Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
UY-JOY MULKDORLARI SHIRKATLARINING FAOLIYATINI RIVOJLANTIRISH BORASIDAGI QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikada aholiga kommunal xizmat koʻrsatish tizimidagi iqtisodiy islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Zarur qonunchilik va normativ-huquqiy baza yaratilgan. Uy-joy mulkdorlarining shirkatlarini shakllantirish jarayoni faol davom etmoqda. Uy-joy mulkdorlarining salkam 1400 ta shirkatlari tashkil etilgan boʻlib, koʻp xonadonli jami uy-joy binolarining 88 foizi boshqarish uchun ularga topshirilgan. Koʻrsatilayotgan kommunal xizmatlarga hisob-kitoblar oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun kollektiv masʼuliyati tizimi yaxshilandi. 1991-yilga qadar barpo etilgan koʻp xonadonli uy-joy binolarini kapital taʼmirdan chiqarish dasturlari tasdiqlangan.
Shu bilan birga uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatida qator jiddiy kamchiliklar va hal etilmagan muammolar mavjud. Viloyat, shahar va tuman hokimliklari tomonidan uy-joy mulkdorlari shirkatlarini zarur moddiy-texnika bazasi, shu jumladan ular uchun moʻljallangan xonalar, moddiy resurslar, asbob-anjomlar bilan taʼminlashda ularga amaliy koʻmak va yordam koʻrsatish, uylar atrofidagi yer uchastkalarini qonun yoʻli bilan biriktirib qoʻyish, shuningdek zarur aylanma mablagʻlar ajratib berish borasidagi ishlarni tashkil etishga eʼtibor berilmayapti. Oqibatda koʻpgina uy-joy mulkdorlarining shirkatlari uy-joylarni joriy hamda kapital taʼmirdan chiqarish, obodonlashtirish ishlarini oʻz vaqtida oʻtkazish uchun yetarlicha mablagʻga ega emaslar.
Zarur boʻlgan tashkiliy tadbirlarni oʻtkazmasdan, 1991-yilga qadar barpo etilgan uy-joy binolarini avval kapital taʼmirdan chiqarmasdan turib uy-joy mulkdorlarining shirkatlarini tashkil etish hollari mavjud. Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida uylarning ichidagi muhandislik kommunikatsiyalarini va uy-joy binolarining umumfoydalanadigan joylarini kapital taʼmirdan chiqarish ishlari jadvaldan ancha orqada qolgan holda olib borilmoqda.
“Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi Qonuni bajarilishini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlarni vujudga keltirish hamda uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyati uchun qulay sharoit yaratish, uy-joy fondini saqlashda va undan tegishlicha foydalanishni taʼminlashda, taʼmirlash-tiklash ishlarini oʻz vaqtida oʻtkazishda, uy-joylar atrofidagi hududni obodonlashtirishni yaxshilashda mazkur shirkatlarning rolini oshirish, shuningdek ularning moddiy-texnikaviy va moliyaviy bazasini mustahkamlash maqsadida:
1. Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari xizmatlar koʻrsatishdan, shu jumladan ijaraga topshirilgan mulkdan tushadigan daromadlaridan 2007-yilga qadar boʻlgan davrda barcha turdagi soliqlar va budjetga yigʻimlar toʻlashdan ozod qilinsin, buning natijasida boʻshaydigan mablagʻlar aniq maqsadni koʻzlagan holda oʻz aylanma mablagʻlarini toʻldirishga, uy-joy mulkdorlari shirkatlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, uy-joy binolarini hamda uylarning ichidagi muhandislik kommunikatsiyalarini taʼmirlash, hududni obodonlashtirishga yoʻnaltirilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, koʻp xonadonli uy-joy binolarida yashovchi aholidan kommunal xizmatlar haqini yigʻishda yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalar mazkur xizmatlarni koʻrsatuvchi korxona va tashkilotlar tomonidan uy-joy mulkdorlarining shirkatlari bilan tuziladi.
Kommunal xizmatlarni koʻrsatuvchi korxona va tashkilotlar kommunal xizmatlar uchun joriy toʻlovlar boʻyicha xomchoʻt qilingan tushumlar bajarilgani taqdirda uy-joy mulkdorlarining shirkatlariga quyidagi tartibda ajratmalar berishi belgilab qoʻyilsin:
100 foiz bajarilgan taqdirda — tushgan toʻlovlar summasining 15 foizi;
75 foizdan ortiq bajarilgan taqdirda — tushgan toʻlovlar summasining 7 foizi miqdorida.
Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari mazkur mablagʻlardan aniq maqsadni qatʼiyan koʻzlagan holda uy-joy mulkdorlari shirkatlarining xodimlarini ragʻbatlantirish, uy-joy-kommunal xizmatlari uchun toʻlovlar boʻyicha mavjud qarzlarni toʻlash, shu jumladan xizmatlar uchun hisob-kitoblar boʻyicha kam taʼminlangan oilalarga yordam koʻrsatish, shuningdek uy-joy mulkdorlarining shirkatiga biriktirilgan uy-joy binolarini taʼmirlash, hududlarni obodonlashtirish borasidagi ishlarni amalga oshirishda foydalansinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki, 2002—2007-yillar mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari hamda obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan, shuningdek yer uchastkalarini fuqarolarning umrbod meros boʻlib qoladigan egaligiga sotishdan tushadigan mablagʻlar (yer uchastkalarini sotish tushumining belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga oʻtkaziladigan 3 foiz miqdordagi, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi huzurida Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy qayta qurish jamgʻarmasini shakllantirish uchun 2 foiz miqdordagi, Dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan 5,5 foiz miqdordagi hamda yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalarini umrbod meros boʻlib qoladigan egaligiga kimoshdi savdosi orqali sotishdan tushadigan mablagʻning 50 foizi miqdorida Ipoteka krediti berishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan mablagʻlardan tashqari) 1991-yilgacha qadar barpo etilgan uy-joylarni rekonstruksiya qilish, ularning ichidagi muhandislik kommunikatsiyalarini kapital taʼmirdan chiqarish, turar-joy binolarining umumfoydalanadigan joylarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun uy-joy mulkdorlarining shirkatlariga beriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 3-yanvardagi PF-3840-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 1-2-son, 4-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Oʻzkommunxizmat” agentligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonga muvofiq amaldagi qonun va normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 26-fevral,
PF-3038-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 2-son, 42-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 6-7-son, 32-modda; 2007-y., 1-2-son, 4-modda; 11-son, 95-modda)