Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
GIDROMEXANIZATSIYA ISHLARIDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 29-iyulda 1987-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Gidromexanizatsiya ishlarida mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiritiladi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 24-iyun,
33/B-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 24-iyundagi 33/B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Gidromexanizatsiya ishlarida mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) Qonuniga muvofiq gidromexanizatsiya ishlarini bajarishda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, barcha turdagi gidromexanizatsiya ishlarini bajaruvchi korxona, muassasa va tashkilotlarga taalluqlidir (bundan keyingi oʻrinlarda korxonalar deb yuritiladi).
2. Mazkur Qoidalar Qurilish meʼyorlari va qoidalari, sanitariya qoidalari va meʼyorlari, Davlat standartlarining tegishli normalari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Korxonalarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan organlar tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
4. Korxonalarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga muvofiq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
maʼmuriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni oʻz vaqtida, toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Korxonalarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarini oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
ishchi va xizmatchilar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
7. Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan korxonalarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasida mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozim joriy etiladi), 50 va undan ortiq transport vositalariga ega boʻlgan korxonalarda esa bundan tashqari yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Korxonalarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini tekshirish ishlarini tashkil etish
10. Korxonalarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari, bilimlarini tekshiruvdan oʻtkazishlari hamda qayta attestatsiyadan oʻtishlari lozim.
11. Bevosita ishlab chiqarishda ishlarni tashkillashtirish va bajarish bilan bogʻliq ishchilar, rahbarlar, muhandis-texnik xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Korxona maʼmuriyati barcha ishga kirayotganlar, shuningdek boshqa ishga oʻtkazilayotganlar uchun ishlarni bajarishning xavfsiz usullarini tashkil etishlari, mehnatni muhofaza qilish va baxtsiz hodisalarda jabrlanganlarga yordam koʻrsatish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berishlari shart.
13. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar — Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi va ishlovchilar hamda ish joylarini shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash korxona rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish
14. Korxona maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va vakolatli sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Korxonalarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Oʻzbekiston Respublikasida xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun — Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni maʼmuriyat ishga qoʻymaslikka haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Tibbiy koʻriklar korxonaning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmaganda esa, davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Korxona maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik korxonaning maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Xodimlarning sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlash taqiqlanadi.
4-§. Gidromexanizatsiya ishlarida xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining roʻyxati
21. Gidromexanizatsiya ishlarida quyidagi xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari mavjud:
ish zonasidagi yozgi paytdagi yuqori va qishki davrda past harorat;
ish zonasidagi havoning yuqori tezligi;
harakatlanuvchi mashina va mexanizmlar;
ishlab chiqarish jihozlarining harakatlanuvchi himoyalanmagan elementlari;
yuqori bosimli suv oqimlari;
pulpa oqimlari;
chuqur suv havzalari;
elektr zanjiridagi kuchlanishning xavfli darajasi, toʻsatdan hosil boʻladigan qisqa tutashuv;
ish oʻrnidagi yuqori shovqin va tebranish darajasi;
ish oʻrnining yaxshi yoritilmaganligi;
mehnatni ogʻirligi va zoʻriqishning hosil boʻlishi;
mehnatni bir maromda borishi.
22. Ish oʻrinlaridagi harorat, havo harakatining tezligi ish turi va yilning fasliga mos boʻlgan mikroiqlim meʼyorlariga toʻgʻri kelishi kerak.
5-§. Qoʻshimcha mehnat muhofazasi talablari qoʻyiladigan yuqori xavfga ega kasblar va ishlar
23. Gidromexanizatsiya ishlari va uskunalarga xizmat koʻrsatishdagi ishlarga qoʻyiladigan qoʻshimcha talablar ish oʻrinlaridagi mehnat sharoitlari boʻyicha oʻtkazilgan attestatsiya natijasi asosida aniqlanadi.
24. Korxonalarda yuqori xavfli sharoitlarda bajariluvchi ishlar, yaʼni yuk koʻtarish mexanizmlari va elektr qurilmalarda ishlash roʻyxati tuzilgan boʻlishi kerak.
25. Barcha ishchilar xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin texnika xavfsizligi boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini oʻzlashtirishlari shart.
26. Oʻrnatilgan tartib asosida javobgar shaxs tomonidan tasdiqlangan rasmiy ruxsat etilgan maxsus naryad-ruxsatnoma mavjud boʻlgandagina xavfli ishlarni bajarish amalga oshiriladi.
27. Xavfli ishlarni rejalashtirish, tashkil etish va ularning xavfsiz oʻtkazilishida ish beruvchi toʻliq javobgardir.
6-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
28. Ishlovchilarni zararli va xavfli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish tegishli standartlar va meʼyorlar talablariga mos jamoaviy va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
29. Jamoaviy himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, tebranma, elektr toki urishi, statik tok va uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
30. Jamoaviy himoya vositalari zararli va xavfli omillarni ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda qonun hujjatlariga muvofiq shaxsiy himoya vositalari qoʻllanishi lozim. Bunday hollarda shaxsiy himoya vositalarisiz kishilarning ishtiroki va ishlarning amalga oshirilishi taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Mehnat sharoiti noqulay ishlarda band boʻlgan xodimlar belgilangan normalar boʻyicha:
sut (shunga teng boshqa oziq-ovqat mahsulotlari);
davolash-profilaktika oziq-ovqati;
maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan bepul taʼminlanishi lozim.
32. Ishlovchilar shaxsiy himoya vositalarining qoʻllanilishi, himoya xususiyatlari, amal qilish muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlishi hamda ulardan foydalanishga oʻrgatilishi lozim.
33. Korxona maʼmuriyati yoki ish beruvchi quyidagilarni taʼminlashi shart:
amaldagi meʼyorlar boʻyicha mazkur ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan barcha shaxsiy himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasini;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishni;
qoʻllanilayotgan himoya vositalarining samaradorligi va sozligini tekshirishni;
shaxsiy himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni degazatsiya va dezinfeksiya qilishni (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
7-§. Kasbiy tanlov
34. Korxona oʻta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatda aniq texnologik jarayon, ishlab chiqarish uskunasi, ishlatiladigan xom ashyo va ishlarni amalga oshirish xususiyatlari bilan bogʻliq xavflar hisobga olinishi lozim. Roʻyxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, elektr uskunalarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar va amaldagi tarmoq roʻyxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
35. Oʻta xavfli ishlarga tegishli kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni qabul qilish man etiladi.
36. Oʻta xavfli ishlarga xizmat koʻrsatish ishlari bilan shugʻullanish faqat belgilangan tartibda tasdiqlangan, maxsus oʻqitilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarga ega boʻlgan shaxslarga ruxsat etilishi lozim.
37. Korxona mutaxassislari, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga, mehnatni muhofaza qilish talablariga mos darajada ishlarni tashkil etish qobiliyatiga ega boʻlishi lozim.
38. Korxona xodimlari ishlarni xavfsiz yuritishga oʻqitilib, olingan bilimlari Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga muvofiq sinovdan oʻtkazilishi va belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
39. Kasbiy tanlovdan soʻng ishga qabul qilingan xodimlarni kasbiy mahorati yuqori ekanligiga ishonch hosil qilish maqsadida nazorat oʻrnatish, zarur boʻlganda qayta yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazish lozim.
40. Qonun hujjatlariga muvofiq 18 yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoitidagi ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Korxona maʼmuriyati yoki ish beruvchi xavflilik darajasi yuqori boʻlgan ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va ularga nisbatan belgilangan talablarga muvofiq holda amalga oshirish uchun toʻliq javobgar hisoblanadi.
8-§. Ishchi-xodimlarning ishlab chiqarish jarayoniga qatnashishi
42. Ishga qabul qilingan ishchi-xodimlar ish joyida ishni boshlashdan oldin mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtishi lozim.
43. Alohida xavfi bor boʻlgan ish joylariga ishchi-xodimlar mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻqitilib, bilimlari sinovdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida hujjati boʻlmasa ishga qoʻyilmasligi kerak.
III. Ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Gidromexanizatsiya qurilmalariga xizmat koʻrsatish, langarlarni (yakorlarni) oʻrnatish va koʻchirish jarayonlari
44. Gidromonitorni koʻchirish boʻyicha ishlar, uni taʼmirlash, kallaklarini almashtirish, quvurlar birlashmasidagi birikmalarni mahkamlash, shuningdek gidromonitor ish fronti hududidagi barcha ishlar faqatgina nasos stansiyasi ish jarayoni toʻxtatilgandan soʻng amalga oshirilishi kerak.
45. Agar suv osti grunt konlariga (karyerlarga) ishlov berish jarayonlarida grunt yumshatgich qurilmasi kallagi gruntga koʻmilib qolsa, maxsus gruntni tozalovchi avariya holatida ishlovchi qurilmalardan yoki baʼzi sharoitlarda ish jarayoni xavfsizligini taʼminlovchi texnik vositalardan foydalanish kerak.
46. Langarlarni oʻrnatish va koʻchirish boʻyicha ishlarni bajarishdan oldin langarkoʻtargich qurilmalari sozligi (chigʻir, temir arqon, (tross) yoʻnaltiruvchi roliklar, kran balkalar), ishchi asboblar shayligi (boltalar, bolgʻalar, lom va boshqalar) tekshirilishi shart.
47. Yuk koʻtarish moslamalarida, ularning yuk koʻtarish qobiliyati va navbatdagi koʻrikdan oʻtish muddati aniq koʻrsatilishi lozim.
48. Langarni tuproqdan ajratilishi va uning taralish jarayonlari chigʻir barabanining sekin aylanish tezligida amalga oshiriladi.
49. Langarni koʻtarish va koʻchirish atrofdan boshqa transport kemalari oʻtayotganda taqiqlanadi.
50. Suv toʻlqini balandligi 0,5 m va undan yuqori boʻlganda, langarlarni koʻtarish va koʻchirish boʻyicha ishlar bajarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
51. Mahkamlangan langar biriktirilgan temir arqon (tros)da titrash jarayoni yuzaga kelsa, unga yaqin hududda ishchilar turishi taqiqlanadi.
2-§. Kranlar va yuk koʻtarish mexanizmlari bilan ishlash jarayonlaridagi xavfsizlik talablari
52. Mexanik uzatmali yuk koʻtarish mashinalarini boshqarish va ularga xizmat koʻrsatish uchun maʼmuriyat tomonidan kranchi-mashinistlar tayinlanadi, elektr uzatmali yuk koʻtarish mashinalaridan foydalanishda esa, mashinistdan tashqari elektromonter, elektrchilangarlar ham tayinlanishi lozim.
Yuqorida qayd qilingan shaxslar, ushbu kasblarga mos dasturlar boʻyicha oʻqitilishi, malakali mutaxassislar hayʼati tomonidan attestatsiyadan oʻtkazilishi va ularga guvohnomalar berilishi kerak.
53. Ish jarayoni boshlanishdan oldin, yuk koʻtarish mashinalari va yuk ushlagich moslamalarining hisobga olish jurnalida quyidagilar qayd qilinishi kerak:
qoʻl kuchi yordamida, pnevmatik yoki qoʻl mexanizmlarida koʻtariladigan barcha turdagi kranlar;
bir balkali koʻpriksimon, pult yordamida boshqariladigan harakatlanuvchi yoki buraladigan konsolli kranlar;
yuk koʻtarish qobiliyati 10 tonnagacha boʻlgan xartumli (strela) kranlar;
maxsus moʻljallangan kranlar va yuk koʻtargichlar (quvuryotqizgichlar va boshqalar).
54. Kranlarning yuk koʻtarish va koʻchirish boʻyicha bajaradigan ish jarayonining xavfsizligiga javobgar va yuk koʻtarish mashina-moslamalari sozligi boʻyicha javobgar shaxslar maʼmuriyat tomonidan muhandis texnik xodimlar tarkibidan buyruq asosida tayinlanadi.
55. Yukni koʻtarish, koʻchirish va tushirish jarayonlarida amaldagi standartga mos ravishda umumiy xavfsizlik talablariga rioya qilinishi kerak. Yukni odamlar ustidan koʻchirish, yuk ostidan yurish yoki uning ostida turish qatʼiyan man etiladi.
IV. Taʼmirlash ishlarini bajarishda xavfsizlik talablari
56. Taʼmirlash ishlarini oʻtkazishga tayyorgarlik mehnat muhofazasi va xavfsizligini taʼminlovchi barcha talablarni oʻz ichiga olgan taʼmirlash ishlari rejasini tuzishdan boshlanishi kerak.
57. Taʼmirlash ishlari rejasida oʻtkaziladigan ishlarning aniq muddatlari, ularni bajarilish xavfsizligi boʻyicha javobgar shaxslar belgilanishi kerak.
58. Taʼmirlash ishlari rejasi korxona, uchastka rahbarlari bilan kelishilgan boʻlishi lozim. Bunda asosan, bajariladigan ishlar tartibi va tarkibi, ishlarni xavfsiz amalga oshirish tadbirlari, muddatlari va ularga javobgar shaxslar koʻzda tutiladi.
59. Taʼmirlash brigadasi ishchilari talab darajasidagi miqdorda ish jarayoniga yaroqli boʻlgan moslamalar va himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishlari shart.
V. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
60. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 352-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 21.06.2023-y., 10/23/1987-1/0406-son; 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)