OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
OTLAR BILAN TASHISH VA BOSHQA ISHLARNI BAJARISHDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 25-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1973]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish Dasturi” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 2-iyun,
23/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 2-iyundagi 23/B-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarishda mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) Qonuniga muvofiq otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarish bilan shugʻullanadigan xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarish bilan shugʻullanadigan korxona va tashkilotlar (bundan keyingi oʻrinlarda korxonalar deb yuritiladi) tomonidan qoʻllanishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mazkur Qoidalar yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari, hayvonlar gigiyenasi normalari va veterinariya-sanitariya qoidalari, milliy standartlarning tegishli normalari, shuningdek belgilangan tartibda tasdiqlangan boshqa tarmoq normativ hujjatlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 12-iyundagi 34-2023/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1973-1, 16.06.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.06.2023-y., 10/23/1973-1/0392-son — 2023-yil 5-noyabrdan kuchga kiradi)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Korxonalarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunchilik hujjatlariga va mazkur Qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmalari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
4. Mazkur Qoidalarning bajarilishini nazorat qilish korxonaning xavfsizlik texnikasi boʻyicha xizmati (muhandisi) zimmasiga yuklatiladi.
II. Xavfsizlikning umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish
5. Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq ishlovchilar soni 50 va undan ortiqni tashkil qiluvchi korxonalarda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil qilinadi. Ishlovchilar soni 50 dan kam boʻlgan korxonalarda mehnatni muhofaza qilish funksiyalarini bajarish tashkilot rahbarlaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati vazifalariga korxonada mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi boʻyicha barcha ishlarni muvofiqlashtirish va ushbu ishlar oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra korxonaning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga boʻysunadi hamda korxonaning faoliyati tugatilgan taqdirda tugatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Korxonalarda otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarishda mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga muvofiq korxonalarda quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
baxtsiz hodisalarning oʻz vaqtida va toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi va boshqalar.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Korxonalarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini tekshirish ishlarini tashkil etish
10. Xodimlar oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari, bilimlarini tekshiruvdan oʻtkazishlari hamda kasbiy-texnik tayyorgarlikdan oʻtgan boʻlishlari shart.
11. Xodimlarni mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlardan oʻtkazish, oʻqitish va bilimlarini tekshirish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Korxona maʼmuriyati barcha ishga kirayotganlar, shuningdek boshqa ishga oʻtkazilayotgan xodimlar uchun ishlarni bajarishning xavfsiz usullarini tashkil etishlari hamda ularga mehnatni muhofaza qilish va baxtsiz hodisalarda jabrlanganlarga yordam koʻrsatish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berishlari shart.
13. Korxonalarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) nizomga muvofiq ishlab chiqiladi. Xodimlarni ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash korxona rahbariyatining zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Kasbiy tanlov
14. Korxonalarda kasbga koʻra tanlash oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassislar roʻyxati boʻlishi lozim.
15. Otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarish bilan shugʻullanadigan xodimlar tegishli kasbiy maʼlumotga va zarur ish tajribasiga hamda ushbu ishlarni bajarishda qoʻyilgan talablarga javob beradigan darajada ishlarni tashkil qilish qobiliyatiga ega boʻlishi lozim.
16. Xodimlar otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarishga kirishish oldidan bunday ishlarni amalga oshirish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar olishlari, oʻrnatilgan talablar bilan tanishishlari hamda ularni bajarishning xavfsiz usullarini oʻzlashtirib olgan boʻlishlari lozim.
17. Kasbiy tanlovdan soʻng ishga qabul qilingan xodimlarning kasbiy mahorati yuqori ekanligiga ishonch hosil qilish maqsadida nazorat oʻrnatish, zarur boʻlganda qayta yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazish lozim.
18. Homilador, emizikli ayollar va 18 yoshga toʻlmagan shaxslar tomonidan, otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarishga ruxsat etilmaydi.
4-§. Xodimlarning yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanishi
19. Xodimlar yakka tartibdagi himoya vositalari bilan korxona tomonidan bepul taʼminlanishi lozim.
20. Yakka tartibda himoya vositalaridan foydalanishda, xodimlar ularning qoʻllanilish usullari, himoya xususiyatlari va amal qilish muddatlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlarga ega boʻlishi hamda ulardan foydalanishga oʻrgatilishi lozim.
21. Korxona rahbariyati quyidagilarni taʼminlashi shart:
amaldagi meʼyorlar boʻyicha mazkur ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan barcha shaxsiy himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasini;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishni;
qoʻllanilayotgan himoya vositalarining samaradorligi va sozligini tekshirishni;
shaxsiy himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni degazatsiya va dezinfeksiya qilishni (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
22. Shaxsiy himoya vositalarini saqlash, berish va qabul qilish oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
23. Xodimlar otlarning harakatini cheklovchi asbob-uskunalardan foydalanishi shart.
5-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
24. Otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarishga belgilangan tartibda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtgan hamda tibbiy jihatdan sogʻlom boʻlgan shaxslar qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Korxona rahbariyati (yoki ish beruvchi) har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda ularning tibbiy koʻrikdan oʻtishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Korxona rahbariyati tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, hamda dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Davriy tibbiy koʻriklarni oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarning bajarilishi uchun javobgarlik korxona maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy komissiyalar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda, korxona maʼmuriyati ushbu xodimni ishga qoʻyishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
30. Korxonalarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 2000-yil 6-iyundagi 300-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Xavfli va zararli omillar va ulardan himoyalanish usullari
31. Har bir korxona, amaldagi tarmoqqa mos keladigan xavfi yuqori sharoitlarda bajariladigan ishlar roʻyxatini tuzib chiqishi zarur.
32. Otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarishda xavfli va zararli omillar inson organizmiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
33. Otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarishda xavfli va zararli omillarga quyidagilar kiradi:
a) asov va asabiy otlar;
b) nosoz ulov vositalari;
v) yoʻllarda xavfli past-balandliklar;
g) daryo va yoʻllardagi qalinligi 15 sm dan kam boʻlgan muzlar;
d) yoʻllarni temir yoʻl oʻtish joylari bilan kesishishi;
e) yuqumli kasalliklar bilan zararlanishlar.
34. Otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarishda insonlar va hayvonlarga xos kasalliklar (tuberkulyoz, brutsellyoz, leptospiroz va boshqalar) bilan kasallangan shaxslarning ishlashlari taqiqlanadi.
35. Otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarishda teri kasalliklari bilan kasallangan, shilingan va mayda yaralari bor xodimlar faqat shifokor ruxsati bilan ishga qoʻyiladi.
IV. Otlar bilan tashish va boshqa ishlarni bajarishda xavfsizlik talablari
36. Otlar saqlanadigan korxona hududidagi yoʻllar, yoʻlaklar va oʻtish joylari boʻsh, tekis va yetarlicha yoritilgan boʻlishi kerak. Qish vaqtida oʻtish joylari va yoʻlaklar qordan tozalanishi lozim.
37. Ozuqa yoʻlaklari har xil jihoz va materiallar bilan berkitilmasligi kerak.
38. Qish mavsumida muzlagan yoʻlaklarga qum, shlak va qirindi sepilishi lozim.
39. Korxona hududida transport va kishilarning harakatini boshqaruvchi yoʻl belgilari va koʻrsatkichlari boʻlishi kerak.
40. Korxona hududi tungi paytda talablarga mos holda yoritilishi lozim.
41. Ishchi otlar har bir otboqarga maxsus biriktiriladi.
42. Qishloq xoʻjalik moslamalari otga faqat soz holda qoʻshilishi lozim.
43. Ot arava va otga qoʻshib ishlatiladigan moslamalar har bir otga alohida boʻlishi kerak.
44. Qishloq xoʻjalik moslamalariga qoʻshilgan otlarni yolgʻiz qoldirish taqiqlanadi.
45. Ishga chiqishdan oldin brigadir va otboqar ishga taalluqli barcha inventarlarning sozligini tekshirish hamda gʻildiraklarning mahkamligiga alohida eʼtibor qaratishi kerak.
46. Ot-ulov vositalari va boshqa moslamalar har doim soz holda boʻlishi kerak.
47. Ot-ulov vositalari otboqarga otning orqa oyogʻi yetmaydigan holda, maxsus oʻrindiqlar bilan jihozlanishi kerak.
48. Hurkak va yagʻir otlarda koʻzpanasiz va yuganlanmagan holda yurishga ruxsat etilmaydi.
49. Tashish ishlari bilan band boʻlgan otlarning hamma tuyoqlari taqalangan boʻlishi kerak.
50. Avtotransport va boshqa transport vositalari tez harakatlanadigan yoʻllarda yoʻl harakati qoidalariga rioya qiladigan otboqar va yuvosh hamda oʻrgatilgan otlardan foydalaniladi.
51. Yuqori tepaliklardan pastga tushishda aravalar oraligʻida maʼlum masofa boʻlishi, ularda tormoz tizimi qoʻllanilishi talab etiladi va bunday paytda odamlar aravada boʻlishi taqiqlanadi.
52. Ot-ulovlarini karvon yoki guruhlab tuproq yoki qor yoʻllarda hamda biroz qiya yoʻllarda olib borishda 1,5 — 2 m, muz yoʻllarda 5 m oraliq masofa saqlanishi kerak.
53. Ot-ulovlar oraligʻi keskin pastliklarda pastlik uzunligicha boʻlishi kerak. Keskin pastliklarda albatta harakatni toʻxtatuvchi moslamani (tormoz) qoʻllash kerak. Bunday holatlarda ot ulovlarda odam boʻlishi taqiqlanadi.
54. Ot-ulovlarini daryo va koʻllarda muz qalinligi yetarli boʻlmaganda hamda bahor vaqtida muzlarda yoriq paydo boʻlganda va muz suv bilan qoplanganda olib yurish taqiqlanadi.
55. Pastqamlik, qumloq yoʻllarda, temir yoʻl oʻtish joylarida va boshqa xavfli joylarda otlarni boshqaruvsiz qoldirishga ruxsat etilmaydi.
56. Donali ogʻir, hamda katta hajmdagi yuklar aravaga zanjir, tros yoki arqon bilan yaxshilab bogʻlanib, maxsus ustuncha va ponalar bilan mahkamlanishi lozim.
57. Yosh otlarni yuk tashishga oʻrgatish malakali xodimlarga yuklatiladi.
58. Ot-ulovlarda xavfsiz harakatlanish uchun:
jilovni ikki qoʻllab ushlash va jilovni yerga osilib qolishiga yoʻl qoʻymaslik;
aravani harakatga keltirishda jilovni sekin silkitish bilan otlarni yurgizish;
aravani toʻxtatishda jilovni sekin tortish, kerak boʻlganda sal kuchliroq tortish, lekin keskin silkitmaslik;
aravani burishda jilovni qaytariladigan tomoni tortilishi, lekin qarama-qarshi tomoni qoʻyib yuborilmasligi kerak.
59. Aravakash oʻtiradigan joyda haydovchining oyogʻini tiraydigan qattiq asos boʻlishi kerak.
60. Ot aravada ozuqani tarqatishda aravani toʻxtatib yerga tushiladi, soʻngra ozuqa tarqatiladi.
61. Yaylovda otlar bilan ishlaganda oldin egarining mustahkamligi va toʻgʻri bogʻlanishi hamda uzangini mustahkamligi tekshiriladi. Uzangilar tortilgandan soʻng ayil uzunligi aniqlanadi. Egar ustida oʻtirganda oyoq kiyim uzangiga toʻgʻri kelishi lozim.
62. Egarlangan otni yuganidan tutib otxonadan chiqarish lozim. Otxonadan yoki boshqa yopiq imoratlardan chiqishda yoki u yerlarga kirishda otlarga minilmaydi.
63. Egar ustida oʻtirganda yuganni qoʻlga oʻrash, qoʻyib yuborish mumkin emas, otni toʻgʻri boshqarish kerak.
V. Mehnatni muhofaza qilish qoidalari buzilganligi uchun xodimlarning javobgarligi
Oldingi tahrirga qarang.
64. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmagan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
65. Ishlab chiqarish bilan bogʻliq holda xodimlarning salomatligiga yetkazilgan zararlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
(64 va 65-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VI. Yakuniy qoida
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi bilan kelishilgan.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri S. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2009-yil 20-aprel
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 20-aprel
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 20-aprel
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 20-aprel
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 26-son, 306-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 17.06.2023-y., 10/23/1973-1/0392-son; 12.08.2025-y., 10/25/3661/0720-son)