OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
SIGIRLAR VA NASL BUQALARNI PARVARISH QILISHDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 1-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1977]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Sigirlar va nasl buqalarni parvarish qilishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 2-iyun,
24/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 2-iyundagi 24/B-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Sigirlar va nasl buqalarni parvarish qilishda mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq sigirlar va nasl buqalarni parvarish qilish bilan shugʻullanadigan xodimlar (bundan keyingi oʻrinlarda xodimlar deb yuritiladi) uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, sigirlar va nasl buqalarni (bundan keyingi oʻrinlarda mollar deb yuritiladi) parvarish qilish bilan shugʻullanadigan korxonalar, shu jumladan qishloq xoʻjaligi korxonalari (bundan keyingi oʻrinlarda korxonalar deb yuritiladi) tomonidan qoʻllanishi shart.
2. Mazkur Qoidalar hayvonlar gigiyenasi va veterinariya-sanitariya qoidalari, davlat standartlari normalari va boshqa tarmoq normativ hujjatlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Mollarni parvarish qilishda mehnatni muhofaza qilish xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati, bunga maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa, mehnat jamoalari va kasaba uyushmalari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish
4. Mollarni parvarish qilishda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi hamda quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
baxtsiz hodisalarning oʻz vaqtida va toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Korxonalarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriqlar berish, oʻqitish va ularning bilimlarini tekshirish ishlarini tashkil etish
6. Xodimlar oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari, bilimlarini tekshiruvdan oʻtkazishlari hamda kasbiy-texnik tayyorgarlikdan oʻtgan boʻlishlari shart.
7. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻqishlarini tashkil qilish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish “Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisida”gi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi, ishlovchilarni shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash korxona rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish
9. Korxona maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va vakolatli sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Korxonalarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 2000-yil 6-iyundagi 300-son “Oʻzbekiston Respublikasida xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Tibbiy koʻriklar korxonaning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Korxona maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik korxona maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
15. Xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlashga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy komissiyalar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda maʼmuriyat ushbu xodimni ishga qoʻyishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
4-§. Kasbiy tanlov
17. Korxonalarda kasbiga koʻra saralash oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
18. Agressiv, yomon xulqli va yuqumli kasallik bilan kasallangan mollarga (bundan keyingi oʻrinlarda xavfli boʻlgan ishlarni bajarishda deb yuritiladi) xizmat koʻrsatishda maxsus kurslarni tamomlagan shaxslarning ishlashiga ruxsat etiladi.
19. Barcha ishchilar xavfli boʻlgan ishlarni bajarishga kirishish oldidan bunday ishlarni xavfsiz amalga oshirishlari boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishlari, talablar bilan tanishishlari, ularni bajarishning xavfsiz usullarini oʻzlashtirib olgan boʻlishlari zarur.
20. Ish beruvchi xavfli boʻlgan ishlarning oldini olishni tashkil etishda va xavfsiz oʻtkazishda belgilangan tartibga amal qilishi uchun toʻla javobgardir.
21. Ish beruvchi kasbiy tanlovdan soʻng ishga qabul qilingan xodimlarni kasbiy mahorati yuqori ekanligiga ishonch hosil qilish maqsadida nazorat oʻrnatishi, zarur boʻlganda qayta yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazishi lozim.
5-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
22. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
23. Har bir korxona amaldagi tarmoqqa mos keladigan xavfi yuqori sharoitlarda bajariladigan ishlar roʻyxatini tuzib chiqishi zarur.
24. Mollarni parvarishlash jarayonida quyidagi xavfli va zararli omillar taʼsir qilishi mumkin:
harakatlanuvchi mashina va mexanizmlar, ishlab chiqarish uskunalari;
termik xavf (600 S dan yuqori suv, bugʻ va boshqalar);
yuqori yoki past harorat, havo haroratini ikki tomonlama (yelvizak) boʻlishi;
ishlash joyida yetarlicha yorugʻlik boʻlmasligi;
belgilangan meʼyordan ortiq yuk koʻtarish va tashish;
kimyoviy xavf (kimyoviy moddalar taʼsiri, yuvish uchun va dezinfeksiya qiluvchi moddalarni koʻzga, nafas organlariga va terining himoyalanmagan joylariga taʼsiri);
elektr tokidan shikastlanish;
biologik xavf (brutsellyoz, tuberkulyoz, leptospiroz, oqsil, kuydirgi va boshqa yuqumli kasalliklarga chalingan va jahldor mollar bilan aloqada boʻlish, tajriba oʻtkazish mobaynida mikroorganizmlarni yuqtirish).
25. Mollarni parvarishlash, kasalliklarning oldini olish va davolashda xavfli va zararli omillar inson organizmiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
26. Mollarni parvarishlashda insonlar va mollarga xos boʻlgan kasalliklar (tuberkulyoz, brutsellyoz, leptospiroz va boshqa yuqumli kasalliklar) bilan kasallangan shaxslarning ishlashlari taqiqlanadi.
27. Mollarni parvarishlashda teri kasalliklari bilan kasallangan, shilingan va mayda yaralari bor xodimlar faqat shifokor ruxsati bilan ishlashga ruxsat etiladi.
28. Agressiv va yomon xulqli mollar saqlanadigan molxona yoki bokslar tepasiga ogohlantiruvchi belgi qoʻyish shart. Bu belgi sariq rangli yozuv bilan yozilib, harflarning balandligi 35 mm, kengligi 16 mm va qalinligi 3 mm boʻlishi kerak.
29. Bogʻloqsiz (erkin) saqlanadigan mollarni parvarishlash jarayonida ularning harakatini cheklab qoʻyadigan asbob va uskunalardan foydalanish kerak.
6-§. Himoya qilish vositalarini qoʻllash
30. Ish beruvchi tomonidan xodimlarni zararli va xavfli omillar taʼsiridan himoya qilish uchun shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi shart.
31. Qoʻllaniladigan himoya vositalari vazifasiga koʻra, xavfsiz mehnat sharoitlarini, ishlab chiqarish muhitidagi zararli va xavfli omillar darajasini (havo muhiti va yorugʻlikni) meʼyoriy holatga keltirishi yoki mavjud ishlab chiqarish omillari taʼsiridan bevosita himoya qilishni tashkil etishni taʼminlashi kerak.
32. Xodimlarni maxsus kiyim, poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlash — namunaviy meʼyorlarga mos ravishda amalga oshiriladi.
33. Shaxsiy himoya vositalarini saqlash, berish va qabul qilish oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
34. Ish vaqtida himoya kiyimi tugmalari mahkam qadalgan, yeng manjetlari bilaklargacha zich qamrab olgan boʻlishi kerak.
35. Ehtiyot moslamalari qoʻllashni talab qiladigan ishlarni bajarishda meʼyorlarda nazarda tutilganidan qatʼi nazar, ishlovchilarga ehtiyot chorasi sifatida berilishi kerak.
36. Korxona maʼmuriyati:
a) barcha zarur himoya vositalarining mavjudligi, sozligi va belgilangan meʼyorlar talablariga muvofiqligini;
b) himoya vositalarini qoʻllashni (oʻrnatish, butlash va foydalanish)ni nazorat qilish;
v) himoya vositalarini taʼmirlash va sozlab turishni;
g) maxsus kiyimlarni vaqtida yuvish va tikib-chatish, changdan tozalashni;
d) zaharli va xavfli moddalar nisbatan koʻp ajralib chiqadigan sharoitlarda ishlovchilarning shaxsiy himoya vositalarini gaz va infeksiyadan tozalashni;
e) shaxsiy himoya moslamalari ishdan chiqishining oldini olishni (respirator filtrlarini almashtirish, alohida qismlar va hokazolarni almashtirishni) taʼminlashi kerak.
III. Mollarni parvarish qilishda xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
37. Mollarni parvarish qilish bilan bogʻliq ishlar quyidagilardan iborat:
mollarni parvarish qilish;
yuqumli kasalliklar bilan kasallangan mollarga (brutsellyoz, tuberkulyoz, kuydirgi va boshqalar) xizmat koʻrsatish;
mollarni transport vositalariga ortish va tushirish;
bosim ostida ishlaydigan texnikada xizmat koʻrsatish;
quduqlarda ishlash, suyuq goʻnglarni tozalash.
38. Sogʻish apparatlarida ishlash, sutga dastlabki ishlov beradigan va ozuqa sexi uskunalarida ishlashga elektr xavfsizligi malakasiga ega boʻlgan xodimlarga ruxsat etiladi.
39. Yangi qabul qilingan xodimlar 12 — 14 kun mobaynida rahbarlar (brigadirlar yoki boshqa rahbarlar) nazorati ostida boʻlib, keyin mustaqil ishlashga ruxsat beriladi.
40. Xodim oʻz vazifasini bajarishda boshqa kishining yordamiga muhtoj boʻlmasligi kerak.
41. Xodimlar mexanizmlar, mashina va uskunalar bilan ishlaganda, ularni ishga tushirish va toʻxtatishda, oʻrnatish va oʻlchov asboblarini nazorat qilishda hamda ishlab chiqarish signalizatsiyasidan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya qilishi zarur.
42. Xodimlar ish jarayonida nosoz texnika va asbob-uskunalardan foydalanmasligi kerak.
43. Xodimlar shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishi uchun quyidagilarga amal qilishi lozim:
ovqat yeyishdan oldin va ish tugagandan soʻng sanitar va maxsus kiyimlarni yechib ajratilgan joyga ilib qoʻyishi;
hojatxonaga borishdan oldin sanitar buyumlarni yechish va undan keyin qoʻlni yuvishi;
qoʻlni 0,2%-li xlorli ohak eritmasida chayib, sovun bilan issiq suvda yuvishi va shaxsiy sochiqda artishi.
44. Xodim oʻzini yomon his qilganda, harorati koʻtarilganda, terisi kesilganda va yiringli yoki boshqa teri kasalliklari paydo boʻlganda, korxona rahbarini xabardor qilishi kerak.
Korxona rahbari shifokor kelgunga qadar jarohatlangan kishilarga birinchi yordam koʻrsatilishini tashkil qilishi kerak.
2-§. Sigirlarni parvarishlashda xavfsizlik talablari
45. Xodimlar sigirlarni oziqlantirish, sugʻorish, sogʻish, goʻngni yigʻishtirish ishlarini bajarishda sigirlarni saqlashning kun tartibiga rioya qilishlari lozim.
46. Sigirlar turgan joyga “Ehtiyot boʻling! Sigir shoxlaydi” yoki “Ehtiyot boʻling, Sigir tepadi” deb yozilgan ogohlantiruvchi belgilar osilgan boʻlishi lozim.
47. Sigirlarga qoʻpol muomala qilmaslik kerak.
48. Sigirlarni oziqlantirish va sugʻorish ozuqa yoʻlagi orqali amalga oshirilishi va ularning turgan joyiga oʻtmaslik kerak.
49. Sigirlar turar joyiga ikki kishi boʻlib kirish, himoyachi (ikkinchi kishi) qoʻlida hayvonni qoʻrqitadigan jihoz boʻlishi shart (elektr qoʻrqitgich, tayoq).
50. Sigirlar yoʻq paytida yoki ular boʻlganda koʻchma chegara bilan ajratib qoʻyilgan holda ularning yotish joylari tozalanishi lozim.
51. Ochiq goʻng chiqarish jihozlari bilan ishlash paytida, sigirlarni tashqariga chiqarish va kiritish taqiqlanadi.
52. Birinchi bor tuqqan sigirlarni (gʻunajinlar) parvarishlash va sogʻishga oʻrgatishda qaysar sigirlardan ehtiyot boʻlish kerak.
53. Buzoqlarni ona sigirlar yonida oʻstirganda yuvvosh sigirlarni tanlab olish kerak.
54. Sigirlar tugʻish paytida ular tagi va goʻng ariqchalariga toʻshama solib, sirgʻanishi mumkin boʻlgan joylarni tuzatish kerak.
55. Sigirlarning boshi va oyogʻiga juda yaqin turmaslik kerak.
56. Sigirlar tugʻishiga yordam berish paytida arqonni qoʻlga oʻrab olmaslik kerak.
3-§. Naslli buqalarni parvarishlash, urugʻ olish va saqlashda xavfsizlik talablari
57. Naslli buqalarni (bundan keyingi oʻrinlarda buqa deb yuritiladi) parvarishlashda ehtiyotkorlik bilan ishlarni bajarish lozim.
58. Buqaning turar joyini (ikki tomonga tortiladigan boshvogʻi sozligini, zanjirning har bir halqasini butligini, burun halqasi va uni shoxga biriktirilganligini, yoʻnaltirish tayoqchasi sozligini va buqani saqlash uchun kerak boʻlgan barcha boshqa jihozlar sozligini) tekshirish va aniqlangan kamchiliklarni darhol bartaraf etish lozim.
59. Buqani yetaklash tayoqchasining uzunligi kamida 2 metr boʻlishi kerak.
60. Buqani nazorat qilish (uning joyiga kirmay) ozuqa yoki chiqarish yoʻlagi tomonidan amalga oshiriladi.
61. Buqa yuradigan yoʻlakcha va yashash maydoni quruq, toza va boshqa narsalardan holi boʻlishi kerak.
62. Buqadan urugʻ olishga yoki yayratishga olib boradigan yoʻlakda holi joylar va himoya toʻsiqlari boʻlishi kerak.
63. Agarda buqa bezovta boʻlsa, sababini aniqlab uni tinchlantirish kerak.
64. Buqani erkalab muomala qilish kerak, ammo harakatlar aniq va keskin boʻlishi lozim. Sekin, noaniq, ishonchsizlik harakatlari buqada odamga hamla qilish refleksini kuchaytiradi. Buqa bilan qoʻpol muomala qilish, kun tartibi va yayratish meʼyorining buzilishi unda qoʻrs feʼl va himoya refleksini rivojlantiradi.
65. Buqani barcha muolajalari sanitar kiyim-kechagida amalga oshirilib, keyin uni maxsus kiyim-kechakka almashtirib olish lozim. Buqani parvarish qiluvchi xodimlar ogʻriqli muolajalarda qatnashmasligi kerak.
66. Yangi xodimni ishga oʻrgatish urugʻ olish kuni amalga oshirilmasligi kerak. Urugʻ oluvchi 10 — 12 kundan keyin buqaga qarashi, mazali ozuqalar bilan buqani siylashi kerak.
67. Buqani tagini va oʻzini tozalash uchun kalta boshbogʻga oʻtkazib qoʻshimcha zanjir bilan ozuqa yoʻlak tomonga bogʻlash zarur.
68. Juda jahldor, feʼli buzuq buqalarga qarashda (bu toʻgʻrida ogohlantiruvchi belgilar osilgan boʻlishi kerak) uning koʻzi ustiga toʻsiq kiydirilib, shoxlarining uchiga yogʻoch taxtacha bogʻlab qoʻyish kerak.
69. Buqani binodan olib chiqishda barcha eshiklar berkitilishi, yoʻlakda ortiqcha narsalar boʻlmasligi hamda yoʻlda yoki yoʻlakda qarama-qarshi tomonga boshqa buqalar harakat qilmasligi lozim.
70. Buqa va sigirlarni tashqariga bir vaqtda chiqarmaslik kerak.
71. Buqani turar joyidan boʻyin halqasi bilan birlashtirilgan boshbogʻdan ushlab yetaklash tayoqchasi orqali burun halqasidan yengil tortgan holda tashqariga olib chiqiladi.
72. Yetaklovchi tayoqchasiz, burun halqasi orqali yetaklash va buqaning kallasiga yaqin joyda yurish taqiqlanadi.
73. Buqalarni maxsus maydonchalarda yayratish kerak.
74. Faqat feʼli yaxshi buqalarni guruhlab yayratishga ruxsat beriladi.
75. Yayratish tugagandan keyin buqa oʻz joyiga bogʻlanadi va ozuqa yoʻlagi tomonga ikkita boshvoq bilan bogʻlanadi, shundan keyin yoʻnaltirish tayoqchasi boʻshatiladi. Burun halqasi qayish orqali shoxiga biriktiriladi.
76. Buqa ishchi kiyimi rangiga qarab hujum qilsa, kiyimni almashtirish yoki buqani boshqa joyga oʻtkazish yoki qarovchini almashtirish kerak.
77. Buqalarda urugʻ maxsus jihozlangan xonalarda olinadi.
78. Urugʻ olishda osoyishtalik taʼminlanishi va begona shaxslar boʻlmasligi shart.
79. Manejga ikkitadan koʻp buqani kiritish taqiqlanadi.
80. Urugʻ olishga tayyorlanish paytida buqa tomonga egilish mumkin emas.
81. Manejdan buqani u toʻliq tinchlangandan keyin olib ketish zarur.
82. Urugʻlar muzlatilganda faqat soz Dyuar idishlari ishlatiladi. Dyuar idishi buzilsa, uni azot va urugʻdan boʻshatib, uch kun davomida yaxshi havo yuradigan, berk xonada saqlanadi.
83. Dyuar idishlari saqlanadigan joyda begona shaxslar turishi man etiladi.
84. Suyuq azot bilan ishlaganda yuz niqobi va koʻzni himoyalovchi vositadan foydalaniladi. Qoʻlqop katta boʻlib qoʻldan oson yechilishi, shim yoki kombinezon etik ustiga tushirilgan boʻlishi kerak.
85. Suyuq azot bilan yakka ishlashga ruxsat berilmaydi.
86. Dyuar idishi suyuq azot bilan ulov idishidan shlang yordamida toʻldirilish paytida, shlang idish tagiga tegib turishi kerak.
87. Dyuar idishini boshqa idishdan suyuq azot bilan toʻldirish keng voronka orqali amalga oshiriladi, chunki chetlariga toʻkilib ketmasligi kerak.
88. Dyuar idishiga suyuq azot quyish paytida uning ichida harorat tashqi haroratga teng boʻlsa, kam-kam, sekin quyiladi.
89. Dyuar idishini tez toʻldirish natijasida suyuqlik idishdan chiqib ketishi va oqibatda nafasni boʻgʻishi yoki kuydirishi mumkin.
90. Favqulodda suyuq azot toʻkilib ketsa, eshikni sekin ochish va xonadan odamlarni chiqarib, shamollatish kerak.
91. Dyuar idish ogʻzidan azot quyish paytida qarash taqiqlanadi. Uning toʻlganini uning ogʻzida azot sachrashidan bilish mumkin.
92. Dyuar idishi faqat maxsus qopqoq yordamida berkitiladi.
93. Dyuar idishlarini koʻchirish yoki tashishda ularni tushib ketishi yoki qattiq silkinishidan ehtiyot boʻlish lozim.
94. Dyuar idishidan foydalanishda quyidagilar man etiladi:
idish yaqiniga isitish asboblarini qoʻyish;
tayyorlovchi zavod sertifikatisiz azotni ishlatish;
Dyuar idishi 12-marta qayta toʻldirishdan keyin idishni sovuq useri bilan yuvmasdan ishlatish (idish ichida suyuqlik toʻliq toʻkiladi, idish yana suyuq azot bilan toʻldiriladi);
Dyuar idishidan boshqa suyuqliklar uchun idish sifatida foydalanish;
idish ichini organik kelib chiqishga ega eski latta bilan artish (faqat sunʼiy soch va parolondan tayyorlangan choʻtkalar yordamida yuvishga ruxsat etiladi).
4-§. Mollarni yaylovda boqishda xavfsizlik talablari
95. Yaylovda mollarni boqishdan oldin, yaylovni begona jismlardan (sim, tosh, tikanli butalar va hokazo) tozalash, chuqurlarni va eski quduqlarni koʻmish yoki oʻrab qoʻyish kerak.
96. Mollarni sugʻorish joylarini koʻzdan kechirish va tayyorlash lozim.
97. Suv berish idishi keng, biroz pastga qaratilgan boʻlishi, botqoqsiz, choʻkmaydigan va yorilishdan saqlangan boʻlishi kerak.
98. Mollarni yaylovda boqishda guruhlarni bir jinsli va bir yoshli qilib podaga ajratish lozim. Goʻsht yoʻnalishida boqiladigan mollar podalarida emizadigan sigirlar va sut ichirish davridagi buzoqlar boʻlishi mumkin.
99. Yaylovdagi umumiy podada naslli buqalarni boqish taqiqlanadi.
100. Yirik shoxli mollarni yozgi davrda yaylovda saqlaganda naslli buqalarni buqaxonada yoki molxonadagi alohida joyda bogʻlangan holda saqlash lozim.
101. Yozgi yaylovda naslli buqa uchun alohida joy yoki stanok ajratiladi. Bu joyda oxur va sugʻorish idishi boʻlishi kerak, buqa u yerda bogʻloq yoki bogʻloqsiz saqlanadi. Quyosh nurlaridan va yogʻingarchilikdan saqlanish uchun maxsus bostirma-shiypon tayyorlanadi.
102. Mollarni boqishda ularni boshqarish uchun charmdan yasalgan qamchidan foydalaniladi. Qamchi oʻrniga turli xil kesadigan, qadaladigan va oʻtkir narsalar, kalta tayoqlar, rezina shlang va boshqa asboblardan foydalanish mumkin emas.
103. Mollarni yaylovda boqish uchun kamida ikki kishi boʻlishi va oʻrgatilgan, tishlamaydigan otlardan foydalaniladi.
5-§. Ozuqalarni tarqatishda xavfsizlik talablari
104. Chorvachilik binolariga kirishda va undan chiqishda darvozani toʻliq ochilganligi va eshiklarni ochiq turishini taʼminlovchi moslamani (fiksator) ishchi holatga keltirilganligi nazorat qilinishi kerak.
105. Statsionar ozuqa tarqatgichni ishga tushirishdan oldin signal berib yoki yoritgich moslamasi orqali ogohlantirish berilishi lozim.
106. Statsionar ozuqa tarqatgichni ishga tushirishda unga belgilangan miqdordan ortiqcha ozuqa va yod narsalarni (yogʻoch, tosh, metall narsalarni) tushishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
107. Ochiq ozuqa transportyorlariga xizmat koʻrsatishda faqat maxsus jihozlangan koʻpriklar orqali transportyorning narigi tomoniga oʻtish mumkin.
108. Ozuqa tarqatgich transportyorning trosli-shaybali, aralashtirgich va qirgʻich qismiga ozuqa tiqilib qolsa transportyor oʻchirilib, yogʻoch yoki plastmassali moslama yordamida tozalanadi. Bunda transportyorni ishga tushirish pultiga “Yoqilmasin! Odam ishlayapti” degan ogohlantiruvchi belgi osib qoʻyilishi lozim.
109. Sepiluvchan ozuqani tarqatishda ish zonasini chang boʻlib ketishdan asrash uchun uskunani germetikligini va ventilyatsion qurilmaning ishlashini nazorat qilib borish kerak.
110. Ot-aravada ozuqani tarqatishda aravani toʻxtatib, yerga tushiladi soʻngra ozuqa tarqatiladi.
111. Qoʻl aravada ozuqani tashishda quyidagi ketma-ketlikka va xavfsizlik choralariga amal qilinadi:
aravaga yuk ortishda uni tekis joyga yaxshilab oʻrnatilishi;
yukni shunday ortish kerakki, qoʻl aravani harakatlantirganda u yonboshga agʻdarilib ketmasligi;
qoʻl aravasi oxurdan oʻtishda, eshikdan kirishda qoʻlni jarohatlamasligi kerak.
6-§. Mollarni sugʻorishda xavfsizlik talablari
112. Mollarni erkin suv ichirish uchun suv oxurlari mavjud boʻlishi kerak.
113. Suv oxurlaridan suv oqmaydigan, tuzatilgan holatda foydalaniladi.
114. Suv oxurlarini turli iflosliklardan tozalashda tozalagichlardan foydalaniladi.
115. Suv oxurlarni mollar yoʻq vaqtda suv bilan toʻldirib qoʻyish lozim.
116. Harakatlanadigan suv oxur, suv ichirish vaqtida toʻxtalishi lozim.
7-§. Sigirlarni sogʻish
117. Sigirlarni sogʻishdan oldin sogʻish apparatlarining sogʻishga yaroqligini va toʻgʻri yigʻilganligini tekshirib koʻrish kerak.
118. Sogʻish uskunalaridan foydalanishdan oldin uning yaroqliligi tekshirib koʻrilishi lozim.
119. Shisha naychalarida teshik va yorilgan joylari boʻlmasligi kerak.
120. Sigirlarni sogʻish tinch muhitda amalga oshirilishi lozim. Sigirlarga muloyim va ishonchli munosabatda boʻlish kerak.
121. Sigirlarni sogʻishdan oldin qoʻlni tirsakgacha albatta iliq suvda sovin bilan yuvish va toza shaxsiy sochiq bilan artish hamda maxsus sanitariya kiyimlarini (xalat, oq roʻmolcha va boshqa) kiyish lozim.
122. Sogʻish apparatini yaroqsiz holatga kelganlarini almashtirish lozim.
123. Vakuum darajasini va vakuum oʻtkazgichni tekshirib koʻrib, zarur hollarda ularni talab darajasiga keltirish kerak.
124. Sogʻish apparatini vakuum oʻtkazgichiga ulaganda sut chelagining qopqogʻi zich yopilganligiga ishonch hosil qilinishi kerak.
125. Pulsator faoliyatini ishlashi aniqlik bilan tekshirib koʻrilishi va uning ishlashi sogʻish apparatining texnik hujjatiga muvofiq boʻlishi lozim.
126. Sigirning yelini sogʻishdan oldin koʻz bilan koʻrib chiqilishi, yelin va soʻrgʻichlar iliq suv bilan artilishi va uqalash oʻtkazilishi lozim.
127. Yelinni sogʻishga tayyorlash sigirlarda ogʻriq hissini paydo qilmasligi kerak. Soʻrgʻichlarda yoriqlar kuzatilganda, ularga vazelin yoki antiseptik vositalar surkalishi lozim.
128. Yilning past haroratli sovuq kunlarida sogʻish stakanlari iliq suvda isitilishi kerak.
129. Sigir sogʻishni boshlashdan avval, sogʻish chelagi uning yon tomoniga qoʻyilishi va sogʻish apparati vakuum oʻtkazgichiga ulanganidan soʻng vakuum krani ochilishi lozim.
130. Sogʻish stakanlarini yelin soʻrgʻichlariga kiygizishda sigirning orqa oyoqlari va dumi bilan urishidan ehtiyot boʻlish lozim. Bunda notinch sigirlar boylangan joyning tepasida maxsus ogohlantiruvchi belgilar boʻlishi kerak.
131. Sut sut idishlariga maxsus aravachalarda tashilishi lozim. Agar ular qoʻlda tashiladigan boʻlsa, ikki kishi koʻtarishi talab etiladi.
132. Sigirlarni sogʻish jarayonida ozuqa tarqatish, goʻng chiqaruvchi transportyorni ishlatish man etiladi.
133. Sigirlarni mashinada sogʻishni amalga oshirishda asbob-uskunalarda nosozlik kuzatilsa, texnik xodimga murojaat qilish kerak.
134. Sogʻish uskunasining tipiga qarab sogʻish apparatlari, sut oʻtkazgich quvurlar, sut jihozlari ulardan foydalanish yoʻriqnomalari talablariga binoan yuvilishi lozim.
135. Sigirlarni qoʻl bilan sogʻishda ular oyogʻi, dumi va shoxi bilan shikast yetkazishi mumkinligini hisobga olish kerak.
136. Sigirlarni qoʻlda sogʻishda sogʻuvchilarning boʻyiga mos keladigan oʻtirgʻichlardan, sigirlarni oyoqlarini va dumini xavfsiz holatga keltiradigan moslamalardan foydalanish lozim.
137. Har bir sigir sogʻib boʻlingandan keyin qoʻl sovun bilan yoki dezinfeksiya eritmalari bilan yuvilishi lozim.
8-§. Yosh mollarni isitish va nurlatish
138. Buzoqlarni isitish va nurlatish lozim, yuqori dozada elektr tokidan foydalanish xizmat koʻrsatuvchi xodimni himoyalanmagan tana qismlarini kuyishiga olib keladi.
139. Uzoq muddatli ultrabinafsha lampalaridan foydalanilgandan keyin binolar shamollantirilib, azot va azot oksidi toʻplanishini oldi olinishi lozim.
140. Ultraqizil lampalar yerdan 1,6-1,7 m dan past boʻlmagan balandga oʻrnatilishi va yonuvchi ashyolardan 0,6 m dan yaqin boʻlmasligi lozim (yogʻoch toʻsiqlar va daraxt qipiqlari).
141. Nurlantiruvchi qurilmani balandligini meʼyorlash paytida elektr tarmogʻidan oʻchirilgan boʻlishi lozim.
142. Ultrabinafsha lampalari yoniq holatida binolarni, qurilma va seksiyalarni tozalash hamda ozuqa tarqatish man etiladi.
143. Binolardagi ultrabinafsha va infraqizil lampalari ishlash vaqtida bevosita ishtirok etishda V-1, V-2, V-3 yoritgich filtrli himoyalovchi koʻzoynaklar qoʻllanilishi hamda maxsus kiyimlarning barcha tugmalari qadalgan boʻlishi lozim.
144. Ultrabinafsha lampa darz ketishi natijasida oqqan simob soʻrib oluvchi rezina moslama orqali olinishi hamda lampa singan joyini 1% li marganets kaliy ishqori (MgCa) bilan yuvish lozim.
IV. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Oldingi tahrirga qarang.
145. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmagan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
146. Ishlarni bajarish bilan bogʻliq holda xodimlarning salomatligiga yetkazilgan zararlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
(145 va 146-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
V. Yakuniy qoida
147. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi bilan kelishilgan.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri S. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 22-aprel
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 27-son, 319-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 17.06.2023-y., 10/23/1977-1/0394-son; 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)