Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 5-iyundagi 150-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari 1-ilovaga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi:
bir oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan qoidalarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari boʻyicha respublikaning barcha elektr va issiqlik energiyasi foydalanuvchilariga yetkazsinlar, shuningdek aholini belgilangan tartibda xabardor qilsinlar;
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari mazmunining ommaviy axborot vositalarida, matbuotda, televideniyeda, internet-nashrlarda doimiy mavzuli ruknlar orqali keng yoritilishini tashkil etsinlar.
3. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R.Shaismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 22-avgust,
245-son
Elektr energiyasidan foydalanish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”, “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”, “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr energiyasi isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarini tartibga soladi hamda barcha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari va elektr energiyasi isteʼmolchilari uchun majburiy hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ushbu Qoidalar shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda, isteʼmolchilardan elektr energiyasi uchun toʻlovni yigʻish funksiyasini bajaruvchi xususiy operatorlar uchun ham majburiy hisoblanadi.
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar va atamalardan foydalanilgan:
energiya taʼminoti boʻyicha avariya broni — isteʼmolchilar faoliyatini qisman yoki toʻliq toʻxtatishda uskunalarni saqlash, insonlar hayotining xavfsizligini taʼminlash, avariya va qoʻriqlash yoritgichlari, shamollatish, suv haydash, suv taʼminoti, isitish, yongʻin xavfsizligi vositalari uchun zarur boʻlgan elektr quvvatining eng kam miqdordagi darajasi yoki elektr energiyasi hajmi;
blok-stansiyalar — isteʼmolchilarning yagona elektr energetikasi tizimiga bevosita yoki isteʼmolchilar tarmogʻi orqali ulangan hamda operativ-dispetcherlik boshqaruvi tizimiga kiradigan elektr stansiyalari;
maishiy isteʼmolchi (aholi) — hududiy elektr tarmoqlari korxonasi (bosh ishonchnoma asosida hududiy elektr tarmoqlari korxonasi nomidan shartnoma tuzuvchi elektr taʼminoti korxonasi) bilan elektr taʼminoti shartnomasi tuzgan va elektr energiyasidan maishiy ehtiyojlar uchun foydalanadigan jismoniy shaxs;
elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansublik chegarasi — elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansubligi bilan aniqlanadigan, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va isteʼmolchi oʻrtasidagi elektr tarmogʻining boʻlinish nuqtasi;
elektr taʼminoti shartnomasi — yozma bitim, unga muvofiq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi isteʼmolchida kerakli uskunalar va elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish priborlari mavjud boʻlgan taqdirda unga ulangan elektr tarmogʻi orqali elektr energiyasi yetkazib berish majburiyatini oladi, isteʼmolchi esa uning haqini toʻlash, shuningdek elektr energiyasi isteʼmol qilishning shartnomada nazarda tutilgan rejimiga rioya qilish, oʻz tasarrufida boʻlgan elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish xavfsizligini hamda elektr energiyasi isteʼmoli bilan bogʻliq boʻlgan oʻzi foydalanadigan uskunalar va priborlarning soz holatda boʻlishini taʼminlashni oʻz ichiga oluvchi chora-tadbirlarni bajarish majburiyatini oladi;
elektr energiyasi (quvvati) isteʼmolining shartnomadagi miqdori — tegishli hisob-kitob davrida isteʼmolchi tomonidan isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi (quvvati)ning hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va isteʼmolchi oʻrtasidagi shartnomada belgilangan miqdori;
yagona elektr energetika tizimi — elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, magistral elektr tarmoqlari, hududiy elektr tarmoqlari va ularni tezkor—dispetcherlik boshqarish korxonalari yigʻindisi;
avvaldan buyurtma berilgan quvvat — isteʼmolchining energiya tizimini eng katta yuklamasida qatnashuvchi eng katta quvvati (yuklamasi). Isteʼmolchining eng katta yuklamasi tegishli hisobga olish priborlari (hisob-kitob hisoblagichlarining yarim soatlik koʻrsatkichlari boʻyicha) yoki Yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamali soatlarida elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi koʻrsatkichlari bilan aniqlanadi;
elektr energiyasi sifati — elektr energiyasi parametrlarining davlat standartlari boʻyicha belgilangan talablarga muvofiqligi;
elektr energiyasini hisobga olishni nazorat qilish pribori — nazorat qilish uchun foydalaniladigan hisobga olish pribori, uning koʻrsatkichlari asosida alohida sexlar, texnologik liniyalar, koʻp energiya sarflaydigan uskunalar va shu kabilardagi elektr energiyasi (quvvati) sarfi aniqlanadi;
yetarli miqdorda yetkazib berilmagan elektr energiyasi (kam yetkazib berish) — energiya taʼminotidagi tanaffus, shu jumladan uzib qoʻyish va cheklash vaqtida isteʼmolchi toʻliq olmagan elektr energiyasi miqdori;
elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari — elektr energiyasi uzatish va yetkazib berishni amalga oshirish uchun moʻljallangan elektr energiyasi uzatish liniyalari, transformator podstansiyalari, taqsimlash punktlari;
cheklash — shartnomada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish oqibatida muayyan vaqt oraligʻi davomida, shuningdek hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmoqlarida fors-major holatlar tufayli paydo boʻlgan avariya rejimlari vaqtida isteʼmolchiga shartnomada belgilangan elektr energiyasi va (yoki) quvvati yetkazib berish miqdorining kamayishi;
elektr energiyasi bilan taʼminlashdagi tanaffus (uzib qoʻyish) — isteʼmolchiga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatish, avtomatik qurilmalarning muvaffaqiyatli ishlashi tufayli yoki elektr energiyasi isteʼmol qilishning cheklanishiga olib kelmaydigan, bir vaqtning oʻzida bir nechta liniyalar boʻyicha elektr energiyasi oluvchi isteʼmolchilar uchun bitta yoki bir nechta elektr energiyasi yetkazib berish liniyalarining uzib qoʻyilishi tufayli sodir boʻladigan tanaffuslar bundan mustasno;
rejali uzib qoʻyish — hududiy elektr tarmoqlari korxonasining elektr qurilmalarini rejali — ehtiyotan taʼmirlash jadvali boʻyicha taʼmirlash yoki profilaktika qilish davrida isteʼmolchilarni oldindan (kamida 3 sutka oldin) ogohlantirgan holda isteʼmolchiga elektr energiyasi berishni toʻliq yoki qisman toʻxtatish, agar elektr taʼminoti shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa;
toʻlov hujjati — toʻlov talabnomasi yoki toʻlov topshiriqnomasi, uning asosida hududiy elektr tarmoqlari korxonasining hisob-kitob raqamiga pul mablagʻlari oʻtkaziladi, shuningdek bildirishnoma (schyot), uning boʻyicha toʻlov naqd pul bilan amalga oshiriladi;
elektr energiyasi isteʼmolchisi (isteʼmolchi) — elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq ishlab chiqarish va (yoki) maishiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasidan foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
hududiy elektr tarmoqlari korxonasi — viloyat, shahar, iqtisodiy zona (sanoat zonasi) doirasida elektr taʼminoti shartnomasi asosida isteʼmolchilarga elektr energiyasini sotish va taqsimlash huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxs;
elektr energiyasini qabul qilgich (elektr qabul qilgich) — elektr energiyasini qabul qilish va undan foydalanish uchun moʻljallangan qurilma yoki pribor;
isteʼmolchining ulangan quvvati — isteʼmolchining elektr energiyasini (bevosita elektr qabul qilgichlarni taʼminlaydigan) ishchi kuchlanishga aylantiruvchi transformatorlarining va 1000 Voltdan yuqori kuchlanishli elektr dvigatellarining elektr tarmoqlariga ulangan jami quvvati. Isteʼmolchilarning elektr qurilmalari tarmoq transformatorlardan yoki hududiy elektr tarmoqlari korxonasining past kuchlanishli tarmoqlaridan taʼminlanganda, isteʼmolchining ulangan quvvati uchun foydalanishga ruxsat etilgan quvvat qabul qilinadi, uning miqdori hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan belgilanadi hamda elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatiladi;
hisob-kitob davri — elektr energiyasi (quvvati) isteʼmolining sarfi (hajmi) aniqlanishi, isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun isteʼmolchi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi oʻrtasida oʻzaro hisob-kitob qilinishi kerak boʻlgan vaqt davri (oy);
elektr energiyasi va quvvatini hisobga olish pribori — elektr energiyasi (quvvati) sarfini hisobga olish pribori, shu jumladan jamlovchi qurilmalar hamda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatik tizimlari, isteʼmol qilingan elektr energiyasi va quvvatining haq toʻlanishi lozim boʻlgan hajmi ularning koʻrsatkichlari asosida aniqlanadi;
tizim operatori — yagona elektr energetikasi tizimi faoliyatining texnologik rejimini, magistral elektr tarmoqlarini tezkor—dispetcherlik boshqaruvini, shuningdek uning boshqa davlatlarning elektr energetikasi tizimlari bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlovchi mutasaddi tuzilma;
subisteʼmolchi — hududiy elektr tarmoqlari korxonasi roziligi bilan isteʼmolchining elektr tarmoqlariga bevosita ulangan va isteʼmolchi bilan elektr taʼminoti yuzasidan shartnoma tuzgan isteʼmolchi. Elektr energiyasi subisteʼmolchiga berilganda, isteʼmolchi Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya qilinishi boʻyicha hududiy elektr tarmoqlari korxonasi oldida javobgar boʻladi;
elektr taʼminotining texnologik broni — texnologik jarayonni, ishlab chiqarish siklini tugallash uchun zarur boʻlgan elektr energiyasi yoki quvvati hajmi;
hisobga olish nuqtasi — elektr taʼminoti sxemasidagi nuqta, unda oʻlchash pribori (yoki hisobga olish tizimi) yordamida elektr energiyasi (quvvati) sarfining hajmi aniqlanadi;
elektr taʼminoti korxonasi — hududiy elektr tarmoqlari korxonasining tuman, shahar, iqtisodiy zona (sanoat zonasi) doirasida elektr energiyasini taqsimlash va sotishni amalga oshiruvchi boʻlinmasi;
elektr qurilmasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish, transformatsiya qilish, uzatish, taqsimlash hamda uni energiyaning boshqa turiga aylantirish uchun moʻljallangan mashinalar, apparatlar, elektr uzatish liniyalari va yordamchi uskunalar yigʻindisi (ular oʻrnatilgan inshootlar va binolar bilan birga).
Keyingi tahrirga qarang.
3. Bir vaqtning oʻzida ishlab chiqarilishi va isteʼmol qilinishi bilan tavsiflanadigan alohida tovar turi sifatida elektr energiyasini yetkazib berish, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va energiya qurilmalari shu tashkilot tarmogʻiga bevosita ulangan isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan elektr taʼminoti shartnomasi asosida mazkur Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi. Namunaviy shartnoma shakli qonun hujjatlariga muvofiq “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqiladi va belgilangan tartibda Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzdavenergonazorat” DI deb ataladi) tomonidan tasdiqlanib, soʻngra oʻrnatilgan tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladi.
Isteʼmolchi va elektr taʼminoti korxonasi oʻrtasidagi shartnomada quyidagilar nazarda tutiladi:
shartnoma mavzusi;
isteʼmol qilishning belgilangan rejimlariga va elektr energiyasi sifati koʻrsatkichlariga rioya qilish boʻyicha tomonlarning shartlari va majburiyatlari;
elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligi hamda elektr tarmoqlari va elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatish chegaralari;
hisobga olish priborlarini oʻrnatilgan joyi;
isteʼmolchilarning elektr energiyasi uchun haq toʻlash boʻyicha tarif guruhlari;
foydalanilayotgan elektr tarmoqlari, uskunalar va priborlarning zarur texnik holatini va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha shartlar;
isteʼmolchilarni, subisteʼmolchilarni elektr tarmogʻiga ulash tartibi (isteʼmolchining nomi, quvvati, hisobga olish priborlari, tariflar va boshqa maʼlumotlar);
elektr energiyasini texnologik yoki avariyaviy bron darajasigacha yetkazib berishning eng kam hajmi (faoliyat xususiyatlari, asosiy mahsulotni ishlab chiqarishning, koʻrsatiladigan xizmatlarning hajmlari va mazkur isteʼmolchilar tomonidan foydalaniladigan uskunalarning tavsiflaridan kelib chiqib majburiy xizmat koʻrsatilishi kerak boʻlgan isteʼmolchilar uchun);
tomonlarning javobgarligi;
nizolarni hal etish tartibi;
fors-major holatlari;
tomonlarning rekvizitlari.
Elektr taʼminoti shartnomasini tuzish, uni oʻzgartirish, bekor qilish yoki amal qilish muddatini uzaytirish masalalarini hal etishda tomonlar qonun hujjatlariga, shuningdek mazkur Qoidalarga amal qiladilar.
Subisteʼmolchilar elektr taʼminoti shartnomasini hududiy elektr tarmoqlari korxonalari roziligiga binoan isteʼmolchilar bilan tuzadilar.
4. Isteʼmolchi tomonidan foydalanilgan elektr energiyasini hisobga olish uchun “Oʻzstandart” agentligi yoki uning oʻlchov vositasi turini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining sertifikatiga ega boʻlgan hududiy boʻlinmalari tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan birga ishlay oladigan elektron hisobga olish priborlari qoʻllanadi.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi isteʼmolchi bilan birgalikda isteʼmolchilar isteʼmol qilgan elektr energiyasining amaldagi miqdorini aniqlash uchun ulardagi hisobga olish priborlarining (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) koʻrsatkichlarini har oyda yozib olishi va zarur boʻlganda hisobga olish priborlarini ulash sxemasini tekshirib koʻrishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Aholida Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilishiga koʻra maishiy isteʼmolchilarning hisobga olish priborlari koʻrsatkichlarini birgalikda yozib olish, zaruriyatga qarab, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari xohishi yoki isteʼmolchilar buyurtmanomalari boʻyicha amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Elektr energiyasiga amaldagi tariflar oʻzgargan taqdirda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi axborotni ommaviy axborot vositalari orqali oʻn kun muddatda isteʼmolchilarga yetkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda elektr energiyasiga tariflar oʻzgargan sanadan qatʼi nazar, elektr taʼminoti shartnomasi oʻz kuchida qoladi va isteʼmolchi olingan elektr energiyasi va quvvati uchun yangi tarif joriy etilgan kundan boshlab u boʻyicha haq toʻlashga majburdir.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda isteʼmolchi, tarif oshirilgan taqdirda, elektr energiyasining toʻlov kunidan boshlab 12 oydan koʻp boʻlmagan vaqt uchun avans tarzida haq toʻlangan miqdori uchun qoʻshimcha toʻlovlardan ozod qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻz tarmoqlari orqali subisteʼmolchilarga elektr energiyasini yetkazib beruvchi isteʼmolchilar hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan elektr taʼminoti shartnomasini, subisteʼmolchilarning elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olgan holda, elektr energiyasining umumiy (yigʻma) miqdori boʻyicha tuzadilar.
7. Isteʼmolchi oʻziga tegishli elektr tarmoqlariga, ruxsat etilgan quvvat miqdori darajasida, kuchlanishi 1000 Voltgacha boʻlgan qoʻshimcha elektr qurilmalarini ulashi mumkin (elektr energiyasini isitish va issiq suv taʼminoti uchun qoʻllanishdan tashqari).
8. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi isteʼmolchiga (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasini ulangan tarmoq orqali elektr taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda va tomonlar oʻzaro kelishgan elektr energiyasi yetkazib berish rejimiga rioya qilgan holda yetkazib berishga majburdir.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Sanoat isteʼmolchilari va ularga tenglashtirilgan isteʼmolchilar quyidagilarga majbur:
mahsulot birligini ishlab chiqarish, (ishlarni amalga oshirish) uchun elektr energiyasi sarfining texnik va iqtisodiy jihatdan asoslangan — umumiy ishlab chiqarish va texnologik; yakka tartibdagi va guruh boʻyicha; yillik, choraklik va oylik — progressiv meʼyorlarini ishlab chiqish hamda ishlab chiqarishni tashkil etish texnologiyasi takomillashtirilishi (oʻzgartirilishi) va yangi texnika joriy etilishi bilan ularni qayta koʻrib chiqish;
umuman korxona boʻyicha, shu jumladan koʻp energiya sarflaydigan uskunalar, sexlar va isteʼmolchilar guruhlari boʻyicha elektr energiyasi balanslarini tuzish hamda ular asosida ishlab chiqarish jarayonlarida elektr energiyasidan foydalanish samaradorligini tahlil qilish, elektr energiyasining samarasiz sarflanishi va isrof boʻlishini aniqlash, ularni kamaytirish va bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
kelgusi davr uchun elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojni va elektr tarmoqlarining energiya oʻtkazish qobiliyatini oshirish, elektr taʼminoti sxemalarini takomillashtirish zaruriyatini aniqlash maqsadida (mahsulot ishlab chiqarishning, bajariladigan ish turlarining moʻljallanayotgan prognoz hajmlaridan va elektr energiyasi sarfi meʼyorlaridan kelib chiqib, ularni kamaytirish va elektr energiyasini tejashni hisobga olgan holda) elektr energiyasining bir yil va kelgusi davr uchun balanslarini tuzish;
mahsulot (ishlar) birligiga elektr energiyasi sarfining tasdiqlangan meʼyorlariga rioya qilish va ularni kamaytirish boʻyicha belgilangan tadbirlarning bajarilishini taʼminlash;
elektr energiyasini tejash boʻyicha (yillik va uzoq istiqbol uchun) tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
“Oʻzdavenergonazorat” DI tomonidan isteʼmolchida energiyadan (imzolangan dalolatnomaga muvofiq) nooqilona foydalanganlik, elektr energiyasini tejash boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni bajarmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi aniqlangan elektr energiyasidan nooqilona foydalanish holatlaridan kelib chiqqan holda energiya isteʼmolining shartnomadagi miqdorini kamaytirishga haqlidir.
10. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlaridagi avariyalarning oldini olish va bartaraf etish yoki odamlarning xavfsizligini taʼminlash ishlari bilan bogʻliq kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni koʻrish zarur boʻlganda, isteʼmolchi bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, biroq uni darhol xabardor qilgan holda, elektr energiyasini uzatishda tanaffus yoki cheklashlarga yoʻl qoʻyilishi mumkin.
11. Obyektning elektr taʼminoti loyihasida koʻzda tutilgan, oʻzaro zaxiralanuvchi manbalarni avtomatik ishga tushirish yoki asosiy manbani qayta avtomatik tiklash vaqtida elektr energiyasining uzib qoʻyilishi (sabablaridan qatʼi nazar) elektr taʼminotida tanaffus deb hisoblanmaydi.
12. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, isteʼmol qilish sohasidagi meʼyorlar va qoidalarga rioya qilinishi ustidan davlat nazorati qonun hujjatlariga muvofiq “Oʻzdavenergonazorat” DI tomonidan amalga oshiriladi.
13. Elektr energiyasining isrof qilib sarflanishi va isteʼmolchi elektr qurilmalarining avariya xavfi tugʻdiradigan yoki odamlar hayotiga xavf soladigan qoniqarsiz texnik holati aniqlanganda “Oʻzdavenergonazorat” DI elektr energiyasi yetkazib berishni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
14. Maxsus qoidalar boʻyicha foydalaniladigan elektr qurilmalari ustidan energetika nazorati qonun hujjatlariga muvofiq, vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
15. Davlat energetika nazoratining amalga oshirilishi isteʼmolchilarni foydalanilayotgan elektr tarmoqlari, priborlar va uskunalarning zarur texnik holati va xavfsizligi taʼminlanishi, elektr energiyasi isteʼmolining belgilangan rejimiga rioya qilinishi uchun javobgarlikdan, shuningdek elektr energiyasidan foydalanish paytida paydo boʻladigan avariyalar, yongʻinlar, elektr energiyasini hisobga olish priborlarining nosozliklari va boshqa qoidabuzishlar toʻgʻrisida hududiy elektr tarmoqlari tashkilotlarini darhol xabardor qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
16. Elektr tarmoqlari, priborlar va uskunalarning texnik holatiga va ularni ekspluatatsiya qilishga nisbatan qoʻyiladigan talablar, shuningdek ularga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi elektr energetikasi sohasidagi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
17. Ushbu Qoidalar buzilganligi uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, Maʼmuriy kodeksiga, Jinoyat kodeksiga, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga muvofiq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan isteʼmolchi oʻrtasida tuziladigan elektr taʼminoti shartnomasida belgilab beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ulash uchun texnik shartlar
18. Elektr energiyasi isteʼmolchilari, shu jumladan xususiy uy-joylarda yashovchi isteʼmolchilar elektr qurilmalarining yangi va qoʻshimcha quvvatlarini hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining ishga tushirish vaqtida, elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni olishga majburdirlar.
Texnik shartlarsiz elektr qurilmalarining elektr taʼminotini loyihalashtirish, uskunalarni montaj qilish va ularni hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.
Ulanish uchun texnik shartlarning bajarilishi barcha isteʼmolchilar, loyihalash, qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
19. Kuchlanishi 1000 Volt va undan yuqori boʻlgan transformatorlar yoki dvigatellarning yangi yoki qoʻshimcha quvvatlarini ulash, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining tarmoq transformatorlariga ulanadigan past kuchlanishli qurilmalarning yangi quvvatini ulash yoki ularning ruxsat berilgan quvvatini oshirish uchun texnik shartlar isteʼmolchi-buyurtmachidan (quruvchidan) yoki uning topshirigʻi boʻyicha bosh loyihalash tashkilotidan buyurtma olingandan soʻng bir oy muddatda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan, belgilangan tartibda beriladi.
Tadbirkorlik subyektlarini elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlar tadbirkorlik subyektlarining yoxud tuman (shahar) arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi) buyurtmasiga koʻra uch ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda beriladi.
Barcha isteʼmolchilar uchun texnik shartlar, shu jumladan qoʻshimcha shartlar toʻlov undirmasdan beriladi.
20. Texnik shartlarni olish boʻyicha buyurtmanomada isteʼmolchi loyihalashtirilayotgan obyektni tavsiflovchi quyidagi maʼlumotlarni qisqacha shaklda koʻrsatadi: yuklama miqdori, isteʼmolchining elektr taʼminoti ishonchliligi boʻyicha toifasi, oʻrnashgan joyi (aholi punkti bilan bogʻliq kartografiya materiali), obyektni loyihalashtirish va qurish muddatlari, obyektga xizmat koʻrsatuvchi elektr qurilmalarining balans boʻyicha mansubliligi.
Quvvati 10 kVt gacha boʻlgan elektr qurilmalariga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun texnik shartlar olish yuzasidan buyurtmanomalar tegishli elektr taʼminoti korxonalariga, 10 kVt va undan yuqori quvvatli boʻlganda esa — hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga yuboriladi.
21. Elektr qurilmalarining, isteʼmol qilinadigan quvvat oshirishiga sabab boʻlmaydigan, elektr taʼminoti ishonchliligi boʻyicha toifasi oʻzgargan yoki isteʼmolchining tashqi elektr taʼminoti sxemasi oʻzgargan taqdirda, isteʼmolchi buning uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan qoʻshimcha texnik shartlar olishga majburdir.
22. Elektr qurilmalari isteʼmolchilarning elektr tarmoqlaridan quvvat oladigan subisteʼmolchilar texnik shartlarni, hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ruxsati bilan, isteʼmolchilardan oladilar va loyiha hujjatlarini isteʼmolchi bilan kelishadilar.
Agar subisteʼmolchining yuklamasi ortishi sababli isteʼmolchining tashqi elektr taʼminoti sxemasini oʻzgartirish yoki hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan tuzilgan elektr taʼminoti shartnomasida qayd etilgan transformatorlar va yuqori voltli dvigatellar quvvatini koʻpaytirish talab etilsa, isteʼmolchi yuklamani koʻpaytirishga texnik shartlarni hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan oladi.
23. Obyektni hududiy elektr tarmoqlariga ulashning texnik shartlarida quyidagilar koʻrsatiladi:
ulanish nuqtasi (podstansiya, elektr stansiyasi yoki elektr energiyasi uzatish liniyasi), obyektni taʼminlovchi havo va kabel liniyalari bajarilishi kerak boʻlgan kuchlanish, alohida holatlarda tashqi elektr energiyasi taʼminoti sxemasi variantlarini ishlab chiqish zaruriyati koʻrsatiladi;
yangi isteʼmolchi ulanishi tufayli mavjud tarmoqni kuchaytirish boʻyicha asoslangan talablar (simlar kesimlarini oshirish, transformatorlar quvvatini almashtirish yoki koʻpaytirish, zaxira yacheykalari barpo etish va shu kabilar);
qisqa tutashish toklarining hisoblangan miqdori, releli himoya, avtomatika, aloqa, izolyatsiya va oʻta kuchlanishdan himoyaga qoʻyiladigan talablar;
reaktiv quvvat oʻrnini toʻldirishga qoʻyiladigan talablar;
elektr energiyasini hisobga olishga qoʻyiladigan talablar;
davlat standartlariga muvofiq tok qabul qilgichlar yonida barqarorlashtiruvchi qurilmalar va elektr energiyasi sifatini nazorat qiluvchi priborlarning oʻrnatilishiga qoʻyiladigan talablar;
isteʼmolchi yuklamasining sutkalik jadvalini tartibga solish boʻyicha talablar;
elektr qurilmalarining namunaviy loyihalarini qoʻllash boʻyicha tavsiyalar;
hududiy elektr tarmoqlarining taʼminlovchi liniyalariga ulanadigan isteʼmolchilar elektr qurilmalariga qoʻyiladigan oʻziga xos talablar (zaxira energiya manbaining, kuchlanish beriladigan joylarni avtomatik himoya qilishning zarurligi, taʼminlovchi liniyalarning parallel ishlashiga yoʻl qoʻyilishi, yagona elektr energetika tizimida quvvat tanqisligi paydo boʻlganda bunday tok qabul qilgichlarning elektr taʼminotini saqlash maqsadida ayrim zaxiralanuvchi taʼminlovchi liniyalarga masʼul yuklamalarni ajratish va shu kabilar);
korxona, bino, inshootlar loyihasida (ishchi loyihasida) elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishni tashkil etish boʻyicha loyiha yechimlarini ishlab chiqish toʻgʻrisidagi talablar;
isteʼmolchi tarmogʻiga ulanadigan subisteʼmolchilar roʻyxati (ularning yuklamalari va elektr energiyasi isteʼmoli toʻgʻrisidagi asosiy istiqbol maʼlumotlarini koʻrsatgan holda);
texnik shartlarning, ishlarni loyihalash va bajarishning amaldagi meʼyorlarini hisobga olgan holda belgilangan amal qilish muddati.
24. Korxonalar, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki alohida ishlab chiqarishlarning texnik shartlarga muvofiq ishlab chiqilgan elektr taʼminoti loyihalari (ishchi loyihalari) hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va “Oʻzdavenergonazorat” DI bilan kelishilishi kerak, isteʼmolchilarni 10 kVt gacha quvvatli elektr taʼminoti loyihalari bundan mustasno.
25. Isteʼmolchilarning yuklamalarini ulash bilan bogʻliq yangi elektr qurilmalarini va elektr tarmogʻi xoʻjaligining obyektlarini loyihalash va qurish, ishlab turganlarini kengaytirish va rekonstruksiya qilish isteʼmolchilarning mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
26. Isteʼmolchi, unda texnik imkoniyat mavjud boʻlsa, hududiy elektr tarmoqlari korxonasining talabi boʻyicha oʻz elektr tarmoqlariga boshqa elektr energiyasi isteʼmolchilarining elektr qurilmalarini ulashi shart.
III. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishga ijozat olish va kuchlanishni isteʼmolchilarga uzatish tartibi
27. Isteʼmolchilarning (oldindan foydalanilayotgan uy-joylarda ulanayotganlaridan tashqari) barcha yangidan ulanayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan elektr qurilmalarining Elektr qurilmalarini tuzilishi qoidalariga, shahar qurilishi meʼyorlari va qoidalariga, berilgan texnik shartlarga muvofiq bajarilishi va belgilangan tartibda kelishilgan loyiha hujjatlari hamda texnik qabul qilish-topshirish hujjatlari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
28. “Oʻzdavenergonazorat” DI oʻz nazoratidagi obyektlarda ishlab chiqarish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha xorijiy texnologiyalarni qoʻllash imkoniyati toʻgʻrisida belgilangan tartibda ekspert xulosasi beradi.
29. Yangidan montaj va rekonstruksiya qilingan elektr qurilmalarini mazkur Qoidalarga muvofiq, ularni montaj qilish tugatilishi, ishga tushirish-sozlash ishlari bajarilishidan soʻng, isteʼmolchida elektr xoʻjaligi uchun masʼul shaxs va tegishli elektrotexnik xodimlar mavjud boʻlganda, elektr qurilmalari Isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish Qoidalari va Isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi Qoidalariga muvofiq xavfsizlik texnikasi va yongʻin oʻchirish boʻyicha himoya vositalari bilan butlanganda hamda belgilangan tartibda qiyoslashdan oʻtkazilgan hisobga olish priborlari oʻrnatilganda, shuningdek elektr taʼminoti shartnomasi tuzilganda ekspluatatsiya qilishga topshirish mumkin boʻladi.
30. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiyaga topshirishdan oldin isteʼmolchi montaj tashkilotidan ularni dalolatnoma boʻyicha qabul qilishi va ularning majburiy sertifikatlari mavjud boʻlganda “Oʻzdavenergonazorat” DIga loyiha, ekspluatatsiya, texnik qabul qilish-topshirish hujjatlarini, hamda ishga tushirish mumkinligini aniqlash uchun elektr qurilmasini koʻrikdan oʻtkazishga taqdim etishi kerak.
Isteʼmolchilarning rekonstruksiya qilinayotgan elektr qurilmalari ham ekspluatatsiyaga topshirishdan oldin, koʻrikdan oʻtkazish uchun “Oʻzdavenergonazorat” DI inspektoriga koʻrsatilishi kerak.
Elektr qurilmalari ekspluatatsiyasiga ijozat berish tartibi subisteʼmolchilarning yangidan montaj va rekonstruksiya qilingan elektr qurilmalariga tatbiq etiladi.
Isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini montaj qilishda kamchiliklar, ulash uchun berilgan texnik shartlardan chekinishlar aniqlanganda, shuningdek texnik hujjatlar va elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatish uchun tayyorgarlik koʻrgan xodimlar mavjud boʻlmagan taqdirda, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ularga ijozat berish taqiqlanadi.
31. Yangi yoki rekonstruksiya qilingan elektr qurilmalariga kuchlanish berish, hisobga olish priborlari qiyoslashdan oʻtkazilishi va oʻrnatilishidan keyin ularni ekspluatatsiya qilishga ijozat berish toʻgʻrisida “Oʻzdavenergonazorat” DIning dalolatnomasi mavjud boʻlgan taqdirda, shuningdek elektr taʼminoti shartnomasi tuzilganidan keyin amalga oshiriladi.
Quvvati 10 kVtgacha boʻlgan elektr qurilmalarini isteʼmolchilarga ulash tartibi alohida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
32. “Oʻzdavenergonazorat” DI elektr qurilmani texnik koʻrikdan oʻtkazish va ekspluatatsiya qilishga ijozat berish yuzasidan javob beradi.
Isteʼmolchining ekspluatatsiya qilinayotgan elektr qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish davriyligi oʻrnatilgan tartibda “Oʻzdavenergonazorat” DI tomonidan belgilanadi.
33. Ishlari mavsumiy xususiyatga ega boʻlgan isteʼmolchilar har yili, elektr qurilmalarini ishga tushirishdan oldin ularning koʻrikdan oʻtkazilishi va ekspluatatsiya qilishga ijozat berilishi uchun “Oʻzdavenergonazorat” DI yoki uning hududiy boʻlimiga yozma ravishda murojaat qilishlari kerak.
IV. Elektr qurilmalari va elektr tarmoqlarining texnik holati yuzasidan tomonlarning javobgarligi
34. Elektr uskunalarining holati, foydalanilishi va ularga xizmat koʻrsatilishi yuzasidan isteʼmolchilar bilan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi oʻrtasidagi javobgarlik chegarasi elektr uskunalarining balans boʻyicha mansubligi bilan belgilanadi va bu elektr taʼminoti shartnomasiga ilova qilinadigan elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligini va tomonlarning ekspluatatsiya qilish boʻyicha javobgarligini chegaralash dalolatnomasida qayd etiladi.
Elektr tarmoqlari va uskunalariga xizmat koʻrsatish chegaralarini va ularning holati uchun javobgarlikni belgilash yuzasidan dalolatnoma hududiy elektr tarmoqlari korxonasining va isteʼmolchining vakillari tomonidan imzolanadi.
1000 Volt va undan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarining holati va ularga xizmat koʻrsatish yuzasidan javobgarlik chegaralari:
yopiq taqsimlash qurilmalarining tashqi tomonidan elektr uzatish havo liniyasining oʻtish izolyatori ulanmasida va simning ochiq taqsimlash qurilmalari izolyatorlari portal tortiladigan shodasining taranglovchi qisgichidan chiqishda;
elektr uzatishning taʼminlovchi yoki chiquvchi liniyalarini kabelli yoki havodagi kirish simlari ulanish uchliklarida belgilanadi. Bunda oldingi jumlada keltirilgan ulanmalarning holati uchun podstansiyani ekspluatatsiya qiluvchi korxona javob beradi.
Turli tashkilotlarga tegishli, (yopiq yoki ajratgichlar orqali) tarmoqlangan simlarga ega boʻlgan 1000 Volt va undan yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarining holati va ularga xizmat koʻrsatish yuzasidan javobgarlik chegarasi asosiy liniyaning tarmoqlanish qilingan tayanchida belgilanadi. Asosiy elektr uzatish liniyasi tasarrufida boʻlgan korxona tarmoqlangan simlarni ulovchi qisqichlarning holati uchun javob beradi.
1000 Voltgacha kuchlanishli elektr qurilmalarining holati va ularga xizmat koʻrsatish uchun isteʼmolchi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi oʻrtasidagi javobgarlik chegarasi:
havodagi tarmoqlanishda — bino yoki quvur tayanchida oʻrnatilgan birinchi izolyatorlarda;
kabel bilan kiritishda — binoga kirish joyida taʼminlovchi kabelning ulanish uchliklarida belgilanadi.
Bunda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga, muassasalarga va boshqa noishlab chiqarish isteʼmolchilariga tegishli uylardagi elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansublik chegarasidagi ulanmalarning holati uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasi javob beradi.
Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish xususiyatlariga koʻra javobgarlikning boshqa asoslangan chegaralari ham belgilanishi mumkin.
35. Isteʼmolchi elektr qurilmalarning texnik holati va Isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishi, elektr energiyasining oqilona sarflanishi, elektr energiyasi isteʼmolining belgilangan rejimlari bajarilishi, elektr energiyasi sifatining taʼminlanishi, shuningdek “Oʻzdavenergonazorat” DI koʻrsatmalarining oʻz vaqtida bajarilishi uchun javob beradi.
36. Isteʼmolchi yuridik shaxs sifatida tugatilgan taqdirda uning elektr qurilmasiga hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan elektr energiyasi yetkazib berish taqiqlanadi.
Agar elektr energiyasi yetkazib berish toʻxtatilmagan boʻlsa, u holda buning oqibati uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
37. Elektr stansiyalari va tarmoqlarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalarida va Isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarida hisobga olinmagan ishlab chiqarishning va elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishning oʻziga xos (yer osti, portlash xavfi boʻlgan ishlab chiqarishlar, elektr tortish kuchi va boshqa) shartlari mavjud boʻlganda, isteʼmolchilar ushbu elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha maxsus yoʻriqnomalarga ega boʻlishlari shart.
38. Isteʼmolchi elektr tarmoqlarining texnik holatini taʼminlash boʻyicha ekspluatatsion xarajatlar uchun subisteʼmolchilar, isteʼmolchi bilan subisteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan alohida shartnoma boʻyicha elektr energiyasining umumiy hajmidan olinadigan ulushga mutanosib ravishda haq toʻlaydilar.
Ekspluatatsion xarajatlarni subisteʼmolchiga beriladigan elektr energiyasi tarifiga qoʻshishga ruxsat etilmaydi.
V. Elektr energiyasini hisobga olish priborlarini oʻrnatish va ularni ekspluatatsiya qilish
39. Elektr energiyasi uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan hisob-kitob qilish uchun isteʼmolchilar majburiy tartibda Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan birga ishlay oladigan elektron hisobga olish priborlari bilan, 750 kVA va undan yuqori quvvatga ulangan isteʼmolchilar esa — Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan birga ishlay oladigan koʻp funksiyali elektron hisobga olish priborlari bilan taʼminlangan boʻlishlari kerak.
40. Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlari koʻrsatkichlarning buzilishidan, inson omilining taʼsirini mumkin qadar kamaytirgan holda axborotlardan ruxsatsiz foydalanilishidan kompleks himoya bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
41. Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan birga ishlay oladigan elektron hisobga olish priborlari boʻlmaganda hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmoqlariga hamda isteʼmolchilar va subisteʼmolchilarning elektr tarmoqlariga ulanish taqiqlanadi.
42. Turli tarif guruhlaridagi bir nechta isteʼmolchilar elektr taʼminotining bitta manbaidan taʼminlanganda tegishli hisobga olish priborlari har bir tarif guruhi uchun alohida oʻrnatilishi lozim.
43. Hisobga olish priborlari (shu jumladan aktiv va reaktiv quvvat va energiyani oʻlchash vositalari, shuningdek jamlovchi qurilmalar hamda Isteʼmolni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlari) mazkur Qoidalarga muvofiq oʻrnatiladi va Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari talablariga javob berishi kerak.
Hisobga olish priborlari, oʻlchov transformatorlari, ikkilamchi zanjirlar, shu jumladan aloqa liniyalari, Isteʼmolni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarining saqlanishi va ularning texnik holati uchun hisobga olish priborlari va tizimlari oʻz balansida boʻlgan korxona javob beradi.
Elektr energiyasini texnik hisobga olish (elektr energiyasi sarfining belgilangan meʼyorlari bajarilishini nazorat qilish) uchun hisobga olish priborlari alohida sexlarda, koʻp energiya sarflaydigan agregatlarda, texnologik liniyalarida, binolarda, alohida obyektlarda oʻrnatiladi.
44. Koʻp xonadonli uy-joylarda elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish maqsadida hisobga olish priborlari har bir xonadon uchun maxsus ajratilgan joylarda oʻrnatiladi.
Har bir xonadonga oʻrnatishdan tashqari, uy-joylarda uyning umumiy ehtiyojlari (zinapoyalarni yoritish, liftlar, nasoslarning ishlashi va hokazolar) uchun sarflanadigan elektr energiyasi boʻyicha hisob-kitob qilish uchun hisobga olish priborlari oʻrnatiladi.
45. Hisobga olish priborlari, shuningdek hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan isteʼmolchilarning hisob-kitob qilishiga moʻljallangan elektr energiyasi va quvvatini hisobga olishning boshqa vositalari isteʼmolchining mablagʻlari hisobiga sotib olinadi, davlat qiyoslashidan oʻtkaziladi va oʻrnatiladi hamda hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi va plombalanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
46. Hisobga olish (tok va kuchlanishni oʻlchash transformatorlarining ishdan chiqishi, shuningdek ikkilamchi kommutatsiya, hisobga olish priborlarining shikastlanishi va ularning yoʻqolishi) isteʼmolchining aybi bilan buzilgan taqdirda hisobga olish priborlarini almashtirish, taʼmirlash, davlat qiyoslashidan oʻtkazish va oʻrnatish, shu jumladan ulash boʻyicha hududiy elektr tarmoqlari korxonasining xizmatlariga haq toʻlash isteʼmolchining mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
47. Isteʼmolchi oʻlchov zanjirlarining zarur texnik holatini, xavfsiz ekspluatatsiya qilinishini hamda oʻz balansida boʻlgan va oʻzi foydalanadigan elektr energiyasini hisobga olish priborlarining sozligini taʼminlashi shart.
Shartnoma boʻyicha elektr energiyasidan maishiy isteʼmol uchun foydalanuvchi isteʼmolchi sifatida jismoniy shaxs ish koʻrgan taqdirda, elektr tarmoqlarining, shuningdek elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish priborlarining zarur texnik holatini va xavfsizligini taʼminlash majburiyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga yuklanadi, ushbu Qoidalarda belgilangan holatlar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
48. Hisobga olish priborlarida:
kojuxlar mahkamlangan joyida, toʻlov hisoblagichlari bilan birgalikda foydalaniladigan oʻlchov transformatorlarida esa — alohida ajratilgan joylarda “Oʻzstandart” agentligining yoki uning hududiy boʻlinmasining belgilangan namunadagi plombasi boʻlishi kerak;
hisobga olish priborining klemmnik qopqoqlarida, shuningdek sinov bloklarida, oʻtuvchi klemmniklar qopqoqlarida, kuchlanishning ajratuvchi oʻlchov transformatorlari simlarida — hududiy elektr tarmoqlari korxonasining (yoki uning vakolatli xizmatlarining) belgilangan namunadagi plombasi boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Hisobga olish priborlarini va oʻlchash transformatorlarini vaqti-vaqti bilan qiyoslashdan oʻtkazish “Oʻzstandart” agentligi tomonidan belgilangan muddatlarda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi vakili bilan birgalikda isteʼmolchining mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
49. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili oʻzida tegishli amal qilish muddati koʻrsatilgan, oʻz nomi yozilgan guvohnomasi boʻlgan taqdirda, sutkaning istalgan vaqtida, priborning koʻrsatkichlarini yozib olish va koʻrikdan oʻtkazish uchun isteʼmolchilarning (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasini hisobga olish priborlari va sxemalarini toʻsqinliksiz borib koʻrish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
50. Hisobga olish priborlari bilan birgalikda foydalaniladigan oʻlchov transformatorlarini boshqa joyga oʻrnatish va almashtirish faqat hududiy elektr tarmoqlari korxonasining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
51. Elektr energiyasini hisobga olish sxemasini oʻzgartirish yoki uning buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan har qanday ishlarni bajarish uchun isteʼmolchi, ishlarni boshlashdan oldin, bu haqda hududiy elektr tarmoqlari korxonasini yozma ravishda xabardor qilishi shart. Ishlarni bajarish davrida elektr energiyasi hisobi hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan kelishilgan vaqtinchalik sxemalar yoki hisob-kitoblar boʻyicha amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish tartibi
1-§. Elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilishning umumiy qoidalari
52. Bevosita hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmoqlaridan hamda isteʼmolchilar yoki subisteʼmolchilar elektr tarmoqlari orqali uzatilayotgan elektr energiyasi uchun isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar elektr energiyasining belgilangan tartibda tasdiqlangan tegishli tariflari boʻyicha elektr taʼminoti shartnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
53. Elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish maqsadida isteʼmolchilarni tarif guruhlari boʻyicha taqsimlanishi Elektr va issiqlik energiyasi isteʼmolchilarining tarif guruhlari toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
54. Elektr energiyasiga tariflar bir stavkali va ikki stavkaliga boʻlinadi. Bunda:
— bir stavkali tarif isteʼmolchiga yetkazib berilgan har bir kVt soat elektr energiyasi uchun haq toʻlashdan;
— ikki stavkali tarif yagona elektr energiyasi tizimining eng katta yuklamasida ishtirok etuvchi, buyurtma berilgan har bir kVt quvvat uchun (asosiy toʻlov) va yetkazib berilgan elektr energiyasining har kVt soati uchun isteʼmolchi tomonidan haq toʻlashdan (qoʻshimcha toʻlov) iborat boʻladi.
55. Elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilishda, isteʼmolchida koʻp tarifli hisobga olish pribori mavjud boʻlgan taqdirda, belgilangan tartibda tasdiqlangan tabaqalashtirilgan tarif qoʻllanishi mumkin. Tabaqalashtirilgan tarif sutkaning quyidagi davrlarida isteʼmol qilingan har bir kVt soat elektr energiyasi uchun haq toʻlashdan iborat boʻladi:
yarim tigʻiz davr — asosiy tarif (sutkaning yorugʻ vaqti);
tigʻiz davr — eng yuqori tarif (yagona energiya tizimining eng katta yuklamali vaqti — ertalabki va kechki “eng katta miqdor”);
tungi davr — imtiyozli tarif (sutkaning qorongʻi vaqti).
Asosiy tarif (T)ning miqdori isteʼmolchilarning har bir guruhi uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan tarifga muvofiq boʻladi.
56. Bir necha tarif guruhlariga ega boʻlgan isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar, har bir tarif guruhiga oʻrnatilgan hisobga olish priborlari koʻrsatkichlari boʻyicha amalga oshiriladi.
57. Elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki isteʼmolchining oʻzi tomonidan yoziladigan toʻlov hujjatlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
58. Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berish oldindan toʻlangan haq doirasida amalga oshiriladi.
59. Elektr taʼminoti shartnomalarida (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) hisobot davrida elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan miqdorga nisbatan 5 foizdan koʻp elektr energiyasi isteʼmol qilinganda, hisob-kitob davri uchun elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgandan ortiq isteʼmol qilingan jami hajm uchun belgilangan tarifning 50 foizi miqdorida hududiy elektr tarmoqlari korxonasi foydasiga jarima sanksiyalari toʻlanishi koʻzda tutiladi.
60. Hisobga olish priborlaridan koʻrsatkichlar yozib olinmagan taqdirda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, keyinchalik hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan isteʼmolchi bilan birgalikda aniqlangan amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qilgan holda, elektr energiyasi isteʼmolining shartnomadagi miqdori boʻyicha hisob-kitob qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
61. Elektr taʼminoti shartnomasi boʻyicha isteʼmolchi sifatida maishiy isteʼmol uchun elektr energiyasidan foydalanuvchi jismoniy shaxs ish koʻrganda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi isteʼmolchi tomonidan u foydalangan elektr energiyasi uchun haq toʻlanmagan taqdirda, elektr taʼminoti shartnomasining bajarilishi bekor qilinishi moʻljallanayotgan kundan kamida bir oy oldin isteʼmolchini ogohlantirgan holda, elektr taʼminoti shartnomasi bajarilishini bir tomonlama tartibda rad etishga haqlidir.
62. Toʻlov hujjatida xatolar yoki hisobga olish priborlari koʻrsatkichida noaniqliklar aniqlangan taqdirda, isteʼmolchi hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga darhol murojaat qilishi kerak.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, isteʼmolchi murojaat qilgan kundan boshlab oʻn sutkadan kechiktirmay, hisob-kitobni tekshirishi, zarurat boʻlganda esa hisobga olish priborini koʻrikdan oʻtkazishi kerak.
Hisobga olish priborlarini koʻrikdan oʻtkazish yoki toʻlov hujjatidagi xatoliklar toʻgʻrisida murojaat qilish isteʼmolchini toʻlov hujjatidagi toʻlovni belgilangan muddatda toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi.
Agar hisobga olish priborlari koʻrsatkichlaridagi aniqlik chegarasidan ogʻishlar mazkur hisobga olish pribori uchun belgilangan aniqlik chegaralaridan ortiq boʻlmasa, bunday chetga chiqishlar yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan chetga chiqishlar deb hisoblanadi.
Agar toʻlov hujjatini tekshirish yoki hisobga olish priborini koʻrikdan oʻtkazishdan keyin (shu jumladan isteʼmolchi murojaat qilmasa ham) qayta hisob-kitob qilish zarurligi aniqlansa, bunday qayta hisob-kitob hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan elektr energiyasi uchun navbatdagi toʻlov hujjatini yozishda amalga oshiriladi.
63. Hisobga olish pribori isteʼmolchining aybi bilan buzilgan (plombasi buzilgan, oynasi singan va shu kabilar), hisobga olish priborini ishga tushirish sxemasi oʻzgargan, hisobga olish priboridan tashqari elektr qabul qilgichlar ulangan yoki elektr energiyasi boshqacha usulda oʻgʻirlangan hollarda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi isteʼmolchini elektr tarmogʻidan uzib qoʻyishga haqlidir va hisobga olish priborlari oxirgi marta oʻzgartirilgan yoki ularni ulash sxemasi tekshirilgan kundan boshlab butun oʻtgan, ammo daʼvo muddatidan koʻp boʻlmagan, davr uchun elektr qabul qilgichlarning ulangan quvvati va isteʼmolchining elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan ishlash soatlari boʻyicha energiya sarfini qayta hisoblab chiqishi shart. Bunda hisobga olish pribori koʻrsatkichini yozib olish ulash sxemasini tekshirish deb hisoblanmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
64. Elektr energiyasi sarfini qayta hisob-kitob qilish isteʼmolchini elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibdagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
65. Elektr energiyasini hisobga olish isteʼmolchining aybisiz vaqtinchalik buzilganda yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob hududiy elektr tarmoqlari korxonasining qarori boʻyicha, hisobga olish buzilishiga qadar boʻlgan oldingi hisob-kitob davridagi yoki hisobga olish tiklangandan keyingi davrdagi oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha amalga oshiriladi.
Elektr energiyaning oʻrtacha sutkalik sarfi boʻyicha hisob-kitob qilish davri bir oydan oshmasligi kerak, shu vaqt ichida hisobga olish tiklanishi zarur.
Agar hisobga olish priborini, obyektiv sabablarga koʻra, koʻrsatilgan muddatda (tok transformatorining, hisobga olish priborining yoʻqligi, oʻtib boʻlmaydigan yoʻllar va shu kabilar tufayli) tiklash imkoniyati boʻlmasa, isteʼmolchiga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish tartibi va hisobga olishni tiklash muddati isteʼmolchi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ikki tomonlama bitimi bilan belgilanishi kerak.
66. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va isteʼmolchi oʻrtasida hisob-kitob qilish uchun aktiv va reaktiv energiyani, shuningdek quvvatni hisobga olish hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va isteʼmolchi tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegarasida amalga oshiriladi, ushbu Qoidalarning 68-bandida koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno.
67. Hisob-kitob davrida isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi miqdori va xuddi shu davrda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan qabul qilingan elektr energiyasi miqdori oʻrtasidagi tafovut, “Oʻzdavenergonazorat” DI tasdiqlagan meʼyorlar miqyosida ushbu elektr tarmoqlarida uzatish vaqtida ularning isrof boʻlishiga ketgan elektr energiyasi texnologik sarf miqdorini chegirgan holda, hududiy elektr tarmoqlarining davr xarajatlariga oʻtkaziladi va yuridik shaxslarning foyda soligʻini hisoblashda chegirilmaydi.
Mazkur band Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan qamrab olinmagan elektr tarmoqlariga nisbatan 2011-yil oxirigacha boʻlgan davrda amal qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
68. Hisobga olish pribori elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansublik chegarasida oʻrnatilmaganda, elektr tarmogʻining chegarasidan hisobga olish pribori oʻrnatilgan joyigacha boʻlgan uchastkadagi elektr energiyasining texnologik sarfining hajmi isteʼmolchi bilan birgalikda hisoblash yoʻli orqali aniqlanadi va elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansubligiga qarab hududiy elektr tarmoqlari korxonasining va isteʼmolchining hisobiga oʻtkaziladi.
69. Elektr energiyasi yagona elektr energetika tizimidan tranzit boʻyicha isteʼmolchining elektr tarmogʻi orqali hududiy elektr tarmoqlari korxonasining elektr tarmogʻiga uzatilganda, isteʼmolchi tarmoqlaridagi elektr energiyasi texnologik sarfining bir qismi, isteʼmolchining elektr tarmogʻiga kelib tushgan elektr energiyasining umumiy miqdoriga nisbatan hududiy elektr tarmoqlari korxonasining elektr tarmogʻiga isteʼmolchi tomonidan uzatilgan elektr energiyasi miqdoriga mutanosib ravishda yagona elektr energetikasi tizimining elektr tarmoqlaridagi texnologik sarflarga oʻtkaziladi.
70. Isteʼmolchining aybi bilan elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan elektr energiyasi hajmi toʻliq isteʼmol qilinmagan taqdirda, avans tariqasida toʻlangan mablagʻlar qaytarib berilmaydi va elektr energiyasi uchun keyingi hisob-kitoblarda hisobga olinadi.
71. Isteʼmolchining elektr energiyasi uchun qarzi boʻlgan taqdirda uning avans toʻlovi hisobiga oʻtkazilgan mablagʻlari qarzni qoplashga yoʻnaltiriladi va avans toʻlovi sifatida hisobga olinmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
72. Isteʼmolchi tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasini imzolash rad etilgan taqdirda, qarzni undirish tuzilgan elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq shartnomaviy hajmdan kelib chiqqan holda isteʼmolchining bankdagi hisob raqamiga toʻlov talabnomasi qoʻyish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
73. Isteʼmolchi egallab turgan binosidan uni berish, sotish yoki boshqa sabablarga koʻra koʻchib ketgan taqdirda, u bu haqda hududiy elektr tarmoqlari korxonasini yozma shaklda xabardor qilishi hamda elektr energiyasi uchun koʻchib ketish kunigacha toʻliq hisob-kitob qilishi shart, shundan soʻng hududiy elektr tarmoqlari korxonasi obyektga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatadi. Yangi isteʼmolchini rasmiylashtirish va elektr qurilmalarini elektr tarmogʻiga ulash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
74. Tomonlar, ularning xohish va harakatlariga bogʻliq boʻlmagan tabiiy ofatlar yoki ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlar sababli ushbu sharoitlarda qaytarib boʻlmaydigan va oldindan bilib boʻlmaydigan favqulodda holatlarni oʻz ichiga olgan yengib boʻlmas kuch (fors-major) oqibatida oʻz zimmasiga olingan majburiyatlarni bajara olmasa, tomonlardan hech biri oʻz majburiyatlarini toʻliq yoki qisman bajarmaganligi uchun javob bermaydi.
75. Agar koʻrsatilgan fors-major holatlari majburiyatlarning shartnomada belgilangan muddatlarda bajarilishiga taʼsir qilsa, u holda ushbu muddatlar fors-major holatlarining amal qilish, ammo elektr taʼminoti shartnomasining amal qilish muddatidan koʻp boʻlmagan vaqtga uzaytiriladi.
76. Elektr qurilmalari isteʼmolchilar tomonidan hududiy elektr tarmoqlari korxonasining elektr tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulangan taqdirda, elektr qurilmalari elektr tarmogʻidan darhol uzib qoʻyiladi, isteʼmolchidan esa ruxsatsiz isteʼmol qilingan elektr energiyasining qiymati isteʼmolchi rasmiy ravishda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻtgan vaqt mobaynida (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda) yoki daʼvo muddati uchun ulangan elektr uskunalarining belgilangan quvvat boʻyicha sutkasiga 24 soat davomida ishlashi hisobidan undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda ruxsatsiz isteʼmol qilingan elektr energiyasi qiymatining undirilishi elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibdagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
77. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tuman, shahar, iqtisodiy zona (sanoat zonasi) doirasida elektr energiyasi uchun toʻlovni yigʻish funksiyalarini belgilangan tartibda xususiy operatorga oʻtkazishi mumkin.
Elektr energiyasi uchun toʻlovni yigʻish funksiyalarini bajaruvchi xususiy operatorlar oʻz faoliyatini belgilangan tartibda amalga oshiradilar.
2-§. Elektr energiyasi uchun ikki stavkali tarif isteʼmolchilari bilan hisob-kitoblar qilish
78. Ulangan quvvati 750 kVA va undan yuqori boʻlgan sanoat isteʼmolchilari va ularga tenglashtirilgan isteʼmolchilar tomonidan ishlab chiqarish ehtiyojlari, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish, ammo ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan infratuzilma obyektlarini: sexlar, zavod boshqarmalari, omborlar, garajlar va shu kabilar, shuningdek xususiy temir yoʻl kirish joylari va korxona hududini yoritish va boshqa ehtiyojlarga, sanoat (zavodning ichki, shaxta, kon va shu kabi) elektr transporti uchun sarflangan elektr energiyasi uchun ikki stavkali tarif boʻyicha haq toʻlanadi.
79. Binolar va xonalarni yoritish uchun hamda ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan uy-joy va ijtimoiy infratuzilmaning boshqa ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi uchun sanoat isteʼmolchilari va ularga tenglashtirilgan isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar isteʼmolchilarning tegishli guruhlari uchun belgilangan tariflarga binoan, elektr energiyasini hisobga olish priborlari koʻrsatkichlari boʻyicha amalga oshiriladi.
80. Isteʼmolchining sexlari yoki obyektlari tarqoq joylashgan boʻlsa va umumiy taqsimlash elektr tarmogʻiga ega boʻlmasa, bu sexlar yoki boshqa alohida obyektlar bilan hisob-kitoblar, isteʼmolchining oʻzi bilan hisob-kitob qilishda qoʻllanayotgan tarifdan qatʼi nazar, tegishli isteʼmolchilar guruhlari uchun belgilangan tariflar boʻyicha amalga oshiriladi.
81. Isteʼmolchi tomonidan avvaldan buyurtma berilgan, yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamasida ishtirok etadigan quvvat elektr taʼminoti shartnomasida yilning har oyi boʻyicha qayd etiladi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanadigan isteʼmolchining amaldagi oʻrtacha yarim soatlik eng katta yuklamasi boʻyicha vaqti-vaqti bilan nazorat qilinadi.
82. Yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamali davrida isteʼmolchining amaldagi yuklamalarini nazorat qilish soatlari hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan oylar boʻyicha belgilanadi va shartnomada qayd etiladi.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamali soatlaridagi yuklamani nazorat qilish huquqiga ega.
Nazorat davrlari ertalab 2 soatdan, kechqurun 3 soatdan oshmasligi kerak. Isteʼmolchi bilan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv boʻyicha nazorat qilish davrlari bir soatga oshirilishi mumkin.
83. Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan birga ishlay oladigan hisobga olish priborlariga yoki yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamali soatlarida yuklamani qayd etadigan hisobga olish priborlariga ega boʻlgan isteʼmolchilar asosiy toʻlovni har oyda, priborlarda qayd etilgan eng katta quvvatning amaldagi miqdori boʻyicha amalga oshiradilar.
84. Isteʼmolchining yagona elektr energetika tizimining eng katta kuchlanishli soatlarida amaldagi yuklamasi elektr taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgan koʻrsatkichdan 5 foizdan ortiq boʻlgan taqdirda, hisob-kitob davrining oxirida amaldagi yuklamaning ortiqcha butun qismi uchun qayta hisob-kitob qilinadi va belgilangan tarifning 50 foizi miqdorida qoʻshimcha haq undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qoʻshimcha quvvat haqini toʻlash kelgusida har bir aniq holatda hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan tegishli ruxsatnoma olmasdan elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilganga nisbatan ortiqcha quvvatdan foydalanish huquqini bermaydi.
85. Agar Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan birga ishlay oladigan hisobga olish priborlariga yoki yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamali soatlarida yuklamani qayd etadigan hisobga olish priborlariga vaqtincha ega boʻlmagan isteʼmolchida yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamali soatlarida amaldagi yuklama buyurtma qilingan yuklamadan past boʻlsa, toʻlov elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan yuklama miqdori boʻyicha amalga oshiriladi.
86. Isteʼmolchi sexlarining joylashish sharoitlari va ularning elektr taʼminoti sxemalari boʻyicha eng katta qoʻshma yuklamaning jami qiymatini aniqlash mumkin boʻlmasa, hisob-kitoblar isteʼmolchining har bir taʼminlash manbai boʻyicha alohida, avvaldan buyurtma berilgan quvvat boʻyicha amalga oshiriladi.
87. Elektr energiyasi uchun ikki stavkali tarif boʻyicha hisob-kitob qiladigan isteʼmolchi elektr energiyasining bir qismini bir stavkali tarif boʻyicha subisteʼmolchiga yetkazib bersa, u hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga ushbu subisteʼmolchilarni yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamasida qatnashuvchi yuklamasi qiymatiga kamaytirilgan quvvat miqdori uchun haq toʻlaydi. Quvvatning kamaytirilishi hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha hisob-kitob qilish yoʻli bilan aniqlanadi.
Subisteʼmolchining katta yuklamasini qayd qiluvchi hisobga olish priborlari mavjud boʻlmagan taqdirda ularning amaldagi yuklamasi yilning tegishli yil davrlari uchun subisteʼmolchi kuchlanishining sutkalik jadvallari asosida aniqlanishi va elektr taʼminoti shartnomasida qayd etilishi kerak.
3-§. Elektr energiyasi uchun bir stavkali tarif isteʼmolchilari bilan hisob-kitoblar qilish
88. 750 kVA quvvatga ulangan sanoat isteʼmolchilari va ularga tenglashtirilgan isteʼmolchilardan tashqari barcha isteʼmolchilar bir stavkali tarif boʻyicha hisob-kitob qilishadi.
89. Elektr energiyasidan reklama, chiroqlar bilan bezatish, bino va inshootlarni yoritish uchun foydalanuvchi isteʼmolchilar, isteʼmol quvvatidan qatʼi nazar, hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ruxsatini olishga va tegishli tarif guruhi boʻyicha hisob-kitob qilishga majburdirlar.
Elektr energiyasidan xonalarni isitish va issiq suv taʼminoti maqsadida foydalanilganda “Oʻzdavenergonazorat” DIga boshqa turdagi energiya oʻrniga elektr energiyasidan foydalanishni kelishish uchun texnik-iqtisodiy asoslar taqdim etilishi zarur, shahar qurilishi meʼyorlari va qoidalarida koʻzda tutilgan ovqat tayyorlash va xonalarni isitish uchun elektr energiyasidan foydalanish holatlari bundan mustasno.
Isitish va issiq suv taʼminoti maqsadida elektr energiyasidan foydalanishni kelishish tartibi “Oʻzdavenergonazorat” DI tomonidan belgilanadi.
4-§. Elektr energiyasi uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, turar joylar va aholi punktlarining kommunal-ekspluatatsiya tashkilotlari hamda turar joy va noturar joy fondi binolarining egalari bilan hisob-kitoblar
90. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va kommunal-ekspluatatsion tashkilotlar umumiy uy-joy ehtiyojlariga foydalaniladigan elektr energiyasi uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan elektr taʼminoti shartnomasiga asosan elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansublik chegarasini hisobga olish nuqtasida oʻrnatilgan hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha, belgilangan tarifga muvofiq hisob-kitob qiladilar.
91. Qabul qilish komissiyasining dalolatnomalariga asosan yangi uy-joylarni oʻz balansiga qabul qilib olgan tashkilotlar yoxud quruvchilar ushbu uylarni elektr tarmogʻiga ulashga ruxsat olish uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga har bir uy-joyda oʻrnatilgan Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan birga ishlay oladigan hisobga olish priborlari uchun (elektr hisoblagichning tartib raqami, turi, ishlab chiqaruvchi zavod, davlat qiyoslashidan oʻtgan yili, hisobga olish priborining koʻrsatkichlari va xonadonning tartib raqami bilan) vedomost taqdim etishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Avvaldan foydalanib kelingan uy-joylarda yoki alohida fuqarolarga xususiy mulk huquqi bilan tegishli boʻlgan uylarda hamda bogʻ uchastkalari, shaxsiy avtomashinalar uchun garajlar va shu kabilarda elektr simini ulashga ruxsat olish uchun isteʼmolchi hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga tegishli ariza berishi shart.
92. Uy-joylarning elektr uskunalari va elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish uchun ijozat berish ular ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingandan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgandan keyin amalga oshiriladi.
93. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi turar joy va noturar joy fondi binolarining egalari va ijarachilar (yuridik shaxslar) bilan elektr taʼminoti shartnomasini tuzadi va ularga shaxsiy hisob raqamlari ochadi.
Keyingi tahrirga qarang.
94. Shaxsiy hisob raqamini boshqa isteʼmolchiga qayta rasmiylashtirish hamda hisobga olish priborlarini koʻchirish faqat hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Ilgari elektr tarmogʻiga ulangan turar joy va noturar joy fondi binosiga koʻchib kirgan yangi egasi 5 kun davomida hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan elektr taʼminoti shartnomasini tuzishi va shaxsiy hisob raqamini oʻz nomiga rasmiylashtirishi shart. Shaxsiy hisob raqami koʻrsatilgan muddatda rasmiylashtirilmasa toʻlov toʻlanmaganligi uchun butun javobgarlik turar joy va noturar joy fondi binosining yangi egasi zimmasiga yuklanadi.
Uy-joylarning hamda turar joy va noturar joy fondi binolarining oldi-sotdi shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish faqat elektr energiyasi uchun qarzlar toʻliq toʻlangandan keyin amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
95. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi turar joy va noturar joy fondi binolarining egalari bilan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni, turar joy va noturar joy binolarini ijarachilarga (yuridik shaxs boʻlgan ijarachilar bundan mustasno) yoki yollovchilarga topshirishidan qatʼiy nazar, umumiy hisobga olish pribori boʻyicha amalga oshiradi.
Ijarachilar bilan yollovchilar oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblar boʻyicha nizolar belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
96. Kommunal xonadonda bir nechta oila yashaganda hisob-kitob davrida isteʼmol qilingan elektr energiyasini alohida oilalar oʻrtasida taqsimlash nazorat hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Nazorat hisobga olish priborlarini oʻrnatish uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ruxsati talab qilinmaydi.
Nazorat hisobga olish priborlarining toʻgʻri ishlashini nazorat qilish, ularning koʻrsatkichlarini yozib olish va elektr energiyasi uchun oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish majburiyatlari yashovchilarning zimmasiga yuklanadi.
Umumiy foydalaniladigan joylarda isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori alohida oilalar oʻrtasida amalda yashovchilarning soni boʻyicha taqsimlanadi.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi elektr energiyasidan umumiy hisobga olish pribori orqali foydalanuvchi fuqarolar oʻrtasida hech qanday hisob-kitoblarni amalga oshirmaydi.
97. Elektr energiyasi uchun toʻlov hujjatlari boʻyicha oʻz vaqtida haq toʻlash, turar joy va noturar joy fondi binosidagi hisobga olish priborining saqlanishi va butligini taʼminlash borasida mazkur Qoidalarga rioya qilinishi uchun javobgarlik turar joy va noturar joy fondi binosining egasi zimmasiga yuklanadi.
98. Hisobga olish priborlari zinapoya maydonchalarida oʻrnatilgan taqdirda ularning saqlanishi va butligi uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati hamda uy-joy tasarrufida boʻlgan idora, tashkilot javob beradi.
Zinapoya maydonchalarida oʻrnatilgan hisobga olish priborlari shikastlangan yoki oʻgʻirlangan taqdirda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va idora, tashkilot ularni oʻz hisobidan tiklashi shart.
99. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, uy-joy mulkdorlari va turar joylardagi hamda boshqa binolardagi xonalarni ijarachilarga (yuridik shaxslarga) ijaraga beruvchi boshqa tashkilotlar hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ruxsatisiz ijarachilarga tegishli boʻlgan elektr qurilmalarini (elektr energiyasidan foydalanish maqsadlaridan qatʼi nazar) uyning ichki elektr tarmoqlariga ulash huquqiga ega emas.
Keyingi tahrirga qarang.
100. Ijarachilar (yuridik shaxslar) turar joy va noturar joy fondi binosining egasi bilan shartnoma tuzilgandan keyin uch kun muddatda ijaraga olingan binoda elektr energiyasidan foydalanish bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga murojaat qilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijarachi binodan koʻchib ketadigan boʻlsa turar joy va noturar joy fondi binosining egasi ijarachidan hududiy elektr tarmoqlari korxonasining u koʻchib ketish kunigacha elektr energiyasi uchun hisob-kitobni amalga oshirganligi haqidagi maʼlumotnomani talab qilishi shart. Koʻchib ketgan ijarachilarning elektr energiyasi uchun qarzlari boʻyicha javobgarlik ijaraga beruvchi zimmasida boʻladi.
101. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan boʻlinish chegarasidan isteʼmolchilargacha boʻlgan umumiy uy-joy elektr tarmoqlarining uzluksiz elektr taʼminoti bilan bogʻliq boʻlgan texnik holatini taʼminlash va ularga xizmat koʻrsatish uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va kommunal-ekspluatatsiya tashkilotlari javob beradi.
5-§. Elektr energiyasi uchun maishiy isteʼmolchilar (aholi) bilan hisob-kitob qilish
102. Maishiy isteʼmolchilar (aholi) xonadonlarda, yordamchi xoʻjaliklar, shaxsiy foydalaniladigan tomorqa bogʻ obyektlarida maishiy ehtiyojlar uchun foydalanilgan elektr energiyasi uchun, turmushda qoʻllaniladigan tok qabul qilgichlarning quvvati va vazifasidan hamda hisobga olish priborlarining oʻrnatilgan joyidan qatʼi nazar, aholi uchun belgilangan yagona bir stavkali tarif boʻyicha haq toʻlaydilar.
Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan maishiy isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berish elektr taʼminoti shartnomasi asosida va oldindan toʻlangan toʻlov miqyosida amalga oshiriladi.
Maishiy isteʼmolchilardan elektr energiyasi uchun belgilangan tarif qiymatidan ortiqcha biror-bir qoʻshimcha mablagʻ undirish taqiqlanadi, mazkur Qoidalarning 116-bandida koʻrsatib oʻtilgan holat bundan mustasno.
103. Elektr tarmoqlariga yangidan ulanadigan uy-joylar va xonadonlarda Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanadigan elektr energiyasini hisobga olish priborlari uy-joy egasi tomonidan sotib olinadi, uning hisobiga davlat qiyoslashidan oʻtkaziladi va roʻyxatdan oʻtkazish uchun elektr tarmoqlari korxonasiga topshiriladi.
Hisobga olish pribori uy-joy yoki xonadon egasining buyurtmanomasiga binoan bir hafta muddatda, uning ishtirokida hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili tomonidan oʻrnatiladi.
Maishiy isteʼmolchilarda mavjud boʻlgan hisobga olish priborlarini almashtirish hamda Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanadigan elektr energiyasini elektron hisobga olish priborlarini oʻrnatish (yangidan ulanadigan isteʼmolchilardagidan tashqari) hududiy elektr tarmoqlari korxonasining mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
104. Hisobga olish priboriga ega boʻlmagan va biror-bir sababga koʻra mazkur turar joyda vaqtinchalik yashamayotgan maishiy isteʼmolchi hududiy elektr tarmoqlari korxonasini bu toʻgʻrida yozma ravishda xabardor qilishi shart.
105. Xonadonlar, xususiy uylar, bogʻ uchastkalari, garajlarda yakka tartibda tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi maishiy isteʼmolchilar foydalanilgan elektr energiyasi uchun tadbirkorlik faoliyatining (savdo, xizmatlar koʻrsatish, tovarlar ishlab chiqarish va boshqa) turi boʻyicha elektr energiyasi isteʼmolchilarining tarif guruhiga muvofiq haq toʻlaydilar.
Bunda tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan elektr energiyasi boʻyicha hisob-kitoblar uchun alohida hisobga olish pribori oʻrnatilishi zarur.
106. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi har bir maishiy isteʼmolchi bilan elektr taʼminoti shartnomasini tuzadi va unga belgilangan namunadagi hisob-kitob daftarchasini beradi, u boʻyicha elektr energiyasi uchun haq toʻlanadi. Hisob-kitob daftarchasining har bir varagʻi kvitansiya va bildirishnomadan iborat boʻlib, ularda maishiy isteʼmolchining shaxsiy hisob raqami muhr bilan tushirilgan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Toʻlov hujjatining har ikkala qismi (bildirishnoma va kvitansiya) bir xilda, aniq, oʻchirib yozishlarsiz toʻldirilishi kerak. Toʻlov hujjatlarida familiya, manzil, toʻlovning joriy va oldingi sanasi hamda hisobga olish priborining ularga muvofiq boʻlgan koʻrsatkichlari, koʻrsatkichlar tafovuti va toʻlov summasi koʻrsatilishi kerak.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi elektr energiyasi isteʼmolining shartnomadagi miqdori boʻyicha yoki oldingi davr uchun amaldagi elektr energiyasi isteʼmolining hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga asosan toʻlov schyotini yozish huquqiga egadir, maishiy isteʼmolchining hisob raqamida bu haqda tegishli ravishda qayd qilinadi. Bunda hisobga olish priborlaridan koʻrsatkichlar yozib olingandan keyin amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
107. Ovqat tayyorlash uchun markazlashtirilgan tartibda elektr plitalari bilan jihozlangan uylarda yashovchi maishiy isteʼmolchilar elektr energiyasi uchun tegishli tarif boʻyicha haq toʻlaydilar.
108. Maishiy isteʼmolchi tomonidan hisob-kitob davrida amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori isteʼmolchilardagi hisobga olish priborining koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanadi.
109. Hisobga olish priborlaridan koʻrsatkichlarni yozib olish va toʻlov hujjatlarini amaldagi tarif boʻycha yozib berish hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili yoki isteʼmolchining oʻzi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar toʻlov hujjati (bildirishnoma) hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili tomonidan toʻldirilsa, u maishiy isteʼmolchiga topshiriladi, u boʻlmagan taqdirda esa — u bilan birga bir xonadonda (xususiy uyda) yashovchi voyaga yetgan istalgan shaxsga topshiriladi yoki bildirishnoma bilan birga buyurtma xat orqali joʻnatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
110. Agar navbatdagi aylanib chiqishda hisobga olish pribori oʻrnatilgan xona yopiq boʻlsa, hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili toʻlov hujjatini oldingi davr uchun amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida yozadi, bu haqda maishiy isteʼmolchining shaxsiy hisob raqamida tegishli belgi qayd etiladi.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili, u tegishli amal qilish muddati koʻrsatilgan, ismi-sharifi yozilgan guvohnomaga ega boʻlgan taqdirda, xonadondagi hisobga olish priborlarini soat 8.00 dan boshlab soat 20.00 gacha toʻsqinliksiz tekshirib koʻrish huquqiga egadir.
111. Elektr energiyasi uchun haq toʻlash maishiy isteʼmolchi tomonidan aholidan toʻlovlarni qabul qiluvchi punktlar va tashkilotlar orqali har oyning 10-kunigacha amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
112. Elektr energiyasi uchun oldindan haq toʻlash qurilmasiga ega boʻlgan hisobga olish priborlari oʻrnatilgan maishiy isteʼmolchilar elektr energiyasi uchun haq toʻlashni oldindan haq toʻlash asosida amalga oshiradilar.
113. Toʻlov hujjatlarini yozish va haq toʻlash paytida yoʻl qoʻyilgan xatolar, ularning aniqlanishiga koʻra, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan daʼvo muddati mobaynida hisobga olinadi.
114. Bank hujjatida koʻrsatilgan sana toʻlov amalga oshirilgan vaqt deb hisoblanadi.
Agar toʻlov hujjatlarida koʻrsatilgan summalar oʻrtasida nomuvofiqlik mavjud boʻlsa, u holda bank hujjatida koʻrsatilgan (bank shtampi qoʻyilgan) summa qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
115. Aholidan toʻlovlarni qabul qiladigan tashkilot (tijorat banklarining boʻlimlari, “Oʻzbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining boʻlimlari va aholidan toʻlovni naqd mablagʻlar bilan qabul qilib olish punktlari) toʻlov hujjatlarini oʻram, banderollar va elektron reyestrlarga jamlaydilar.
Har qaysi banderolda (bank boʻlimi tomonidan maʼlum davrda qabul qilib olingan maishiy isteʼmolchilarning toʻlov hujjatlari toʻplamida) hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga berish vaqtida yorliq boʻlishi lozim, yorliqda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
banderolni shakllantirish boshlangan va tugallangan sana;
banderoldagi hujjatlar soni;
qabul qilib olingan toʻlovlarning umumiy summasi;
kassa xizmati koʻrsatilganligi uchun toʻlov sifatida ushlab qolingan summa;
hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hisob raqamiga oʻtkaziladigan summa.
Bunda aholidan toʻlovni qabul qilib oluvchi tashkilotlar, shartnomada belgilangan muddatlarda, elektr energiyasi uchun toʻlov sifatida kelib tushgan pul mablagʻlarini hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga oʻtkazilishini taʼminlashi shart.
116. Maishiy isteʼmolchilar toʻlov boʻyicha qarzdor boʻlishganda, toʻlov muddati oʻtgan har bir kun uchun toʻlov muddati oʻtgan summaning 0,1 foizi miqdorida, lekin muddati oʻtgan toʻlov summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlaydilar.
Keyingi tahrirga qarang.
117. Arifmetik xatoliklar, tariflarni notoʻgʻri qoʻllash tufayli paydo boʻladigan kam va ortiqcha toʻlovlar tegishli tarif boʻyicha kVt soatlarda qayta hisoblab chiqiladi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan, ularning aniqlanishiga qarab, daʼvo muddati doirasida, ortib boruvchi yakun boʻyicha, koʻrsatkichlardagi tafovut yoki qoʻshimchalar bilan hisobga olinadi.
118. Tarif oʻzgarganda tarif oʻzgargan sanagacha isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmi oldingi toʻlov vaqtidan boshlab oʻrtacha sutkalik isteʼmol boʻyicha aniqlanadi va unga eski tarif boʻyicha haq toʻlanadi. Hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari toʻlov kunida yozib olingan deb hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
119. Maishiy isteʼmolchi, oʻz xohishiga koʻra, 12 oydan koʻp boʻlmagan muddat uchun elektr energiyasidan foydalanish haqini oldindan toʻlab qoʻyishi mumkin, bu holda tarif oʻzgarsa ham qiymat qayta hisob-kitob qilinmaydi.
120. Maishiy isteʼmolchida amaldagi elektr energiyasi isteʼmoli koʻrsatkichlarini kamaytirish maqsadida hisobga olish priborini ulash sxemasi oʻzgartirilgani, uning (isteʼmolchi aybi) bilan buzilgani yoki yoʻqligi, plombalar koʻchirilgani, elektr qabul qilgichlar hisobga olish priboridan tashqari ulangani va boshqa qoida buzilishlari aniqlangan taqdirda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi oxirgi tekshirish kunidan boshlab oʻtgan (lekin daʼvo muddatidan koʻp boʻlmagan) davr uchun maishiy isteʼmolchi tomonidan isteʼmol qilingan elektr energiyasi haqini qayta hisob-kitob qilishi shart.
Bunda qayta hisob-kitob qilinishi isteʼmolchini elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibdagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
121. Qayta hisob-kitoblar: yorituvchi tok qabul qilgichlarning quvvati va ularni ishlatish soatlari soni boʻyicha; isteʼmolchida shtepsel rozetkalari boʻlganda (tok qabul qilgichlar va rozetkalar sonidan qatʼi nazar) — har sutkada 24 soat davomida soatiga 600 Vt.quvvat foydalanilishi hisobidan; quvvati 600 Vt dan ortiq boʻlgan isitish priborlari yoki boshqa elektr uskunalaridan foydalanish hollarida — isteʼmolchi foydalanayotgan uskunalarning amaldagi quvvati boʻyicha, ularning har sutkada 24 soat ishlatilishi hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
122. Elektr energiyasidan foydalanishda isteʼmolchi tomonidan yoʻl qoʻyilgan qoidabuzishlar hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakillari va maishiy isteʼmolchi tomonidan imzolangan ikki nusxadagi qoʻshma dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi, uning bir nusxasi maishiy isteʼmolchiga beriladi va ayni bir vaqtda ushbu Qoidalarni buzgan isteʼmolchining elektr qurilmalari tarmoqdan uzib qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
123. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdorini dalolatnoma asosida aniqlaydi va toʻlash uchun maishiy isteʼmolchiga qoʻshimcha toʻlov hujjati yozib beradi.
Qoida buzilishi yuzasidan toʻlov hujjatini yozishda, daʼvo muddatini hisobga olgan holda, amaldagi tarif qoʻllanadi.
Maishiy isteʼmolchi hududiy elektr tarmoqlari korxonasining qarori yuzasidan norozilik arizasi berish huquqiga ega, biroq bu isteʼmolchini qoida buzish dalolatnomasi boʻyicha yozilgan qoʻshimcha toʻlov hujjatidagi summani belgilangan muddatda toʻlashdan ozod qilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qoʻshimcha toʻlov hujjati boʻyicha haq 10 kun muddatda toʻlanmaganda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi maishiy isteʼmolchidan koʻrsatilgan summani majburiy tartibda undirish toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi beradi.
124. Maishiy isteʼmolchi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi oʻrtasida paydo boʻladigan nizoli masalalar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
VII. Elektr energiyasi isteʼmolchilari hamda hududiy elektr tarmoqlari korxonasining huquq va majburiyatlari
125. Elektr energiyasi isteʼmolchilari hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan quyidagilarni talab qilish huquqiga ega:
elektr energiyasini elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegarasiga elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan hajmda uzluksiz yetkazib berish;
elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegarasida elektr energiyasining sifat koʻrsatkichlarini davlat standartlarida belgilangan darajada saqlash;
hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining rejali taʼmirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan taʼminlashdagi mumkin boʻlgan uzilishlar toʻgʻrisida uzib qoʻyishgacha kamida 3 sutka oldin ogohlantirish;
elektr energiyasining elektr taʼminoti shartnomasida kelishilgan tegishli hajmi uchun oldindan haq toʻlanishi sharti bilan elektr energiyasining shartnomadagi hajmini oshirish tomoniga oʻzgartirish;
oldindan haq toʻlanganligidan qatʼi nazar, elektr energiyasining shartnomadagi hajmini kamaytirish tomoniga oʻzgartirish.
Elektr energiyasining shartnomadagi hajmini oʻzgartirish boʻyicha talab moʻljallanayotgan oʻzgartirishgacha 10 kundan kechikmay (joriy oy tugagungacha) berilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
126. Elektr energiyasi isteʼmolchilari quyidagilarga majbur:
elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq, kelgusi hisob-kitob oyi uchun elektr energiyasi va isteʼmol qilinadigan quvvat hajmi uchun haq toʻlash (maishiy isteʼmolchilardan tashqari);
elektr qurilmalarining zarur texnik holatini va Isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilinishini hamda elektr energiyasidan oqilona foydalanilishini taʼminlash;
“Oʻzdavenergonazorat” DIning elektr qurilmalarining texnik holatining yaxshilanishi va ekspluatatsiyasining tashkil etilishiga, shuningdek elektr energiyasidan oqilona foydalanilishiga yoʻnaltirilgan koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajarish;
Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalarining talablari bajarilishini taʼminlash.
Elektr energiyasi isteʼmolchilari, shuningdek hududiy elektr tarmoqlari korxonasining talabiga koʻra quyidagilarni hisobga olishi va xabar qilishi shart:
isteʼmol qilinayotgan quvvatning har sutkalik, har oylik sarfi va amaldagi miqdori;
yagona elektr energetika tizimining eng koʻp va eng kam yuklamali davrlarida reaktiv energiya va quvvatning har sutkalik sarfi;
yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamasining oʻtish davrida aktiv energiya (quvvat)ning har 30 daqiqadagi sarfi.
Keyingi tahrirga qarang.
127. Obyektlaridan magistral elektr tarmoqlari sifatida foydalaniladigan isteʼmolchilar hududiy elektr tarmoqlari korxonalari bilan elektr energiyasi uzatish xizmatlarini koʻrsatish yuzasidan shartnomalar tuzish huquqiga ega emas.
128. Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari quyidagilarga majbur:
elektr energiyasini elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegarasiga elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan hajmda uzluksiz yetkazib berish;
oʻzining elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasi sifat koʻrsatkichlarini davlat standartlarida belgilangan darajada saqlab turish;
elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining rejali taʼmirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan taʼminlashdagi mumkin boʻlgan uzilishlar toʻgʻrisida kamida 3 sutka oldin ogohlantirish;
isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berishning toʻxtatib turilishi va buning sabablari toʻgʻrisida maʼlum qilish;
joriy etiladigan cheklashlar haqida, cheklashning hajmi va vaqtini koʻrsatgan holda, oʻz vaqtida xabar qilish;
isteʼmolchiga energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq elektr energiyasi yetkazib berilishini taʼminlash;
isteʼmolchilarning elektr energiyasining toʻliq yetkazib berilmaganligi yoki elektr taʼminotidagi boshqa qoida buzilishlari toʻgʻrisidagi arizalarini, isteʼmolchidan ariza olingan kundan boshlab 10 kundan kechikmay koʻrib chiqish, ularni qoida buzilishlarini bartaraf etish va isteʼmolchilarga ushbu Qoidalarga muvofiq batafsil javob yuborish;
oʻzining elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasining texnologik isroflarini qisqartirish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
elektr energiyasining elektr tarmoqlari boʻlinish chegarasida hisobga olinmagan isteʼmolini aniqlash;
isteʼmolchilar tomonidan buyurtma berilgan elektr energiyasi hajmini yetkazib berishning texnik imkoniyatlarini va ulardagi tijorat hisobini olish tizimlarining qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini baholash boʻyicha xulosa berish;
isteʼmolchilarning elektr tarmoqlari va qurilmalarini oʻz hududiy elektr tarmoqlariga ulanishi yuzasidan texnik shartlar berish;
isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasini belgilangan tartibda hisobga olib borish;
isteʼmolchining belgilangan tartibda kiritilgan takliflariga muvofiq besh kun muddatda elektr energiyasining oylik shartnomaviy hajmiga oʻzgartirishlar kiritish, elektr energiyasining oylik shartnomaviy miqdorini koʻpaytirish (kamaytirish) mumkin boʻlmagan taqdirda — bu haqda, rad etish sababini koʻrsatgan holda, isteʼmolchiga xabar qilish;
uzluksiz ishlab chiqarish jarayoniga ega boʻlgan isteʼmolchilarga belgilangan tartibda elektr energiyasi yetkazib berilishini taʼminlash;
Keyingi tahrirga qarang.
129. Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari quyidagi hollarda elektr energiyasini isteʼmolchiga yetkazib berishni toʻxtatish va uzib qoʻyish oqibatlari uchun javob bermaslik huquqiga ega:
Keyingi tahrirga qarang.
elektr energiyasi elektr taʼminoti shartnomasidagi miqdordan ortiqcha sarflanganda yoki elektr energiyasi isteʼmolining belgilangan rejimi buzilganda;
elektr energiyasi elektr taʼminoti shartnomasisiz isteʼmol qilinganda;
“Oʻzstandart” agentligi tomonidan belgilangan tartibda qiyoslashdan oʻtkazilgan elektr energiyasini hisobga olish priborlari boʻlmaganda;
elektr energiyasi (quvvati) uchun elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan miqdorda va muddatda toʻlov toʻlanmaganda;
elektr qabul qilgichlar hududiy elektr tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanganda yoki quvvat elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan miqdordan oshirib yuborilganda;
Keyingi tahrirga qarang.
elektr qabul qilgichlar hisobga olish priborlaridan tashqari ulanganda yoki elektr energiyasini hisobga olish sxemasi buzilganda, shu jumladan hisobga olish priborlarining va oʻlchash transformatorlarining plombalari buzilganda;
hududiy elektr tarmoqlari korxonasi vakili hisobga olish priborlarini koʻrishga qoʻyilmaganda.
Elektr manbaidan uzib qoʻyilishi texnogen va avariya oqibatlariga olib keladigan, oʻta xavfli va uzluksiz texnologik jarayonli sanoat korxonalarida qarzdorlik paydo boʻlgan taqdirda haq toʻlanmaganligi uchun elektr energiyasi yetkazib berishni cheklash, belgilangan tartibda, elektr taʼminotining texnologik va avariya bronigacha, toʻliq uzib qoʻyish esa — faqat sud qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, “Oʻzdavenergonazorat” DIning yozma buyurtmanomasiga binoan, elektr energiyasi isrofgarchilik bilan sarflangan hollarda, elektr qurilmalarining avariyaga olib keladigan yoki odamlar hayotiga xavf tugʻdiradigan qoniqarsiz texnik holatida isteʼmolchiga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatadi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan barcha holatlarda yagona elektr energetika tizimi tarmoqlariga qayta ulash va elektr energiyasini yetkazib berish isteʼmolchi tomonidan ushbu bilan bogʻliq xarajatlar toʻlanganidan keyin amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
130. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi:
isteʼmolchi elektr energiyasi isteʼmolining belgilangan rejimiga rioya qilmay, elektr energiyasi isteʼmoli yoki quvvatining shartnomaviy miqdoridan oshib ketishiga yoʻl qoʻygan, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan belgilangan elektr energiyasi isteʼmolini cheklash jadvalini bajarmagan sutkalarda past sifatli elektr energiyasi yetkazib berilganligi uchun;
zaxira manbaini avtomatik ulash, avtomatik qayta ulash va avtomatik davr-tezlikli oʻchirishlarning ishlash vaqtida elektr energiyasini yetkazib berishdagi tanaffuslar uchun isteʼmolchi oldida moddiy javobgar boʻlmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
VIII. Reaktiv energiya va quvvat kompensatsiyasi uchun elektr energiyasi boʻyicha tarifdan chegirmalar va tarifga ustamalar
131. Reaktiv energiya va quvvat oʻrnini toʻldirish uchun chegirmalar (ustamalar) bitta hisobga olish nuqtasi boʻyicha oʻrtacha oylik elektr energiyasi isteʼmoli 15 ming kVt soatdan ortiq boʻlgan sanoat isteʼmolchilari va ularga tenglashtirilgan isteʼmolchilar, elektrlashtirilgan (elektr energiyasi bilan yuradigan) temir yoʻl va shahar transporti, qishloq xoʻjaligi isteʼmolchilariga nisbatan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
132. Reaktiv energiya va quvvat oʻrnini toʻldirish uchun chegirmalar (ustamalar) reaktiv energiya va quvvatni hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari asosida belgilanadi hamda eng katta reaktiv yuklamaning 1 kVAR uchun toʻlov va (yoki) isteʼmol qilingan reaktiv energiyaning 1 kVAR soati uchun toʻlov tarzida undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
133. Ustamalar isteʼmolchi taʼminlanadigan elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida isteʼmolchi tomonidan shartnomaviy miqdordan ortiqcha reaktiv energiya va quvvat isteʼmol qilinganda va yagona elektr energetika tizimining kichik yuklamali soatlarida reaktiv energiya hosil qilinganda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan qoʻllanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
134. Isteʼmolchi tomonidan elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida yagona elektr energetika tizimi tarmogʻida reaktiv energiya hosil qilinganda va elektr tarmogʻining kichik yuklamali soatlarida energiya tizimi tarmogʻidan reaktiv energiya isteʼmol qilinganda, agar isteʼmolchi bunday ish rejimida ishlashi zarurati shartnomada koʻrsatilgan boʻlsa, energiya tizimi tomonidan tarifdan chegirmalar taqdim etiladi.
135. Elektr tarmogʻining katta va kichik yuklamali soatlari — bu sutkaning isteʼmolchi tomonidan reaktiv quvvatning isteʼmol qilinishi (hosil qilinishi) tufayli yagona elektr energetika tizimining elektr tarmoqlarida elektr energiyasining qoʻshimcha ravishda yoʻqotilishiga olib keladigan davrlaridir.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi elektr tarmogʻining katta va kichik yuklamali soatlarini, isteʼmolchining va u foydalanadigan tarmoqning reaktiv yuklamasi jadvallarini tahlil qilgan holda, har qaysi isteʼmolchi uchun yakka tartibda belgilashi mumkin.
Har sutkadagi katta va kichik yuklamali soatlar yigʻindisi 24 soatga teng, shu jumladan:
katta yuklamali soatlar — 07 soat 00 daqiqadan 23 soat 00 daqiqagacha;
kichik yuklamali soatlar — 23 soat 00 daqiqadan 07 soat 00 daqiqagacha.
136. Reaktiv energiya va quvvatning isteʼmol qilinishi hamda hosil qilinishi hisobga olishni avtomatik tizimlari hamda toʻxtatgichli yoki xotirali hisobga olish priborlari yordamida qayd etiladi.
Elektr tarmogʻining katta va kichik yuklamali davrlarida kontakt soatlar orqali ishga tushiriladigan toʻxtatgichsiz hisobga olish priborlari qoʻllanishiga yoʻl qoʻyiladi. Elektrlashtirilgan temir yoʻl va shahar transportini harakatlantirish uchun kuch beradigan yordamchi stansiyalar toʻxtatgichsiz bitta hisobga olish pribori bilan jihozlanadi va hisob-kitoblar reaktiv energiya isteʼmol yoki hosil qilinishi yigʻindisi uchun tarifga belgilangan ustamalarga muvofiq amalga oshiriladi.
137. Isteʼmolchining amaldagi reaktiv quvvatini nazorat qilish elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida 30 daqiqali eng katta reaktiv yuklamani qayd etadigan hisobga olish priborlari boʻyicha amalga oshirilishi kerak. Reaktiv quvvatning eng katta miqdorini yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamali soatlarida qayd etishga ruxsat beriladi.
Elektr energiyasi uzatishning taʼminlovchi liniyalari bir nechta boʻlsa hisoblanadigan reaktiv quvvat sifatida, maxsus qurilma — jamlagich bilan aniqlanadigan 30 daqiqalik jami reaktiv yuklamaning eng katta miqdori qabul qilinadi.
Jamlagich boʻlmaganda, jami yuklamaning eng katta miqdori har bir taʼminlovchi liniya boʻyicha hisobga olish priborlarining koʻrsatuvchi elementlari vositasida qayd etilgan eng katta miqdorlarning yigʻindisi sifatida aniqlanadi.
Energiya tizimi tomonidan isteʼmolchini elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida reaktiv energiyani hosil qilish va (yoki) uning kichik yuklamali soatlarida reaktiv energiyani majburiy isteʼmol qilish zarurati aniqlansa, energiyani hisobga olish usuli hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va isteʼmolchi oʻrtasida kelishiladi hamda elektr taʼminoti shartnomasida aks ettiriladi.
138. Bitta hisobga olish nuqtasi boʻyicha oʻrtacha oylik elektr energiyasi isteʼmoli 15 ming kVt soatdan ortiq boʻlgan sanoat isteʼmolchilari va ularga tenglashtirilgan isteʼmolchilar, elektrlashtirilgan (elektr energiyasi bilan yuradigan) temir yoʻl va shahar transporti, qishloq xoʻjaligi isteʼmolchilari bilan tuzilgan elektr taʼminoti shartnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida yagona elektr energetika tizimi tarmogʻidan bir oyda isteʼmol qilinadigan reaktiv energiyaning iqtisodiy qiymati;
elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida yagona elektr energetika tizimi tarmogʻidan isteʼmol qilinadigan 30 daqiqalik reaktiv quvvatning iqtisodiy qiymati;
reaktiv quvvat isteʼmolining elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida va (yoki) reaktiv energiyani shu soatlarda bir oy ichidagi isteʼmolining texnikaviy chegaralari. Bu chegaralardan oshib ketganda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi elektr energiyasining hisoblash nuqtasida kuchlanishni elektr tarmogʻining eng katta yuklamali soatlari uchun elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan darajasidan pasayib ketishi uchun javob bermaydi;
elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida yagona elektr energetika tizimining elektr tarmogʻiga bir oyda hosil qilingan va (yoki) uning kichik yuklamali soatlarida majburiy isteʼmol qilingan reaktiv quvvat va (yoki) energiyaning chegaraviy qiymatlari.
Elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida reaktiv energiya va quvvatning iqtisodiy qiymati, aynan shu soatlarda reaktiv quvvat va (yoki) reaktiv energiya isteʼmolining bir oydagi texnikaviy chegaralari, ular hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan yagona elektr energetika tizimining har qaysi bogʻlamasi boʻyicha elektr tarmoqlarining ishlash rejimlari hisob-kitoblari asosida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yuqorida qayd etilgan hisob-kitob mavjud boʻlmaganda toʻlov faqat amalda isteʼmol qilingan reaktiv energiya uchun aktiv energiya boʻyicha amaldagi tarifning 5 foiziga teng narx boʻyicha, qoʻshilgan qiymat soligʻisiz, undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
139. Elektrlashtirilgan temir yoʻl transportining harakatlantiruvchi podstansiyalari va metropoliten podstansiyalari tomonidan elektr energiyasidan foydalanilishi yuzasidan elektr taʼminoti shartnomasida bir oyda reaktiv energiya isteʼmol qilishning iqtisodiy qiymati va texnik chegarasi koʻrsatiladi.
Temir yoʻl transportining oʻzgarmas va oʻzgaruvchan tokli harakatlantiruvchi podstansiyalari tomonidan reaktiv energiya isteʼmol va hosil qilinishining iqtisodiy qiymati va texnik chegarasi kontakt tarmogʻi bilan ulangan harakatlantiruvchi podstansiyalar boʻyicha yigʻindi tarzida koʻrsatiladi, ularning energiya isteʼmoli uchun hisob-kitoblari bitta hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
140. Bir oydagi reaktiv energiya isteʼmol va hosil qilishning hamda elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida reaktiv quvvatning iqtisodiy qiymati va texnik chegaralari elektr taʼminoti shartnomasida qayd etiladi.
IX. Elektr energiyasining sifati uchun elektr energiyasi tarifidan chegirmalar va unga ustamalar
141. Elektr energiyasi sifati uchun tarifdan chegirmalar (ustamalar) amaldagi tariflar boʻyicha belgilanadi. Elektr energiyasi sifati uchun tariflarga ustamalar jarima sanksiyasi hisoblanmaydi va elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq undiriladi (maishiy isteʼmolchilardan tashqari).
142. Elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarda qoʻllanadigan elektr energiyasining sifat koʻrsatkichlari (ESK) roʻyxati davlat standartlari asosida elektr taʼminoti shartnomasida belgilanadi.
143. Agar isteʼmolchining elektr energiyasi sifati yomonlashuvidagi amaldagi ulushi elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan, yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan darajadan oshsa, u holda sanksiyaning muayyan miqdori tarifga ustama, aks holda – tarifdan chegirma hisoblanadi.
144. Har qaysi ESK boʻyicha chegirmalar (ustamalar) miqdori koʻrib chiqilayotgan ESKning hisob-kitob davridagi nisbiy jami chiqish davomiyligi koʻrsatkichlariga (T1 va T2) qarab yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan tegishli ravishda normal va eng katta qiymatlari uchun hisoblanadi. T1 va T2 qiymatlari oʻlchash vaqti davomida aniqlanadi, oʻlchash vaqtining davomiyligi har bir ESK boʻyicha shartnomada belgilanadi, lekin u 1 ish sutkasidan kam boʻlmasligi kerak. Avtomatlashtirilgan oʻlchash vositalari mavjud boʻlganda T1 va T2 qiymatlari uzluksiz ravishda oʻlchanishi lozim. Davriy oʻlchashlarning natijalari tatbiq etiladigan hisoblash oʻtkaziladigan vaqt oraligʻi elektr taʼminoti shartnomasida (lekin bir chorakda bir martadan kam emas) belgilanadi.
145. Isteʼmolchining elektr taʼminoti shartnomasida qayd etilgan har qaysi ESK boʻyicha elektr energiyasi sifatining yomonlashuvidagi amaldagi ulushlarining qiymati epizodik oʻlchashlar asosida belgilanadi va oʻlchash bayonnomasiga yoziladi. Amaldagi ulushlarning ushbu qiymatlaridan tomonlardan biri ularni qayta koʻrib chiqish masalasini qoʻyishiga qadar foydalaniladi.
146. ESKni oʻlchashlar akkreditatsiya qilingan laboratoriya tomonidan, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va isteʼmolchi bilan birgalikda, elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi. Elektr taʼminoti shartnomasida oʻlchashlar davriyligi toʻgʻrisida koʻrsatmalar boʻlmaganda, shuningdek isteʼmolchining yoki yagona elektr energetika tizimining ish sharoitlari keskin oʻzgarganda oʻlchashlar akkreditatsiya qilingan laboratoriya tomonidan, istalgan tomonlardan birining tashabbusiga koʻra oʻtkazilishi mumkin. Boshqa tomon oʻlchashlarni oʻtkazishning aniq sanasini 3 kun muddatda kelishib olishi kerak. Oʻlchashlar tashabbus koʻrsatgan tomonning murojaatidan keyin 10 kun muddatda bajarilishi lozim.
147. Kuchlanishdagi tafovutlar, nosinusoidallik koeffitsiyentlari va kuchlanishdagi oʻzgarishlar hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va isteʼmolchi oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha yo fazalardan bittasida, yoxud barcha fazalarda oʻlchanadi. Barcha fazalarda oʻlchashda T1 va T2 oʻrtacha qiymat sifatida aniqlanadi.
148. Isteʼmolchining elektr energiyasi sifati yomonlashuvidagi amaldagi ulushini aniqlash tartibi elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatiladi.
X. Elektr energiyasini cheklash yoki uzib qoʻyish shartlari
149. Elektr energiyasi isteʼmolchiga uning bilan tuzilgan elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq yetkazib beriladi.
Elektr energiyasi isteʼmolini cheklash, shuningdek isteʼmolchilar yuklamalari jadvallarini tartibga solish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, cheklashlar jadvaliga muvofiq, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tasdiqlangan tartibda amalga oshiriladi.
150. Quvvat va elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha cheklash va uzib qoʻyish jadvallari isteʼmolchilar tomonidan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan birgalikda ishlab chiqiladi, mahalliy davlat hokimiyati idoralari bilan kelishiladi, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tasdiqlanadi va yagona elektr energetika tizimida elektr quvvati va energiya tanqisligi paydo boʻlganda joriy etiladi.
151. Elektr energiyasini cheklash va uzib qoʻyish jadvallari yagona elektr energetikasi tizimida elektr energiyasi va quvvat tanqisligi hollarida elektr stansiyalari va elektr tarmoqlari uskunalarining yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan sharoitlarda ishlashining oldini olish, yagona elektr energetikasi tizimining barqaror parallel ishlashini taʼminlash, avariyalar yuzaga kelishining oldini olish hamda isteʼmolchilarning tartibsiz uzib qoʻyilishini bartaraf etish uchun tuziladi.
152. Elektr energiyasini cheklash va uzib qoʻyish jadvallari joriy yilning 1-oktabridan keyingi yilning 1-oktabrigacha boʻlgan davr uchun, isteʼmolchining texnologik va avariya bronini aniqlash dalolatnomasiga asosan tuziladi va jadvallarga kiritilgan barcha isteʼmolchilar uchun ularni bajarish majburiy hisoblanadi.
Jadvallarning quyidagi turlari tuziladi:
yagona elektr energetika tizimida yoqilgʻi yoki gidroresurslar yetishmaganda elektr energiyasini (kVt soatda) cheklash jadvali. Jadvalda elektr energiya isteʼmolini isteʼmolchilarning texnologik bronigacha, keyinchalik esa avariya bronigacha (cheklashga mansub boʻlmagan obyektlardan tashqari), isteʼmolni 5 ta teng navbatga boʻlgan holda qisqartirilishi koʻzda tutilishi lozim;
yagona elektr energetika tizimida quvvat yetishmaganda quvvatni (kVtda) cheklash jadvali. Jadvalda yagona elektr energetika tizimining ertalabki va kechki eng katta yuklamalari oʻtishi soatlarida isteʼmol qilinadigan quvvatni, uni 5 ta teng navbatga boʻlgan holda, isteʼmolchilarning avariya bronigacha kamaytirilishi koʻzda tutilishi lozim;
isteʼmolni va quvvatni cheklash jadvallarini kiritish uchun vaqt boʻlmagan hollarda, yuzaga kelgan quvvat yetishmasligi oqibatida avariya paydo boʻlishi xavfida qoʻllaniladigan quvvatni uzib joriy etish jadvali. Jadvalda yagona elektr energetika tizimi isteʼmolchilari isteʼmol qiladigan quvvatni, 5 ta teng navbatga boʻlgan holda toʻliq uzib qoʻyish koʻzda tutilishi lozim, uzib qoʻyilishi mumkin boʻlmagan obyektlar bundan mustasno.
153. Ayrim hollarda isteʼmolchilarni uzib qoʻyishning maxsus jadvali ishlab chiqiladi.
Elektr energiyasini uzib qoʻyish jadvaliga va maxsus jadvalga avtomatik qurilmalarga, teleboshqarishga yoki doimiy xizmat koʻrsatuvchi xodimlar va ishonchli telefon aloqasiga ega boʻlgan podstansiyalar ustuvorlik bilan kiritilishi lozim. Isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berilishi elektr taʼminotining avariya bronigacha cheklab qoʻyilishi mumkin.
154. Cheklash va uzib qoʻyish jadvallarini amalga kiritish tartibi:
elektr energiyasi va quvvatini cheklash va uzib qoʻyish jadvallari “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining farmoyishi bilan amalga kiritiladi. Elektr energiyasini cheklashni joriy etish yuzasidan farmoyishlar dispetcherlik boshqaruvining barcha darajalarida, operativ daftarga cheklashning miqdori, boshlanish va tamom boʻlish vaqtini yozgan holda uzatiladi;
hududiy elektr tarmoqlari korxonasi isteʼmolchilarga keyingi sutkalarda elektr energiyasini cheklash jadvallarining amalga kiritilishi toʻgʻrisida joriy sutkaning soat 14 dan kechiktirmay, cheklashning miqdorini, boshlanish va tamom boʻlish vaqtini koʻrsatgan holda maʼlum qiladi.
Elektr energiyasini cheklash jadvallarini zudlik bilan joriy etish zarur boʻlganda, bu haqdagi bildirishnoma, sutkaning vaqtidan qatʼi nazar, cheklashning amal qilishi boshlanishidan 1 soat oldin isteʼmolchilarga yetkaziladi.
Uzib qoʻyish jadvallari isteʼmolchilar tomonidan, hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan uzib qoʻyish jadvallari joriy etilishi toʻgʻrisidagi bildirishnoma olingandan keyin, darhol joriy etiladi.
Elektr energiyasi isteʼmolini uzoq davrga kamaytirish zarur boʻlganda, quvvatni uzib qoʻyish jadvaliga teng boʻlgan elektr energiyasi va quvvatni cheklash jadvali amalga kiritiladi.
Yuridik shaxslar — cheklash va uzib qoʻyish jadvaliga kiritilgan tashkilotlar va muassasalar, shu jumladan uzluksiz texnologik ishlab chiqarishga ega boʻlgan tashkilotlar (cheklash va uzib qoʻyishga tegishli boʻlmagan obyektlardan tashqari) cheklash va uzib qoʻyish jadvallarining hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan koʻrsatilgan muddatda soʻzsiz bajarilishini tashkil etishlari shart, aks holda ular uzib qoʻyish va cheklash jadvallari bajarilmaganligi yuzasidan energiya markazlaridan majburiy uzib qoʻyish oqibatlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi elektr energiyasi va quvvatini cheklash jadvallarini amalga kiritish toʻgʻrisidagi farmoyish isteʼmolchilar tomonidan bajarilmaganda, ogohlantirishdan keyin, isteʼmolchilarda elektr energiyasi va quvvat isteʼmolining belgilangan darajada kamayishini taʼminlovchi miqdorda elektr energiyasi yetkazib berilishini majburiy ravishda cheklaydi.
Mazkur ishlab chiqarishda texnologik jarayonlar buzilishining oqibatlari uchun javobgarlik isteʼmolchilar korxonalarining rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
XI. Blok-stansiyaga ega boʻlgan isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlar
155. Yagona elektr energetika tizimining elektr tarmogʻiga bevosita yoki isteʼmolchilarning elektr tarmoqlari orqali ulangan isteʼmolchilarning elektr stansiyalari blok-stansiyalar hisoblanadi. Ular oʻzaro kelishilgan ish rejimiga rioya qilishlari hamda tizim operatorining va yuqori operativ-dispetcherlik xizmatlarining koʻrsatmalari va farmoyishlariga boʻysunishlari shart.
Blok-stansiyalar boʻyicha elektr energiyasi ishlab chiqarishning yillik hajmlari va blok-stansiyalar tomonidan yagona elektr energetika tizimiga elektr energiyasi yetkazib berishning yillik hajmlari “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan blok-stansiya oʻrtasidagi shartnoma bilan tasdiqlanadi va rasmiylashtiriladi.
156. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi elektr energiyasi yetkazib berishning shartnomada kelishilgan oylik miqdoriga muvofiq blok-stansiyaga har bir sutka uchun yuklamaning va yagona elektr energetikasi tizimiga elektr energiyasi yetkazib berishning jadvalini belgilaydi.
Blok-stansiya tomonidan yuklama dispetcherlik jadvalida belgilangan miqdordan kamaytirilsa, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi blok-stansiyaga ega boʻlgan sanoat va idoraviy isteʼmolchilar boʻyicha, blok-stansiya tomonidan yuklama kamaytirilgan miqdorda quvvatga cheklashlar kiritish huquqiga ega, blok-stansiya yuklamasining kamayishiga fors-major vaziyatlari sabab boʻlgan holatlar bundan mustasno.
157. Yagona elektr energetika tizimiga yetkazib beriladigan, shuningdek hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan isteʼmol qilinadigan aktiv elektr energiyasini hisobga olish blok-stansiya tomonidan balans boʻyicha mansublik chegarasida oʻrnatilgan, aktiv elektr energiyasini qabul qilish va yetkazib berishni alohida-alohida qayd etadigan hisobga olish priborlari bilan amalga oshiriladi.
Blok-stansiyaga tegishli boʻlgan elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasini yagona elektr energetika tizimiga yetkazib berishdagi hamda hududiy elektr tarmoqlari korxonalaridan olishdagi texnologik sarflari Blok-stansiyaga hisobiga tegishli boʻladi.
158. Blok-stansiyaga ega boʻlgan isteʼmolchi hisob-kitoblarni:
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan — yagona elektr energetika tizimiga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun;
hududiy elektr tarmoqlari bilan — hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan olingan elektr energiyasi uchun tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiradi.
159. Yetkazib beriladigan va isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi uchun blok-stansiyalar bilan hisob-kitoblar belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflar boʻyicha amalga oshiriladi.
160. Hisob-kitob davrida yagona elektr energetika tizimiga Blok-stansiyaga aybi bilan toʻliq yetkazib berilmagan elektr energiyasi miqdori shartnomada belgilangan elektr energiyasi hajmi bilan yagona elektr energetika tarmogʻiga amalda yetkazib berilgan elektr energiyasi oʻrtasidagi tafovut boʻyicha aniqlanadi.
161. Blok-stansiya fors-major holatlari tufayli elektr energiyasi yetkazib berishdagi tanaffuslar uchun javob bermaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 22-avgustdagi 245-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Issiqlik energiyasidan foydalanish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”, “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq issiqlik taʼminoti korxonasining issiqlik energiyasi isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarini belgilaydi hamda issiqlik taʼminoti korxonasi va issiqlik energiyasining isteʼmolchilari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalarning amal qilishi maishiy isteʼmol uchun aholiga issiqlik energiyasi yetkazib berilishi bilan bogʻliq boʻlgan oʻzaro munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar va atamalardan foydalanilgan:
issiqlik taʼminotining avariyali broni — isteʼmolchining faoliyatini qisman yoki toʻliq toʻxtatishda, uskunalarni saqlash, insonlar hayoti xavfsizligi, xonalarni isitish uchun zarur boʻlgan issiqlik energiyasining eng kam miqdordagi sarfi;
issiqlik tarmogʻining balans boʻyicha mansublik chegarasi — issiqlik tarmogʻining issiqlik taʼminoti korxonasi bilan isteʼmolchi oʻrtasidagi boʻlinish nuqtasi, u issiqlik tarmogʻining balans boʻyicha mansubligi bilan aniqlanadi;
issiqlik energiyasi sifati — bu issiqlik tarmogʻining balans boʻyicha mansubligi boʻlinish chegarasida issiqlik eltuvchi parametrlarining issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan talablarga muvofiqligi;
hisobga olishni nazorat qilish pribori — nazorat qilish uchun foydalaniladigan hisobga olish pribori, uning koʻrsatkichlari asosida issiqlik tarmogʻining mazkur nuqtasidagi issiqlik energiyasi sarfi aniqlanadi;
yetarli miqdorda berilmagan (kam berish) issiqlik energiyasi — issiqlik taʼminotidagi tanaffus yoki cheklash vaqtida isteʼmolchi toʻliq ololmagan issiqlik energiyasi miqdori;
cheklash — issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida nazarda tutilgan tadbirlarni qoʻllash natijasida muayyan vaqt oraligʻi davomida, shuningdek issiqlik taʼminoti korxonasining issiqlik tarmoqlarida fors-major holatlari tufayli paydo boʻlgan avariya rejimlari vaqtida isteʼmolchiga yetkazib beriladigan issiqlik energiyasi miqdorining kamayishi;
yakuniy hisob-kitob — hisob-kitob davri tugagach isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi uchun isteʼmolchining issiqlik taʼminoti korxonasi bilan hisob-kitob qilishi;
ulgurji isteʼmolchi-qayta sotuvchi — issiqlik taʼminoti korxonasining isteʼmolchisi sifatida harakat qiluvchi, oʻzining balansida issiqlik tarmoqlari boʻlgan va issiqlik taʼminoti korxonasidan issiqlik energiyasini ulgurji xarid qiluvchi va uni shartnoma boʻyicha turli isteʼmolchilarga qaytadan sotuvchi ixtisoslashgan korxona;
issiqlik taʼminotidagi tanaffus (uzib qoʻyish) — isteʼmolchiga issiqlik energiyasi yetkazib berilishini toʻxtatish;
toʻlov hujjati — toʻlov talabnomasi, topshiriqnomasi, unga asosan issiqlik taʼminoti korxonasining hisob-kitob raqamiga pul mablagʻlari oʻtkaziladi, shuningdek bildirishnoma, uning boʻyicha toʻlov naqd pul bilan amalga oshiriladi;
rejali uzib qoʻyish — issiqlik taʼminoti korxonasining uskunalarini rejali — ehtiyotdan taʼmirlash jadvali boʻyicha taʼmirlash yoki profilaktikasi davrida isteʼmolchilar bilan oldindan kelishilgan va ularni (kamida 3 sutka oldin) ogohlantirgan holda isteʼmolchiga issiqlik energiyasi berishni toʻliq yoki qisman toʻxtatish, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa;
isteʼmolchi — issiqlik taʼminoti korxonasining issiqlik tarmoqlariga bevosita ulangan, u bilan issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegarasiga ega boʻlgan, issiqlik energiyasidan foydalanish huquqi va shartlari isteʼmolchi hamda issiqlik taʼminoti korxonasi yoki uning yuqori tashkiloti bilan tuzilgan shartnomada belgilangan jismoniy yoki yuridik shaxs;
oraliq hisob-kitob — hisob-kitob davri mobaynida isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi uchun isteʼmolchi tomonidan qisman haq toʻlash;
hisob-kitob davri — issiqlik energiyasining isteʼmol sarfi (hajmi) aniqlanishi, isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi uchun isteʼmolchi va issiqlik taʼminoti korxonasi oʻrtasida oʻzaro hisob-kitob qilinishi kerak boʻlgan vaqt davri (oy). Tomonlar bilan kelishilgan hisob-kitob davri issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida koʻrsatiladi;
issiqlik energiyasini hisobga olish pribori — Issiqlik energiyasini hisobga olish qoidalarining talablariga javob beradigan, ularning koʻrsatkichlari boʻyicha isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi uchun issiqlik taʼminoti korxonasi bilan oʻzaro hisob-kitoblar amalga oshiriladigan hisobga olish priborlari;
subisteʼmolchi — issiqlik taʼminoti korxonasining roziligi bilan isteʼmolchining issiqlik tarmoqlariga bevosita ulangan va isteʼmolchi bilan issiqlik energiyasidan foydalanish yuzasidan shartnomaga ega boʻlgan isteʼmolchi. Subisteʼmolchiga energiya berishda isteʼmolchi Issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya qilish yuzasidan issiqlik taʼminoti korxonasi oldida javobgar hisoblanadi;
issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari — issiqlik energiyasini qabul qilish, uzatish, qayta hosil qilish va undan foydalanish uchun moʻljallangan uskuna yoki pribor;
issiqlik taʼminoti korxonasi — issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasi boʻyicha issiqlik energiyasini sotish va taqsimlash huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxs, shu jumladan ulgurji isteʼmolchi-qayta sotuvchi;
hisobga olish nuqtasi — issiqlik taʼminoti sxemasidagi nuqta, unda oʻlchash pribori (hisobga olish pribori, hisobga olish tizimi, issiqlik oʻlchagich va shu kabilar) yordamida yoki boshqacha usulda issiqlik energiyasi sarfining miqdori aniqlanadi.
3. Sanoat mahsulotining turi sifatida issiqlik energiyasidan foydalanish issiqlik taʼminoti korxonasi bilan issiqlik qurilmalari issiqlik taʼminoti korxonasining tarmoqlariga bevosita ulangan isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida, mazkur Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi. Issiqlik energiyasidan foydalanishning namunaviy shartnomalari shakllari qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqiladi hamda keyinchalik belgilangan tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan holda Elektr energetikasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzdavenergonazorat” DI deb ataladi) tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Isteʼmolchi bilan issiqlik taʼminoti oʻrtasidagi issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida quyidagilar nazarda tutiladi:
shartnomaning mavzusi;
isteʼmol qilishning belgilangan rejimlariga va issiqlik energiyasi sifati koʻrsatkichlariga rioya qilish shartlari va bu boʻyicha tomonlarning majburiyatlari;
tomonlarning issiqlik tarmoqlarini balans boʻyicha mansubligini boʻlinish va ularni ekspluatatsiya qilish yuzasidan javobgarligi chegaralari;
isteʼmolchining issiqlik tarmoqlariga ulangan subisteʼmolchilar haqidagi maʼlumotlar;
u boʻyicha toʻlov amalga oshiriladigan 1 Gkal issiqlik energiyasining tarifi;
bir soatlik eng katta yuklama, xonalarni isitish, shamollatish, texnologik ehtiyojlar uchun boʻlingan holda va issiq suv taʼminoti uchun oʻrtacha sutkalik bir soatlik yuklama;
tarmoq suvining bir soatda olinadigan eng koʻp miqdori;
qaytarilayotgan kondensatning sifati va miqdori (isteʼmol qilingan bugʻning umumiy miqdoriga nisbatan foizlarda), oylar boʻyicha boʻlingan holda;
hisobga olish priborlari boʻyicha maʼlumotlar (turi va hisobga olish pribori oʻrnatilgan joy);
issiqlik energiyasini uzatish va isteʼmol qilishning alohida shartlari;
tomonlarning javobgarligi;
nizolarni hal etish tartibi;
tomonlarning rekvizitlari.
Issiqlik energiyasidan foydalanish boʻyicha shartnomaning namunaviy shakliga qonun hujjatlariga zid boʻlmagan qoʻshimcha bandlar kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Subisteʼmolchilar bilan isteʼmolchi oʻrtasida issiqlik energiyasidan foydalanish yuzasidan shartnoma isteʼmolchi tomonidan issiqlik taʼminoti korxonasining roziligi olingandan keyin tuziladi.
Tabiiy monopoliyalarning subyektlari tomonidan majburiy tartibda xizmat koʻrsatilishi lozim boʻlgan isteʼmolchilarga (subisteʼmolchilarga) issiqlik energiyasini sotishda, issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida faoliyatning xususiyatidan, asosiy mahsulotni ishlab chiqarish hajmidan, foydalaniladigan uskunalarning tavsiflaridan hamda noishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan obyektlardan kelib chiqqan holda mazkur issiqlik energiyasi isteʼmolchilari taʼminotining eng kam darajasi koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
4. Issiqlik energiyasiga tarif oʻzgargan taqdirda, sanasidan qatʼi nazar, issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasi oʻz kuchida qoladi va isteʼmolchi (subisteʼmolchi) olingan issiqlik energiyasi uchun yangi tarif joriy etilgan kundan boshlab yangi tarif boʻyicha haq toʻlashga majbur.
5. Issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasini tuzish, uni oʻzgartirish, bekor qilish yoki amal qilish muddatini uzaytirish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni hal etishda tomonlar qonun hujjatlariga va mazkur Qoidalarga amal qiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Isteʼmolchi faqat issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishgan holda oʻz issiqlik tarmoqlariga boshqa subisteʼmolchilarni ulashi hamda ular bilan issiqlik energiyasidan foydalanish boʻyicha shartnoma tuzishi mumkin.
7. Shartnomada qayd etilgan bugʻ va issiq suvdagi bir soatlik eng katta issiqlik yuklamasi texnik shartlarning loyihaviy yechimlaridagi parametrlarga asosan belgilanadi.
Eng katta issiqlik yuklamasini oshirish uchun isteʼmolchi qoʻshimcha miqdor uchun texnik shartlar olishi shart.
Subisteʼmolchining issiqlik yuklamasini oshirishda ham isteʼmolchi issiqlik taʼminoti korxonasidan qoʻshimcha texnik shartlarni olishi kerak.
8. Yangi isteʼmolchilar va subisteʼmolchilarni issiqlik tarmoqlariga ulash, ular issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ishga tushirish uchun “Oʻzdavenergonazorat” DIda ruxsat olganlaridan keyin, issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Ulgurji isteʼmolchi-qayta sotuvchi yoki isteʼmolchi oʻz tarmoqlariga ulangan chet isteʼmolchilar yoki subisteʼmolchilarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda umumiy (jamlama) bir soatlik eng katta issiqlik yuklamasi uchun issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasini issiqlik taʼminoti korxonasi bilan tuzadi.
10. Issiqlik taʼminoti korxonasi bilan isteʼmolchi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar mazkur Qoidalar va issiqlik energiyasidan foydalanish boʻyicha tuzilgan shartnoma bilan tartibga solinadi.
11. Issiqlik taʼminoti korxonasi tizimidagi avariyalarning oldini olish va ularni bartaraf etish yoki odamlarning xavfsizligini taʼminlash ishlarini oʻtkazish bilan bogʻliq kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni koʻrish zarur boʻlganda isteʼmolchi bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, biroq uni darhol xabardor qilgan holda issiqlik bilan taʼminlashda tanaffusga (uzib qoʻyishga) yoki cheklashga yoʻl qoʻyiladi.
12. Issiqlik energiyasining oqilona va samarali ishlab chiqarilishi, uzatilishi va isteʼmol qilinishi hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va isteʼmol qilishda xavfsizlik taʼminlanishiga yoʻnaltirilgan oldini olish chora-tadbirlarining bajarilishi ustidan davlat nazorati qonun hujjatlariga muvofiq “Oʻzdavenergonazorat” DI tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat energetika nazoratining amalga oshirilishi isteʼmolchilarni ishlatilayotgan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari, pribor va uskunalarning zarur texnik holati va xavfsizligi taʼminlanishi, issiqlik energiyasi isteʼmolining belgilangan rejimiga rioya qilinishi uchun javobgarlikdan, shuningdek issiqlik energiyasidan foydalanishda yuzaga keladigan avariyalar, yongʻinlar, issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarining nosozliklari va boshqa qoidabuzishlar toʻgʻrisida issiqlik taʼminoti korxonasini darhol xabardor qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
13. Issiqlik energiyasi nooqilona, isrof qilib ishlab chiqarilganligi, uzatilganligi va isteʼmol qilinganligi hamda ularning avariya xavfini tugʻdiradigan yoki odamlarning hayotiga xavf soladigan qoniqarsiz texnik holati uchun “Oʻzdavenergonazorat” DI issiqlik taʼminoti korxonasining uskunalari, isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlari ishini toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Maxsus qoidalar boʻyicha ekspluatatsiya qilinadigan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari ustidan energetika nazorati qonun hujjatlariga muvofiq, tegishli vakolatli idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari, pribor va uskunalarning texnik holatiga hamda ularni ekspluatatsiya qilishga nisbatan qoʻyiladigan talablar, shuningdek ularga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Mazkur Qoidalarning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar issiqlik taʼminoti korxonasi bilan isteʼmolchi oʻrtasidagi shartnomaga, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, Maʼmuriy kodeksiga, Jinoyat kodeksiga, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
II. Issiqlik energiyasi isteʼmolchilarini issiqlik tarmoqlariga ulashning texnik shartlari
17. Issiqlikdan foydalanuvchi yangi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ulash yoki ishlab turgan obyektlarda shartnomadagi miqdorlarga nisbatan isteʼmol qilinadigan issiqlik yuklamasini oshirish uchun isteʼmolchi issiqlik tarmoqlariga ulanish amalga oshirilayotgan issiqlik taʼminoti korxonasidan texnik shartlarni olishga majbur.
Texnik shartlar haq olmasdan beriladi.
18. Issiqlik taʼminoti korxonasining issiqlik tarmoqlariga yangi isteʼmolchilarni ulash yoki ishlab turgan obyektlarda shartnomadagi miqdorlarga nisbatan isteʼmol qilinadigan issiqlik yuklamasini oshirish uchun texnik shartlar isteʼmolchining yoki uning topshirigʻi boʻyicha loyihalash tashkilotining, arxitektura va qurilish boʻyicha tuman (shahar) boshqarmasining (boʻlimining) buyurtmanomasiga koʻra, issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan beriladi. Unda loyihalanayotgan obyektni tavsiflovchi, qisqa shakldagi maʼlumotlar: uni loyihalash va qurishning davomiyligi, oʻrnashgan joyi (kartografiya maʼlumotlari), loyihaviy qarorlarning maʼlumotlariga asoslangan (texnologik ehtiyojlar, xonalarni isitish, ventilyatsiya, issiq suv taʼminoti) isteʼmol turlari boʻyicha va issiqlik bilan taʼminlashning ishonchliligi boʻyicha talablar koʻrsatiladi.
Ulash yoki mavjud issiqlik yuklamalarini oshirishning texnik imkoniyatlari boʻlmaganda, issiqlik taʼminoti korxonasi, buni tegishli tarzda asoslagan holda, texnik shartlar berishni rad etadi.
19. Issiqlik taʼminoti korxonasi isteʼmolchidan yoki uning topshirigʻi boʻyicha loyihalash tashkilotidan buyurtmanomani olgandan keyin ikki hafta muddatda, ularni turli maydonchalarda joylashtirish variantlari uchun texnik-iqtisodiy taqqoslash bajarilayotgan yoki qurilishni, kengaytirishni yoki rekonstruksiya qilishni asoslash boʻyicha texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar qilinayotgan yangi quriladigan korxonalar, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki ayrim ishlab chiqarishlarining issiqlik taʼminoti uchun dastlabki shartlarini beradi. Yangi tashkilotlarni, binolar, inshootlar, ularning navbatlari, ayrim ishlab chiqarishlarni yoki isteʼmolchining tashqi issiqlik taʼminoti sxemasini oʻzgartirishni talab qiluvchi kengaytirilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan ishlab turgan obyektlarning issiqlik taʼminoti boʻyicha moʻljallanayotgan loyiha yechimlarini kelishib olish issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan, qurilish maydonini tanlash paytida amalga oshiriladi.
20. Tadbirkorlik subyektlarini issiqlik tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlar tadbirkorlik subyektlarining yoki arxitektura va qurilish boʻyicha tuman (shahar) boshqarmasining (boʻlimining) buyurtmanomasi boʻyicha, issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan, dastlabki shartlarni bermagan holda, uch ish kunidan oshmaydigan muddatda beriladi.
21. Texnik shartlarda quyidagilar koʻrsatiladi:
a) issiqlik bilan taʼminlash manbai va uning ishonchliligi, issiqlik tarmoqlariga asosiy va zaxira kirishlaridan keyin ulanish yoki elektr stansiyalari va issiqlik markazlari kollektorlariga ulanish nuqtalari, yetkazib beriladigan issiqlik energiyasi miqdorini tartibga solish usuli;
b) boshqa isteʼmolchining yuklamalarini hisobga olgan holda asosiy va zaxira kirishlarning ulanish nuqtalarida issiqlik eltuvchi parametrlari va gidravlik rejim;
v) umumiy bir soatlik eng katta issiqlik yuklamasi, buyurtmanomada koʻrsatilgan miqdorlarga muvofiq xonalarni isitish, ventilyatsiya, issiq suv taʼminoti va texnologik ehtiyojlarga boʻlingan holda;
g) mazkur obyektni ishga tushirish yoki mavjud bir soatlik eng katta yuklamani oshirish hisobiga mavjud tarmoqning oʻtkazish qobiliyatini va issiqlik manbaining ish unumini oshirish boʻyicha asoslangan talablar;
d) qaytariladigan bugʻ kondensatining miqdori, sifati va chiqarib olish rejimi, kondensatni yigʻish va qaytarish sxemasi;
e) issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarining hisobga olinishi va oʻrnatilishiga qoʻyiladigan talablar;
j) ishonchlilik talablarini hisobga olgan holda zaxira issiqlik taʼminoti manbalari;
z) quvurlar yotqizishga hamda kanallar va kameralarni, berkitish va tartibga solish armaturasini oʻrnatishga, quvurlarni izolyatsiya qilishga, korroziyaga qarshi himoyaga, issiqlik punktlarini jihozlashga qoʻyiladigan talablar;
i) isitish-ventilyatsiya va texnologik yuklama hamda issiq suv taʼminoti yuklamasini ulashning issiqlik sxemasi;
k) qurilayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan issiqlik tarmoqlarining balans va ekspluatatsiya qilish boʻyicha mansubligi (issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha boʻlinish chegarasi);
l) issiqlik energiyasi yetkazib berishdagi harorat jadvali va isteʼmolchining issiqlik taʼminoti tizimidan tarmoq suvining bir soatdagi eng koʻp sarfi;
m) texnik shartlarning, loyihalashtirish va ishlarni bajarish davomiyligi boʻyicha amaldagi meʼyorlarni hisobga olgan holda, belgilangan amal qilish muddati.
Isteʼmolchi yoki bosh loyihalash tashkiloti, arxitektura va qurilish boʻyicha tuman (shahar) boshqarmasi (boʻlimi) texnik shartlar talablariga rozi boʻlmagan taqdirda kelishmovchiliklar toʻgʻrisidagi masala bamaslahat, barcha manfaatdor tomonlar ishtirokida, texnik shartlarni bergan korxonaning texnik kengashida koʻrib chiqiladi.
22. Isteʼmolchiga texnik shartlar berilishiga qadar ulgurji isteʼmolchi-qayta sotuvchi yoki isteʼmolchi ularni issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishishi shart.
Isteʼmolchining issiqlik yuklamalari ulanishini aniqlash maqsadida texnik shartlarning bir nusxasi ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishi uchun issiqlik taʼminoti korxonasiga beriladi.
23. Isteʼmolchining isteʼmol qilinadigan issiqlik energiyasi miqdori yoki issiqlik eltuvchi parametrlari oʻzgartirilishini talab qiladigan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarini va issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish yoki kengaytirishda isteʼmolchi ularni issiqlik taʼminoti korxonasining issiqlik tarmoqlariga ulash uchun issiqlik taʼminoti korxonasidan texnik shartlarni ham olishi kerak.
24. Issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan berilgan texnik shartlarni bajarish isteʼmolchilar va issiqlik taʼminoti loyihasini ishlab chiqish zimmasiga yuklangan loyihalash tashkilotlari uchun majburiydir.
Amal qilish muddati tugagan va boshqa muddatga uzaytirilmagan texnik shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Isteʼmolchi yangi texnik shartlarni va yangi yoki qoʻshimcha quvvatlarni ulash uchun ruxsatnomani mazkur Qoidalarda koʻzda tutilgan tartibda oladi.
Obyektning maqsadi, vazifasi oʻzgargan taqdirda isteʼmolchiga berilgan texnik shartlar bekor qilinadi, shundan keyin isteʼmolchi yangi texnik shartlar olishi kerak.
25. Texnik shartlarga muvofiq ishlab chiqilgan korxonalar, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki alohida ishlab chiqarishlarining issiqlik taʼminoti loyihalari (ishchi loyihalar), korxona, bino, inshootlar, ularning navbatlari yoki alohida ishlab chiqarishlarning kompleks loyihasi tasdiqlanishidan oldin, issiqlik taʼminoti korxonasi va “Oʻzdavenergonazorat” DI bilan kelishilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Loyihaga muvofiq ishlab chiqilgan ishchi chizmalar qurilish ishlari boshlanishidan oldin issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishilishi kerak.
Ulgurji isteʼmolchi-qayta sotuvchining yoki isteʼmolchining issiqlik tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olgan subisteʼmolchi unga va “Oʻzdavenergonazorat” DIga ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarini kelishish uchun taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Loyiha hujjatlarini koʻrib chiqishda texnik shartlar va amaldagi normativ hujjatlar talablaridan chetga chiqish aniqlangan hollarda, isteʼmolchiga kelishishni rad etishni asoslagan holda xat yuboriladi. Isteʼmolchi rad etishga sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyin loyihani kelishish uchun takroran taqdim etish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Isteʼmolchilarning yuklamalarini ulash bilan bogʻliq boʻlgan yangi issiqlik manbalari va issiqlik tarmoqlarini qurish, ishlab turganlarini kengaytirish va rekonstruksiya qilish isteʼmolchilarning kuch va mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
III. Isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarini va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishga ijozat berish
27. Isteʼmolchilarning yangidan ulanadigan, rekonstruksiya qilinadigan issiqlikdan foydalanuvchi barcha qurilmalari va issiqlik tarmoqlari belgilangan tartibda kelishilgan loyiha hujjatlariga, texnik shartlarga, qurilish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq bajarilishi hamda texnikaviy ekspluatatsiya qilish va xavfsizlik texnikasi boʻyicha amaldagi qoidalar talablariga javob berishi, shuningdek texnik va qabul qilish-topshirish hujjatlariga ega boʻlishi kerak.
28. Isteʼmolchi issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarni va issiqlik tarmoqlarini montaj tashkilotidan mazkur Qoidalarga muvofiq dalolatnoma boʻyicha qabul qiladi.
Shundan keyin isteʼmolchi “Oʻzdavenergonazorat” DIning vakolatlangan vakiliga “Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari”ning, qurilish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga javob beradigan loyiha, texnik, qabul qilish-topshirish va ekspluatatsiya qilish hujjatlarini hamda issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini vaqtinchalik yoki doimiy ekspluatatsiya qilinishiga ijozat berilishi mumkinligini aniqlash uchun koʻrikdan oʻtkazishga taqdim etishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Isteʼmolchilarning rekonstruksiya qilingan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlari ham vaqtinchalik va doimiy ishga tushirishga ruxsat berish mumkinligini aniqlash maqsadida koʻrikdan oʻtkazish uchun “Oʻzdavenergonazorat” DIning vakolatlangan vakiliga taqdim etilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Isteʼmolchining buyurtmanomasi boʻyicha ishga tushirish-sozlash ishlarini amalga oshirish uchun issiqlik taʼminoti korxonasi issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ariza berilgan muddatga vaqtinchalik shartnoma boʻyicha ishga tushiradi.
29. Isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlarida montaj qilishda nuqsonlar, berilgan texnik shartlardan, issiqlik taʼminoti tashkiloti va “Oʻzdavenergonazorat” DI bilan kelishilgan loyihadan, shu jumladan mazkur Qoidalar va boshqa normativ hujjatlarning talablaridan chetga chiqishlar, issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlariga xizmat koʻrsatish uchun tayyorlangan xodimlar yoʻqligi hamda xavfsizlik texnikasi va yongʻinni oʻchirish boʻyicha himoya vositalari bilan toʻliq butlanmaganligi aniqlangan taqdirda, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar, ularni ishga tushirishga ruxsat berish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tegishli ravishda tayyorlangan xodimlarga ega boʻlmagan isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlarini, ular ekspluatatsiya qilinishi uchun shartnoma asosida ixtisoslashtirilgan tashkilotga topshirilganda, ishga tushirish uchun ijozat berilishi mumkin.
30. Isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlari faqat “Oʻzdavenergonazorat” DI tomonidan berilgan ruxsatnoma mavjud boʻlgandagina ishga tushirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlariga issiqlik energiyasini yetkazib berish “Oʻzdavenergonazorat” DIdan ularni ishga tushirish uchun tegishli ruxsat olingandan va issiqlik energiyasidan foydalanish uchun shartnoma tuzilgandan keyin issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
“Oʻzdavenergonazorat” DI issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini texnik koʻrikdan oʻtkazilishi va ularni ekspluatatsiya qilishga ijozat berilishi uchun javob beradi.
Ekspluatatsiya qilinayotgan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish davriyligi “Oʻzdavenergonazorat” DI tomonidan oʻrnatilgan tartibda belgilab beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish
32. Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini oʻrnatish tartibi issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan berilgan texnik shartlar bilan belgilanadi. Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini ekspluatatsiya qilish shartlari tomonlar tarafidan issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida kelishib olinadi.
33. Barcha issiqlik energiyasi isteʼmolchilarining issiqlik isteʼmoli tizimlari zarur hisobga olish priborlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
Issiqlik energiyasini hisobga olish Yoqilgʻi va energiyani ishlab chiqarish, taqsimlash va isteʼmol qilishda hisobga olishni tashkil etish tartibiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Usullarni, oʻlchash vositalarini tanlash hamda ulardan foydalanish tartibi va qoidalari Yoqilgʻi va energiyani hisobga olish priborlari bilan jihozlash, ulardan foydalanishni tashkil etish qoidalarida belgilangan.
34. Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlariga ega boʻlmagan isteʼmolchilarga issiqlik energiyasini yetkazib berish va ularning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlarini ulash taqiqlanadi.
35. Issiqlik taʼminoti korxonasining obyektlarida oʻrnatiladigan issiqlik energiyasini hisobga olish priborlari isteʼmolchi tomonidan sotib olinadi va oʻrnatiladi, “Oʻzstandart” agentligida attestatsiyadan oʻtkazilgandan keyin shartnoma asosida issiqlik taʼminoti korxonasining xizmat koʻrsatishiga oʻtkaziladi.
Isteʼmolchida oʻrnatilgan hisobga olish priborlari isteʼmolchining oʻzi tomonidan ekspluatatsiya qilinadi va taʼmirlanadi.
Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini boshqa joyga oʻrnatish va koʻchirish, issiqlik taʼminoti korxonasining tegishli xodimi va isteʼmolchi ishtirokida, ushbu pribor balansida turgan balans egasining hisobidan amalga oshiriladi.
Hisobga olish priborlarining buzilgan yoki ularning koʻrsatkichlari toʻgʻriligiga shubha tugʻilgan taqdirda isteʼmolchi yoki issiqlik taʼminoti korxonasi bu haqda tegishli ravishda issiqlik taʼminoti korxonasiga yoki isteʼmolchiga darhol maʼlum qilishi shart. Ushbu holat boʻyicha ikki tomonlama tegishli dalolatnoma tuzilib, hisobga olish priborlarining ishlashidagi nosozliklarni bartaraf etish haqida qaror qabul qilinadi.
Issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan xizmat koʻrsatiladigan hisobga olish priborlarini taʼmirlash davri mobaynida issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar priborlar toʻxtashidan oldingi oxirgi 15 sutka uchun oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha amalga oshiriladi. Isteʼmolchining balansidagi issiqlikni hisobga olish priborlari taʼmirlash uchun 15 sutkagacha boʻlgan muddatga toʻxtatilganda issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar priborlar toʻxtashidan oldingi oxirgi 15 sutka uchun oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha, 15 sutkadan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatilganda esa — hisob-kitoblar shartnomadagi bir soatlik yuklama va issiqlik energiyasini uzatish soatlari soni boʻyicha amalga oshiriladi.
Isteʼmolchi hisobga olish priborlarini taʼmirlash tugagungacha isteʼmol qilishni toʻxtatib turishga haqlidir, bu holda issiqlik taʼminoti korxonasi berkitish armaturasini plombalaydi va bu haqda birgalikda dalolatnoma tuziladi.
Isteʼmolchi hisobga olish priborining buzilganligi toʻgʻrisida issiqlik taʼminoti korxonasini oʻz vaqtida ogohlantirmagan taqdirda, issiqlik energiyasini hisobga olish priborlari oʻrnatilgungacha hisob-kitoblar, issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan shartnomadagi yuklama va issiqlik energiyasini yetkazib berish soatlari soni boʻyicha amalga oshiriladi.
Issiqlik taʼminoti korxonasi hisobga olish priborining buzilganligi toʻgʻrisida isteʼmolchini oʻz vaqtida ogohlantirmagan taqdirda issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar bundan oldingi hisobot davrida belgilangan issiqlik energiyasining oʻrtacha sutkalik sarfi boʻyicha amalga oshiriladi. Bundan oldingi hisobot davrida issiqlik energiyasi isteʼmol qilinmagan boʻlsa, u holda hisob-kitob oʻtgan yilning tegishli davridagi oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha amalga oshiriladi.
Isteʼmolchilar tomonidan oʻlchash diafragmalarini oʻrnatish vaqtida issiqlik taʼminoti korxonasining va isteʼmolchining vakillari ishtirok etishi kerak.
36. Issiqlik energiyasi berilishini hisobga olish issiqlik taʼminoti korxonasi va isteʼmolchining issiqlik tarmoqlarining boʻlinish chegarasida amalga oshirilishi kerak.
Hisobga olish priborlari boʻlinish chegarasida oʻrnatilmagan taqdirda issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar boʻlinish chegarasidan hisobga olish priborlari oʻrnatiladigan joygacha boʻlgan uchastkadagi issiqlik energiyasi yoʻqotishlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Yoʻqotishlarning hisob-kitobi yoki issiqlik energiyasi yoʻqotishlarining sinovini issiqlik taʼminoti korxonasi isteʼmolchi bilan birgalikda “Issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va uzatish uchun issiqlik yuklamalarini, yoqilgʻi, elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va suv sarflari meʼyorlarini hamda texnologik yoʻqotishlar meʼyorlarini aniqlash tartibi toʻgʻrisida Nizom”ga muvofiq amalga oshiradi.
V. Isteʼmolchilar tomonidan issiqlikdan foydalanish qurilmalari va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish
37. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar hamda issiqlik tarmoqlarining holati va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha isteʼmolchi bilan issiqlik taʼminoti korxonasi oʻrtasidagi javobgarlik chegarasi ularning balans boʻyicha mansubligiga qarab belgilanadi va shartnomaga ilova qilinadigan dalolatnomada aks ettiriladi.
38. Issiqlik taʼminoti korxonasiga tegishli boʻlgan issiqlik tarmoqlarida isteʼmolchiga tegishli boʻlgan qurilmalar yoki uskunalar boʻlmasligi kerak.
Bitta kamerada (quduqda), issiqlik tamroqlarida, estakadada har xil korxonalar tomonidan xizmat koʻrsatiladigan uskunalar boʻlmasligi kerak.
Ishlab turgan qurilmalarda har xil tashkilotlarga tegishli boʻlgan uskunalar mavjud boʻlsa barcha uskunalar issiqlik taʼminoti korxonasining balansiga va xizmat koʻrsatilishiga oʻtkaziladi.
VI. Issiqlik taʼminoti korxonasining huquqlari
39. Issiqlik taʼminoti korxonasi quyidagi hollarda isteʼmolchini ogohlantirib, unga issiqlik energiyasi yetkazib berishni toʻliq yoki qisman toʻxtatish huquqiga ega:
issiqlik energiyasi uchun toʻlov hujjatida belgilangan muddatlarda haq toʻlanmaganda va issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan miqdorda oldindan toʻlov amalga oshirilmaganda;
subisteʼmolchilar, yangi issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari oʻzboshimchalik bilan ulanganda;
issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari “Oʻzdavenergonazorat” DI ruxsatisiz ishga tushirilganda;
Keyingi tahrirga qarang.
issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari hisobga olish priborlaridan oldin ulanganda;
issiqlik yuklamalarining belgilangan shartnomaviy miqdorlari yoki tarmoqdagi suv sarfining miqdori issiqlik taʼminoti korxonasining roziligisiz oshirilganda;
issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan bir soatda olinadigan tarmoq suvining miqdori oshirilganda;
tarmoqdagi suv ifloslanganda;
issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida koʻzda tutilgan bugʻ kondensati 50 foizdan kam miqdorda qaytarilganda;
issiqlik taʼminoti korxonasi vakillari issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini koʻrishga qoʻyilmaganda.
40. Uskunalarni taʼmirlash boʻyicha rejali ishlarni amalga oshirishda yoki yangi isteʼmolchilarni ulashda zaxira taʼminlash manbai mavjud boʻlmasa issiqlik taʼminoti korxonasi isteʼmolchini uzib qoʻyish huquqiga egadir. Isteʼmolchini issiqlik energiyasi yetkazib berishning toʻxtatilishi toʻgʻrisida ogohlantirish issiqlik energiyasi yetkazib berishda tanaffusning aniq sanasini (kunlar va soatlarni) kelishish uchun 10 kun oldin amalga oshiriladi. Agar ogohlantirishdan keyin 5 kun muddatda isteʼmolchi issiqlik berishdagi tanaffus vaqtini kelishib olmasa issiqlik taʼminoti korxonasi ushbu vaqtni mustaqil ravishda belgilash huquqiga ega. Issiqlik energiyasi berishdagi tanaffus, imkoni boricha, bu haqda uzib qoʻyishdan kamida 24 soat oldin isteʼmolchini ogohlantirgan holda, uning ishdan tashqari vaqtida amalga oshirilishi kerak.
41. Avariyaning oldini olish yoki bartaraf etish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni koʻrish uchun issiqlik taʼminoti korxonasi, uzib qoʻyish sabablarini darhol maʼlum qilgan holda, isteʼmolchiga issiqlik energiyasi yetkazib berishni toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
42. Toʻliq yetkazib berilmagan issiqlik energiyasining miqdori hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanadi. Cheklash vaqti issiqlik taʼminoti korxonasi dispetcherlik xizmatining operativ daftaridagi yozuvlar boʻyicha aniqlanadi hamda ikki tomonlama dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Issiqlik taʼminoti korxonasining aybi bilan isteʼmolchining texnologik ehtiyojlariga issiqlik energiyasi toʻliq yetkazib berilmaganligi, hisobga olish priborlari boʻyicha, issiqlik energiyasi toʻliq yetkazib berilmagan sutkadan oldingi 3 sutkadagi issiqlik energiyasining oʻrtacha sutkalik isteʼmoli bilan issiqlik energiyasi toʻliq yetkazib berilmagan sutkada amaldagi isteʼmol oʻrtasidagi ayirma sifatida aniqlanadi.
43. Issiqlik taʼminoti korxonasi quyidagi holatlar oqibatida issiqlik taʼminotidagi tanaffuslar, issiqlik eltuvchi parametrlarining pasayganligi va issiqlik energiyasi toʻliq yetkazib berilmaganligi uchun isteʼmolchilar oldida moddiy javobgar boʻlmaydi:
a) issiqlik taʼminoti korxonasi uskunalarining ishdan chiqishiga sabab boʻlgan tabiiy hodisalar: momaqaldiroq, boʻron, suv toshqini, zilzila, yongʻin, 48 soatdan ortiq vaqt mobaynida ushbu hududda isitishni loyihalashtirish uchun hisoblab chiqilgan haroratdan 3oSga va undan ortiq past boʻlgan haroratda havoning uzoq vaqt sovib ketishi, boshlangʻich suv sifatining yomonlashishi;
b) isteʼmolchi xodimlarining issiqlik isteʼmoli rejimini oʻzgarishiga sabab boʻlgan notoʻgʻri xatti-harakatlari;
v) mazkur Qoidalarning 42-bandida nazarda tutilgan issiqlik energiyasi yetkazib berishni cheklash yoki toʻxtatish shartlariga muvofiq isteʼmolchi issiqlik yuklamalarining shartnomaviy miqdorlari oshirilishiga yoʻl qoʻyadigan yoki uning uchun belgilangan issiqlik isteʼmoli rejimlariga rioya qilmagan sutkalar mobaynida past parametrli issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi.
VII. Issiqlik taʼminoti korxonasining majburiyatlari
44. Issiqlik taʼminoti korxonasi quyidagilarga majbur:
shartnomaga muvofiq isteʼmolchiga issiqlik energiyasining uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash, issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegaralarida bugʻ va issiq suv parametrlarining shartnomaga muvofiq boʻlishini taʼminlash, ularning:
bugʻ (bosim va harorat) boʻyicha — 5 foizdan ortiq (±);
issiqlik beruvchi quvurda suv harorati boʻyicha — 3 foizdan ortiq (±);
suv bosimi boʻyicha:
issiqlik beruvchi quvurda — 5 foizdan ortiq (±);
orqaga qaytadigan quvurda — 20 kPa dan ortiq (±) chetga chiqishiga yoʻl qoʻymaslik. Bunda parametrlar oʻrtacha sutkalik miqdor sifatida hisobga olinadi;
issiqlik taʼminoti korxonasining aybi bilan toʻliq yetkazib berilmagan issiqlik energiyasi qiymatini qoplash. Toʻliq yetkazib berilmagan energiya hajmi isteʼmolchining vakili ishtirokida issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan aniqlanadi va dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi;
isteʼmolchilarning issiqlik energiyasi toʻliq yetkazib berilmaganligi, issiqlik eltuvchi parametrlarini shartnomadagi qiymatlarga nisbatan pasayganligi toʻgʻrisidagi yozma arizalarini 10 kun muddatda koʻrib chiqish.
45. Isteʼmolchida issiqlik taʼminoti korxonasining obyektida oʻrnatilgan issiqlik energiyasini hisobga olish priborlari koʻrsatkichlarining toʻgʻriligi boʻyicha shubha tugʻiladigan boʻlsa, issiqlik taʼminoti korxonasi, belgilangan tartibda, sutkaning istalgan vaqtida isteʼmolchi vakillarini issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini koʻzdan kechirishini taʼminlashi lozim.
Issiqlik taʼminoti korxonasi isteʼmolchi balansidagi issiqlik tarmoqlarini taʼmirlash va oʻrnatish boʻyicha oldindan kelishilgan ishlarni bajarish uchun isteʼmolchi xodimlarini oʻz hududiga kiritishi kerak.
VIII. Issiqlik energiyasi isteʼmolchilarining huquqlari
46. Isteʼmolchi quyidagi huquqlarga ega:
issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga muvofiq issiqlik taʼminoti korxonasidan issiqlik energiyasining uzluksiz yetkazib berilishini talab qilish;
issiqlik energiyasini yetkazib berish rejimini nazorat qilish, issiqlik energiyasi parametrlarining shartnomaviy miqdorlardan chetga chiqishiga yoʻl qoʻymaslik:
bugʻ berish boʻyicha (harorat, bosim) 5 foizdan ortiq (±);
issiq suv yetkazib berish boʻyicha:
issiqlik beruvchi quvurda suv harorati boʻyicha — 3 foizdan ortiq (±);
issiqlik beruvchi quvurda suvning bosimi boʻyicha — 5 foizdan ortiq (±);
orqaga qaytadigan quvurda suvning bosimi boʻyicha — 20 kPa ortiq (±) pasayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik. Bunda parametrlar oʻrtacha sutkalik miqdor sifatida olinadi;
mazkur Qoidalarning talablariga muvofiq oʻzining issiqlik tarmoqlariga subisteʼmolchilarni ulash;
issiqlik energiyasining shartnomaviy parametrlari issiqlik taʼminoti korxonasining aybi bilan pasayganda, bu haqda issiqlik taʼminoti korxonasiga oldindan xabar bergan holda, issiqlik energiyasi isteʼmolini toʻxtatish. Ushbu holda issiqlik taʼminoti korxonasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda isteʼmolchi oldida javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
47. Issiqlik energiyasi bilan taʼminlashda issiqlik taʼminoti korxonasining aybi bilan tanaffuslar yuz bergan taqdirda issiqlik taʼminoti korxonasi issiqlik taʼminotidagi tanaffuslar oqibatida isteʼmolchiga yetkazilgan moddiy zararni qoplaydi.
IX. Issiqlik energiyasi isteʼmolchilarining majburiyatlari
48. Isteʼmolchilar quyidagilarga majburdirlar:
“Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga hamda Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga, shuningdek mazkur Qoidalarga qatʼiy rioya qilish;
issiqlik energiyasi uchun issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan muddatlarda haq toʻlash;
issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishmasdan issiqlik energiyasi bir soatlik yuklamalarining shartnomaviy miqdorini oshirmaslik hamda issiqlik energiyasidan foydalanish boʻyicha tuzilgan shartnomaga muvofiq issiqlik isteʼmoli rejimiga rioya qilish va tarmoq suvining olinishi miqdorini oshirmaslik;
issiqlik isteʼmoli rejimiga nisbatan issiqlik taʼminoti korxonasining tezkor koʻrsatmalarini bajarish;
bugʻ kondensati va tarmoq suvini issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan miqdorda, sifatda va tegishli haroratda qaytarish;
issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari, issiqlikni hisobga olish priborlari, quvurlar izolyatsiyasi va issiqlikdan foydalanuvchi uskunalarni texnik jihatdan soz holatda saqlash;
issiqlik energiyasi isteʼmolini vaqtincha toʻxtatish bilan bogʻliq boʻlgan taʼmirlash ishlarini bajarish muddatlarini issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishish;
hisobga olish priborlari, issiq suvni toʻkish uchun joʻmraklar, toraytiruvchi qurilmalar va armaturani issiqlik taʼminoti korxonasining vakili bilan birgalikda plombalash, oʻrnatilgan plombalarning saqlanishini taʼminlash. Plombalarni olish issiqlik taʼminoti korxonasining ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim;
issiqlik energiyasidan foydalanishni yaxshilash, bugʻ kondensati qaytarilishini koʻpaytirish, uning sifatini oshirish, ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
umuman korxona boʻyicha va alohida issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar boʻyicha bugʻ-kondensat balanslarini tuzish;
issiqlik taʼminoti korxonasining vakillarini issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini sutkaning istalgan vaqtida toʻsqinliksiz koʻzdan kechirishini taʼminlash;
barcha issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarining ijro chizmalari va pasportlariga hamda ekspluatatsiya qilish yoʻriqnomalariga ega boʻlish;
issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlariga tayyorgarlik koʻrgan xodimlar tomonidan xizmat koʻrsatilishini taʼminlash;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot (bajariladigan ishlar) birligiga, issiqlik energiyasi sarfining meʼyorlarini ishlab chiqish va ularga rioya etilishini nazorat qilish;
issiqlik energiyasidan nooqilona va isrofgarchilik bilan foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik;
issiqlik tarmoqlarida imoratlar qurilishiga, materiallar taxlanishiga, daraxtlar oʻtqazilishiga yoʻl qoʻymaslik;
issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishmasdan issiqlik tarmoqlarini, muhandislik uskunalarini va qurilmalarni qayta jihozlashga yoʻl qoʻymaslik;
isitish priborlarining qoʻshimcha seksiyalari, berkitish va boshqarish armaturalari oʻrnatilishiga va chiqarib olinishiga yoʻl qoʻymaslik;
isitish tizimlarida issiqlik eltuvchidan boshqa maqsadlarda foydalanilishiga (isitish tizimlari va priborlaridan suv oqizilishiga) yoʻl qoʻymaslik.
49. Isteʼmolchi issiqlik taʼminoti korxonasining balansida turgan issiqlik tarmoqlarida, oldindan kelishilgan holda amalga oshiriladigan taʼmirlash va qurilish ishlarini bajarish uchun issiqlik taʼminoti korxonasining vakillarini oʻz hududiga kiritishi lozim.
X. Issiqlik energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish
50. Issiqlikdan foydalanish xususiyatiga koʻra isteʼmolchilar quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
a) sanoat isteʼmolchilari va ularga tenglashtirilgan isteʼmolchilar hamda keyingi guruhlarga kiritilmagan isteʼmolchilar;
b) ulgurji isteʼmolchilar-qayta sotuvchilar — oʻz balansida issiqlik tarmoqlariga ega boʻlgan va ularni ekspluatatsiya qiluvchi, issiqlik taʼminoti korxonasidan issiqlik energiyasini ulgurji xarid qiluvchi va uni har xil isteʼmolchilarga qayta sotuvchi xoʻjalik hisobidagi korxonalar;
v) issiqxona xoʻjaliklari — issiqxonalarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi isteʼmolchilar.
51. Issiqlik energiyasi uchun isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga asosan belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarga muvofiq issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
52. Isteʼmolchining issiqlik tarmoqlaridagi issiqlik energiyasi yoʻqotishlari ular va subisteʼmolchilar oʻrtasida issiqlik energiyasini isteʼmol qilish ulushiga va issiqlik tarmogʻi uzunligiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
53. Isteʼmolchiga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi miqdori issiqlik taʼminoti korxonasi va isteʼmolchining issiqlik tarmoqlarining boʻlinish chegarasida hisobga olinadi.
Issiqlik taʼminoti korxonasi va isteʼmolchining issiqlik tarmoqlari balans boʻyicha mansubligi boʻlinish chegarasigacha issiqlik energiyasi yetkazib berish boʻyicha barcha xarajatlar va uning yoʻqotishlari tariflarda hisobga olingan boʻlib, tariflardan ortiqcha qoʻshimcha haq toʻlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligi boʻlinish chegarasidan keyin issiqlik energiyasining barcha xarajatlari va yoʻqotishlari isteʼmolchining hisobiga tegishli boʻladi. Agar bugʻ va issiq suv isteʼmolchining issiqlik tarmoqlari orqali uzatilsa issiqlik energiyasi miqdori elektr stansiyasi (tuman qozonxonasi) kollektorida hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanadi.
54. Isteʼmolchi tomonidan hisobga olish priborlari koʻrsatkichlaridagi nuqsonlar yoki issiqlik energiyasi sarfini hisoblashda yoʻl qoʻyilgan xatolar aniqlangan taqdirda isteʼmolchi bir hafta muddatda bu haqda issiqlik taʼminoti korxonasiga ariza berishi kerak.
Issiqlik taʼminoti korxonasi 10 kun muddatda (isteʼmolchining arizasi berilgan kundan boshlab) hisobga olish priborlarini yoki u boʻyicha amalga oshirilgan hisob-kitoblarning toʻgʻriligini isteʼmolchining vakillari ishtirokida tekshirishi shart.
55. Hisobga olish priborlari koʻrsatkichlarining notoʻgʻriligi yoki issiqlik energiyasi sarfini hisoblashda xatolarga yoʻl qoʻyilganligi tasdiqlangan taqdirda issiqlik taʼminoti korxonasi oxirgi hisob-kitob davridagi issiqlik energiyasi sarfini tegishli ravishda, isteʼmolchining vakillari bilan birgalikda dalolatnoma tuzib, qayta hisob-kitob qilishga majbur.
Yoʻl qoʻyilgan xatolar boʻyicha bajarilgan qayta hisob-kitob keyingi hisob-kitob davrida isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi uchun navbatdagi toʻlov hujjatini yozishda hisobga olinadi.
56. Agar hisobga olish priborlari koʻrsatkichlaridagi chetga chiqishlar “Oʻzstandart” agentligi tomonidan belgilangan meʼyorlardan ortiq boʻlmasa ular yoʻl qoʻyilishi mumkin deb hisoblanadi va qayta hisob-kitobni talab qilmaydi.
57. Hisobga olish priborlarini tekshirish toʻgʻrisida ariza berilishi isteʼmolchini u isteʼmol qilgan issiqlik energiyasi uchun toʻlovni belgilangan muddatda toʻlashdan ozod qilmaydi.
58. Isteʼmolchi har oyda hisobga olish priborlari koʻrsatkichlarini yozib oladi va issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan muddatlarda isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi haqidagi hisobotni issiqlik taʼminoti korxonasiga taqdim etadi.
Isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi haqidagi hisobot isteʼmolchi tomonidan taqdim etilmasa issiqlik taʼminoti korxonasi hisob-kitobni shartnomadagi issiqlik yuklamasi boʻyicha amalga oshiradi. Amalda isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi miqdorining qayta hisob-kitobi, soz holatdagi hisobga olish priborining koʻrsatkichlari birgalikda yozib olinib, tegishli dalolatnoma tuzilgandan keyin bajariladi. Mazkur qayta hisob-kitob keyingi hisobot davri uchun hisob-kitobda eʼtiborga olinadi.
59. Asosiy isteʼmolchilar qayta sotiladigan issiqlik energiyasi uchun issiqlik taʼminoti korxonasi bilan ham, subisteʼmolchilar bilan ham isteʼmolchilarning subisteʼmolchilar tegishli boʻlgan guruhlari uchun belgilangan tariflar boʻyicha hisob-kitob qiladilar.
XI. Isteʼmolchilarga bugʻ holida beriladigan issiqlik energiyasi miqdorini aniqlash va hisob-kitob qilish tartibi
60. Isteʼmolchiga bugʻ holida berilayotgan issiqlik energiyasining miqdori (gigakaloriyalarda) bugʻning belgilangan parametrlarida bugʻ miqdorini uning tarkibidagi issiqlik miqdoriga koʻpaytmasi sifatida aniqlanadi.
Bunda mazkur issiqlik taʼminoti manbaidagi boshlangʻich (sovuq) suvdagi mavjud issiqlik miqdori hisobga olinadi.
61. Isteʼmolchi tomonidan bugʻ kondensati bilan qaytarilayotgan issiqlik energiyasining miqdori kondensat miqdorini, issiqlik taʼminoti manbaidagi boshlangʻich (sovuq) suvdagi issiqlikni hisobga olgan holda, kondensatning issiqlik miqdori va haroratiga koʻpaytmasi sifatida aniqlanadi.
62. Isteʼmol qilingan bugʻdagi issiqlik energiyasi uchun oʻzaro hisob-kitobni amalga oshirishda kondensat bilan qaytarilgan issiqlik energiyasi miqdori ayriladi.
XII. Isteʼmolchilarga issiq suv holida beriladigan issiqlik energiyasi miqdorini aniqlash va hisob-kitob qilish tartibi
63. Isteʼmolchiga issiq suv holida beriladigan issiqlik energiyasining miqdori suv miqdorini uning issiqlik sigʻimiga, beriluvchi va orqaga qaytuvchi tarmoq suvlarining harorati oʻrtasidagi tafovutga koʻpaytmasi sifatida aniqlanadi.
Ochiq suv olish tizimida isteʼmolchiga issiq suv holida yetkazib beriladigan issiqlik energiyasi miqdori suv miqdorini uning issiqlik sigʻimi hamda issiq (berilayotgan) va boshlangʻich suvlarning harorati oʻrtasidagi tafovutga koʻpaytmasi sifatida aniqlanadi, boshlangʻich suv harorati uchun oʻrtacha oylik harorat olinadi.
64. Issiq suv holidagi issiqlik energiyasidan foydalanishda isteʼmolchi orqaga qaytadigan tarmoqdagi suvni issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida koʻzda tutilgan miqdorda va shartnomaga ilova qilinadigan harorat jadvali boʻyicha uning qiymatidan ortiq boʻlmagan harorat bilan qaytarishi shart.
Isteʼmolchining issiqlik tarmogʻi uchun yetkazib beriladigan tarmoq suvining harorati issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan harorat jadvaliga muvofiq saqlab turiladi.
Issiqlik energiyasi yetkazib berishni tartibga solish, kun va tunning tashqi harorati oʻrtasidagi farq 8oS va undan ortiq boʻlsa sutkada 2-marta va ushbu farq 8oS dan kam boʻlsa — sutkada 1-marta amalga oshiriladi.
Tartibga solishda maishiy maqsadlarda va jamoat binolarini isitish tizimida foydalaniladigan suvning haroratini tungi vaqtda pasaytirish imkoniyati, shuningdek ishdan tashqari vaqtda uni sanoat korxonalariga yetkazib berilishini qisqartirish koʻzda tutilishi kerak.
65. Sirkulyatsion suv hajmining oshishi sababli orqaga qaytadigan tarmoq suvining oʻrtacha sutkalik harorati isteʼmolchi tomonidan jadvaldagiga qaraganda 3oS dan ortiq miqdorda oshirilgan taqdirda, issiqlik taʼminoti korxonasi tarmoqdagi suvning oʻrtacha sutkalik harorati (+) 3oS dan ortiq chetga chiqmasligiga rioya qilish sharti bilan isteʼmolchiga issiqlik energiyasi yetkazib berishni kamaytirishga yoki toʻliq toʻxtatishga yoxud berilgan issiqlik energiyasi uchun issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan isteʼmolchi uchun hisoblab chiqilgan va issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga ilova qilingan harorat jadvalida koʻzda tutilgan harorat pasayishi boʻyicha hisob-kitob qilishga haqlidir.
66. Isteʼmolchilarga issiq suv ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan 40o — 45oS haroratdagi issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar issiq suv uchun tarif boʻyicha 50 foizli chegirma bilan amalga oshiriladi.
67. Quyidagi hollarda tarmoq suvidagi issiqlik energiyasi yoʻqotishlari isteʼmolchilar tomonidan shartnomaviy narxlar boʻyicha toʻlanadi:
issiqlik tarmoqlarining gidravlik va haroratli sinovlari oʻtkazilishi bilan bogʻliq yoʻqotishlar oʻrnini toʻldirish;
isteʼmolchi tarmogʻini uning buyurtmanomasi boʻyicha toʻldirish, avariyali vaziyatlar ham shu jumlaga kiradi;
isteʼmolchidan qaytariladigan past sifatli (tarkibida temir, mexanik qorishmalar va boshqalar mavjud boʻlgan) orqaga qaytadigan tarmoq suvini sizdirish.
Issiqlik taʼminoti korxonasining aybi bilan yuz bergan tarmoq suvidagi issiqlik energiyasi yoʻqotishlari uchun isteʼmolchi tomonidan haq toʻlanmaydi.
XIII. Isteʼmolchilar tomonidan qaytariladigan bugʻ kondensati miqdorini aniqlash va hisob-kitob qilish tartibi
68. Isitish, shamollatish va issiq suv bilan taʼminlash uchun bugʻ holidagi issiqlik energiyasidan foydalanilganda isteʼmolchilar issiqlik taʼminoti korxonasiga isteʼmol qilingan bugʻning umumiy miqdoridan kamida 95 foiz kondensatni, texnologik maqsadlar uchun bugʻdan foydalanilganda esa — shartnomada kelishilgan miqdorda va sifat bilan qaytarishlari shart.
Kondensatning isteʼmol qilinadigan bugʻ miqdoriga nisbatan foizlarda qaytarish meʼyori va uning sifatini tomonlar issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasini tuzish vaqtida belgilaydilar.
Isteʼmolchi issiqlik manbaiga qaytarishi shart boʻlgan kondensat miqdori issiqlik isteʼmoli tizimlarining loyiha maʼlumotlariga, korxonaning bugʻ-kondensat balansiga muvofiq va bugʻ-kondensatni qaytarish boʻyicha erishilgan natijalarni hamda mavjud zaxiralarni hisobga olgan holda belgilanadi.
Issiqlik taʼminoti korxonasi isteʼmolchiga, unda texnik imkoniyat mavjud boʻlganda, bugʻ-kondensat qaytarishni koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni bajarishni tavsiya etishga, ularni bajarishning isteʼmolchi bilan kelishilgan muddatini belgilashga haqlidir. Belgilangan muddat tugagach isteʼmolchiga bugʻ-kondensatni qaytarish meʼyori taklif etilgan tadbirlarni hisobga olib va keyinchalik amaldagi issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritgan holda koʻpaytiriladi.
69. Isteʼmolchi tomonidan qaytariladigan bugʻ-kondensat issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida kelishilgan miqdorga va sifatga muvofiq boʻlishi kerak.
Isteʼmolchi tomonidan qaytariladigan bugʻ-kondensat miqdori va sifati issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligi boʻlinish chegarasida aniqlanadi.
Isteʼmolchi tomonidan qaytariladigan bugʻ-kondensatning sifati mazkur bugʻ manbaida issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan ishlatilayotgan qozonxonalardagi taʼminlash suvining meʼyorlariga muvofiq boʻlishi kerak.
70. Elektr stansiyasiga sifati shartnomadagi shartlarga muvofiq boʻlmagan bugʻ-kondensat topshirilganda issiqlik taʼminoti korxonasi qaytarilgan bugʻ-kondensat miqdoriga tuzatuvchi koeffitsiyent joriy etadi: kondensatdan bugʻlatgichlar, bugʻni qayta ishlovchilar yoki issiqlik tarmogʻini qoʻshimcha taʼminlash uchun foydalanilganda — 0,8, kondensat qoʻshimcha tozalash uchun qabul qilinganda esa — 0,5 koeffitsiyenti qoʻllanadi. Iflos kondensatdan foydalanishning texnik imkoniyati mavjud boʻlmaganda ushbu kondensat drenajga oqiziladi, bu holda isteʼmolchi bugʻ-kondensatni topshirmagan deb hisoblanadi. Qaytarilgan bugʻ-kondensatdagi issiqlik energiyasi miqdori ham issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan hisobga olingan bugʻ-kondensat miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Qaytarilayotgan bugʻ-kondensatning issiqlik-texnik parametrlari (miqdori, harorati, ifloslik darajasi) issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligi boʻlinish chegarasida kimyoviy tekshirish natijalari hamda hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanadi va ikki tomonlama dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
71. Kondensatni tozalash qimmatga tushadigan yoki uning qaytarilishi maqsadga muvofiq boʻlmagan hollarda ayrim isteʼmolchilar, “Oʻzdavenergonazorat” DI bilan kelishilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni taqdim etish va kondensatdan oʻz ehtiyojlari uchun toʻliq foydalanish sharti bilan issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan kondensatni qaytarishdan ozod qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Isteʼmolchining yaqin-atrofida issiqlik taʼminoti korxonasining suv bilan ishlaydigan issiqlik tarmoqlari oʻtgan taqdirda va buning uchun texnik imkoniyat mavjud boʻlganda isteʼmolchi isitish, shamollatish va issiq suv bilan taʼminlash yuklamasini bugʻdan issiq suvga oʻtkazishi shart.
72. Qaytariladigan bugʻ-kondensatning miqdori va sifati boʻyicha issiqlik taʼminoti korxonasi bilan isteʼmolchi oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda texnik ekspertiza oʻtkaziladi. Texnik ekspertiza isteʼmolchi tomonidan ikkala tomon vakillaridan, manfaatdor boʻlmagan tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda tashkil etiladi.
Agar texnik ekspertiza oʻtkazilgandan keyin tomonlar kelishuvga erishmasalar, u holda bugʻ-kondensatning miqdori va sifati boʻyicha yakuniy qaror “Oʻzdavenergonazorat” DI tomonidan qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
XIV. Issiqlik energiyasi uchun toʻlov hujjatlarini taqdim etish va ular boʻyicha haq toʻlash tartibi
73. Issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga muvofiq issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan yozib berilgan yoki isteʼmolchining oʻzi tomonidan yozilgan toʻlov hujjatlari boʻyicha amalga oshiriladi.
74. Toʻlov hujjatida issiqlik energiyasining miqdori yoki toʻlov qiymatini hisoblashda xatolar aniqlanganda, isteʼmolchi bu toʻgʻrida issiqlik taʼminoti korxonasiga ariza berishi shart.
Issiqlik taʼminoti korxonasi bu holda toʻlov hujjatidagi xatolarni tuzatadi. Isteʼmolchi tuzatish kiritilgan toʻlov hujjati boʻyicha haq toʻlaydi.
75. Toʻlov muddati oʻtkazib yuborilganligi uchun penya undirish huquqidan qatʼi nazar, issiqlik taʼminoti korxonasida, qarzni toʻlash toʻgʻrisida ogohlantirishdan keyin toʻlamaganligi uchun, isteʼmolchiga issiqlik energiyasi yetkazib berishni toʻxtatish huquqi saqlanib qoladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2005-yil 27-yanvardagi 32-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 1-son, 4-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2006-yil 24-fevraldagi 32-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 2-son, 15-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2007-yil 1-martdagi 43-son qaroriga ilovaning 8-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 2-3-son, 13-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2009-yil 4-fevraldagi 33-son qaroriga ilovaning 2-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 2-son, 9-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ruxsatnomalar olish tartibotlarini takomillashtirish va soddalashtirish toʻgʻrisida” 2009-yil 10-iyundagi 158-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 35-son, 382-modda; 2010-y., 20-son, 152-modda; 2011-y., 14-son, 139-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda; 2013-y., 45-son, 589-modda; 2015-y., 1-son, 9-modda; 2017-y., 9-son, 131-modda, 16.01.2018-y., 09/18/22/0568-son, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son; 04.06.2020-y., 09/20/348/0716-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 11.07.2024-y., 09/24/405/0495-son; 10.04.2025-y., 09/25/211/0323-son)