Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KIOTO PROTOKOLINING MUSAFFO RIVOJLANISH MEXANIZMI DOIRASIDA “OʻZTRANSGAZ” AKSIYADORLIK KOMPANIYASINING KOMPRESSOR STANSIYALARIDA TABIIY GAZ SIZIB CHIQISHINI KAMAYTIRISH” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Kioto Protokolining Musaffo rivojlanish mexanizmi doirasida “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasining kompressor stansiyalarida tabiiy gaz sizib chiqishini kamaytirish” loyihasini amalga oshirish natijasida jahon bozorida chiqindilar chiqarishning sertifikatlangan qisqartirishlarini sotishdan olingan ajratmalar hisobiga ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish va atrof muhitni muhofaza qilish loyihalarining moliyalashtirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMT TD) oʻrtasida 2007-yil 14-sentabrda Oʻzbekiston va BMT TD oʻrtasida Ming yillik taraqqiyot maqsadlari uglevodorod mexanizmiga nisbatan oʻzaro hamfikrlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolanganligi;
“Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi, Fortis Bank NV/SA (Belgiya) va Fortis Intertrust (Niderlandiya) kompaniyalari oʻrtasida 2008-yil 8-sentabrda Chiqindilar chiqarishning qisqartirishlarini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim imzolanganligi;
ushbu hujjatlar doirasida “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasining oʻz mablagʻlari hisobiga Yashil investitsiyalar sxemalarini qoʻllagan holda Kioto protokolining Musaffo rivojlanish mexanizmi boʻyicha “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasining kompressor stansiyalarida tabiiy gaz sizib chiqishini kamaytirish” loyihasini amalga oshirish nazarda tutilganligi;
Chiqindilar chiqarishning qisqartirishlarini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq sotiladigan chiqindilar chiqarishning sertifikatlangan qisqartirishlar birligining qiymati 1 tonnasi uchun kamida 10 yevroni tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. BMT Taraqqiyot dasturi Ming yillik taraqqiyot maqsadlari Karbon jamgʻarmasining Yashil investitsiyalar sxemasini amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi qoʻmita ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Muvofiqlashtiruvchi qoʻmitaga quyidagi asosiy funksiyalar yuklansin:
Oʻzbekiston Respublikasida Yashil investitsiyalar sxemasidan foydalanish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni belgilash;
Yashil investitsiyalar sxemasini qoʻllagan holda amalga oshiriladigan loyihalar uchun har yilgi aniq manzilli dasturlarni tasdiqlash;
Yashil investitsiyalar sxemasini qoʻllagan holda amalga oshiriladigan loyihalar monitoringini olib borish;
Yashil investitsiyalar sxemasini qoʻllagan holda loyihalarning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi choraklik, yillik va yakuniy hisobotlarni koʻrib chiqish va maʼqullash;
Vazirlar Mahkamasiga, BMT TD Ming yillik taraqqiyot maqsadlari Karbon jamgʻarmasiga va uning vakolatli banki (Fortis Bank NV/SA)ga Yashil investitsiyalar sxemasi boʻyicha loyihalarning amalga oshirilishi toʻgʻrisida har yilgi hisobotni taqdim etish;
Yashil investitsiyalar sxemasini qoʻllagan holda amalga oshiriladigan loyihalar doirasida chiqindilar chiqarishning sertifikatlangan qisqartirishlarini sotishdan tushadigan mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus hisob raqamida jamlanishi yuzasidan monitoring olib borish.
Orolboʻyi genofondini muhofaza qilish xayriya jamoatchilik jamgʻarmasining unga Muvofiqlashtiruvchi qoʻmita kotibiyati funksiyalarini yuklash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yilgi va keyingi yillar uchun Investitsiya dasturiga “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasining kompressor stansiyalarida tabiiy gaz sizib chiqishini kamaytirish” loyihasi kiritilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi hukumati nomidan BMT TD bilan Yashil investitsiyalar sxemasini amalga oshirish bitimini imzolash vakolati berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi uch oy muddatda, BMT TD bilan kelishuv boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida Yashil investitsiyalar sxemasini qoʻllagan holda loyihalarni amalga oshirish tartibi va tartibotlari toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsinlar hamda Yashil investitsiyalar sxemasini amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi qoʻmitaga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 23-iyun,
175-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 23-iyundagi 175-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
BMT TD Ming yillik taraqqiyot maqsadlari Karbon jamgʻarmasining Yashil investitsiyalar sxemasini amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi qoʻmita
tarkibi
| | | |
| Saidova G.K. | — | Iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari, Muvofiqlashtiruvchi qoʻmita rahbari |
| Asqarov M.A. | — | Iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari yigʻma axborot-tahlil departamenti mudirining oʻrinbosari, Muvofiqlashtiruvchi qoʻmita rahbarining oʻrinbosari |
| Qoʻchqorov J.A. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| Toʻlaganov Sh.A. | — | Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining oʻrinbosari |
| Chub V.E. | — | Gidrometeorologiya xizmati markazining boshligʻi |
| Xabirov R.S. | — | Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi |
| Zaripov B.K. | — | Markaziy bank raisining oʻrinbosari |
| kelishuv boʻyicha | — | BMT TDning Oʻzbekistondagi vakili |
| Abduraxmanov U.D. | — | Orolboʻyi genofondini muhofaza qilish xayriya jamoatchilik jamgʻarmasining ijro etuvchi direktori, Muvofiqlashtiruvchi qoʻmita kotibi |
Izoh. Muvofiqlashtiruvchi qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda ularning lavozimiga yangidan tayinlangan yoxud tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar qoʻmita tarkibiga kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 26-son, 298-modda, 52-son, 574-modda; 2012-y., 8-9-son, 82-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2018-y., 09/18/107/0697-son, 25.08.2018-y., 09/18/680/1791-son)