Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
CHOY ISHLAB CHIQARISH XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 14-mayda 1957-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son qarori bilan tasdiqlangan “Mehnatni muhofaza qilishga doir qoida va normalarni qayta koʻrib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish dasturi” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Choy ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 17-aprel,
13-4/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 17-apreldagi 13-4/B-sonli buyrugʻi bilan TASDIQLANGAN
Choy ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq choy ishlab chiqarish korxonalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha turdagi choy ishlab chiqarish korxonalariga (bundan keyingi oʻrinlarda korxonalar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Ushbu Qoidalar qurilish meʼyorlari va qoidalari, sanitariya normalari va qoidalari, Davlat standartlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Mazkur Qoidalarning bajarilishini nazorat qilish korxonaning xavfsizlik texnikasi boʻyicha xizmati (muhandisi) zimmasiga yuklatiladi.
4. Choy ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat nazorati qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Korxonalarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish “Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisida”gi Namunaviy nizomga (1996-yil 14-avgust, roʻyxat raqami 273) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil qilish toʻgʻrisida”gi Namunaviy nizomga muvofiq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
maʼmuriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni oʻz vaqtida, toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq ishlovchilar soni 50 va undan ortiqni tashkil qiluvchi korxonalarda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan shaxslar orasida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil qilinadi. Ishlovchilar soni 50 dan kam boʻlgan korxonalarda mehnatni muhofaza qilish funksiyalarini bajarish korxona rahbarlaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati vazifalariga korxonada mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi boʻyicha barcha ishlarni muvofiqlashtirish va ushbu ishlar oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Korxonalarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarini oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
ishchi va xizmatchilar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra korxonaning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga boʻysunadi hamda korxonaning faoliyati tugatilgan taqdirda tugatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Korxonalarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish
11. Korxonalarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, yoʻl-yoʻriqlar olishlari lozim.
12. Bevosita ishlab chiqarishda ishlarni tashkillashtirish va bajarish bilan bogʻliq ishchilar, rahbarlar, muhandis-texnik xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish “Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisida”gi Namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
13. Korxonalarda zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsirini kamaytirish yoki ularni bartaraf etish uchun jamoa va yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanilishi lozim.
14. Jamoaviy himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlik oʻrinlari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, elektr toki urishi, statik elektr, uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
15. Choy ishlab chiqarish korxonalarining xodimlari belgilangan meʼyorlarda yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
16. Yakka tartibdagi himoya vositalari quyidagi turlarga boʻlinadi:
maxsus kiyim-kechak;
maxsus poyabzal;
maxsus bosh kiyim;
nafas aʼzolarining himoya vositalari;
qoʻlni himoyalash vositalari;
bosh uchun himoya vositalari;
yuzni himoyalash vositalari;
eshitish aʼzolarini himoya qilish vositalari;
koʻzni himoya qilish vositalari.
17. Korxona maʼmuriyati xodimlarni belgilangan meʼyorlarga muvofiq, kerakli yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlashi, ulardan foydalanish muddatlariga hamda saqlash, yuvish, tozalash va taʼmirlash boʻyicha zaruriy shartlariga rioya qilinishini taʼminlagan holda yakka tartibdagi himoya vositalarini berish hisobini yuritishi shart.
4-§. Kasbiy tanlov
18. Korxonalarda kasbiga koʻra tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
19. Korxona mutaxassislari, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi lozim.
20. Bosim ostida ishlovchi uskunalar va xavfi yuqori boʻlgan boshqa ishlarda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtgan va tegishli guvohnomaga ega boʻlishi shart.
21. Xavfli ishlarga tegishli kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni qabul qilish man etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Oʻn sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qoʻllanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari roʻyxatiga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 355-modda) muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010-yil 27-oktabrdagi 179-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1957-1, 06.11.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 405-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
23. “Ayollar mehnatidan foydalanish qisman yoki toʻliq taqiqlangan noqulay mehnat sharoitiga ega ishlar roʻyxati”ga (2000-yil 5-yanvar, roʻyxat raqami 865) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega boʻlgan ishlarga qabul qilinmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
24. Korxona maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Korxonalarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Oʻzbekiston Respublikasida xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (2000-yil 23-iyun, roʻyxat raqami 937) asosida amalga oshirilishi lozim.
Xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlashga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Tibbiy koʻriklar korxonaning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud boʻlmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkazilishi lozim. Tibbiy koʻriklar davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
Korxona maʼmuriyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tibbiy koʻrik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada koʻzda tutilgan barcha tadbirlar va koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va tavsiyalarning bajarilishi uchun javobgarlik korxonaning maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy komissiyalar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda, korxona maʼmuriyati ushbu xodimni ishga qoʻyishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
6-§. Sanitariya va gigiyena talablari
29. Korxonalarning ishlab chiqarish xonalari quyidagi sanitariya qoidalariga muvofiq saqlanishi lozim:
ish zonasida havodagi zararli moddalarning miqdori GOST 12.1.005-2000 SSBT “Ish zonasidagi havo. Umumiy sanitariya-gigiyena talablari”ga binoan ruxsat etilgan eng koʻp toʻyinganlik darajasidan oshmasligi;
ishlab chiqarish xonalarida ruxsat etilgan harorat, nisbiy namlik va havoning harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning ogʻirlik darajasiga koʻra toifasi, yil mavsumi hisobga olingan holda belgilanishi;
ishlab chiqarish xonalarida shovqin va tebranma darajasi GOST 12.1.003-89 SSBT “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.1.012-90 SSBT “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari” talablarida belgilangan miqdordan oshmasligi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy xonalarning, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorugʻligi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yorugʻlik. Loyihalashtirish meʼyorlari”ga javob berishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorugʻlik kuchini taʼminlashi;
Keyingi tahrirga qarang.
xonalarda yoritish asboblari chang toʻplanishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega va singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq boʻlishi;
elektr tokining odamga taʼsir etishini oldini olish boʻyicha xavfsizlik talablari GOST 12.1.019-86 SSBT “Elektr xavfsizlik. Umumiy talablar”ga javob berishi;
statik elektrdan himoya qilish tadbirlari GOST 12.1.18-93 SSBT “Statik elektr. Uchqun xavfsizligi. Umumiy talablar”ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
7-§. Maishiy xonalarga qoʻyiladigan talablar
30. Korxonalarda “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy xonalari” QMQ 2.09.12-98 talablari va mazkur Qoidalarga muvofiq sanitariya-maishiy va qoʻshimcha xonalar qurilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Maishiy va qoʻshimcha binolarni loyihalash hamda qurish ularni ishlab chiqarish obyektlari bilan bir paytda ishga tushirish zarurligini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
31. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning oʻlchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qoʻl yuvgichlari, isteʼmol suv taʼminoti qurilmalari, hojatxonalar va shu kabi qurilmalarning soni, smenadagi eng koʻp xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi lozim.
32. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
33. Yuvinish xonalarida elektr quritgichlar, koʻzgu, kiyim ilgichlar, sovun uchun idishlar, shuningdek eng koʻp xodimlar ishlovchi smenada 40 kishiga bitta qurilma hisobidan kelib chiqqan holda qoʻlni xlorli eritmada yuvish moslamasi koʻzda tutilishi lozim.
34. Garderoblar koʻcha va ish kiyimlarini saqlash uchun moʻljallangan boʻlishi lozim.
8-§. Korxonalarning ishlab chiqarish binolari va xonalariga qoʻyiladigan talablar
35. Choy ishlab chiqarish korxonasi choy sifatiga salbiy taʼsir etuvchi ishlab chiqarishlardan uzoq boʻlgan masofada joylashgan boʻlishi lozim.
36. Choy ishlab chiqarish korxonalarining binolarini qurish, qayta qurish va taʼmirlash ishlari QMQ 3.01.02-00 “Qurilishda xavfsizlik texnikasi” qoidalariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Ishlab chiqarish binolarini changish, ifloslanish darajasi imkon qadar kamaytirilgan hamda ularga hashorat va hayvonlar tushishini istisno etgan holda loyihalashtirish va qurish lozim.
38. Korxonaning barcha hududi toza saqlanishi lozim. Atmosfera yogʻinlarini chiqarib yuborish uchun moʻljallangan oqova suv tarnovlari tasdiqlangan jadvalga muvofiq muntazam ravishda tozalanishi va taʼmirlanishi lozim. Yoʻllar, oʻtish yoʻllari va binolar, qurilmalar hamda inshootlar orasidagi hududlardan materiallarni saqlash uchun foydalanish, ularga uskunalar yoki ishlab chiqarish chiqindilarini taxlab qoʻyish man etiladi.
39. “Bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi” SHMQ 2.01.02-04 qoidalariga muvofiq korxona hududida chekishga faqat maxsus ajratilgan joylarda ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Ishlab chiqarish xonalari va omborxonalar belgilangan qoida va meʼyorlarga asosan avtomatik yongʻin oʻchirish va xabar berish qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
41. Ishlab chiqarish xonalarida havo oqimini boshqaruvchi uskunalar va harorat, namlik, tozalanish samaradorligi va filtrlarda bosim oʻzgarishini oʻlchash moslamalari bilan jihozlangan havo tortish ventilyatsiya tizimi mavjud boʻlishi lozim.
42. Kirish, chiqish, yoʻlaklar, tamburlar, zinapoyalar har xil jism va uskunalar bilan band qilinmasligi, chiqish eshiklari binodan chiqish yoʻnalishi boʻyicha ochilishi lozim.
43. Ishlab chiqarish xonalarida ventilyatsiya qurilmalari oʻrnatilgan boʻlishidan qatʼi nazar, shamollatish moslamalari koʻzda tutilishi zarur.
44. Ishlab chiqarish xonalaridagi pollar teshiklarsiz, tekis boʻlishi va qurilish meʼyorlarida koʻrsatilgan materiallardan tayyorlanishi lozim.
45. Ishlab chiqarish xonalari sanitariya-gigiyenik talablariga mos holda silliq, oson va tez tozalanadigan keramik plitalar bilan 1,8 metr balandlikkacha qoplanishi lozim.
46. Ishlab chiqarish xonalari va uskunalarini boʻyash sanoat korxonalari ishlab chiqarish binolarining interyerlariga rangli bezak berishni loyihalashga doir koʻrsatmalarga, “Texnologik uskunalar va texnologik quvurlar” QMQ 3.05.05-98 va “Signal ranglari va xavfsizlik belgilari” GOST 12.4.026-76 talablariga muvofiq bajarilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
9-§. Omborxonalar, yarim fabrikatlar, tayyor mahsulotlar va xom ashyoni saqlashga doir talablar
47. Yangi korxonalarni loyihalash va qurishda hamda eskilarini rekonstruksiya qilishda omborxonalar QMQ 2.09.12-98 “Ombor binolari” qurilish meʼyorlari va qoidalari talablariga javob berishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
48. Omborlar, ayvonlar, estakadalar va ochiq ombor maydonchalari yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga javob berishi lozim.
Spirt, mazut, benzin va boshqa portlovchi yonilgʻi moddalar saqlash uchun xonalar va maydonchalar qurilish meʼyorlari va qoidalari talablariga javob berishi shart.
49. Gaz bilan toʻldirilgan ballonlarni saqlash omborida “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning jihozlanishi va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalari”ning talablari eʼtiborga olingan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
50. Omborlarda kishilar oʻtishi uchun moʻljallangan eshiklarning eni va boʻyi 2 metrdan kam boʻlmasligi lozim.
Omborlarda sex transporti (shtabel taxlagichlar, elektr yuk ortgichlar, elektr mashinalar va boshqalar) harakatlanadigan yoʻlaklarning eni yuk ortilgan transport vositalarining oʻlchami hisobga olingan holda qoʻshimcha bir tomonlama harakatlanishda 0,8 metr, ikki tomonlama harakatlanishda devordan kolonnagacha har ikki tomondan 1 metr masofa boʻlishi lozim.
51. Qoplardagi va qogʻoz paketlardagi (qutilar) xom ashyo va tayyor mahsulotlar taxlanish balandligi belgilangan balandlikdan ortiq boʻlmasligi lozim.
52. Omborxona binolari va inshootlarini joylashtirishda uchastkalarda ularga avtomobil transportining kelishi koʻzda tutilishi lozim.
10-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish boʻyicha talablar
53. Oqova suvlarini hosil qilish va suv havzalariga tushirish shartlari QMQ 2.04-01-98 “Oqova. Loyihalashtirish meʼyorlari” va QMQ 2.04-03-97 “Oqova. Tashqi tizimlar va inshootlar” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
54. Oʻziga xos ifloslanishlardan tozalab boʻlmaydigan oqova suvlari yoʻq qilinadi yoki maxsus ajratilgan joylarga tushirilishi lozim.
55. Korxona ishlab chiqarish va maishiy oqova suvlarining tozalanish samaradorligi yuzasidan muntazam laboratoriya nazoratini amalga oshirishi shart.
III. Ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Saralash va bunker-kupaj boʻlimi
56. Saralash transportyorlari va stollarida yorugʻlik miqdori 300 lyuksdan kam boʻlmasligi kerak.
57. Saralash transportyorlari, choyni qutilardan (qoplardan) boʻshatish jarayonlari va separatorlar (choyni temir parchalari, qogʻoz va yogʻoch boʻlaklaridan tozalovchi elaklar va magnitlar) mahalliy soʻruvchi moslama bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
58. Xom ashyo qutilarini tashib keltirish, ularni ochish, agʻdarish jarayonlari mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak.
59. Transport vositalarining harakatlanishi uchun pollar qattiq, tekis va mustahkam qoplamalarga ega boʻlishi kerak.
60. Kupaj barabanlari va bunkerlarni zich yopiladigan yopqichlar va ish joylarida havo tozaligini taʼminlovchi choy changini soʻruvchi ventilyatsiya tizimi bilan jihozlash lozim.
61. Faqat alohida signal berilgandan keyin qadoqlash mashinalarini choy bilan toʻldiruvchi transportyorlar harakatga keltirilishi kerak.
2-§. Mexanik qadoqlash boʻlimi
62. Qadoqlash-oʻrash tizimi nosoz boʻlganda uni ishga tushirish taqiqlanadi.
63. Barcha taʼmirlash va sozlash ishlari toʻxtatilgan avtomatlarda va bosh oʻchirgichdan oʻchirilgan tarzda olib borilishi kerak. Bosh oʻchirgichda “Yoqmang! Odamlar ishlayapti!” yozuvi bor ogohlantiruvchi belgi osilishi kerak.
64. Changlangan joylarda “Lepestok” respiratorlarida ishlash kerak.
65. Qadoqlash va oʻrash boʻlimi ventilyatsiya tizimiga ega boʻlishi kerak.
66. Choy qadoqlash avtomatlari blokirovka uskunalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
67. Choy qadoqlash avtomatlari va avtomatik tarozilar oʻzaro tovush signalizatsiyasi bilan bogʻlangan boʻlishi lozim.
68. Choy qadoqlash avtomatlarida ishlashga faqat oʻqitilgan va ushbu uskunada xavfsiz ishlash usullari bilan tanish boʻlgan shaxslarga ruxsat etiladi.
69. Choy qadoqlash avtomatlaridan sochilgan choyni yigʻish uchun maxsus qutilar yoki tagliklar mavjud boʻlishi kerak.
3-§. Yuklarni ortish-tushirish ishlari
70. Ogʻir yuklarni ortish-tushirish ishlari maʼmuriy-texnik xodimlar nazorati ostida amalga oshirilishi kerak.
71. Choy qutilarini ortish-tushirish ishlari mexanizatsiyalangan usulda (telferlar, yuklagichlar va hokazo) amalga oshirilishi lozim.
Ishlarni bajarishda ishchilar koʻtarilayotgan yoki tushirilayotgan yuk ostida boʻlmasliklari kerak.
72. Korxonalar quyidagi talablarga javob beradigan ortish-tushirish maydonchalari bilan jihozlanishi kerak:
a) ortish-tushirish maydonlari qattiq, tekis qoplamaga ega boʻlishi (asfalt, beton va boshqalar) va toza saqlanishi kerak. Qish paytida qor, muzdan tozalanishi va qum sepilishi lozim;
b) maydonchada zaruriy inventar va yoritgichlar boʻlishi kerak.
73. Sex ichki transporti sifatida elektryuklagichlar va elektrkaralar qoʻllanishi mumkin.
74. Odamlarni elektryuklagichlar va elektrkaralarda tashish taʼqiqlanadi.
75. Korxonaning yoki stansiyaning temir yoʻl tarmogʻida yuklarni ortish-tushirish ishlarini olib borishda ishlarga rahbarlik qilish mazkur Qoidalarni va ishlarni xavfsiz amalga oshirish talablarini biladigan shaxsga yuklatilishi lozim.
IV. Ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Asbob-uskunalarga qoʻyiladigan talablar
76. Asbob-uskunalar ishchilarga jarohat yetkazishi mumkin boʻlgan uchli qismlar va notekis yuzalarga ega boʻlmasligi lozim.
77. Barcha harakatlanuvchi uzellar, asbob-uskunalarning uzatma mexanizmlari (shkivlar, zanjirlar, aylanuvchi vallar va boshqalar) uskuna korpusining ichida joylashishi kerak.
Konstruksiya ichiga joylashtirishning imkoni boʻlmaganda, yaxlit yoki toʻrli himoya toʻsiqlari bilan muhofazalangan boʻlishi kerak.
78. Himoya toʻsigʻi shovqin, vibratsiya, xavfli vaziyatlarni keltirib chiqarmasligi, uskunalarga xizmat koʻrsatishda noqulayliklar keltirib chiqarmasligi kerak.
79. Asbob-uskunalarning tez-tez xizmat koʻrsatiladigan qismlariga yetish uchun toʻsiqda harakatchan qopqoq (eshikcha)ga mavjud boʻlganda zichlab bolt, shpilka va shu kabi) mahkamlashga yoʻl qoʻyiladi.
80. Mashinalar, apparatlar, quvurlarning barcha issiqlik chiqaruvchi yuzalari termoizolyatsiya qilinishi lozim.
81. Transportyorlarda tashilayotgan yuklarning balandligi 0,8 metrdan yuqori boʻlganda yuk balandligining kamida yarmigacha keladigan balandlikdagi bortlar bilan taʼminlanishi lozim.
2-§. Uskunalarni joylashtirishga qoʻyiladigan talablar
82. Ishlab chiqarish uskunalarining joylashtirilishi xavfsizlikni, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash qulayligini taʼminlashi hamda texnologik jarayon ketma-ketligi talablariga mos ravishda amalga oshirilishi lozim.
83. Sex yoʻlaklari xomashyo va tayyor mahsulotlar bilan band boʻlmasligi, sex ichki transporti harakatlanish hududidan holi joyda boʻlib, ishlab chiqarish jarayoni ustidan nazoratning qulayligini taʼminlashi lozim.
84. Ishlab chiqarish uskunalari hamda quvuroʻtkazgichlarni koʻrikdan oʻtkazish va tekshirish korxona rahbari tomonidan tasdiqlagan jadvalga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
85. Montaj yoki taʼmirlash ishlarini amalga oshirish ketma-ketligi, uskunalarning yechiladigan qismlari nazarda tutilgan ishlarni bajarish rejasiga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
86. Ishlar korxona boʻyicha buyruq bilan tayinlangan muhandis-texnik xodimlar tarkibidan masʼul shaxs rahbarligida amalga oshirilishi kerak.
87. Uskunalarni joylashtirishda quyidagilar nazarda tutilishi shart:
a) choy qadoqlash avtomatlari orasidagi masofa kamida — 1,2 metr;
b) devor va avtomat orasidagi masofa — kamida 1,5 metr;
v) uskuna va jihozlarni koʻrikdan oʻtkazish, tekshirish va sozlash uchun yoʻlakcha kamida — 1 metr.
3-§. Uskunalarni montaj qilish va taʼmirlash
88. Uskunani qabul qilib olish va ishlatish, montaj qilish va taʼmirlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
89. Uskunani tekshirib koʻrish va sinashdan oldin quyidagilarni amalga oshirish lozim:
tekshiruvda qatnashadigan shaxsni ish olib borish tartibi va xavfsizlik choralari bilan tanishtirish;
uskuna elektr qismlarining izolyatsiyalangan va yerga ulanganligini hamda ishga tushirish, toʻxtatish va yopib qoʻyish qurilmalarining mavjudligini va ularning yaroqliligini, himoya va nazorat-oʻlchash moslamalarini tekshirish;
ish joyining yoritilishi, yongʻinga qarshi choralarga amal qilish va texnika xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomaning mavjudligini tekshirish.
90. Taʼmirlash ustaxonalari koʻtarish, tushirish uskuna va moslamalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
4-§. Tasmali konveyerlar
91. Konveyerlarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash ularni montaj qilish, sozlash, ishlatish va taʼmirlashning barcha bosqichlarida amalga oshirilishi kerak.
Konveyerlarni montaj qilish ularni tayyorlagan zavod qoʻllanmasi asosida amalga oshirilishi lozim.
92. 60o dan katta nishablikda oʻrnatilgan tasmali konveyerlar dvigatel oʻchirilganda ishlaydigan ishonchli avtomatik harakatlanuvchi tormoz qurilmasi hamda toʻxtatgichlar (siljimaydigan qurilma) bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
93. Ikki yoki undan ortiq konveyerlardan iborat konveyerlar tizimida avtomatik yoki masofadan boshqaruv taʼminlangan boʻlishi kerak.
94. Konveyerning barcha metall qismlari yerga ulangan boʻlishi lozim.
95. Statik elektr zaryadlari yuzaga keladigan hollarda ogohlantirish chora-tadbirlari “Ishlab chiqarishda statik elektr tokidan himoyalanish qoidalari”ga mos ravishda amalga oshirilishi kerak.
V. Nazorat-oʻlchash asboblari, avtomatlashtirish vositalari va himoya qurilmalari
96. Barcha nazorat-oʻlchash asboblari ishga yaroqli holatda boʻlishi, korxona bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan maxsus yoʻriqnoma va jadval asosida tekshirib turilishi kerak.
97. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish hajmi texnologik loyihalashtirish meʼyorlariga mos kelishi va tasdiqlangan texnologik reglament asosida xavfsiz ish jarayonini olib borishni taʼminlashi kerak.
98. Avtomatik tizimning portlash xavfi mavjud inshootlarda joylashgan shchit va pultlari unga uzatiladigan oʻzgaruvchi yoki oʻzgarmas tok kuchlanishi kattaligidan qatʼi nazar, yerga ulangan boʻlishi kerak.
Yuqori xavfli va xavfli binolardagi, shuningdek tashqarida oʻrnatilgan qurilmalarning 42 V kuchlanishdan yuqori oʻzgaruvchan yoki 110 V kuchlanishdan yuqori oʻzgarmas tok ulangan shchit va pultlari yerga ulangan boʻlishi kerak.
99. Portlash xavfi mavjud inshootlarga oʻrnatiladigan avtomatlashtirish asbob va vositalari “Elektruskunalarini oʻrnatish qoidalari”ga mos boʻlishi kerak.
100. Foydalanishdagi nazorat-oʻlchash asboblari va avtomatlashtirish vositalari GOST 8.002-86 “Oʻlchash vositalari ustidan davlat va tarmoq nazorati”ga mos ravishda majburiy davlat tekshiruvidan oʻtkazilib turilishi kerak.
VI. Shovqin, vibratsiya xavfsizligiga doir talablar
101. Korxonani qurish yoki rekonstruksiya qilishda loyihaga amaldagi qurilish meʼyorlari va qoidalari talablari kiritilishi lozim.
102. Texnologik-ishchi loyihalarni ishlab chiqishda ularga ishchilarga taʼsir qiluvchi umumiy va mahalliy vibratsiya darajasini kamaytirishga doir texnik qoidalar kiritilishi kerak.
103. Ish joylaridagi tovush darajasi QMQ 2.01.08-96 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va sanitariya meʼyorlari va qoidalariga mos boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
104. Ish joylari jumladan, transport vositalari haydovchilarining oʻrinlaridagi umumiy va mahalliy vibratsiya tezligi darajasi amaldagi vibratsion xavfsizlik, umumiy talablar standarti boʻyicha ruxsat etilgan darajadan oshmasligi lozim.
105. Transport vositalarining ish joylaridagi umumiy va mahalliy vibratsiya darajalari (vibrotezlik, vibrotezlanish) ularning texnik pasportlarida koʻrsatiladi.
106. Ish joylarini mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiya qilishda shovqin darajasi hamda umumiy va mahalliy vibratsiya darajalarini oʻlchash shart.
107. Ishlovchilarni ishlab chiqarishning zararli shovqinidan himoya qilish uchun jamoaviy va individual himoya vositalari qoʻllanishi lozim.
108. Ventilyatsiya, isitish qurilmalari, havo kompressor stansiyalari va quvurlarning shovqinini kamaytirish uchun quyidagilar qoʻllanilishi shart:
shovqin pasaytirgichlar va havo chiqish joylarida tovush izolyatsiyasini oʻrnatish;
ventilyatorlar va elektr dvigatellarni vibratsiya va shovqin yutuvchi konstruksiyalarda oʻrnatish;
ventilyatorlarning kirish va chiqish teshiklarini egiluvchan moslamalar yordamida birlashtirish.
109. Qoʻl mashinalari va mexanizmlarning vibratsion xususiyatlarini oʻrganish bir yilda kamida bir marta amalga oshirilishi lozim.
110. Shovqin va vibratsiyaning taʼsiri bilan bogʻliq kasbiy xastaliklar aniqlanganda ularning sabablarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar qabul qilinishi lozim.
VII. Elektr xavfsizligiga doir talablar
111. Elektr uskunalarini ekspluatatsiya qilish “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari” (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 27-son, 317-modda) va “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari”ga (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 33-son, 379-modda) rioya qilingan holda amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
112. Korxonada va har bitta sex yoki mustaqil ish uchastkasida quyidagilar boʻlishi lozim:
a) asosiy elektr uskunalari va himoya vositalari tavsifi berilgan, xususiyatlari va inventar raqamlari koʻrsatilgan karta pasportlari yoki jurnal;
b) elektr uskunalari, qurilmalar va inshootlar chizmalari, ehtiyot qismlar chizmalari toʻplamlari, havo va kabel tarmoqlarining ijro sxemalari va kabel jurnallari;
v) korxona, sexlar va boʻlimlarning umumiy elektr taʼminoti sxemasi;
g) sex va uchastka elektr uskunalariga xizmat koʻrsatish boʻyicha ekspluatatsion yoʻriqnomalar toʻplami, har bir ish joyi boʻyicha lavozim yoʻriqnomalari va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar toʻplami.
113. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar (navbatchi elektr montyorlar va hokazo) uchun korxona tomonidan ekspluatatsion yoʻriqnomalar ishlab chiqilishi lozim.
114. Korxonaning portlash xavfi boʻlgan sexlarida va boʻlinmalarida jumladan, elektr zaryadlash xonasi, ammiakli sovutish qurilmalari oʻrnatilgan xonalarda, portlash xavfi boʻlgan moddalar saqlanadigan omborlarda elektr texnik uskunalar portlashdan himoyalangan tarzda tayyorlangan boʻlishi lozim.
115. Elektr moslamalarida odamlar xavfsizligini taʼminlash, elektr uskunalarini chaqmoq va boshqa ortiqcha kuchlanishlardan saqlash uchun yerga ulash moslamasi oʻrnatilishi, elektr uskunasining korpusi yerga ulanishi lozim.
116. Elektr uskunalari, binolar va inshootlarni yashin urishidan himoya qilish uchun xavfli elektr potensiali mavjud xonalarga sterjenli va trosli yashin qaytargichlar oʻrnatilishi lozim.
117. Xavflilik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda koʻchma qoʻl elektr chiroqlaridan foydalanishga 42 V dan yuqori boʻlmagan kuchlanishda yoʻl qoʻyiladi.
Oʻta xavfli xonalarda, sigʻimlar va apparatlarning ichida, xonalardan tashqarida 12 V dan yuqori boʻlmagan kuchlanishda koʻchma qoʻl elektr chiroqlaridan foydalanish mumkin.
118. Portlash va yongʻin xavfi yuqori boʻlgan sharoitda ishlash uchun kuchlanishi 12 V dan yuqori boʻlmagan portlashdan himoyalangan koʻchma elektr chiroqlar va akkumulyatorli fonarlar boʻlishi zarur.
119. Elektr uskunalaridan foydalanishda qoʻllaniladigan himoya vositalari belgilangan talablarga javob berishi lozim.
VIII. Yongʻin xavfsizligi
120. Barcha ishlab chiqarish, saqlash va boshqa yordamchi inshootlar amaldagi “Bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi” qurilish meʼyorlari va qoidalariga mos ravishda yongʻin oʻchirish birlamchi vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
121. Yongʻinga qarshi uskunalar yaroqli holda va hamma uchun qulay joyda boʻlishi lozim.
122. Korxona rahbarlari quyidagilarni amalga oshirishi kerak:
barcha ishchi va injener-texnik xodimlarning yongʻin xavfsizligi boʻyicha taʼlim olishi va qoidalarga rioya etishini tashkil etish;
yongʻin va portlash xavfini pasaytirishga yoʻnaltirilgan qarorlarni ishlab chiqish va joriy etishni taʼminlash;
barcha boʻlinmalarda yongʻinga qarshi qatʼiy rejimni oʻrnatish va uning ijrosini muntazam nazorat qilib borish;
ishlab chiqarishda yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun masʼul shaxsni tayinlash;
yongʻin-texnik minimumi boʻyicha yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriqlar berish va yongʻinga qarshi mashgʻulotlar oʻtkazishni tashkil etish.
123. Choy ishlab chiqaruvchi korxonalar xodimlari:
yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etishi, yongʻin va portlash xavfi mavjud hamda zaharli moddalarni bilishi;
yongʻin oʻchirish vositalari joylashgan joyni hamda ulardan foydalanishni bilishi;
yongʻinga olib kelishi mumkin boʻlgan amallarni bajarmasliklari shart.
124. Har qanday yongʻin holatida zudlik bilan ishlab chiqarish rahbariyatiga xabar qilinishi lozim.
IX. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
125. Korxonalarni (sexlarni) ekspluatatsiya qilishda mehnatning xavfsiz sharoitlarini taʼminlash va mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik korxona rahbariga (direktoriga, bosh muhandisiga) yuklatiladi.
Yakuniy qoida
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi va “Yogʻ-moy va oziq-ovqat sanoati” uyushmasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 10-aprel
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-aprel
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi N. XANOV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-aprel
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-aprel
“Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-aprel
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-aprel
“Yogʻ-moy va oziq-ovqat sanoati” uyushmasi raisi R. BOʻRIYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-aprel
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 19-20-son, 247-modda; 2010-y., 44-45-son, 405-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 17.06.2023-y., 10/23/1957-2/0388-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 14.08.2025-y., 10/25/3667/0734-son)