi, ish paytida tanaffus yuz berganda avariya roʻy berishi yoki xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning jarohatlanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan qurilmalarni oʻchirmasligi lozim.
219. Uskunani avariyaviy oʻchirish qurilmasini boshlangʻich holatiga qaytarish qurilmasi uskunani ishga tushirib yubormasligi lozim. Agar ishlovchilarning xavfsizligini taʼminlash uchun harakatning orqaga qaytish yoʻnalishini yurgizish talab etilsa, bu harakat uskunani avariyaviy oʻchirish qurilmasi ishga tushganda boshlanishi kerak.
220. Ishga tushirish qurilmalarining konstruksiyasi va holati (tugma, richag va hokazo) uskunani tez, ishonchli tarzda yurgizilishi va oʻchirilishini taʼminlashi hamda ularning oʻz-oʻzidan ishlab ketishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
221. Qoʻl bilan boshqarish organlari (shu jumladan elektr boshqaruv pultlarida joylashgan) shunday yasalgan va joylashgan boʻlishi kerakki, ulardan foydalanish qulay boʻlishi, qoʻllarni qisib qolish yoki boshqa boshqarish organlari va dastgoh qismlariga tiqilib qolish hollariga olib kelmasligi hamda tasodifan boshqarish organlarini ishlatilishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
222. Limba, daraja (shkala), yozuv va belgilar aniq boʻlishi, oʻchmasligi, kamida 0,5 m masofadan yaxshi oʻqilishi kerak.
223. Uskunani bir nechta ishga tushirish joyi boʻlishi tavsiya etilmaydi.
224. Bir nechta shaxslar xizmat koʻrsatadigan uskunaning boshqarish organlari, harakatlarning zaruriy ketma-ketligini taʼminlaydigan blokirovka qurilmasiga ega boʻlishi lozim.
225. Ish oʻrnidan toʻliq koʻrinmaydigan dastgoh (avtomatik liniya)lar toʻsatdan ishga tushirilganda ularning yaqinida turgan odamlarga jarohat yetkazishi mumkin boʻlsa, dastgoh (liniya)larning boshqarish pultidan yurgizish tugmasini bosganda avtomatik tarzda ishga tushadigan va kamida 15 sekund xabar berib turadigan ogohlantirish signalizatsiyasi bilan taʼminlanishi zarur.
226. Harakatlanuvchi qismlarni faqat kichik tezlikda ishlaganda yoki toʻliq toʻxtaganda almashlab-ulashga imkon beradigan boshqarish organlari ularni katta tezlikda ishlayotganda almashlab-ulashga yoʻl qoʻymaydigan blokirovka qurilmalariga ega boʻlishi lozim.
227. Blokirovka qurilmalarini qoʻllamaslikka texnik jihatdan asoslar boʻlgan hollarda boshqarish organlari yoniga ogohlantirish yozuvlari va belgilari oʻrnatilishi kerak.
228. Dastgohlarning dastak va boshqa boshqarish qurilmalari ularning oʻz-oʻzidan siljishiga yoʻl qoʻymaydigan fiksatorlar bilan taʼminlanishi kerak.
229. Detallarga ishlov berish jarayoni ularni dastgohga oʻrnatish va olish bilan bir vaqtning oʻzida bajariladigan dastgohlarda qoʻllaniladigan koʻp pozitsiyali moslamalar qisqichlarining dastak (richag)lari ish bajarilayotgan paytda uskunaning harakatlanayotgan qismi, asbob, ishlanayotgan detal, qirindilar va boshqalar jarohat yetkaza olmaydigan hududda joylashgan boʻlishi lozim. Mahsulotni qisish yoki boʻshatish vaqtida dastaklar asbob tarafiga harakatlanmasligi lozim.
230. Agar bitta boshqaruv organini turli holatlarga ketma-ket siljitish yoʻli bilan biror-bir yigʻuv birligining harakati ishga tushirilganda jarohat olish mumkin boʻlsa, dastgoh konstruksiyasi bunday harakatga yoʻl qoʻymasligi lozim.
231. Doimiy qoʻl bilan boshqarish paytida yigʻuv birliklar harakatlarini boshqaruvchi organlarning dastak va richag (maxovik)lariga beriladigan kuch kattaligi 40 N dan, asosiy yuritmaning friksion muftasi uchun harakat boshi va oxirida 80 N dan oshmasligi lozim.
232. Dastgohlarning boshqarish dastaklaridagi ushlash qismi, ular oʻrta holatda joylashganda (stol, maxsus ustunchalar ustida joylashgan dastgohlar bundan mustasno), dastgohlar asosining pastki tekisligidan yoki boshqarish amalga oshirilayotgan maydonchalardan balandligi 0,5 m dan koʻproq va 1,7 m dan kamroq boʻlishi kerak.
233. Elektr toki bilan boshqaruv pultlari tugmalarining pastki qatori kamida 0,6 m balandlikda, yuqori qatori esa dastgoh asosining pastki tekisligidan yoki xizmat koʻrsatish maydonchasidan 1,7 m dan koʻp boʻlmagan balandlikda joylashgan boʻlishi kerak.
234. Pastki tugmalar qatori 0,9 m dan pastroq balandlikda joylashgan boshqaruv pultining vertikal tekislikka nisbatan qiyaligi 30o dan kam boʻlmasligi lozim.
235. Massasi 10 tn gacha boʻlgan dastgohlarda tanovar, asbobni mahkamlaydigan va dastgoh yigʻuv birliklarini harakatlantiradigan mexanizmlarning olinadigan dastaklari uchun moʻljallangan maxovikchalar oʻqi va vint (val)lar uchi joylashgan balandlik 0,5 m dan kam boʻlmasligi va xizmat koʻrsatish maydonchasidan yoki dastgoh asosining pastki tekisligidan 1,5 m dan oshmasligi kerak.
236. Detallarni koʻplab yoki seriyalab ishlab chiqarishga moʻljallangan dastgohlarda, faqat boshqa xil detalga ishlov berish uchun dastgohni sozlash paytida ishlatiladigan qoʻl boshqaruv organlarini dastgoh asosining pastki tekisligidan 2,5 m dan koʻp boʻlmagan balandlikda joylashtirishga ruxsat etiladi.
237. Stol ustida joylashgan dastgoh va oʻtirilgan holatda xizmat koʻrsatiladigan dastgohlarning boshqarish organlarida ushlash qismlarining balandligi pol sathidan 0,5 m dan koʻp va 1,4 m dan kam boʻlishi kerak.
238. Oyoq tovonining toʻla yuzasi bilan harakatga keltiriladigan boshqaruv organlari pedallarining ish yuzasi gʻadir-budur boʻlishi, oʻlchamlari 200 x 80 mm dan kam boʻlmasligi, ustki uchi pol sathidan 100 mm dan baland boʻlmasligi va harakat yoʻli 45 — 70 mm oraliqda boʻlishi lozim.
239. Oyoq uchi bilan (tovon polga tiralib turganda) harakatga keltiriladigan boshqaruv organi pedallarining ish yuzasi oʻlchovlari kamida 90 x 60 mm, harakatlanish yoʻli 25 — 40 mm oraliqda boʻlishi, pedalga beriladigan kuch 12 N dan kam va 30 N koʻp boʻlmasligi kerak.
240. Oʻlchov asboblarining (oʻlchash chizgʻichlaridan tashqari) koʻrsatkichlarini doimiy kuzatish talab qilinsa, ularni shunday oʻrnatish kerakki, har bir asbobning daraja (shkalasi)si quyidagi balandlikda boʻlsin:
a) tik turgan holatda ishlaganda — 1,0 m dan 1,8 m gacha;
b) oʻtirgan holda ishlaganda — 0,7 m dan 1,4 m gacha.
Aniq oʻlchov olish bajariladigan asboblar tegishli ravishda 1,2 — 1,6 m va 0,9 — 1,3 m oraliqdagi balandlikka oʻrnatilishi lozim.
Doimiy kuzatish talab qilmaydigan asboblar 0,3 — 2,5 m balandlikda oʻrnatilishi mumkin.
241. Dastgohlarning harakatlanuvchi elementlarida (masalan, stollarda) joylashgan almashlab-ulash yoʻlidagi tirgaklar holatini rostlash shu elementlar harakatlanish paytida amalga oshirilishi mumkin boʻlsa, tirgaklar holatini rostlash jarayonida xodimning qoʻl barmoqlarini jarohatlanishiga yoʻl qoʻymaydigan choralar koʻrilishi lozim.
242. Dastgohlarda tanovarni oʻrnatish, mahkamlash, toʻgʻrilash uchun va boshqa sabablar bilan asosiy harakatning qisqa muddatli qadamba-qadam yuritilishi zarur boʻlsa, dastgohlar ushbu yuritishni amalga oshiradigan qurilmalarga ega boʻlishi lozim.
5-§. Tanovar va asboblarni tashish, oʻrnatish va mahkamlash qurilmalari
243. Texnik jihatdan zaruriyat boʻlganda, maxsus va ixtisoslashtirilgan dastgoh va avtomatik liniyalar, ularga tanovarlar rolgang yoki transportyor yordamida kelmasa, massasi 8 kg dan ortiq boʻlgan tanovarlarni, shuningdek massasi 20 kg dan koʻp boʻlgan asbob va moslamalarni ham oʻrnatish uchun individual koʻtarish qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
244. Koʻtarish qurilmasi yukni turli holatlarda, shuningdek, toʻsatdan energiya elitgichlar (elektr energiya, moy, havo) kelishi toʻxtaganda ham ushlab turishi lozim.
245. Dastgoh ishlab turgan paytda tanovarni oʻrnatish va olish ishlari bajariladigan hollarda va bunda xodim jarohat olish ehtimoli boʻlsa, ushbu jarayonlar, shuningdek qisish va boʻshatish ishlari ham mexanizatsiyalashtirilishi lozim.
246. Yaqqol zaharli xossalarga (berilliy, magniy qotishmalari, qoʻrgʻoshinli bronzalar va boshqalar) ega boʻlgan materiallarga ishlov beriladigan dastgohlarga tanovarlarni oʻrnatish va boʻshatish uchun, ular majburiy tartibda avtomatlashgan manipulyator yoki sanoat robotlari bilan jihozlanishi lozim.
247. Mayda detallarga ishlov berish paytida, ularni oʻrnatish va olish ishlari ishchining qoʻli harakatlanayotgan asbob va ishlanayotgan detallarga tegishi mumkinligi sababli xavf tugʻdirsa va uni toliqtirsa, mexanik qurilmalar (bunker, mexanik qoʻl va boshqalar) qoʻllanilishi kerak.
248. Avtomatlar bunkerlarining yuqori qirralari, ularga tanovarlar qoʻl bilan yuklansa, pol sathidan 1,3 m dan baland boʻlmasligi kerak. Bunker qirralari bundan balandroqda joylashgan boʻlsa, doimiy tag supacha yoki tegishli balandlikdagi maydonchalar koʻzda tutilishi kerak.
249. Tanovarlar mexanizatsiyalashgan yoki avtomatlashgan usulda mahkamlanadigan dastgohlarda ishlov berish siklining ishga tushirilishi tanovarlarning mahkamlash jarayoni tugashi bilan blokirovkalanishi lozim.
250. Avtomatik qisish qurilmalari xavfsiz qisish va boʻshatish jarayonlarini hamda energiya elitgichlar (qisilgan havo yoki moy) kelmay qolganda, ish sikli toʻliq tugashiga qadar tanovarni ishonchli tarzda ushlab turilishini yoki kesuvchi asbobni chetga olinishi va dastgohni toʻxtatilishini taʼminlashi zarur.
251. Qisuvchi va boshqa qurilmalarning pnevmoyuritmalarida, shuningdek texnologik jihozlarda ishlab boʻlgan havo qirindi va changni tarqatib ketishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
252. Dastgohning elektr dvigateli yoki texnologik jihozning pnevmoyuritmalaridan chiqqan havo oqimi xizmat koʻrsatuvchi xodimlar doimiy yoki vaqtincha turish hududiga (pol sathi yoki xizmat koʻrsatish maydonchasidan balandligi 2 m gacha boʻlgan joylar) kelmasligi lozim.
253. Vazni 15 tn gacha boʻlgan dastgohlarda tanovar va asboblarni mahkamlash qurilmalarining vint gaykalarini burash, shuningdek dastgoh yigʻuv birliklarini siljitish uchun moʻljallangan, olinadigan, tez-tez ishlatiladigan dastaklar zarur mustahkamlikka ega boʻlishi va ogʻirligi 2,6 kg dan ortiq boʻlmasligi, vazni 15 tn dan koʻp boʻlgan dastgohlarda esa 4 kg dan ziyod boʻlmasligi kerak.
254. Olinadigan dastaklarning ish yuzasi va ular bilan tutashgan dastgohlarning yigʻuv birliklarini siljitish,tanovar va asboblarni mahkamlash qurilmalarining ish yuzalari qattiqligi 35 NRSdan kichik boʻlmasligi va ular aylanganda tutashgan yuzalar ezilib, dastaklar uzilishiga sabab boʻlmasligi uchun yetarli kontakt maydonchasiga ega boʻlishi lozim.
255. Qisuvchi moslamalarning richag (dastak)lariga qoʻyiladigan kuchning yoʻnalishi ishlov berilayotganda asbob, aylanayotganda tanovar yoki dastgohlar qismiga qaratilmagan boʻlishi kerak.
256. Dastgohga moslamalarni mahkamlash usuli ularni dastgoh va almashtiriluvchi sozlash moslamalariga ishonchli biriktirilishini taʼminlashi, moslamalarning va uning qismlarini foydalanish jarayonida oʻz-oʻzidan boʻshab ketishiga va siljishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
257. Moslamalarning harakatlanuvchi qismlarini vaqti-vaqti bilan moylab turish zarur boʻlsa, tegishli qurilmalar koʻzda tutilishi kerak.
258. Ochiq paz (T-simon, “qaldirgʻoch dumi” va boshqa)larga mahkamlanadigan aylanuvchi moslama va almashtiriluvchi qurilmalar, ularning markazdan qochma kuch taʼsiriga tushib qolishiga yoʻl qoʻymaydigan saqlovchi qurilmalarga ega boʻlishi kerak.
259. Texnologik jihozlarning pnevmatik qurilmalari xizmat koʻrsatuvchi xodimlar doim yoki vaqtincha turadigan hududlarga havo chiqarmasligi kerak.
260. Moslamaning dastgoh gabaritlaridan chiqib turgan qismlari dastgoh ishiga xalaqit qilmasligi, boshqaruv organlariga oʻtishni cheklamasligi, jarohatlanish xavfi tugʻdirmasligi lozim.
261. Moslamalar konstruksiyasi tanovarlarni xavfsiz oʻrnatish va olinishini taʼminlashi, ularni oʻrnatish barmogʻi (palets)dan tushib ketish imkoniyatiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
262. Qisish qurilmalari yuritmasi mexanizatsiyalashgan (gidravlik, pnevmatik va hokazo) moslamalarda qisqich va tanovar orasidagi tirqish 5 mm dan koʻp boʻlmasligi yoki qoʻlni qisib qolishiga yoʻl qoʻymaydigan boshqa chora-tadbirlar koʻrilishi kerak.
263. Moslamalarning tashqi qismlarida xavf tugʻdiruvchi oʻtkir burchaklar, qirra va boshqa notekis yuzalar, agar ularning mavjudligi ish bajarish vazifasidan kelib chiqmasa, boʻlmasligi kerak.
264. Uskunalarga mexanizatsiya vositalarisiz oʻrnatiladigan, vazni 15 kg gacha boʻlgan moslamalar, ularni oʻrnatish va olish paytida xavfsizlik va qulaylikni taʼminlaydigan tutqich, dastaklar yoki tashish uchun boshqa qurilmalarga ega boʻlishi lozim.
265. Vazni 15 kg dan koʻp boʻlgan moslama va asboblar mexanizatsiya vositalari yordamida oʻrnatilishi hamda ularni bogʻlash-ilish va yuk koʻtarish mexanizmlari yordamida tashish uchun jihozlarga (rimbolt, sapfa va hokazo) ega boʻlishi kerak.
6-§. Moylash, sovutish, gidravlik va pnevmatik yuritmalar, qirindini olib tashlash va dastgohni tashish
266. Dastgohlar markaziy moylash tizimi bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Agar markaziy tizimni qoʻllash maqsadga muvofiq boʻlmasa, dastgohdagi qoʻl bilan toʻldiriladigan maydonlar xavfli zonalardan tashqarida, xizmat koʻrsatish qulay boʻlgan joylarga oʻrnatilishi kerak.
Moy toʻldirilgan joylar dastgoh boʻyalgan rangdan keskin farq qiluvchi rangga boʻyalishi lozim.
267. Moy qoʻl bilan toʻldiriladigan joylar (shu jumladan shpritsdan foydalanib): maydonlar uchun 1,8 m dan balandda va rezervuarlar uchun 1,5 m dan balandda joylashmagan boʻlishi kerak. Ular bundan balandroq joylashganda doimiy zinapoyalar yoki narvonlar koʻzda tutilishi kerak. Rezervuarlarga bir oyda bir martadan kam moy quyilgan hollarda, koʻchma koʻtarilish vositalari — koʻchma narvonlar va boshqalar qoʻllanilishi mumkin.
268. Moylash qurilmalarining konstruksiyasi mufta va tormoz uskunalarining friksion yuzalariga moy tushishiga yoʻl qoʻymasligi lozim, konstruksiyasi moy vannasida ishlashi koʻzda tutilgan muftalar bundan mustasno.
269. Uskunaga oʻrnatilgan moy, MSS va texnologik jarayonda ishlatiladigan suyuqliklar atmosfera bilan tutashgan boʻlishi va ularga suv, qirindi va chang tushishiga yoʻl qoʻymaslik uchun qopqoqlar bilan zich yopilishi lozim.
Qopqoqlar konstruksiyasi uning oʻz-oʻzidan siljishi yoki ochilishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
270. Rezervuarlar konstruksiyasi ularning turgʻunligini hamda ulardagi suyuqlik sathini nazorat qilib turishni va tozalash qulayligini taʼminlashi lozim.
271. Dastgohlar yaqinida oʻrnatilgan yoki stanina asoslarida joylashgan texnologik suyuqliklar uchun moʻljallangan rezervuarlarda suyuqliklarni xavfsiz va qulay toʻldirish va toʻkish uchun qurilmalar (teshiklar, ogʻizchalar) koʻzda tutilishi lozim.
272. Rezervuarni bir oyda bir martadan koʻp toʻliq boʻshatish zarur boʻlsa, uning tagi poldan kamida 100 mm balanlikda (tagiga qoʻyilgan sigʻimlarga moylarni toʻkish qulay boʻlishi uchun) boʻlishi lozim.
273. TM larni tozalash va filtrlash qurilma va usullarini tanlanishini ularning ifloslanish xususiyati va har bir MSS turining texnik shartlari bilan belgilanishi lozim.
274. Texnologik moylarni toʻplash va uning polga toʻkilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun dastgohlar podon, togʻora va hokazolar bilan jihozlanishi kerak. Texnologik moylarning sochilishini oldini olish shchitok, kojux va boshqa moslamalar oʻrnatilishi bilan taʼminlanishi kerak.
275. Dastgoh yuzalaridan qirindilarni qoʻl bilan olib tashlash uchun ishlovchilar shchyotka-supirgich va ilgaklar bilan taʼminlanishi kerak.
276. Avtomatlar, ular smena davomida ishlaganda 20 kg dan koʻproq qirindilar paydo boʻlsa, qirindilarni olib tashlash uchun avtomatik tarzda ishlovchi transportyorlar bilan taʼminlanishi kerak.
277. Pnevmo- va gidro-tizimlarning tuzilishi va ulardan foydalanish “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlanadigan qoidalar talablariga javob berishi lozim.
278. Pol sathidan balandda oʻtkaziladigan gidravlik, pnevmatik, sovutish tizimlarining quvur oʻtkazgichlari, dastgoh va avtomatik liniyalarning elektr kommunikatsiyalari, dastgoh (liniya)ga xizmat koʻrsatish chogʻida odamlar oʻtishi zarur boʻlgan joylarda pol sathidan kamida 2,0 m balandlikda joylashtirilishi lozim.
279. Uskunaning 40 N dan katta bosimda ishlaydigan gidro tizimlarida uskuna tashqarisiga moylarni otilishiga va gidro tizimning germetikligi avariyaviy buzilish paytida ularni alangalanish manbaiga tushishiga yoʻl qoʻymaydigan toʻsiqlar boʻlishi lozim.
Pnevmo- va gidro-yuritmalar pnevmo- yoki gidro-yuritma tizimida havo yoki moy bosimini toʻliq tushiradigan qurilma bilan taʼminlanishi kerak.
280. Moylash, gidro- va pnevmo-tizimlari quvur oʻtkazgichlarining birikmalari germetik boʻlishi lozim.
281. Gidro-yuritma uchun foydalanish chogʻida zaharli va portlash xavfi boʻlgan aralashmalar hosil qilmaydigan suyuqliklar qoʻllanilishi kerak.
282. Gidravlik tizimda gidroakkumulyatordan foydalanish paytida ruxsat berilgan bosimdan oshib ketmaslik uchun saqlovchi qurilma oʻrnatilishi lozim.
283. Nasos-akkumulyator stansiyalar bosimning yuqori va quyi chegaralari haqida xabar beruvchi yorugʻlik va tovush signalizatsiyalari bilan jihozlanishi lozim.
284. Gidro-tizimdagi bosimni nazorat qilish uchun manometr oʻrnatilishi kerak.
285. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar muntazam boʻladigan hududlarda joylashgan katta bosimli quvur oʻtkazgichlar doimiy toʻsiqlar bilan berkitilishi va ularning holati muntazam tekshirilib turilishi lozim.
286. Pnevmatik, gidravlik va moylash tizimlarining quvur oʻtkazgichlari GOST 12.4.026-76 SSBT “Ogohlantirish ranglari va xavfsizlik belgilari”ga binoan farq qiluvchi ranglarga boʻyalishi kerak.
287. Yuk tutish vositalari yordamida ilish noqulay boʻlgan dastgohlar, yigʻuv birliklari, detallar, olinadigan moslama hamda ogʻirligi 25 kg dan koʻp boʻlgan asboblarda ularni tashish, montaj va demontaj qilish paytida yuk koʻtarish vositalari ishonarli tarzda tutib turishi va xavfsiz tashishi uchun qurilmalar (dastak, ilgak, teshik, boʻrtiq joylar, rim-bolt, rim-boltlar uchun rezbali teshiklar va hokazolar) koʻzda tutilishi lozim.
288. Qoʻl bilan ushlashga noqulay, ogʻirligi 15 kg dan kam boʻlgan, qoʻlda tashiladigan asbob-anjomlar, olinadigan moslamalar, asboblar ushlash uchun qurilmalar (masalan, dastaklar)ga ega boʻlishi kerak.
289. Uskunaning konstruksiyasi va uning qismlari (upakovkalash joyi) ularni upakovkalash idishiga va transport vositasiga ishonarli tarzda mahkamlanishini taʼminlashi lozim.
290. Uskunaning yigʻuv birliklari, ular ortish (tushirish), tashish va saqlash vaqtida oʻz-oʻzidan harakatlanishi mumkin boʻlsa hamda bu paytda xavfli vaziyatlar yuzaga kelsa, ularni muayyan holatda mahkamlash uchun qurilmalarga ega boʻlishlari kerak.
291. Uskuna va uning ogʻirligi 16 kg dan ortiq yigʻuv birliklarini bogʻlash-ilish uchun qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
Rim-boltlar va bogʻlash-ilish uchun moʻljallangan joylar farqlanuvchi rang bilan koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
292. Davriy xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlari paytida uskunaning yigʻuv birliklari ayrim detallarni montaj qilish, olish va oʻrnatish uchun umumiy foydalanishdagi yuk koʻtarish vositalarini, moslama va asboblarni ishlatib boʻlmasa, uni maxsus (xususiy) qurilma, moslama va asboblar bilan komplektlash zarur.
7-§. Chang, mayda qirindi va zararli ajralmalarni chiqarib tashlash qurilmalari
293. Dastgoh, avtomatik liniya va boshqa uskunalarda materiallarga ishlov berishda chang, mayda qirindi, sogʻliq uchun zararli aerozol, gazlar paydo boʻlsa va ularning ish hududlaridagi konsentratsiyalari GOST 12.1.005-88 SSBT “Ish hududi havosiga qoʻyiladigan umumiy sanitariya-gigiyena talablari”da chegaraviy ruxsat berilgan normalardan koʻp boʻlsa, ifloslangan havoni ishlov berish hududidan toʻliq chiqarib yuborishni va uni tozalashni taʼminlaydigan, tarkibida chang-qirindi gaz qabul qilgich va soʻrish vositalari boʻlgan qurilmalar bilan jihozlanishi lozim.
294. Uskuna oʻchirilgandan soʻng aspiratsiya vositalari ish hududi havosida zararli va xavfli moddalar konsentratsiyasi chegaraviy ruxsat berilgan normalardan ortiq paydo boʻlishiga yoʻl qoʻyilmasligi uchun 5 — 10 sekund davomida ishlab turishi kerak.
295. Soʻrish qurilmalari havoni GOST 12.1.005-88 SSBT “Ish hududi havosiga qoʻyiladigan umumiy sanitariya-gigiyena talablari”ga javob beradigan darajada tozalab berishi lozim.
296. Quruq chang va aerozollarni chiqarib tashlaydigan mahalliy chiqarish tizimlari alohida-alohida boʻlishi kerak.
297. Dastgohlardan moy bugʻlari, quruq va nam changni chiqarib yuboradigan mahalliy chiqarish tizimlari havoni atmosferaga chiqarib yuborishdan oldin uni tozalaydigan qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
298. Soʻrish qurilmalaridagi toʻplagichlar konstruksiyasi unda ushlanib qolgan chang va aerozol kondensatlarini bexatar va qulay olib tashlanishini taʼminlashi kerak.
Isteʼmolchida guruhiy soʻrish tizimlari mavjud boʻlsa, dastgohga oʻrnatilgan chang yoki aerozolni qabul qilgichlar shu tizimlarga ulanishi lozim.
299. MSS aerozolini chiqarib yuborayotgan mahalliy chiqarish tizimining havo-oʻtkazgichlari drenaj qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
Moy bugʻlarini chiqarib yuboradigan havo-oʻtkazgichlar yongʻin xavfsizligi talablarini hisobga olgan holda yasalishi kerak.
8-§. Xizmat koʻrsatish maydonchalari va zinalar
300. Dastgohga xizmat koʻrsatish yoki ishlov berish hududini kuzatish uchun xodimning pol sathidan 0,5 m va bundan balandroqda turishi talab etilsa, dastgoh zinapoya bilan jihozlangan xizmat koʻrsatish maydonchalari yoki sirpanmaydigan qoplamali galereyalarga ega boʻlishi kerak.
301. Xizmat koʻrsatish maydonchalari, zinalar va ularning konstruksiya elementlari xavfsizlik talablariga javob berishi, butun perimetri boʻylab toʻsilgan boʻlishi kerak, pollar yoki toʻshamalar sirpanchiq boʻlmasligi va toʻshama ostida buyumlarning pastga tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan yaxlit toʻsiq boʻlishi lozim, pol ustiga oʻrnatilgan zinalarning tirgaklari pol sirtida sirpanmasligi kerak.
302. 0,5 m dan balandroqda joylashgan maydonchalar va ularga olib chiqadigan zinalarda, pastki qismining yon taraflariga balandligi 100 — 150 mm yaxlit qoplama oʻrnatilgan, balandligi 1 m dan kam boʻlmagan toʻsiq (panjara)lar boʻlishi kerak.
Maydoncha sathidan 0,5-0,6 m balandlikda qoʻshimcha tarzda gorizontal planka oʻrnatilishi kerak.
Vertikal ustunlar orasidagi masofa 1,5 m boʻlishi kerak.
303. Zarur boʻlsa kirish joyida maydonchalar chetga olinadigan toʻsinlar yoki ichkariga ochiladigan eshikchalar bilan jihozlanishi mumkin.
304. Xizmat koʻrsatish maydonchalari va zinalarning eni 0,5 m dan kam boʻlmasligi kerak.
305. Zinapoyalar oraliq masofalarining balandligi qiyalik burchagiga bogʻliq boʻlib, 0,2-0,3 m ni tashkil etishi, zinalar eni 0,2 m dan kam boʻlmasligi lozim.
306. Zinalarning ikkala tarafida toʻsiq (panjara)lar boʻlishi lozim. Vertikal zinalarni qoʻllash tavsiya etilmaydi.
307. Xizmat koʻrsatish maydonchasi 10 m dan balandroqda joylashgan boʻlsa, bu holda har 5 m da dam olish maydonchalari oʻrnatilishi zarur.
308. Zina va maydonchalarning tutqichlari qoʻl bilan ushlash uchun qulay boʻlishi, kiyimni ilishi mumkin boʻlgan chiqib turgan oʻtkir qirralari boʻlmasligi lozim.
309. Gorizontal tekislikka qiyalik burchagi 75o va undan ortiq, balandligi 5 m va undan ortiq zinalar 3 m balandlikdan boshlab yoy shaklidagi toʻsiqlar bilan jihozlanishi, ushbu toʻsiqlar orasidagi masofa 0,8 m dan oshmasligi va bir-biriga birlashtirilgan boʻlishi lozim.
310. Pol sathidan 2,2 m balandlikda joylashgan maydonchalarning yon tomondagi sirtlari GOST 12.4.026-76 SSBT “Ogohlantirish ranglari va xavfsizlik belgilari”ga binoan sariq signal rangga boʻyalishi kerak.
311. Maydoncha sathidan tepadagi ustyopma orasidagi masofa 2 m dan kam boʻlmasligi kerak.
312. Xavfi yuqori boʻlgan uskunaga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan, uzunligi 3,0 m dan ortiqroq maydonchalarda qarama-qarshi taraflarda joylashgan kamida ikkita zinalar oʻrnatilishi kerak.
Maydoncha va zina soz holatda saqlanishi va oʻz vaqtida taʼmirlanishi kerak.
313. Zinalar, xizmat koʻrsatish maydonchalari va toʻsqich (panjara)lar GOST 12.4.026-76 SSBT “Ogohlantirish ranglari va xavfsizlik belgilari”ga binoan gruntlangan va signal ranglarga boʻyalgan boʻlishi kerak.
314. Doimiy xizmat koʻrsatish talab qilinadigan va 3,0 m dan koʻp boʻlmagan balandlikda joylashgan uskunaning uzellariga koʻtarilish uchun tirama narvondan yoki kerilma narvonlardan foydalanish ruxsat etiladi.
9-§. Elektr-uskunalar
315. Qoʻllaniladigan elektr mashina, apparat, asbob va boshqa elektr-uskunalar, shuningdek elektr tarmoqlarning kuchlanishi sexlarning portlash, yongʻin va elektr xavfsizligi boʻyicha tasniflanishiga muvofiq boʻlishi lozim.
316. Elektr apparatura va tok oʻtuvchi qismlar ishonchli izolyatsiyalangan va dastgoh korpusiga yoki elektr shkafga berkitilgan va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning ularga tasodifan tegib ketishidan muhofazalangan boʻlishi kerak.
317. Uskunani tarmoqdan oʻchirish uchun boshqaruv elektr sxemalarida qulay va xavfsiz yerda joylashgan kirishdagi oʻchirish apparati (kirish oʻchirgichi) oʻrnatiladi.
318. Dastgohlarga oʻrnatilgan elektr uskunalarning umumiy quvvati 0,75 KVt dan ortiq boʻlmaganda, ularda kirish oʻchirgichi sifatida shtepselli ajratgichlardan foydalanishga ruxsat etiladi.
319. Boshqaruv stansiyalarining shkaflari yonmaydigan materiallardan yasalishi hamda montaj qilish, xizmat koʻrsatish uchun xavfsiz va qulay joylarda oʻrnatilishi kerak.
320. Boshqaruv stansiyalarining shkaflari shunday oʻrnatilishi kerakki, eshiklari ochiq shkaflar bilan uskuna, dastgoh (uning harakatlanuvchi qismlarini eng chekka holati) yoki qurilish konstruksiyalari orasidagi xavfsiz masofa 0,6 m dan kam boʻlmasin.
321. Boshqaruv stansiyalarining shkaflari maxsus kalit yordamida qulflanishi yoki kirish oʻchirgichi bilan shunday blokirovkalanishi kerakki, uning ulangan holatida eshikchalarni ochib boʻlmasin va eshikchalar ochiq paytda uskunani ishga tushirib boʻlmasin.
322. Kuchlanish 42 V dan ortiq boʻlgan elektroapparatura shkaflarining hamma eshikchalarida, shuningdek elektroapparaturani berkitadigan gʻiloflarda GOST 12.4.026-76 SSBT “Ogohlantirish ranglari va xavfsizlik belgilari”ga binoan ogohlantiruvchi belgilar — “Yuqori kuchlanish!” yozilgan boʻlishi kerak.
323. Elektr uskuna moy, qirindi, changlar taʼsiridan va mexanik taʼsirdan muhofazalangan boʻlishi lozim.
324. Elektr-uskunalar uzilgan elektr-energiya qayta tiklangan paytda yuritma oʻz-oʻzidan ishlab ketishidan himoyalangan boʻlishi kerak.
325. Uskunaning boshqaruv pultlarida elektr yuritma zanjiriga kuchlanish uzatilayotganligi haqida yorugʻlik signalizatsiyasi boʻlishi kerak.
326. Elektr uskuna va oʻtkazgichlarning ochish, koʻzdan kechirish, taʼmirlash, sozlash ishlari faqat elektr texnik xodimlar tomonidan bajarilishiga ruxsat etiladi.
327. 42 V dan yuqori kuchlanish ostida qolishi mumkin boʻlgan uskunaning barcha metall qismlari (stanina, elektr dvigatel korpusi, shkaf, boshqaruv pultlari karkaslari va boshqalar), shuningdek elektrlashtirilgan moslamalar amaldagi “Elektr qurilmalarining tuzilish qoidalari”ga muvofiq nol simga ulanishi yoki yerga ulab himoyalash qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
328. Namlik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda, ochiq havoda, katta, yaxshi yerga ulangan metall sirtlar mavjud boʻlganda va boshqa noqulay sharoitlarda yerga ulash yoki nol simga ulash talablari 12 V va undan yuqori kuchlanishda ishlaydigan uskunalarga ham taalluqlidir.
329. Uskunaning yerga ulanadigan har bir elementi yerga ulash qurilmasiga alohida tarmoqlar vositasida ulanishi lozim. Ularni yerga ulash oʻtkazgichiga ketma-ket ulash man etiladi.
330. Yerga ulash oʻtkazgichining uskunaga ulangan joyiga istalgan uslubda chizilgan, ekspluatatsiya vaqtida oʻchmaydigan yerga ulash belgisi oʻrnatilishi kerak.
331. Detallarni biriktirish uchun ishlatiladigan vint, shpilka, gaykalardan yerga ulash oʻtkazgichlarini biriktirish maqsadida foydalanishga ruxsat berilmaydi.
332. Yerga ulash oʻtkazgichi sifatida oʻtkazgich simlarni oʻtkazish uchun qoʻllaniladigan kabellarning metall qobiqlari, egiluvchan metall yeng yoki poʻlat trubalardan foydalanishga ruxsat etilmaydi, lekin ularning oʻzi yerga ulangan boʻlishi lozim.
333. Yerga ulash oʻtkazgichi yerga tutashgan paytida undan oʻtayotgan elektr tokiga bardosh berishi lozim.
334. Uskunaning harakatlanuvchi yoki tez-tez demontaj qilinib turiladigan qismlari egiluvchan oʻtkazgichlar yoki sirpanadigan kontaktlar yordamida yerga ulanishi kerak.
335. Mahalliy yoritish chiroqlarini taʼmirlash uchun 42 V dan koʻp boʻlmagan kuchlanish ishlatilishi lozim.
336. Mahalliy yoritish chiroqlarning oʻzida (individual) ulab-uzgichlari boʻlishi kerak.
337. Shkaf, pult va elektroapparaturali tokchalarga oʻrnatilgan mahalliy yoritish kirish oʻchirgichigacha ulanishi lozim. Bu holda mahalliy yoritishda alohida ulab-uzgich boʻlishi kerak.
338. Elektr asbob, koʻchma elektr lampalar, pasaytiruvchi transformatorlar va tok chastotasini oʻzgartirgichlar qoʻllanilishi (berilishi)dan oldin korpusiga tutashish yoʻqligi, yerga ulash oʻtkazgichlarining sozligi va taʼminlash oʻtkazgichlarining izolyatsiya qoplamasi tekshirilishi lozim.
10-§. Qoliplash-presslash uskunasi uchun maxsus xavfsizlik talablari
339. Ishlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida, uskuna qaysi operatsiyalarga moʻljallangan boʻlsa, unda faqat shu operatsiyalarni bajarish zarur.
340. Press va boshqa uskunalarning stanina hamda tashqi chiqiq qismlarida oʻtkir burchak va qirovlar boʻlmasligi kerak.
341. Joylashgan balandligi pol va ish maydonchalari sathidan 2 m dan kam boʻlgan, tasodifan tegib ketilishi mumkin boʻlgan harakatlanuvchi va aylanuvchi qismlar (tashqi tishli, friksiyali, shatun-krivoshipli va tasmali uzatmalar, vallar va boshqalar) yaxlit yoki toʻrli toʻsiqlar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Toʻrli toʻsiqlar kataklarning tomonlari 10 mm dan koʻp boʻlmasligi kerak.
342. Toʻsiqlar sharnirlarga osilishi kerak. Ayrim hollarda, mashinaning tez-tez xizmat koʻrsatish talab etiladigan qismlariga kirish uchun sharnirlarga oʻrnatilgan qopqoq (eshikcha)li darchalar bilan taʼminlangan toʻsiq boʻlganda, qotirib (bolt, shpilka va hokazolar bilan) mahkamlashga yoʻl qoʻyiladi.
343. Ishlab chiqarish uskuna va shtamplarining barcha boltli birikmalari oʻz-oʻzidan buralib chiqib ketishga qarshi moslamalarga (kontrgayka, prujinali shayba, cheka, shplint va hokazolar) ega boʻlishi lozim.
344. Gidravlik va ekssentrik presslar ortiqcha yuklanish yuz berganda ularning ishini toʻxtatib qoʻyadigan saqlovchi qurilmalarga ega boʻlishlari kerak.
345. Shatun-krivoshipli yoki polzuni ekssentrik yuritmali boʻlgan press uskunasi har bir ish yoʻlidan soʻng ishga tushirish moslamasini avtomatik ravishda oʻchirilishi lozim.
346. Polzun (traversa)ning eng chekka (boshlangʻich) holatda toʻxtashini taʼminlaydigan ishga tushirish va tormozlash qurilmalariga ega boʻlishi lozim.
347. Gidravlik presslar sozlash va taʼmirlash ishlarini bajarish paytida traversa (baba)ni yuqorigi holatida ushlab turish uchun ishonchli ishlaydigan moslamalar bilan taʼminlanishi zarur.
348. Ishchi va salt shkivlarga ega boʻlgan barcha dastgoh va mashinalar, tasmani ishchi shkivga oʻz-oʻzidan oʻtishini bartaraf qiluvchi qulflovchi moslamalar bilan taʼminlangan, tasmalar uchun oʻtkazish mexanizmlariga ega boʻlishi lozim.
349. Avariyaviy ulab-uzgichlar va uskuna hamda boshqa qurilmalarni masofadan turib boshqarish tugmalarining konstruksiyasi va joylashishi har qanday ish vaziyatidan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi zarur.
350. Barcha ishga tushirish qurilmalari ularning vazifasi va qoʻllanilishini aks ettiruvchi yozuvlarga ega boʻlishi kerak.
11-§. Gidravlik presslar
351. Gidro-yuritma (multiplikator va boshqalar) tarmoqlari, ishchi gidravlik silindrlar, yukchi, gidravlik va pnevmatik akkumulyatorlar qurilmalari, shuningdek mexanik bosim detallari (traversa, shtamplar) va barcha moslamalar hamda ularning mahkamlash qurilmalari ishlatilayotgan gidravlik pressning quvvatiga mos boʻlishi va uni tuzilishi, qoʻllanilishiga doir texnik shartlar talablariga javob berishlari lozim.
352. Pressning havo va suyuqlik bosimi ostidagi barcha detallari “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan, amaldagi “Bugʻ va issiq suv quvur-oʻtkazgichlarini tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari”ga asosan davriy texnik shahodatlash va sinovdan oʻtkazilishi zarur.
353. Bosimni nazorat qilib turish uchun akkumulyator, quvur oʻtkazgich va har bir pressda manometrlar oʻrnatilishi kerak.
354. Presslardagi gidravlik zarbalarni soʻndirish uchun presslarga ulanadigan quvur oʻtkazgichlar saqlovchi klapan yoki boshqa qurilmalar bilan taʼminlanishi kerak.
355. Suyuqlikning toʻsatdan katta sarflanishi oqibatida akkumulyator yuklarining tez tushib ketishini oldini olish uchun akkumulyatordan gidravlik presslarga oʻtkazilgan quvur-oʻtkazgichdagi asosiy klapan suv kelishini avtomatik tarzda berkitib qoʻyadigan moslama bilan jihozlanishi lozim.
356. Akkumulyator yuklari tez tushib ketgan hollarda yukning poydevorga zarba yetkazmasligi uchun yuk ostiga zarbalarni yumshatuvchi qurilmalar (bufer, taxta toʻshama va hokazolar) oʻrnatilishi zarur.
357. Yukning belgilangan balandlikdan yuqoriroqqa koʻtarilishini oldini olish uchun akkumulyatorlar saqlovchi klapan yoki boshqa saqlovchi qurilmalar bilan taʼminlanishi kerak.
358. Saqlovchi klapanning yuki qulflanadigan gʻilof ichiga oʻrnatilishi kerak.
359. Nasos, liniya boʻylab berkituvchi klapangacha oʻrnatilgan saqlovchi klapanga, shuningdek oʻchirish uchun qurilmaga ega boʻlishi lozim.
360. Agar tarmoqda bir nechta nasos ishlayotgan boʻlsa, tarmoqdan har bir nasosning oʻzini alohida oʻchirib qoʻyadigan qurilma boʻlishi zarur.
361. Nasos boʻlinmasi bilan xizmat koʻrsatilayotgan presslar oʻrtasida ishga tushirish qurilmalari bilan blokirovka qilingan yorugʻlik va tovush signalizatsiyasi oʻrnatilishi kerak.
362. Bir nechta agregatlardan iborat boʻlgan press uskunalari uchun akkumlyator yuklarining holati har bir pressdagi ish oʻrnidan va nasosdan koʻrinib turishi yoki yukning holatini tegishli signalizatsiya vositasi xabardor qilishi lozim.
363. Gidravlik uskunalarning barcha eng yuqori nuqtalari havoni chiqarish uchun joʻmrak (kran)lar bilan, eng pastki nuqtalari esa ishchi suyuqlikni toʻkish uchun armaturalar bilan taʼminlanishi zarur.
12-§. Press-qaychilarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
364. Press-qaychilarning konstruksiyasi GOST 12.2.017.1-89 SSBT “Temirchilik-presslash avtomatlari va yarim avtomatlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga javob berishi lozim.
365. Qaychilar chiviqlarni oʻlchamli tanovarlarga qirqishdan oldin mahkamlash uchun ishonchli qisuvchi qurilmalarga ega boʻlishi kerak.
366. Qaychilar ishchining barmoqlari pichoq va qisqichlar orasiga tushib qolishidan saqlovchi qurilma (dvigatelning ishga tushirish mexanizmlari bilan blokirovka qilingan planka, valik, toʻsiq va hokazo)lar bilan taʼminlanishi zarur.
367. Yuritmasi toʻsilmagan krivoshipli qaychilar xizmat koʻrsatish maydonchasi bilan jihozlangan va 2,5 m dan balandroqda joylashgan taʼminlovchi elektr tarmoq uzib qoʻyilganda, boshqaruv zanjiri oʻchirilganda, avariyaviy oʻchirish tugmasi “Umumiy toʻxtatish” yoki “Maxovik tormozi” tugmasi bosilganda ishlab ketadigan maxovik muftasining tormozi bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
368. Qaychining koʻchma boshqaruv pulti va pedali taʼminlash manbasiga mexanik shikastlardan muhofazalovchi elektr himoya qobiqli egiluvchan kabel va shtepsel birikmalar yordamida ulanishi lozim.
369. Xodim uchun xavf soluvchi, qaychilar bilan bir vaqtda ishlovchi avtomatizatsiya va mexanizatsiya vositalarining yuritmalari himoya qurilmalari bilan taʼminlanishi kerak.
13-§. Issiqlayin qoliplash, qirqish, krivoshipli va vintli presslarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
370. Mexanik presslarning konstruksiyalari meʼyorlar talablariga javob berishi lozim.
371. Krivoshipli presslar har bir ish yoʻlidan soʻng ishga tushirish moslamasini avtomatik ravishda oʻchishini va polzun (traversa)ning eng chekka holatida toʻxtashini taʼminlovchi tormoz qurilmasiga ega boʻlishi kerak. Boshqaruv asboblari va muftalar mashinaning tasodifan yoki oʻz-oʻzidan ishlab ketishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
372. Deformatsiyalash paytida juda katta bosim kuchi berilganda press polzuni qisilib (polzunning eng chekka pastki holat yaqinida toʻxtashi) qolishi mumkin. Pressning ortiqcha yuklanishi alohida detallarning buzilishi, ularning uzilib ketishi va natijada baxtsiz hodisalarga olib kelishi mumkin.
373. Pressni normal tarzda ishlatish uchun deformatsiyalash kuchi uning nominal kuch bosimidan 80% dan oshmasligi lozim.
374. Krivoshipli presslar pressning asosiy uzellarida nosozliklar (moylash tizimining bakida moy yoʻqligi, podshipniklar haroratining oshib ketishi, press pnevmatik tarmogʻida havo bosimining tushib yoki koʻtarilib ketishi, asosiy elektr dvigatelda yuklanish ortib ketishi) boʻlganda press yurishini blokirovka qilib qoʻyuvchi qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
375. Xavfsiz ishlash uchun vintli presslar ikki qoʻllab boshqarish qurilmasi bilan jihozlanishi lozim. Ikki qoʻllab boshqaruv richag (tugma)lari oʻzaro blokirovka qilinishi zarur.
376. Vintli presslar polzun yoʻlini belgilangan sathdan yuqorilab ketishining oldini oluvchi amortizatorlarga ega boʻlishi kerak.
377. Vintli presslarning tormoz qurilmasi polzunning yuqorigi neytral holatda ishonchli ushlab turilishiga imkon berishi, shuningdek polzunni oʻz vaqtida toʻxtatilishi va uni har qanday holatda ushlab turilishini taʼminlashi lozim.
378. Bosim kuchi 6000 kN dan koʻp boʻlgan vintli presslar aylantirish momenti yoki kuch bosimi boʻyicha ortiqcha zoʻriqishdan saqlovchi qurilmalarga ega boʻlishi kerak.
379. Tormoz qurilmasining yetarli darajada ishlamaganligi tufayli eng chekka yuqori holatda press polzunini staninaga qattiq urilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun vintli presslar dempfer bilan jihozlanishi lozim.
380. Vintli presslar vint uzilgan (singan) vaqtda polzunni erkin tushib ketishdan ushlab qoluvchi qurilmalarga ega boʻlishi kerak.
381. Vintli presslar polzunning unga mahkamlangan asbobning oʻz massasi taʼsiri natijasida pastga tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan maxsus qurilmalarga ega boʻlishi zarur.
382. Vintli presslar taʼmirlash va sozlash ishlari bajarilayotgan paytda polzunni eng chekka yuqori holatda ishonchli ushlab turuvchi qurilmalarga ega boʻlishi kerak.
383. Yoy statorli yuritmaga ega boʻlgan vintli pressning tormoz konstruksiyasi pressning tormoz tizimiga havo uzatilishi toʻxtatilgan paytda polzunni ushlab turishi kerak.
384. Vintli pressning konstruksiyasi maxovik rotorining gardishi va tormoz kolodkalariga moylarni sachrashiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
14-§. Qaychi va arralarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
385. Yuqorigi pichogʻi (gilotinasi) qiya boʻlgan list qaychilari quyidagilar bilan uskunalanishi lozim:
a) qoʻzgʻalmas stol sathida kesilayotgan listlarni uzatish, taxlash va tutib turish uchun moslama hamda qurilmalar, shuningdek qaychilarning ishchi zonasidan tanovar yoki detallarni olib qoʻyish uchun mexanizm (moslama)lar bilan;
b) yoʻnaltiruvchi va saqlovchi chizgʻichlar bilan, ularning konstruksiyasi kesish chizigʻi (joyi)ni aniq koʻrinib turishiga imkon berishi kerak;
v) kesilayotgan list uzatilishini cheklash uchun tiraklar bilan, ularni rostlash mexanizatsiyalashgan usulda amalga oshirilishi lozim;
g) kesilayotgan materialni mahkamlash (fiksatsiya qilish) uchun mexanik va gidravlik qisqichlar bilan, kesilayotgan listning qalinligiga bogʻliq holda ularni balandlik boʻyicha joylashtirilishini rostlash uchun qurilmasi boʻlishi kerak;
d) ishga tushirish mexanizmlari bilan blokirovka qilingan va xodimlar qoʻl barmoqlarining pichoq yoki qisqichlar orasiga tushib qolishiga imkon bermaydigan saqlovchi qurilmalar bilan;
e) begona shaxslar yoki qaychilar toʻxtab turganda yoxud ularning tanaffus yuz berganda ularda ishlashga ruxsat berilmagan shaxslar tomonidan qaychilarni ishga tushirib yuborishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida elektr dvigatelni oʻchirish uchun qulflanadigan ajratuvchi qurilmalar bilan;
yo) oʻzining va asbobning ogʻirligi taʼsiri tufayli pichoq balkasi oʻz-oʻzidan tushib ketishini oldini oluvchi posangilar bilan.
386. Pichoqlar zonasini toʻsuvchi (himoyalovchi) qurilmalari oldiga oʻrnatilgan gilotina qaychilarining silindrik qisqichlari aylanasiga maxsus toʻsiqlarga ega boʻlishi, ularning konstruksiyasi kesilayotgan materialning qalinligiga bogʻliq holda balandlik boʻyicha rostlanish imkonini berishi kerak.
387. Gilotina qaychi va saqlovchi qurilmalarning konstruksiyasi yuqorigi pichoqning oʻz-oʻzidan tushib ketmasligini taʼminlashi lozim.
388. Gilotina qaychilariga oʻrnatilgan ketingi tiraklarning harakati mexanizatsiyalashgan boʻlishi, harakatlanishni boshqarish esa ish oʻrnidan bajarilishi zarur.
389. Rolikli (ikki diskli, koʻp diskli) va titrama (oʻyish) qaychilar pichoqlar sinishi hamda xodimning shikastlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun kesilayotgan listning materialiga va qalinligiga bogʻliq holda tirqishlarni rostlash uchun qurilmaga ega boʻlishi kerak.
390. Rolikli va titrama qaychilar stollar, uzun oʻlchamli va yirik gabaritli detallarni (polosalarni, aylanasiga kesish, kontur boʻylab qirqish) qirqish uchun maxsus moslamalar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
391. Tasmali arralar butun tasma uzunligi boʻyicha toʻsilishi, bundan faqat ishchi qismi mustasno boʻlib, u qirqilayotgan detalning oʻlchami va shakliga muvofiq holda ochiq boʻlishi kerak.
392. Tez harakatlanadigan tasmali arralar tasma uzilgan paytda uni darhol toʻxtatib va ushlab qoladigan tutqichlar bilan jihozlanishi lozim.
393. Doiraviy diskli arraning diski yaxlit metall gʻilof bilan yopiq boʻlishi hamda arraning ishchi qismi (zonasi)ni ochilish kattaligi qirqilayotgan metallning oʻlchami va shakliga mos tarzda rostlanishi kerak.
394. Metallni ishqalanish usulida qirqish paytida tez aylanuvchi diskning gʻilofi ichki tarafidan shovqin yutuvchi material qatlami bilan qoplanishi lozim va dastgoh korpusiga qayishqoq qistirmalar (masalan, rezina, probka va hokazolar) qoʻyilib mahkamlanishi lozim.
395. Tasmali va doiraviy diskli arralar qirqilayotgan materialning muqim holatini taʼminlaydigan va xodimning qoʻl panjasi shikastlanishi imkonini bartaraf etadigan maxsus moslamalar bilan uskunalanishi zarur.
396. Zalvarli dastaki qaychilar puxta mahkamlash moslamasiga (mustahkam va maxsus muqim ustun, verstak, stol va hokazolar) ega boʻlishlari lozim.
15-§. Boshqa uskunalar
397. Elektr tokini oʻtkazuvchi ochiq qismlar, 3,5 m dan pastroq balandlikda joylashgan boʻlsa, toʻsilgan boʻlishi kerak. Metalldan yasalgan toʻsiqlar yerga puxta ulanishi kerak.
398. Normal sharoitlarda yerga nisbatan elektr kuchlanish ostida boʻlmagan, lekin elektr tok oʻtkazuvchi qismlarining izolyatsiyasi shikastlanishi tufayli elektr kuchlanish taʼsiriga tushib qolishi mumkin boʻlgan elektr qurilmalarning metall konstruksiya qismlari, shuningdek tok oʻtkazuvchi qismlarni mahkamlash konstruksiyalari, uskunaning, yuk koʻtarish-tashish va boshqa qurilmalarning konstruksiyaviy qismlari, inshootlarning metall ustunlari va hokazolarni yerga ulab muhofazalash zarur.
399. Har bir elektr dvigatel va har bir elektr qizdirish pechi ishga tushirish va toʻxtatish qurilmalaridan tashqari sozlash, taʼmirlash paytida elektr kuchlanishni toʻliq oʻchirish uchun oʻchiruvchi moslamalar bilan jihozlanishi kerak.
400. Havo kompressor va havo oʻtkazgichlarining tuzilishi, ishlatilishi va ularga xizmat koʻrsatish amaldagi “Havo kompressor va havo oʻtkazgichlarini tuzilishi, ishlatilishi va xizmat koʻrsatish qoidalari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
401. Bugʻ oʻtkazgichlarning tuzilishi, oʻrnatilishi, ishlatilishi va ularni texnik jihatdan shahodatlash (davriy koʻrik va sinovdan oʻtkazish) tartibi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tasdiqlaydigan qoidalar talablariga javob berishi kerak.
(401-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 2-iyuldagi 27/1-2019-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2010-2, 24.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 10/19/2010-2/3472-son)
Keyingi tahrirga qarang.
402. Bugʻ oʻtkazgichning ishlab chiqarish uskunasiga ulangan joyida polda turib boshqariladigan berkituvchi ventil oʻrnatilishi lozim.
403. Temirchilik sexlaridagi jilvirlash charxtoshli dastgohlar va taʼmirlash-mexanik boʻlinmalaridagi ishlab chiqarish uskunalari doimo soz holda boʻlishi lozim.
16-§. Taʼmirlash ishlarini bajarishda xavfsizlik talablari
404. Taʼmirlashni bajarish ishlarining tashkiliy shakllari toʻgʻrisidagi qaror uskunaning xususiyatlari, miqdori va tashkilotning oʻlchamlaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.
405. Nosoz uskunada ish bajarish taqiqlanadi. Uskuna taʼmirlash uchun toʻxtatilishdan oldin ifloslik, chang va ishlab chiqarishning boshqa chiqindilaridan puxtalik bilan tozalanishi kerak.
406. Tanovar va chiqindilar idish, stellaj va taxlamlarga oʻrnatilishi kerak. Tirak (ustuncha)lar mavjud boʻlsa taxlamlar va stellajlarning balandligi 2 m dan ortiq boʻlmasligi zarur.
407. Stellajlarda koʻrinarli joyda ruxsat berilgan yuklanish miqdori koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Stellaj va idishlarni ortiqcha yuklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
408. Ish joylarini, oʻtish yoʻlak va yoʻllarini toʻsib qoʻyish va keraksiz buyumlar taxlab qoʻyishga ruxsat etilmaydi.
409. Yoriqlari boʻlgan va zarba beruvchi yuzasi ezilgan zarbalovchi asbob va moslamalarda (shtamp, muhra, sandon va dastaki asbob) ish bajarishga ruxsat etilmaydi.
410. Pnevmatik asbobga texnik qarov va u bilan ishlash har bir pnevmatik asbob uchun ishlab chiqqan foydalanish yoʻriqnomasi va qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak. Pnevmatik asbobni ish joyida taʼmirlash mumkin emas. Pnevmatik asbobni taʼmirlash ishlari markazlashtirilgan usulda va texnik yoʻriqnomalariga binoan bajarilishi zarur.
411. Elektr asbob va koʻchma chiroqlar 42 V dan koʻp boʻlmagan kuchlanishga ulanishi kerak.
412. Presslarda shtamplarni almashtirish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim, buning uchun olinadigan moslamali kranlar, baland koʻtariluvchi platformali aravachalar, harakatlanuvchi stol-rolganglar va boshqalardan foydalanish mumkin.
413. Shtamplangan plitaning tayanch yuzalari polzun (baba)ning harakat yoʻnalishiga qatʼiy perpendikulyar boʻlishi zarur.
414. Shtamplar puxta mahkamlanishi kerak. Tayanch yuzalar bir-biriga qatʼiy ravishda parallel boʻlishi kerak. Koʻp qatlamli qistirmalardan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
415. Mahkamlovchi ponalar 50 mm dan koʻp chiqib turmasligi lozim.
416. Babadan shtokni xavfsiz urib chiqarish uchun mahkamlash konstruksiyasiga mos boʻlgan maxsus moslama qoʻllanilishi zarur.
417. Mahsulotdan zarra va qirovlar otilib chiqishini oldini olish uchun qizdirib qoliplash jarayonining oxirgi bosqichi yetarli yuqori haroratda bajarilishi kerak. Qizdirib qoliplash oxirining harorati texnologik kartada koʻrsatilishi kerak.
418. Presslarda metall (prokat)ni sovuq holatda sindirish paytida uchib chiqishi mumkin boʻlgan zarralardan ishchini muhofazalash uchun uskuna metall shchitlar bilan toʻsilishi lozim. Metallning sindirish joylari dastlab sal kesib (kertik qilib) qoʻyiladi.
419. Ishlab chiqarish uskunalarining yuqorida joylashgan qismlariga koʻzdan kechirish, moylash va taʼmirlash ishlarini bajarish uchun chiqish joylari qulay va xavfsiz boʻlishi hamda narvon va muqim maydonchalarda amalga oshirilishi lozim.
420. Uskuna ishlayotgan vaqtda moylash, artish, tozalash, qirqim, kuyindilarni yigʻishtirish va hokazolarni bajarish taqiqlanadi.
421. Shtamplarni oʻrnatish va sozlashda, qattiq qisilib qolgan shtampovkalarni chiqarishda toʻqmoq (molot) toʻxtatilishi lozim.
422. Krivoshipli va ekssentrikli presslarda polzunning pastki holatida shtampning yuqori va pastki yarim boʻlaklarining eng koʻp chiqib turadigan qismlari (mahkamlovchi boltlar, ponalar va boshqalar) oʻrtasidagi oraliq masofa 35 mm ni tashkil etishi kerak.
423. Shtamplarni moylash shtampning harakatlanayotgan qismlari zonasiga qoʻlni kiritish zaruriyatini istisno qiluvchi maxsus moslamalar yordamida amalga oshirilishi lozim.
424. Qizdirib qoliplash shtamplarini moylash uchun imkon boricha yonmaydigan moylash materiallaridan foydalanish darkor.
425. Qoliplash paytida moylash materiallarining yonishi natijasida paydo boʻladigan zararli gazlarni chiqarib tashlash uchun qoliplash toʻqmoqlari va bolgʻalash presslari ish hududidan gazlarni chiqarib yuboruvchi chiqarish qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
426. Press va shtamplovchi toʻqmoqlar toʻsiqlar yoki xavfsiz ishlashni taʼminlaydigan moslamalarga (ikki qoʻllab boshqarish va hokazo) ega boʻlishi kerak.
427. Pressning boshqaruv mexanizmini (dastaki yoki pedalli) almashlab ulash tashkilot texnika xavfsizligi boʻlimi (byurosi) ruxsati bilan amalga oshirilishi kerak.
428. Ogʻirligi 20 kg dan ortiq boʻlgan uskuna qismlari va asboblarni olish va oʻrnatish ishlari mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
429. Gidravlik uskunalar uchun ishlatiladigan suv toza boʻlishi va unda choʻkmalar hosil qiladigan moddalar boʻlmasligi kerak.
430. Gidropress plunjeri qisilib qolgan holatlarda uni koʻprikli kran yordamida chiqarib olish taqiqlanadi.
431. Ish tugaganidan soʻng yoki ishda tanaffus paytida gidropress plunjerini pastga tushirilgan holatda qoldirish zarur.
432. Qish mavsumida, gidropress ishida uzoq vaqt tanaffus boʻlgan paytda silindr va quvur oʻtkazgichlardan suvni toʻkib tashlash lozim.
433. Ishlab chiqarish uskunasi va energiya elitgich tarmoqlarini taʼmirlash va koʻrikdan oʻtkazishdan avval ularni energiya manbalaridan toʻliq oʻchirish hamda ularni tasodifan ulab yuborilishiga qarshi chora- tadbirlar koʻrilishi kerak.
434. Uskuna qismlari stellajlarga yoki taxta tagliklarga oʻrnatilishi kerak. Maxovik va shesternalar gorizontal holatda taxlanishi kerak.
Yechib olingan maxovik va shesternalarni devor yoki uskunaga qiyalatib taxlab qoʻyish taqiqlanadi.
435. Uskunani taʼmirlash ishlari tugatilgandan soʻng quvuroʻtkazgich va elektr simlarni qaytadan ulashdan avval ularning sozligi tekshirib chiqilishi lozim.
V. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
436. Tashkilotlarni (sexlarni) loyihalashtirishda, qurishda (montaj qilishda) mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
437. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(437-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VI. Yakuniy qoida
438. Mazkur Qoidalar “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqarmasi raisi U. ROZUQULOV
2009-yil 11-avgust
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
2009-yil 11-avgust
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
2009-yil 11-avgust
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2009-yil 11-avgust
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshligʻi I. XOLMATOV
2009-yil 11-avgust
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2009-yil 11-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 40-son, 437-modda; 2010-y., 51-son, 493-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 10/19/2010-2/3472-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 21.06.2023-y., 10/23/2010-3/0407-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son; 13.10.2025-y., 10/25/3688/0923-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)