Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
TOʻLOV TERMINALLARI BILAN JIHOZLASh VA AHOLI BILAN PUL HISOB-KITOBLARINI AMALGA OShIRIShDA ULARNI QOʻLLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 27-iyulda 1986-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 10-martdagi 28/17-sonli va Davlat soliq qoʻmitasining 2021-yil 1-martdagi 2021-08-sonli ““Toʻlov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1986-4, 03.04.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) 7-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 232-modda) 7-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 23-maydagi 147-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 22-son, 258-modda) 2-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Toʻlov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2009-yil 20-iyun,
18/1-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 20-iyun,
2009-20-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Davlat soliq qoʻmitasining 2009-yil 20-iyundagi 18/1, 2009-20-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Toʻlov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 232-modda) qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 6-apreldagi PQ-1090-sonli “Tijorat banklari depozitlariga aholi va xoʻjalik subyektlari boʻsh pul mablagʻlarini jalb etishni yanada ragʻbatlantirish qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 15-son, 181-modda), 2006-yil 3-avgustdagi PQ-433-sonli “Plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitob tizimini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 31-32-son, 309-modda) qarorlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 23-maydagi 147-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 22-son, 258-modda), 2004-yil 24-sentabrdagi 445-sonli “Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 2004-y., 9-son, 94-modda) qarorlariga muvofiq savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini toʻlov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qoʻllash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bank plastik kartochkasi — uning egasiga bank hisobvaragʻi boʻyicha operatsiyalarni, shu jumladan hisobvaraq orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarni (toʻlovlarni) amalga oshirish va undan naqd pul mablagʻlarini olish imkonini beruvchi elektron toʻlov vositasi;
savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari — mulkchilik shakllaridan, sotuv hajmidan, inshootning oʻlchamidan va hokazolardan qatʼi nazar, tovarlar sotish va xizmatlar koʻrsatishga moʻljallangan (moslashtirilgan) joy yoki inshoot;
Keyingi tahrirga qarang.
slip — bank plastik kartochkasidan foydalangan holda operatsiya oʻtkazilganligini tasdiqlovchi va oʻzida operatsiya summasi, turi, sanasi, shuningdek bank plastik kartochkasini hamda ushbu slipni shakllantirgan terminalni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi axborotlarni aks ettiruvchi terminal kvitansiyasi;
toʻlov terminali — tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun toʻlovlarni bank plastik kartochkasi orqali naqd pulsiz hisob-kitob qilish imkoniyatini beruvchi va bajarilgan operatsiyalar boʻyicha sliplarni shakllantiruvchi qurilma.
II. Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini toʻlov terminallari bilan jihozlash tartibi
2. Quyidagi savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida toʻlov terminali majburiy oʻrnatilishi lozim:
aviatsiya va temir yoʻllar pattalarini sotish kassalari;
uy-joy kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar huzurida ochilgan aholidan toʻlovlarni qabul qilish shoxobchalari;
telefon, shu jumladan uyali aloqa telefonlari xizmatlari uchun toʻlovlarni qabul qilish shoxobchalari;
aholidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni qabul qilish shoxobchalari;
avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalari;
savdo zali maydoni 150 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan turgʻun savdo shoxobchalari;
restoranlar;
ish haqi toʻlash plastik kartochkalardan foydalanib amalga oshiriladigan korxonalar va muassasalardagi umumiy ovqatlanish obyektlari;
mehmonxonalar;
aloqa boʻlimlari.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Savdo va xizmat koʻrsatish obyekti rahbari oʻz savdo va xizmat koʻrsatish obyektiga oʻrnatish uchun toʻlov terminallarini ajratish boʻyicha yoki oʻzida mavjud boʻlgan toʻlov terminallariga dasturiy taʼminotni oʻrnatish (bank plastik kartochkalari boʻyicha toʻlovlarni amalga oshiruvchi tizimga ulanish) yuzasidan xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga yozma murojaat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Yozma murojaatlar ushbu Nizomning 2-bandida keltirilgan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari rahbarlari tomonidan tijorat banklarida talab qilib olinguncha asosiy depozit hisobvaragʻini ochgan kundan boshlab yoki toʻlov terminali majburiy oʻrnatilishi lozim boʻlgan holatlar vujudga kelgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida amalga oshirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Tijorat banklari toʻlov terminalini ajratish boʻyicha murojaatlar kelib tushgan kundan boshlab bir oy muddat ichida toʻlov terminallarini ajratadi.
Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining oʻzlarida mavjud boʻlgan toʻlov terminaliga dasturiy taʼminotni oʻrnatish yuzasidan qilingan murojaatlar bir hafta muddat ichida koʻrib chiqiladi va ularga tegishli dasturiy taʼminotlar oʻrnatiladi.
Toʻlov terminallari bilan jihozlangan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tijorat banklari tomonidan davlat soliq xizmati organlariga taqdim etib boriladi.
6. Tijorat banklari savdo va xizmat koʻrsatish obyektlariga toʻlov terminallarini ijaraga berishi yoki ularni sotib olish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kredit ajratishi yoxud ular bilan lizing shartnomasi tuzishi mumkin.
Aylanma mablagʻlar taqchilligiga duch kelayotgan chakana savdo va xizmatlar sohasi tashkilotlarining toʻlovlarni bank plastik kartochkalari orqali qabul qilish boʻyicha toʻlov terminallari sotib olishi uchun tijorat banklari oʻz mijozlarining soʻrovlari boʻyicha imtiyozli kreditlar (Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 50 foizi stavkasi boʻyicha) berish chora-tadbirlarini koʻrishi lozim.
III. Pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda toʻlov terminallaridan foydalanish tartibi
7. Toʻlov terminallari oʻrnatilgan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda toʻlovlarni qabul qilishlari shart.
8. Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining sotuvchi-xodimlari toʻlov terminallaridan foydalanish tartibini bilishi lozim. Savdo va xizmat koʻrsatish obyekti rahbari sotuvchi-xodimni toʻlov terminallaridan foydalanish tartibi bilan tanishtirishi shart.
9. Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlariga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki toʻlov terminallaridan foydalanish yuzasidan ularga tushuntirish beradi hamda savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari bilan toʻlov terminalidan foydalanish boʻyicha shartnoma (bitim) tuzadi.
10. Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari rahbarlari toʻlov terminallarining uzluksiz ishlashini taʼminlashlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Toʻlov terminali texnik yoki dasturiy nosoz holatga kelib qolganda, savdo va xizmat koʻrsatish obyekti rahbari bu haqda bir kundan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organiga va xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga yozma ravishda xabar berishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari rahbarlari oʻn kun muddat ichida toʻlov terminallarini soz holatga keltirish choralarini koʻrishlari lozim.
Xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki savdo va xizmat koʻrsatish obyektlaridan toʻlov terminallarini asossiz ravishda olib qoʻyishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Yakuniy qoidalar
11. Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining sotuvchi-xodimlari tomonidan toʻlov terminallaridan foydalanishni bilmaslik sababi bilan bank plastik kartochkalari orqali toʻlovlarni qabul qilmaslik holati savdo va xizmat koʻrsatish qoidalarining buzilishi deb hisoblanadi.
Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari sotuvchi-xodimlari (masʼul shaxslar) tomonidan toʻlov terminalining nosozligi bahona qilinib, bank plastik kartochkalari orqali toʻlovlar qabul qilinmasa, ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
12. Bank plastik kartochkalari orqali toʻlovlar amalga oshirilganda tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlari asossiz ravishda oshirilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
13. Mazkur Nizomning 2-bandida keltirilgan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari tomonidan toʻlov terminallari bilan jihozlash hamda ulardan foydalanish talablariga rioya etilmaganligi nazorat-kassa mashinalarini oʻrnatish hamda foydalanish tartibi, savdo va xizmat koʻrsatish qoidalarini buzishga tenglashtiriladi, shuningdek ular zimmasiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlik yuklanadi.
14. Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida bank plastik kartochkalari orqali toʻlovlarni qabul qilish boʻyicha toʻlov terminallarining mavjudligi va ulardan majburiy ravishda foydalanish ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
15. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 351-modda; 2010-y., 23-son, 190-modda; 2013-y., 14-son, 187-modda; 2015-y., 6-son, 76-modda)