OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
AKTUAR XIZMATLARINI KOʻRSATISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 26-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1975]
“Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 68-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Aktuar xizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtgan kundan boshlab oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 7-aprel,
42-son
Moliya vazirining 2009-yil 7-apreldagi 42-sonli buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Aktuar xizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 68-modda) muvofiq aktuar xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Aktuar xizmatlari mustaqillik, xolislik, professional malakalilik va maxfiylik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
2. Mazkur Nizom maqsadlarida qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar:
aktuariy — aktuariy malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
Keyingi tahrirga qarang.
aktuar tashkilot — aktuar xizmatlarini koʻrsatuvchi va oʻz shtatida kamida bitta aktuariyga ega boʻlgan yuridik shaxs;
aktuar tekshiruvi — amalga oshirilayotgan sugʻurta va investitsiya operatsiyalarining xavflilik darajasini aniqlash, shuningdek sugʻurtalovchining moliyaviy holatini baholash maqsadida sugʻurtalovchining sugʻurta va moliyaviy faoliyati koʻrsatkichlarining tahlilini oʻz ichiga oluvchi aktuar xizmatlari majmuasi;
aktuar kuzatuvi — sugʻurta voqeasi yuz berishining matematik jihatdan ehtimolligi hisob-kitobini amalga oshirish, takroriylik va zarar yetkazilish oqibatlarining ogʻirlik darajasini aniqlash, sugʻurta zaxiralarini hisob-kitob qilish, sugʻurta jarayonini tashkil etish uchun zarur xarajatlar hajmini aniqlash, sugʻurta xizmatlari tannarxini hisob-kitob qilish, sugʻurtaning (qayta sugʻurta qilishning) har bir turi boʻyicha tarif stavkalarini belgilash, investitsiya faoliyati natijalarini baholash, daromadlarni sugʻurtaning (qayta sugʻurta qilishning) har xil turlari boʻyicha rejalashtirish va boshqa aktuar xizmatlarini koʻrsatishni oʻzi ichiga oluvchi aktuar xizmatlari majmuasi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Sugʻurtalovchilar yiliga bir marta — har bir moliya yili tugaganidan keyin olti oy davomida moliya yilidagi faoliyat yakunlari boʻyicha aktuar tashkilotni aktuar tekshiruvini amalga oshirish uchun jalb etishlari shart.
Aktuar tekshiruvini amalga oshirish natijalari boʻyicha aktuar tashkilot tomonidan aktuar hisoboti tuziladi va quyidagi savollar boʻyicha aktuar xulosasi chiqariladi:
amalga oshirilayotgan sugʻurta operatsiyalarining xavflilik darajasi;
amalga oshirilayotgan investitsiya operatsiyalarining xavflilik darajasi;
sugʻurtalovchining moliyaviy holati.
4. Aktuar tekshiruvi oʻtkazilayotganda aktuar xizmatlarini mustaqillik va xolislik prinsiplari asosida koʻrsatilishini taʼminlash uchun quyidagi shartlarga rioya etilishi lozim:
aktuar xizmatlarini koʻrsatish uchun aktuar tashkilotni jalb etayotgan sugʻurtalovchi ushbu aktuar tashkilotning mulkdori, muassisi (aksiyadori) boʻlmasligi lozim;
sugʻurtalovchiga aktuar xizmatlarini bevosita koʻrsatuvchi aktuariy ushbu sugʻurtalovchining xodimi boʻlmasligi yoki ushbu sugʻurtalovchining mulkdori, muassisi (aksiyadori), rahbari bilan yaqin qarindosh (ota-ona, er-xotin, aka-ukalar, opa-singillar va bolalar, shuningdek erning-xotinning ota-onasi, aka-ukalari va opa-singillari) boʻlmasligi lozim.
5. Aktuar tekshiruvi mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan shartlar buzilgan holda oʻtkazilganda, aktuar tekshiruvini amalga oshirish natijalari boʻyicha tuzilgan (chiqarilgan) aktuar hisoboti (aktuar xulosasi) haqiqiy emas deb hisoblanadi.
6. Aktuar tekshiruvini amalga oshirish shartnomasining tarafi tomonidan mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan holatlar boshqa tarafdan yashirilganda ushbu holatlarni yashirgan taraf boshqa tarafning shartnomani tuzish va ijro etish bilan bogʻliq barcha xarajatlarini qoplab beradi.
7. Aktuar tashkilot aynan bir sugʻurtalovchida ketma-ket uch yildan ortiq aktuar tekshiruvini amalga oshirishga haqli emas.
8. Aktuar kuzatuvi sugʻurtalovchining xohish-istagiga koʻra amalga oshiriladi.
Aktuar kuzatuvi oʻtkazilayotganda koʻrsatiladigan aktuar xizmatlarining turlari va hajmlari sugʻurtalovchi tomonidan belgilanadi.
Aktuar kuzatuvini oʻtkazish natijalari boʻyicha aktuar tashkilot tomonidan aktuar hisoboti tuziladi va aktuar xizmatlarini koʻrsatish shartnomasida nazarda tutilgan savollar boʻyicha aktuar xulosasi chiqariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Aktuar tashkilotning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Aktuar xizmatlarining mustaqillik va xolislik prinsiplari asosida koʻrsatilishiga toʻsqinlik qilish maqsadida aktuariy, aktuar tashkilot va uning xodimlariga har qanday shakldagi taʼsir oʻtkazish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka olib keladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Aktuar xizmatlarini koʻrsatish tartibi va shartlari
10. Aktuar xizmatlari sugʻurtalovchi va aktuar tashkilot oʻrtasida yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida va unga muvofiq koʻrsatiladi. Bunda aktuar tekshiruvini va aktuar kuzatuvini bitta shartnoma doirasida koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Aktuar xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi quyidagi muhim shartlarni nazarda tutishi lozim:
aktuar xizmatlarining turlari va hajmlari (shu jumladan, aktuar xulosasi chiqarilishi lozim boʻlgan savollar, shundaylar mavjud boʻlganda), shuningdek qiymati. Bunda aktuar xizmatlari har bir turining qiymati alohida koʻrsatiladi;
aktuar xizmatlarini koʻrsatish muddati;
oʻzaro hisob-kitoblar tartibi;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
taraflarning shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlikdagi javobgarligi;
nizolarni hal etish tartibi;
taraflarning rekvizitlari;
shartnoma tuzilgan sana va joy.
12. Aktuar xizmatlarini koʻrsatish shartnomasining taraflari quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:
a) sugʻurtalovchi quyidagi huquqlarga ega:
Keyingi tahrirga qarang.
aktuar tashkilotdan aktuar xizmatlarini bevosita koʻrsatadigan aktuariyning malaka sertifikatini tanishib chiqish uchun taqdim etishini talab etish;
aktuar xizmatlarini koʻrsatish natijalari boʻyicha aktuar hisoboti va aktuar xulosasini olish;
aktuar tashkilotdan aktuar xizmatlarini koʻrsatish davomida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha maslahatlar va tavsiyalar olish;
sugʻurtalovchi quyidagilarga majbur:
Keyingi tahrirga qarang.
aktuariyga aktuar xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan axborotni u talab qilayotgan tartibda va hajmda taqdim etish;
aktuariyga (aktuar tashkilotga) aktuar xizmatlarining mustaqillik va xolislik prinsiplari asosida koʻrsatilishiga toʻsqinlik qiluvchi holatlarning mavjudligi yoki vujudga kelganligi toʻgʻrisida xabar berish;
b) aktuar tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
aktuar hisob-kitoblarning usullarini mustaqil belgilash;
sugʻurtalovchidan aktuar xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan hujjatlardan foydalanish huquqini soʻrash, ogʻzaki va yozma tushuntirishlar hamda qoʻshimcha maʼlumotlarni olish;
Keyingi tahrirga qarang.
aktuar tashkilot quyidagilarga majbur:
aktuar xizmatlarining mustaqillik va xolislik tamoyillari asosida koʻrsatilishiga toʻsqinlik qiluvchi holatlar vujudga kelganda, aktuar xizmatlarini koʻrsatish imkoniyati yoʻqligi toʻgʻrisida sugʻurtalovchiga xabar berish;
Keyingi tahrirga qarang.
aktuar xizmatlarini koʻrsatish davomida olingan hujjatlarning saqlanishini taʼminlash;
sugʻurtalovchining talabiga koʻra bevosita aktuar xizmatlarini koʻrsatadigan aktuariyning malaka sertifikatini tanishib chiqish uchun taqdim etish;
Keyingi tahrirga qarang.
aktuar xizmatlarini koʻrsatish davomida sugʻurtalovchidan olingan maxfiy axborotni tarqatmaslik, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
Aktuar xizmatlarini koʻrsatish shartnomasining taraflari shartnoma shartlariga muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
13. Aktuar tashkilot aktuar xizmatlarini sifatli yoki lozim darajada bajarmaganligi natijasida sugʻurtalovchiga yetkazgan zarar uchun sugʻurtalovchi oldida javobgardir.
Sugʻurtalovchi tomonidan toʻliq boʻlmagan yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar taqdim etilishi oqibatida aktuar tashkilot aktuar xizmatlarini sifatli yoki lozim darajada bajarmaganligi natijasida sugʻurtalovchiga yetkazgan zarar uchun sugʻurtalovchi oldida javobgar boʻlmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Aktuar hisoboti
14. Aktuar hisoboti ikki nusxada tuziladi (sugʻurtalovchi va aktuar tashkilot uchun bittadan), aktuar xizmatlarini bevosita koʻrsatgan aktuariy tomonidan imzolanadi, aktuar tashkilotning rahbari tomonidan imzolanadi va ushbu tashkilotning muhri bilan tasdiqlanadi. Aktuar hisobotining varaqlari raqamlangan, tikilgan va aktuar tashkilotning muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Aktuar hisobotidagi maʼlumot maxfiydir.
16. Aktuar hisoboti sugʻurtalovchiga aktuar xizmatlarini koʻrsatish shartnomasida nazarda tutilgan aktuar xizmatlarini koʻrsatish muddati tugaganidan keyin 10 ish kuni davomida taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Aktuar hisobotida aktuar xizmatlarini koʻrsatishning borishi, aniqlangan xato va kamchiliklar toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar, shuningdek aktuar xizmatlarini koʻrsatish natijasida olingan boshqa maʼlumotlar aks ettiriladi.
18. Aktuar hisoboti quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
hisobotning nomi, tuzilgan sanasi va joyi;
kirish qismi;
tahliliy qismi;
yakuniy qismi.
19. Aktuar hisobotining kirish qismida aktuar tashkilotning (shu jumladan, bevosita aktuar xizmatlarini koʻrsatgan aktuariyning familiyasi, ismi, otasining ismi, malaka sertifikatining seriyasi, raqami va berilgan sanasi) va sugʻurtalovchining (shu jumladan, sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaning seriyasi, raqami va berilgan sanasi) rekvizitlari, shuningdek aktuar xizmatlarini koʻrsatishning asosi va sugʻurtalovchi faoliyatining umumiy tavsifi bayon etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Aktuar hisobotining kirish qismida quyidagilar bayon etiladi:
aktuar xizmatlarini koʻrsatishning borishi tavsifi va umumiy natijalari;
aktuar xizmatlarini koʻrsatish uchun sugʻurtalovchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning tavsifi;
Keyingi tahrirga qarang.
sugʻurtalovchi moliyaviy yil boshiga moliyaviy holatining bazaviy tavsifi, sugʻurtalovchi tomonidan oldingi aktuar xizmatlarini koʻrsatish natijasida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan choralar (aktuar tekshiruvi amalga oshirilganda);
moliyaviy yil davomida amalga oshirilgan sugʻurta operatsiyalarining tahlili, tavakkalchilik siyosatini, ushlab qolish siyosatini, zaxiralarni shakllantirish siyosatini, tarif siyosatini baholash, sugʻurtalovchi tomonidan majburiyatlarni bajara olmaslik ehtimolini olib borilayotgan sugʻurta operatsiyalarining tavakkalchilik oʻlchovi sifatida baholash (aktuar tekshiruvi amalga oshirilganda);
moliyaviy yil davomida amalga oshirilgan investitsiya operatsiyalarining, investitsiya portfelining diversifikatsiyasi, qaytarilishi, foydaliligi va likvidligining tahlili, umumiy investitsiya portfelida zaxiralarning (ajratilgan aktivlarning) holati (diversifikatsiya, qaytarilish, foydalilik va likvidlik talablariga muvofiq kelgan holda) (aktuar tekshiruvi amalga oshirilganda);
tahlil, baholash va hisob-kitobning boshqa turlari;
aktuar xizmatlarini koʻrsatish natijasida aniqlangan xato va kamchiliklar, shundaylar mavjud boʻlganda;
aktuariy ixtiyoriga koʻra boshqa axborot.
21. Aktuar hisobotining yakuniy qismida aktuariyning xulosalari, maslahatlari va takliflari bayon etiladi (shu jumladan, aktuar tekshiruvi amalga oshirilganda aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha, amalga oshirilayotgan sugʻurta va investitsiya operatsiyalarining samaradorligini oshirish, sugʻurtalovchining umumiy moliyaviy holatini yaxshilash boʻyicha maslahatlari va takliflari).
22. Aktuar hisoboti bir-birini istisno etuvchi, bir-biriga zid boʻlgan va yanglishtiruvchi faktlarni, maʼlumotlarni, xulosalarni va ularning har xil talqinlarini oʻz ichiga olmasligi lozim.
23. Bila turib yolgʻon aktuar hisobotlarini tuzish qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka olib keladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Aktuar xizmatlarini koʻrsatish davomida aktuariy tomonidan olingan sugʻurtalovchi hujjatlarining mazmuniga mos kelmaydigan aktuar hisoboti bila turib yolgʻon tuzilgan hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Aktuar hisobotlari 5 yil davomida saqlanadi.
IV. Aktuar xulosasi
25. Aktuar xulosasi ikki nusxada tuziladi (sugʻurtalovchi va aktuar tashkilot uchun bittadan), aktuar xizmatlarini bevosita koʻrsatgan aktuariy tomonidan imzolanadi, aktuar tashkilot rahbari tomonidan imzolanadi va ushbu tashkilotning muhri bilan tasdiqlanadi. Aktuar xulosasining varaqlari raqamlangan, tikilgan va aktuar tashkilotning muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Aktuar xulosasining tegishli nusxasi va aktuar tashkilot tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxasi aktuar tashkilot tomonidan tegishlicha sugʻurtalovchiga va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta nazorati davlat inspeksiyasiga (bundan buyon matnda Davsugʻurtanazorat deb yuritiladi) aktuar xizmatlarini koʻrsatish shartnomasida nazarda tutilgan aktuar xizmatlarini koʻrsatish muddati tugaganidan keyin 10 ish kuni davomida taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Aktuar xulosasini chiqarish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar sugʻurtalovchi tomonidan taqdim etilmaganligi oqibatida aktuar tekshiruvini amalga oshirish natijalari boʻyicha aktuar xulosasini chiqarish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, aktuar tashkilot eng qisqa, ammo aktuar xizmatlarini koʻrsatish shartnomasida nazarda tutilgan aktuar xizmatlarini koʻrsatish muddati tugaganidan keyin 3 ish kunidan kechiktirmasdan Davsugʻurtanazoratga aktuar xulosasini chiqarish imkoniyati boʻlmaganligining sabablarini koʻrsatgan holda yozma xabarnoma taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Aktuar xulosasida aktuar xizmatlarini koʻrsatish shartnomasida nazarda tutilgan savollar yuzasidan aktuariyning fikri aks ettiriladi.
29. Aktuar xulosasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
aktuar xulosasining nomi, chiqarilgan sanasi va joyi;
kirish qismi;
konstatatsiya qismi;
yakuniy qismi.
30. Aktuar xulosasining kirish qismida aktuar tashkilot (shuningdek, aktuar xizmatlarini bevosita koʻrsatgan aktuariyning familiyasi, ismi, otasining ismi, aktuariy malaka sertifikatining raqami va berilgan sanasi) va sugʻurtalovchining (shuningdek, sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya raqami, seriyasi va berilgan sanasi) rekvizitlari aks ettiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Aktuar xulosasining konstatatsiya qismida quyidagilar bayon etiladi:
aktuar xulosasi chiqarilayotgan savollar;
aktuariy fikrini tasdiqlovchi sugʻurtalovchi faoliyatining koʻrsatkichlari;
Keyingi tahrirga qarang.
aniqlangan xato va kamchiliklar va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar, shundaylar mavjud boʻlgan taqdirda.
32. Aktuar xulosasining yakuniy qismida koʻrilayotgan savollar boʻyicha aktuariyning fikri aniq koʻrsatilishi lozim.
33. Aktuar xulosasi bir-birini istisno etuvchi, bir-biriga zid boʻlgan va yanglishtiruvchi faktlarni, maʼlumotlarni, xulosalarni va ularning har xil talqinlarini oʻz ichiga olmasligi lozim.
34. Bila turib yolgʻon aktuar xulosalarini tuzish qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka olib keladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Aktuar xizmatlarini koʻrsatish davomida aktuariy tomonidan olingan sugʻurtalovchi hujjatlarining mazmuniga mos kelmaydigan aktuar xulosasi bila turib yolgʻon tuzilgan hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Aktuar xulosalari 5 yil davomida saqlanadi.
V. Yakuniy qoidalar
36. Aktuar xizmatlarini koʻrsatish shartnomasini tuzish va ijro etish jarayonida yuzaga keladigan barcha bahs va kelishmovchiliklar muzokaralar yoʻli bilan hal etilishi, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 26-son, 309-modda; 2012-y., 23-24-son, 270-modda; 2017-y., 22-son, 436-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.05.2020-y., 10/20/1975-3/0675-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 24.07.2023-y., 10/23/1975-4/0517-son; 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)