Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markaziga binolar ajratish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalarining taʼlim-tarbiya olishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markazi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining:
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti balansiga Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Usmon Nosir koʻchasi (Sh. Rustaveli), 25-uy manzilidagi binoni;
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markazi balansiga Toshkent shahar, Sobir Rahimov tumani, 2-Chimboy koʻchasi, 96-uy (kino-video kollejining sobiq yotoqxonasi) manzilida joylashgan binoni haq olmasdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda:
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti va Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markazini yangi binolarga koʻchirish;
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Toshkent shahar, Mirobod tumani, Olmachi koʻchasi, 32-uyda joylashgan oʻquv binosida vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarni hamda ijarada turgan tashkilotlarni boshqa joyga koʻchirish masalalarini hal etsin.
3. Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga binolarni kapital taʼmirlash va rekonstruksiya qilish uchun barcha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ularni ekspertizadan oʻtkazish, tender savdolarini tashkil etish topshirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti binosini taʼmirlash uchun ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan taʼmirlash ishlari xarajatlarini qoplash uchun zarur mablagʻlarni 2007-yilgi Davlat budjeti parametrlarida ijtimoiy sohaga belgilangan mablagʻlar doirasida ajratsin;
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markaziga berilgan binoni kapital taʼmirlash va rekonstruksiya qilish uchun belgilangan tartibda taqdim etilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida mablagʻ ajratishni rejaga kiritsin;
Keyingi tahrirga qarang.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan birgalikda Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markazi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining 2007-yilgi xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi amalda foydalanib kelayotgan barcha telefon va telekommunikatsiya aloqalarini, shu jumladan, hukumat telefonini belgilangan tartibda Markaz ixtiyorida qoldirish masalasini hal etsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Qosimov va Toshkent shahar hokimi A.X.Toʻxtayev zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-oktabr,
207-son