OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGI BILAN LATVIYA RESPUBLIKASI TAʼLIM VA FAN VAZIRLIGI OʻRTASIDA
Bitim
Taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Latviya Respublikasi Taʼlim va fan vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala Tomon oʻrtasida koʻp tomonlama doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga intilishni izhor etib,
oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik xalqlar oʻrtasida oʻzaro anglashuvni yaxshilashga yordam beradi deb hisoblab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda.
Tomonlar ikkala Tomon davlatlari qonunchiligini inobatga olgan holda oʻzaro hurmat va sherikchilik prinsiplari asosida oliy taʼlim sohasidagi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradilar,
2-modda.
Tomonlar oliy taʼlim sohasida tajriba almashishga, taʼlim sohasidagi qonunchilik va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi axborot bilan hamda muayyan sohalarda chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan, taʼlim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va rejalashtirish boʻyicha boshqa axborot bilan almashishga yordam beradilar.
3-modda.
Tomonlar taʼlim tizimlarini takomillashtirish va ularni xalqaro taʼlim tendensiyalariga yaqinlashtirish boʻyicha hamkorlik qiladilar.
4-modda.
Tomonlar ikkala Tomon taʼlim muassasalari, oʻquv yurtlari, olimlari, professor-oʻqituvchilar va mutaxassislari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni hamda ilmiy hamkorlikni oʻrnatishda yordam koʻrsatadilar, va shuningdek Yevropa Ittifoqi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining maorif, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti, Yevropa Kengashi va boshqa xalqaro tashkilotlarning umumiy loyihalari doirasida akademik faollikni ragʻbatlantiradilar.
Tomonlar hozirda mavjud boʻlgan va kelgusida rejalashtiriladigan xalqaro qoʻshma dasturlar va loyihalarni ishlab chiqishda yordamlashadilar va ularni amalga oshirishda ikkala Tomon oʻqituvchilari, olimlari va mutaxassislarini faol ishtirok etishga jalb etadilar.
5-modda.
Tomonlar oliy oʻquv yurtlarida tahsil olish, doktoranturada oʻqish, professor-oʻqituvchilar va mutaxassislarning malakasini oshirish uchun har yili bir-biriga stipendiyalar taklif qiladilar. Oʻqishga qabul qilish shartlari va moliyaviy masalalar Tomonlar tomonidan, ikkala Tomonning moliyaviy mablagʻlari va qonunchiligini inobatga olgan holda, alohida Dasturda belgilanadi.
6-modda.
Tomonlar oliy oʻquv yurtlari talabalari, ilmiy va pedagogik xodimlari bilan; almashinuvni ragʻbatlantiradilar.
7-modda.
Taʼlim va almashuvning moliyaviy va boshqa shartlari muzokaralar olib borish yoʻli bilan rasmiy xatlar almashish shaklida yoki alohida bayonnomalarni ishlab chiqish va imzolash yoʻli bilan Tomonlar tomonidan tuziladi, hamda ular Ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadilar.
Ushbu Bitimni amalga oshirish va amal qilishini baholash maqsadida Tomonlar doimiy ikki tomonlama komissiya tuzadilar. Komissiya hamkorlik shartlari muddati va moliyaviy masalalarni koʻzda tutadigan hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish maqsadida uch yil davomida kamida bir marta navbatma-navbat Tomonlardan birining hududida yigʻiladilar.
8-modda.
Ushbu Bitim doirasidagi tadbirlarga beriladigan moddiy yordam, Tomonlarning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
9-modda.
Ushbu Bitim Tomonlar avval kelishib qoʻygan boshqa birgalikdagi tadbirlarni oʻtkazishga imkoniyat berishi mumkin.
10-modda.
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi bilan Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar tuzish yoʻli bilan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
11-modda.
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh (5) yil davomida amal qiladi. Agar tomonlardan biri boshqa tomonga uning amal qilishini toʻxtatish niyatidaligi haqida olti (6) oy oldin yozma xabarnoma yubormasa, Bitim oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatga uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2008-yil 6-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, latish va rus tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Matnlarni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2008-y., 3-4-son)