OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
YOGʻOCHNI QAYTA ISHLASH ISHLAB CHIQARISHI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 4-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2003]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Yogʻochni qayta ishlash ishlab chiqarishi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 4-avgust,
44-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 4-avgustdagi 44-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Yogʻochni qayta ishlash ishlab chiqarishi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) Qonuniga muvofiq yogʻochni qayta ishlash ishlab chiqarishida mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar yogʻochni qayta ishlash ishlab chiqarishi tashkilotlariga (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
maʼmuriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oʻz vaqtida, toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha boʻlimni oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
ishchi va xizmatchilar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
8. Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasida mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozim joriy etiladi), 50 va undan ortiq transport vositalariga ega boʻlgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
11. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish
12. Tashkilotlarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari hamda bilimlari sinovdan oʻtkazilishi kerak.
13. Bevosita ishlab chiqarishda ishlarni tashkillashtirish va bajarish bilan bogʻliq xodimlar, rahbarlar, muhandis-texnik xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi va ishlovchilar hamda ish joylarini shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
15. Yogʻochni qayta ishlash ishlab chiqarishiga asosiy xavfli va zararli quyidagi omillar xosdir:
a) ish joyi hududi havosining changlanishi (silikat tarkibli va yogʻoch changi) va gazlanishi (uglerod oksidi, azot oksidi va boshqalar);
b) shovqin, tebranish, issiqlik nurlanishi va noqulay mikroiqlim (yuqori harorat, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi).
16. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, ishchilarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
17. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining xavfli hamda zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻirligi ish joylarini mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiya qilish orqali tasdiqlanishi lozim.
18. Har bitta tashkilot yoki alohida ishlab chiqarish xavfli va zararli mehnat sharoitlariga ega boʻlgan kasblar, ish oʻrinlari va hududlarining Sanitariya qoidalari va meʼyorlariga muvofiq zararlilik va xavflilik sinfi koʻrsatilgan roʻyxatiga hamda ishlab chiqarish omillarining zararlilik va xavflilik koʻrsatkichlari, mehnat jarayonining ogʻirlik koʻrsatkichlari boʻyicha mehnat sharoitlarining amaldagi gigiyenik tasnifiga ega boʻlishi lozim.
19. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoxud yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda roʻyxatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
20. Tashkilot oʻta xavfli sharoitda bajariladigan kasblar va ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatda aniq texnologik jarayon, ishlab chiqarish uskunasi, ishlatiladigan xom ashyo va ishlarni amalga oshirish xususiyatlari bilan bogʻliq xavflar hisobga olinishi lozim. Roʻyxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar, elektr uskunalariga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar hamda amaldagi tarmoq roʻyxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
21. Oʻta xavfli ishlarga faqat maxsus oʻqitilgan, ushbu ishlarni bajarish huquqini beruvchi hujjatga ega boʻlgan xodimlar qoʻyiladi.
22. Barcha xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishi va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini oʻzlashtirib olishi shart.
23. Oʻta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda masʼul xodim qoʻl qoʻyib rasmiylashtirilgan maxsus naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
24. Tashkilot (sex) rahbariyati oʻta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga toʻla javobgardirlar.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
25. Ishlovchilarni zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish tegishli standartlar va meʼyorlar talablariga mos jamoaviy va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
26. Jamoaviy himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, tebranma, elektr toki urishi, statik tok va uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
27. Jamoaviy himoya vositalari (ventilyatsiya, aspiratsiya, yerga ulash, mahalliy soʻrgʻichlar va boshqalar) zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillari xonadagi barcha ishlovchilarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
28. Jamoaviy himoya vositalari zararli va xavfli omillarni ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda shaxsiy himoya vositalari qoʻllanishi lozim. Bunday hollarda shaxsiy himoya vositalarisiz kishilarning ishtiroki va ishlar amalga oshirilishi taqiqlanadi.
29. Mehnat sharoiti noqulay ishlarda band boʻlgan xodimlar belgilangan normalar boʻyicha:
sut (shunga teng boshqa oziq-ovqat mahsulotlari);
davolash-profilaktika oziq-ovqati;
gazli shoʻr suv (issiq sexlarda ishlovchilar uchun);
maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan bepul taʼminlanishi lozim.
30. Shaxsiy himoya vositalaridan foydalangan holda ishlovchilar, ularning qoʻllanishi, himoya xususiyatlari, amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi hamda ulardan foydalanishga oʻrgatilishi lozim.
31. Tashkilot maʼmuriyati yoki ish beruvchi quyidagilarni taʼminlashi shart:
amaldagi meʼyorlar boʻyicha mazkur ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan barcha shaxsiy himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasini;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishni;
qoʻllanilayotgan himoya vositalarining samaradorligi va sozligini tekshirishni;
shaxsiy himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni degazatsiya va dezinfeksiya qilishni (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
32. Tashkilot maʼmuriyati, ishchi va xizmatchilarni maxsus kiyim, poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan Mebel ishlab chiqarishda xodimlar uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlariga (roʻyxat raqami 1904, 2009-yil 14-fevral) muvofiq taʼminlashi shart.
6-§. Xodimlarning ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishiga ruxsat berish
33. Tashkilot xodimlari ishni bajarishning xavfsiz usullariga oʻqitilib, olingan bilimlari Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq sinovdan oʻtkazilgandan soʻng ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishga ruxsat etilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
34. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar mehnatidan foydalanishga hamda ularning yuk koʻtarishi va tashishiga normativ hujjatlar talablariga muvofiq ruxsat etilishi lozim.
35. Ayollar mehnatidan foydalanish qisman yoki toʻliq taqiqlangan noqulay mehnat sharoitiga ega ishlar roʻyxatiga (roʻyxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7-§. Xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish
36. Tashkilot maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va vakolatli sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Tashkilotlarda xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
38. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni maʼmuriyat ishga qoʻymaslikka haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
39. Sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan ishga oʻtkazishga muhtoj xodimlarni ish beruvchi, ularning roziligi bilan, tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yoki muddatini cheklamay, ana shunday ishlarga oʻtkazishi shart.
40. Tibbiy koʻriklar tashkilotning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Tashkilot maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilotning maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Tashkilot maydonlariga boʻlgan xavfsizlik talablari
44. Tashkilot maydonlari va binolarni joylashuvi SanMvaQ II-89-80 “Sanoat korxonalarini bosh plani”ga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Tashkilotda transport vositalarini va piyodalarni tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi kerak.
46. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish, hamda ish uchastkalari va sexlarining koʻrinarli joylariga osib qoʻyilishi kerak.
47. Tashkilotda avtoyoʻllar yoki piyoda yoʻlkalari bilan tutashgan ichki tashkilot temir yoʻllari uchrashgan joylarda avtoyoʻllar va piyodalar uchun oʻtish yoʻllari boʻlishi lozim.
48. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Tashkilot maydonida ishchilar uchun dam olish joylari boʻlishi lozim.
49. Sutkaning qorongʻu vaqtlarida hududlarning yoritilishi “Tabiiy va sunʼiy yoritish” QMQ 2.01.05-98 talabiga javob berishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
50. Tashkilot maydonidagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangani boʻlishi kerak.
51. Yilning yoz vaqtida yoʻlkalar va oʻtish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan boʻlishi kerak.
52. Tashkilotlarda harakatlanuvchi temir yoʻl sostavlarini intensiv harakatlanishiga oʻtish joylari avtomatik signal bilan taʼminlanishi lozim.
53. Tashkilot hududi SHNQ 2.01.02-04 “Binolar va inshootlarni yongʻinga qarshi xavfsizligi” talablariga mos keluvchi yongʻin oʻchirish vositalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
9-§. Bino va inshootlarga boʻlgan xavfsizlik talablari
54. Ishlab chiqarish va yordamchi xonalarni (harorati, nisbiy namligi, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar) mikroiqlimi GOST 12.1.005-88 talabiga muvofiq boʻlishi kerak.
55. Ishlab chiqarish va yordamchi binolarda hojatxona, yuvinish xonasi, dush, ayollar shaxsiy gigiyenasi xonasi, yechinish xonasi, maxsus kiyimlarni quritish va changdan tozalash xonasi, ishchilar isinish xonasi, dam olish va ovqatlanish xonasi, yigʻishtirish inventari bilan birga navbatchi xodim xonasi, dam olish xonasi, soqolni olish, boshni quritish, maxsus kiyimlarni yuvish xonasi, sogʻliqni saqlash punkti va boshqalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
56. Hoʻl jarayonlardagi xonalarda, hamda issiq oʻtkazuvchi pollarda (betonli, gʻishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlovchi ishchi joylarida yogʻoch toʻshamalar va panjaralar yotqizilgan boʻlishi kerak.
57. Pol toʻshamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalanishni taʼminlashi kerak.
58. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari SanMvaQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
59. Binoga transport vositalarini kirish joylari darvozalar va signal asbob-uskunalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
60. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar orqali mustahkam oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
61. Keng izli temir yoʻl transportining binoga kirishi uchun darvoza eni kamida 4,9 m, balandligi kamida 5,4 m boʻlishi kerak.
62. Avtomobil transportining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan avtomobillar eni miqdoridan oshiq boʻlishi kerak.
63. Darvozalar balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan oshiq boʻlishi kerak.
64. Binolarning oynalangan fonarlariga gorizontal metall toʻrlar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
65. Vertikal oynalangan fonarlar uchun toʻrlar eni 0,7 m dan kam boʻlmasligi kerak. Yopiq va gorizontal oynalanganda toʻrlarning eni, tavaqalarni oynalangan gorizontal proyeksiyasi miqdori boʻyicha hisoblab aniqlanadi.
66. Akkumulyator batareyalarini zaryadlash uchun xonalar oqib-tortish ventilyatsiyalari uskunalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
67. Akkumulyator batareyalarini zaryadlash xonalarini kirish eshiklariga GOST 12.4.026-76 “Ochiq olovdan foydalanish man etiladi”, “Chekish mumkin emas”, “Kirish taqiqlanadi” kabi muvofiq taqiqlovchi va ogohlantiruvchi xavfsizlik belgilari osilgan boʻlishi kerak.
68. Barcha tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish va holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan boʻlishi kerak.
69. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam boʻlmagan holda tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik koʻrigidan oʻtkazilishi lozim. Koʻrik xulosalari, ulardan topilgan nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar va muddati koʻrsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
70. Xodimlar uchun xavf tugʻdiruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Halokatni bartaraf etilguncha ishlab chiqarish jarayonlari xavfli hududlarda toʻxtalishi lozim, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga koʻchirilishi kerak.
10-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
71. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talabiga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
72. Bino va inshootlarning ishlab chiqarish xonalarida havodagi zararli moddalar miqdori SanQvaM 0046-95 “Gigiyenik normativlar. Ish hududi havosida zararli moddalarning ruxsat etilgan eng koʻp miqdorlari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
73. Oʻtish joylarida (galereyalarda, zinalar maydonchalarida va shunga oʻxshash) joylashgan isitish jihozlari (quvurlar, registrlar va shunga oʻxshashlar), ruxsat etilgan oʻtish yoʻlkalarining enini kamaytirmasligi kerak.
74. Ishchi joylarida havo harorati yilning sovuq davrida yengil jismoniy ishlarda 21°C, oʻrta ogʻir ishlarda 17°C va ogʻir ishlarda 16°C dan past boʻlmasligi kerak.
75. Xodimlarning isinishi uchun xonalarda havo harorati 22°C dan kam boʻlmasligi kerak.
76. Binolarda joylashgan ishchi maydonlaridan, xodimlarning isinish xonalarigacha boʻlgan masofa 75 m, tashkilot maydonidagi ishchi joylaridan 150 m dan koʻp boʻlmasligi kerak.
11-§. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
77. Suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
78. Tashkilotning ishlab chiqarish oqova suvlari, tashqi kanalizatsiyaga yetib kelguncha zararli moddalardan tozalanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
79. Tozalangan suvda zararli moddalar tarkibi sanitar normalariga asosan chegaralangan konsentratsiyasidan oshib ketishi kerak emas.
80. Ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun beriladigan suvning sifati texnologik talablarga mos boʻlishi kerak.
81. Ichimlik suvdan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda baklarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
82. Ish joyidan suv ichish qurilmasigacha boʻlgan masofa 75 m dan oshmasligi kerak.
83. Ichimlik suvining harorati 8 dan 20°C gacha boʻlishi kerak.
84. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq va kanalizatsiyalangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
85. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi yoʻq boʻlganda Davlat sanitar nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmaslikka va ishlab chiqarish kanalizatsiyasiga dushxonalardan va yuz-qoʻl yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat oʻralariga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
86. Tashkilot maydonida, ishlab chiqarish va yordamchi binolar va xonalarda tabiiy va sunʼiy yoritishlar QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
87. Yoritish uskunalarini oʻrnatishda qandillarning turlari, lampalarning quvvati va ularning joylashishi tasdiqlangan loyihaga mos boʻlishi kerak.
88. Ishlab chiqarish sexlaridagi, xom ashyo omborlari va yuk tushirish-ortish maydonlaridagi texnologik uskunalar umumiyga qoʻshimcha ravishda koʻchma yoritish moslamalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
89. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya isteʼmolchilarini ulash taqiqlanadi. Avariya yoritishlarini sozligi kamida chorakda bir marta tekshirilishi lozim.
90. Yorugʻ tushuvchi oynalarni yilda ikki martadan kam boʻlmagan holda tozalash lozim.
91. Yorugʻlik tushadigan deraza va eshiklarni begona predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) bilan toʻsib qoʻyilishiga ruxsat etilmaydi.
92. Yuqori xavfli xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Oʻta xavfli xonalarda, xonalardan tashqari, hamda uskunalar va inshootlar (bunkerlar, silososlar, quduqlar, bugʻlantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ni yoritish uchun koʻchma elektr yoritqichlarni kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak. Barcha koʻchma yoritqichlarning metall himoyalanish toʻri hamda shisha qalpogʻi boʻlishi kerak.
III. Ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Texnologik hujjatlarda hisobga olinishi lozim boʻlgan xavfsizlik talablari
93. Yogʻochni qayta ishlash texnologik jarayonlari ushbu Qoidalarga, SanQvaM № 0208-06 “Texnologik jarayonlarni tashkillashtirish sanitariya qoidalari va ishlab chiqarish jihozlariga gigiyenik talablar” va GOST 12.3.042-88 “Yogʻochni qayta ishlab chiqaruvchi ishlab chiqarish. Xavfsizlikni umumiy talablari”ga muvofiq tashkil qilinishi va oʻtkazilishi lozim.
94. Hamma ishlar tasdiqlangan reglamentda bajarilib, ularda ishlayotgan ishchilarga xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini taʼsir etishiga qarshi chora koʻrilishi lozim.
95. Xom ashyo va materiallarni qayta ishlash shu ishlarni bajarish uchun moʻljallangan texnologik uskuna va uning pasportiga muvofiq bajarilishi lozim.
96. Toʻsuvchi qurilmalarni va uskunaning himoyalovchi moslamalarining sozligi ishlarni xavfsiz olib borish uchun javobgar shaxs tomonidan taʼminlanishi lozim.
97. Dastgoh mexanizmlarini operatsiyalarni bajarilish ketma-ketligi texnologik jarayonga muvofiq blokirovka tizimi orqali taʼminlanishi lozim. Agarda tizimda mexanizmlardan bittasi toʻxtasa, bu toʻxtovchi mexanizmdan oldingi hamma dastgoh va mexanizmlarning oʻchishi koʻzda tutilishi lozim.
98. Liniyalarga ikki tomondan xizmat koʻrsatish zarur boʻlsa, uning ustidan asosiy ish joylari hududida va liniyaning har 20 — 25 metrda oʻtish koʻpriklari qoʻl tutqichlari bilan oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
2-§. Texnologik jarayonlarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
99. Uskuna va avtomatlashgan liniyalar, ularning ishga tushganligini ogohlantiruvchi yoritish va tovush signali tizimi bilan taʼminlanishi lozim. Signal elementlari (qoʻngʻiroq, sirena, lampa) mexanik shikastlanishdan himoyalanishi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni ish hududida signalni eshitishi va koʻrishini taʼminlangan holda joylashtirilishi lozim.
100. Sex va ish joylarida uskunani ishga tushirish va toʻxtash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma osib qoʻyilishi lozim.
101. Har bir ishlab chiqarish tashkilotida portlash-yongʻin xavfsizligi boʻyicha xonalar kategoriyasini hisobga olgan holda, yorugʻlik signalizatsiyasi boʻlishi lozim.
102. Xavf manbai boʻlgan ishlab chiqarish uskunasining harakatlanuvchi qismi setkali yoki butun metall toʻsiq bilan toʻsilishi lozim.
103. Elektr toki shikastlanishidan himoyalash uchun ishlab chiqarish uskunasi quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) xavf manbai boʻlgan ishlab chiqarish uskunasi elektr toki uzatuvchi qismi mustahkam, izolyatsiyalangan, toʻsilgan yoki odamlar uchun oʻtib boʻlmas joyda oʻrnatilgan boʻlishi;
b) elektr uskunasining tok uzatuvchi qismi yoki odamlar uchun oʻtishi mumkin boʻlgan joyda joylashganda yopiq himoya yopqichi (kojuxi) boʻlishi;
v) ishlab chiqarish uskunasi metall qismi izolyatsiyasi shikastlanishi natijasida elektr kuchlanishi xavfli koʻrsatkichi 10 — 15 mA taʼsirida boʻlsa, yerga ulangan (nullangan) boʻlishi;
g) ishlab chiqarish uskunasi elektr zanjiri sxemasida barcha elektr zanjirni taʼminlash tarmogʻidan markaziy oʻchirish moslamasi koʻzda tutilishi lozim.
104. Yechiladigan himoya va toʻsiq moslamalari, faqat konstruksiya yoki texnologik sabablar boʻyicha ularni statsionar oʻrnatishga imkon boʻlmaganda qoʻllaniladi.
105. Yechiluvchi, ochiluvchi va yoniga suriluvchi toʻsiqlar, hamda toʻsiqlardagi ochiluvchi eshiklar, qopqoqlar, darchalar yoki uskuna korpusining tasodifiy yechilishi yoki ochilishini (qulf, asbob yordamida yechish va boshqa) bartaraf etuvchi moslamalar bilan taʼminlanishi lozim.
106. Konveyer himoya vositalari GOST 12.2.022-80 “Konveyerlar. Umumiy xavfsizlik talablari”da belgilangan xavfsizlik talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
107. Uskunaning barcha aylanuvchi qismlari himoyalash moslamalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
3-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
108. Ishlab chiqarish jarayonlari yongʻin va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari” talablariga va ushbu Qoidalarga muvofiq taʼminlanishi lozim.
109. Ishlab chiqarishda oʻrganilmagan yongʻin va portlash xavfi va toksik xususiyatlariga ega boʻlgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarish jarayonida qoʻllash taqiqlanadi.
110. Texnologik obyektlarning portlash xavfliligi holati yuzasidan belgilangan tartibda nazorat oʻrnatilishi lozim.
111. Texnologik jarayonlar joylashtirilgan binolar va xonalarning portlash jihatidan xavflilik toifalari loyiha tashkiloti tomonidan “Texnologik loyihalashtirish tarmoq meʼyorlari”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
112. Texnologik jarayonlarni amalga oshirishda yongʻinlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir boʻlishi hamda atrof muhit ishlab chiqarish chiqindilari (oqova suvlari, ventilyatsiya chiqindilari va shu kabi) bilan ifloslanish ehtimolini istisno etadigan sharoitlar taʼminlanishi lozim.
113. Barcha ishlab chiqarish sexlari, xom ashyo va tayyor mahsulot omborxonalari, maʼmuriy va boshqa yordamchi binolar hamda inshootlar dastlabki yongʻinni oʻchirish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
114. Ventilyatsiya tizimi yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan boʻlishi lozim.
115. Har bir sex, uchastka, omborda mavjud meʼyorlar asosida, hududiy yongʻin xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqilishi va koʻrinadigan joyga osib qoʻyilishi lozim.
116. Tashkilotlarda barcha ishlab chiqarish, yordamchi va maishiy xonalarda yongʻin xavfsizligiga javobgar shaxs tashkilot maʼmuriyatining buyrugʻiga asosan tayinlanishi lozim.
117. Tashkilotlarda yongʻin xavfsizligi idoralari tomonidan belgilangan meʼyorlarda yongʻinga qarshi kurashish uchun oʻt oʻchirish vositalari boʻlishi lozim.
118. Xodimlar bilan yongʻin xavfsizligi texminimumi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishi va ularga tegishli yoʻl-yoʻriqlar berilishi lozim.
119. Bino va yongʻin suv manbai yoʻlaklari, hamda yongʻin vositalari va uskunalariga boradigan yoʻlaklar doimo boʻsh boʻlishi kerak. Binolar oraligʻidagi yongʻinga qarshi masofa uzilmalarida materiallar, uskunalar, boʻsh idishlarni taxlash va avtomobil toʻxtash joyi uchun ishlatishga ruxsat etilmaydi.
4-§. Materiallar omborlariga va yuk ortish-tushirish maydonchalariga qoʻyiladigan talablar
120. Tashkilot hududiga keladigan materiallar va uskunalar uchun shu maqsadda ajratilgan va tayyorlangan maxsus omborlar hamda yuk ortish-tushirish maydonchalari boʻlishi va ularning tuzilishi va joylashishi “Umumiy maqsadlar uchun ombor binolari va inshootlari” QMQ talablariga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
121. Omborlarda materiallarni taxlash usullari yoritilgan mehnat muhofazasi va yongʻin profilaktikasi boʻyicha yoʻriqnoma koʻrinarli joyga osib qoʻyiladi. Bu yoʻriqnomada ushbu omborda qanday materiallar, qancha miqdorda, qanday idishda saqlanishi mumkinligi koʻrsatilishi kerak. Koʻrinarli joylarga yuklarni joylash va ortish sxemasi osib qoʻyilishi lozim.
122. Ombor yoki yuk saqlash uchun maydonchalar hududiga kirishda harakat yoʻnalishi, yuklash-tushirish joyi yoki transport vositalarini toʻxtab turish joyini koʻrsatuvchi chizma osilgan boʻlishi kerak.
123. Omborda ustma-ust taxlangan yoki stellajdagi idishli yuk yoʻlaklari oraligʻining eni 1,5 m dan kam boʻlmasligi lozim. Omborda transport vositalari ishlatilganda, yoʻlakka qoʻshimcha qoʻllaniladigan transport vositalari oʻlchamlari kengligidagi yoʻl boʻlishi lozim.
124. Tashkilotlardagi yuk ortish-tushirish estakadalari, maydonchalari, platformalarining pollari vagon poli yoki avtomobil kuzovi tekisligi bilan barobar boʻlishi kerak.
125. Yuk ortish maydonchasi perimetri boʻyicha (bundan yuk tashish transporti yoʻli mustasno) balandligi 30 sm li mustahkam himoyalovchi toʻsiq bilan toʻsilishi lozim.
126. Yuk ortish-tushirish maydonchalari va estakadalari tekislangan va asfaltlangan boʻlishi kerak. Uning sathi suv toʻplanmaydigan, oʻydim-chuqursiz boʻlishi va qish vaqtida muntazam ravishda qor va muzdan tozalab turilishi kerak.
5-§. Yuklarni koʻtarish va tashishda xavfsizlik talablari
127. Yuklash-tushirish ishlari tashkilot buyrugʻi bilan tayinlagan masʼul shaxs nazorati ostida bajarilishi shart.
128. Yuk koʻtarish-tashish uskunalarining texnik holati va toʻgʻri ishlatilishi ustidan nazorat buyruq bilan tayinlangan, maxsus oʻqitilgan, attestatsiyadan oʻtgan muhandis-texnik xodimga topshirilishi lozim.
129. Yukni iluvchilar ishi, shu ishlarni xavfsiz bajarish yoʻriqnomasiga binoan bajarilishi kerak.
130. Elektrotelfer, ilgagidan yuklarni tushib ketishini oldini olish uchun himoya qurilmalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
131. Yuklarni koʻtarish va tashish vaqtida tugun va sirtmoqlarni toʻgʻrilash va sirpanib ketgan arqonni toʻgʻrilash taqiqlanadi. Yukni odamlar ustidan koʻtarib oʻtish taqiqlanadi.
132. Yuk koʻtarish uskunasiga koʻtarishi mumkin boʻlgan yukning ogʻirlik chegarasi, oʻtkazilgan sinovning vaqti va kelgusi sinov vaqti yozib qoʻyilishi kerak.
133. Transport vositalari oʻlchamlari va konstruksiyasi, tashiladigan yukning oʻlchamiga mos boʻlishi kerak.
134. Tashkilot ichidagi va sexdagi transport vositalaridan xavfsiz foydalanish uchun masʼul shaxslar har kuni transport vositalarini texnik holatini tekshirib chiqishi va ishga ruxsat etilganligi toʻgʻrisida jurnalga qayd qilishlari kerak.
135. Transport vositalari harakati uchun moʻljallangan sexlarga kirish va chiqish joylarida va sexlar orasidagi texnologik oʻtish joylariga “Diqqat! Transport” ogohlantirish belgilari oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
136. Tashkilot ichidagi va sexdagi yuklarni tashishga moʻljallangan transport vositalarida odam tashish taqiqlanadi.
137. Transport vositalariga yuklarni joylash sxemalari (elektr avto-yuklagichlari, avtomobillari, temir yoʻl vagonlari, elektr aravachalari) tashkilot bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
138. Ogʻirligi 30 kg dan ortiq boʻlgan yuklarni yuklash-tushirish mexanizm yordamida amalga oshiriladi.
139. Estakadada yuklash-tushirish ishlarini olib borishda, odamlarni vagonlarga kirishi uchun tirgaklar bilan toʻsilgan, oʻtish koʻprikchalari oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
140. Yuk koʻtarish moslamalari yuk koʻtarish yoki tashish vaqtida ularni oʻz-oʻzidan agʻdarilishini yoki ochilib ketishini oldini oluvchi qurilma bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
141. Yuk koʻtarish mashinalarining yuk ilgaklaridan yukni oʻz-oʻzidan chiqib ketishini oldini olish uchun, ular saqlash qulflari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
6-§. Tashkilot hududidagi temir yoʻllarga talablar
142. Tashkilot hududidagi temir yoʻllarni boshqarish va tuzilishi temir yoʻl transporti xavfsizlik texnikasi qoidalariga mos boʻlishi kerak.
143. Yogʻoch materiallarini temir yoʻl vagonlariga ortish-tushirish ishlari temir yoʻl transporti xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilgan holda bajarilishi kerak.
144. Temir yoʻllarni kesib oʻtadigan yoʻlaklar qulay va xavfsiz joylarga qurilishi, ularga relslar yuzasi bilan baravar qilib toʻshamalar toʻshalishi kerak. Oʻtish joylarida “Oʻtish joyi” deb yozilgan belgi boʻlishi kerak.
145. Yoʻllar doimo soz holatda boʻlishi va maxsus malakali mutaxassislar tomonidan muntazam tekshirib turilishi kerak. Nazorat davriyligi zavod hududida yoʻllarni saqlash yoʻriqnomasida belgilangan boʻlishi lozim.
146. Yoʻlning oxirida vagon izdan chiqib ketmasligi uchun toʻsqich bilan taʼminlanishi shart.
147. Temir yoʻlning mashina yoʻli bilan kesishgan joyida, yoʻlning butun kengligi boʻyicha oʻtish qulay boʻlishi uchun toʻshama toʻshaladi. Yoʻlovchilar va haydovchilar uchun tovush signali va “Poyezddan saqlaning” ogohlantiruvchi belgisi oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
148. Temir yoʻlning ikki chetida eni kamida 1 metrli yoʻlaklar boʻlishi kerak. Bu yoʻlaklar har xil narsalar bilan toʻsib qoʻyilmasligi, muntazam ravishda tozalab turilishi, tekis va qattiq yuzali boʻlishi kerak.
149. Strelkalar va oʻtish joylari yoritilishi kerak.
7-§. Materiallarni arralashda xavfsizlik talablari
150. Taxta arralash ramasi tomonidagi xodalarni yigʻuvchi maydon yaxlit toʻsiq bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
151. Arralarni polga qoʻyganda muvozanatni taʼminlash uchun taxta arralash ramasi oldida taglikni almashtirishga moʻljallangan maxsus joy qilingan boʻlishi lozim.
152. Taxtani arralash ramasi oldidagi pol va taglik uzatuvchi valetslar orasidagi oʻymalardagi yogʻoch qirindilarining olinishi, faqat shuning uchun moʻljallangan yordamchi asbob bilan bajarilishi lozim. Pol va taxta arralovchi ramalarni taglik uzatuvchi valetslarining oldi qismi oraligʻi balandligi 100 mm dan ortiq boʻlgan panjara toʻsiq bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
153. Rama orqasidagi konveyerlarning roliklari oraligʻi butun kengligi boʻyicha yuzasi tekis va teshiksiz boʻlgan qutilar bilan yopilgan boʻlishi lozim. Quti va roliklar orasidagi tirqishlar 10 mm dan katta boʻlmasligi lozim.
154. Xoda va toʻsinlarning lenta dastgohlarini va dastgoh atrofidagi mexanizmlarning boshqaruvi bir pultdan amalga oshirilishi lozim.
155. Ishlov berilayotgan materiallarni dastgohlarga qoʻlda uzatish uchun, ishlovchilar qoʻl ushlaydigan joylari issiqlikka qarshi izolyatsiya qilingan maxsus poʻlat ilgaklar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
156. Dumaloq arrali dastgohni arralash hududiga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar, dastgoh ishlayotgan paytda unga kirishini chegaralovchi moslama bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
157. Dumaloq arrali dastgohlarda ishlov beriluvchi materiallar mexanik tarzda uzatilganda, oldingi va orqadagi uzatuvchi valetslar orasidagi masofasi 100 mm dan kam boʻlmasligi lozim.
8-§. Arralangan materiallarni saralash
158. Saralash maydonida taxtani uzatuvchi konveyerli lenta va tashlovchi tokcha orasida odamlarni oʻtishini taqiqlovchi belgilar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
159. Tashlovchi tokcha qarshisiga taxtani zanjirli konveyer tashqarisiga chiqib ketishini chegaralovchi toʻsiq oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
160. Konveyerda taxtaning harakatlanuv maydoniga, maydonning ikki tomonidan har 20 m da koʻtarilish uchun narvonlar boʻlishi lozim.
161. Taxtani tepa qavatidan pastgi qavatdagi saralash maydoniga tushirish zonasi toʻsilgan boʻlishi lozim.
162. Konveyerdan paketlarga taxtalarni qoʻlda tashilishini yengillashtirish uchun rolik bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Paketlar orasidagi oraliqlari 0,7 m dan kam boʻlmasligi lozim.
163. Paketlar uchun moʻljallangan tagliklar avtoulovning yukni ushlovchi moslamasining oʻlchovlariga mos kelishi lozim.
164. Paketning muvozanatini taʼminlash uchun har 300 — 400 mm balandlikda uchtadan kam boʻlmagan bir xil qalinlikdagi oraliq qistirmalari qoʻyilishi va ularning uchlari paket chegarasidan chiqib turmasligi lozim.
165. Avtomatik yoki yarim avtomatik saralash maydonlaridagi taxtani paketlarga yuborilayotgan hududi toʻsilgan boʻlishi lozim.
9-§. Arralangan materiallarga antiseptika bilan ishlov berish
166. Arralangan materiallarni botirish uslubi bilan antiseptika ishlari tashkil qilinganda xavfsizlik talablari amaldagi meʼyoriy hujjatlar talabiga va ushbu Qoidalarga muvofiq boʻlishi lozim.
167. Preparatlarni suvda aralashtirish mexanizatsiyalangan boʻlishi lozim.
168. Arralangan materiallarni vannaga tushirish va vannadan koʻtarilishi mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim. Nuqsonli paketlarni vannaga tushirish taqiqlanadi.
169. Paketlarni vannaga yoʻnaltirish uchun ishlovchilar qoʻl ushlash joyining uzunligi 1 m dan kam boʻlmagan ilgak yoki bagor bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Paketni eritmadan olinganda, vanna ustida ortiqcha eritmaning oqib ketishi uchun ushlab turish kerak.
170. Preparatli eritma vannasi oldidagi maydon yuzasi tekis va nishabli boʻlib, suyuqlik oqib tushishi uchun ariqchaga ega boʻlishi lozim.
171. Vanna oyda bir marta tozalab turilishi lozim. Vanna tozalangandan soʻng, yogʻoch qirindi mahalliy sanitariya nazorati idoralari bilan kelishilgan maxsus joyga chiqarib yuborilishi kerak. Vannaga tushgan yogʻoch qirindilar chiqarib yuborilishi yoki tinchlantirgichli quduqda suv oqimida yuvilishi lozim.
172. Arralangan materiallarni antiseptikasida band boʻlgan ishchilar alohida sanitar-maishiy dushi bor xonalar, maxsus kiyim va oyoq kiyimni quritish uchun moslamalarga ega javonlar, sunʼiy ventilyatsiya, maxsus kiyimlar va respiratorlar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
173. Arralangan materiallarni antiseptika qilishda qoʻllanadigan preparatlar alohida xonalarda yopiq idishlarda saqlanishi lozim.
174. Preparatlardan boʻshagan idish, suvda yaxshilab yuvilgandan keyin faqat texnik maqsadlarda ishlatilishi mumkin.
10-§. Quritish paketlarini shakllantirish
175. Paket shakllantiruvchi mashinalarga uzatilayotgan zich paketli arralangan materiallarni qabul qiluvchi platformaga yoki uzatuvchi konveyerga qoʻyilishida, paketning tekislangan qirrasi platforma yoki konveyer qoplamasida belgilangan belgisi bilan toʻgʻri kelishi kerak.
176. Konveyer va shakllantiruvchi paketlarda surilib ketgan taxtalarni maxsus ilgak yordamida toʻgʻrilash lozim.
177. Oraliq qistirmalarni kasseta moslamasi oldidagi maydonlarga uzatilishi mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
11-§. Arralangan materiallarni kamerada quritish
178. Quritish bloklarini rels yoʻllarining holati (temir yoʻl izi kengligining doimiyligi, qiyshaygan joylarining yoʻqligi, relslarning travers aravachasi bilan birlashish holati) har yarim yilda tekshirilishi va dalolatnoma bilan rasmiylashtirilgan boʻlishi lozim.
179. Trek va travers aravachalarida shtabellarni yurgazilishi piyodalar tezligida boʻlishi lozim.
180. Travers aravachasi harakati vaqtida shtabellar tushib ketmasligining oldini oluvchi tirgovichlar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
181. Travers aravachasining elektr yurgizuvchisining taʼminlash kabeli, kanatda sirtmoqsimon halqalar yordamida osilgan tarzda boʻlishi va aravachaning harakati vaqtida bemalol surilishi lozim.
182. Shtabelni travers aravachalariga yuklash yoki tushirish vaqtida uni ushlab turish uchun fiksator bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
183. Travers aravachani oxirgi holatida saqlab qolish uchun, relslarda chegaralovchi-tirgovich oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
184. Quritish shtabellari toʻgʻri qoʻyilganligini rels yoʻllarida qoʻyilgan gabarit andoza orqali tekshirilishi lozim.
185. Quritish kameralarini yoritish 42V dan oshmaydigan kuchlanishdagi koʻchma elektr yoritgichlar orqali amalga oshirilishi hamda uni ulanishi va oʻchirilishi kameraning tashqarisida boʻlishi lozim.
186. Quritish rejimini masofadan boshqarish va quritish jarayonini sozlash avtomatlashtirilgan boʻlishi lozim.
187. Quritish kamerasi ichida ishlarni amalga oshirish havoning harorati 40o C dan past boʻlganda ruxsat etiladi. Quritish kamerasining kirish eshigi oldida navbatchi ishchi qoʻyilgan boʻlishi lozim.
188. Arralangan materiallarning namligini quritish vaqtida bilish uchun, tekshiruv namunalari boshqaruv koridori tomonidagi yuqori haroratli kameralar devoridagi tuynuk orqali maxsus moslamalar bilan olinishi va qoʻyilishiga ruxsat etiladi.
189. Quritish kameralarining darvoza eshikchalari kameraning tashqarisi va ichkarisidan ham ochiladigan hamda havo zanjirlari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
190. Tutun quvurlarining shiberlari poldan turib ularni yopilishiga imkon beruvchi va shiberni inidan chiqib ketishining oldini oluvchi moslamalarga ega boʻlishi lozim.
12-§. Arralangan materiallarga va yarim mahsulotlarga ishlov berish
191. Randalovchi dastgohlarga uzunligi 400 mm dan kalta yoki qalinligi 30 mm dan yuqori boʻlgan yarim mahsulotlarni qoʻl bilan randalashga uzatishda maxsus itarish kolodkasi qoʻllanishi lozim.
192. Ikkita va undan ortiq yarim mahsulotni randalash ishlari, ishonchli siqish moslamalari bilan jihozlangan maxsus randalovchi dastgohlarda amalga oshirilishi lozim.
193. Uzunligi 400 mm dan, kesimi 40 x 40 mm dan kam boʻlgan yarim mahsulotlarni frezerovka qilish uchun maxsus moslamalar (karetkalar, andozalar, sulagalar) qoʻllanishi lozim.
13-§. Parket va parket taxtani ishlab chiqarish
194. Toʻrt tomonlama randalovchi dastgohga yarim tayyor mahsulotni uzatilishi, ularni donalab berilishini taʼminlovchi uzatish moslamalarida amalga oshirilishi lozim.
195. Ishlov berilayotgan yarim tayyor mahsulotni eng kam uzunligi shunday boʻlishi kerakki, qirratoʻsiq oldidan materialni chiqib turuvchi qismi 100 mm dan kam boʻlmasligi lozim.
196. Paket bilan tushiruvchi qiyali platformani koʻtarilishi siltamasdan asta-sekin amalga oshirilishi lozim. Platformani koʻtarilish tezligi ajratilayotgan materialning kesimiga qarab sozlanishi lozim.
197. Arralangan materiallarni tushirishda qarama-qarshi tomondan sochilishning oldini olish uchun, konveyerda yoki qabul qiluvchi stolda qaytaruvchi — chegaralov qutilari oʻrnatilishi lozim.
198. Taʼmirlash va sozlash ishlari uchun, koʻtarilgan engashuvchi platforma tagida chegaralovchi-shtanga tirgovi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
199. Engashuvchi platformaning gidravlik, mexanik yoki pnevmatik koʻtarish moslamasi tizimi, uni koʻtarib turgan holatida ishonchli ushlab turishi va tizimda bosim tushib ketganda platformani tushib ketishi yoki koʻtaruvchi platformani tarmoq qismiga mexanik ishdan chiqish ehtimoliga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
200. Koʻp arrali dastgohlar parket taxtalarni, yopuvchi plankalarni arralaganda kerakli bir xil oʻlchamli arralar soni (diametr boʻyicha tishlarning soni va parametrlari boʻyicha ) bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
14-§. Ikkilamchi xom ashyo va chiqindilarni texnologik chopqida qayta ishlash
201. Chopuvchi mashina yoki maydalagichlar alohida xonalarga oʻrnatilishi yoki umumiy xonaga oʻrnatilganda uni tovushidan himoya qiluvchi toʻsiqlar bilan ajratilishi kerak.
202. Chopuvchi mashina yoki maydalagichga yogʻochni uzatishdan oldin metall yoʻqligiga avtomatik tekshirilishi lozim.
203. Agarda chopuvchi mashina yoki maydalagichni qabul qiluvchi lotogi pol sathidan chiqib turmagan boʻlsa, chopuvchi mashina yoki maydalagichga material kelib tushuvchi lyuk balandligi 1200 mm dan kam boʻlmagan yaxlit toʻsiq bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
204. Maydalagichni chiquvchi teshigi qarshisiga poʻlat listdan yasalgan qaytaruvchi toʻsiq boʻlishi lozim. Maydalagichdan chopqini konveyerga chiqish joyi qisman (800 mm dan kam emas) ustidan yaxlit toʻsiq bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
205. Chopuvchi mashinaning qoplamasini koʻtarish va tushirish, bundan tashqari charxlash uchun rotor yoki pichoqni va boshqa qismlarini taʼmirlash ishlari mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
206. Chopuvchi pichoqlarni maxsus gʻilof yoki yashikda koʻtarib yurish lozim.
207. Chopuvchi mashinaga xom ashyoni uzatilishi bir maromda va voronka oldida yigʻilib qolmasligi lozim.
208. Chopqini saralash qurilmasining harakatlanuvchi qismlarining xavfli hududi, toʻsilgan va “Xavfli hudud” deb yozilgan ogohlantiruvchi belgi osilgan boʻlishi lozim.
209. Bunkerda yotib qolgan yoki muzlagan chopqini qoʻzgʻatish uchun ishlash joyi elektrtebratgich bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Qoʻzgʻatish, ish maydonidan bunker boʻlimiga kirmasdan bajarilishi lozim.
15-§. Yashik idish ishlab chiqarish
210. Yashik idish ishlab chiqarish ishlari amaldagi meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
211. Mix qoqish dastgohlarining tirgovich burchaklari va yon tomondagi plankani oʻrnatib boʻlganidan keyin ularni ishonchli mahkamlanishini taʼminlashi lozim.
212. Mixlar galtovka barabanida ishlangan boʻlishi lozim.
213. Simni toʻquvchi dastgohda ishlaganda, simli barabanni sim yechilib ketishini oldini oluvchi moslama bilan jihozlash kerak.
214. Qiyshaygan mixlarni mix qoqish dastgohidan olib tashlanishi maxsus qoʻl asbobida bajarilishi kerak.
16-§. Qadoqlangan qirindini ishlab chiqarish
215. Qirindi dastgohlarini sexda bir-biriga parallel qilib oʻrnatish kerak. Dastgohlarni bir chiziqda ketma-ket oʻrnatish taqiqlanadi.
216. Gʻoʻlalarni uzatuvchi konveyer qirindilash dastgohiga nisbatan 400 dan ortiq boʻlmagan burchak ostida oʻrnatilishi kerak. Konveyerdan gʻoʻlalar tushib ketmasligi uchun, balandligi 400 mm dan kam boʻlmagan toʻsuvchi bortlar boʻlishi lozim.
217. Yaxlagan, muzlagan va ogʻirligi 16 kg dan katta boʻlgan gʻoʻlalarga ishlov berish taqiqlanadi.
17-§. Yogʻoch qirindi plitalarini ishlab chiqarish
218. Yogʻoch qirindiga ishlov berishdan oldin metall qoʻshilmalar yoʻqligini taʼminlash uchun avtomatik nazoratdan oʻtishi lozim.
219. Qirindi va boshqa maydalangan yogʻoch qismlarini saqlash sigʻimlari yuk tushirish qurilmasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
220. Bunkerlarga xizmat koʻrsatish, qoʻrish va taʼmirlash ishlarini olib borish uchun narvon va qoʻl ushlagich bilan jihozlangan maydon boʻlishi lozim.
221. Bunkerdan qirindi yoki yogʻochni boshqa maydalangan turlari namunasini olish, pnevmatik transport quvurlari mexanizmi harakatlanuvchi qismidan 1 m dan kam boʻlmagan masofada joylashgan darchalar orqali amalga oshirilishi lozim.
222. Quvurlar, siklonlar va bunkerlar qoʻrish, tozalash va taʼmirlash uchun qulay boʻlishi lozim.
223. Avariya boʻlganida qirindini aralashtirgichdan olish va bosh valni tozalash qurilmani elektr taʼminotidan oʻchirilganidan soʻng bajarilishi lozim.
224. Aralashtirgich ichidagi ishlar oʻta xavfli ishlarga qoʻyilgan talablarga muvofiq bajarilishi lozim.
18-§. Yogʻoch qirindi taxtalarni presslash
225. Qirindilarni presslash dastgohi ishlayotgan paytda taʼmirlash ishlarini olib borilishi taqiqlanadi.
226. Qavatli presslarda ishlashda faqat koʻtariluvchi tokchalar harakatini avtomatik chegaralovchilari soz boʻlganida, bir qavatli doimo harakatlanuvchi presslarda — poʻlat lenta harakatini avtomatik chegaralovchi mexanizmi soz boʻlganida ishlatish mumkin.
227. Qirindini yoyish mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
228. Bugʻ taqsimlovchi press kolonkalari, shuningdek bugʻni oʻtkazuvchi egiluvchan va qattiq quvurlari toʻsilgan boʻlishi lozim.
229. Doimo harakatlanuvchi press plitalari elektr yordamida qizdirilganda, ochiq kontaktlari va tok oʻtkazuvchi shinalari toʻsilgan boʻlishi lozim.
230. Issiq bilan presslash paytida ajralib chiqayotgan chang, gaz va bugʻlarni ventilyatsiya yordamida chiqarib yuborilishi taʼminlanishi lozim.
231. Pressni boshqaruv pultida, mexanizmlarni yoqilishi va tiqin ochilishi ketma-ketligi koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Press agregatlarini ishga tushirish qurilmalari oʻzaro blokirovka qilinib, pressni ishga tushirish paytidagi avariya yoki shikastlanishga olib kelmasligi lozim.
232. Tokcha va press oraligʻidagi balandlik 1 m dan kam boʻlmagan qoʻl ushlash toʻsiqlari bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
233. Pressni past, oʻrta va yuqori bosimli gidrotizimi va pnevmotizimi kamida yilda bir marta tekshirilishi lozim. Tekshirish natijalari maxsus jurnalga qayd qilinishi lozim.
234. Press choʻnqirida va tokchalar tagida har qanday koʻrinishdagi ishlarni bajarishga, smena boshligʻining yozma ruxsati bilan xavfli ishlarga qoʻyiladigan xavfsizlik choralari koʻrilganidan soʻng ruxsat etiladi.
19-§. Yogʻoch tolali taxtalarni ishlab chiqarish
235. Defibrator ishlayotganida yogʻoch tolani yuklash hududi toʻsiq bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
236. Defibratorni ishga tushirilishi, disklar surib qoʻyilganida amalga oshirilishi lozim.
237. Texnologik quvurlarni tozalanishi maxsus lyuk orqali bajarilishi kerak. Quvurlar sexni tepasidan oʻtadigan uchastkalarga xizmat koʻrsatish qulay boʻlishi uchun, maxsus narvonlar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
238. Yelimlash boʻlimida kimyoviy ashyolar zaxirasini saqlash uchun omborxona bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
239. Yogʻoch tolali massani yelimlash kislotaga chidamli materialdan ishlangan jihozlarda bajarilishi lozim.
240. Quyuv mashinasi, aralashtirgich va hovuz nasoslari yorugʻlik va ovozli signalizatsiya bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
241. Quyuv mashinasiga xizmat koʻrsatish uchun maxsus maydon boʻlishi lozim. Quyuv mashinasi tagidagi hovuz perimetri boʻyicha toʻsilgan boʻlishi lozim.
242. Toʻr va toʻrga olib boruvchi valetslarga yopishib qolgan yogʻoch massani suv oqimida yuvish kerak.
243. Yashiklarda massani aralashtirish, shakllantiruvchi press oldidagi yogʻoch tolali gilamni tekislash va quyuv mashinasi tagidan chiqindi massasini olish uchun maxsus moslamalar (eshkak, maxsus qirgichlar va h. k.) qoʻllanishi lozim.
244. Yogʻ shimdirish boʻlimining poli ishlatilayotgan kimyoviy moddalarga bardosh beruvchi material bilan qoplangan, kanalizatsiya quduqlariga nishabli qurilgan va tutib qoluvchi moslama bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
245. Yogʻ shimdirish boʻlimi polini yogʻdan tozalash uchun maxsus yuvuvchi va neytrallovchi vositalardan foydalanish kerak.
246. Shimdiruvchi vannadagi yogʻ toʻkilib ketmasligi uchun suyuqlik sathini sozlovchi moslamaga ega boʻlishi lozim.
247. Vanna haroratni nazorat qiluvchi asboblar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
248. Taxtalarni issiqda ishlov beruvchi va namlovchi kameralarga yuklanishi va ulardan boʻshatilishi, shuningdek kameralarning eshiklari ochilishi mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
249. Taxtalarga kamerada issiq bilan ishlov berish jarayoni avtomatik sozlanishi lozim. Kameralar yongʻin signalizatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
250. Yogʻoch tolali taxtalarni oʻz-oʻzidan yonib ketmasligi uchun ularni namlangandan keyin toʻp qilib taxlash lozim.
251. Issiqda ishlov beruvchi kameralarining eshigi ustiga, taxtalar olinishida ajralib chiqadigan gazlarni tortib oluvchi soʻruvchi ventilyatsiya moslamalari oʻrnatilishi lozim.
20-§. Faner ishlab chiqarish
252. Xom ashyoga gidrotermik ishlov berish qurilmalari va xonalari uchun, tuman hosil boʻlishini oldini oluvchi va koʻrish qobiliyatini taʼminlovchi qurilma boʻlishi lozim.
253. Hovuzdagi suvning harorati + 40o C dan oshmasligi lozim. Maxsus rejimda qaynatishga toʻgʻri kelganida, suvning harorati + 75o C boʻlganida hovuzni yuklanishi va boʻshatilishi oldidan albatta suv chiqarib yuborilishi nazarda tutilishi lozim. Hovuzdagi suv haroratini nazorat qilish termoparalar orqali amalga oshirilishi lozim.
254. Hovuzdagi suvning eng koʻp miqdorini cheklash chiqarib yuboruvchi quvurlar orqali amalga oshirish lozim.
255. Hovuzlarni taʼmirlashdan oldin undagi suvni chiqarib yuborish va devorlarini tashqi havo haroratigacha sovitish lozim.
256. Taʼmirlash ishlarida, hovuzlar tozalanganda va ular gʻoʻlalardan boʻshatilganda suv va bugʻ magistrallaridagi tiqinlar yopilib, ularga taqiqlovchi belgilar osilgan boʻlishi lozim.
257. Faner xom ashyosini gidrotermik ishlov beruvchi xonada yogʻochni poʻstlash ishlari taqiqlanadi.
258. Hovuzlarni gʻoʻlalar bilan toʻldirish yoki boʻshatish masofadan boshqaruv mexanizmlari orqali amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
259. Qizdirilgan gʻoʻlalar konveyer uzunasi boʻyicha ularni bittalab uzatuvchi mexanizm orqali berilishi lozim.
260. Ikkita yonma-yon hovuzlarni birdaniga yuklash hamda bittasi ishlayotganida ikkinchisini tozalash va taʼmirlash taqiqlanadi.
261. Ochiq hovuzlar perimetri boʻyicha balandligi 1 m dan kam boʻlmagan yaxlit toʻsiqlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
262. Ochiq hovuz atrofidagi ishchi koʻpriklar, oʻtish joylari, maydonlar doimo poʻstloqdan, axlatdan, qish oylarida qordan tozalanib, qum sepib turilishi lozim.
263. Hovuz ustidagi qopqoq yoki uning seksiyasi olinishi mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim. Hovuz ustidagi qopqoqlarda turish taqiqlanadi.
264. Avtoklav qopqogʻi va bugʻlatish kamera eshiklari zich yopiladigan boʻlishi lozim.
265. Bugʻlatish kameralarining pollari uning bir burchagi tomoniga nishabli qilinib chuqurligi 1 m dan koʻp boʻlmagan kondensat yigʻuvchi qurilma bilan jihozlanishi, ishonchli yopiladigan oraligʻi 20 mm dan qoʻp boʻlmagan dumaloq poʻlatli panjara bilan qotirilgan boʻlishi lozim.
266. Har bir bugʻlatish kamerasi kondensatni olish uchun doimiy nasos bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
267. Vagonetkalarni xodalar yoki vancheslar bilan yuklanishi, ularni avtoklav va bugʻlash kamerasiga olib kirish, chiqarish, vagonetkalardan tushirish ishlari mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
268. Avtoklav blokirovka qurilmasi bilan jihozlanib, bosim borligida qopqogʻini ochilish ehtimoli bartaraf etilgan boʻlishi lozim. Avtoklav yoki bugʻlatish kamerasidan bugʻ toʻliq chiqarilmasdan ochish taqiqlanadi.
269. Avtoklav va bugʻlatish kamerasi quvurida bugʻ va kondensat borligi yoki yoʻqligini nazorat qilish uchun maxsus joʻmrak boʻlishi lozim.
270. Avtoklavlar “Bosim ostida” deb yozilgan ogohlantiruvchi belgilarga ega boʻlishi lozim.
271. Avtoklav va bugʻlatish kamerasida muzlagan yogʻochni qizdirish man etiladi.
272. Konveyer tunnelda joylashtirilgan hollarda uning kengligi 2,5 m dan, balandligi 2 m dan kam boʻlmasligi va hamma nuqtalarini koʻrish va taʼmirlash uchun qulay boʻlishi lozim.
273. Pichoqlarni tashish faqat maxsus gʻilofda butun uzunasi boʻyicha yopilganida ruxsat etiladi.
274. Gʻoʻlalarda chopilmagan shoxlar boʻlsa unga ishlov berish man etiladi.
275. Gʻoʻlalarga ishlov berishda dastgoh ishlab chiqaruvchi tashkilot talablariga muvofiq ishlarni bajarish lozim.
276. Xoda shpon randalovchi dastgohiga bittadan berilishi va bu jarayon mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim. Xoda dastgoh stoliga ishonchli qotirilgan boʻlishi lozim.
277. Xodani randalaganda dastgoh supportini eng oldi holatiga chiqib qolmasligi uchun, ikki dastgohchi qarama-qarshi tomondan bir vaqtda dastgohni ishga tushirishi lozim.
278. Maydalagich pichoqlarini tozalash, koʻrish, charxlash va almashtirilishi smenalar oraligʻidagi tanaffuslarda bajarilishi lozim.
279. Rolikli qurituvchilarga shponning yuklanishi va tushirilishi mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim. Rolikli qurituvchilardagi siniqlarni yoʻq qilish uchun ilgak va boshqa moslamalar qoʻllanishi lozim.
280. Shponning singan uyumlarini olinishi, tortuvchi ventilyator ishlayotganida va harakatlanuvchi dush qurilmasi ishlayotgan vaqtda bajarilishi lozim.
281. Tutun quvurining shiberi, poldan ulashga imkoniyat beruvchi moslama va uni tushib ketmasligi uchun toʻsuvchi qurilmasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
282. Qurilmalarda shponni quritilishi tutun tortuvchi toʻxtovsiz ishlab turganida bajarilishi lozim.
283. Rolikli qurituvchining shponni sovutish kamerasidagi havosi atmosferaga chiqarib yuborilishi lozim.
284. Rolikli qurituvchilar oldidagi ish joylar, mahalliy havo almashtirib turuvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
285. Shpon listlarining yuzasiga sintetik smola va uning asosidagi yelimni surtilishi mahalliy soʻruvchi ventilyatsiya ishlayotganida bajarilishi lozim.
286. Smola yoki yelimning dastgohlarga berilishi quvurlar orqali bajarilishi lozim.
287. Yelimlovchi presslardan ajralib chiqayotgan namlikni kanalizatsiyaga oqizib yuborish uchun oqish chuqurchasi boʻlishi lozim.
288. Paketlarni pressga yuklash va tushirish mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
289. Press tokchalari harakatlanishidan oldin chiroq va ovoz signalizatsiyasi orqali ogohlantirish berilishi lozim.
290. Gidravlik pressning plitasiga tushgan axlatlar maxsus itaruvchilar yordamida olib tashlanishi lozim.
291. Gidravlik pressning issiqlik beruvchi va oluvchi quvurlari termoizolyatsiya qilingan boʻlishi lozim.
292. Yuqori va past bosimli gidravlik nasoslar alohida xonada oʻrnatilgan yoki toʻsilgan boʻlishi lozim.
293. Gidravlik pressda taʼmirlash ishlari faqat uning qismlari toʻliq soviganidan soʻng bajarilishi mumkin.
294. Yuqori bosimli quvurlar foydalanishga topshirilishidan oldin va har yili tekshiruv bosimida sinalishi lozim.
21-§. Qavatli yogʻoch plastiklarni ishlab chiqarish
295. Shponni shimdiruvchi vannalarni joylashtirishda har bir vannaga har tomondan bemalol xizmat koʻrsatish imkoniyatini taʼminlashi lozim.
296. Vannaga eritmalar quvurlar orqali berilishi lozim. Kassetalarni koʻtarish, vannaga yuklanishi va undan tushirish mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
297. Vannani smola eritmasidan boʻshatilishi nasos bilan amalga oshirilishi lozim.
298. Quritish rejimini boshqarish masofadan bajarilib, quritish jarayonining sozlanishi esa — avtomatlashtirilgan boʻlishi lozim.
299. Quritish kameralarini yuklash-tushirish paytida texnologik ventilyatsiya oʻchirilgan boʻlishi lozim.
22-§. Smola va yelimlarni tayyorlash
300. Smola va yelimlarni ishlab chiqarish amaldagi meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiq tashkil qilingan boʻlishi lozim.
301. Polga toʻkilgan oʻyuvchi va zaharli suyuqliklarni ularni zararsizlantirmasdan kanalizatsiyaga toʻkilishi taqiqlanadi.
302. Smola sexi ishchilari gazniqob va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan tasdiqlangan namunaviy meʼyorlarga muvofiq taʼminlanishi lozim.
303. Apparatlar va nazorat-oʻlchov asboblari nosoz boʻlganida smolani qaynatish taqiqlanadi.
304. Kimyoviy ashyolarni joylashtirish, saqlash va tashish har bir kimyoviy ashyoning pasportida belgilangan talablarga muvofiq bajarilishi lozim.
305. Suyuqliklarni issiqlik hisobiga kengayishini hisobga olgan holda sigʻimlarning toʻldirilish hajmi 90% dan ortiq boʻlmasligi lozim.
306. Zararli moddalarni ish joyida bir smenada ishlatilishi mumkin boʻlgan miqdordan ortigʻini saqlash taqiqlanadi.
307. Idishni tozalash maxsus xonalarda shamollatish, bugʻlatish va yuvish hisobiga bajarilishi lozim.
308. Hamma ish joylarida, fenol, formalin, kislota, ishqor va boshqa zaharli kimyoviy ashyolar teriga tegib ketish ehtimoli boʻlsa, shikast yetgan tana qismini shu zahoti yuvib tashlash uchun umivalnik (favvoralar) va kimyoviy ashyolarning taʼsirini zararsizlantirish eritmalari boʻlishi lozim.
309. Bexosdan toʻkilgan kislota, ishqor va boshqa kimyoviy ashyolar mel, ohak, soda eritmasi, sirka, bor kislotasi va boshqalar bilan zararsizlantirilishi lozim.
310. Ishlab chiqarishga qattiq holda keluvchi fenol mahalliy ventilyatsiya bilan jihozlangan maxsus rezervuarlarda eritiladi.
311. Xavfli suyuqliklar bilan ishlash amaldagi meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
312. Tayyor smolalar va yelimlarni press boʻlimining aralashtirish tizimiga berilishi mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
313. Smolani qaynatish qopqoqlari zichlashtirib yopiladigan reaktorlarda bajariladi.
314. Kimyoviy ashyolar yuklanishi ventilyatsiya yoqilganda bajarilishi lozim.
315. Smolaning tayyorlash ishlari yakka tartibda himoyalanish vositalaridan foydalanilgan holda bajarilishi lozim.
316. Formalinni, fenolni, kaustik va kalsiy sodani, ohak, sintetik smolani va yelimlarni omborlarda va ishlab chiqarish xonalarida ochiq holda ushlab turish taqiqlanadi.
317. Fenol, krezol, kaustik sodani qattiq (kristallangan) holatida tashish yopiq baraban idishlarda koʻtargich yordamida bajarilishi lozim. Fenol va krezol formalinli fraksiyasini va kaustik sodani suyuq holatda transportirovka qilish nasoslar orqali amalga oshirilishi lozim.
318. Kristal fenolni va kaustik sodani eritish maxsus yopiq baklarda bajarilishi lozim.
319. Yelim aralashtirgichlarga suv va bugʻ quvurlari oʻtkazilib, chiqindilarni chiqarib yuborish uchun esa tinchlantirish quduqlari va toʻkish quvurlari boʻlishi lozim.
IV. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan umumiy talablar
320. Barcha qoʻzgʻalmas uskunalar, agregat va dastgohlar ishlab chiqargan zavod koʻrsatmasiga binoan mustahkam asoslarga va poydevorlarga oʻrnatilishi lozim.
321. Barcha aylanuvchi va harakatlanuvchi qismlar (vallarning chiqib turgan uchlari, harakat uzatuvchi tasmalar va boshqalar) toʻsilgan boʻlishlari kerak.
322. Toʻsiqlar mustahkam, yengil, ishonchli ravishda mahkamlangan boʻlishi va qisib qoluvchi tirqishlari, kesib oluvchi va oʻtkir burchaklari boʻlmasligi kerak.
323. Ogʻirligi 5 kg dan ortiq boʻlgan toʻsiqlar ushlash uchun qulay dastaklarga ega boʻlishi kerak.
324. Oʻzidan changli havo chiqaruvchi ishlab chiqarish uskunalari zichlab berkitilishi va chang havoni soʻrish moslamalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
325. Yangi oʻrnatilgan yoki kapital sozlashdan chiqqan uskunalarni xavfsizlik texnikasi muhandisi ishtirokida dalolatnoma tuzilgandan keyin ishlatishga ruxsat berilishi lozim.
326. Mashinani sozlash, tozalash, moylash va kamchiliklarini bartaraf qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha ishlarni bajarish elektr taʼminotidan uzib qoʻyilgan, butunlay harakatdan toʻxtagan va ogohlantiruvchi belgi osib qoʻyilgan holatda bajarilishi lozim. Mashinani yurgizish belgini osib qoʻygan shaxs tomonidan amalga oshirilishi kerak.
327. Toʻsiqlarning va himoyalovchi moslamalarning hamda asboblarning sozligi sex (boʻlinma) rahbariyati tomonidan muntazam tekshirib turilishi kerak.
328. Montaj va demontaj vaqtida qoʻllanadigan tagliklar va koʻtarish mexanizmlari ish boshlashdan avval sinab koʻrilishi kerak.
329. Ishlab chiqarish uskunalaridan foydalanishda:
a) mexanizatsiyalash, avtomatlashtirish va masofadan boshqarishni qoʻllash;
b) ergonomik talablarni qoʻllash;
v) foydalanish, taʼmirlash, yigʻish, transportda tashish va saqlash boʻyicha xavfsizlik talablariga amal qilish lozim.
330. Ishlab chiqarish uskunasini tozalash ishlari maxsus asboblar yordamida (shyotka, qirgʻich, ilmoq va boshqalar) amalga oshirilishi lozim. Ishlab turgan uskunada tozalash va yigʻishtirish ishlarini bajarish taqiqlanadi.
331. Uskuna ishlab turgan vaqtda uning harakatlanuvchi qismlarini qoʻlda moylash taqiqlanadi.
2-§. Ishlab chiqarish uskunasini joylashtirishdagi xavfsizlik sharoitlari
332. Ishlab chiqarish xonalarida va ish joylarida ishlab chiqarish uskunalarini joylashtirilishi xizmat koʻrsatuvchi xodimlar uchun xavf tugʻdirmaydigan boʻlishi lozim.
333. Sexda oʻtish yoʻlaklari kengligi quyidagidan kam boʻlmasligi lozim:
a) magistral oʻtish yoʻlaklari — 1,5 m;
b) uskunalar oraligʻidagi oʻtish yoʻlakchalari — 1,2 m;
v) devorlar va uskunalar oraligʻidagi oʻtish yoʻlaklari — 1,0 m;
g) uskunaga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun moʻljallangan oʻtish yoʻlaklari — 0,7 m.
334. Ishlab chiqarish binolari, galereya, tunellar va estakadalarda konveyerlar tuzilmasi va joylashtirilishi GOST 12.2.022-80 “Konveyerlar. Xavfsizlik umumiy talablari”ga muvofiq boʻlishi lozim.
335. Oʻtish yoʻllarining bir tomonida joylashgan ish joylaridagi oʻtish yoʻlakchalarining kengligi 0.75 metr dan va oʻtish yoʻlining ikki tomonida joylashgan ish joylaridagi oʻtish yoʻllarining kengligi esa 1.5 metr dan kam boʻlmasligi lozim.
336. Konveyerlarga xizmat koʻrsatish uchun oʻtish yoʻlaklari kengligi quyidagilardan kam boʻlmasligi lozim:
a) bir tomondan xizmat koʻrsatiladigan konveyer uchun — 0,7 m;
b) parallel joylashgan konveyerlar oraligʻida — 1,0 m;
v) qattiq yoki toʻrsimon toʻsiqlar bilan butun trassa boʻyicha yopilgan parallel joylashtirilgan konveyerlar oraligʻi — 0,7 m;
g) konveyerlar oraligʻida joylashgan oʻtish yoʻlaklaridagi ustunlar boʻlganda ustun va konveyer oraligʻi — 0,6 m;
d) ikki tomondan xizmat koʻrsatiladigan parallel joylashtirilgan plastinasimon konveyer oraligʻi — 1,2 m;
e) yuk yuklovchi yoki tushiruvchi qurilmalar ustidan oʻtuvchi konveyer trassa uchastkalari ikki tomonida — 1 m.
337. Konveyer boʻylab oʻtish yoʻlagi balandligi quyidagidan kam boʻlmasligi lozim:
a) ishlab chiqarish xonalarida — 2,2 m;
b) galereya, tunnel va estakadalarda — 1,8 m.
338. Ishlaganda chang chiqaruvchi (maydalash, elash, transport va boshqa) uskuna zich yopilgan boʻlishi lozim. Chang chiqaruvchi uskunani zich yopish uchun moʻljallangan qoplamalar aspiratsiya (soʻrma) tizimiga ulangan boʻlishi lozim.
339. Gaz-chang ushlovchi qurilmalardan foydalanishda amaldagi meʼyoriy hujjatlar talabiga rioya etish lozim.
340. Bosim ostida ishlovchi qurilma, moslama hamda ularni taʼmirlash va foydalanish amaldagi meʼyoriy hujjatlar talabiga muvofiq boʻlishi lozim.
341. Ishchi bosimi 0,07 MPa (0,7 kgs/sm2)dan yuqori boʻlgan bugʻ qozonlari, bugʻ isitgichlari, ekonomayzerlari va suv harorati 1150S dan yuqori boʻlgan suv isitish qozonlarining tuzilishi, joylashtirilishi va ulardan foydalanish, amaldagi meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
342. Quvvati 14kW va yuqori boʻlgan statsionar va porshenli kompressorlar, shuningdek 0,2 dan 40 MPa gacha bosimli havo va inert gazlarda ishlovchi, havo uzatish va gaz uzatishlarni joylashtirish va foydalanish, amaldagi meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
3-§. Yogʻochni qayta ishlab chiqarish uskunasi
343. Yogʻochga qayta ishlov beruvchi asbobni kesuvchi qismining (arra pichoq, freza va boshqa) hududida blokirovka qilingan qoʻzgʻalmas toʻsiq boʻlishi lozim.
344. Disk va lenta arrada bitta tishi singan boʻlsa ham foydalanish taqiqlanadi. Rama arralarini ketma-ket 2 tishi singan boʻlsa foydalanishga ruxsat etilmaydi.
345. Yogʻoch arralovchi ramaga 70 mm dan kichik kenglikdagi arra qoʻyilishiga ruxsat etilmaydi. Disk arralarining va arra polotnosining yon tomondagi yuzasi tekis va yoriqsiz boʻlishi lozim.
346. Koʻp shpindelli parmalash dastgohlarida parmaning toʻsiqlaridan asbobning ishchi qismi koʻrinadigan boʻlishi lozim.
347. Uzatish mexanizmlarini yuboruvchi qismlari (valetslar, zanjirlar itaruvchi tirgovichlar, gusenitsalar, ushlab oluvchilar, siquvchilar) ishonchli ushlab qolish va siqishni taʼminlashi kerak.
348. Frezer, fugoval, lentali arra, dumaloq arra, murakkab va boshqa yogʻochga qayta ishlov beruvchi dastgohlari mexanik uzatkichga ega boʻlmasa, avto uzatuvchi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
349. Detallar qirqimi 40 x 40 mm dan kam boʻlganda maxsus moslamasiz frezerlash taqiqlanadi.
350. Hamma uzatish mexanizmlari himoya moslamalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
351. Dastgohni harakatlanuvchi qismlari (karetka, aravacha, salazka, ramka, stolni supporti) belgilangan chegaradan chiqib ketmasligi uchun unda tirgovichlari yoki harakatini chegaralovchi oʻchirgichlari boʻlishi lozim.
352. Dastgoh va andozalarda detallarga ishlov berilganida, ular ishonchli qisish va ushlagichlar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
353. Mexanik uzatishi bor frezer dastgohlar, shu jumladan karusel-frezer va nusxalovchi frezer andozalarni stolga qotirish uchun moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi, andozalar oʻz navbatida ishlov berilayotgan detallarni ishonchli mahkamlanishini taʼminlashi lozim.
354. Stollar, yoʻnaltiruvchi lineykalar va andozalarning ish yuzalari oʻyilgan, yorilgan va boshqa nuqsonlarsiz boʻlishi lozim.
355. Dastgoh bir nechta kesuvchi asboblarga ega boʻlsa, shulardan faqat bitta asbob ishlashini taʼminlash uchun moslama qoʻllanishi lozim.
356. Ishchi vallarini va shpindellarini qotiradigan gaykaning yoʻnalishi, kesuvchi asbobning aylanishiga teskari boʻlishi lozim.
357. Yogʻochga ishlov beruvchi uskunaning elektryurgizgichlari va elektrapparatlari, uskuna qaysi sexda ishlatilishiga bogʻliq ravishda portlashdan himoyalangan yoki yopiq ishlangan boʻlishi lozim.
4-§. Elektr uskunalarni ishlatish vaqtida elektr xavfsizligi talablari
358. Elektr qurilmalarini va tarmoqlarini montaj qilish va ishlatish vaqtida “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari” (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) va “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari” (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablariga rioya qilish kerak.
359. Har bir tashkilotda maʼmuriyat buyrugʻi bilan tegishli muhandis-texnik xodimlardan tashkilot elektr xoʻjaligining umumiy holati uchun javobgar shaxs tayinlanishi va undan mazkur Qoidalarning bajarilishini taʼminlash talab etilishi lozim.
360. Shaxsning bilimi tekshirilib, elektr xavfsizligi boʻyicha kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr uskunalarga IV guruh, elektr xavfsizligi boʻyicha kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan uskunalar boʻyicha V guruh berilgandan keyin javobgar shaxsni tayinlash haqidagi buyruq chiqariladi. Tashkilotda bosh energetik lavozimi boʻlsa, elektr xoʻjaligi boʻyicha javobgarlik unga yuklanadi.
V. Taʼmirlash ishlarini bajarishda mehnat xavfsizligi talablari
361. Tashkilot hududida ishlab chiqarishni (sex) yoki sexda qurilma, agregat, ayrim asbob-uskunalarni taʼmirlashga toʻxtatish uchun tashkilot (sex) boʻyicha buyruq (farmoyish) chiqarilishi lozim. Buyruqda pudratchilardan bevosita ish rahbari, shuningdek koʻrsatilgan ishlarga uskunalar va obyektni toʻliq tayyorlash, ishlarni xavfsiz amalga oshirish va pudratchilar yoki buyurtmachining taʼmirlash xizmati bilan tezkor aloqalar uchun javobgar shaxslar hamda tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.
362. Barcha uskunalarda tashkilot bosh muhandisi tasdiqlagan jadval boʻyicha belgilangan muddatlarda rejali taʼmirlash ishlari oʻtkaziladi.
363. Taʼmirlash ishlarida band boʻlgan pudratchining barcha xodimlari taʼmirlash ishlari boshlanishidan oldin, ushbu sexda ishlarni xavfsiz olib borish uchun xodimlar xavfsizlik texnikasi boʻyicha kirish yoʻriqnomasidan oʻtkazilishi lozim. Yoʻriqnomadan oʻtkazish ishlari buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
364. Rejalashtirilgan ishlarni bajarishdan oldin mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomadan oʻtkazish ishlari pudratchi tashkilot tomonidan oʻtkazilishi lozim.
365. Pudratchi ishlayotgan hududda buyurtmachi tomonidan zararli va yonish xavfi boʻlgan moddalarning paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaydigan meʼyoriy sanitariya-gigiyenik sharoitlar yaratilishi kerak.
366. Asbob-uskuna va kommunikatsiyalarda taʼmirlash ishlarini amalga oshirishdan oldin, quyidagilar bajarilishi lozim:
a) elektr energiya taʼminotidan oʻchirish;
b) asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni texnologik muhit qoldiqlaridan, asbob-uskunani zararli, zaharli va yonuvchi gaz va mahsulotlardan boʻshatish;
v) taʼmirlanadigan asbob-uskuna, kommunikatsiya, quduq va oʻralardagi inert, yonuvchi, zaharli gazlar va kislorod miqdorini tegishli tahlillarini oʻtkazish yoʻli bilan tekshirish.
367. Balandlikdagi ishlarda faqat tayanch yoki rezinali qoplamalar bilan taʼminlangan soz narvonlardan foydalanish lozim.
368. Tashkilot hududida qazish ishlarini bajarishda buyurtmachi pudratchiga naryad-ruxsatnoma bilan birga tegishli sex va xizmatlar bilan kelishilgan ruxsatnomani yozma tarzda topshirishi kerak.
369. Pudratchining ehtiyojlari uchun elektr energiyani ulash, shuningdek ish tugaganidan keyin uzish, sex boshligʻining ruxsati boʻyicha buyurtmachining bosh energetik xizmati tomonidan bajariladi.
370. Taʼmirlash ishlari tugallanganidan soʻng asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni qabul qilish dalolatnomasi ikki tomonlama imzolanib, ushbu asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni ishga tushirish haqida farmoyish chiqqandan soʻng, foydalanishga qabul qilinishi lozim.
VI. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
371. Tashkilotlarni (sexlarni) loyihalashtirishda, qurishda (montaj qilishda) mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
372. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(372-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VII. Yakuniy qoida
373. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, “Fayz” Xolding kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi va “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 6-iyul
“Fayz” Xolding kompaniyasi Boshqaruv raisi M. AZIMOVA
Toshkent sh.,
2009-yil 6-iyul
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi N. XANOV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-iyul
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-iyul
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-iyul
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-iyul
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-iyul
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 37-son, 411-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 14.08.2025-y., 10/25/3667/0734-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)