Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SUD HUJJATLARI VA BOSHQA ORGANLAR HUJJATLARINI MAJBURIY IJRO ETISHDA XATLANGAN VA OLIB QOʻYILGAN MOL-MULKNI SAQLASH TARTIBI HAMDA SHARTLARI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 55-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishda xatlangan va olib qoʻyilgan mol-mulkni saqlash tartibi hamda shartlari toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.A.Muhitdinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 8-may,
132-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 8-maydagi 132-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishda xatlangan va olib qoʻyilgan mol-mulkni saqlash tartibi hamda shartlari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 55-moddasiga muvofiq sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishda xatlangan va olib qoʻyilgan mol-mulkni saqlash tartibi hamda shartlarini belgilaydi.
Davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni saqlash alohida qonun hujjatida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2. Mol-mulkni xatlash mol-mulkni roʻyxatga olishdan, uni tasarruf qilish man etilganligini eʼlon qilishdan, zarur hollarda esa, mol-mulkdan foydalanish huquqini cheklashdan, uni olib qoʻyish yoki saqlashga topshirishdan iboratdir. Cheklashning turlari, hajmi va muddatlarini har bir muayyan holda mol-mulkning xususiyatini, uning mulkdori yoki egasi uchun ahamiyatini hisobga olib, sud ijrochisi belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Xatlash:
undiruvchiga olib beriladigan yoki realizatsiya qilinadigan qarzdorning mol-mulki saqlanishini taʼminlash maqsadida;
javobgarga tegishli boʻlib, uning oʻzida yoki boshqa shaxslarda turgan mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi sud ajrimi ijro etilayotganda qoʻllanadi.
4. Xatlangan mol-mulkni olib qoʻyib, realizatsiya qilish uchun topshirish sud ijrochisi tomonidan belgilangan muddatda, biroq xatlangandan keyin kamida uch ish kunidan soʻng amalga oshiriladi.
Sud ijrochisi muayyan ijro ishini yuritish holatlaridan kelib chiqib, mol-mulkni xatlash bilan bir vaqtda ushbu mol-mulkni yoki uning ayrim ashyolarini olib qoʻyishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Qarzdorning xatlangan mol-mulkini tasarruf qilish yuzasidan sud ijrochisining taqiqini buzish yoki undan foydalanish huquqining cheklanganligiga rioya qilmaslik qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Saqlash uchun topshirish
6. Xatlangan va olib qoʻyilgan mol-mulk quyidagilarni saqlovchi sifatida belgilagan holda saqlash uchun topshirilishi mumkin:
qarzdorni, undiruvchini, ularning vakillarini, qarzdor yoki undiruvchinining voyaga yetgan oila aʼzolarini (jismoniy shaxs boʻlgan qarzdor yoki undiruvchi uchun), yuridik shaxsning xodimini (yuridik shaxs boʻlgan qarzdor yoki undiruvchi uchun);
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakilini;
saqlash uchun maxsus shart-sharoitlarni talab qiladigan mol-mulkni (avtomototransport vositasi, dori-darmonlar, zargarlik buyumlari va boshqalarni) xatlab qoʻyishda mol-mulkni masʼuliyatli saqlashning belgilangan normalariga muvofiq maxsus omborxona binolari, asbob-uskunalar va shart-sharoitlarga ega boʻlgan boshqa tashkilotlarning vakilini;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti (keyingi oʻrinlarda Sud departamenti deb ataladi) organlarining mol-mulkni realizatsiya qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish yuzasidan shartnomalar tuzilgan va mol-mulkni saqlash uchun tegishli binolarga ega boʻlgan savdo tashkilotlarini.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Xatlangan mol-mulkni muayyan saqlovchiga saqlashga berish masalasi sud ijrochisi tomonidan har bir holatda uni roʻyxatga olishda, eng avvalo, mol-mulkning saqlanishini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlar mavjudligidan, mol-mulkning oʻzlashtirilishiga, rastrata qilinishiga, yashirilishiga, nobud qilinishiga, unga shikast yetkazilishiga yoʻl qoʻymaslikdan yoki boshqacha tarzda mol-mulkning miqdor, sifat va qiymat tavsifining oʻzgarishidan, shuningdek ushbu mol-mulk bilan bogʻliq keyingi ijro xatti-harakatlarini amalga oshirishda yetkazilishi mumkin boʻlgan har xil toʻsiqlarning oldini olishdan kelib chiqqan holda hal qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Qarzdorning mol-mulki saqlash uchun saqlovchiga mol-mulkning xatlash dalolatnomasiga imzo qoʻydirgan holda topshiriladi.
9. Avtomototransport vositasi xatlangan taqdirda sud ijrochisi ushbu mol-mulkdan boshqa shaxslarning foydalanishini va boshqacha tarzda tegilishini cheklashni (muhrlab qoʻyishni) taʼminlashi shart.
Avtomototransport vositalari sud ijrochisi tomonidan belgilanadigan ularning saqlanishi uchun tegishli shart-sharoitlar taʼminlanadigan (vakolatli organlar, DYHXX organlari va boshqa tashkilotlarning toʻxtash joylari, omborlari, jarima maydonchalari) maxsus ajratilgan joylarga qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud ijrochisi savdoga qoʻyilgan avtomototransport vositasini saqlash joyini oʻzgartirishga va ularning saqlanishini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan savdo tashkilotlarida avtomototransport vositalarini saqlash joylari mavjud boʻlgan taqdirda uni unga saqlash uchun berishga haqlidir. Bunda qabul qilish-topshirish dalolatnomasi tuzilib, sud ijrochisi, mol-mulkning saqlanishi uchun masʼul boʻlgan shaxs, shuningdek mol-mulkning saqlanishi uchun yangidan tayinlangan masʼul shaxs tomonidan imzolanadi.
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 27-fevraldagi 52-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 8-9-son, 83-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
10. Qarzdorning koʻchmas mulkini xatlashda mol-mulk qoʻriqlashga topshirilishi mumkin.
Sud departamenti organlarida qarzdorning xatlangan mol-mulkka boʻlgan huquqlari mavjudligini va hajmini tasdiqlovchi hujjatlarning (xonalarda, seyflarda va shu kabilarda), ularning saqlanishi taʼminlanadigan shartlarda saqlanishiga yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Xatlangan mol-mulk, uning egasi, qarzdor yoki boshqa shaxslarning xohishidan qatʼi nazar, xatlangan joyda quyidagi hollarda qoldirilishi mumkin:
sud ijrochisida mol-mulk joyini oʻzgartirish uning shikastlanishiga, qiymatining kamayishiga olib kelishi mumkin boʻlgan asoslar mavjud boʻlganda;
Keyingi tahrirga qarang.
sud ijrochisida yoki saqlovchida ushbu mol-mulkni joyini oʻzgartirish imkoniyatining obyektiv sabablari mavjud boʻlmaganda.
Keyingi tahrirga qarang.
Ushbu holatda saqlovchi xatlangan mol-mulkning saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan, qonun hujjatlariga zid boʻlmagan har qanday xatti-harakatni amalga oshirishga haqli. Bunda sud ijrochisi mol-mulkni xatlash dalolatnomasida xatlangan mol-mulkning egasiga, qarzdorga yoki uchinchi shaxsga xatlangan va saqlash uchun saqlovchiga topshirilgan mol-mulkdan saqlovchining toʻsqinliksiz foydalanishini taʼminlash majburiyatini yuklaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Saqlovchi mol-mulkning saqlanishi uchun tegishli shart-sharoitlarga rioya qilishi va ularni taʼminlashi shart, mol-mulkni oʻzlashtirgan, rastrata qilgan, yashirgan, nobud qilgan yoki unga shikast yetkazishga yoʻl qoʻygan taqdirda javobgar boʻladi, shu jumladan jinoiy javobgar boʻladi, bu toʻgʻrida mol-mulkni saqlashga qabul qilib olgan shaxsning imzosi bilan xatlash toʻgʻrisidagi dalolatnomada (qarorda) yozuv qayd etiladi yoki saqlovchidan tegishli tilxat olinadi.
Saqlovchi, shuningdek, mol-mulkka nisbatan ijro xatti-harakatlarini amalga oshirish, shu jumladan koʻzdan kechirish, tanishish, baholash yoki olib qoʻyish uchun sud ijrochisining xatlangan mol-mulkdan foydalanishini taʼminlashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Qarzdorning mol-mulkini roʻyxatga olish paytida aniqlanib, xatlangan soʻmlar va chet el valyutasidagi pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar, qimmatbaho toshlar, oltin, kumush, platina va platina guruhidagi metallardan, qimmatbaho toshlardan, marvariddan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar, shuningdek ana shunday buyumlarning rezgilari va alohida qismlari (boʻlaklari) olib qoʻyilishi shart.
14. Olib qoʻyilgan soʻmdagi naqd pul mablagʻlari keyingi ish kunidan kechikmay Sud departamenti organining depozit hisob raqamiga oʻtkazish uchun bankka topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Qimmatli qogʻozlar, valyuta qimmatliklari, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa roʻzgʻor buyumlari, nodir buyumlar, asl tasviriy sanʼat hamda haykaltaroshlik asarlari uch ish kuni mobaynida masʼuliyatli saqlash uchun bankka yoki depozitariyga topshirilishi kerak, muayyan turdagi qimmatliklar muzeyga yoki ularning saqlanish sharoitlarini taʼminlovchi boshqa ixtisoslashtirilgan muassasaga topshirilishi lozimligi toʻgʻrisida qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Pochta markalari, shu jumladan kolleksiya pochta markalari saqlash uchun pochta aloqa tashkilotlariga topshiriladi.
17. Tez buziladigan, shu jumladan saqlash muddati 72 soatgachani tashkil qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek yaroqlilik muddati bir oy mobaynida tugaydigan tovarlar olib qoʻyilib, isteʼmolga (foydalanishga, qayta ishlashga) yaroqliligini aniqlash uchun oʻtkazilgan ekspertiza xulosasi olingan va baholangan vaqtdan boshlab bir sutka davomida realizatsiya qilish uchun topshiriladi. Bunda tez buziladigan tovarlarni ekspertizadan oʻtkazish va baholash bir kun muddatda amalga oshiriladi.
18. Sud ijrochisi tomonidan ijro xatti-harakatlarini amalga oshirishda qarzdorda qurol-yarogʻlar, oʻq-dorilar, narkotik vositalar, psixotrop moddalar va radioaktiv materiallar borligi aniqlangan taqdirda darhol tegishli huquqni muhofaza qilish organi vakilini ushbu holat yuzasidan qaror qabul qilish uchun chaqiradi va u yetib kelgunga qadar bunday mol-mulkning qoʻriqlanishini taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Saqlovchining javobgarligi:
mol-mulk realizatsiya qilingan hollarda;
koʻchmas mulk va avtomototransport vositalari realizatsiya qilinganda — mol-mulkni qabul qilib xaridorga topshirgandan keyin;
mol-mulk belgilangan tartibda egasiga qaytarilgan hollarda;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda tugatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Saqlash tartibi va shartlari
20. Sud ijrochisi mol-mulkni saqlashga topshirishda mol-mulkni tasarruf etishni taqiqlash va mazkur mol-mulkdan foydalanish yuzasidan muayyan cheklashlarni belgilash yoʻli bilan saqlashning maxsus rejimini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Sud ijrochisi xatlangan mol-mulkni saqlash uchun qaysi saqlovchiga topshirgan boʻlsa, oʻsha saqlovchi sud ijrochisining yozma ravishdagi roziligisiz ushbu mol-mulkdan foydalanishi mumkin emas. Bankka yoki depozitariyga masʼuliyatli saqlash uchun topshirilgan mol-mulk boʻyicha, shuningdek mol-mulkning xossalariga koʻra, undan foydalanish uning yoʻq boʻlib ketishiga yoki qimmati pasayishiga olib kelgan taqdirda, sud ijrochisi bunday rozilikni berishga haqli emas. Agar mazkur mol-mulkdan foydalanish uning saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlsa, sud ijrochisining roziligi talab etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Xatlangan va olib qoʻyilgan mol-mulkni uni buzilishiga va (yoki) keyinchalik sotib boʻlmaydigan ahvolga olib kelishi mumkin boʻlgan holatda saqlashga qoʻyish taqiqlanadi. Bu holda sud ijrochisi mol-mulkni zarur holatda saqlash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻradi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Sud ijrochisi xatlangan va saqlashga topshirilgan mol-mulkni lentalardan, shu jumladan oʻzi yopishuvchi lentalardan foydalanib, qulflarni almashtirib va boshqa usullar bilan muhrlab qoʻyish yoʻli bilan boshqa shaxslar tomonidan foydalanishni va boshqacha tarzda u bilan munosabatda boʻlishni cheklab qoʻyilishini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrishga haqli. Mol-mulkka uning xatlashda turganligini bildiruvchi maxsus maʼlumotlar, shuningdek farqlovchi belgilar qoʻyilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Zarur hollarda sud ijrochisi xona va omborlarni, shu jumladan ularga xatlangan mol-mulk saqlash uchun joylashtirilganda yoki sud ijrochisi tomonidan mazkur xonalar va omborlardan foydalanishni taqiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan hollarda muhrlab qoʻyishga haqli. Xona va omborlarni muhrlab qoʻyish toʻgʻrisida yoki ulardan foydalanishni taqiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishda sud ijrochisi qarzdorning yoki boshqa shaxsning ushbu xonadagi va xatlanmagan boshqa mol-mulkdan foydalanish imkoniyatini hisobga oladi.
Sud ijrochisi va boshqa shaxslar xatlangan mol-mulkka saqlovchi ishtirokida yoʻl qoʻyilishi mumkin. Xatlangan mol-mulkka nisbatan ijro xatti-harakatlarini amalga oshirish paytida, shu jumladan mol-mulkni koʻzdan kechirish, tanishish, baholash va olib qoʻyish vaqtida saqlovchining ishtirok etishi mumkin boʻlmagan taqdirda mol-mulkka va xonani ochishga sud ijrochisining va ikki nafar guvohning ishtirokida ruxsat etiladi, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Saqlash uchun haq toʻlash tartibi
25. Saqlovchi, agar qarzdor uning oʻzi yoki uning oila aʼzolari (qarzdor yuridik shaxs boʻlsa, — uning xodimi) boʻlmasa, saqlaganligi uchun tegishli haq oladi. Saqlovchining mol-mulkni saqlash uchun qilgan zarur xarajatlari ham mazkur mol-mulkdan foydalanish orqali amalda olgan foydasi chegirib tashlangan holda qoplanadi.
Ijro xatti-harakatlarini amalga oshirish boʻyicha xatlangan va qarzdordan olib qoʻyilgan mol-mulkni saqlash xarajatlari, shuningdek ularni tashkil etish uchun sarflangan mablagʻlar “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 77-moddasida belgilangan tartibda qoplanadi.
26. Ushbu Nizomning 25-bandida nazarda tutilgan xarajatlar hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlishi shart.
27. Budjet tashkilotlaridan pul mablagʻlarini undirish va alimentlarni, mayib boʻlganlik yoki sogʻliqqa boshqacha tarzda shikast yetkazganlik natijasida, boquvchining vafoti natijasida yetkazilgan zararlarni undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatlari boʻyicha xatlangan avtomototransport vositalarini vakolatli organlarning va DYHXX organlarining toʻxtash joylarida, omborlarida va jarima maydonchalarida saqlaganlik uchun toʻlov undirilmaydi.
V. Yakuniy qoidalar
28. Ushbu Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Ushbu Nizomni qoʻllanish boʻyicha paydo boʻladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 19-20-son, 236-modda; 2012-y., 8-9-son, 83-modda; 2015-y., 39-son, 507-modda; 2017-y., 33-son, 864-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/34/2486-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)