Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FUQAROLARNI MUDDATLI HARBIY VA MUQOBIL XIZMATLARGA ChAQIRISh, SAFARBARLIK ChAQIRUVI REZERVIDAGI XIZMATGA QABUL QILISh BOʻYIChA ChAQIRUV KOMISSIYALARI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4630-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish boʻyicha chaqiruv komissiyalari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mudofaa vazirligi (Q. Berdiyev), Ichki ishlar vazirligi (B. Matlyubov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Ikromov), Davlat test markazi (B. Ismailov) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda yuqoridagi Nizom talablaridan kelib chiqqan holda fuqarolarning muddatli harbiy, muqobil xizmatga chaqirilishini va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilinishini tashkil etishga va oʻtkazishga shaxsan masʼul ekanliklari belgilab qoʻyilsin.
3. Mudofaa vazirligi (Q. Berdiyev), Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabi (A. Kosyanenko) mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda idoraviy hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 1-oktabr,
265-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 1-oktabrdagi 265-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish boʻyicha chaqiruv komissiyalari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga asosan fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish boʻyicha chaqiruv komissiyalari (keyingi oʻrinlarda chaqiruv komissiyalari deb yuritiladi) tarkibini, faoliyat tartibini, vazifalarini hamda uning raisi va aʼzolarining majburiyatlarini belgilaydi.
2. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, shahar va tumanlarda chaqiruv komissiyalari tuziladi.
3. Chaqiruv komissiyalari faoliyatining boshlanishi va tugatilishi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi chaqiruvni oʻtkazish va muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatlarini oʻtab boʻlgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisidagi qarori bilan belgilanadi.
4. Chaqiruv komissiyalari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
II. Chaqiruv komissiyalari tarkibi
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlarining oʻrinbosarlari tegishli ravishda hududiy chaqiruv komissiyalarining raislari etib tayinlanadilar.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari raislarining oʻrinbosarlari etib mudofaa ishlari boshqarmasi (boʻlimi) boshliqlari tayinlanadilar.
Chaqiruv komissiyalari tarkibiga quyidagi mansabdor shaxslar va tashkilotlar vakillari kiritiladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining, viloyatlar, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmalari va tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimlari boshliqlarining oʻrinbosarlari;
Respublika “Mahalla” xayriya jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar) boʻlimlari (boʻlinmalari) vakillari;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar) boʻlimlari (boʻlinmalari) vakillari;
(6-bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-fevraldagi 90-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 8-son, 120-modda)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitalari vakillari;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, shahar va tuman boʻlimi vakillari;
(6-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha vakili (Toshkent viloyati va Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori buyrugʻi bilan masʼul xodim belgilanadi);
chaqiruv komissiyasi katta shifokori.
7. Chaqiruv komissiyalarining shaxsiy tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
III. Chaqiruv komissiyalarining asosiy vazifalari
8. Quyidagilar tuman (shahar) chaqiruv komissiyalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan fuqarolarni yigʻish tadbirlarini uyushtirib, harbiy qismlarga tantanali vaziyatda kuzatish, Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarning yashash joylarida tantanali ravishda kutib olinishini taʼminlash borasida tegishli vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini tashkil etish;
chaqiruv komissiyalarining chaqiruv punktlarida ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar, jumladan aloqa vositalari, dori-darmonlar, tibbiyot va xoʻjalik mol-mulki, avtomobil transporti bilan taʼminlash hamda jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarini tashkil etish;
ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tadbirlarining keng targʻib qilinishini taʼminlash;
chaqiruvning oshkoraligini taʼminlash, chaqiruv komissiyalari faoliyati yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
fuqarolarning chaqiruv masalalariga oid murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chaqiruv komissiyalari zimmasiga quyidagi vazifalar yuklanadi:
chaqirilish muddatini kechiktirish yoki chaqirilishdan ozod qilishning toʻgʻriligini tekshirish;
chaqiriluvchilarni harbiy kasblarga tayinlashda ularning jismoniy va umumiy tayyorgarligi, tajribasi, qobiliyati, qiziqishi va boshqa fazilatlarini hisobga olishning asoslanganligini nazorat qilish;
shahar va tuman chaqiruv komissiyalari aʼzolarining uslubiy tayyorgarligini tashkil etish;
chaqiruv komissiyalarining yigʻin punktlarida ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar, jumladan aloqa vositalari, dori-darmonlar, tibbiyot va xoʻjalik mol-mulki, avtomobil transporti bilan taʼminlash, jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarni amalga oshirish;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan fuqarolarni yigʻish tadbirlarini uyushtirib, harbiy qismlarga tantanali vaziyatda kuzatish, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarning yashash joylarida tantanali vaziyatda kutib olinishini taʼminlash borasida tegishli vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini tashkil etish;
fuqarolarning tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari qarorlari yuzasidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqish.
IV. Chaqiruv komissiyasi faoliyatini tashkil etish tartibi
10. Chaqiruv komissiyasining yigʻilishlari komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida oʻtkaziladi.
11. Chaqiruv komissiyasi oʻz ishini dastavval chaqiriluvchilarning shaxsiy yigʻma jildlarini oʻrganishdan boshlaydi.
12. Chaqiriluvchini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, uning maʼnaviy va kasbiy fazilatlarini, shuningdek, oila aʼzolarining moddiy va ijtimoiy ahvolini oʻrganish natijalariga muvofiq tuman (shahar) chaqiruv komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
harbiy xizmatga yaroqliligi va qoʻshin turini belgilagan holda harbiy xizmatga chaqirish toʻgʻrisida;
harbiy xizmatga yaroqliligi va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga tayinlash toʻgʻrisida;
harbiy xizmatga yaroqliligi va muqobil xizmatga chaqirish toʻgʻrisida;
salomatligiga koʻra harbiy xizmatga vaqtincha yaroqsizligi toʻgʻrisida;
harbiy xizmatga chaqirilish muddatini belgilangan tartibda kechiktirish yoki chaqirilishdan ozod qilish toʻgʻrisida;
salomatligiga koʻra tinchlik davridagi harbiy xizmatga yaroqsizligi, urush davrida harbiy xizmatga cheklangan ravishda yaroqliligi va zaxiraga oʻtkazish toʻgʻrisida;
harbiy xizmatga yaroqsiz deb topib, harbiy hisobdan chiqarish toʻgʻrisida.
Chaqiruv komissiyasi oʻz qarorlarini bayonnomalar kitobida rasmiylashtirib boradi.
Bayonnomalar hamda chaqiriluvchilarning yigʻma jildlaridagi hisobga olish kartasi chaqiruv komissiyasi raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar chaqiruv komissiyasi chaqiruv tadbirlari tugagandan soʻng 5 kun muddatda fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish, muqobil xizmatga chaqirish, chaqiruv muddatini kechiktirish, chaqiruvdan ozod etish, muddatli harbiy xizmatga yangi chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga tantanali vaziyatda kuzatish, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni tantanali vaziyatda kutib olish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yakunlari toʻgʻrisida axborot tayyorlab, tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, ular esa oʻz navbatida ushbu axborotni 10 kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadilar.
V. Chaqiruv komissiyalarining raislari va komissiya aʼzolarining majburiyatlari
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari raislarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi chaqiruvni oʻtkazish va muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatlarini oʻtab boʻlgan harbiy xizmatchilarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatish toʻgʻrisidagi qarori eʼlon qilingandan soʻng, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklarining tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish hamda tasdiqlashga kiritish;
tegishli ravishda yigʻin va chaqiruv punktlarini chaqiruv tadbirlarini oʻtkazishga tayyorlash;
chaqiruv komissiyalari aʼzolarining uslubiy tayyorgarligini tashkil etish, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash va tasdiqlash;
chaqiruv komissiyasi faoliyatini boshqarish va komissiya tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishida shaxsan ishtirok etish;
chaqiruv komissiyasining muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan fuqarolarni harbiy qismlarga tantanali vaziyatda kuzatish va Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylarida tantanali vaziyatda kutib olish boʻyicha faoliyatini tashkil etish;
fuqarolarning murojaatlari, ariza va shikoyatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chaqiruv komissiyasi raislari tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari raislarining faoliyatini muvofiqlashtiradilar.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari raislarining oʻrinbosarlari — mudofaa ishlari boshqarmasi (boʻlimi) boshliqlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻyicha vakillari bilan hamkorlikda mudofaa ishlari boshqarmasida chaqiriluvchilar tanlovini tashkil etish;
chaqiruv komissiyasi ishida va komissiya tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishida shaxsan ishtirok etish;
tegishli ravishda yigʻin va chaqiruv punktlari ishini tashkil etish, chaqiruv komissiyasi aʼzolariga amaliy yordam koʻrsatish;
muddatli harbiy xizmatga yangi chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga kuzatish, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni joylarda kutib olish tadbirlari ijrosini nazorat qilish;
chaqiriluvchilarning yigʻin va chaqiruv punktlariga oʻz vaqtida yetib kelishlarini nazorat qilish, shuningdek, ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda harbiy xizmatdan boʻyin tovlayotgan shaxslarni qidirib topish, ushlash va mudofaa ishlari organlariga olib borish chora-tadbirlarini koʻrish;
harbiy xizmatchilarning salomatligiga koʻra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilib, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan qaytarilgan har bir holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy organlari bilan hamkorlikda xizmat tekshiruvi oʻtkazish;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilingan, muddatli va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtab, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilar oʻrtasida qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar haqida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
chaqiruv yoshiga yetgan har bir shaxsning, u haqiqatan ham Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ekanligini, oilasidagi moddiy ahvolini, salomatligini, sudlangan-sudlanmaganligini, shu jumladan ichki ishlar idoralari tomonidan yuritiladigan profilaktik hisobga kiritilgan-kiritilmaganligini aniqlash ishlarini tashkil etish;
Keyingi tahrirga qarang.
amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) hokimliklari rahbariyatiga belgilangan tartibda axborot berib borish;
muddatli harbiy xizmatga yangidan chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga tantanali vaziyatda kuzatish, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni joylarda tantanali vaziyatda kutib olish, ularni ishga joylashtirish boʻyicha olib borilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma tayyorlash.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chaqiruv komissiyalari raislarining oʻrinbosarlari tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari raislari oʻrinbosarlarining ish faoliyatini muvofiqlashtiradilar.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining, viloyatlar, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmalari va tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimlari boshliqlarining oʻrinbosarlari — chaqiruv komissiyasi aʼzolarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
har bir chaqiriluvchi va chaqiruv yoshiga yetgan har bir shaxsni, u haqiqatan ham Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ekanligini, sudlangan-sudlanmaganligini, ichki ishlar idoralari tomonidan yuritiladigan profilaktik hisobga kiritilgan-kiritilmaganligini aniqlash;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
muqaddam sudlangan, ichki ishlar idoralari tomonidan yuritiladigan profilaktik hisobga kiritilgan, tergovga qadar tekshiruv surishtiruv va dastlabki tergov olib borilayotgan ishga daxldor chaqiriluvchilar roʻyxatini mudofaa ishlari organlariga taqdim etish;
(18-banding uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 960-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/960/0355-son)
Keyingi tahrirga qarang.
chaqiruv komissiyasi ishida va komissiya tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishida shaxsan ishtirok etish;
umumiy harbiy majburiyatdan boʻyin tovlayotgan chaqiriluvchilarni qidirib topish, ushlash va mudofaa ishlari organlariga olib borishni taʼminlash;
tegishli ravishda yigʻin va chaqiruv punktlarida, shu jumladan muddatli harbiy xizmatga yangidan chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga joʻnatish joylarida (temir yoʻl stansiyalari, vokzallar va aeroportlarda) jamoat tartibi saqlanishini taʼminlash;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida muddatli harbiy xizmatga yangidan chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga joʻnatish joylariga (temir yoʻl stansiyalari, vokzallar va aeroportlarga) olib boradigan yoʻnalishlarni oldindan aniqlashni, ajratilgan avtotransport vositalarini oʻz vaqtida texnik koʻrikdan oʻtkazishni, haydovchilarga yoʻl harakati qoidalariga rioya etish borasida yoʻl-yoʻriq berishni, texnik jihatdan nosoz avtotransport vositalaridan foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrishni va chaqiriluvchilar tashilayotgan avtomobillarning patrul xizmati avtomobillari kuzatuvida harakatlanishini taʼminlash;
muddatli harbiy xizmatga yangidan chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga tantanali vaziyatda kuzatishni, Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni joylarda tantanali vaziyatda kutib olishni tashkil etishga koʻmaklashish.
19. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining, viloyatlar, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari oʻrinbosarlari tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimlari boshliqlari oʻrinbosarlarining ish faoliyatini muvofiqlashtiradilar.
20. Respublika “Mahalla” xayriya, Oʻzbekiston faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmalarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, shahar va tuman boʻlimlari (boʻlinmalari), xotin-qizlar qoʻmitalari vakillari — chaqiruv komissiyasi aʼzolari:
fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish, chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirishdan ozod etish ishlarining oshkoralik va xolislik asosida oʻtkazilishi yuzasidan samarali jamoat nazoratini taʼminlaydilar;
chaqiruv komissiyasi ishida va komissiya tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishida shaxsan ishtirok etadilar;
chaqiriluvchilarning chaqiruv komissiyalariga oʻz vaqtida yetib kelishlarini taʼminlash ishlariga koʻmaklashadilar;
chaqiriluvchilarning urush va mehnat faxriylari bilan uchrashuvlarini tashkil etadilar va oʻtkazadilar;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilinayotgan chaqiriluvchilarning oilaviy va moddiy ahvolini oʻrganish, ushbu ishlar natijalarini mudofaa ishlari boʻlimiga taqdim etish va chaqiriluvchilarga mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan xolisona tavsifnoma berish ishlarini tashkil etadilar;
muddatli harbiy xizmatga yangidan chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga tantanali vaziyatda kuzatish, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan muddatli harbiy xizmatchilarni joylarda tantanali vaziyatda kutib olish tadbirlarida ishtirok etadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) boʻlimi vakillari — chaqiruv komissiyasi aʼzolari:
(21-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish, chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirishdan ozod etish ishlarining oshkoralik va xolislik asosida oʻtkazilishi yuzasidan samarali jamoat nazoratini taʼminlaydilar;
chaqiruv komissiyasi ishida va komissiya tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishida shaxsan ishtirok etadilar;
muddatli harbiy xizmatni namunali oʻtagan harbiy xizmatchilarga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlari uchun harbiy qism qoʻmondonligi tomonidan beriladigan tavsiyanomalar va boshqa imtiyozlar toʻgʻrisida chaqiriluvchilar oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib boradilar;
mudofaa ishlari boʻlimi hamda chaqiruv punktini chaqiriluvchilarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish hamda vatanparvarlik, mamlakat taqdiri uchun masʼullik hissini oshirishga yoʻnaltirilgan koʻrgazmali targʻibot vositalari bilan taʼminlashga yordam beradilar;
harbiy-sport musobaqalarining viloyat va respublika bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan chaqiriluvchilarga oʻzlari istagan qoʻshin turida xizmatni oʻtashi uchun (ularning ijtimoiy-siyosiy va jismoniy tayyorgarliklari ushbu qoʻshin turi uchun belgilangan talablarga javob berishi sharti bilan) yuborilishiga tavsiyanoma beradilar;
muddatli harbiy xizmatga yangi chaqirilgan harbiy xizmatchilarni tantanali vaziyatda kuzatish, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan muddatli harbiy xizmatchilarni joylarda tantanali vaziyatda kutib olish tadbirlarida ishtirok etadilar.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha vakillari — chaqiruv komissiyasi aʼzolarining vazifalari quyidagilardan iborat:
chaqiruv komissiyasini chaqiriluvchilarning bilim saviyasini aniqlash boʻyicha test materiallari bilan taʼminlash;
chaqiriluvchilarning bilim saviyasini aniqlash boʻyicha test sinovlarini belgilangan tartib va qoidalarga qatʼiy rioya etgan holda oʻtkazish, natijalarini chaqiruv komissiyalariga oʻz vaqtida yetkazish;
chaqiruv komissiyasi ishida va komissiya tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishida shaxsan ishtirok etish.
23. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) chaqiruv komissiyalarining katta shifokorlari — chaqiruv komissiyasi aʼzolarining vazifalari quyidagilardan iborat:
chaqiruv komissiyasi faoliyati boshlangunga qadar shifokorlar xonalarini sanitariya-gigiyena talablariga javob berishini, ularda zarur tibbiy asbob-uskuna, anjom va dori-darmonlar mavjudligini va ularning yaroqliligini tekshirish;
chaqiruv komissiyasiga chaqiriluvchilarning tibbiy hujjatlarini, jumladan, ruhiy-asab, sil kasalliklari, narkologik va teri-tanosil kasalliklar dispansyerlari, OITS markazlari, sanitariya-epidemiologiya stansiyalari va shu kabi boshqa davolash muassasalari hisobida turgan chaqiruv yoshidagi shaxslarning roʻyxati, kasallik tarixidan koʻchirmalarini oʻz vaqtida taqdim etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan sifatli oʻtkazish;
Keyingi tahrirga qarang.
chaqiriluvchilarning hisob kartochkalarida shifokor-mutaxassislar tomonidan qayd etilgan yozuv va xulosalarning toʻgʻriligini tekshirish, chaqiriluvchining harbiy xizmatga, xususan, muayyan qoʻshin turidagi harbiy xizmatga yaroqliligi, davolanish uchun chaqiruv muddatini kechiktirish yoki qoʻshimcha tibbiy koʻrikdan oʻtkazish zarurligi yuzasidan qaror qabul qilish;
chaqiruv komissiyasi raisining oʻrinbosari bilan birgalikda chaqiriluvchilarni oʻz vaqtida qoʻshimcha tibbiy koʻrik va davolanishga joʻnatish, ularning qoʻshimcha tibbiy koʻrik va davolanishdan soʻng kechikmasdan qaytib kelishini nazorat qilish;
chaqiruv komissiyasi raisiga chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlarida aniqlangan barcha kamchiliklar haqida axborot berish, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrish;
tibbiy koʻrikning talab darajasida oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida ilgari oʻtkazilgan chaqiruv tadbirlari jarayonida yoʻl qoʻyilgan xato-kamchiliklar tahlili asosida tibbiy komissiyaning shifokor-mutaxassislari bilan oʻquv-uslubiy mashgʻulotlar oʻtkazish;
harbiy xizmatchilarning salomatligiga koʻra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilib, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan qaytarilgan har bir holat yuzasidan mudofaa ishlari boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda xolisona xizmat tekshiruvi oʻtkazish;
chaqiriluvchilarning tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha hisobotlarni tayyorlash va chaqiruv komissiyasiga taqdim etish;
chaqiruv komissiyasi faoliyati yakuni boʻyicha hisobotlarni tayyorlash, tegishli ravishda kiritish, umumlashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash, Mudofaa vazirliklariga taqdim etish.
24. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chaqiruv komissiyalarining katta shifokorlari tuman (shahar) chaqiruv komissiyalarining katta shifokorlari faoliyatini muvofiqlashtiradilar.
25. Chaqiruv komissiyalari kotiblarining vazifalari quyidagilardan iborat:
tibbiy tekshiruv va kasalliklar tashxisi hamda chaqiriluvchilarning sogʻligʻi boʻyicha shikoyatlari asosida shifokor-mutaxassislarning xulosalarini chaqiruv komissiyasining bayonnomalari kitobiga kiritish;
chaqiruv komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarni chaqiruv komissiyasining bayonnomalari kitobida oʻz vaqtida, toʻgʻri rasmiylashtirib borish;
kasalliklar tashxisi tasdiqlanmagan, shuningdek boshqa sabablarga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar yigʻin punktidan tuman mudofaa ishlari boʻlimiga qaytarilgan chaqiriluvchilarning hisobini yuritish;
chaqiruv komissiyasining bayonnomalari kitobida komissiyaning kundalik ish faoliyatiga yakun yasab, olib borilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tayyorlash.
26. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chaqiruv komissiyalarining kotiblari tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari kotiblari faoliyatini muvofiqlashtiradilar.
VI. Yakuniy qoidalar
27. Chaqiruv tadbirlariga jalb etilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari aʼzolarining doimiy ish joyi lavozimi va oʻrtacha ish haqi ular mazkur Nizomda belgilangan vazifalarni bajarayotgan butun davr mobaynida saqlanib qoladi.
28. Mazkur Nizom talablarini buzgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari aʼzolari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
29. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) chaqiruv komissiyalarining qarorlari yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 40-son, 435-modda; 2017-y., 8-son, 120-modda, 37-son, 996-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/960/0355-son, 04.05.2018 g., № 09/18/321/1154; 12.03.2019-y., 09/19/210/2757-son)