Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Import operatsiyalarini yanada tartibga solish va ularning oʻz vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, ushbu qarorning amal qilishi qaror kuchga kirgandan keyin tuziladigan kontraktlarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Ushbu qaror 2009-yil 1-sentabrdan boshlab kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 12-avgust,
230-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 12-avgustdagi 230-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 13-martdagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan Import operatsiyalari boʻyicha kontraktlarni hisobga olish va ularning bajarilishini nazorat qilish toʻgʻrisidagi Nizomda:
a) V boʻlimning nomi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tashqi savdo import operatsiyalarini nazorat qilish”;
b) 25-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“ 25. Pul mablagʻlari oʻtkazilgan sanadan boshlab 180 kalendar kun mobaynida tovarlarni respublikaga keltirish va erkin muomalaga chiqarish rejimiga rasmiylashtirish, import kontraktlari boʻyicha ishlar va xizmatlar koʻrsatishni bajarish yoki ular uchun toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarishning taʼminlanmaganligi toʻlov muddati oʻtgan debitorlik qarz hisoblanadi.
Agar pul mablagʻlari oʻtkazilgan sanadan boshlab 180 kalendar kun mobaynida import qiluvchi korxona tomonidan vakolatli bankka tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga keltirilganligi toʻgʻrisida bojxona xizmatlarining tegishli qaydlari yozilgan kartochka, bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha esa — bajarilgan ishlarning invoyslari, schyot-fakturalari, dalolatnomalari taqdim etilmasa, u holda vakolatli banklar koʻrsatib oʻtilgan muddat tugagandan keyin oʻn kun muddatda import qiluvchi korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joydagi davlat soliq inspeksiyasiga tegishli axborotni joʻnatadi”.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 283-sonli qaroriga asosan 2020-yil 16-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2020-y., 09/20/283/0587)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 32-33-son, 363-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2020-y., 09/20/283/0587, 11.08.2020-y., 09/20/472/1155-son)